Usmon Azim. Kuz kunlari, bahor kunlari… (triptix – uch hikoya)

1. IShXONADAGI KO‘RGAZMA

Asror Valiyevich ishning odami. Bugungi yumushni ertaga qo‘ymay, jon–jahdi bilan tirishib ishlaydiganlar toifasidan. U idorasiga kelib taqaladigan yuzlab muammolarning kalavalarini qo‘lida mahkam ushlab turadi. Bu kalava chuvalib–chuvalib, ado bo‘lgunga qadar zinhor–bazinhor ko‘zdan qochirmaydi. Dasturlangan allaqanday mashinaday bir miyorda erinmay mehnat qiladi. Hamma narsani eslaydi, hamma narsani biladi, hamma narsani nazorat qiladi. Uning qo‘lidan o‘tmay, bir parcha qog‘oz ham tashqariga chiqmaydi. Kallasi ham kompyuterning o‘zi – kerakli paytda zarur raqammi, ko‘chirmami chiqib kelaveradi. Bir ming to‘qqiz yuz ellik uchinchi yil mamlakatda ekin maydoni qancha bo‘lgan? Asror Valiyevich shiftga qarab biroz o‘ylanadi–da, so‘ng qog‘ozdan qiynalibroq o‘qiyotgan kabi har bir so‘zni dona–dona aytishga tushadi: ”Bir… million…” Falonchi zavod qachon ishga tushurilgan? Yana shiftga qaraydi. ”Bir ming…” Falonchi yig‘inda pistonchi nima degan edi? Yana shiftga ko‘z tikadi. ”Xo‘sh, yozing..”Biz xalqning manfaatini o‘zimizning manfaatdan…” Uni yaxshi bilmaganlar tablo–mablo yo‘qmi deganday shiftga ham qarab qo‘yadilar. Ba’zilar kitob ochib, tekshirib ham ko‘rishgan: hech qanday xato yo‘q! Raqamlar ham, ko‘chirmalar ham xuddi Asror Valiyevich aytganday!
Aytishlaricha, Asror Valiyevich engashgan boshini ilkis bir ko‘tarsa, tepadagi kabinetlarning polini bemalol teshib chiqadi. U o‘sha kabinetlardagi kreslolarda o‘tirsa ham yarashadi. Ammo ishga ko‘milgan bu odam, boshini ko‘tarishni xayoliga ham keltirmaydi. Shundoq ham undan barcha negadir cho‘chiydi, tepadagilar esa hurmat qiladi. Idoralarda beposhna gapirish jonkuyarlikning namunasi sifatida rasmga kirib ketayotgan hozirgi zamonda ham, unga hech kim ovoz ko‘tarib gapirolmaydi.
U xodimlari bilan ham teng muomila qiladi. Ovozini pactlatmaydi ham, balandlatmaydi ham; birovni yaqin ham olmaydi, olislatib ham yubormaydi. Bu o‘rinda ham allaqanday mashinaga o‘xshashlik sezilib turadi. Ishni do‘ndirib qo‘ydingmi? Rahmat. Rasvo qildingmi? Yana bir urin. Qo‘lingdan kelmadimi? Boshqa joydan ish topishingga to‘g‘ri keladi… Birovning o‘rtaga tushmog‘iga hojat yo‘q. Chunki bu to‘nka ishdan boshqa hech narsani bilmaydi, hech narsani yuzxotir qilmaydi. Bunday vaziyatda, ayniqsa, xushomadgo‘ylarga qiyin: rahbarlar qo‘yniga kirib ketishning mashqini olgan bu kimsalar, yangi xodimliklarida Asror Valiyevichning ham issiq bag‘riga bir–ikki talpinib ko‘radilar. Ammo ”akaxon”ning issiq bag‘ri tugul, tafti urib turadigan masofaga ham yetib kelolmay, biroz gangib yurishgach, o‘zlarga xos uddaboralik bilan, faoliyatlariga keng maydon axtarib, boshqa idoraga ishga o‘tib ketadilar.
Asror Valiyevichning, ayniqsa, ranglarni farqlashda ajibtovur qobiliyati bor. U ”bu ko‘k”, ”bu yashil” deb qo‘ya qolmaydi. U turfa nimranglarni, nimchorakranglarni va hatto nimmingranglargacha ko‘radi. Masalan, matolarning nusxalarini ko‘zdan kechirar ekan, “bu biz kelishganday yashil emas”, “bu arg‘uvon tus bo‘lishi kerak edi”, “havo rang bunday bo‘lmaydi” kabi juda ko‘p juda qisqa, lekin zaharxanda tanbehlar aytadi. Tajribali mutaxassislar uning tanbehlarini ortiqcha mulohazalarsiz, taqdirning hukmiday qabul qilishadi. Chunki Asror Valiyevich rangni sezishda tengsiz ekanligini ichlarida allaqachon tan olishgan. Ular bir-birlariga nim tabasssumda ko‘z urushtirishib, ”qoyil” deganday boshlarini sarak-sarak qilib qo‘yishadi, xolos. Ba’zan yangilardan birortasi ishonqiramay, andaza nusxani pesh etib qolgan paytlari ham bo‘ladi. Bunday paytlarda Asror Valiyevich e’tiroz bildirmaydi, faqat bu haqtalabga – ko‘rga qaraganday – bir achinib nazar tashlaydi-da, “Van Gog”ni chaqirishlarini so‘raydi.
“Van Gog”, idoraning tan olingan qiziqchilaridan Shodmonbekov aytganday, “sonda yo‘g‘u sifatda bor”lardan. Kam gap, odamovi, sochlari yelkasiga tushgan, bir qadar isqirtiroq kiyinib yuradigan bu odamning asl ismi – Boqibek. Idorada u nima vazifada ishlashini hech kim bilmaydi. Lekin bo‘sh o‘tirganini ham hech kim ko‘rmagan. Shior yozadimi-ey, baner yasaydimi-ey, kompyuterda surat soladimi-ey… Idoradagi hamma xonalarning dizayni ham shu “Van Gog”ning qo‘lidan chiqqan. Bu xonalarning birortasiga ish bilan kirgan odam, “ammo… lekin… zo‘r-ku!..” qablidagi so‘zlarni chaynab, nimaga kelganini bir dam unutib qo‘yadi. Ulardan ba’zilari idoralarini, yoki uyini xuddi shu yo‘sinda yasantirmoqchi orzusida, Boqibekni “arenda”ga ham olishmoqchi bo‘lganlar. Ammo ustasi farang ularning taklifini bosh egib eshitganu, lekin hech yoqqa bormagan. Gapi yerda qolishga ko‘nikmagan ba’zilar qizishib, katta-katta pul ham va’da etishgan. Boqibek tushunmaganday yelka qisib qo‘ya qolgan. “Bu bolani qo‘yinglar, – degan gapi qaytmaydiganlarning dunyo ko‘rganlaridan biri – pulga qiziqmas ekan. Shuncha pulni va’da berib turibmizu ko‘zi yaltiramadi-ya!” Boqibek ba’zan besh-to‘rt kun ishda ko‘rinmay qoladi. “Ichayapti”, deyishadi bu yolg‘onchi dunyoda biror-bir yaxshilik ro‘y berishidan umidini uzganlar; hali ham g‘aroyib mu’jizalardan umidvorlar esa, u “surat chizayotganidan” bashorat qilishadi. Xodimlar bo‘limining boshlig‘i Muyassar Qodirovnaning qiyofasi esa bu kunlar juda o‘zgarib ketadi: qovog‘i osiladi, rangi o‘chadi, ingichka lablari yanada ingichkalashadi. Uning yurish-turishi jangda halok bo‘lgan eri uchun qasos o‘tida o‘rtanayotgan yosumannimi-ey, jodugarnimi-ey eslatadi. U koridorda duch kelib, hol so‘raganlarga, idorada tartib qolmaganidan shikoyat qiladi. Stalin zamonida bunday tartibbuzar zararkundalar “turma”ga tiqishganini televizordan o‘z qulog‘i bilan eshitganini allaqanday orzumandlikda so‘zlab beradi. Bizda esa!.. Idorada qiziq voqealar ro‘y bermasa, zerikib qoladiganlar, Boqibekning shoxi yo‘qligini Muyassar Qodirovnaga eslatadilar. Bir parcha qog‘ozga raport yozib, “katta”ning oldiga kirishni maslahat beradilar. Muyassar Qodirovna Van Gogni shoxli tarzda tasavvur etadi, shekilli, benajot qo‘l siltaydi-da, jahlg‘ayrat yurishda, o‘z xonasiga yo‘l oladi. Uning bo‘zarib ketgan yuzi endi ko‘kimtir tus ola boshlaganini barcha aniq ko‘radi. Shu idora ham o‘lib ketsin, Van… Nima edi?… O‘sha ham ordona qolsin! Nima, “katta”ga raport yozib kirmaganmi? Kirgan. Bir emas, bir necha marta kirgan. Asror Valiyevich o‘qib ko‘rgach, uning ko‘zi oldida raportni yirtib, chiqindi quttiga tashlagan! Bechora Muyassar Qodirovna uning bu ishini anglishmovchilikka yo‘yib, gap sababsiz uch kun ishga chiqmay, mehnat intizomini qo‘pol tarzda buzgan Boqibek haqida ketayotganini aytgan. Gap nima haqida ketyapti? Asror Valiyevich o‘z odatiga ko‘ra his-tuyg‘usiz – biror-bir so‘zga urg‘u bermasdan so‘ragan bo‘lsa ham, jirkinibroq gapirgani har holda sezilgan. Mehnat intizomi uchun jon kuydirib turgan sodda Muyassar Qodirovna buni payqarmidi! Boqibek-chi… Normurodov… Van Go‘ngmi… O‘sha alkash uch kundan buyon… U oxirigacha gapirolmagan. Boshliqning labida zohir bo‘lgan bilinar-bilinmas zaxarxanda tabassumga nazari tushgach, miyasida fikri bir damda chalkashib, noqulay tortib, so‘zdan to‘xtagan. Sizga bir topshiriq bor, degan Asror Valiyevich. Muyassar Qodirovna shosha-pisha qalam-daftar olib, yozishga chog‘langan. Xo‘sh?.. Bundan buyon Boqibek Normurodovning ustidan shikoyat bilan bu kabinetga kirmang. Nega? Axir… Tushunmagan ishingizga aralashmang… Shu alkashni tushunmaydimi? Tushunmaysiz. Boring. Van Go‘nglaringiz bilan shug‘ullanib yuravering. Ha, aytganday odamlarni ta’qib qilishni ham bas qiling. Bu yer SRU emas, idora. Odamlar erkin o‘tirib, emin ishlashi kerak…
Muyassar Qodirovna yer bilan bitta bo‘lib chiqib ketgan. Ayniqsa, biroz vaqt o‘tgach, Shodmonbekovday tilining suyagi yo‘qlar orqavarotdan unga ham “Van Go‘ng” deb laqab qo‘yib olganlarini sezgan. Bular Muyassar Qodirovnaning ildizi qayerga borib taqalishini bilmaydilarmi? Bilishadi. Bilib turib gapirishadi. Umrida biror kitob o‘qimagan Muyassar Qodirovna yana televizorda eshitgan Stalin zamonini eslaydi.

Xullas, Asror Valiyevich yo‘qlagandan keyin Van Gog kabinetga salom-aliksiz kirib keladi. Boshliqning imosidan so‘ng, andazaga va boshliqning e’tiroziga sabab bo‘lgan matoga bir qur nazar tashlaydi-da, bosh chayqaydi. Bu harakat – uning qat’iyan qaror chiqargani. Asror Valiyevich Van Gogni savolga tutadi. Nima bo‘lgan ekan? Shu… Nima shu? Bu mato andazadigiday moviy emas. Nega? Texnologiya buzulganmi? Yo‘q. Nima bo‘lgan? Bo‘yoqni ayashgan.
Boshliq Boqibekka javob beradi-da, u bilan bahslashishga jur’at etgan haqtalabga o‘giriladi.Nima dedi? Bo‘yoqdan tejalgan dedimi? Jaydari til bilan aytilsa, o‘g‘irlangan… Haqtalab nodon nimadir demoqchi bo‘ladi. Ammo Vali Asrorovich chilla ayozining nafasi ufurib turgan bir qarash bilan uning tilini tanglayiga yopishtirib qo‘yadi. So‘ng allaqanday behis – o‘sha mashina ovozda bir tekis gapira boshlaydi: “Yo bu sohaning odami emassiz, yo ishlashni bilmaysiz, yo firibgarsiz, yo firibgarlarning qo‘lida o‘yinchoqsiz! Iltimos, ertaga soat o‘nda taxminlarimning qaysi biri to‘g‘ri ekanligidan meni ham xabardor etib qo‘ying… Xo‘sh, endi navbatdagi masalaga o‘tamiz”…
Butun mamlakat bo‘ylab shox otgan bu idorada ish tig‘iz, hatto allaqanday zalvorli. Mas’uliyatning zilini barcha xizmatchilar yelkasida har daqiqada sezib ishlashadi. Bu yerda vaqt ham allatovur zich bir tarzda o‘tadi. Vazifani aniq ekanligidan paydo bo‘ladigan qizg‘inlik bu yerda yaralib, idoradan tashqariga lovullab chiqadi. Ammo baribir ish zalvori odamlarni toliqtiradi. Shunda bir xillikka yana Van Gog allaqanday o‘zgacha bir rang kirgazadi.

Ertalab ishga kelgan odamlar ishxonaning foyesi va koridorlari birdan o‘zgarib, ajibtovur tusga kirganini his qiladilar. A!.. Devorlarda rasmlar… Rango-rang, turli-tuman rasmlar! Ular o‘zga dunyolardan kelgan mu’jizalar kabi atrofga bilinar-bilinmas – allaqanday sirli mavjlar tarab turganini hamma birdan sezadi. Idoraning biror-bir xodimi odatdagiday shoshib xonasiga o‘tib ketolmaydi. Suratlardan oqayotgan maftunkor kuch ularni beixtiyor to‘xtatadi. Hamma suratlarni tomosha qilishga tushadi. “Juda zo‘r ekan!”, deydi kimdir, kimdir vaqt topib, muzeylarga bormaganidan afsuslanadi, kimdir jimgina “Qoyil!” deganday bosh chayqaydi. Kollejni bitirib, bu idoraga yaqindagina ishga kelgan yoshgina qiz – Jasmina foyega kirgan zahotiyoq, devorlarga bir qaraydi-da, birdan quvonchda yarqirab, “Voy!” deb yuboradi. Nafaqa yoshidan oshib, ishdan bo‘shatilishini qo‘rqibgina kutib yurgan Jo‘ra Olimovich esa “Bizlar ham yurgan ekanmiz” deydi, yuzu ko‘zi yorishib.U negadir tetik tortadi. Bosh hisobchi Jamila G‘afurovna esa, qip-qizil gullar aks ettirilgan natyurmortga tikilgancha, ko‘zlari yoshlanadi. Ayol yoshlarini bildirmay artarkan, qachonlardir unga sovg‘a qilingan qirmizi guldastani eslaydi. Guldastaning rangi shu qadar nafis, shu qadar jozibali edikim, keyinchalik biror-bir anvoyi gul o‘shanda tuygan shavqini unga hadya etolgan emas. Ko‘nglida hozirgacha yarali qonga mengzab yashovchi gullarni hayotda hech qachon uchratolmadi. Mana endi o‘sha guldasta ramkaga solingan mana bu suratdan, tiriklikdan tirik bir asnoda, uning ko‘z oldida shovullab turibdi…
Xodimlar o‘zlarini hamishagiday tutishga harakat qilishadi, ammo aniq fikrlashdan boshqa hech narsa yo‘llamaydigan bu ishxonada nimadir o‘zgargani shundoq sezilib turadi. Topishningmi, yo‘qotishningmi, yoxud sog‘inchningmi – armonli bir sururning bo‘yi havoni tutgan, bu hol ko‘ngillarni mayda-chuyda tashvishlardan birdam ozod etib, odamlar unutib yuboryozgan hurlikkami-ey, cheksizlikkami-ey – allatovur ko‘ngil yo‘liga chorlayotgani tobora ayon bo‘lib boradi.
Bu xatarni barchadan avval, Muyassar Qodirovna payqaydi.
– Ish vaqti boshlandi! – deydi u allaqanday rasmiy, bir qadar robotning ovozini eslatadigan quruq tovushda.
Hamma o‘ziga keladi. Chunki deyarli tiriklik alomati sezilmaydigan bu ovozning ohangida allaqanday pinhon vahima bor edi. Bu ovoz – temir mantiqli qonunlarning, ulug‘vor idoralarning, derazasiz moshinalarning, pogonli odamlarning – inson taqdirini bir imo bilan hal etadigan dahshatli Qudratning shu yergacha yetib kelgan oqavasi ekanligini hamma biladi. Xodimlar aziz bir nimadan ayrilib qolayotganday yuraklari achib, suratlarga yana bir qur nazar tashlagan ko‘yi, negadir xijolat tortib, xonalariga tarqashga hozirlanadilar va… birdan taraddudlanib to‘xtaydilar. Birov shosha-pisha qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi, birovning yuzida yasama kulgu jilvalanadi…
Foyega Asror Valiyevich kirib keladi. U odatdagiday, xodimlarning salomiga yo‘l-yo‘lakay alik olgancha, shiddat bilan koridor to‘rida joylashgan kabineti tomonga yo‘naladi. Ammo bir-ikki qadam bosgach, nimnigohi bilan devorlardagi rasmlarni payqaydi-da, shiddati pasayib, to‘xtaydi. “Adashmadimmi?” degan asnoda devorlarga betartib osilgan rasmlarga negadir garangsirab qaraydi… va o‘zgara boshlaydi. U lahzada atrofidagi odamlarni, ishxonani, ishxonaga nima kelganini, martabasining viqorini – hamma narsani tamom unitadi. Hatto – atrofdagilarga – o‘zining kimligini ham esdan chiqaryotganday tuyuladi. Xodimlar uni allaqanday bir tarzda ichidan nurlana boshlaganini va hozir yuraklarni ne ajib ko‘ylarga solgan devorlardagi rasmlarga nimasi bilandir o‘xshay boshlaganini his qiladilar. Asror Valiyevich, suratlardan ko‘z uzmagan holda, unga mashinaning oldida peshvoz chiqishga ulgurmagan, shu sababdan ortiqcha shoshib, koridordan yugurgilab chiqqan yordamchisiga – plashini va portfelini nim behushlik yanglig‘ bir holatda uzatadi-da, suratlarni yutoqib tomosha qilishga tutinadi. Qachonlardir o‘lib ketgan aziz odamini nogahon tirik uchratib qolgan kasning karaxt hayronligiga mengzash bu yutoqish uni butun vujudini qamrab olgan – u hadeb yutinadi, burni va peshonasida reza ter paydo bo‘ladi.
Negadir jimlik cho‘kadi. Asror Valiyevich bu jimlikni ham sezmaydi. Muyassar Qodirovnani esa endi beixtiyor boshliqni hayajonlanib tomosha qilishga tushgan odamlar xavotirga soladi. Ular negadir hozirgina suratga lolu hayronlikda termulishganday boshliqqa tikilib qolishgan edi. Xullas, bu yerda xodimlar bo‘limi boshlig‘ining fahmi yetmaydigan nimadir ro‘y berayotganday… “Nima, rahbar hayvonot bog‘idagi maymunmidiki ular tomosha qilishsa!”, deb kuchi yetganicha, o‘ylaydi ayol.
– Ish vaqti bo‘ldi! – deydi u endi qa’tiylik bilan.
Muyassar Qodirovna bu gapini ko‘proq boshliq eshitishini xohlaydi.
Ammo Asror Valiyevich eshitmaydi.
Uning ovozini temir jarangi faqat xodimlarni hushyor tortiradi. Ular foyeni qamrab olgan – allaqanday nafis va sog‘inchli bo‘ylarga to‘lgan havoni tark etgulari kelmay, istar-istamaygina, ikki tarafga shox otib ketgan koridorlarga taraladilar. Boshliq esa kartinalarni birin-birin tomosha qilarkan, vaqt o‘tayotganini sezmaydi. Har kun ertalabki qisqa majlisga ko‘nikkan katta-kichik rabarchalar daftarchalaru ruchkalarini hozirlab, odatdagiday, Asror Valiyevichning qa’bulxonasi tarafiga yo‘naladilar. Ammo boshliq hamon foyeda ekanligini ko‘rishib, arosatda to‘xtab qolishadi. Muyassar Qodirovna endi bu quyushqondan chiqishga jiddiy aralashmasa bo‘lmasligini jonu taniga singib ketgan teran ma’suliyat bilan his etadi. U odamlarga qo‘li bilan “yo‘qolinglar” ishorasini qiladi. Ularning g‘oyib bo‘lganiga ishonch hosil qilgach:
– Asror Valiyevich… – deydi yurak yutib. – Asror Valiyevich…
Boshliq unga qayrilib ham qaramaydi. Faqat rasmlardan ko‘z uzmagan asnoda, butun vujudi bilan og‘rinib:
– Jim, – deydi. – “Jim”!..
U rasmlarni navbat bilan, sinchiklab tomosha qila boshlaydi. Ayniqsa, bir kartina ro‘parasida uzoq ushlanib qoladi.
… Bulutsiz osmon. Huvullagan dashtu qir. Qip-yalong‘och. O‘tu o‘lanni yozu kuz allaqachon yanchib, vaqtga sovurib yuborgan. Bir chetdan ahyon-ahyonda o‘tadigan mashinalarning izi qolgan jaydari tuproq yo‘l. Yo‘lning chetida bir qishloqi chol nevarasi bilan moshina kutib o‘tirishibdi. Egnida chopon. Boshida salla. Nevarasi ham choponginada. Ular juda mitti tasvirlangan – hatto yuzu ko‘zlari ham ko‘rinmaydi. Ammo ularning bu ushoq tasvirlaridan allaqanday intiqlik, intizorlik, shu bilan birga yurakni orziqtiradigan noma’lumlikning havosi taralmoqda… Umri shu dashtu qirlarda o‘tgan chol nevarasini qay taqdir sari boshlamoqda? Ular qayerga ketyapti? Kimni kutishyapti? Ularning boshidan ne savdolar kechadi? Nechun bunchalar hasrat? Dala dashtning sukunatiga qorishgan bu keksaligu yoshlik allaqanday cheksiz qamrovli qudratning changalida nega bu qadar some turibdi? Taqdir ularni qayga uchirib ketadi?…
Bir pasdan so‘ng Asror Valiyevich ilkis bezovtalanadi-da, ko‘zlarini rasmdan uzolmay, bir qo‘lini ortiga cho‘zib, ko‘rlar kabi nimanidir, betoqat izlashga tushadi:
– Qani! – deydi u besabrlik bilan, – Qani!..
Muyassar Qodirovna hech narsani tushunmay, lekin tashabbuskor xodimga xos shijoat bilan boshliq so‘rayotgan narsani muhayyo qilgani koridorga otiladi. Ammo bu bema’nilik yugurishining muddaosini o‘zini ham anglamay, to‘xtab qoladi:
– Asror Valiyevich! Nimani olib kelay?
Boshliq o‘ziga o‘xshamay g‘ijinadi:
– Qanaqa “nima”?.. Van Gogni toping!
Iloyo, shu Boqiboy Van Go‘ng bo‘lmay ado bo‘lsin! Shunga shuncha vahima-ya! Yurgandir-da bir ochiq lahatda, ipirisqi tortib! U tartib-intizomni pisand qilarmidi! O‘zi xon, soyasi maydon! Mushugini “pisht” deb bo‘lmasa! Ishdan haydab bo‘lmasa!..
Bu so‘zsiz monolog Muyassar QodiroVaning alamli yuragidan bir “tiz” etib, tovushsiz otiladi… va shu zahotiyoq xodimlar bo‘limi boshlig‘ining ko‘zi Asror Valiyevich tomon sharpasiz yurib kelayotgan Van Gogga tushadi. Voy, qurib ketgur! Arvohga o‘xshamay, battar bo‘lgur! Osmondan tushdimi?
– Topibsan! – deydi Van Gogga allaqanday hayajonlanib boshliq. – Juda topibsan! Yaydoq kuz bo‘lgani ham yaxshi! Mezonlar uchadigan paytda, a?
– Sezdingizmi? – deydi Van Gog ko‘zlari beozor nurlanib. – Albatta, mezonlar uchib yuribdi-da!
So‘ng jiddiy bir tarzda qo‘shib qo‘yadi:
– Buni ko‘rgan ko‘radi!..
Muyassar Qodirovna ham kartinaga ilk bor ko‘z tashlaydi. Bu ikkovi uni masxara qilishyaptimi? Mezon qani? Jinni-pinni bo‘lib qolishmaganmi?
– Shamol-pamol yo‘q! – battar quvonadi Asror Valiyevich. – Mezonlar havoda behushgina suzib yuribdi…
– Ha-a!.. – deydi boshliqning tushinayotgani ma’qullab Boqiboy. Keyin allaqanday o‘yga tolib gapira boshlaydi. – Bu kartinani, shu… kattaroq qilib chizish kerak edimi-ey! O‘shanda yana-da…
– Yo‘q! – Keskin e’tiroz bildiradi boshliq. – Shu holida yaxshi! Umuman, teginmang! O‘zi xudo bergan narsalar bo‘ladi! Bu kartinani sizga xudo bergan! Tegmang! Buzasiz!
– Endi… – So‘z axtarib kalovlanadi Boqiboy. – Yanada… kartinada havo mo‘l bo‘lardimi, deb o‘ylayapman-da…
– E, dunyoning hamma havosi bor bu kartinada…
– Shoshmang-da… – Van Gogning tiliga yana so‘z kelmaydi.
– Bu-za-siz!
Boqiboy ko‘nmay bosh chayqaydi. Asror Valiyevich negadir quvonib, Boqiboyning yelkasidan quchadi:
– Yuring, ichkarida gaplashamiz! Yuring!..
Boshliq ajib bir ortiqcha g‘ayratu shijoatda, Boqiboyni yelkasidan qo‘yib yubormay, uni kabineti tomon boshlaydi.
Muyassar Qodirovna serrayib qoladi. So‘ng koridordan chiqib kelayotgan, bosh hisobchi Jamila G‘afurovnaga ko‘zi tushadi. U xodimlar bo‘limining boshlig‘ini ko‘rmaganday o‘tadi-da, teskari turgancha, qirmizi gullar chizilgan kartinani tomosha qilishga tushadi. Yuzi ko‘rinmasa-da, bosh hisobchining hayajon girdobida to‘lg‘onayotganini, chuqur-chuqur nafas olganini; hatto zo‘riqishini bosib, besas xo‘rsinishga harakat qilyotganini Muyassar Qodirovna his qiladi va nogoh uning yelkasi titrayotganini ham ko‘radi.
– Nima bo‘ldi?
Muyassar Qodirovna shoshgancha borib, bosh buxgalterning yelkasiga astagina qo‘l tashlaydi:
– Nima bo‘ldi?
Jamila G‘afurovna allaqanday karaxtlikda burilib, tanimaganday unga qaraydi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan. So‘ng ilkis o‘zini qo‘la olib, yoshlarini shoshib artadi:
– O‘zim… – deydi jilmayishga harakat qilib. – O‘zim…
Ammo ichini o‘pirib kelayotgan o‘krik yuzlarini qiyshaytirib yuboradi. U bosh ekkancha, koridorga otiladi.

Shu kun idorada marom buziladi.
Natijada, antiqa voqealar ro‘y bera boshlaydi.
Avvalo, bu idora paydo bo‘lganidan buyon o‘tkaziladigan – nafas olish kabi odatiy holga aylanib qolgan ertalabki yig‘in – o‘tmay qoladi.
Qabulxonaga odatdagiday birinchi bo‘lib Shodmonbekov bosh suqadi va hamishangi hazili bilan kotibaga murojaaat qiladi:
– Yosumanxon, – deydi u kabinetga imo qilib. – Kiraveraylikmi?
Kotibaning peshonasi tirishadi:
– Yuz marta aytaman, Zafar Rasulovich, menya zovut Jas-mi-na!
Shodmonbekov ham yuzinchi bor gapidan qaytmay, takrorlaydi:
– O‘zbekchasi, “Yosuman” bo‘ladi-da, onajonim! Davlat tilida aytayapman!
– Nu, chto mne teper delat? Roditellarim o‘rischa o‘qigan…
– Mayli, onam, mayli… Faqat mustaqil bo‘lganimizga ham, mana, yigirma yilcha bo‘lib qoldi-yov… Shu ismingizni o‘zbekcha qilib, yozdirib oling, tamom vassalom!
Kotiba battar tutoqadi:
– “Yosuman” deb yozolmayman! U, axir, o‘zbekchasiga, okazыvayetsya… Naqa… “Jodugar” degani ham ekan-ku!
Shodmonmonbekov xandon otib, kuladi.
– Yosuman shunaqa gul, onam. Unga qo‘ngan hashorat qaytib ucholmaydi. Yopishadi-qoladi. Sehrlab tashlaydi. Xuddi sizning o‘zingiz! Sizga ham bir ko‘zi tushgan ishqingizda jodulanib, ado bo‘ladi! Siz esa ularga hashoratga qaraganday ham qaramaysiz! Voh, qancha odam ko‘yingizda hashoratday o‘lib ketdi!.. Eh, Yosumanxon! Yosumanxon!.. – U yana Asror Valiyevichning kabinetiga imo qiladi: – Kiraveraylikmi?
Jasmina postda turgani esga tushganday, birdan jiddiy tortadi:
– Yo‘q, – deydi u va kompyuterda qandaydir bir matnni jadal tera ketadi. Bu – kotibaning “gap tamom, hazil tugadi” degani ekanligini hamma biladi. Ammo ertalabki yig‘inni bekor qilish…
Shodmonbekov ham hazillashishni unitadi:
– Hozir… majlis!
Jasmina vaziyatning ahamiyatiga mos sukunat saqlaydi.
– Asror Valiyevich, – deydi u so‘ng negadir qizishib, – “Hech kimni kirgizmang”, dedi! Men: “Hozir pyatiminutka”, skazala. “O‘zbekchani tushunmaysizmi?” dedi u kishi… Nu, dalsya mne etot uzbekskiy!..
Jasminanning barmoqlari negadir juda jadal ishlay boshlaydi.
Shodmonbekov nima bo‘lganini tushinolmay garangsiraydi. Axir, bu idorada yigirma yildan buyon xizmat qiladi. Xudo bergan ish kun shu yig‘in bilan boshlangan. Bu yig‘in kayfiyatingu ko‘nglingga qaramasdan, “avval mendan o‘tib ol, qolganini ko‘ramiz” yo‘sinida bezrayib, xuddi taqdirning tavqi la’natiday naq sakkiz yarimda yo‘lingni qaroqchiday to‘sadi. Buning ustiga anavu Asror Valiyevich!.. Na bir hazilni biladi, na bir xush gapni… Xuddi moshinaning o‘zi! Undan ko‘ra temir bilan, tosh bilan majlis o‘tkazgan yaxshi!Har holda ularning ko‘zi yo‘q. Boshliqning ko‘zi! Bir sovuq qarasa, muzing bir hafta erimaydi!.. Endi qanday qilib?…
Xohlasa, hammani gap bilan o‘tqizib qo‘yadigan, xohlasa, mutoyiba bilan ko‘ngillarni bahor qiladigan Shodmonbekov birdan dovdiraydi:
– Men… nima qilay?
Jasmina birdan ishdan to‘xtaydi:
– Zafar Rasulovich… Kak-to… naqa.. a? Ne to!…
– Onam, ichkarida biror odam bormi?
Jasmina davlat ahamiyatdagi sirni oshkor etishga chog‘langanday chuqur nafas oladi. Klavishlarni o‘zlari topib ishlayotgan barmoqlari keskin to‘xtaydi.
– Bor! – deydi u. – Bor! Anu… Kak yego… Van Gog! Oni tak bes-se-duyut!… Shunaqa gaplashishayati-i-i!…
– A-a…
Shodmonbekov birdan nimanidir fahmlaydi. U duch kelmagani allaqanday haqiqat bu ishxonaga oralab qolganini, bu haqiqatni faqat ichkaridagilar – majlisni bir tiyin qilib o‘tirgan Asror Valiyevichu suratlar osib, foyeni sehrli bir maskanga aylantirgan Van Gog anglashini; ular hozir bu anglamoqning shavqida mastu alast suhbat qurayotganlarini negadir yuraklari orziqib tasavvur qiladi. U Jasminaning ham allatovur xayollanib turganini ko‘radi.
– Yaxshi bo‘ldi-ya, Zafar aka? – deydi qiz allanechuk bo‘lib. – Suratlar… Kak xorosho!..
– Nimasini aytasiz!..
Shodmonbekov mana shu yurak orziqishi yetagida o‘rnidan xayollanib turadi-da, ko‘ksi notanish – farrahli havoga to‘lib, foyega qarab jo‘naydi.
U suratlar osilgan foye ham mana shu notanish havo bilan to‘lganligini, bu havo foyedan toshib koridorga, xonalarga, kabinetlarga – butun ishxonaga va hatto xizmatchilarning yuraklariga ham sochilib borayotganini; ishxonaning devorlaridan oshib o‘tib, tushnuksiz sog‘inch va hazinlik sochgancha, dunyo bo‘ylab taralib borayotganini ham his qiladi.

Jasmina esa shu allanechuk kayfiyatda o‘tirib qoladi. Boshi qushga aylanib, bexos uchib ketayotganday kallasini ikki qo‘li bilan mahkam changgallaydi. Ko‘zlarini yumgan tariqa, bor bo‘yicha o‘ziga cho‘kib, o‘yga toladi. So‘ng nogoh yong‘in xizmatiga falokatdan xabar beradigan odam hovliqishida shoshilib, telefon raqamlarini tera boshlaydi.
– Allo… Allo!.. Meni kechir!.. – deydi u o‘rtanib telefonga. – Prosti!.. Men aybdorman!.. Nima? Vstretimsya? Ko‘rishamizmi? Qayerda?… Tushinarli! Mogu! Boraman! Hozir javob olaman-da, yuguraman! Begu, jonim! Begu!…
U shoshgancha, o‘rnidan turadi-da, Asror Valiyevichning kabinetiga qarab yuradi. So‘ng “e, nima bo‘lsa, bo‘lar” qablida qo‘l siltab, koridorga, koridordan odamlar suratlarni tomosha qilyotgan foyega, foyedan – go‘yo yiqilib tushyotgan osmonga ko‘zi tushganday vahimada turgan Muyassar Qodirovning yonidan yugurgilab o‘tgancha – uni kutayotgan, sog‘inayotgan, o‘rtanayotgan tashqariga yo‘l oladi.

– Nihoyatda quvondim, – deydi Asror Valivich xonasida chir aylanib yurar ekan. – Zo‘r! Bunaqa bo‘ladi deb o‘ylamagan edim! Qoyil! Faqat… u suratni buzmang!
Van Gog boshliqni tanimaydi. Bu so‘zidan ko‘ngil bo‘yi ufurib turgan odam qaydayu, Asror Valiyevich qayda! To‘g‘ri, Asror Valiyevich uni juda hurmat qilishini, hatto mehr bilan ardoqlashini u hamisha sezib, qadrlab yurgan, ammo uning – ichidan quyosh chiqib kelayotganday – porlab turishini birinchi bor ko‘rayapti! Go‘yo qarshisida – samimiyat taratib – ko‘ngilning o‘zi so‘zlayotganday!
Van Gog beozor jilmayadi:
– Yo‘q… Men sezib turibman-da, agar…
– Men ham sezib turibman! – Asror Valiyevich ijodkorlarda bo‘ladigan qizg‘inlikda uning gapini shartta kesadi. – U mukammal surat! Tushinayapsizmi? Mu-kam-mal! Qosh qo‘yaman, deb, ko‘z chiqarib qo‘yasiz!..
– E!.. – Van Gog ham ilkis o‘rnidan turib ketadi. – Chalaligi bor-da!..
– Bu asar, – Asror Valiyevich Van Gogning qarshisiga bahs mavjida yurib keladi, – mana shu chalaligi bilan go‘zal!..
Endi Van Gog ham beixtiyor – qarshisida boshliq turganini tamom unitib – qizishadi:
– Tavba, chala asar ham mukammal bo‘lar ekanmi?
Asror Valiyevich ham nimadir demoqchi bo‘ladi, ammo birdan jiddiy tortib, Van Gogning ko‘ziga tik qaraydi:
– Ichmaymizmi?.. – deydi u zo‘riqibroq.- Yigirma yildan buyon ichmaganman. Ammo hozir… bir o‘tiraylik!
Van Gog yana yuzida yana beozor jilmayish paydo bo‘ladi.
– Mayli, – deydi u boshliqning gapidagi zo‘riqishni ilg‘amaganday va tashqariga qarab yo‘naladi.
– To‘xta!
Asror Valiyevich burchakdagi devorga o‘ratilgan seyf yoniga shaxdam yurib boradi-da, allaqanday g‘ayrat bilan murvatlarni “sharaq”latib burab, eshikni ochadi. Bir pachka pul olib, Van Gogga uzatadi.
– Ol! – deydi u g‘ayrati qo‘zib. – Bir o‘tiraylik!.. Gazak olishni ham unitma.
Van Gog pulni oladi-yu, negadir ikkilanib turadi.
– Balki… – deydi boshliqqqa sinovchangina nazar tashlab, – tashqarida, biror pastqam joyda o‘tirarmiz…
Asror Valiyevich derazaga – cheksiz tashqari huvullab yotgan tarafga negadir noxos cho‘chib qaraydi:
– Yo‘q, – deydi u shoshib. Uning yuzida nimadandir cho‘chish alomati bir zumgina “lip” paydo bo‘ladi. Ammo Asror Valiyevich unga yon bosmaydi: – Yo‘q! Shu yerda o‘tiramiz! Shu yerda!..
– Gap-pap bo‘lmaydimi?
Boshliq “bo‘lsa, bo‘lavermaydimi” deganday qo‘l siltaydi.
Van Gog negadir quvonib, chiqib ketadi.

Yig‘inning bo‘lmasligi haqidagi xabar ishxonaga bir pasda tarqaladi. Ishxona bugun jang qilish-qilmasligini bilmaydigan qo‘shinday beqaror bir vaziyatda turib qoladi. Go‘yo, qurol aslaha tayyor turibdi, dushman mo‘jalga olingan, ammo o‘q-dori yetkazib beradigan aravalar karvoni noma’lum bir joyda qolib ketganday. Departamentu bo‘lim boshliqlari majhul bir qiyofada koridorda sanqishga tushadilar. Har-har joyda mayda-chuyda suhbatlar davrasi paydo bo‘ladi. Ammo bir zum o‘tib, hamma foyega yig‘iladi. Boshqa xodimlar ham xonalardan birin-ketin chiqib kelib, suratlarni tomosha qilishga tushadilar.
– O‘rtoqlar! Ish boshlandi!
Ammo negadir Muyassar Qodirovnaning gapiga ehtimol ilk bor hech kim parvo qilmaydi. U namoyishkorona tarzda bu tartibbuzarlarni ro‘yxat qila boshlaydi. Maoshidan chegirib tashlashsin, keyin bilishadi surat tomosha qilishni! Qovun qovundan rang oladi deyishadi. Barcha xodimlar shu kallasi aynigan Van Go‘ngning ishlashiga o‘tib olsa, nima bo‘ladi? Ishxonaning ishxonaligi qoladimi? Dunyo ostin-ustin bo‘lib ketadi-ku!.. Ana, boshlandi!.. Yasan-tusandan boshqa narsani bilmaydigan bo‘yning uzulgur Jasmina unga parvo qilmay, yugurgilab ko‘chaga chiqib ketdi. Bir pas o‘tib, Van Go‘ng ham sirli jilmagancha, o‘zining besharpa yurishida ko‘chaga sirg‘alib chiqadi…
Va foyeda Muyassar Qodirovnaning aqliga sig‘maydigan sehrli ishlar ro‘y bera boshlaydi. U avval Shodmonbekovning, so‘ng Jo‘ra Olimovichning oyoqlari yerdan uzilib, ketayotganini ko‘radi. Ayol aqldan ozmadimmi, degan xayolda ko‘zlarini ochib yumadi. Ammo birin-ketin boshqalarning ham havoga ko‘tarilayotgani fahmlaydi. Muyassar Qodirovna ham negadir o‘zini yerdan ko‘tarishga urinadi. Ammo zil-zambil gavdasini yerdan uzib bo‘lmasligini payqaydi. Shu bilan birga bu parvozlarning oldini olish kerakligini, agar olinmasa, dunyo to‘s-to‘polon girdibodida adoyi tamom bo‘lishini aniq tasavvaur qiladi. Odam qushmas-ku, axir! Idoraning ishini kim bajaradi? Oxir-oqibat “ko‘zing qayoqda edi, nega bunga yo‘l qo‘yding”, deb undan so‘rashadi-ku! Tezroq bu tartibsizlikning oldini olish kerak. “Bir tosh yiqilsa, tog‘ qulaydi”, deb qaysi bir shoirmi, mashoyixmi aytgan-ku, axir! U bor jon-jahdi bilan baqiradi:
– Men sizlarga aytayapman! Ish boshlandi!
Xodimlar bo‘limining boshlig‘ining ovozi bu safar nihoyatda vahimali va qo‘rqinchli tarzda jaranglaydi.
Birinchi bo‘lib, oqsoqol Jo‘ra Olimovichning yerga “tap” etib tushadi.
– Obbo!.. – deydi u. – Odam ham shuncha nodon bo‘ladimi? Inson, bu ko‘rgazma har kun bo‘layotgani yo‘q-ku! Xudo shu ishxonaga bir inoyat qilib, yuboribdi! Bu bo‘lsa…
Jo‘ra Olimovich gapini tugatmay, anchadan buyon kechirayotgan ehtiyotkor umrguzaronligidan nogoh toshqinlab, jadal yurishda xonasiga chiqib ketadi.
Asabiy bir sukunat foyeni tutadi. Oyoqlari yerdan uzilgan xodimlar birdan Yerning torish kuchini his qiladilar va ularning parvozlari so‘lish olib, qovjirab – birin-ketin yerga qaytib tusha boshlaydi. Ular xodimlar bo‘limining boshlig‘idan taralayotgan qudratni ham birdan his qiladilar va endi nima bo‘lishini kutgan asno, qizarib-bo‘zarib ketgan Muyassar Qodirovnaning qarshisida karaxtlanib turadilar. Birozdan so‘ng Jo‘ra Olimovich – toshqin yurishda – foyega chiqib keladi-da, lolu hayronlikdagi xaloyiqning ko‘zi oldida – uning bu misli ko‘rilmagan qilmishidan karaxtlanib qolgan Muyassar QodiroVaning qo‘liga bir varaq qog‘oz tutqazadi:
– Mana! Ariza! Shu idorada dimiqib o‘lib ketmasimdan, nafaqaga chiqib olay! Axir, dunyoda ko‘ngil bor-ku! Dunyo keng-ku, axir! Dunyoni buncha tor qilib yubordingiz! Nafas olib bo‘lmaydi-ya!..
U Muyassar Qodirovnadan shartta ters o‘giriladi-da, kartinalarni tomosha qilishga tushadi.
Ammo idoralarda ro‘y berib turadigan har kungi ko‘ngil xiraliklardan biri bo‘lmish bu majoraning g‘uboridan rasmlar jozibasini bir pasda yo‘qotadi. Ularni ko‘ngillar bilan bog‘lab turgan rishtalar “chirs-chirs” uzilib ketayotganinii xodimlar shundoq sezib turadilar va noxos uyqudan uyg‘ongandek, g‘alati bir ahvolga tushadilar. So‘ng uyat ish qilib qo‘ygan kas kabi uyalgannamo bir holatda xonalarga asta-asta tarqala boshlaydi. Xodimlarning bu hol ketishidan esa Muyassar QodiroVaning ruhi ko‘tariladi. U g‘olib bir yurishda bo‘shab qolgan koridordan, xonasiga shaxdam yo‘naladi. Ammo qip-qizil guldastani bag‘riga bosgancha, koridordan uchib kelayotgan Jasminaga nogoh ko‘zi tushadi-da, esi oqguday bo‘lib, to‘xtab qoladi. U uchayotgan odamni birinchi ko‘rishi edi. “E, odamizot bu dunyoda ivirsib-ivirsib, o‘lib ketadi” deguchi edi rahmatli onasi. Bu gap Muyassar Qodirovning qulog‘iga mahkam o‘rnashib qolgan. Shuning uchunmi, ayol ko‘zlariga ishonmaydi va bir vahima ichida o‘zini chetga oladi. Jasmina esa nogoh paydo bo‘lgan bu to‘siq yonidan qanot qoqib o‘tgancha, parvozini uzmasdan, qabulxonaga kirib ketadi.

Jasminaning to‘satdan uchib kirishidan qabulxona ham bir seskanib tushadi-da, hushidan ketguday bir alfozda lol qotib qoladi: televizor televizorligini esdan chiqaradi, telefonlar jaranglamaydi; hatto xonaga qamalib qolgan ariga mengzab mudom g‘o‘ng‘illab turadigan muzlatgichning ham ashulasi xayolidan ko‘tariladi. Jamila esa ularga parvo ham qilmasdan – ucha-ucha – qo‘lidagi qip-qizil guldastani guldonga qo‘yadi. Gulning guldonda barq urib turishiga – qanot qoqqancha – erkalanib qaraydi. So‘ng kapalak monand havoda bir-ikki charx uradi-da, kompyuter qarshisidagi kresloga ilkis qo‘nadi. Va birdan mudom ishlab turadigan kompyuter yuzi qorong‘u tortib turganini ko‘radi. Ammo u kompyuterning bu holi o‘zi bilan bog‘liq ekanligini his qilmaydi.
– Chert! – deydi u uchib borib, chiroq tugmani “shiqil”latib ko‘rar ekan. – Yana tok yo‘q…
Shu payt eshikdan Jamila opa kirib keladi. U horg‘in. Yig‘i nuqsi qolgan yuzu ko‘zlari shishinqiraganday…
– Asror Valiyevich?..
Jamila opaning so‘zi chala qoladi.
Uning ko‘zi guldondagi gullarga tushadi.
– Voy!..
Qaydandir bostirib kelgan bexos quvonch bosh hisobchining yuzu ko‘zidan yig‘i nuqsini bir lahzada yuvib ketadi.
– Bu gullar… qayerdan?
Jasmina baxtiyor kuladi:
– Podarili!.. Sovg‘a qilishdi!..
Uning gap-so‘zi, butun vujudidan yog‘ilib kelayotgan shodiyona xursandchilik bu gullarni kim tortiq qilganini shundoq aytib turadi.
– Qulluq bo‘lsin! – deydi Jamila opa ham ajib bir baxtiyorlik ichida. – Xuddi o‘zi… Ana u.. Foyedagi qizil gullar solingan rasmni ko‘rdingizmi?
– Natyurmotnimi?
– Ha-ha!.. O‘shaning xuddi o‘zi… O‘sha gullar! O‘sha!… Bu qiz qayoqqa uchib ketyapsiz desam!..
– Qayerda ko‘rdingiz?
– Ko‘chada… Derazadan ko‘rdim! Bilsam, qizil gullarni bu qiz ham sog‘ingan ekan-da!.. Jasmina, siz bu gullar qaysi uzoqlardan kelganini bilmaysiz!
Jamila opa birdan yerdan ko‘tariladi-da, mastona bir uchishda gullarga engashadi. Ko‘zlarini yumgan tariqa, hidlaydi. Yuzlariga gullarni ohista tekkizib silaydi – erkalaydi…
Shu payt Muyassar Qodirovna eshikda paydo bo‘ladi.
– Yarim soat ishda bo‘lmadingiz! – deydi u Jasminaga yuraklarga vahima soladigan rasmiy ohangda. – Tushuntirish xati yozing!
Jasmina ham, Jamila opa ham noxos yerning tortish kuchi paydo bo‘lganini, qanotlari esa qovjirab qolayotganini his qiladi. Ular suyanchlari birdan yo‘qolib, osmonu falakdan yerga bor bo‘ylaricha – beayov qulab tushganilarini sezadilar.

Asror Valiyevich derazadan ko‘chaga tikilib turibdi.
Ko‘chada kuz. Sarig‘u qizg‘ish ranglarda alangalayotgan kuz. Daraxtlardan to‘kilayotgan barglar beshamol havoda qalqinib-qalqinib yerga, ko‘chaning ikki chetida qator terib qo‘yilgan mashinalarning ustiga beozor qo‘nadi. Yo‘lovchi avtomobillarning ortidan xazon to‘zg‘ib qoladi. Ishxonani o‘rab turgan ko‘m-ko‘k chimzorda o‘rikning qirmizi barglari sochilgan… Xazonrez! Daraxtlarda, havoda, yo‘lkalarda, gulzorda – butun dunyoda xazon! Naqadar bu kuzning hasrati ulkan. Dunyoning bor-budini – har bir zarrasigacha – bu za’faron so‘lg‘inlik zabt etganday!
Asror Valiyevich derazadan ko‘chaga necha yillardan buyon negadir ilk bor qo‘rqmay qarayapti. U hatto kuzning bahaybat g‘ussasi derazadan sizib o‘tib, zimillab yuragiga kirayotganini ham payqaydi. Nima bo‘lsa, bo‘ldi! Qarshilik qilmaydi. Mayli, kirsin!.. Mayli, uning ham yuragi xazon bo‘lsin! Axir, bir kungina yuragi ixtiyorida yashashi mumkin-ku! Uni asir olib ketishi mumkin bo‘lgan dunyodan qanchalar yashirinib yashadi. Qanchalar qochdi. Qishning ham, bahorning ham, yozning ham, hatto mana shu suyukli kuzning ham ko‘ziga tik qaramadi. O, bu jodugar faslni u qanchalar yaxshi ko‘radi! Ammo kuz bilan yurakni ochib, jim suhbat qilishdan qanchalar qo‘rqdi! Chunki aniq biladi: kuz uni ko‘ngli qumsagan tomonlarga olib ketadi. U shuncha yillar o‘zini jilovlab, kishanlab qurgan hayotidan mosuvo bo‘ladi! Kunpayakun bo‘ladi hayoti!
U ichidagi tubsiz zindonga o‘zi tashlagan narsaning kuchini yaxshi biladi! Har on uning hamlaga tayyor quvvatini ham sezib turadi! Biroz erkini ixtiyoriga bersang, girdobiga tortadi-ketadi! Osmonu yerning farqi qolmaydi o‘shanda! Sezgilaring o‘tkirlashadi. Dunyo ko‘zingga aldoqsiz ko‘rinadi. Go‘zalliklari, jilvalari, toshqinlari, fojealari, mehru muhabbati; adolati va adolatsizligi; pastligi va yuksakligi; sayozligi va teranligi bilan qarshingda namayon bo‘ladi. Sen esa bu ko‘rinishning beayov azobida to‘lg‘onasan!
Unga qachonlardir bu azobdan xalos etishga ko‘mak berishgan. “Odam bo‘lib yashash” ilmini o‘rgatishgan. Hamma qatori kun ko‘rish lozimligini uqtirishgan va go‘yo barcha odamlar o‘ynab-kulib yashayotgan ko‘chaga kiritib qo‘yishgan. U o‘shanda – bu ko‘chada Munis borligi uchun – abadul-abad baxtiyor bo‘ldim, deb butun ruhu vujudi bilan ishongan.
Ammo bariga kuz sabab…
Bundan yigirma yil avval kuz uni jodu aylab, Munisning ortidan sarson-sargardon ergashtirmaganmidi? O, o‘sha kuz! Daraxtlardan beshamol havoga ixtiyorini tashlab, uzilib-uzilib tushayotgan, yo‘lkalarga benajot cho‘zilib yotgan xazon yaproqlar! Yo‘lkaning boshida xazonni bosib o‘tishga jur’at topolmayotganday turgan qiz… Kuz ming jilvada to‘lg‘onarkan, shu qizga ro‘baro‘ etgan. Asror esa aqlu hushidan ayrilib – o‘zi ham tushinmaydigan kuchning – uni uchirib borayotgan taqdirining qanotlari chirsillab yonib borayotganini ilg‘ab tursa ham – qarshilik qilishning ilojini topolmagan. Umidini, maqsadini, jonu jahonini baxshida etib yuboravergan. Ammo taqdir tinchgina yonib ketavermas ekan-da! Burqsib, cho‘g‘lanib, g‘ashlanib – ko‘ngilini kul to‘zoniga cho‘lg‘ab – kunlarini xufton etgancha, ortidan it kabi ergashib kelavergan. Bu ta’qibning bezovta hasrati uni bir lahza ham tinch qo‘ymagan. U esa faqat o‘sha kuzda uchragan qiz ko‘ziga tikilgancha, qanchonlardir gardaniga qo‘yilgan majburiyatni bor kuchiyu irodasi bilan bajarishga urinavergan. Shuning uchun ham uni chorlab, har damda qaylargadir – ko‘ngilni mast-alast etib, yerning qa’rigami, yetti qavat falakkami – olib ketgisi kelib turadigan dunyoga tik qarashdan cho‘chigan. Ayniqsa, kuzdan ko‘zlarini olib qochgan! Bu fasl sehrgar! Qo‘yib bersang, inon-ixtiyoringdan bir zumda judo qiladi!
Ammo bugun bu nogohoniy ko‘rgazma, o‘zini o‘zi zo‘rlab tiqqan zindonlaridan uni bexos ozod qildi! Mana, dunyoga shundoq tikka qarayapti! Nima bo‘lsa, bo‘lar!… Bu Van Gog degan dahoning hunarini qarang! Tavba, ranglar ham shunaqa o‘rtanadimi? Bu suratlarning qashisida o‘tirib, faqat o‘kirib yig‘lasang! Vujuding yo‘qolib, nurga aylangancha, ho‘ngrasang! Buning ustiga bu kuz!…
Temir iroda bilan yasagani – hayajonu jo‘shishlardan xole zindonning temir eshiklari qulab, yurak-bag‘ri hurlik havosida to‘yib nafas ola boshlaganini u yaqqol sezib turibdi! Nima, temir eshiklarning toqati toq bo‘lib, qulashga bahona izlab turganmidi yo?…

Eshikdan Van Gog kiradi. Lablarida o‘sha beozor tabassum. Qo‘lida qappaygan yelimxalta. Ammo endi yurish-turishida qandaydir ishchanlik va bilinar-bilinmas tantanavorlik bor. U – boshliqning kabinetini besh qo‘lday biladigan odamday – kengu mo‘l kabinetning to‘ridagi istirohatxona eshigiga imo qiladi:
– Kiramizmi?
Asror Valiyevich esa ichishni betoqat kutayotgan aroqxo‘r kabi – xurram kayfiyatda – kaftlarini bir-biriga g‘ayrat bilan ishqalaydi.
– E,tezroq bo‘l! Shu yerda ocha qol!
Van Gog qo‘lidagi yelim xaltani kabinetning bir tarafini egallagan kengu mo‘l “majlis” stolning ustiga qo‘yadi. U yoq-bu yoqqa qarab, Asror Valiyevichning stoli ustidagi gazetani oladi-da, stolning bir chetiga dasturxon qablida to‘shaydi. Xaltachadan palasmassa idishlarni chiqarib, bir zumda qopqoqlarini ochib qo‘yadi. Keyin qayerdandir qo‘lida ochqich paydo bo‘ladi. Sehrli xaltadan chiqqan konservalar ham hademay yelkanli antiqa qayiqlar shakliga kirib, ularning hukmiga hoziru nozirlik holida turadilar… O! Van Gog bunday ishlarni qoyil qilar ekan-ku! Tajribasi borligi shundoq ko‘rinib turibdi. Sho‘r pomidoru bodiring, kolbasa, qoqlangan baliq, shprot, kavob… Buning ustiga, qisqa qadahso‘z – “Qani! Qani!”ga behad qizg‘in ma’no kirgizadigan qancha gazaklar! Ishtahani ochib, sabrni yo‘qotadigan mu’jizalar! Bu to‘yg‘uni u qachon tuygan edi? Ha, yigirma ikki yil avval! Yigirma ikki yil!…
– Tezroq ochsang-chi!
Van Gog boshliqning betoqat buyrug‘iga parvo ham qilmay, to‘g‘ri istirohatxonaga yo‘l oladi-da, lahzada ikkita piyola ko‘tarib chiqadi.
– Qadahingiz ham yo‘g‘-a!..
– Bo‘l!..
Van Gog xaltachadan nihoyat shishani oladi.
– O‘zimizniki. Lekin zo‘r!
Piyolalarga Van Gog aniq harakatlar bilan aroqni quyadi.
– Ammo lekin qoyil! – deydi boshliq kimgadir taqlid qilib. – bu ishda ham a’lochi ekansan!
Van Gog esa qo‘rqinchli boshliqning bu bola qiliqlariga parvo ham qilmaydi:
– Qani!
– Ichdim!..
Asror Valiyevich nogahon bayramga duch kelib qolgan bola kabi quvonib, piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatadi. Yuzlarini bujmaytirib, gazakni, xuddi ertaklardagiday, bir yamlab, ikki yutadi. So‘ng jilmayganicha, Van Gogning ichib bo‘lishini kutib turadi. Ulfati piyolani bo‘shatib, stolga qo‘ygach esa, birdan jiddiy tortib, gap boshlaydi:
– Bilasanmi, – deydi u, bu gaplarni endi kashf qilyotganday, – Hayotning ma’nosi nimada? San’atda!..
U allaqaydan ko‘ngliga oqib kirayotgan – o‘zi ham, unut bo‘lib ketgan davradosh birodarlari ham sarxush hushyorlikda qachonlardir gapirgan fikrlarni takrorlayotganini sezib turadi. Ammo so‘zlar ekan, ruhu vujudi yayrab qizishayotgani – bu tarzdagi suhbatlarni chidab bo‘lmas intiqlikda sog‘inganini his qiladi.

Muyassar Qodirovna bugun birdan mas’uliyatni unitib qo‘ygan boshliqsiz ham, idorani yo‘lga solganidan, ishxona xuddi soatday bir maromda “chiq”qillab ishlay boshlaganidan g‘ururlanib, koridorlarni ikki-uch bor aylanib chiqadi. So‘ng xonasini ichidan berkitib, Jo‘ra Olimovichning “delo”sini oladi. Har bir varaqni sinchiklab ko‘zdan o‘tkazadi. Ayniqsa, qarindosh-urug‘lari haqidagi ma’lumotlarni alohida o‘rganib chiqadi. Bu qurg‘ur miyasi achigan chol bekorga dag‘dag‘a qilmayotgandir, axir! Biror suyangan tog‘i bordirki, hammaning orasida arizani Muyassar Qodirovnaning yuziga otib chiqib ketdi! Ishongan tog‘i bor!
Ammo Muyassar Qodirovna qancha o‘rganmasin, miyasi achigan cholning ishongan tog‘ini topolmaydi. Ma’lumotlarni qayta-qayta ko‘zdan kechiradi. Yo‘q! Tep-tekis! Sahro!.. Endi uyi kuydi buning! Hech kiming yo‘q ekan nega ko‘pirasan! Tinchgina yurmaysanmi, maoshingning ustiga nafaqangning yarmini qurtday sanab olib! Endi ketding! Har oyda nafaqani kuti-i-ib, to‘rt devor ichida o‘lganday bo‘lib o‘tiraverasan! Sen hali Muyassar Qodirovna bilan o‘chakishasanmi? Mana, hozir fe’lingga yarasha, buyruq tayyor bo‘ladi! Qarabsanki, nafaqaxo‘rsan! Bu idorani endi tushingda ko‘rasan! He, o‘lib ket!..
Xodimlar bo‘limining boshlig‘i mana shunday g‘alvali ishlardan bosh ko‘tarolmay o‘tirarkan, ishxonada nimalar ro‘y beryotganidan ham, qachon ish kuni tugaganini ham bexabar qoladi.
Muyassar Qodirovnaning zug‘umidan keyin qanotlari singan qushday qunishib, ishga qo‘li bormay, derazaga qarab o‘tirgan xodimlar esa yana bir antiqa voqeaga guvoh bo‘ladilar. Tushlikka yaqin Van Gog ishxona eshigidan allaqanday bir mastona parvozda uchib chiqib, barglarini sochib yotgan daraxtlarning oralab bir pas parvoz etgach, qaysidir bir falak sori qanot qoqib ketganiga aniq ko‘radilar. Yo‘q, ko‘pchilik bunga ajablangani yo‘q! Chunki u devona odam-da! Uchsa, uchib ketaveradi! Ammo ular allaqanday zavq-shavqli parvozda ishxonadan otilib chiqqan Asror Valiyevichga ko‘zlari tushganda, o‘zilarga ishonmay, lolu karaxtlikda, ko‘chaga qaragancha, qotib qoladilar.

Asror Valiyevich piyoda yurmaganiga ancha bo‘lgan. Shuning uchunmi kuzga qorishib yotgan shaharni avval tanimadi.
Buning ustiga, mashinada yuraverganidanmi, mashina oynasidan bo‘lsa ham dunyoga dadil ko‘z bilan qarashga cho‘chiganidanmi, ko‘rganlari bilan ko‘ngli o‘rtasida devor tashlab, atrofga nazar tashlaganidanmi – bu joylar unga notanishday tuyuldi. Axir, uch-to‘rt yo‘nalishdan mashina uni g‘izillatgancha olib borib, olib kelavergan – uydan xizmatga, xizmatdan uyga, idoradan falon majlisga, majlisdan ishga, ishdan uyga… Demak, bu shaharning shakli shamoyili xotirasidan ko‘tarilganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Demak, qachonlardir umrini yetaklab ketayotgan devonavash taqdirdan ayrilish oson kechmagan! Buning uchun inson xotirasini, hatto o‘zini ham esdan chiqarishga majbur bo‘lar ekan-da!
Ammo Asror Valiyevich noxos atrofida sochilib yotgan kuzni taniydi. Qachonlardir bu kuzakdan olgan toshqin g‘ussali darslar qaylardandir kelib, vujudini yana to‘ldirgancha, yuragini boshlab ketayotganini ilg‘aydi. Qayoqqa ketyapti? Qayoqqa? Cho‘chimaslik kerak? Yurak aldamaydi! Yo‘q, aldamaydi!.. Ha, u bugun chalg‘idi. Kamgap haydovchini hayron qoldirgancha, kutilmagan bir joyda hapriqib, “To‘xtat!”, dedi-da, mashinadan shartta tushdi. Yuragi boshlayotgan yoqqa shoshilib ketarkan, mashinasi yonida unga hayron qarab turgan haydovchiga “ketaver” ishorasini qilgach, birov ushlab qoladiganday, shoshgancha, yo‘lidan davom etdi. Nega chalg‘idi? Ehtimol chalg‘imagandir?. Ehtimol qodir parvardigor faqat uning uchun yaratgan yo‘lga qaytib tushayotgandir?..
Nima bo‘lsa ham, ko‘ngli qaylargadir ishonch bilan boshlab ketayotganini sezib turibdi.
Qayerga kelib qoldi? Anhor bo‘yidagi bu bog‘ni nega tanimaydi?.. A, o‘sha bog‘-ku! Xazonlari shamolsiz havoda behush qalqigan o‘sha bog‘! Tanimaganini qarang. Axir, shu chorbog‘da Munisni uchratgandi-ku. Munis… Kuzgi bog‘ning shundoq chegarasida – mastu alast xazonrezga xalaqit berishdan cho‘chib, yo‘lak boshida to‘xtagan qiz! Mahobatli xazonrez to‘lg‘onishlarining bir chetida jur’atsizgina turgan qiz unga sehrli va nihoyatda go‘zal ko‘ringan. U yuragi hilvirab, mahliyo bo‘lgancha, serrayib qolgan…
So‘ng qizning ortidan ergashib ketavergan. Ketavergan. O‘zini unitib, dunyoni unitib – maqsadu orzulardan mosuvo bo‘lguncha ketavergan. Tokim qiz uni bir ko‘rgandan yaxshi ko‘rib qolganini, lekin otasi qizini unga bermasligini aytguncha, ergashib yuravergan. Bu qiz baxt va bebaxtlikni qanday qilib bir jumlaga jo etdi? Garchi Asror bu og‘ir gapni eshitganda, bir qalqinib, to‘xtab qolgan bo‘lsa ham, baxtga o‘rab tashlangan qarshisidagi noxos tog‘dan, oshiqlarga xos bepisandlik bilan sakrab o‘tgan. O‘tgan-da, yana ergashib ketavergan. Ketavergan, ketavergan…
Borib-borib Munisning otasi – Samig‘ Nig‘matovich Mirkalonovning ro‘baro‘sidan chiqqan.

Samig‘ Nig‘matovichning katta odam. Nomini hamma biladi. Biror marakami to‘yga shotirlari bilan kirib kelsa, barcha tipirchilab qoladi. Yugur-yugur boshlanadi. Alohida tayyorlangan xosxonaga kirgiziladi. Xizmat talosh bo‘ladi. Savlatidan shahar hurkiydigan odamlar ham tovoq ko‘taribmi-ey, shisha ko‘tarimi-ey – nimanidir bahona qilgancha – xosxonaga kirib, “shunday ulug‘ odamga” bir ko‘rinish berishga harakat qiladilar. Biror bir milisa mashinangni to‘xtatsa, “aka”ga qarashli odamliginggga ishora etsang, bo‘ldi – uzr so‘rashu chest berishlarni qoyilmaqom etib, hurmatingni joyiga qo‘yishadi. Qo‘zg‘olganingdan keyin “xayriyat-e” deb qutulganiga shukur qiladi.
Uning ismu sharifi qandaydir bir parol. Birovga eslatsang, bitmagan ishing bitganini bilmay qolasan. Hurmatu vahima aralalash nimadir odamlarni yugurgilatib xizmat qildiradi…
Shunday odam sening taqdiringni o‘n besh daqiqada hal qildi. Naqa… Ahrolmisan? Yaxshi… Rostini aytsam, senga beradigan qizim yo‘q edi, xo‘pmi? Ammo bir ishing yoqib qoldi. Hamdam Rasulovichning o‘g‘lini kaltaklaganingga qoyil qoldim, xo‘pmi? Yonidagilarni ham qo‘shib uribsan! Qizlarga gap otgan jazosi shu! Seni milisadan o‘zim olib qoldim. Xo‘pmi? Ammo endi bunday ishlarni yig‘ishtir? Xo‘pmi? Nega jim turibsan? Qiziq bola ekansan-ku! “Xo‘p” demaysanmi? Boshingga baxt qushi qo‘nyapti… Xo‘pmi?
Asror “xo‘p” dedi. Samig‘ Nig‘matovich nima aytsa, Munis tayinlaganday, faqat ma’qulladi.
Bu kasbingni tashlaysan, xo‘pmi? Xo‘p! Qaytib qo‘lingga naqani… mo‘yqalamni tekkizmaysan, xo‘pmi? Xo‘p! Tikistilda o‘qiysan, gaplashib qo‘ydim, xo‘pmi? Xo‘p. Mani bitta-yu bitta farzandim mana shu Munis. Agar to‘y bo‘lsa,menga o‘g‘il bo‘lasan, xo‘pmi? Xo‘p! bu uy-joylar ikkovlaringniki bo‘ladi, xo‘pmi? Xo‘p. Men seni ko‘taraman. Menday hamma hurmat etadigan rahbar bo‘lasan, xudo xohlasa, xo‘pmi? Xo‘p! Xo‘p!… Xo‘p!.. Xo‘p!…
Asror hamma shartga rozi bo‘ldi. Bu shartlarni bajarish nima bo‘pti! Jonini so‘rashsa ham beradi-ku! Faqat Munis yonida bo‘lsa, bas! Nimadan kech deyishsa, kechadi! Nima qil deyishsa,qiladi! Axir, Munissiz bu hayotning nima keragi bor!
Yigit Munis uchun bor dunyosidan kechdi. Tashlab ketgani orzuyu maqsadiga burilib qaramaslikka qaror qildi. O, u kuchli odam! Biroq Asror kechgan dunyo, u Munisning ortidan qanday ergashgan bo‘lsa, xuddi shunday izma-iz izillab kelaverdi. Tashlab ketilgan taqdir og‘rinib, o‘rtanib, kuyib, o‘ksinib – bir qiynoq dardga aylanib, jon-holiga qo‘ymadi. Yigirma ikki yil uni tinmay ta’qib qilgan taqdirning tayziqiga miq etmay dosh berdi. Ko‘nglining ravishini tosh iroda ichida tutdi. Rahmatlik qaynatasining rejasi va rahnomaligi ostida qo‘ryotgan yangi taqdirini chindan urinib qurdi: soha odamlarini tiliga tushgan mutaxassis bo‘ldi; mehnatidan unib, “ko‘tarildi” ham. Xuddi Samig‘ Nig‘matovichning orzusidagiday odam bo‘ldi. Ammo bugun… Hammasiga Van Gog va mana shu kuz aybdor! Mana, u ko‘ngil yetagida, boshi oqqan tarafga ketyapti…

Asror Valiyevich bog‘ to‘ridagi – peshtoqiga yonarharflardan “SUHBAT” deb yozib qo‘yilgan, imoratga ko‘zi tushgach, quvonib ketdi. Ie, o‘zlari-ku! Shuncha to‘s-to‘polondan omon qolibdilar-da! Barakallo! Peshonangizga yonarharflardan – maqtovingizni keltiradigan – reklamalar qo‘ndirib olganingizni hisobga kiritmasak, hech o‘zgarmapsiz, birodar! Haqiqatdan ham birodarimsiz-da! Ijoddan charchagan, ijodga tashna, ijodning siru asrorini bilishga intilgan, ko‘ngildoshlarini uchratganidan baxtiyor odamlar davrasini bag‘riga bemalol sig‘dirgan bu kamtar qahvaxona birodar bo‘lmasdan, nima bo‘ladi! O, sizda… Kechirasiz, “sen”lab gapirsam bo‘ladimi?. Rahmat!.. Xullas, senda hur bazmlarimiz qanday gurillagan! Rauf Parfi aytganiday, “darvishlar bazmi”! Shoirning o‘zi ham senga ishga kelganday qatnagan. Aroq bilan boshlangan bahs pivoga qadar tushib kelgan; pivodan boshlangan suhbat, aroq bilan yuksalgan; U suhbatlarning nihoyasi bo‘lmagan – senda avjlangan daryo suhbat, keyin irmoqlaru ariqlarga bo‘linib, qayerlargadir – zilziladan so‘ng buzilmay qolgan uvada hovlichalarga, ijara uylarga, rassomlarning ustaxonasiga, yotoqxonalarga oqib borgan. Senda boshlangan mavjlanish ko‘ngillardan ko‘ngilga o‘tgan – toshlar erigan, daraxtlar meva bergan, nihollar bog‘ bo‘lgan – bu toshqinlarda butun Toshkent mavjlangan. Xuddi shunday! Men ham mavjlanganman! Men ishlagan suratlar dengizday to‘lg‘ongan! “Nu, yego!.. – degan rahmatlik Ro‘zi Choriyev ko‘z yoshini artib. – Yig‘latadi!” Ha, men ham odamlarni yig‘latganman! Kim chizgan suratlarimni ko‘rgan bo‘lsa, lolu hayronlik-da qotganligi rost! Faqat Munis… U suratlarimga sovuqqina qaragan-da, “yaxshi” deb qo‘ya qolgan, xolos. Suratlardagi tug‘yonlardan unga hech narsa o‘tmagan. Suratlar ham undan begonasiragan… Men Munisni she’ru suratlarga oshno etishni, o‘zimday mavjlanishini juda istaganman. Uni dengizday to‘lg‘onib yotgan davralarga boshlab ham kelganman. Ammo u ozroq hadiksirabmi, ozroq jirkanibmi-ey bir chetda o‘tirgan. Dasturxonga qo‘l cho‘zmagan, suhbatga qo‘shilmagan – bir pas o‘tmasdan unga “ketdik” deb ishora qila boshlagan. Serfahm Rauf Parfi buni ilg‘agan: “Sizning bu kelishingizdan umidim katta edi, – degan u hammaga yoqadigan tabassumida Munisga. – Safimiz yana bir darvishkaga ko‘payadi deb o‘ylovdim. Afsus, ishonchimni oqlamaydigan ko‘rinyapsiz. Endi.. Asrorni ham o‘g‘irlab ketasiz-da, a!” “Iloyo, shu qiz meni o‘g‘irlasin!”, deb xudoga nola qilib o‘tirgan yigitni o‘g‘irlab ketish oson: Munis o‘sha zahotiyoq bir imo bilan oldi, ketdi! Na parvardigor unga atagan taqdir qoldi, na ko‘ngilda tinchlik…
O, xayollarga berilib ketibman!..
Ko‘rinishing yaxshi! Bog‘ning to‘rida, xazonrez sochqiniga yelkangni tutib, menga kulibgina qarab turibsan. Tanidingmi? Nimani eslayapsan? O‘sha xotiralar hozir ham shu yerda yashayaptimi? Qoldirib ketilgan taqdirlar bu bog‘ni arvohlarday aylanib, seni bezovta etayotgandir? Yoki ular faqat kuz kelganda, eshigingni taqillatib, noxos keladilarmi? Sen meni ham arvoh deb o‘ylayotgandirsan?… Juda sirli ko‘rinayapsan. Ostonangdan hatlab kirsam… nima qilasan?
U o‘zining tevaragiga qurgan hamma hushyor chegaralardan bir necha soatlarda hatlab o‘tganini va bu yaxshilikka olib kelmasligini anglab turadi. Agar qarshisida turgan qahvaxona sari bir necha qadam masofani bosib o‘tsa, orqaga hech qachon qaytib bo‘lmasligini shundoq his etadi – vujudida qo‘zg‘olgan allaqanday zilzila og‘ushida titrab-qaqshaydi. Shu bilan birga, qudratli bir kuch Asror Valiyevich o‘zini zo‘rlab kirgizgani temir qobiqdan qo‘porib, allaqanday sururli, mastona dunyolar tarafiga uchirib borayotganini ham tushinadi. Uzoqlardan bo‘ylari elas-elas kelib turadigan, qachonlardir og‘ushida ozod uchgani – o‘sha qolib ketgan dunyoni sog‘inganini, uningsiz ortiq yasholmasligini; hamma qatori kun kechilishga harakat etib qurgan omonat hayotidan bir zarb bilan voz kechishi shartligini ham fahmlaydi. Zotan, bugun – Van Gogning ko‘rgazmasidan so‘ng – bu zarb ichida yetilib kelganini, “taqdirim” deb o‘ylab avaylab-asragan umrguzaronligi ustida qandaydir bir shavqla parvozda bilan ko‘tarilganini va endi… tavakkal etish lozimligini sezadi.
Xudoyim! Nega tavakkal etmay? Nega?.. Axir, bu kuzni – umrimning o‘sha kunida qolgan mana bu fasli ham ro‘baro‘mdan chiqarib turibsan-ku!.. Men uni, sinovinggga dosh berolmay, tashlab ketgan edimmi? Demak, hayotimni qachonlardir uzilgan joyidan endi qayta boshlashim kerakdir-da!.. Boshla, meni boshla!..

Asror Valiyevich qahvaxonaga kiradi. Qahvaxona o‘sha paytlardagiday yorug‘ emas, nimqorong‘u edi. Ammo kiraverishda – avalgiday – bar! Biroq u nihoyatda olifta ko‘rinish olgan; stollar ham o‘sha paytdagiday – yarim aylana zalning devorlari bo‘ylab terilgan. Biroq endi har bir stolning sathiga devordan pastga qarab o‘rnatilgan chiroqlar xira-shira nur taraydi. Nimqorong‘ulikda stollar orollarga o‘xshaydi. O‘sha paytlardagiday barda pivo ham sotishyapti. Faqat endi qo‘llarida qo‘sh-qo‘sh bokallarni tutib, pivo talashayotgan pivoxo‘rlar yo‘q. Yangicha nafis idishlardan ko‘piklari toshib turgan pivolarni ofitsiantlar patnislarga solib, xo‘rrandalarga oldiga qo‘yishyapti. Hamma joy ozoda, ilgargi baqir-chaqiriqning ham uni o‘chgan.
Barmen unga ko‘zi tushgan zahoti bir seskanib tushadi:
– Ie, Abror oka! Qo‘rqib ketdim-e!
U shoshib zal tomonga qaraydi va kulib yuboradi:
– Egizmisizlar?
Asror Valiyevich gap nimadaligini tushinmasa-da, bu mayda gapning tagiga yetgisi kelmaydi:
– Ha, – deb qo‘ya qoladi u, – egizmiz.
– Abror oka bir daqiqa burun zalga kirib ketgan edilar. Qarasam, yana kirib kelyaptilar!.. Jinni-pinni bo‘ldimmi deb!.. Bor bo‘linglar-e! O‘takamni yorib yubordilaring!.. Ho‘v, ana o‘tiribdilar!…
Asror Valiyevich u ko‘rsatgan tarafga bir qarab oladi. So‘ng shoshmasdan barning tokchalariga terib qo‘yilgan ichimliklarga ko‘z yugurtiradi.
– Anavudan bormi? – deydi u frantsuz konyagiga ishora qilib.
– Bizda hammasi bor-de, oka! Qancha?..
– Ikki yuz…
– Buni, oz-ozdan ichilsa, ja rohat… – Barmen Asror Valiyevichning yuziga bir ko‘z tashlab, undan taralib turgan viqorni ko‘rgach, gapi og‘zida qoladi: – Xo‘p-de, oka!
Asror Valiyevich kon’yakni, barmen uchun kutilmaganda, juda oson ichadi. Na yuzi burishadi, na chuqur nafas oladi. So‘ng iltifot bilan uzatilgan shakolad bo‘lagiga parvo ham qilmasdan, barmen ko‘rsatgan stol tarafga yuradi.
Asror Valiyevich stolga yaqinlashib kelarkan, unga teskari o‘tirgan odamlar stullarni taraqlatib, o‘rnidan qo‘zg‘olishadi. “Meni kutishayotgan ekan”, degan fikr Asror Valiyevichning ko‘nglidan “yilt” etib o‘tadi. U bu xayolning mantiqsizligini o‘ylab ko‘rmaydi ham .
– O, inson!.. Inson keldi!
Davra uni shu xitob bilan shodon kutib oladi. U sog‘ingani rahmatlik odamga yuzma-yuz kelganday, birdan seskanib ketadi. Bu so‘zlar qayerdan keldi? Hali ham shu tarzda aytishadimi?… Kimdir uni bag‘riga bosadi, kimdir qo‘llarini havodan aylantirib kaftiga kaft uradi, kimdir yuziga yuz urishtirdi.
– Kani, kani…
Bu jumla ham qadrdon! O, Rauf Parfining mehmonga iltifoti! O‘sha!…Nahotki, ustoz shu yerda bo‘lsa!.. U ko‘rsatilgan o‘rindiqqa cho‘kar ekan, atrofdagilarga bir-bir qaraydi. Yo‘q, Rauf Parfi yo‘q. Ammo kimdir uning qarashining ma’nosini ilg‘aydi:
– U kishi yo‘q. Davra to‘lib kutib o‘tirgan edik. Uch-to‘rt kishi sizni kuta-kuta, ketib qolishdi.
– Dunyoning ishida!..
Bu kimning gapi!.. O‘ziniki! Bir paytlar shu jumlani bo‘lgan-bo‘lmagan joyda ishlatib, barcha do‘stlarning kayfiyatini ko‘tarar edi. Falonchi o‘qishga kiribdi? Dunyoning ishi-da! Pistonchi ishdan haydalibdi. Dunyoning ishi-da! Kecha tonggacha o‘tiribmiz! Dunyoning ishi-da! Im-m… Boshim og‘riyapti! Dunyoning ishida! Bir tiyinim ham yo‘g‘-a! Dunyoning ishi-da!..
Asror Valiyevich davradagilarga yana bir bor razm solib chiqadi. Tavba! Bu notanish odamlar unga… tanish edi. Hatto qadrdon! Hatto ular bilan umrguzaronlikda hayotning achchiq-chuchugini birgalikda totishganday edi. U o‘zi bir paytlar aytgan gapini takrorlagan odamga sinchiklab qaraydi. Bu odam… bu odam… bu odam unga o‘xshar edi. Eski jinsi va dag‘al jemper kiyib olgan, sigaretni oliftalik bilan puflab, gapni paloxmonning toshiday har tarafga otgancha, gulgun ochilib o‘tirgan bu o‘rta yosh odam uning xuddi o‘zi edi. Barmen uni shu odam bilan adashtirganini Asror Valiyevich anglaydi.
Davra qulfi kalitsiz – nihoyatda ochilib o‘tirar, shu sababdanmi, unga singshib ketish juda oson kechadi. Buning ustiga, Asror Valiyevichning ko‘ngli ham avj baxtiyorlik havolarida jo‘shgan – u bu avjning toshqinida har qanday davraga yoqishini aniq his qiladi.
– Keldingizmi? – deydi unga qiyofadoshi xuddi kecha ko‘rishgan odamning ohangida. – Bu bozor dunyo sizni ham tamom yutib yubordimi, deb xavotirda edik.
– Yutolmadi! – deydi u . – Kattalik qildim! Og‘ziga sig‘madim!
– Zo‘r! – deydi qiyofadoshi.
Negadir uning bu gapi barchaga yoqadi. Hamma kuladi.
– Albatta, kattalik qilgan, albatta! – deb negadir qiynalib gapiradi oriqqina odam. – Men ham kattalik qilaman! Yutib bo‘pti!..Mana!.. – U mushtini kimgadir qo‘rqmay ko‘rsatib, po‘pisa qiladi.
– Bu yerda hamma omon qolganlar – dunyoning og‘ziga sig‘maganlar o‘tiribdi! – deydi barvasta odam. – Bizni yutolmaydi! Xo‘sh, endi… Mehmon keldi… Murod-maqsadga yetamizmi?
U chaqqonlik bilan qadahlarga aroq quyadi.
– Bu finjonni endi kelgan inson uchun ko‘taramiz!
Yana Rauf Parfining ovozi! U qayerda? Yo birov taqlid qilyaptimi? Asror Valiyevich bu qadahso‘zni kim aytganini anglamay qoladi.
– Ey!.. Inson yig‘lab dunyoga keladi, yig‘lab dunyodan ketadi!.. Davayte!
U bu gapni ham kim aytganini ko‘rmaydi. Ammo bu gap Ro‘zi akaning – ustoz Ro‘zi Choriyevning – o‘rischa o‘zbekchasi ekanligini biladi-ku! U ham shu yerda, shu yerda!…
– Iching-da endi! – deb uni o‘ziga keltiradi qiyofadoshining hazil aralash quvnoq tovushi. – Kechikib kelganingiz yetmaganday, tiralib o‘tirishingizni qarang!..
Asror Valiyevich qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatadi.

Asror ertasi tongda uyg‘onib, kecha nima bo‘lganini eslay olmaydi. Ko‘zini yumib yotar ekan, nimalardir elas-elas xayolida jonlanadi.Avval mastona davraning beto‘xtov hazil huzilu, tortishuvu bahslari qanday gurillagani xotirasidan o‘tadi! O‘, qanday yayrab o‘tirishdi! Na Kafka qoldi, na Gogen, na Behzod, na… Hammasining ijodi kavlab chiqildi! O‘zi… O‘zi nima qildi? Ha, hech kimga gap bermay, monologlar o‘qidi! Miyasi birdan yorishib, allaqanday qotib qolgan haqiqatlarning avra-astarini ag‘darib tashladi; barchaning og‘zini ochgancha, san’at endi qanday rivojlanishi haqida ehtiros bilan nutq irod etdi; nima uchun tasviriy san’atga tomoshabin kerakligi haqida, beshafqat taqdirning o‘yinlari daholarning boshiga ming turfa savdolar solishi to‘g‘risida kuyib-yonib gapirdi. Fikrati mantiq dovonlaridan yengil sakragancha, uchib borar ekan, shu daqiqalarda yayrab yashayotganini his qildi! Davradagilar ham bir erka ma’qullashda uni qo‘llab-quvatlab turishdi. Badiha fikrlash miyaning qatlarida mudrab yotgan notanish ma’nolarni shiddatli tug‘yonlarda o‘yg‘otib borar ekan, vujudi qanotlanib borayotgani fahmladi… Hatto uchib ketyotgani his qildi… Ha, uchdi! Ilgari u shunday yashagan! Faqat uchgan!..
Keyin… keyin… keyin… nima bo‘ldi?
Allamahal qahvaxonadan hamma birga uchib chiqqani biladi, ammo boshqalar qaysi tarafga parvoz qilganini eslay olmaydi. Uni haligi qiyofadoshi Abror ustaxonasiga taklif qilgach, bu takliyaga bir vaqtlar – yoshlikda kechadigan kabi – osongina rozi bo‘ladi. Chunki rozi bo‘lmasa, bu ajib parvozning qanotlari shu zohatiyoq qovjirab qolishini tushinadi. Ikkalasi chiroqlar tilkalab tashlagan kechaga nim yashiringan kuzakni oralab, bugun yechimi qiynalmay topilayotgan mangu muammolardan bahslashgancha – qizg‘in suhbat asnosida – shaharning qoq markazida joylashgan rassomlarning uyiga – shundoq birinchi qavatdagi ijodxonaga uchib kiradilar.

Ijodxonaga kirishlari bilan Asror Valiyevich butun vujudi besabr betoqatlikda o‘rtanayotganini sezadi. U hozir nimadir – allaqanday mu’jiza yuz berishini anglab turadi.
Hamrohi Abror ham mana shu betoqatlikda harakatlanadi – qo‘lidagi shishalarni va zakuskalarni shoshib choy stoliga qo‘yadi va “hozir… hozir” deganicha, devordagi chiroqyoqar tugmachalarni birin-ketin bosadi.
Devorlardagi va shiftdagi chiroqlar porlaydi-da, ijodxona charaqlab ketadi.
Ijodxona juda katta – unda narsalar faqat ijodkorgagina tushinarli betartib tartibda sochilib yotar va butun xona nogahon keladigan ilhomni ushlab qoladigan antiqa hushyorlikda edi.
Asror Valiyevich eski shkafdagi kitoblarni, yerga to‘shalgan qandaydir katta hayvonning terisini, devorlarga osilgan qo‘ng‘irotcha oynaxalta, tuzliq va belqarslarni, kiraverishdagi burchakda qo‘polgina yo‘nilgan taxtalardan va shu bilan birga ajib did bilan yasalgan stol-stullarni, chala ishlangan suratli molbertni, daroz taburetka ustidagi bejirim vazaga solib qo‘yilgan mo‘yqalamlarni – ustaxonadagi bor narsalarni negadir yuragi zirqirab, tamosha qiladi.
Bu ustaxona va undagi jihozlar Asror Valiyevichga tanish edi.
U bu ustaxonani qayerda ko‘rganini eslashga zo‘riqib urinadi va… topadi! Bu o‘sha ustaxona! O‘sha!.. Yoshlik chog‘lari – uning xayolida ming bor jonlangan ustaxona! U xayolida o‘zining bo‘lajak ustaxonasini xuddi shunday tasavvur etgan! Jahonni zabt etadigan suratlar xuddi shu ustaxonada yaratilishi lozim edi. Asror Valiyevich maqsadini tashlab ketgach, egasiz qolgan orzu, nahot, bu yerga kelib qo‘ngan bo‘lsa…
Abror esa unga parvo qilmay, “hozir… hozir”ni tilidan qo‘ymagan asno, ustaxonaning bir tomonini bor bo‘yicha bekitib turgan uzun pardani sharillatib tortadi va hozirgina sehrgarligini qoyilmaqom bajarib, o‘zini olqishlash uchun tomoshabinga ijozat berayotgan sehrgar kabi ikki qo‘lini nazokat bilan tepaga ko‘taradi.
Asror Valiyevich entikib ketadi.
Devorda suratlar… suratlar… suratlar… Devorning enini ham, bo‘yini ham suratlar zabt etgan! Osilgan, devorga suyangan – katta-kichik, ramkali va ramkasiz suratlar…
– O‘!.. – deyoladi xolos Asror Valiyevich.
U yuragi hapqirib, suratlarni tomosha qilishga tutinadi, ammo Abror “hozir”lagancha, uni ustaxonaning to‘riga boshlaydi-da, ustiga bo‘z tashlab qo‘yilgan odam bo‘yi kartinaning ustidan matoni yulqib oladi va bo‘sh qo‘li bilan yana sehrgarga xos “marahamat, tomosha qilavering!” deganday harakat qiladi.
Kartinadan surati bor bo‘yicha ishlangan yoshgina ayol – etagi yergacha cho‘zilgan zangori ko‘ylakda, qo‘llarida qirmizi kuzgi barglardan xazondasta tutgan ko‘yi – ajib bir jodu qarashda naq… Asror Valiyevichning ko‘ziga tikilib turar edi. Asror Valiyevich lol karaxtlikda qotib qoladi. Munis?.. Bu nimasi?
– Bu qizni yoshlikda devona bo‘lib yaxshi ko‘rganman, – deb suratga izoh bera boshlaydi Abror. – Ammo ajralib ketishga to‘g‘ri keldi. O‘lib ketsam kerak degandim… Ammo o‘lmadim! Xudo qo‘lladi…
– Nega, – deydi Asror Valiyevich ovozi titranib, – ajralib ketgansizlar?
– To‘g‘ri kelmagan… Uning uyidagilar… O‘zi ham “rassomlikdan kechsang…” degan shart qo‘ygan…
Asror Valiyevichning boshi hayajondan zimillab ketadi.
– Siz… ko‘ndingizmi?
– Yo‘q, – deydi Abror qa’tiy, ammo bilinar-bilinmas hasrat anqigan ovozda. – Yo‘q! Men kasbimni tashlayolmadim. Xudo buyurgan ishdan qayoqqa qochib ketaman?.. Bu dunyoga odam yig‘lab keladi, yig‘lab ketadi!.. Hozir!..
U kiraverishdagi javondan likoblar va finjonlar oladi-da, choystol ustida bo‘lajak “tongotdi” suhbat uchun yemak va gazaklar tayyorlay boshlaydi.
– Shu portretni Parijdagi ko‘rgazmaga qo‘yganimda, bir hind milliarderi millionga sotib olmoqchi bo‘lgan edi… Sotmaganman! Hozir ham odam qo‘yib yuribdi… Ammo sot-may-man!.. “Odamlarning suratlari o‘zlaridan chiroyli!” Qaysi shoir aytgan? Nozim Hikmatmi?…
Asror Valiyevich Abrorning gaplarini eshitmaydi. U Munisning qarshisida ilon ro‘parasida sehrlangan jonivorday qotib turadi. So‘ng Munisning ko‘zlaridan ko‘zini arang olib qochib…
…boshqa suratlarga ko‘z tashlaydi…
E, xudoyim! Parvardigor! Meni nima qilyapsan! Bu suratlar ham… Bular ham… Devordagi hamma suratlarni uning xotirasi birin-birin taniydi – bu kartinalarning bir qismini u bir vaqtlar chizishni o‘ylagan, bir qismi esa… agar…agar…kasbini davom ettirsa, xayoliga ilhom olib keladigani rasmlar edi. U hayotini, ko‘ngil buyurganday qurganda, xuddi shu rasmlarni chizgan bo‘lardi! Xuddi shunday!..
E, Xudoyim!…
Yaratgan!..
Parvardigor!…

Keyin… keyin… Nima bo‘ldi?
Esida yo‘q.
Hech esida yo‘q.

Asror Valiyevich ishxonaga kelib, Rassomlar akademiyasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Yaxshimisiz, do‘st… Bir zo‘r rassomlaringiz bor ekan-a! Daho! Ismu sharifi Abror Rixsi… Tanimaysizlar! Nega? Shunday zo‘r rassomni ham bilmasalaringiz… Manzili? Hozir… Hozir… Bayram ko‘chasi birinchi uy, birinchi xonadon… Nima? Bu manzilda men yashayman deyapsizmi? Yo‘g‘-e! Bayram ko‘chasi, birinchi uy, birinchi… Men adashmayman. Xudoga shukur, xotiram joyida… Rostdan aytayapsizmi? Bunaqa rassom yo‘q deng… Ha, ehtimol… ehtimol… chalkashtirgandirman… Xo‘p… Xo‘p… Salomat bo‘ling…
U trubkani qo‘yib o‘ylanib qoladi.
E, Xudoyim!..
Yaratgan!
Parvardigor!

U o‘ziga g‘arq bo‘lib, qimirlamasdan uzoq o‘tiradi.
Asror Valiyevich endi hammasini tushungan: bu dunyoni yaratgan Qodir egamning qudrati ila u kecha o‘zi bilan – tashlab ketgani taqdirdagi o‘zi bilan uchrashgan edi. Bu xayoldan ko‘ngli nogoh ravshan tortib, vujudi kuchga to‘layotganini, ruhi esa qanotlanib borayotgani shundoq sezib turadi. O‘zining sukutturishiga arang sig‘ib o‘tirar ekan, endigi har qanday harakati o‘sha qachonlardir tashlab ketilgan O‘zi sari boshlashini tushinadi va negadir benihoya quvonadi. Asror Valiyevich shartta ruchka oladi-da, yuzu ko‘zidan nurli bir tabassum taralganicha, o‘ziga o‘zi ovoz chiqarib aytib turgan ko‘yi, yozishga tutinadi.
Xo‘sh…

“…ga

Ariza…

… o‘z arizamga ko‘ra… lavozimimdan ozod etishingizni so‘rayman…”.
Xo‘sh… Mana, endi gajak qilib imzo qo‘yamiz… Xo‘sh… Sanasini qani? Uni ham yozamiz… Ikki ming o‘n uchinchi yilning yigirmanchi noyabri… Barakallo! Qoyil!
U bir pasda yig‘ishtirinib, portefelini ko‘targancha, qabulxonaga chiqadi va Jasminani hayratga qoldirib, baxtiyor yengiltaklikda “gud bay” degancha, xonadan shundoq… uchib chiqib ketadi. Jasmina yugurib borib, derazadan qaraydi. Ishxonadan uchib chiqqan Asror Valiyevichning oldini haydovchi to‘sadi. Unga qo‘l telefonni ko‘rsatib, nimalardir deydi-da, shoshib mashina eshigini ochadi. Boshliqni mashinaga taklif qiladi. Asror Valiyevich unga barvo ham etmay, bir qalqinib, havoga ilkis ko‘tariladi… u daraxtlarni oralagan asno yuksalib borar ekan, molu dunyo ortirish, kiyishu yeyish, maishat qilish, qorin g‘amida tentirash, yuksaklik va tubanlik aro dovdirash, tushinish va tushinmaslik, muhabbatu nafrat, dushmanligu do‘stlik… – ming turfa savdolarda g‘imirlab yotgan dunyoga falakdan qaraydi. U bu dunyoning og‘rig‘i shunday ko‘tarilib, jismi jahonnini zabt etganini his etadi. Endi bu Dardlarning suratini chizmasa, shu uchishda chilparchin bo‘lib, qulab tushishini ham fahmlaydi. Asror uni parvoz ettiryotgan qudratning ismini ham biladi. Aniq biladi. Ijod. Faqat bu parvoz tugamay, o‘zini topib olsa, bo‘ldi. O‘zing ko‘mak ber! O‘zing qo‘lla! Bilaman, bu yo‘ldan qaytmasam, meni uchirib toldirmaysan! Chunki sen eng… eng.. eng ulug‘ ijodkorsan! Cheksiz-chegarasiz ijodkorsan… Cheksiz-chegarasiz!
Yo, Rahmon!
Yo, Rahim!
Yo, Qahhor!…

———–

20.04.2013

2. BIR DASTA QIZIL GUL

Bosh hisobchi Jamila G‘afurovna chiroyli ayol. Bu ayolning yoshi qirqlardan oshib, qirq beshlarga tutashib qolganini hech kim tasavvur ham qilolmaydi! Nihoyatda go‘zal! Shodmonbekovning ta’birini bilan aytsak, dunyodagi eng, eng, eng, eng… eng go‘zal ayol! Tengsiz. Go‘zallar tanlovida qatnashsa, birinchi, ikkinchi, uchinchi…. minginchi – qancha o‘rin bo‘lsa, hammasi, albatta, Jamida G‘ofuronaga tegishli bo‘ladi! Uning yonida boshqalar sanoqqa kirolmaydi. Voh, uning husnu jamoli! Ko‘rgan odam bir qalqib tushadi!
– Husnini sotganda-chi, mashi ayol ming karra miliarder bo‘lardi-de! -degan “yangi o‘zbek”larning husni jamolni qadrlashda afsonaga aylangan yirik vakili Karim boyvachcha , Jamilaning ortidan armonda qaragancha.
Har qanday molni necha so‘mu necha tiyin, necha dollaru necha sent turishini bir qarashdan aniq biladigan shunday odam ham, bir “uf!” tortib, dunyoda bozorning haddi sig‘maydigan narsalar borligiga juda qattiq achingan:
– Nodon-de! Vaqtida sotib qolmiydimi! Ertaga kech bo‘ladi! Xazon gulning huzurini musurxona ko‘radi-de… Lekin malades!
Ha, “lekin malades!” degan. Tan olgan! Boshqacha o‘yinlar qilishga jur’at etolmagan.
Chunki Jamila G‘afurovnaning chiroyi nihoyatda sipo, tortinchoq, sirli, hayoli – “kuching yetsa, olib ket”, deganday erkalanib turmaydi. Nozlanmaydi. Xuddi mungranib yozilgan musiqaga o‘xshaydi, yoxud she’rning ruhidan bunyod topganday – dardli va samimiy.
Chiroy ham dardli va samimiy bo‘ladimi?
Bo‘ladi! O‘-ho‘! Bu dunyo ne turfa chiroylarni ko‘rmagan! Firibgar chiroy, nodon chiroy, bozor chiroy, podshoh chiroy, ko‘ngil chiroy… Jamila G‘afurovnaning chiroyi esa hech narsaga da’vo qilmaydi, hech narsa talab etmaydi, faqat etlarni jimirlatadi, yurakni hapqirtiradi, hatto suyaklar qisirlaydi, ammo chidab bo‘lmas hayratu lollikning chegarasidan bir qadam o‘tkazmaydi. Ayolning beqiyos husni, latofatiyu latifligi shu qadar ozodaki, unga yaqinlashishdan erkaklar hayiqadi. Axir, buncha husnni qanday eplash mumkin? Bu chiroy oyday balqib, bag‘ringga bosh qo‘yganda, yuraging yorilib o‘lmaysanmi? Buning ustiga, yaqiniga borsang, dog‘ing yuqadiganday… Har holda, qo‘rqinchli! Shu sababdanmi, bu ayolga birov ko‘ngil izhorini oshkor aytishga jur’at etolmagan. “Oh”u, “”uf”lar oshiqlikning pinhon kechalarida qolib ketgan. Endi bu oshiqlar noilojlikdanmi, Jamila G‘afurovnaning muxlisiga aylangan. Ishxonaning ja’mi erkaklari bosh hisobchining muxlisi!
Jamila kiyinishni ham qoyil qiladi. Nimaki kiysa, yarashiqli! Sochlarining turmaklaryu yuzidagi pardoz-andozi, quloqlaridagi isirg‘alaru barmoqlaridagi uzuklar – barchasi antiqa! “Qayerdan topdingiz?”, deb, havas bilan surishtirgan ayollarga, eski shaharning bozoridan olganini aytadi. Hech kim ishonmaydi. Chunki uning ustida arzongina liboslar shohona ko‘rinish oladi, narxi bir tiyin taqinchoqlar malikalarning zebu ziynatiga aylanadi – hozirgina “Kristian dior”dan kiyinib, Farangistonning “Go‘zallik saloni”dan chiqib kelayotganday! Koridordan yigirma minglik qalbaki atirni “Shanel”ning eng qimmatbahosiday ufirtirgancha, erkaklarning boshini aylantirib o‘tadi. “Baxtli bo‘lishdan osoni yo‘q, -deydi Shodmonbekov. – Ana, Jamila o‘tgan koridordan nafas olasan – tamom – baxtlisan!”.
Kamgapgina Jamila gap boshlaganda ham, suhbatdoshlari jim qoladi. Chunki farosati bor, aqli bor – bo‘lar-bo‘lmasni gapirmaydi. Burungi yil idorada uyushtirilgan seminarda hisob-kitobni yangicha tizimga o‘tkazish taklifi bilan chiqqan. Shunday asosli ilmu amal bilan gapirganki, go‘yo Jamila G‘afurovna artistday, zaldagilar qarsak chalib, olqishlaganlar.
– Vo-o, ukkaardi qizi-i! – degan tanaffusda idoraning Surxondaryodagi shu’basi boshlig‘i Jo‘raqobilov, – aqli ham bor ekan-da! Tog‘am Panji chobag‘onning bir oti bo‘gich edi! Sho‘nga bir qoyil qolganman! Endi bul poshikastaga taslim bo‘ldim! Og‘zim ochilib qoldi-ya! Hozir ham yumolmay yuribman-a!.. Husniyam lekigin!.. A?.. Damiga tortsa, yo‘q bo‘p ketasan-da!..
U emranib anchagina gapiringan, so‘ng Shodmonbekovdan jiddiy so‘ragan:
– Bu baloni qayerdan topdilaring?
– Bizning aybimiz yo‘q, – degan kamtarlik bilan Shodmonbekov va falakka ishora etgan. – O‘zi yaratgan! O‘zi topgan!
– E, xudoyim-a! – degan surxondaryolik Jo‘raqobilov.

Xullas, bu “O‘zi yaratgan” ayolni butun ishxona yaxshi ko‘radi. Uning yumshoqqina – ko‘zga tashlanmaydigan mardona fe’li ham barchani maftun etgan. Bosh hisobchiga ishi tushmagan odam bormi? Deylik, xonasiga kirasan! Iymanibgina gap boshlaysan:
– Jamilaxon!.. Shu oylikkacha… Qurg‘ur… yetmay qoldi…
Jamilaxon G‘afurovna iymaganingni sezmaganga oladi. Darhol ikkilanmay, g‘aznachini chaqiradi.
– Akangizga biroz pul kerak ekan… Aytganlarini bering!
G‘aznachi zoti borki, bunday gapni yoqtirmaydi. Jamilaxon yuzida norozilik lippilagan g‘aznachiga kulibgina qaraydi:
– Siz bilan o‘zim hisoblashaman, Yoqutxon!
Ish bitdi, vassalom!
Ba’zan g‘aznachini chaqirmaydi ham. Negadir iltimosingizga aloqasi yo‘q mavzudan gap boshlaydi. So‘ng po‘lat sandiqchani ochadi-da, aytaningizni arzimagan qog‘oz taxiday oldingizga qo‘yadi. Pulga zarracha e’tibor bermaydi. Go‘yo gapirayotgan gapi muhim. Aslida, sizning xijolat tortayotganingizni ko‘rmaslikka oladi, battar xijolat tortirmaslikka harakat qiladi.
Qarzni olib kelganingizda esa, ko‘zingizga sinovchan nazar tashlaydi.
– Agar zarur bo‘lsa, ishlatib turavering, – deydi.
Bu gapni sizni ayab, juda samimiy, ta’bir joiz bo‘lsa, mehr bilan aytadi. Egachingiz, yoki onangizga o‘xshab ketadi. Zo‘riqmayaptimikan, degan xayolga borgan-da! Qaytarganingiz pulni ham hech qachon sanamaydi. Stol tortmasiga tashlab qo‘yadi. Go‘yo pul emas, unga siz muhim.
Ishxonadan birovning boshiga ish tushib qolsa-ku, Jamilaxon u odam hali harakatga tushmasdan, boshliqning oldiga kirib, barcha muammoni o‘zi hal etib chiqadi – yordam pulimi, yo allaqanday xizmatingiz uchun mukofotmi…
Bu savob xizmatlarni u odam tanlanmay – barchaga barobar bajaradi.
Hamkasblari esa uni ko‘klarga ko‘tarib, maqtaydilar.
Bu fazilatlari Jamila G‘afurovnaning chiroyiga chiroy qo‘shgani aniq.
Idoraning Buxorodagi shu’basi boshliqligiga tayinlagan Bo‘rsayev ishxonaga ilk kelganida, uni ko‘rib, “ibi, ibi”lagancha, gangib qolgan.
– In pari ast*, – degan o‘zbekchani bir lahza unitib. – Pari!..
– Yo‘q, – degan qa’tiylik bilan rahmatlik Olim Jo‘rayevich. – Farishta! Jamila G‘afurovna – farishta!

Jamila G‘afurovna farishtaligidan bexabar – o‘zining hayoti bilan yashaydi.
Erga tegib chiqqan. O‘tgan yil universitetni bitirgan birgina qizi, turmush qilib, xorijga ketgan…. Odamlarning bu ayol haqida bilganlari – shu.
Uning o‘zi ham bu ma’lumotga qo‘shimcha qilolmaydi. Bori shu-da!.. Yana nima? Yana… Albatta, nimalardir bor. Bor! Ammo… Qanday aytsin? U hayotini tushnuksiz siru sinoatga to‘ldirgan, orziqtirgan, sog‘intirgan – intizor umrguzaronlikda yashashga mahkum etgan ajib bir g‘aroyibotning asiri! Bu asirlikdan qutulishni chorasini, mana, yillarki topolmaydi! Bu asirlik zanjiridan ozod bo‘lmoqqa ham kuchi yetmaydi. Qiynaladi, azoblanadi, ammo bu sirni birovga aytishdan iymanadi. Hatto qiziga ham gapirmagan. O‘zi tushunmagandan keyin, birovga nima desin? Faqat kulgiga qolishi mumkin! Asrori faqat tangri taolaga ma’lum sirlar ozmi? Ehtimol shu sirlardan biri uning qismatiga yo‘ldosh bo‘lgandir? Ammo yashayapti-ku! Yaxshi ko‘rgan eri urushda beiz yo‘qolgan ayolday, sog‘inchda o‘rtanib bo‘lsa ham, yashayapti-ku! Nomini aytay desa, ismi yo‘q, suratini ko‘ray desa, jismi yo‘q kimnidir o‘zidan ham ortiq yaxshi ko‘radi-ku!.. Ha, hamma gap shunda! Jismi yo‘q bo‘lgandan keyin… E, xudo! Bu sirni hech kimga oshkor etmay, huvullagan qismatini begona ko‘zlardan yashirin tutib, sirtida umrini kulib-o‘ynab o‘tkazayotganday yashashga majbur ekanligini his etmoq juda mushkul! Ammo majbursan! Chunki atrofda odamlar bor! Ularga o‘xshashing shart! Faryodni-ku, qo‘yaver, “uf” tortsang ham, quyushqondan chiqqan ko‘rinasan Odamlar o‘zlariga mengzamaganlarni kechirishmaydi! G‘iybat bilan omon qolsang-ku, mayli! Undan battariga duch qilishadi. Shuning uchun ularga mengzab yashashga harakat qilish zarur. To‘g‘ri, ishxonada uni hurmat qilishadi. Ammo bir qadam bejo qadam qo‘yib ko‘r, qani! Hech bo‘lmaganda, Muyassar Qodirovaning e’tiborini tortasan! Bu e’tiborining changali esa!.. O‘-o‘!
Jamila G‘afurovna xuddi shunday kun kechiradi. Risoladagiday odam. Orqaga qolmaydi. Yugurib oldinga chiqmaydi. Ichida esa… Ichidagi esa faqat o‘ziga tegishli! Faqat o‘ziga!..

Ammo Van Gogning suratlari uni tamoman izdan chiqarib yubordi. Natyumortdagi u qizil gullar qayerdan keldi? O‘sha gullar-ku! O‘sha – tushidagi gullar! Adashgani yo‘q! O‘sha gullarning o‘zi!

Gullarni…
sen
yubordingmi?

Van Gogning xayoliga
gullarni
qanday olib kirding?

Gullarni
rassomning
xayolidan
suratga ko‘chirib,
menga
hadya etdingmi?

Bu dunyoda
borligingni
bildirdingmi,

azizim?..

Dunyoni sening bo‘ylaring tutib ketdi. Havolarni bag‘rimga bosib, ko‘ksimni to‘ldirib-to‘ldirib, nafas olib yuribman. Aniq bilaman, sen tushdan yerga ko‘chgansan. Shu atrofdasan. Menga tobora yaqin kelyapsan! Kel! Tezroq kel! Seni bir bor ko‘rib, dunyodan o‘tsam, armonim yo‘q! Eshityapsanmi? Eshityapsanmi, umr bo‘yi sog‘inganim! Suratda alvon gullaringni ko‘rgandan keyin toqatim qolmadi. Kel!..

O‘shanda nechada edi? Yigirmada!
Institutda o‘qib yurgan chog‘lari! Yoshlik! Muhabbat va orzular fasli! Ha, o‘sha! O‘sha!.. Jamilaning atrofidagi tengdoshlari, do‘stlari, dugonalari – barcha sevgi va orzu ummonida to‘lg‘onadi. Uning mavjlari yuraklarni hapqirtiradi. Oyog‘i yerga tegmay yurganlar qancha, chilparchin yiqilganlar qancha! “Karashma dengizin ko‘rdim – na nozli to‘lqini bordir, Halokat bo‘lg‘isin bilmay, qulochni qatta otdim-ku!” Kim aytgan? Cho‘lpon! Topib aytgan. Sevgi degan to‘fon yetganda, halokat xayolingga keladimi? Najot faqat shu to‘fonda ekanligini yaxshi bilasan! O‘zingni o‘ylab o‘tirmaysan! Yo hayot, yo mamot! Yo bahorday gullab-yashnash, yo kuzday qovjiramoq!..
Jamilaning tegrasida shunday hayot mavj uradi.
U tengdoshlariga havasi kelib qaraydi: birovning ko‘yida yonib yashash qanday yaxshi!
Oshiqlarining esa sanog‘i yo‘q. Uchragan yigit uning ortidan bir ergashib ko‘radi. Ammo adadsiz chiroy yorug‘lariga cho‘lg‘ongan bu qizga yetadigan manzil qayerda ekanligini hech kim tasavvur etolmaydi. Visol deb yo‘lga chiqqanlar, yuraklar kesishadigan chorrahada bu qizning izi ham yo‘qligiga iqror bo‘lishgach, taqdirlariga ta’n berib, qolib ketishaveradi. Qiz esa bu yorug‘ olamdagi hech kimga tolpinmaydi. Ammo yuragida sog‘inch bor. Yuragi kimningdir sog‘inchida zimillab turgani turgan…

Shunday kunlardan birida tush ko‘rdi.
Dashtu qirda yakka-yolg‘iz o‘zi – sog‘inchday o‘rtanib, to‘rt tarafga yuguryapti. Bu qirdan o‘tsa, murodiga yetadiganday, bu tepadan oshsa, istaganini topadiganday… Goh shamolday olg‘a uchadi, goh izlagani qolib ketganday, sarsonu sargardon ortiga qaytadi. Istagiga yetmasa, umri ado bo‘ladiganday yuguradi. Qayerdansan, qichqiradi u. Qa-er-da-san? Axir, sog‘inyapman-ku! Sog‘i-na-yap-man! Shu payt ro‘parasida bir dasta qizil gul ko‘rinadi! Yerga tushsa, uvol bo‘ladiganday, o‘zini havoda muallaq tutgan bir dasta qizil gul! Epkinda gulbarglari nozik titraydi. Xuddi orzu kabi chiroyli! Hatto bo‘ylari rango-rang tovlanadi! Jannatning gullari, o‘ylaydi Jamila, jannatning gullari! Kimdir bu gullarni unga intizor tutib turgani aniq, ammo ko‘rinmaydi – na yuzi, na ko‘zi, na qo‘li – vujudi tumanga o‘ralgan. Ammo… Qizil gullar! Qiz aqlu hushu ayro, o‘zini unitgancha, gullardan ko‘z ololmaydi. U – mast! O‘sha – faqat muhabbat tortiq etadigan mastonalik vujudiyu qalbini tamom asir etgan. Jonu jahonini baxshida etishga tayyor asnoda gullarga qo‘l cho‘zadi. Biroq qo‘llari yetmaydi. Yana intiladi – dastlari faqat havoni ushlaydi. Gullarni ber, yolvoradi u. Bu gullar – meniki! Menga atagansan! Men seni sog‘inganman, axir! O‘zingni tumanlarga o‘rama! O‘zingni ko‘rsat! Men seni sog‘inganman, deyapman-ku! Gullaringni ber!…
Birdan ko‘rinmas odam tilga kiradi. Uning ovozi nihoyatda g‘aroyib – jono‘rtar, anvoyi, yuragu bag‘irni burdalaydigan. Men seni sevaman, deydi ovoz. Men seni sevaman… Bu ovoz buncha chiroyli bo‘lmasa! Inson zoti bunday tovushda qayerdan gapirsin! Farishtamikan? Farishta! Yo sevgan odam farishtaga aylanadimi?.. Qiz tovushning beqiyos ohangiga toqat qilolmay, yig‘lab yuboradi. Gullarni ber, deydi yolvorib. Gullarni ber!..
Nogahon tovush she’r o‘qiyotganini his qiladi:

Bir dasta qizil gul bizni o‘rtagay,
Bir dasta qizil gul – bir dasta armon.
Qismat ayriliqqa toshday o‘rnagay,
Azalning yozmishi sog‘inch – beomon…

Jamila ho‘ngrab yig‘laydi. Gullarni ber, deydi u faqat! Gullarni ber! Seni sog‘inganman! Seni kutib yashayapman! O‘zingni ko‘rsatsang-chi!.. Nega gulni bermaysan?..

U uyg‘onib ketadi. Ho‘ngrab, o‘ksinib yig‘layotganini, “gulni ber”, yolvorayotgani eshitadi. Tushu hushligini ajratolmay, qo‘li bilan yuzini silaydi – ko‘zlari, yonoqlari, yuziga yopishgan sochlari ho‘l!.. Tush hasratining harorati vujudini tark etmay, yana uzoq – o‘zini to‘xtatolmay – yig‘laydi. Bu sohir ovozning dardli, og‘riqli, lazzatli ohangi uni tark etishini negadir istamaydi. “Eslab qolishim kerak!, deydi uyqu aralash. – Eslab qolishim kerak! She’rni ham… Nima edi? “Bir dasta qizil gul… Bir dasta qizil gul…” U uyqu komiga yana tortib ketayotganini sezadi. Uyqu bezovta holini parqu quchog‘iga oladi – besas allalaydi. Uning yig‘idan bo‘shashgan vujudi uyquga singib ketadi.

Ertalab odatdagiday uyg‘onadi. Ammo shu kecha nimadir bo‘lgani aniq edi. Biroq hech narsani eslayolmaydi. Faqat ko‘ksida nimadir shu’lanib, yuragiyu ruhini yoritib, turganini his qiladi. Derazani ochib, hovliga qaraydi. Voy, gul ochilibdi! Atirgul! Bir donagina atirgul! Qip-qizil!… Va birdan kechagi tushi esiga tushadi. Nima edi… “Bir dasta qizil gul!”… U yugurib hovliga chiqadi. Aprelning iliq havosiga cho‘lg‘onib, pirpiragancha, hovlining chetidagi gulzorda – boshqa gullardan ko‘ra oldinroq ochilishga ulgurgan – atirgulga termulib turadi. Engashadi. Ko‘zlarini yumib hidlaydi. Yo‘q, tushidagi atirgulning bo‘yi o‘zgacha, tarovati ham bo‘lakcha! U gullar!.. U tovush-chi?…

Kel!.. Sen ko‘rinmading, ammo meni yaxshi ko‘rishingni bilaman! Shu qadar yaxshi ko‘rasanki, hatto tushlarimga kirishni uddalaysan! Tovushing yuragimni limmo-lim to‘ldirdi! Olamga yog‘du tarayotgandayman! Kelsang-chi!.. Nima edi? “Bir dasta qizil gul!”… “Bir dasta”… U yog‘i nima edi?.. Esimda qolmadi.! Voh, esimda yo‘q! Kel, hammasini qayta aytib berasan. Kel!..

U kelmadi.
Sog‘inch endi yurakda shovullagani shovullagan.
Uzluksiz, bepoyon, jonu jahonini asir olgan sog‘inch.
Bir oylardan keyin tushiga yana o‘sha – bir dasta qizil gul kirdi. Havoda muallaq turgan bir dasta qizil gul!.. Biroq endi So‘z eshitilmadi. So‘z besas musiqaga – faqat yurak eshitadigan sadoga ko‘chgan – ko‘rinmas odam chidamoq amru mahol sukutfig‘onda uzluksiz dil izhor etar, ammo Jamila titrangancha, uning bor gapini shundoq tushinib turar edi.
“Meni sevasanmi?”, – deb so‘rar edi besas musiqa. – Meni sevasanmi?”
“Ha, – der edi entikib Jamila. – Ha! Faqat o‘zingni ko‘rsat! Faqat kel! Men seni sevaman!”
“ Men ham!.. Men ham seni sevaman!..”
“Kel!”
“Borolmayman! – der edi fig‘on, yurakni yorguday avjlanib. – Borolmayman!.. Sen chiroylisan! Sen – Parvardigor yaratgan go‘zallikning tanho xilqatisan. U sen kabi hech kimni yaratmagan”…
“Kel, deyapman! Tushda nima qilasan? Hushga tushsang-chi! Sog‘indim…”
”Biz uchrashmaslikka mahkummiz! Tengrangda chiroy qurgan dovondan oshib bo‘lmaydi!.. Oshib bo‘lmaydi!..”
“Unday dema!.. Unday dema!.. – Tushning bo‘shliqlariga hayqiradi qiz. – Iltimos, hech bo‘lmasa, gullarni ber!. – Iltimos!.. U gullar menga atalgan! U gullar – meniki!.. Seni sevaman! Kel!..”
Bir dasta qizil gul havoda muallaq turibdi. U gullarga qo‘l uzatadi. Qo‘llari yetmaydi. Yana uzatadi. Qo‘llari faqat havoni ushlaydi.
Qiz yig‘ladi.

Jamila ko‘cha-kuyda, avtobusu tramvayda, institutda, mehmonda – qayerda bo‘lmasin, hushyor yuradi. Nogahon tushdagi odam ro‘paro‘ kelsa, o‘tkazib yuborishdan cho‘chiydi. Ko‘rmagan bo‘lsa ham, uni shu zahotiyoq tanishini aniq biladi. Axir, qizil gulning bo‘ylari dimog‘ida! Ovozi-ku!.. Unitib bo‘ladimi?

U kelmaydi.
Faqat tushlariga kirgani kirgan.
Sog‘inchning harorati yondirib, kul etadigan darajaga yetganda, yana qizning tushiga keladi.

Jamila endi tushdan tushgacha yashaydi. U qizil guldan taralgan bo‘ylarga ko‘ksini to‘ldirib, yurak-bag‘irni burdalaydigan tovushning sadolaridan mastona yuradi. O‘sha she’rni eslamoqchi bo‘ladi. “Bir dasta qizil gul… “ dan boshqa so‘zlar esa yodiga tushmaydi.
Qiz uni izlaydi.
Keladi! Albatta, keladi! Tushidagi ko‘rinmas kimsaning bu yorug‘ dunyoda borligiga butun borlig‘i bilan ishonadi.
Atrofida esa yigitlar chiroq atrofidagi parvonalardek charx urishadi. Ammo qanotlari beparvolikning sovuq o‘tida yonib bitgach, sudralib, qaygadir g‘oyib bo‘ladilar.
Uydagilar esa to‘y orzusida. “Turmush qil” deb jon holiga qo‘yishmayapti. Ularga nima desin? Yoshi o‘tib borayotgani ham, ertaga kech bo‘lishi ham haqiqat, ammo tush… Undan qayday ayrilsin?
Jamila tushidagi ko‘rinmas odam ta’qib etmayotganinii; faqat uni ayayotganini, shafqat qilayotganini; o‘zini qurbon etib bo‘lsa-da, unga baxt tilayotganini – shuning uchun, tushdan hushga tushmayotganini endi fahmlaydi. “Ket” desa, uni baxti qarolikda ketishini ham his qiladi. Shu sabab bu so‘zni aytishga kuch topomaydi. Axir, sog‘inchda o‘lib ketadi-ku! O‘zi-chi? O‘zi omon qolarmidi?

O‘zini to‘rt tomonga urmasin, uydagilar g‘olib keldi. To‘y taraddudi boshlandi. Jamilaning o‘zi ham onasi aytganday, “boshqalarday” yashash lozimligini tushinib turar – “odaming bormi? “ degan savolga tayinli javob berolmasa, nima qilsin? “Odamim tushimda”, desinmi?

Tush esa qaytarilgani qaytarilgan.

Turmushi bo‘lmadi. Ajralib ketdi. Birovni ovora qilgani qoldi. Yaxshi odam edi. Janjalsiz javobini berdi. To‘g‘ri aytding, dedi u, ajralsak yaxshi bo‘ladi. Kechalari ho‘ngrab chiqishingni bilmaydi, deb o‘ylaysanmi?
Nima desin? Sizni yaxshi ko‘rmayman, desinmi? Tushimdagi bir odam aqlu hushimni olgan desinmi?
Indamadi. Eri ham boshqa hech narsa degani yo‘q. Ortiqcha g‘alvalarsiz ajralib ketishdi. Undan qolgan yodgor – qizi – Hanifa. Juda bilimli, juda aqlli, buning ustiga, allaqaydan omilkorlikni ham yuqtirgan. Dunyoga ko‘ngil bilan emas, aql ko‘zi bilan qaraydi. Shu sababdanmi, uning “yaxshilab o‘ylab ko‘r”, degan pinhon iltijo o‘tinchlariga parvo ham qilmay, xorijga o‘qishga ketdi. O‘sha yoqqa – nemis aralash turkkami, turk aralash nemisgami turmushga chiqdi. O‘zidan yigirma yosh katta. “Bunisi qandoq bo‘ldi?”, degan savoliga, Hanifa gapni cho‘zmay, shunisi qulayligini aytdi, xolos. Binoyiday yashab yuribdi. Eri bilan allaqanday labaratoriyada ishlaydi. Xullas, nima bo‘lsa ham, boshida eri bor. Jamila G‘afurovnaning ko‘ngli tinch.

Tush esa qaytarilgani qaytarilgan.
O‘-ho‘, necha yillarkim, u sog‘inchning zanjirband quchog‘ida yashayapti!

Ammo Van Gogning ko‘rgazmasidan keyin, sog‘inchning yonida nogoh umid ham paydo bo‘ldi. Axir, Van Gog uning tushini qayerdan biladi? Qanday qilib u, aynan tushidagi gullarni chizdi? Hatto rasmning tagidagi bir enli qog‘ozga yozib qo‘yilgan – “Bir dasta qizil gul” lavhasi ham uning tushidan. Van Gog o‘sha she’rni ham… biladimi? Qayerdan biladi?..

Sen birovga hukmingni o‘tkazdingmi? Tushimdagi gullarni boyoqish rassomning ilhomiga Sen hadya etdingmi!.. U sening do‘stingmi? Sen hozir Yerdamisan? Ha-a… tushimdan yerga tushganing aniq… Sezyapman… Tushgansan! Bu gullarning rasmini ko‘rgan onimdan angladim! O‘zingni ko‘rsat! Axir, sog‘iniblar ketdim! O‘zingni ko‘rsat, deyapman!..

Boqibek – Van Gog deganlari juda antiqa odam. Uning Van Gogligini bilmagan paytlari – bu idoraga ishga kelishidan avval ham – bu yigitni ko‘p uchratgan. Talabalik yillari institutda, metroda, avtobusda, ko‘chada, ishxona eshigi yonida… duch kelgani, duch kelgan edi. Unga bir ko‘z tashlaydi-da, xayollanib o‘tib ketadi. Ko‘z tashlaganiga Jamila ajablanmagan, chunki uchragan odam unga e’tibor berishiga ko‘nikib ketgan: bir ko‘z tashlab o‘tishsa ham mayli – birovlar to‘xtab qoladi, birovlarlarning oyog‘i chalkashadi; ortiga burilib qaraganlar qancha; yo‘lidan qaytib, uni yana bir bor tomosha qiladiganlar… Van Gog esa “odam odamga qaraydi-da” qablida bir ko‘z tashlaydiyu – tamom! – o‘tib ketaveradi. Yuzida ham, ko‘zida ham hech narsa o‘zgarmaydi. Ehtimol bee’tibor qaragani uchun ham bu yigit Jamilaning xotirasida qolgandir? Uchratgani bori kas esu hushidan ayrilib qolay deganda, bu yigitning alohida beparvoligi, ayolning esida muhrlangan-da! Ha, Jamila bu yigitning birovlar bilan to‘dalashib yurganini ham ko‘rgani yo‘q. Doim yakka-yolg‘iz…
Jamila shu idoraga ishga kelganidan keyin, bir-ikki oy o‘tib, bu yigit ham ishxonada paydo bo‘lgan: “bo‘yoqlar bo‘yicha ekspert”, degan lavozimnimi-ey egalladi. “Lavozimnimi-ey… “ deb, shubhaga olganimizning sabab bor. Ma’lumingizkim, lavozimning o‘ziga xos shonu shavkati bo‘ladi. Ammo lavozim, ko‘pincha, mansab kursisiga o‘tirgan shaxsning ko‘lamiga, miqiyosiga, bilimiga, tashkilotchiligiga, o‘zini “qo‘ya bilish”iga va qanchadan-qancha mayda-chuyda narsalarga bog‘liq. Dazmollangan kostyum-shim, oppoq ko‘ylak kiyib, bo‘yinbog‘ taqib olinsa, bir qarich lavozim ham bir quloch ko‘rinadi. Agar mansabi balandlar seni yaxshi ko‘rib, martabasi pastlar hayiqsa, lavozimingning obro‘yi yanada oshadi. Senga ishi tushadiganlar qabulxonada sekingina gaplashib, kotibadan kayfiyating qalayligini surishtira boshlashganda esa, bil, endi idorang, unday-bunday odam qarasa, do‘ppisi tushib ketadigan joyga aylangan – o‘zing esa istiqboli porloq rahbarchalar toifasiga kirasan.
Biroq ish boshlaganidan ikki-uch oy o‘tib, bu yigitning lavozimi borligi idoradagilarning esidan ham chiqib ketdi. Ehtimol lavozimi borligi bu yigitning o‘zini ham xayolidan ko‘tarildi, yo lavozim uni pisand etmadi – xullas, u boru yo‘qligi uncha ham bilinmaydigan xizmatchilardan biriga aylandi. Holbuki, ekspert degani hazilakam ish emas! Uni fikridan odamlarning oylab-yillab qilgan mehnatlarining taqdiri hal bo‘ladi. Idoraga taalluqli yoki u bilan hamkorlik qiladigan qanchadan-qancha tashkilotlar ekspertning og‘ziga qarab turishadi. Uning ko‘nglini ovlashga harakat qilishadi. Ilgari bu o‘rinda ishlaganlar hozir boyu badavlatgina umrguzaronlik etayotganlari haqida ko‘p rivoyatlar yuradi. Odamlar bu yigitning atrofida ham aylanib ko‘rishdi. Biroq uni avrayman deb, ovora bo‘lish befoyda ekanligini tezda tushunib yetdilar. Endi Asror Valiyevichning sovuq nigohi qarshisida bu isqirti odamning hukmini eshitishdan o‘zga chora yo‘q. Ammo bu yigit ishga kelgach, lavozimining shavkatidan urvoq ham yuqmadi. Xuddi zavoddagi ustalarday kiyinadi. Buning ustiga, allaqanday xizmatkor – ko‘ngilli tarzda – shior chizadimi-ey, xonalarni ta’mirlashga kirishib ketadimi-ey, devorlarga antiqa rasmlar tushiradimi-ey… Lavozimning obro‘yi qoladimi? Bora-bora idoradagilar uning ismi sharifini ham unutdi. Kimdir “Van Gog” deb qo‘ygan laqab esa, unga yopishdi-qo‘ydi. Ammo birov uning mushugini “pisht” deyolmaydi. Axir, kotiba Jasmina tarqatgan tezkor axborot ko‘ra, Asror Valiyevichning shaxsan o‘zlari shu Van Gogni o‘nga yaqin nomzodlar orasidan tanlab olgan! Rahbarga yaqin odamga gapirib bo‘ladimi? Ko‘ngliga kelganini qiladi-da! Buning ustiga, bu odamning fikrini Asror Valiyevich tasdiqlab tursa!..
Xullasi kalom, Jamila G‘afurovna yoshligidan buyon ko‘zi tushib turadigan bu yigit – Van Gog – uning sirini anglaganday edi.

Ammo o‘sha “ko‘rgazma kuni” ko‘ngilni xira qiladigan yana bir voqea bo‘ldi.
Ko‘z yoshlari qurimasdan turib, xonasiga rangi bo‘zargancha, Muyassar Qodirovna kirdi.
– Jamila G‘afurovna, – dedi u yurakka g‘ashlik soladigan rasmiy ohangda, – sizdan kutmagan edim! Har holda, rahbar xodimlarimizdansiz! Bu nimasi? Surat tomosha qilib ham, odam shu ahvolga tushadimi? Men ham qaradim – bir dasta qizil gul! Shunga ham rahbar odam yig‘laydimi? Xayriyat, mendan boshqa hech kim ko‘rmadi! Begonaning nazari tushganda, idoramizning ham, o‘zingizning ham obro‘yingiz bir pul bo‘lar edi! Xafa bo‘lmang, aytib qo‘yish burchim! Yo biror siringiz bormi?
Jim o‘tirgan bosh hisobchining vujudi zirqirab ketdi.
– Yo‘q!.. – dedi u negadir shoshib. – Yo‘q! Hech qanday sirim yo‘q!
Muyassar Qodirovna unga sinchiklab qaradi.
– Odam ham ishxonada yig‘laydimi? Yo anavu o‘lgur Van… Boqibek odam sezmas etib, suratda biror narsa qilganmi? Yashirmang, aytavering! Bu pismiqning qo‘lidan har ish keladi! Sezib turibman, bu joyda bir sir bor! Bo‘lmasa, sizday esli-hushli odam ham allambalo qizil bo‘yoq chaplangan aji-buji suratga qarab yig‘laydimi?
Jamila G‘afurovna endi qo‘rqib ketdi. Bu sovuq ufurib gapirayotgan ayol uning tushlaridagi pihonliklarga ham bostirib kirayotganday edi. Buning qo‘lidan har ish keladi! Jamila kalxat chang solayotgan qushday allanechuk qunishdi. O‘zini yo‘qotganidan tili ham gapga bormadi. Biroq negadir kulishga harakat qildi. Yuzida ayanchli tabassum paydo bo‘ldi-da, ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. Faqat – yoshlarini arta-arta, boshini sarak-sarak etib – xavotirga zarra o‘rin yo‘qligiga zo‘rg‘a ishora qildi.
Muyassar Qodirovna esa unga yana bir bor sinovchan tikildi. Qattiq tikildi.
Jamila G‘afurovna dosh berolmadi.
– Kechirasiz, – dedi arang Jamila G‘afurovna, yoshlarni artarkan, o‘rnidan turib. – Meni yolg‘iz qoldirsangiz. Iltimos…
Muyassar Qodirovna qanday bo‘zarib kirgan bo‘lsa, shunday bo‘zarib chiqib ketdi.

Ertasi Jamila G‘afurovnaning xonasiga qorasini ham ko‘rsatmaydigan Van Gog to‘satdan kirib keldi. Negadir o‘zini noqulay sezib, xonaning o‘rtasida to‘xtadi. Bu odam uning allaqanday ulkan gunohini olamga hozir oshkor etadiganday, ayolningning yuragi shuvullab ketdi.
– Assalomu alaykum, – dedi Van Gog juda jiddiy tarzda. – Sizga mening ishlarim yoqdimi?
Jamila G‘afurovna tushunmadi. Nima deyapti? Qanaqa ish? Uni Van… (Oti nima edi? Nima edi?.. Hech eslay olmaydi!..) Van Gogning ishlari bilan nima ishi bor?
– Kechirasiz, – dedi ayol, negadir yuragi zimillab, – Qanaqa ish? Ishlaringizdan xabarim yo‘q…
Van Gog nim jilmaydi:
– Ish… endi suratlarim-da! Suratlarim sizga yoqdimi demoqchi edim?
– Ha-a.. – dedi ayol bor kuchi bilan o‘zini beparvo ko‘rsatmoqchi bo‘lib. – Yoqdi… Yoqdi!..
Van Gog boshini xam qildi. Jim qoldi. Xafa bo‘ldi, deb o‘yladi Jamila G‘afurovna va o‘ziga xos bo‘lmagan jonsaraklikda, takrorladi:
– Chindan ham yoqdi! Yoqdi! Ayniqsa…
Voy, nima keragi bor? Shu gapni aytib, nima qilaman!
Van Gog boshini ko‘tarib, unga tik qaradi:
– Ayniqsa… qaysi?
Jamila G‘afurovna sehrlanganday – tiliga kelgan gapni qaytarolmadi:
– Ayniqsa, “…qizil gul”… “Bir dasta qizil gul”!
Van Gog yana boshini xam qildi.
– Shu yaxshi ish, -dedi u xuddi birovni maqtayotganday. – Juda yaxshi ish! Suratimni aytayapman… “Qizil gul”ni…
So‘ng ortiga burilib, jo‘nadi. Eshik oldiga yetgach esa, bir narsani unutganday ortiga qaradi:
– Rahmat…
U muvozanatini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqayotgan monand – allatovur yurishda chiqib ketdi.
Ayol butun vujudi titrabgina turganini his qildi. E, Xudoyim! Bu odam nimanidir biladi. Biladi!.. Ey! Ey!.. Uni sen yubordingmi? Allaqanday Van Goglarni yuborgancha, o‘zing kela qolsang-chi! Bir dasta qizil gullarni qo‘lingda tutib, qarshimdan chiqsang-chi! Sog‘inching haddidan oshdi! Yuragim dosh bermayapti! Kel! Umrim ado bo‘lmasdan kel!..

Bu orada ishxonada, kutulmagan o‘zgarishlar boshlandi. Asror Valiyevich to‘satdan o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi. Jamila G‘afurovna xizmat safarida ekanligida esa, idoraga yangi rahbar tayinlanganini eshitdi.
– Voy, Jamila opa, – hayajonlanib, qo‘ng‘iroq qilib qoldi g‘aznachi Yoqutxon, – ishxonaga yangi rahbar keldi! Juda antiqa odam ekan! Hammani yig‘ib, majlis qildi. Majlisda she’r o‘qidi, opa!.. Odamlarning og‘zi ochilib qoldi!
Jamila G‘afurovna ham hayron qoldi. Chunki shu yoshga kirib, majlisda she’r o‘qilganini eshitmagan edi.
– Ismi kim ekan? – beixtiyor qiziqsindi u.
– Davron Rahmonov… Davron Ismoilovich Rahmonov! Butun ishxona maqtab yurishibdi. Zo‘r odam ekan, deyishyapti! Hali kelsangiz ko‘rasiz, opa!..

O‘sha kecha yana tush ko‘rdi. Qizil gul! Bir dasta qizil gul! Gullarga olay desa, hatto qo‘llarini ko‘tarishga ham kuchi yetmadi. Gul esa shundoq yuzlariga yaqin keldi. Qanday go‘zal! U erkalanib, yuzlarini gulbarglarga bosdi.
U bor vujudi gul hidlariga to‘lib ketganini his qildi.

Jamila G‘afurovna ishga kelganda, ishxona ko‘tarinki ruhda edi.
– Onam, Jamilaxon! – dedi Shodmonbekov uni koridorda uchratganda va tepani bosh barmog‘i bilan ko‘rsatdi. – Qarang! Qarang!..
Bosh hisobchi tepaga qaradi va hech narsa ko‘rmadi.
– Nimaga qaray, Zafar aka?
Shodmonbekov qahqaha otib kuldi.
– Shiftimiz balandlab ketdi, Jamilaxon! Shiftimiz balandlab ketdi! Yelkangizdan bosmayotganini sezmadingizmi? Havoning yengilligini qarang! Endi idorada bemalol ko‘ksimizni to‘ldirib, nafas olamiz!..
Jamila G‘afurovna gap nima haqida borayotganini tushundi va negadir ovozini pastlatib so‘radi:
– Rahbar yaxshi odam ekanmi?
– Yaxshi ham gapmi, onajonim! A’lo odam! Hamma narsadan xabardor. Kasbimizni ignasidan ipigacha suv qilib ichib yuborgan! Majlislarni kulib-o‘ynab olib boryapti. Har qanday fikrni aytishdan cho‘chimaydi. Bugun ertalabki rejamajlismizda “O‘qish, o‘qish qa yana o‘qish” degan shior hech qachon eskimaydi, deb qoldi. Qo‘rqmay gapirganini qarang! Uning aytishicha, odam fikrining oldiga to‘siq ko‘ymasligi lozim ekan! Bu to‘siq esa erinchoqlikdan yoki qo‘rqishdan kelib chiqar ekan! O‘qigan, bilimdon odam esa, qo‘rqmas ekan! Zo‘r gap-da, Jamilaxon! Biz ham bu gaplarning bir chetini bilamizu, Ammo, rahbardan eshitsang, alohida jaranglaydi-da, a? Yana bir gapi… Ishga va hayotga ko‘ngilli bo‘lib yollanmoq lozim ekan! O‘shanda ishga ham, hayotga ham qul bo‘mas ekansan… E, zo‘r odam ekan bu Davron Ismoilovich!
Jamila kuyib-pishib rahbarning “zo‘r”ligini isbotlayotgan Shodmonbekovning shashtini o‘ldirmaslik uchun suhbatga cho‘g‘ tashladi:
– Majlisda she’r ham eshitibsizlar!..
– O!.. – doim hazillashib gapiradigan Shodmonbekov jiddiy tus oldi. – Navoiy hazratlaridan o‘qidi, onam! Hazratimning o‘zlaridan o‘qidi. Men Navoiyni yod biladigan rahbarni birinchi ko‘rishim! O‘zimcha Navoiy bizga o‘xshagan g‘ariblarga tegishli ekan-da, deb g‘amxayol surib yurgan edim! Ko‘nglim o‘sdi!.. Ajoyib odam ekan! Endi rohat qilamiz! Yoyilib ishlaymiz!.. Xayr, onam!..
U g‘ayrat bilan koridordan uch-to‘rt qadam tashladi-da, burilib ulgurmagan Jamilaning yoniga qaytib keldi.
– Yuragi nozik odamga tez ko‘z tegadi! Shu odamning ham yuragi juda nozik ekan! Ko‘z tegmasin!
Jamila G‘afurovna Shodmonbekovning to‘lib-toshishlariga kulib qarab turdi. “Yaxshi odam, shu Shodmonbekov, o‘yladi u negadir quvonib, birov uchun kuyib-pishishini qarang”!
Xonasiga kirib o‘tirar-o‘tirmas, gul-gul ochilib, g‘aznachi Yoqutxon kirib keldi.
– Keldingizmi, opajon! – kechagi xabarini yana yangilikday takrorladi Yoqutxon. – Sizni safarga jo‘natib, o‘zgarishlar qilib yubordik!..
Birovni yerga urishda ham, maqtashda ham hech kim ayollarga teng kelolmaydi. Yer urishsa, qora yerning tagida mo‘ltirab yotaverasan – qaytib yorug‘ dunyoni ko‘rmaysan; maqtashsa, yetti qavat osmonga olib chiqishadi -tashlab yuborishmasa, qushday uchirib yuraverasan! Yoqutxon og‘zidan bol tomib, yangi rahbarni maqtashga tushdi. Voy, opajon, unday odam ekan! Voy, opajon, bunday odam ekan!.. Jamila ayollarning bu taxlit gaplariga ko‘p e’tibor bermaydi. Buning ustiga, ishi ko‘p! Ammo hozir maqtalayotgan odam rahbar-da! Bevosita u bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi. Shu sabab eshitdi. G‘azinachi esa maqtov shiddatida rahbarni falakka ko‘tarib ketyapti! Davron Ismolovich osmon sari uchib ketayotganini bilmasdan, qaysidir bir majlisda jiddiy tarzda o‘tirganini ko‘z oldiga keltirib, Jamila G‘afurovna jilmaydi.
Bu orada esa Yoqutxonning barq urib turgan yuzida tashvish alomatlari ko‘rindi.
– Ammo har to‘kisda, bir kam deganlariday, opajon, – dedi u ovozini pasaytirib, – shu odam ham baxtsiz ekan!
Bular qayerdan biladi? Rahbarning ishga chiqqanidan bir haftagina o‘tganmi, yo‘qmi…
– Nega baxtsiz bo‘ladi?
– Bilmayman-da, Jamila opa! Bilsam, sizga aytmasmidim…
Biroq u ichidagining hammasini aytishdan bor kuchi bilan tiyilib turgani shundoq bilinib turar, ammo bu kuch – shu zohatiyoq – g‘aznachi ichidagi siru sinoatning ozodlik yo‘lida ko‘targan g‘alayoniga dosh berolmay – qulab tushdi:
– Rostini aytsam… xotini yomon ekan, opa! Qaysi baxtsiz erkakni ko‘rsanggiz. bilingki, xotinini xudo urgan! Aytishlaricha, u kishi xotini bilan besh yildan buyon birga yashamas ekanlar… Xotini bir yomon ish qilgan deyishadi! Endi shu sharmanda “ajralmayman” deb turib olgan emish, opa! Yomon xotin, yomon-da!
Yoqutxon boshliqning, umuman, erkaklarning bebaxtligini chuqur his etganidan, bir dam jimib qoldi-da, so‘ng allaqanday orzumandlikda entikdi:
– Davron Ismoilovich shunday yaxshi odam ekan!.. Shunday yaxshi odam ekan!..
– Birga ishlayversak, – dedi Jamila G‘afurovna suhbatni yakunlash payti yetganligini his qilib, – kimligini bilib olaveramiz!

Bu tungi uyqu faqat tushdan iborat bo‘ldi. Ammo qizil gul tushiga kirmadi. U qizil gulni izlab, dashtu qirlarda sarson-sargardon kezdi. Biroq vujuduyu ruhiga beayov hasratni sochib, tutqich bermaydigan ro‘yo tushini tamom tark etganday edi! U tentirab, tonggacha yugurdi. Gullar qayerda qoldi? Gullar! Qizil gullar! Ey!.. Endi bu sarsonlikka kuchim yetmayapti! Qayerdasan?..
Tong otganda esa allaqanday baxtiyorlikda uyg‘ondi. Va nogoh yotoqxonasida o‘sha gullarning bo‘yi elas-elas anqib turganini sezdi. Negadir baxtdan to‘liqib, qo‘llarini yuziga bosdi. Voh! O‘sha gullarning hidi! Qo‘llarida ham o‘sha gullarning hidi ! Xudoyim, bu qanday ko‘rim?
Tashqariga chiqdi. Tashqarida ham o‘sha bo‘y!
Ayol gul bo‘ylariga o‘ralib, ishxonaga jo‘nadi.
Shoshib jo‘nadi.
Biroz hayallab qolsa, nimadir ketib qoladiganday besabr oshiqib jo‘nadi.

Jamila G‘afurovna ishxonaga kirganda, gullarning bo‘ylari kuchayganini sezdi. Hayajondan lablari qaqrab, yuragi tez-tez ura boshladi. Jismida esa allaqanday bezovta farog‘at junbush urar, baxtu saodatga o‘xshash bir tuyg‘uning shu’lasidan ko‘ngli yop-yorug‘ edi.
– Voy, opa-a-a!.. – dedi koridorda qarshisidan chiqqan Yoqutxon chindan hayratlanib. – Buncha chiroyli bo‘lib kelyapsiz! Yuzingiz nurlanib turibdi-ya! Voy, opa-a! Atiringiz ham antiqa! Bunaqasi bu olamda yo‘q! Voy, opa-a-a!..
“Bunaqasi” bu olamda qaydan bo‘lsin! Axir, bu bo‘ylar tushdan!.. O‘sha qizil qip-qizil gullarning hidi!
Jamila G‘afurovna g‘aznachi bilan sho‘xu shodon kulib so‘rashdi-da, xonasi tomon yo‘naldi.
Xonasiga yaqinlashgani sari bu mastona bo‘y tobora quyuqlashib borayotgani tuygancha, qo‘llari qaltirab qulfga kalit soldi. Eshikni ochdi-yu, bir seskanib to‘xtab qoldi.
Voy, xudoyim!..
U eshikni beixtiyor qayta yopdi. Yuragi yorilguday urar, vujudini titroq bosgan edi.
Voy, Parvardigor!..
Rostdan ham…
U taqdir darvozasini ochayotganday eshikni avaylab qayta ochdi.
Stol ustidagi bejirim guldonda bir dasta qizil gul barq urib turar edi.

Keldingmi?

Shu yerdamisan?

Gullaringni xonamga
qo‘yib,
qayerlarga ketding?

Kel!
Kel!

Hozir
seni ko‘rmasam,
sog‘inchdan o‘lib qolaman!

Sog‘inchda o‘lib qolmasimdan, kel!

U hayajondan to‘lg‘onib, xonasiga kirdi. Mana, o‘sha tushlaridagi gullar! Qip-qizil gullar! Tushlarini kezib-kezib, oxir xonasigacha yetib kelgan gullar!..
Ayol besabrlikning toshqin harakatlarini yengib, go‘yo guldasta uchib ketadiganday unga beozor bir harakatda qo‘l uzatdi. Gullarga barmoqlari tekkanda, bir ajib bezovta farog‘at bor-yo‘g‘ini qamrab olganini his qildi. Gullarni ikki qo‘lab ohista tutib oldi-da, avaylab bag‘riga bosdi. Voh! Naqadar muattar bo‘y! O‘sha – tushidan taralib, uni devona etgan sog‘inchning bo‘yi!.. Gullaring meni topib keldi, azizim! O‘zing qayerdasan? O‘zing?..
Nogohon eshikda hovliqib Yoqutxon ko‘rindi.
– Opa, televizorni qo‘ying!
U bag‘riga gullarni bosgancha, angrayib qolgan Jamila G‘afurovnaga parvo qilmasdan, toshqin harakatda stol ustidagi telemurvatni oldi-da, shoshib, bosh hisobchining qarshisida o‘rnatilgan televizorni qo‘ydi.
– Kattamizni ko‘rsatayapti, Jamila opa!..- dedi Yoqutxon hayajonlanib, kerakli kanalni topar ekan. – Davron Ismoilovichni!..
Yoqutxon yorishgan ekrandan ko‘z uzmay, nogahon baxtni topib olgan odam kabi quvonchli ovozda bidilladi:
– Opa, qarang! Qarang! Voy!. Buncha chiroyli odam! Voy! Qanday odam-a!..
Jamila G‘afurovna gullarni bag‘riga bosgancha, tushu hush oralig‘idagi bir ahvolda tik turar; ko‘zi ekranda bo‘lsa ham, hech narsani ko‘rmasdi.
Yoqutxon unga o‘grilib qaradi.
– Opa-a!..
Jamila G‘afurovna noxos uyqudan uyg‘onganday, seskanib g‘aznachiga qaradi:
– Nima, Yoqutxon?
– Jamila opa, sizga nima bo‘ldi? Telivizorga qarang!.. Davron Ismoilovich!
Jamila G‘afurovna og‘rinib ekranga qo‘z tashladi.
Ekranda kelishgan, nihoyatda kelishgan odam nimalarnidir gapirar, qarshisidagi mashhur teleboshlovchi qizgina esa yuzini tabassumga to‘ldirganicha, uning gaplarini ma’qullab, bosh qimirlatar – teleboshlovchining odatda bir qarashdanoq seziladingan soxta e’tibori bu safar nihoyatda haqiqiyga o‘xshardi. Davron Ismoilovich deganlari esa, allaqanday o‘ziga yarashiq viqorli samimiyatda nimalarnidir ko‘tarinki kayfiyat bilan tushuntirib turar edi. Shu kishimi?.. Barcha og‘zidan bol tomib maqtagan rahbarmiz shu kishimi?..
– Voy!.. Opa!.. Qarang, opa! Shunday erkaklar bor-a! Aqlini qarang! Gaplarini! Bunday so‘zlarni qayerdan biladi, a?
Yoqutxon ko‘zlari yonib, ekrandan nigohini uzmaydi.
Jamila G‘afurovna Yoqutxon tezroq televizorni o‘chirib, xonadan chiqib ketishini istaydi. Nega u ketmaydi?
– Opa!.. Quloq soling!
Bu orada teleboshlovchi qizgina gapira boshlaydi.
– Rahmat, Davron Ismoilovich! – deydi u bisotidagi sururli bir ifodani abjirlik bilan yuziga qo‘ndirib. – yangi sohadagi ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz! Endi mavzuni ozgina o‘zgartirsak… Biz sizni adabiyotu san’atning muxlisi sifatida ham yaxshi bilamiz. Hatto, garchi sohangiz boshqa bo‘lsa ham, adabiyot haqida yozgan maqolalaringizni o‘qiganmiz. Ayniqsa, she’riyatni yaxshi ko‘rasiz. Keling, shu suhbatni noa’nanaviy tarzda yakunlasak. Tomoshabinlarga biror she’r o‘qib bermaysizmi?
Ekrandagi odam taraddudlanmaydi, faqat biroz tin oladi.
– Bir she’rni yaxshi ko‘raman… Yoshligimda o‘qiganman. Muallifning ismi ham xira-shira esimda qolgan: nazarimda… Boqi Bek bo‘lsa kerak. Uning she’rdarini keyin hech uchratmadim…
U she’r o‘qiy boshladi. Ammo Jamila uning she’r o‘qiyotganini ham anglamaydi. Uf!.. Nega gapini cho‘zgani cho‘zgan? Tezroq gapini tugatib, uni Yoqutxondan qutqazsa-chi!
Ayol betoqatlik bilan, ammo Yoqutxonning istagiga bo‘ysungancha, televizorga hech narsani anglamay termuladi va… birdan hushyor tortadi. Bu ovozni qayerda eshitgan edi? Qayerda?.. Nima? “Qizil gul”, dedimi? “Bir dasta qizil gul”, dedimi? U aqlu hushu sachranib, televizorga qaraydi. Ekrandagi odamning har bir so‘zi unga endi yaqqol eshitila boshlaydi:
… – Bir dasta qizil gul bizni o‘rtagay,
Bir dasta qizil gul – bir dasta armon.
Qismat ayriliqqa toshday o‘rnagay,
Azalning yozmishi sog‘inch – beomon…
Jamila G‘afurovnaning vujudi banogoh urilgan hayajon mavjida bir qalqib tushadi. Voh, nega darrov bilmadi? Axir, o‘sha ovoz! O‘sha!.. O‘sha tushlaridagi she’r!..
– Taqdir qaylardadir miltirar elas,
Umr hushdan ketar, chalkashar yo‘llar.
Tushlarimdan tushib senga yetolmas,
Senga ataganim qip-qizil gullar…
Ayol ekrandagi odamga hayajonda qaltirab qaraydi.
Senmisan?..
Keldingmi?..
Sen shunaqamisan?..
Telejuvon nimalardir deydi. Davron Ismoilovich yarashiq bir tabassum qiladi. Ko‘rsatuv tugaydi.
– Opa, she’r aytishini ko‘rdingizmi? – deydi orziqib Yoqutxon, boshliq yana qaytib chiqadiganday, televizordan ko‘z uzolmay. – Qanday ajoyib odam! Voy, qarasam, ko‘z ololmayman-a!.. Opa, gullarni nega quchoqlab turibsiz! Menga bering!..
U Jamila G‘afurovnaning qo‘lidan gulni oladi-da, hidlab ko‘radi.
– Voy, hidini qarang!
So‘ng boshlig‘iga negadir xavotir ichida qaraydi:
– Opa, hidi atringizning o‘zi-ya…
U jiddiy tortib, gullarni boshlig‘ining qo‘lidan oladi-da, xona burchagidagi pakana stoldagi vazaga qo‘yadi. So‘ng titrab-qaqshabgina turgan ayolga yuzlanadi.
– Sizga nima bo‘ldi? Mazangiz yo‘qmi? Rangingiz ham oqarib ketibdi.. Voy, o‘lay! O‘tiring, o‘tiring!..
Jamila G‘afurovna xonaga kirganidan buyon tik turganini anglaydi. U zo‘riqib, jilmayadi-da, stulga cho‘kadi.
– Opa, dori kerak emasmi?
– Yo‘q, – deydi tetik va baxtiyor ko‘rinishga harakat qilib Jamila. – Yo‘q, sizga shunday tuyilgandir… Boravering, Yoqutxon!..
Ammo yuragida noxos paydo bo‘layotgan mantiqning zo‘ridan zo‘riqib, burilib ketayotgan g‘aznachini shoshqin bir talavasada to‘xtatadi:
– Shoshmang… Sizga televizorni qo‘yishni kim aytdi?
Yoqutxon bu gapni o‘zicha tushunadi.
– Hech kim… – deydi u karaxtlanib. – Nima, televizorni bekor qo‘ydimmi, opa?
– Yo‘q, yo‘q… Rahmat! Rahmat!..
Yoqutxon yana bosh hisobchiga sinchiklab tikiladi.
– Dori kerak bo‘lsa, – deydi u qandaydir xulosaga kelib, – qo‘ng‘iroq qiling, opa.
G‘aznachi chiqib ketishi bilan stol ustidagi telefon jiringlaydi. Jamila G‘afurovna tushdan ilkis o‘yg‘onganday seskanib, trubkani oladi.
– Allo…
Jasminaning ovozi! U namalardidir gapiradi. Jamila tushunmaydi. Nima? Yana qaytaring, Jasminaxon! A? Qachon? Boshliq so‘rayapti? Hozirmi? Men bilan tanishmoqchi? Hozir boraman! Hozir!..
Ayol boshi lovullayotganini, tomog‘iga nimadir hapqirib tiqilganini, lablari qovjirab qolganini sezadi. Dunyoda havo qolmayotgandek, etikib- entikib nafas oladi. O‘zini suyanchiqqa tashlaydi. Parvardigor! O‘sha… Bu guldastani o‘sha olib kelgan! Ertalab hech kim yo‘q paytda kelgan-da, gullarni qo‘yib, chiqib ketgan. Endi esa “kel” deb chorlayapti! “Kel” deyapti!.. Nogoh ichida g‘uch bo‘lib, portlay deb turgan allaqanday uni kuch silkib, yuksakka – osmonlaru cheksizliklar sari otmoqchi bo‘layotganini his qiladi. O‘sha… O‘sha… Tushlaridagi odam… Sapchib o‘rnidan turadi-da, tashqariga otiladi.

Jamila G‘afurovna ichkariga kirdi-da, to‘rdagi stol ortida hozirgina televizorda ko‘rgani odam allanimalarnidir chaqqon yozib o‘tirganiga ko‘zi tushdi. Ayol besas entikib, unga qaradi va vujudining har bir hujayrasi bilan bu odamni tanidi. O‘sha!.. O‘sha!.. U hozir nimalar bo‘lishini bilmas, ammo vazni tamom yo‘qolib, oyog‘i yerdan uzulganini, shundoq fahmladi. Davron Ismoilovich esa, kabinetiga kimdir kirganini sezgan bo‘lsa ham, bosh ko‘tarmay, “hozir-hozir” degancha, yozgani-yozgan edi. U oxiri yozishdan to‘xtab, qog‘ozdan bir zum termulib turdi. Nimanidir tuzatdi. So‘ng qog‘ozlarni bir chetga surib, shasht o‘rnidan qo‘zg‘oldi-da, yuziga tabassum yoyiilib, ayolga tomonga yurdi. Uzun xonaning o‘rtalariga yetganda, ilk bor ayolga e’tibor berib, tik qaradi va go‘yo yo‘li nogahon shart kesilganday to‘xtadi. Uning yuzida tabassum o‘cha borib, nogohon hayratning karaxtligi ko‘chdi. Sarosimalandi. Nimadir demoqchi bo‘ldiyu, tili so‘zga kelmadi. Faqat qo‘llari noilojlikdan betartib harakat qildi. Bunday paytda ko‘mak beradigan rasmiy muomilayu mulozamat bir zumda qaylargadir g‘oyib bo‘lgan, faqat rostu chin so‘zlar qolgan edi.
– Sizni bir tanishay deb… necha kundan buyon yo‘qlayman… – dedi u zo‘riqib va ovozi nihoyatda hasratli ekanidan o‘zi taajjubga tushdi. – Keldingizmi?..
Jamila bu ovozni yana tanidi. O‘sha – ovoz! O‘sha!.. Tushlarida uni sargardon etgan – bir dasta qizil gulga yetkazmay, intizor yugurtirgan armon…
– Keldim, – dedi ayol ovozlari o‘zi ham bilmagan osmonlaridan yetgan dardan qaltirab. – Keldim…
U bu gapining ohangi Davron Ismoilovichni ham qaltiratib o‘tganini sezdi. Boshliq najot so‘raganday u yoq-bu yoqqa qaradi. Yuragini tuyqus shovullatgan tuyg‘u selidan omonlik yo‘qday, jovdirab ayolga tikildi:
– Nihoyatda chiroyli ekansiz… – dedi u to‘satdan. – Tushdan tushgandaysiz…
Jamila G‘afurovnaning hapqirib turgan yuragi allaqaylardan uchib kelgan nogoh zo‘riqishdan yorilguduy zirqirab ketdi. Bu ham o‘sha tushni ko‘rgan! Aniq. Bo‘lmasa… U fikrini oxiriga yetkazolmadi.
– Siz ham!.. Siz ham!..– dedi u shoshqin bir o‘rtanishda.
Ixtiyor tizgini qo‘ldan chiqqan edi. Ayol bu beixtiyorlik bundan so‘ng taqdiri ekanligini, bu taqdir uni qayga boshlasa, ketaverishini boru-yo‘g‘i bilan birdan angladi.

Yoqutxonni ishxonaga u-bu narsa olib kelib, ayollarga sotadigan odati bor. Opam olib keldi, deydi. Aytishicha, opasi sayru tomoshaga o‘ch – goh Turkiya, goh Xitoy, goh Vetnamni ixtiyor etadigan odati bor ekan.
Shaharning bozorlaruyu do‘konlari kiyim-kechakka to‘la bo‘lsa ham, ishxonadagi ayollar negadir Yoqutxon keltirgan kiyimlarni taloshib-tortishib olishadi. Chunki bu savdoning qulayligi bor – pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lansa ham bo‘laveradi. Qolaversa, ayol zoti kiyim desa, o‘zini tutib turolmaydi: birovi libos xarid qilsa, boshqasi ham – olamdagi barcha kiyim-kechak ertaga yonib ketadiganday – tashlanadi. Yoqutxon “mol” olib kelganining xabari bir zumda xonalarga tarqaladi. Ayollar hamma ishlarini tashlab koridorga otilib chiqadilar-da, hisobchilar xonasi tarafga hovliqib jo‘naydilar. “Tavba, bularning kiyimi yo‘qda-ya”, degich edi, bunday paytda rahmatlik Olim Jo‘rayevich. “Afsuski, bor-da”, deb askiya ildirardi Shodmonbekov. Baribir ayollarning – qo‘llarida xaridlari – ko‘zlari yonib, quvonib, bir-birlariga qumrilarday chuldirab – xona-xonalariga tarqalishlari qo‘ngillarga ham ajib bir tarovat tarar – erkaklar mamnuniyat bilan – samimiy tabassumda – ularni “o‘lja” bilan qutlashar edi.
Bugun ertalab hisobchilar xonasida yana Yoqutxonning “ko‘chma” do‘koni faoliyatini boshladi. Stollarning usti do‘kon peshtaxtalariga aylangan – tuflilaru etiklar, ko‘ylaklaru plashlar, ichki kiyimlaru ustki liboslar terilib qo‘yildi. Ayollar bunisini olib, bunisini tanlab ko‘rishyapti.
Bunday paytda hisobxonaga qorasini ham ko‘rsatmaydigan Muyassar Qodirovna ham bu safar nogoh eshikda paydo bo‘ldi. Chuvillayotgan ayollar unga ko‘zlari tushgach, birdan jim bo‘lib qoldi.
– Keling, opa, – dedi Yoqutxon, ovozi pasayib.
U dalli-g‘ullilikni bir pasda unutib, xatarni sezgan jonivorday Muyassar Qodirovnaga qaradi. Xodimlar bo‘limining boshlig‘i vazifasi doirasidan chiqib, bu uymalashgan bozorga kelib qolganidan uyalgansimon, qovushmaygina ichkariga kirdi.
– Biror narsa kerakmi, opajon? – dedi jovdirab Yoqutxon.
Opa hadiksirab, “peshtaxta”lardagi mollarga nazar tashladi.
– Menga… – dedi Muyassar Qodirovna erkaklar orasida ichki kiyimdan gap ochishga majbur bo‘lgan ayolday qizarinib, – etik kerak edi…
– Bor! Bor! – dedi Yoqutxon, opaning kuniga yaraganidan quvonib. – Uch xil etik bor! – U eng bejirim etikning bir poyini olib, shosha-pisha opaga ko‘rsatdi. – Mana! Eng so‘nggi moda! Hozir Toshkentda hech kim bunaqasini kiygani yo‘q!
Muyassar Qodirovna etikni qo‘liga olmay, ammo unga sinchiklab, nihoyatda sinchiklab qaradi. Ayollarning nazarida, bechora etik kichrayib borayotganday tuyildi.
– Yo‘q, – dedi xaridor iymanibgina, – bu juda olifta ekan… Menga sal odmirog‘i …
Yoqutxon chaqqonlik bilan boshqa etikni bir poyini oldi-da, ko‘z-ko‘z qildi.
– Mana, bu siz aytgan etik! Qarang! Pishiq! O‘n yil tepkilab kiysa bo‘ladi.
Opa yana o‘sha qarashda etikka tikildi. Ko‘ngliga o‘tirishdi, shekilli, qo‘liga olib qaradi.
– Kiyib ko‘ring, Muyassar opajon! O‘tiring… – dedi g‘aznachi yasama jonkuyarlikda, chaqqonlik bilan stullarni birini u tomonga surib, – O‘tiring…
Muyassar Qodirovna Yoqutxonning jon kuydirib, aylanib-o‘rgilayotganiga parvo ham etmadi, faqat – mana shu ayollar qatorida savdolashib turganidanmi-ey – yana qizarindi.
– Razmeri necha?
– O‘ttiz yettinchi…
– Kichik ekan, – dedi u opa afsuslanib. – Mening oyog‘im o‘ttiz sakkiz…
– O‘ttiz sakkizi ham bor, opajon! – dedi Yoqutxon “opajon”iga yoqishga astoydil urinib. – Bor! Faqat opamning uyida-da! Ertaga olib kelaman!
Muyassar Qodirovna bir poy etikni Yoqutxonning qo‘liga bo‘shashibgina tutqazdi-da, indamay tashqariga yo‘naldi. Ammo ostonadan hatlaboq to‘xtadi. Burilib, Yoqutxonga yuzlandi. Oldi-berdi mahali bo‘shashgan ayollar yana xavotirli sukunatga cho‘kdilar. Savdodan xalos bo‘lgan xodimlar bo‘limining boshlig‘ining turishida, yuzida, ko‘zida esa dunyoni tosh tartibga soluvchi rasmiyatning qa’tiyati yana qalqgan edi.
– Yoqutxon, – dedi u barchani hayqtiradigan xos ovozida, – Etik masalasini shu bugun hal qilaylik. – So‘ng hamma qarata xitob etdi: – Sizlar ham oldi-sotdilaringni tezroq qilinglar! Davlatning ishi qarab turmaydi!
Muyasar Qodirovna Yoqutxondan javob ham kutmasdan, ortiga burildi. Uning oyoq ovozi koridorda eshitilmay qolguncha, barcha qimirlolmay turdi. Oxiri kimdir “uf” tortdi. Bir pas karaxtlanib qolgan “bozor” o‘ziga kelib, hamishagi qizg‘in savdosiga kirishib ketdi.

Etikning ham padariga la’nat! Kelib-kelib shu Muyassar Qodirovnaning etik kiygisi keladimi? Yurmaydimi almisoqdan qolgan payafzalini sudrab! Shuncha ovora qilgani qoldi! O, kelguncha ko‘rgazgan nag‘malarini! Avval taksida bormaymiz, deb turib oldi; so‘ng metrodan qo‘rqaman, deb vahima qildi; marshrutka bechora esa tor ekan, havo yo‘q ekan… Necha avtobuslarda saronu sargardon – nari borsa o‘n besh daqiqalik yo‘lni, naq bir yarim soatda bosib – charchab-terlab manzilga yetdilar. Xuddi birov yelkasiga miltiq tirab olib kelganday, qovog‘ini solgancha, u etikni, bu etikni kiyib ko‘rdi, ammo yoqtirmadi – bittasi tor ekan, bittasi keng ekan; birovining tumshug‘i so‘ppaygan chiqdi, boshqasining rangi murdaning rangiga o‘xshash!.. Ha, xuddi shunday dedi! Shunday sovuq aytdiki, bechora etik ham o‘zining rangidan o‘zi qo‘rqib yuragi yorilganday, qo‘njlari asta osilib tushdi. “Joni yo‘q bir narsa ekan” dedi Muyassar Qodirovna, uning bu holiga ijirg‘anib qarab. Yoqutxonning opasi kulibgina etikning tarafini olmoq bo‘lib, og‘iz juftlagan edi, biroq opaxonning qahrli qarashi zabtiga dosh berolmay – dovdirab, nogoh tokdan uzilgan radioday o‘chib qoldi. Xullas, barcha etik brakka chiqdi. O‘-ho‘! Kimsan Muyassar Qodirovnaga poyafzal bo‘lish osonmi? Ammo olmagani ham yaxshi! Etiklar Yoqutxon bilan bir ishxonada ishlaganlarida edi, bu ayoldan qutulganlariga ming bir shukurona aytib, elga xudoyi bergan bo‘lar edilar!
Mana, endi Yoqutxon uni kuzatgani olib chiqayapti. Opaning qovoq-tumshug‘i yetmaganday, tashqarida yomg‘ir ham boshlab yuborgan – endigina tushgan shom qorong‘uligini oralab, maydalagancha, beovoz, qo‘rqa-pisa yog‘ayapti. Boshqacha yog‘ib ko‘rsin-chi! Ammo Muyassar Qodirovnaga yomg‘irning shu yog‘ishi ham malol kelganday, unga parvo qilmay – shiddat yurishda – bekat tarafga ketyapti. Ortidan kelayotgan Yoqutxonga burilib ham qaramaydi. Opadan taralayotgan allaqanday og‘irlik havoni quyuqlashtirgan – Yoqutxonning nafasi bo‘g‘zidan arang o‘tadi, oyoqlarini zo‘riqqancha ko‘tarib bosadi. Bu baloga yo‘liqqur havoni ham bir balo qildi! Hozir dunyoni ham toshga aylantiradi. Iloyo, etik olaman degan xayollaring chirib ketsin! Yurak-bag‘irni qonga to‘ldirib yubordi-ya!
Dunyoni qo‘rqitgancha yo‘rtayotgan Muyassar Qodirovnaning ortidan Yoqutxonning hasratidan dud chiqib yo‘rg‘alaydi. Ammo kutilmaganda, opa sekinlaydi va ko‘chaning nargi betiga tikilgan ko‘yi, tezligini asta-asta yo‘qotgancha, imillab to‘xtaydi. Yoqutxonning yuragiga nogahon muz epkinli bir vahima yopishadi. U ham avval ko‘chaning narigi betiga, so‘ng opaga hayron qaraydi:
– Opa? Ha?.. – deydi u negadir ovozi qaltirab, – Nima bo‘ldi?
Muyassar Qodirovna ayolning savolini eshitmaydi, balki yonida uning turganligini ham unitgan – ko‘chaning narigi betidan ko‘z uzmay, sehrlangan kabi turadi. Yoqutxon opasi tikilgan tarafga qaraydi. Har kuni ko‘rib yurgani binolaru daraxtlar yomg‘ir aralash bu shomda allaqanday sirli ko‘rinish olgan – reklama chiroqlari rango-rang tovlanadi, shishadevor do‘konlar bag‘ridan nur tarab yaraqlaydi, turfa idora imoratlarining marmar qaddi-qomatlari g‘ira-shira yaltiraydi, odamlar yo‘lkadan sharpalarday o‘tadi. Moshinlarning biri to‘xtab, biri qo‘zg‘olib – ko‘chada shovullab oqayotgan avtomobillar oqimiga qo‘shilib ketyapti. Barchasi, barchasi yomg‘irning nim tumani ichida… Nima bo‘ldi? Yoqutxon opaga yana bir qarab oladi.
– Nima bo‘ldi?
Opa javob bermaydi. Ko‘zlari ko‘chaning narigi betiga – bir nuqtaga tikilgan, yuzida ajabtovur hurmatu-izzat ifodasi aralash noxush bir qiziqish… Yoqutxon Muyassar Qodirovna ko‘z uzmay turgan nuqtaga sinchiklab tikiladi va peshtoqiga yonargul harflardan “Guluzorim” deb yozilgan restoran ro‘parasida – qo‘ng‘izday qop-qora mashinaning yonida tik turgan erkakka ko‘zi tushadi. U yengil plashini yoqasini ko‘tarib olgancha, bir joyda qaqqayib turibdi. Ammo bu erkakdan taralayotgan allaqanday intizor quvonch shohko‘chani to‘dirib oqayotgan moshinalar osha, yuziga urilayotgani ayol sezadi. Bu quvonch shabadasi uning vujudiga oqib kiradi-da, Muyassar Qodirovna tufayli ko‘nglida paydo bo‘lgan g‘ashlikka aralashib – allaqanday xavotirga aylanganini ham his qiladi. Yoqutxon erkakni taniy boshlaydi.
– Opa, Davron Ismoilovich-ku… – deydi birdan quvonib va o‘sha zahotiyoq bu odam Davron Ismoilovich chiqishini istamayotganini anglaydi.
Opa javob bermaydi.
Ikki ayol erkakdan ko‘z uzmay turadilar. Nogahon erkak birdan jonlanadi. Kimgadir qo‘l ko‘tarib, o‘zi qayerda ekanligini bildiradi va shasht harakatda moshina eshigini ochib bir dasta qizil gul oladi. Bu guldasta olisdan bir kattakon gulga – allaqanday sehr bilan havoda ushlab turilgan bir uyum qonga o‘xshab ko‘rinadi.
– Voy! – deydi seskanib Yoqutxon va shu zumda xayoli chalg‘iydi.
Uning ko‘zi erka bir yurishda, har bir harakatidan baxtu iqbol tarab Davron Ismoilovichga yaqinlashib kelayotgan ayolga tushadi. Tushadiyu yuragi hapqirib ketadi. Jamila G‘afurovna! Jamila G‘afurovnaning o‘zi! Voy, oyday balqib guldastani olishini qarang! Gullarni hidlashlari, yuzlari bilan silashlari, bag‘riga bosishlari qanday chiroyli! Gullarga buncha yarashmasa bu ayol! Erkak va ayol bir-birlariga nimalardir deyishadi, kulishadi, so‘ng yetaklashib, restoran tarafga yo‘l olishadi, Restorandan kimdir shoshilib chiqib, ularga peshvoz keladi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, ichkariga taklif qiladi. Eshikog‘a tovoze bilan eshik ochadi. Yarashiq bir yurishda Jamila G‘afurovna, so‘ng Davron Ismoilovich ichkariga kiradi… Yoqutxon ulardan ufurib, butun dunyoni tutgan allaqanday mastona baxtiyorlikning bo‘yini tuyub, butun vujudi bilan entikadi.
– Yashamagurlar!
Bu vishillagan ovozdan Yoqutxon cho‘chib tushadi. Voy, Muyassar Qodirovna ham shu yerda-ku! Voy-ey!.. Endi nima bo‘ladi?
Muyassar Qodirovnaning yuzida qahru g‘azab – dunyoni tartibga keltiradigan, qo‘shinlarni jangga tashlaydigan, xalqlarni balolarga duch ettiradigan, yolg‘onni rost, rostni yolg‘on etib ko‘rsatadigan – hech narsadan tap tortmaydigan – allaqanday bir qo‘rqinchli rasmiy irodaning shashti aks etgan.
– Opa!..
Muyassar Qodirovna Yoqutxonga burilib ham qaramaydi. Hamon restoranning eshigidan ko‘z uzmay turibdi. U ichida buralib kelayotgan g‘azabning zabtiga tob berolmay, yana vishillaydi:
– Bularni qilib yurgan ishini! Yer yutgurlar!.. ! Buzuqlar! Davron qilib yurishlarini qara! Bu ishni bunday qo‘yib bo‘lmaydi!.. Davlatning idorasini nahsga botirishadi!..
Yoqutxon xodimlar bo‘limining boshlig‘ini bu qadar junbushga kelganini hech qachon ko‘rmagan edi.
– Opajon!.. – deydi Yoqutxon negadir yolvorib.
– “Opajon”lamang! Davron Ismoilovichni xotini bor-a! Yo‘q, bu ishni bunday qo‘yib bo‘lmaydi! Sharmandalar!
U hozir pulemyot ambrazurasiga o‘zini tashlaydigan jangchi kabi, mislsiz bir shiddatda, bekat tomonga yuradi.

Shodmonbekov shahar hokimligida idoraning yumushlarini bitirib, tushlikka ozgina qolganda, ishxonaga keladi.
Panjaralarga bosh urib, qator turgan avtomobillar orasiga mashinasini joylashtiradi-da, ishxonaning dabdabali eshigiga olib boradigan – ikki chetida, go‘yo tavoze bilan “xush kelibsiz” deya, qator archalar tizilgan – keng yo‘lkaga buriladi. “Hurmatlaring uchun rahmat!” deb qo‘yadi u ichida, qator daraxtlarga qarab. O‘zining bu hazilidan yuziga tabassum yoyiladi. Har xil shakl berib o‘stirilgan turli-tuman gullarga ham ko‘z qisib qo‘yadi! Chiroylisizlar, deydi u, chiroyli!.. O, dunyo qanday yaxshi! Gullar! Daraxtlar!.. Voh, ularning, kuz kelganini sezmaganga olib, yashnab turishlari!.. Ammo… Bu nimasi? Bu og‘irlik qayerdan keldi? U tevarakka bezovtalanib qaraydi. Atrofga ajabtovur – ko‘ngilga qandaydir g‘ashlik soladigan sukunat cho‘kkanini his qiladi. Shodmonbekov to‘xtab, yana tevarakka nazar tashlaydi. Daraxtlarning biror bargi qimirlamas, shamollar allaqaylarga bosh olib ketganday… Sukunat ham bejon – noxos yuragi yorilib yiqilgan kabi – panjaralar o‘ragan bog‘u hovlini bahaybat gavdasi bilan to‘ldirib yotar, undan taralayotgan tushnuksiz diqqinafaslik bor havoni yutib qo‘yganganday… Hatto ishxonaning hamisha qadrtalab salabatli imorati ham negadir karaxtlangan – allaqanday bahaybat maxluq nogohon uning yuziga shapaloq tortib yuborgan kabi gangib turibdi. Eshik oldida ham hech kim ko‘rinmas – bu joyni o‘ralashib turadigan xodimlarni qandaydir beomon kuch xona-xonalariga quvib yuborganday…
Shodmonbekov nafas olomay yutinadi. Nima bo‘ldi?
Shu payt ishxona eshigida Jamila G‘afurovna ko‘rinadi. Shodmonbekov unga ko‘zi tushgan zohatiyoq fojea yuz berganini his qiladi. Ayol allaqanday bujmayib, kichchirayib, xo‘rlangannamo – o‘ziniyu dunyoni unitib, bir aftoda ahvolda zinalardan yurib tusha boshlaydi. Chap qo‘lidagi harir sharfning bir uchi yerga sudralib kelyapti. Jamila G‘afurovna bu daraxtlarni, gullarni, ishxona hovlisini, zinalarni, hatto Shodmonbekovni ham ko‘rmagani, sezmagani aniq edi! Uning sochlari to‘zg‘igan, yuzlari yumdalangan, ko‘ylagi ustidan kiygani kostyumning bir yoqasi chokidan so‘kilgan… Shodmonbekov endi tevarakdagi sukunatni nega bejonligini birdan anglaydi. Shunday ayol bu ahvolda tushganda, jon qoladimi! Shunday ayol! Kimning haddi sig‘di? Kimning?
– Onajonim… – deydi Shodmonbekov bexos ayol yaqin kelganda va ovozi xirillab chiqayotganini, tomog‘iga yig‘i tiqilganini his qiladi. – Onajonim! Nima bo‘ldi?
Jamila G‘afurovna uning so‘zlarini eshitmaydi, hatto uni ko‘rmaydi ham; Shodmonbekov ayolning rangida rang yo‘qligini, yuzi behad – murdanikiday – bezarib ketganini ko‘rib, seskanib ketadi… Voh, osmon o‘yilib yerga tushgan! Bo‘lmasa, bu ayolning rangu ro‘yi nega murdanikiday oqaradi? Qattiq xo‘rlanibdi! Qattiq!..Shunday ayolni ham xo‘rlab bo‘ladimi? Kim uni tiriklay o‘ldirdi? Kim?
– Jamilaxon!.. Onajonim!
Ayol vayronlik qurshovida – tevarakka fojianing mudhish bo‘yini tarab, Shodmonbekovning yonidan o‘tib ketadi. Endi unga bu dunyo baribirligini erkak sezadi.
Shu payt ishxona eshigidan o‘qday otilib Yoqutxon chiqadi.
– Opa!.. Jamila G‘afurovna!..
G‘aznachining qo‘lida sumkacha – izillab yig‘lagancha, zinalardan zuvillab tushadi.
– Opajon! Sumkangiz qolib ketibdi! Opa!..
Jamila G‘afurovna xudo urgan odamday gungu kar – Yoqutxonni eshitmay, ishxona hovlisining ko‘cha eshigi tomon telbavor bir behushlikda ketib boradi. U ko‘cha darvozadan chiqib, ko‘zdan pana joyga – panjaralar ortida tig‘iz qilib ekilgan archalar ortiga buriladi. Yoqutxon ham uning ortidan chopqilagancha, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Shodmonbekov garangsirab, yerdan oyog‘ini uzolmay, mixlanganday turadi. Cho‘ntagidan dastro‘molini olib ko‘zini tezgina artadi. So‘ng ko‘zoynagini zo‘r berib tozalashga tutinadi. Ko‘zoynagini qayta taqqanida, yo‘lakdan kelayotgan Yoqutxonga ko‘zi tushadi. Surmasi ko‘zlari atrofiga chalpishgan – yig‘isi to‘xtagan bo‘lsa ham, xo‘rsinib-xo‘rsinib kelyapti. Shodmonbekov qo‘lidagi dastro‘molini Yoqutxonga uzatadi.
– Yuzingizni artib oling…
– E, yuzimni balo ham urmaydi! – deydi g‘aznachi, ro‘molchani olmay. So‘ng hayajonda o‘rtanib, ovozlari qaltirab gapira boshlaydi: – Shodmonbekov aka, Jamila G‘afurovnani ko‘rdingizmi? Shunday ayolni oyoq osti qildi ana u yalmog‘iz!
– Kim u yalmog‘iz?
– Bu dunyoda bitta yalmog‘iz bor-da, Shodmonbekov aka! Bitta yalmog‘iz ishxonamizga ham, bu dunyoga ham yetadi!
Shodmonbekov bu yalmog‘iz kim ekanligini anglaydi.
– O‘sha… Jamilaxonni… – U so‘z topolmay o‘ylanib qoladi, – … shu ko‘yga soldimi?
– O‘sha!.. – G‘aznachi ovozini pasaytiradi. – O‘sha Davron Ismoilovichning sharmanda xotiniga bir narsalar degan. U kelib, Jamila opani yumdaladi. Voy, do‘zaxning o‘zi ekan! Butun idorani yamlab tashlayman, dedi!
– A-a!.. – deydi Shodmonbekov hammasini tushinib. – Bechora Jamila! Bechora!..
U yana nimalardir demoqchi bo‘ldiyu ishxona eshigidan chiqib, zinalar ustida to‘xtagan Muyassar Qodirovnaga ko‘zi tushib, jimib qoladi. Xodimlar bo‘limining boshlig‘i bir qo‘lini beliga tiragancha, olamga haykal monand qarab turar – uning bu muzaffar qiyofasidan taralayotgan vahimadan ishxona hovlisiga yana zil sukunat cho‘kadi. Yoqutxonning ko‘zidan ham yana yosh oqa boshladi.
– Muyassar opa! – deydi u, nogahon jon-holatda baqirib, – “Hammaning adabini berdim”, deb maqtanib turibsizmi? “Hammani qo‘rqitdim”, deb o‘ylayapsizmi? Men qo‘rqmayman sizdan! Bilib qo‘ying, men qo‘rqmayman! Siz yalmog‘izsiz! Eshitib qo‘ying, siz yalmog‘izsiz! Ammo sizdan qo‘rqmayman!..
Muyassar Qodirovna belidan qo‘lini oladi. Nimadir demoqchi bo‘ladi. Ammo Yoqutxonning vajohatidan cho‘chiydi, shekilli, biror so‘z demasdan, qayrilib ishxonaga kirib ketadi.

Jamila G‘afurovna ishxonaga qaytib kelmadi.
O‘sha voqeadan keyin shunday katta ishxonadan biror kishi uni na ko‘cha ko‘yda, na bir yig‘inda, na bir to‘yu hashamda uchratdi. Faqat allaqanday uzunquloq gaplar – shamolda uchib kelganday – koridorlarda, xonalarda, kabinetlarda ba’zan-ba’zan aylanib qoladi: birovlar u boshqa shaharga ko‘chib ketgan desalar, boshqalar xorijga – qizining oldiga ketgan deydilar. Uyidan chiqmay – xonanishin umrguzaronlik kilishi haqida ham qayerdandir gap yetib keldi. Hatto uning o‘lgani to‘g‘risida ham kimdir gapirib qoldi. Bu gapga barcha yoppasiga qarshilik qildi. Shunday chiroyli ayol ham o‘ladimi? Yo‘q, albbata, o‘ladi, hamma xudoning bandasi, ammo… Bir gal kimdir hamma karaxtlantirgan gap topib keldi: Jamila G‘afurovna o‘zini o‘zi o‘ldirgan emish. Shodmonbekov birdan g‘azablandi. E, Qo‘ying-e!.. Sal o‘ylab gapiring! U stolidan zabt turdi. Deraza yoniga borib, ko‘chaga termulguncha uzoq turdi. So‘ng ilkis qo‘zg‘olib, tashqariga chiqib ketdi. U ketgach, xonadagilar “o‘ylab gapirmagan”ni ta’nayu dashnomga ko‘mib tashladilar. Odam degan bo‘lgan-bo‘lmagan gapni ishga ko‘tarib kelaveradimi? Ko‘zingiz bilan ko‘rmagan bo‘lsangiz! Tilni tiyishni bilish kerak, og‘ayni! Gapning po‘stkallasini esa, tashqaridan qaytib kirgan Shodmonbekov aytdi:
– Otajonim, dunyoda shunday pokizaliklar bo‘ladiki, unga gard tegsa, odamman deb yurganning barchasi haqoratlanadi! Tushindingizmi?
Gap ko‘tarib kelgan, xijolat tortdi. Tushindi.
Uning chiroyi, odobi haqida hikoyalar esa kunlar-oylar o‘tib, rivoyatga aylandi. Ishga yangi qa’bul qilinganlar, bu rivoyatlarni eshitib, og‘izlarini ochib o‘tiradilar. Ko‘pni ko‘rgan akalarning zavqu shavqqa to‘lib so‘zlashlaridan hayajonlanadilar, xayollarida bu ayolni Layligami-ey, Julettagami-ey mengzatadilar – qo‘shilib hayratlanadilar. Jamila G‘afurovnaning taqdiri haqida turfa xayollarga boradilar. Hatto shoirlarning she’rini yod o‘qib yuradigan Ravshan degan yangi xodim, u bu dunyodan uchib ketgan bo‘lsa kerak, degan taxmin aytganda ham, hech kim ajablanmadi.

Shodmonbekov ota-onasining qabrini ziyorat qilishga, bu udumni odamlar umumtarzda bajo keltiradigan kunlarda bormaydi. Begim kunlari – qabrston odamlardan xole payti boradi-da, ota-onasining yonma-yon mozorlari yoniga tiz cho‘kadi. Tilovat qiladi.
Bugun ham – birov biron joyda qur’on o‘qiganini ko‘rmagan bu odam – xuddi qorilarday yoqimli ovozda butun vujudi bilan tebranib oyat o‘qidi. Padariyu volidasiga jannatning to‘ridan joy ato etishini so‘rab, ollohga iltijolar qildi. Keyin – somelikda – uzoq bosh egib o‘tirdi. Ota-onasi bilan suhbatlashdi – yuragidagi bor dardlarini to‘kib soldi. Mendan xavotir olmanglar! Men siz uqtirganday halol yashayapman! Nevaralaringiz ham peshona teri bilan topgan rizqlari bilan kunlarini o‘tkazayapti. Qiyin! Ammo shunday yashayapmiz! Tangrini esdan chiqarganimiz yo‘q… So‘ng yengil tortib, atrofga qaradi va… Van Gogni ko‘rdi. U bir dasta qizil atirgullarni ikki qo‘llab ko‘ksida tutgan ko‘yi, ro‘paradagi yo‘lakchadan borar, uning beozorgina yurishidan ajibtovur hazinlik xazonday to‘kilib qolayotganday edi.. U biroz yurib burildi-da, mozorlar oralab, to‘xtadi.
Shodmonbekov, negadir Van Gog unga ko‘zi tushsa, noqulay bo‘ladi, deb o‘yladi. O‘rnidan ohista qo‘zg‘olib, yo‘lkadan Van Gogga ters tomonga qarab yurdi. Bilmas ekan, bu Boqiboyning yaqinlari ham shu qabrstonga qo‘yilgan ekan-da! U qabrstonning yarmini asta-asta aylanib, Van Gogni ko‘rgan joyiga yetdi va yo‘lakchadan sal narida – qabrdagi yodgorlik poyiga bag‘ir bosib yotgan bir dasta qizil gulga ko‘zi tushdi. Boqibekning qo‘lidagi gullar! Kim yotibdi ekan bu joyda? Shu odamning ham qarindoshlari bor ekan-da! Qaro yer tagida yotgan bo‘lsa ham qarindosh qarindosh-da! Bir o‘zi huvillab yurgani-yurgan edi…
Shodmonbekov bu xayollaridan negadir xursand bo‘ldi. O‘sha qabrga qarab bordi. Qabrtoshdagi lavhani o‘qishga tutindi. Kim? “Jamila G‘afurovna Akbarova”? Nahotki… Bechora! Bechora! U qabrning poyiga o‘rnatilgan bejirim skameykaga cho‘kib, oyat o‘qidi.
Qabrstondan chiqib ketishda esa, Van Gogga ko‘zi tushdi. U qabrston darvozasiga olib boradigan ishkomli yo‘lkaning chetidagi o‘tirg‘ichda – go‘yo bu olamni unutganday – boshini xam qilib, o‘tiribdi. Shodmonbekov u allaqanday dahshatning qa’riga cho‘kib ketayotganini, hozir borib nimadir demasa, uni qutqazib bo‘lmasligini his qildi.
– Boqibek…
Van Gog boshini ko‘tarib unga qaradi. O‘rnidan turdi. Uning ko‘zlaridagi dahshatli g‘ussa Shodmonbekovning yuragini zirqiratib yubordi. Alaqanday fojeaning sovuq izg‘irini vujudiga kirdi. Van Gog esa odamni cho‘chitadigan sokin ovozda, ko‘zlaridagi g‘ussa allaqanday teranlik qa’riga cho‘kib, qayerlardadir – yetib bo‘lmas uzoqlardagi birovning ko‘ziga tikilgancha, nimanidir gapira boshladi. Nimalar deyapti? Jinni bo‘lib qolmaganmi? E, she’r-ku! She’r… Shodmonbekov birdan uning har bir so‘zini aniq tushina boshladi.
– …Ne deyin qiynalgan ko‘ngil qushimga?
Azob uchishiga pichoq qadalgan.
Bir dasta qizil gul esa tushimda,
Senga atalgan u, senga atalgan.
Taqdir qaylardadir miltirar elas,
Umr hushdan ketar, chalkashar yo‘llar.
Tushlarimdan tushib senga yetolmas,
Senga ataganim qip-qizil gullar.
Izillab kezaman o‘ngu hushimda,
Vaqtning shamollari borar uchirib.
Bir dasta qizil gul esa tushimda,
Senga berolmayman tushdan tushirib…
Shodmonbekov she’r yana davom etsa, o‘lib qoladigan kabi “To‘xtating, bas qiling…”, deganday qo‘llarini jonholat silkitdi. Van Gog she’r o‘qishdan to‘xtadi.
– Bandachilik… – dedi Shodmonbekov ko‘zlari noxos yoshlanib.
Van Gogning lablari qaltiradi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi.
– Rahmat… Rahmat…

Shodmonbekov qabrstondan chiqayotib, ortiga qaradi. Van Gog yana boshi xam – qovjirab o‘tiribdi… Kimni kutayapti? Taqdirning kelib kechirim so‘rashinimi? Taqdirning u bilan nima ishi bor! U yozmishdagi ishini bajaradi-da, oxir-oqibat, ana, qabrga tiqib ketaveradi! Xuddi shunday!.. Xuddi shunday!.. E, parvardigor! Sir-asroring buncha ko‘p! Bu asrorga sheriklar ham uni oxirigacha bilmaydi. Bil-may-di! Nega yana ko‘zimga yosh keldi? Nega buncha yurak og‘riydi? Nega?.. Ammo yashash kerak. Bu dunyo yelkangga tashlagan yukni zo‘riqib bo‘lsa ham tortib, yashash kerak! Hushyor bo‘lmasang…
Shodmonbekov qaddini tik tutdi, qadamini tezlashtirdi. U dali-g‘uli odamning chapani yurishida, qabrstonning ro‘parisidagi bozorchaga oralab ketdi.

2016-2017
_____________
* in pari ast (tojikcha) – bu ayol pari ekan.

3. XODIMLAR BO‘LIMI BOShLIG‘I

Birov ishdan ketsa, ishxona degan g‘ovur-g‘uvur joy birdan adolatli fikrlay boshlaydi. “E, bekor bo‘ldi-da!”, deb qoladi kimdir kechagi hamkasbi haqida. Hamma shu fikrga qo‘shiladi. Boshqa birov to‘g‘risida “bori nimayu, yo‘g‘i nima” tariqa shunchaki birrov gapirishib qo‘yishadi-da, qaytib esga olishmaydi. Boshqa birovlar esa, tirik afsonaga aylanadi: “mana shu odam bizda ishlagan” qablida faxr bilan eslab yurishadi. Ishxonaning tantanali majlislarida bu idoraning naqadar ahamiyatli ekanligini ko‘rsatib qo‘yish uchun ularning nomlari sanab o‘tiladi.
Umr ko‘z ochib yumgancha, o‘tib ketar ekan.
Ishxonaning eshigidan kechagina mo‘ltirabgina kirib kelgan yoshgina o‘smir, “ha-yo hu” deb nafaqa yoshiga yetib kelganini ham bilmay qoladi. Endi kuchga to‘lib, obro‘-e’tiborga erishdim deganingda, boshliqning “hamisha safimizdasiz”, degan yolg‘on gapiga chin yurakdan ishonging kelib, bir dasta gulni ko‘targaningcha, noqulay jilmayib, negadir o‘pkang to‘lib, ishxonangni tark etasan. Bu joyga endi ertalablari kechikishdan xavotir olib, shosha-pisha kelmasligingga negadir ishonmaysan. Ortingga burilib qaraysan. Kuzatib chiqqan bitta-yarim hamkas blaring xuddi seni kurortga jo‘natayotganday ajib bir xurramlikda, yuzlarida tabassum bilan, “xayr” deb qo‘l siltab qo‘yishadi. Sen endi o‘zingni tutib turolmaysan. Ichingdan bostirib kelgan xo‘rsiniq ko‘ksingni bir ko‘tarib tashlaydi, ko‘zlaring namlanadi. Nazaringda, hech kimga kerak emasday bo‘lib qolgan umringning qolganini ko‘tarib, noma’lumlik sari yurasan. Bu dunyodagi bajaradigan ishingni bajarib, ishlaganingni ishlab bo‘lding. Endi… U yog‘ini o‘ylaging kelmaydi. Shunda miyangning pinhon qatida yashirinib yotgan – seni asrashga bel bog‘lagan bir tuyg‘u – ne-ne tasallilar bilan – bu ahvolingga peshvoz chiqadi. Qaysidir bir donishmandning qayerdadir eshitganingmi-ey, o‘qiganingmi-ey bir gapi “chars” etib, esingga tushadi. Uning aytishicha, “odam zoti umrining oxirigacha o‘zining ishini bajarishdan davom etar” ekan. Ammo qanaqa ish? Ish ishxonada qolib ketmaydimi?

Xodimlar bo‘limi boshlig‘i Muyassar Qodirovnaning nafaqaga chiqishi haqidagi gap allaqaydan uchib kelib, koridoru xonalarda xira pashshaday aylanib qolganda, ishxona hamjihatlik bilan bu gapga ishonmadi. Kim ketadi? Muyassar Qodirovna? Qo‘ysangiz-chi! Odam ishonadigan gapni ayting, birodar! Osmon o‘yilib tushadi, deng, “xo‘p” deyin! Yigirma birinchi dekabrda, mayyalar aytganidek, oxirat qo‘padi deng, jim turay! Vodiylik ishbilarmon Mirrixda qovun-tarvuz sotib o‘tirganligini ameriqolik olimlar teleskopda ko‘rishibdi, desangiz ham ishonaveray!.. Ammo Muyassar Qodirovna!..
Bu gapni aytgan odam bir qadar mulzamlikda qoladi. Negadir o‘zini oqlagansimon gapira boshlaydi. Men o‘zim ham ishonmayman-ku-ya! Endi… eshitganimni aytayapman-da! Teshik quloq! Odamlar ham gap deb bir balolarni chaynab yurishadi-ey !..
Shodmonbekov esa, odatdagiday, bu gapning dovrug‘ini doston qiladi. Emishki, mayyalarning hisob-kitobicha, bu cheksiz dunyoning taqdiri Muyassar Qodirovnaning nafaqaga chiqish-chiqmasligi bilan chambarchars bog‘liq – agar u yigirma ikkinchi dekabrda ishdan ketsa, dunyo qorong‘u davrdan bir qalqib, son-sanoqsiz quyosh porlab turgan yorug‘ zamonlar davriga o‘tadi; nafaqaga chiqmasa, insoniyat zulmat ichida mung‘ayib, cho‘chib, ko‘ngli xufton bo‘lib yashayverar ekan. Hozirgi era necha ming yillardan buyon Muyassar Qodirovning erasi – uni tugatish qachonlardir o‘lib ketgan – dami o‘tkir mayyalarning qo‘lidan kelmasa, bolalarining emas, boshliqlarining suratlarini xonalari devoriga osib qo‘yadigan hozirgi rahbarchalarning qo‘lidan kelmas ekan… Afsuslanadigan joyi shundakim, bu shovur-shuvurlaru o‘rinsiz hazillar Muyassar Qodirovnaning qulog‘iga yetib bormaydi. U bir tomonu, butun ishxona bir tomon! Ishxona Muyassar Qodirovnaga sir bermaslikka harakat qiladi. Chunki tartib-intizomni pinhona buzishlar; ishdan kechikib kelingandagi yolg‘on bichib-to‘qishlar; ishni qo‘yib, koridoru foyeda gap sotishlar; chekish bahona ishxona oldidagi bir parcha bog‘da sayru tomoshalar; soxta kasallik varaqalari… – barcha-barcha nayrangu fitnalarni u ayamasdan fosh qilgan. Yuzu ko‘zing deb o‘tirmagan! “Mana men” deb kerilganlar maoshini to‘liq ololmay, g‘aznaning oldida mo‘ltirab qolgan! U bilan o‘rlashganlarning qanchasi hayfsan olganini o‘qigach, “E’lonlar taxtasi” yonida rangi oqarib, ko‘kragini changallagancha, lolu karaxtlikda qotmagan deysiz! Ishdan haydalganlar-chi! Katta-matta odamlar ishxona eshigidan qon yig‘lab, chiqib ketganlar! Unga qastma-qasd nafaqaga ketish uchun ariza yozgan Olim Jo‘rayevich degani zo‘riqqanidan qon bosimi oshib, uyiga yetar-etmas, tilidan qolib, yiqilib tushmadimi? Tushdi! Oqibat, bir hafta o‘tar-o‘tmas, u dunyoga benavbat yo‘l oldi! Yo‘q, Muyassar Qodirovna bilan tortishib bo‘lmaydi! Ahror Valiyevich degan bir to‘nka boshliq unga bepisand qarab, nima kunlarga tushmadi! Van Go‘ng degan telba gumashtasi bilan sanqi rassomlarga qo‘shilib ketdi. Tunov kun o‘rislarning televizori Pransiyadagi bir shahardan shu to‘nkani ko‘rsatib qoldi. Yelkasiga tushgan sochini ot dumi qilib bog‘lab olibdi. Soqoli o‘sgan. Allabalolarni aljiyapti. Bo‘yoq chalpib tashlangan allaqanday rasmni ko‘rsatib, “baxtliman” deydimi-ey! Xullas, dunyoni buzishga qasd etganlarning betartib safiga qo‘shilgani aniq. Agar Muyassar Qodirovna Pransiya bo‘lganida, bu battolning yelkasiga tushgan sochini kesdirib, besh-o‘n yilginaga O‘risiyaning Sibiriga mehmonga jo‘natardi! Ming taassufkim, Muyassar Qodirovnaga hatto bittagina odamni o‘sha sovuq joylarga jo‘natish huquqi berilmagan. Dunyo esa tartibsizlikdan qulay-qulay deb turibdi! Tartibsizlikni dasturulamal bilgan bu dunyo hali ko‘rganini ko‘radi! Muyassar Qodirovnalarni ko‘p eslaydi!

Ammo “o‘t bo‘lmasa, nega tutun chiqadi?” degan gap bu gal haq rost chiqdi. Muyassar Qodirovnani ham g‘aflat bosdimi, yoxud mayyalar karomat qilganiday, davru-darvroniningg kuni bitganmidi, uni chaqirishib, “shunday fikr bor”ligini aytishganda, ichidan bir silkinib qo‘zg‘olgan dodu faryod bo‘g‘ziga tiqilgan bo‘lsa ham, o‘zini bosdi. Indamaygina ariza yozdi. Chunki “shunday fikr” paydo bo‘lgandan keyin, qarshilikning foydasi yo‘qligini u juda yaxshi biladi. Bu mulohaza insoniyatni ramkada ushlab turadigan ulkan tartib-intizomning muhokamadan ozod temir qonuni ekanligini ham tushinadi.
Ishxona negadir u bilan mulozamatsiz xayrlashdi. Hatto uch-to‘rt kishini chaqirib, nomiga yig‘in ham qilinmadi, immi-jimida jo‘natib yuborishdi. Muyassar Qodirovna o‘rniga kelgan yoshgina qizga ishni topshirdi-da, boshini mag‘rur ko‘tarib, ishxonadan chiqib ketdi. Hech kim kuzatgani ham yo‘q. Ishxona negadir xonalarga bekinib oldi. U ketayotganda koridorlar bo‘m-bo‘sh edi.

Muyassar Qodirovna shahar chetidagi ko‘pqavatli imoratning pastki qavatida – bir xonali xonadonda yakkayu yolg‘iz yashaydi. Farzandi yo‘q, er ham qilmagan. Uning har lahzada ko‘rinish berib turadigan temir irodali fe’li erkaklarga yoqmagan. Erlikkka nomzodlar bir-ikki ko‘rinish berganlaridan keyin, g‘oyib bo‘lganlar. O‘zini negadir “Muyassar Qodirovna” deb tanishtirgan bu qizning telesuxandonlarday so‘zni chertib-chertib gapirishiyu, rahbarlarga xos bo‘yruqnamo ohangi erkaklarni cho‘chitgan. Natijada, erlikka nomzodlar oshiqlik maqomiga ko‘tarilmasdan, juftakni rostlaganlar. Ammo bu qisqa davr ichida ular dunyoni torayotganini ham, osmonni pasayayotganini ham, ruhlarini allaqanday mahovatli qudrat bosib, beharakatlik tutib borayotganligini ham his etib ulgirganlar. Bu qizning atrofida go‘yo havo yo‘qday edi. Erlikka nomzodlar qochib qolganlaridan so‘ng, oylab-yillab nafaslarini rostlash bilan ovora bo‘lganlar va anchagacha ayol zotiga qarayolmay yurganlar.
Muyassar Qodirovna esa o‘zini ishga bag‘ishladi. “Ko‘z-quloqlik” vazifasiga jon-jahdi bilan amal qildi. Ish uchun o‘zini ham, birovlarni ham ayamadi. Ersizlikdan yo‘qotgan lazzatlarni ishdan – vazifasini a’lo bajarishdan topdi…

Ammo
endi
bir xonali bu uyda
yolg‘iz o‘zi
nima qiladi?

Nima qilardi, rohat-farog‘atda kun kechiradi! Idorani tartibga solaman, deb ishdan chiqqan asablariga dam beradi. Xudoga shukur, ovunaman desa, yumush ko‘p; sayohat etaman desa – butun dunyo qo‘l cho‘zgulik joyda! Ana, tele… Yo‘q, nima edi? Tiling kesilgur Shodmonbekov nima der edi? “Oynai jahon”!.. Ado bo‘lgur shu gapni to‘g‘ri aytgan! Kerak bo‘lsa, oynai jahon, ana, qarshingda! Teleochqichning istagan murvatini bossang, xohlagan joyingga sayohat qilasan; qo‘shiqchilar ming muqom etib, ashula aytib beradi; istagan mashhur odaming hayotini avra-astarini qoldirmay hikoya qiladi – otasi asli kim, enasi kim bilan yurgan, ko‘kidan qancha to‘lab, basharasini operatsiya qildirgan, eri bilan nimaga yashamaydi, kim bilan yashashni orzu qiladi… Bu gaplar qulog‘ingni qitig‘ini keltirsa ham, zerikmaysan! Uyalibgina bo‘lsa ham, tomosha qilasan! Ayniqsa, seriallar! Bu kanalda tugamasdan, bunisida “opajon, bizni ham tomosha qiling!”, deb turibdi.
Muyassar Qodirovna shunday qildi! Ammo tomoshabinlik ham oson ish emas ekan. U avval, ordona qolgur ishxona bilan bo‘lib, oynai jahonni tomosha qilishdan chiqib qolganiga iqror bo‘ldi. Bu kinoni ko‘raman desang, bunisi o‘tib ketadi, bu serialni boshlasang, unisi boshlanib qoladi… Ulgirolmaysan! Muyassar Qodirovna, albatta, bunday tartibsizlikka beparvo qarab turmadi. Bir oy ichida masalani jiddiy o‘rganib chiqqach, zarur choralar ko‘rish uchun harakatga tushdi. Avval gazeta kioskiga… Yo‘q, nima edi? Tilingga teskan chiqqur Shodmonbekov nima der edi? Ha, “ko‘shk”! Xullas, gazeta ko‘shkiga borib, eng mukammal teledasturlar e’lon qilinadigan gazetani sotib oldi. Ularni erinmay o‘rganib chiqdi. O‘zi uchun kerakli ko‘rsatuvlarni bir boshdan belgilab oldi. Kechqurun beriladigan ko‘rsatuvlar ertaga – kunduzi qaytarilishini ham fahmladi. Demak, kechqurun ko‘rishning imkoni bo‘lmagan kinolarni yoki ko‘rsatuvlarni ertaga ko‘rsa bo‘ladi. Ularni ham birma-bir belgiladi… Xullas, haftalik yashash dasturi tayyor! Muyassar Qodirovna hayoti tamoman o‘zgardi. U endi uy ichida bemalol yurmas, vaqti televizorning hukmida – reklama paytlari yugurib borib, choy qo‘yar, yoki ovqat uchun piyoz archar; do‘konga chopqilab borib, chopqilab kelar; yo‘l-yo‘lakay uchragan tanish-bilishlariga salom bersa ham, so‘rashishni omonat etib, zing‘illagancha uyiga o‘tib ketaverar edi. Qo‘ni-qo‘shniyu, qarindosh-urug‘larning to‘yu marakalariga borishdan ham zig‘ircha ma’ni topmaydi. Ko‘pincha, bormay qo‘ya qoladi. Maboda borsa ham, xunobi xun bo‘lib o‘tiradi. Bezovtalikka cho‘lg‘anib, ocharchi nima deb vaysayotganiniyu, otarchi nima deb baqirayotganini eshitmay, qovog‘ini uygancha, to‘rsayib oladi – undan tarqalayotgan diqqinafaslik atrofni shu qadar tutadiki, dasturxon atrofidagilar karaxt ahvolga tushadi. Bechoralar bu noqulaylik qayerdan kelayotganini tushunmay, u yoq-bu yoqqa zimdan nazar tashlashadi; kulish nari tursin, hatto balandroq gapirmoqqa ham jur’at etishmaydi. Muyassar Qodirovnaning ular bilan nima ishi bor! Axir, “Seni ko‘rmasam, o‘laman” serialining bir yuz ikkinchi qismi o‘tib ketayapdi! O‘n daqiqadan keyin, “Sen mening hayotimsan”ning o‘n beshinchisi boshlanadi. Axir, tele… yo‘g‘-e, “oynayi jahon” bekorga bu kinolarni ko‘rsatmayotgandir! Odamlar tomosha qilsin, deyishgandir, axir! Bular esa hammani to‘yu tomosha deb, ovora qilishyapti! Yig‘ilib, ovqatni paqqos tushurishdan murod nima?..
Muyassar Qodirovna o‘rnidan noxos zabt qo‘zg‘alib, hech kimga e’tibor bermay, jiddiy qiyofada tashqariga ravona bo‘ladi. Uning bu ketishidan shunday vajohatli kuch taraladiki, to‘y egalari “e, o‘tirsangiz bo‘lardi”, qablidagi manzarat so‘zlarini ham aytolmay, ortidan hayron qarab qoladilar.
Dasturxon atrofidan esa birdan diqqinafaslik ko‘tariladi – allaqanday yengillik oralab qoladi. Mehmonlar erkin nafas olib, bir-birlariga kulibgina qaraydilar, biroq haligi diqqinafaslik qayerdan keldiyu, qayerga ketganini tasavvur ham qila olishmaydi. Bu hol bir pasda unitiladi – “oling-oling” boshlanadi, qizishgan juvonlar “qarso-qarsi”ga raqs tushadi, hatto kampirlar ham qo‘shiladi; erkaklarga ham jur’at qaytadi – dunyoni boshiga ko‘tarib ayhannos solayotgan otarchi musiqani yengishga uringancha, bor ovozda kuchanib, suhbatlashmoqchi bo‘lishadi. Ammo bu shovqinga bahs kelolmay, ilojsiz qolishgach, yaxshisi, qadahlarni to‘ldirishni ma’qul bilishadi. Muyassar Qodirovna bir pasda esdan chiqadi.
Odamlar shunaqa! Hamma narsani bir pasda esdan chiqarishadi. Xotiralarining mazzasi yo‘q! Kun o‘tsa bo‘ldi! Kecha nima bo‘lgan edi, ertaga nima kechadi? O‘ylab o‘tirishmaydi. Hatto bu Muyassar Qodirovnadan boshlanib, dunyoga taralayotgan – o‘zlarini hozirgina hayiqtirib turgan – tushnuksiz bu Kuchni ham bir pasda eslaridan chiqarishadi!

Muyassar Qodirovna esa, bu payt halloslagancha, eshikxonaga yetib borgan, eshikni shiddat bilan ochib, ichkari kirayotgan bo‘ladi. Lekin u eshikni qancha shiddat bilan ochgan bo‘lsa, shunchalik avaylab yopadi. Gap shundaki, eshikka prujina o‘rnatilgan. Purjinaning bir uchi eshikka mahkamlangan bo‘lsa, ikkinchi uchi kesakiga mixlangan. Agar avaylab yopmasangiz, taraqlab ketadi. Bu moslama tartibni yaxshi ko‘radigan Muyassar Qodirovaning tashabbusi bilan amalga oshirildi. U parvoyi falak qo‘shnilarini yig‘ib, agar prujina qo‘yilsa, eshik anqayib yotmasligini, eshikxona yot ko‘zlar nazaridan xole bo‘lishini, uyning egalik ekanligi bilinib turishini uqdirdi. Tushunmaganlarga qayta-qayta tushintirdi. Axir, eshik eng muhim narsa! Ochiq eshik – egasiz ko‘cha! Prujina qo‘yilsa, istasang-istamasang, yopiladi-qoladi. Buning ustiga, tartib-intizom bo‘ladi. Sanqib yurgan yaxshi-yomon iskalanib, bosh suqmaydi. Tartibsizlikdan xudo asrasin!
Shaxsan o‘zi bosh bo‘lib, xarajatga pul yig‘dirgan. Doim kayf qilib yuradigan beshinchi qavatdagi qo‘shnisi usta Ahmadni “Visol” degan pivoxonadan shaxsan topib kelib, prujinani o‘rnattirgan. Ish bitguncha, boshida qaqqayib turgan. Bu ham o‘sha ishxonadagi Van Go‘ngning… Yo‘g‘-e… noming o‘chgurning ismi nima edi?.. Ha, Van Gogning biri – betartib. Aroqning isini olsa, Alpomishning chohidan ham “pir” etib, uchib chiqadi! Opa mana shunday necha-necha pishiqdan-pishiq o‘ylarni miyasidan o‘tkazib, qoqqan qoziqday qa’tiylik bilan, Usta Ahmadning yonidan bir qadam nari jilmagan. “Opa, boravering, o‘zim o‘rnataman”, deganiga quloq solmagan. Ustaning ko‘z oldida esa pivo! Sap-sariq, ko‘pirib turgan oromijon!.. Endigina bir ho‘plaganda, bu baloyi qazo yetib kelganini qarang! Ammo usta “miq” etmagan. Bir ishga, bir “opa”ga qarab – peshonasiga to‘pponcha tiralganini ko‘rib turgan asir kabi – ishlayvergan, ishlayvergan, ishlayvergan… Uning nazarida, oylar, yillar, asrlar o‘tib ketgan! Ammo bu opa vaqtning o‘tganini sezarmidi? Basharasidan zahar to‘kib, unga tikilgancha, turavergan, turavergan, turavergan… Ne-ne og‘ir ishlarni o‘ynab-kulib bajaradigan usta Ahmad terlab-pishib ketgan.
– Opa… – deb, gap boshlagan u yana, hech kimdan so‘ramay, ishboshqaruvchilik mas’uliyatini zimmasiga olgan bu ayolga xudodan insof tilab.
– Men opa emasman! – degan opa, unga insof-pinsof kerakmasligini muz ufurgan ohangida olamga oshkor aylab. – Muyassar Qodirovnaman!..
Usta junjikib ketgan.
– Uyingizga kirib o‘tiravering, deyman-da… –degan bo‘shashibgina. – Dam ol-i-ib… Bitqazsam, o‘zim aytib chiqaman…
– Tashvishimni qilmang. Men ishdan qochmayman! – degan Muyassar Qodirovna. So‘ng Muqbil toshotarning kattagina “tosh”ini qaysi bir zamonlardan topib, uning naq betiga ayamay otgan: – Odamlarday ishni tashlab, pivoxonaga qochishni o‘ylayotganim yo‘q.
Shunda usta bu xotin o‘ylayotgan o‘yidan ham xabardorligini, shunchaki boshida gung qarg‘aday do‘nmaganligini, balki bu dunyo unga topshirgan muhimdan ham muhimroq postda allaqanday yashirin vazifani sidqidildan ado etayotganligini butun vujudi bilan his qilgan. Muyassar Qodirovna haqiqatdan ham o‘z postida – bechora Ahmadni qa’tiy nazorat ostiga olmasa, dunyoning ishi bitmasligini chuqur anglagan holda, ko‘nglidan ne-ne o‘yu-xayollar kechib, sabr-toqat bilan turgan. Axir, bu dunyo ham mana shu usta Ahmadning xuddi o‘zi! Odamlarini qattiq tutmasang, nimalar qilishmaydi! Biri pivoxonaga chopadi, biri bozorga; yana biri choyxonani maskan etsa, biri o‘ynashinikiga!.. Ba’zilar esa, anaqa… Van Go‘ngga (bo‘yning singurning ismi nima edi!) o‘xshab, rasm chizadi… Ularning bu yurishida dunyoning yumushini kim bajaradi! Devorlar idrab, eshigu darvozalar lang ochilib ketadi-ku! Ochiq eshikda siru asror qoladimi? Axir, kazo-kazo martabayu mansablarning, ne-ne idoralaru mahkamalarning obro‘yi, odamlarni hurkitadigan savlati eshiklarining mahkamligidan-ku! Kelgan odam, eshik oldida ozgina to‘xtab, u yoq-bu yoqqa qarasin; o‘pkasini bosib olsin, shavkatu sulukatni ko‘rsin, yuragiga salgina hadik tushsin! Yuragida hadigi yo‘q odam, axir, xatarli! U hech narsadan qaytmaydi! Agar bunday ketaversa, Shodmonbekovga o‘xshaganlar, idoralarning tegrasidan panjaralarni ham olib tashlashni talab etishadi!
– Uf-e!.. – degan usta Ahmad so‘nggi burama mixni o‘rnatib bo‘lgach, peshonasining terini, kir qo‘li bilan artib. – Qutildimmi, op… Muyassar Qodirovna!
U yana “opa” deb yubormaganidan xursand, Muyassar Qodirovnaga qarab iljaygan.
– Usta Ahmad, – degan jahldan entikib Muyassar Qodirovna – Qamoqxona emasman, mendan qutilgani. Men…
Shu payt yo‘lakda uchinchi qavatdagi Zulxumor laylak paydo bo‘lgan. Qo‘lida selofan xalta! Ichida mushtdaygina allambalo – kelyapti xirgoyi qilib! Barmog‘ini qirsillatib ham qo‘yadi. Bu yorug‘ olamda bir o‘zi yashayotganday! Unga katta-kichikning farqi yo‘q. Dunyo to‘pig‘iga chiqmaydi! Ustida hemirilik ko‘ylak, oyog‘ida artilsa, oyda-yilda bir artiladigan arzon xitoyi tapichka, sochi taralmagan, yuzida baxtiyor tabassum – kungaboqarning po‘chog‘ini atrofga beto‘xtov puflab, yallo qilib, kelyapti!.. O, bu xotin! Xudo odamni ham shunday yaratadimi? Biror tanishining qarosi bir chaqirim narida ko‘rinsa ham, ovozini boricha baqirib, salom beradi; uchinchi qavatdagi uyining derazasidan bosh chiqarib, qarshi uyning balkonidagi qo‘shnilar bilan so‘rashadi; har soatda “dom”larning ortidagi bozorchaga borib kelgani kelgan. Hech qachon ikkita narsa olmaydi. Bitta-bittalab tashiydi: bir chiqqanda non, yana bir chiqishda piyoz, yana bir chiqqanida tuz… Ular ham oz-ozginadan – ko‘proq olsam, ko‘chaga chiqolmay qolaman, deb vahimaga tushsa kerak.
– Muyassar opa! – deb olisdan baqirgan Zulxumor laylak, – Assalomu alaykum!
– Sekin, Zulxumor, sekin, – degan Muyassar opa.
Laylak parvo ham qilmagan. U gap sochadigan moshinaday, yo‘l-yo‘lakay tevarakkka gap tarab kelavergan..
– Aytganingizni bajarmay qo‘ymaysiz, opa! – Muyassar Qodirovnaning qa’tiyatidan baxt topganday, uning basharasi bir tovoq tabassumga aylangan. – Usta Ahmad ham qo‘lga tushibdi-da! Assalomu alaykum, Ahmadjon! Qo‘lga tushdingizmi? O, bu kishi sizga Poti anqovingiz emas! Aldab bo‘psiz! Pivoxonaning tagida bo‘lsangiz ham, tomida bo‘lsangiz ham, topib keladilar! Ammo Potingiz tillo xotin – sizga chidaydi…
Usta ichiga og‘riq kirganday aftini bujmaytirgan. Opaning qahri kelib, ilon monand zahri kelib, to‘lg‘onib ketgan. Ammo Zulxumorning parvoyi falak – doim to‘lib-toshib turadigan gap xaltasidan vaysashni to‘rt tarafga sochib kelavergan.
– Voy, prujina ham o‘rnatdilaringmi? Xaltura qilmadingizmi, Ahmad? Siz bajargan ishni, uch kundan keyin boshqa ustaga qayta qildirardik… Lekin yaxshi bo‘pti! Kallangiz ishlaydi, opa! Qoyil! Ovora bo‘lganlaringgga yarasha o‘zi ishlaydimi?..
“Bu joyda mendan boshqalar ham bor”, deb xayoliga ham keltirmaydigan Zulxumor eshikni zarb bilan lang ochgan-da, qo‘yaverib yuborgan. Tarang tortilgan prujina, eshikni palaxsa toshday uchirib, kesakiga bor bo‘yicha qarsillatib urgan. Noxos “ta-a-aq” etgan ovozdan Muyassar Qodirovna cho‘chib tushgan – yuzi bir bujmayib, yoqasiga “tuf-tuf”lagan. Usta Ahmadning peshonasi esa tirishgan.
– Ammo bizning xizmat bitdi! – degan u, hozir mashmasha bo‘lishini aniq sezib. – Ketdim. Ishim ko‘p.
U pivoxonaning oldida ozodlik zoriqib kutayotganini butun vuujudi bilan tuyub, qanot qoqmasdan, o‘sha tarafga uchgan.
– Ammo zo‘r bo‘pti! – degan gapni avtomat o‘qiday sochib Zulxumor. – Pushkaning… Nima edi, oting o‘chgur… Ha, zambilning… Yo‘g‘-e, zambarakning o‘zi bo‘pti!
– Zulxumor…
– Eshikmisan, eshik! Qarsillatib, ochib-yopaveramiz!
– Zulxumor!..
– Ha, opa!..
Ayol Muyassar Qodirovnaga qaragan. Qaraganu… uning yuzidagi ifodani ko‘rgach, gapi miltiqning stvoliga tiqilib qolgan o‘qdek bo‘g‘zida to‘xtab qolgan. Osmon o‘yilib tushgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan. Va bu ishda o‘zining ham katta aybi borligini birdan anglagan.
– Nima qildim, opa?.. – degan u nihoyat, bo‘shashib. – Nima qildim?
Opa hatto o‘zining aybini ham sezmaydigan bu xotindan ko‘z uzmay, ingichkagina lablari qahrdan yanada ingichkalashib, ming g‘azabli afsusda bosh chayqagan:
– Bu kishimning orzusini qarang! Eshikni qarsillatib ochib-yopmarmish!.. Bu dunyoda madaniyat bor, Zulxumor! Tartib bor! Tushindingmi?
Zulxumor Laylak tushinmagan.
– Qanday yopay, opa? – hayron qolgan u, – Ochsam, o‘zi qarsillab yopilib ketyapti-ku. Mana…
U yana eshikni bir tortib ochgan-da, qo‘yib yuborgan. Tarang purjina eshikni yana qarsillatib, kesakiga urgan.
Opa, endi chidab turolmagan.
– Befarosat! – degan opa va bu so‘z shu lahzada zarracha haqorat emasligini, balki bu ayolning fe’lu atvoriga quyib qo‘yganday yarashganini lazzatlanib his qilgan.
– Voy, opa, men-da nima ayb? – Laylak parvo ham etmagan. – Bu eshikka prujina o‘rnatganning farosati bo‘lmasa, men gunohkormi? Usta Ahmadni so‘king! Shunday yumshoqqina eshikni eshikxonaning betiga qarsillatib soladigan qilib qo‘yibdi! Eshikmas, shapaloq! Mana, qarang, o‘zidan o‘zi!..
Zulxumor yana eshikka qo‘l uzatgan. Hozir gumbirlab yopiladigan eshik, dunyoni ostin-ustun etadiganday, opa uning bilagidan ildam tutgan.
– Bas qil-e!
Muyassar Nazarovnaning ovozi shunday qa’tiy jaranglaganki, Zulxumor Laylak karaxtlanib, tutilib, ta’biridan adashgan. Ha, hayotida birinchi bor gapirishga tili aylanmagan! U bu ayolning ovozidan kimlardandir elas-elas eshitgani qandaydir qo‘rqinchli voqelarning sharpasinimi-ey, allaqachon o‘tib ketgan, endi ertaknamo tuyuladigan dahshatli zamonlarning havoda qolgan allaqanday qudratli epkinimi-ey aniq tuygan – badani jimirlab, xavotir aralash hayronlikda opaga cho‘chib qaragan. Chunki bu qudratninng epkini shu ayoldan taralayotganini; ehtiyot bo‘lmasa, bu epkin beayov girdobga aylanib, qa’riga tortib ketishini ham da’fatan sezib ulgirgan! Negadir ko‘ziga opa ham hech kimga sir bermay, pusib yotgan, ammo payti yetsa, bir hamla bilan dunyoni ezib-ezg‘ilab tashlaydigan ulkan yirtqichga o‘xshab ko‘ringan.
Zulxumor ho‘ngrab yig‘lab yuborgan.
– Nima qildim? – degan u yig‘i aralash. – Nima qildim? Bunday yomon qaramang, opajon! Shu qurmagur eshik ochiq tursa ham, balo urmas edi. Prujinaga balo bormi? Hamma joyning eshigini yopib tashlayapmiz! Ochiq eshik qolmadi…
U birdan yana xato gapirayotgani, Muyassar Qodirovnaning yuzidagi jiddiylik nihoyatda quyuqlashganini fahmlagan.
– Uzr, opajon!.. – degan yoshli ko‘zlari mo‘ltiratib. – Uzr. Doim bir balolarni valdirab yuboraman. Buvim “sen tilingdan topasan”, deganlar. Haqiqatdan ham… Ayting, qanday yopay, opajon?
Muyassar Qodirovnaning lablariga tabassum yugurgan.
Eshikning qanday ochib-yopililishini allaqanday yo‘riqnomadan allaqachon o‘qib, yodlab olganday, ilmini namoyish eta boshlagan.
– Mana bunday ushlaysan-da, sekin tortib…
Shu payt tepa qavatdan tushib kelyotgan Fotima zinada paydo bo‘lgan. U eshikxonaning nimqorong‘uligida ayollarga arvoh monand ko‘rinib ketgan. Eshikni ochib-yopishni mashq qilayotganlar cho‘chib tushganlar.
Voh, bu xotinning besharpa yurishi! “Qilt” etgan sas chiqarmaydi! Doim ro‘baro‘nggga yaqin kelganda ko‘rasan! Yerga qarab, salom beradi-da, boshini ko‘tarmay, o‘tib ketaveradi. Hech kimga e’tibor bermaydi. Go‘yo ichida kimdir bor. O‘shaning aytganini qiladi, o‘shaning aytganini bajaradi. O‘shaning aytganini eshitmasdan qolmay, deb o‘ylaganidanmi, hamisha jimgina yuradi. Avvallari uzun sochi bo‘lar edi. Ichidagi odamdan shoshilinch buyruq kelganmi, bir kun, kutilmaganda, kaltagina sochda ko‘rinish bergan. Qo‘shni xotinlarning gap qo‘zg‘ab, “ochilibsiz”, “yarashibdi” degan gaplariga ekkan boshini ko‘tarmay, “rahmat” degan-da, o‘tib ketavergan. Yana bir kun atrofdagi “dom”dagilarni lolu hayron qoldirgancha, hijobga o‘ranib chiqqan. Barcha lolu karaxtlikda qolgan. Muyassar Qodirovnadan boshqa ahli ayol qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, salom bergan. Ammo Fotima yerdan ko‘zini uzmasdan, pichirlabgina salomlashganda, yo‘lidan qolmagan. Ayollar uning bu ko‘rinishini muhokama etib, biror qarorga kelmasdan, u yana o‘zgargan. Barq urib yelkasiga sochilgan sochlarini hilpillatgancha, tizzasini yopib-yopmaydigan ko‘ylakda eshikxonadan chiqqan. Dunyo bilan ishi yo‘q, ko‘zini yerga tikib, ovozi o‘chirilgan televizorday tovush chiqarmay, qaygadir shoshilibgina ildam ketgan. Bu ayol go‘yo bu dunyoning o‘tkinchi do‘konida o‘ziga mos libosni tanlab, yoqmagach, yechib qo‘yayotganday; o‘ziga turfa qiyofalarni tinmay tanlayotganday – ichidagi odamning yo‘rig‘iga binoan nimalarnidir tinmay izlayotganday… Bu izlanishlarning qo‘shnilar ko‘zidan pinhon botinida esa barchaga noayon, faqat ungagina aniq ko‘rinib turadigan nimadir borday edi. Ammo Fotimaning har qanday qiyofasida ham qo‘shnilar bu ayolga botinib hazil-huzil etisholmas, aksincha, izzat-hurmatini joyiga qo‘yib, muomila qilishardi. To‘rtinchi qavatda yashovchi olim Rahimjonov esa, nihoyatda jiddiy tarzda: “Bu juvonda gap ko‘p. U o‘zini izlayapti”, degan.
Mana, hozir ham u o‘sha besas, tezkor yurishida zinadan tushib kelyapti.
– Voy! Yurishingiz qurimasin, Poti, – degan Zulxumor. – Odamni o‘takasini yoray dedingiz-a! – Va odaticha, hozirgina ko‘z yosh qilib turganini unitib, mashg‘ulotlarining ma’nosini tushintira ketgan. – Qarang, Poti, eshikka prujina qo‘ydirildi. Usta Ahmadingizni opam pivoxondan qo‘l-oyog‘ini zanjirlaganday olib kelib, o‘rnattirdi. Endi eshikni qanday ochib-yopish kerakligini o‘rgatayaptilar.
Fotima bir zum to‘xtab, bu gaplar unga aloqasi yo‘qday, boshini xam qilib eshitgan-da, indamaygina ularning oldidan o‘tib ketmoqchi bo‘lgan.
– Shoshmang, Poti, – degan eshikning ochib-yopishning naqadar muhim ish ekanligini endi chuqur anglab yetgan Zulxumor jon kuydirib, – siz ham ko‘ring. Opa, ko‘rsating, Poti ham bilsin!..
Fotimaning yuzida hech qanday o‘zgarish zohir bo‘lmay, to‘xtagan.
Fotimadan ko‘z uzmay turgan Muyassar Qodirovna birovlar tashabbusu mehnatini qadrlamay o‘tib ketishga uringanidan ko‘ngli og‘ringan bo‘lsa ham – o‘ziga yarashiq viqor bilan – eshikni qanday ochib-yopilishini namoyish etishga kirishgan.
– Eshikni bunday ushlaysan-da, prujinaning tortishiga qarab kuch ishlati-i-ib, ochasan. Tashqariga chiqib olganingdan keyin, qo‘yib yubormasdan, asta-a yopib qo‘yasan…
Opaning gapi tugamasdanoq, Fotima “tushindim” deganday bosh irg‘ab, sharpasiz burilganda, indamay ketavergan. Muyassar Qodirovna tushintirish ishlarini tamom unitib, uning ortidan qahr-g‘azab bilan qarab qolgan. Hatto yuzlari qizarib ketgan.
– Birovning gapini gap demaydi-ya! – degan u o‘rtanib. – Axir, odobning ham tartibi bor. Ikki birday odam gap uqdirib turibdiyu, arvohga o‘xshab o‘tib ketaveradimi?
– Ammo lekin… – Zulxumor hozirgina qanday ahvolga tushganini birdan esidan chiqarib, Fotimaning tarafini olgan: – Shu Poti zo‘r odam ekan. Bilmas ekanman, opa! Yelka qisib yurganini ko‘rib, sahroning xasi, chumchuqning sasi, deb yuribman. Yo‘q, bu Poti musicha boshqacha ekan! Bir oycha avval televizorni qo‘ysam, musichayi beozor televizorni shunday to‘ldirib turibdi! Galstuk taqqan uchta duppa-durist odam ta’rifini qildi, ta’rifini qildi – doston qilib yubordi. Bir xorijlik odam “Fotima Eshmurodovaday odamlar ko‘paysa, dunyo yana ham mehru muhabbatli bo‘lar edi”, dedi. Emishki, u kishim birbalo jong‘armasining…
– Nima? Jong‘arma? Jong‘armasi ham chiqdimi? – degan opa fig‘oni falakka chiqib.
Fig‘oni chiqmay bo‘ladimi! Axir, binoyiday o‘rischa yozib yurilgan edi! Birovning xotini taloq bo‘layotgani yo‘q edi! U o‘rischa ish qog‘ozlarni ming bir azobda o‘zlashtirib, dalolatnomani ham, majlis qarorini ham, buyruqlaru ma’lumotnomalarni bir pasda qoyilmaqom qilib yozib tashlaydigan bo‘lganda, bu ado bo‘lgurlar o‘zbekcha yozishni rasm qilishdi! Davlat tili deyishdimi-ey!.. Muyassar Qodirovnaga qanchalar azob berishdi!..
– Ha, shunaqasi bor ekan, opa! Shunaqasi chiqibdi! Anaqa… Ha, “xayriya jong‘armasi” deyishdi.
Opa Zulxumorning nima deyotganini endi fahmlagan:
– “Fond” deyishgandir, Zulxumor! “Xayriya fondi” deyishgan.
– O‘z qulog‘im bilan eshitdim, opajon! “Jong‘arma” deyishdi!
– Tillariga qoqilib o‘lgurlar qaydan topishadi bu so‘zlarni!.. Ammo u xudo joningni olgurlarning shu so‘zini eshitganman… “Jong‘arma” emas… Tilimning uchida turibdi-ya.. – Muyassar Qodirovna bu so‘z tepada uchib yurganday, diqqinafaslik bilan osmonga qarab turgan va ushlashga qiynala-qiynala, oxiri tiliga qo‘ndirgan: – “Jamg‘arma”!.. “Jamg‘arma”! Xayriya jamg‘armasi!..
– Xullas, opajon, Poti shu xayriyaning a’zosi ekan! Topgan-tutgani o‘sha xayriyaniki ekan! Odamlar berganini ham olib, yetimxonalarga, qariyalarning g‘aribxonalariga tarqatar ekan! O‘zi ovqat yeyolmaydigan kasallarning og‘ziga qoshiqda ovqat tutar ekan! Opa, balo ekan bu Poti!.. Shunday hurmatim oshib ketdi!.. Havaslarim keldi!.. Jimgina yurib, qilgan ishlarini qarang bu musichani!
Zulxumorning bu gaplaridan endi Muyassar Qodirovnaning ensasi qotgan:
– Nima, shu ishlarga Fotimadan boshqa odam o‘lib ketgan ekanmi? Yetimxonalarga ham, kasallarga ham davlat qaraydi. Nima qiladi davlat ishiga aralashib, undan ko‘ra, pivoxona tegrasida itday aylanib yuradigan eriga qarasa, bo‘lmaydimi?
– Voy , opajon, Fotima shu erini yaxshi ko‘radi. Usta Ahmad bilan ular yetimxonada birga bo‘lishgan ekan! O‘shoqdan bir-birini topishgan ekan! Hech kimi yo‘q-da! Ota-onasi ham, aka-ukasi ham shu Ahmad! Ichishini aytmasa, usta juda yaxshi odam!..
Zulxumor sayrab ketgan! Bir pasda bahor yetgan ko‘nglidan gullarni anqitib, bulbullarni sayratib maqtagan. Usta Ahmad bu dunyoda tengi yo‘q odam! Zulxumor uyini ta’mirlayman, deganida, pul sarflab o‘tirasanmi, o‘zim qilib beraman, degan. Kunduz qayerlardadir yumushlarini bajarib kelib, kechasi bir paytgacha ishlagan. Shuncha ishni qilib, bir tiyin ham olmagan! Bolalaringga sarfla, degan! Fotima har kun ovqat qilib chiqkan. Ovqat yeyayotgan eriga termili-i-ib o‘tirgan! Shunday termilgan, shunday termilgan!.. Eri ham ovqatdan ahyon-ahyon bosh ko‘tarib, unga “Poti..” deb qo‘yar ekan. Shunday aytar ekanki… Zulxumorning yig‘lagisi kelar ekan! Fotima esa jilmayib qo‘yar ekan. Shunday jilmayar ekanki!.. Eru xotinning bir-birlariga mehribonliklarini aytib ado etib bo‘lmas ekan!..
Muyassar Qodirovna uning gapini bo‘lishga majbur bo‘lgan:
– Mayli, Zulxumor, – degan u quruqqina qilib, – faqat eshikni ochib-yopishga ehtiyot bo‘l! Qo‘shnilarga ham ayt!
Ammo Zulxumor aytarmidi! Opadan qutulganiga shukur qilgancha, xirgoyini avjidan olib, tepa qavatga ravona bo‘lgan. Shu bilan opaning nasiya gapini tamom unutgan. Eshik esa qarsillab yopilavergan! Qarsillaganda ham, serial eng qiziq joyiga kelganida, gumbirlagan. Opa esa ertasi “eshikni avaylab yoping!” degan e’lonni o‘qlovday harflar bilan yozib, eshikka yopishtirib qo‘yishga majbur bo‘lgan. Shunda ham baribir e’lonni pisand-misand etmaydiganlar topilgan. Muyassar Qodirovna oxiri qo‘shnilarning umummajlisini o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Barchani yig‘ib, eshik qanday ochilib-yopilishini namoyish etgan. Shundan so‘ng, eshikni yopishda xatoga yo‘l qo‘yadiganlar juda kamayib ketgan. Ba’zan kimlardir bilib-bilmay, bu xatoni takrorlasa, Muyassar Qodirovna serial ko‘rib o‘tirgan bo‘lsa ham, shasht turib, balkonning derazasini ochgan-da, romdan adolatning timsoli misol ko‘rinish berib, gunohkorning po‘stagini qoqqan. Bu xatoga yo‘l qo‘ygan gunohkor necha alvon kechirimlar so‘rab, opaning temir panjasidan omon qolgan. Faqat o‘n yettinchi xonadon sohibi – ko‘zoynak taqib yuradigan parishonxotir olim Rahimjonov har gal xushmuomilalik bilan iljayib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha, uzrini aytgan bo‘lsa ham, yana takror va takror bu xatoga yo‘l qo‘yavergan. To‘g‘ri, u eshik qarsillab yopilgan zohatiyoq, nima qilib qo‘yganini doim anglagan: eshikka negadir jilmayib qaragancha, karaxtlanib to‘xtab qolgan, ammo bo‘lar ish bo‘lgan – balkon derazasi ochilib, tinchlik va tartib qo‘riqchisi Muyassar Qodirovna allaqachon romdan unga qahr bilan qarab turganiga ko‘zi tushgan..
– Uyingizning eshigini yopib yurishni udda qilolmaysizu, – degan opa, bu odam bilan jiddiy gaplashmasa, maqsadga erisholmasligini tushungach, – shogirdlaringizga nimani o‘rgatasiz?
Rahimjonov noqulay iljaygancha, yana qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, kechirim so‘ramoqchi bo‘lganu, ulgurolmagan.
– Menga kechirim so‘rashingiz kerak emas. – degan opa garangsirab turgan Rahimjonovga ketma-ket zarba berib. – Es-hushingizni yig‘ib oling! Qo‘shnilarga bunday bepisand bo‘lmang! Olim degan nomingiz bor! Tartib-intizomga rioya qiling!
Rahimjonov imtihonda javob berolmagan talabaday xijolatdan terlab ketgan.
U nihoyat qo‘lini ko‘siga qo‘yib, nimadir demoqchi bo‘lganda, deraza allaqachon yopilgan, Muyassar Qodirovna esa g‘oyib bo‘lgan.
Qattiqqo‘llik bilan ko‘rilgan bunday chora-tadbirlar o‘z kuchini ko‘rsatgan – chamasi bir oylar ichida barcha qo‘shnilar eshikni ochib-yopishning shunday hadisini olishganki, mushukday besas chiqib, besas kiradigan bo‘lishgan. Qo‘shnilarni tartibga solganidan Muyassar Qodirovna baxtiyor – serallarni rohatu farog‘atda tomosha qiladigan bo‘lgan.

Xullas, ko‘rilgan qa’tiy chora-tadbirlar natijasida tartib-intizom o‘rnatildi.
Ammo eshikning qarsillab yopilishi barchaning esidan chiqib, qo‘shnilarning haddi-harakati xuddi Muyassar Qodirovna o‘ylaganday izga tushgan mahalda, bir qarashda arzimagangina voqea ro‘y berdi.
Seriallar orasidagi tanaffus payti uy oldidigi yo‘lakchada baniyati shifo aylanib yurgan Muyassar Qodirovnaning qarshisidan, odaticha zavqu shavq bilan xirgoyi qilib, Zulxumor laylak chiqib qoldi.
– Assalomu alaykum!.. – dedi u bidillab. Ammo salom beridiyu, ta’biridan adashib, birdan to‘xtab qoldi. – Ana uni qarang, ana uni qarang… – dedi Zulxumor, opaning boshi osha nimagadir hayrat bilan tikilib. – Ana, ana…
Muyassar Qodirovna o‘grilib qaradi va ko‘pqavatli uylar orasidagi yo‘lakchadan kelayotgan bir to‘p quroq odamlarga ko‘zi tushdi. Oldinda ikki katta bozori sumkani arang ko‘targan Fotima, ortidan allaqanday lash-lushlarni qo‘ltiqlagan usta Ahmad, yonida yelkasiga ko‘rpa-to‘shak ortmoqlagan o‘ttiz besh-qirq yoshlardagi yigit; ulardan sal nariroqda besh-olti qappaygan tugunlarni qo‘shbog‘lab yelkalariga ilib, qo‘llariga ham allaqanday xaltachalarni tutgan – negadir boshini tang‘ib bog‘lagan yoshgina ayol; to‘rt-besh qadam orqada esa katta-kichik ikkita bola yo‘rtgancha, ularga ergashib kelyapti. Bolalardan biri skiripka g‘ilofini quchoqlab olgan, ikkinchisining ikki qo‘lida ikki bog‘lam kitob. Ular shu yurishda, eshikxonaga burilishdi. Fotima qo‘lidagi sumkalarni yerga qo‘yib, prujinalik eshikni zo‘riqibgina ochdi. Hamrohlari birin-birin ichkari kirdilar. Lahza o‘tgach, yukni qayergadir qo‘ygan usta Ahmad chiqdi-da, xotinining qo‘lidan sumkalarni olib, yana iziga qaytdi. Fotima o‘zini ichkariga olib, eshikni Muyassar Qodirovna ko‘rsatgandan ham ziyoda etib yopdi.
Eshikning ochilib-yopilishida biror nuqson yo‘q edi. Xavotirlanib qarab turgan Muyassar Qodirovna ham biror ayb topolmadi. Ammo Zulxumor negadir “uh” tortdi. Haqiqatdan ham, Fotima va hamrohlarining o‘tishidan havoda allaqanday orzu-umid va matonat ufurgan, ammo bu surur nihoyatda zalvorli – suyaklarni qisirlatadigan darajada og‘ir edi.
– Vo-ey! – dedi Zulxumor.
– Nega voy-voylaysan? – dedi hech narsa sezmagan Muyassar Qodirovna. – Odam ko‘rmaganmisan?
– Bilmasam…
Zulxumor bu payt negadir og‘ir-bosiq odamga aylangan, gapdongina fe’lu atvoriga yarashmagan tarzda o‘ylanib turar edi.
– Xo‘p, opajon, men boray…
Ayol og‘zidan tushmaydigan xirgoyisini ham unitib, eshikxonaga qarab ketdi. Muyassar Qodirovna uning ortidan ajabsinib qarab qoldi. Zulxumor negadir Fotimaga o‘xshab, boshini ekkancha, jimgina ketib borar edi.
Uyiga kirib, televizor qarshisidagi kresloga cho‘kkan Muyassar Qodirovna esa, Fotimani negadir ijirg‘anib esladi. O‘zi bir yetimxonadan chiqqan ayol bo‘lsa! Katalakday uyda yashasa! Nima qiladi buncha mehmonni lash-lushlari bilan uyiga kirgizib! Esi yo‘q! Hech esi yo‘q! Betartib!.. U Fotima haqidagi o‘ylarini oxiriga yetkaza olmadi. Serial boshlandi.

Muyassar Qodirovna xato qildi! Uch kundan so‘ng Zulxumor eshik qoqib keldi. Uning hovliqib xabar berishicha, kelganlar mehmon emas ekan! Hech ham mehmon emas ekan!
– Juda valdiraysan, Zulxumor, – dedi opa o‘ylagani noto‘g‘ri chiqayotganidan og‘rinib. – Mehmondan boshqa yana kim keladi? Eshikdan kirgandan keyin, mehmon-da! Buvim “teshikdan kirgan sichqon, eshikdan kirgan mehmon”, deb, ko‘p gapirar edilar…
– Voy, ular eshikdan kirganlari bilan mehmon emas ekan, opajon!
– Bo‘lmasa, kim bo‘ladi? – dedi Muyassar Qodirovna chindan hayron qolib.
– Mehmon emas ekan, opajon! Hech mehmon emas ekan! Ular endi usta Amadning uyida yashar ekan!
Opa nimalarni ko‘rmagan! Ammo Zulxumorning gapidan bir qalqib tushdi.
– Fotimaning uyi ikki xonalimi?
– Ikki xonali, opa!
– Ikki xonali uyda buncha odam qanday sig‘ar ekan?
– Bilmasam… Poti o‘ynab-kulib yuribdi-ku! Juda quvonib yuribdi! Lekin uyi zo‘r taqirlangan!
– Nima qilingan?
Zulxumor o‘ylanib qoldi.
– Taqirlangan… deyishadimi, opa?
Muyassar Qodirovna ham o‘yga toldi. Barchani ovora qildi bular! O‘rischa gapirilaversa, osmon o‘yilib tusharmidi!
– Hozir… hozir… Tilimning uchida turibdi!.. – Birdan Muyassar Qodirovnaning yuzi yorishib ketdi: – Tomir!.. Tomir!.. Tomirlangan!
Zulxumor cho‘chibgina opaga qaradi:
– Yo‘g‘-e, opa… Uy daraxt emas-ku, tomirlasa!
Opa gap qaytarganni yoqtirmaydi. Zulxumorni silkib-silkib tashladi:
– O‘zing bilmasang, bilganning gapiga ko‘nmasang! Vaysaganning vaysagan!..
Ammo Zulxumor bu gapga e’tibor bermadi. Birdan yuzi bir rapida quvonchga aylandi:
– Topdim, opa! Topdim!.. Ta’mirlangan!.. Ana shu Fotimaning uyi zo‘r ta’mirlangan! Usta Ahmadning qo‘li gul-ku! Kirsangiz, og‘zingiz ochilib qoladi! Bir balo bo‘yoqlarda bo‘yagan! Honalar saroyday katta ko‘rinadi! “Nimaga bunday ko‘rinadi?”, desam, usta kulib, “Ko‘ngli keng odamning uyi shunaqa bo‘ladi”, deydi. Devorlariga rasmlar osilgan! Romlari shunday chiroyli!
– Kimning rasmi? – opa xayollari qayerlargadir borib, daf’atan shubhalandi.
– Hech qimniki emas, anaqalar chizadi-ku!..
Muyassar Qodirovnaning ko‘ngli birdan xufton bo‘ldi! Ko‘z oldiga Asror Valiyevich va Van… Yo‘g‘-e!.. Laqab ortirmay o‘lgur!.. Boqiboy… Ha, Boqiboy keldi!.. Shu musicha Fotimayu, usta Ahmad ham o‘shalardan ekan-da! Aytdim, yurishlari boshqacha!
– Ana u bolalar ham, opajon, naqa ekan!
– Qanaqa ekan?
– Kichkinasi iskripka chalar ekan, kattasi rasm chizar ekan! O‘sha chizadiganining rasmlarini Poti e’zozlab, koridoriga osib tashlagan. Usta Ahmad bilan ikkalasi tomosha qilib, to‘yishmaydi, opa. Boshlarini sarak-sarak qilib, “zo‘r” deb quvonishadi. Bir kirsam, kichkinasi iskripka chaldi. Opa, bir og‘ir kuy! Yig‘lagilarim kelib ketdi!.. Bu o‘lgur o‘ris musiqa ham odamni yig‘latar ekan! Televizo‘rdan ko‘rsam, g‘ingshimay o‘lsin”, deb, darrrov boshqa joyga burardim-a!.. Nimaga eshitmaganman, opa?
Muyassar Qodirovna chidab turolmadi:
– E, hadeb yig‘laverasanmi? Yolg‘onni ham do‘ndirasan! Senga gap bo‘lsa bo‘ldi!
– Voy, yolg‘on aytsam, til tortmay o‘lay! Shunday chaladi, shunday chaladi… Usta Ahmad esa ularni maqtagani maqtagan! Aytishicha, bu bolalarga xudo bergan ekan! Dohiy dedimi-ey, daho dedimi-ey!..
– Shu alkash usta Ahmad bu gaplarni qayerdan bilar ekan?
– Bilar ekan, opajon! Bilar ekan! Men ham hayron qoldim! Siz ham shu bolalarni bir ko‘ring, opa! Rasmlariga qarasangiz bir yig‘laysiz, iskripka eshitsangiz, ikki yig‘laysiz, usta Ahmad bilan Potining quvonganini ko‘rib, adoyi tamom bo‘lasiz!
– Bu bolalar qarindoshlari ekanmi?
– Yo‘q, opa, bularda qarindosh bormi? Yetimxonada o‘sganlar-ku. Usta bilan Poti qaysi bir tupkanning tubiga borganlarida, shu bolalarni xudo uchrashtiribdi. Shunday deyishadi, opa! “Bu bolalarni bizga xudo uchrashtirdi” deyishadi. Ota-onasining qo‘llari qisqa ekan. Bularning naqasi poytaxtda, yaxshi muallimlarning qo‘lida tez naqa bo‘lar ekan. Shunga ko‘chirib olib kelishibdi.
– Ota-onalarini ko‘rib turibsanmi?
– Yo‘q, opa! Ular tong sahardan ishga ketishar ekan…
– Nima ish qilishadi?
– Xudoning ishi ko‘p-ku, opa! Mardikorchilikka borishar, ko‘cha supirishar, bozorda oldi-sotdi qilishar… Rizqlarini tergani ketishgan-da. Ha, bolalarning otasi “men umrimni shu bolalarimga bag‘ishlayman. Ular O‘zbekistonning nomini hali olamga mashhur qiladi. Fotimaxonu Usta Ahmadning himmati bilan yo‘lning boshiga chiqdik, endi, xudo hohlasa, shu adoqsiz yo‘ldan ketaveramiz”, debdi!
Qanaqa adoqsiz yo‘l? Qayoqqa ketishadi. O‘zbekistonning kuni shularga qolganmi? Bularning xayolida nima bor? Asror Valiyevich bilan ana u o‘lgur… Van… Boqiboy ham shunday tushnuksiz gapirar edi! Bular shuncha ko‘pmi? Bulardan qutulib bo‘lmaydimi? Mana, hatto uning eshigigacha yetib kelishdi!
– … Opa, Poti usta Ahmad bilan ikkala bolani yetaklab yuribdi. Kichkinasini kampazito‘r muziqa yozadiganlarga, kattasini… naqalarga ko‘rsatishibdi! Hammasi “Qoyilmiz!” debdi. Bugun “Qoyilmiz!” deganlar bilan birga, bolalarning kichigini glir degan maktabga olib ketishdi!
Zulxumor yana nimalarnidir uzoq gapirdi. Ammo Muyassar Qodirovnaning ko‘ngliga shunday g‘ashlik tumani cho‘kdiki, dunyo ko‘ziga tor ko‘rinib ketdi, qulog‘iga boshqa gap kirmadi. Tinmay vaysayotgan qo‘shni ayolning qarshida lolu karaxtlikda turib qoldi. Zulxumor gapdan to‘xtamayapti! Xursand! Xo‘sh, u nimaga xursand bo‘lyapti?
– Sen nimaga xursand bo‘lyapsan?
– Bilmadim, opa! Ammo lekigin bolalarning chizgan rasmini ko‘rsangiz, iskripka chalishini bir eshitsangiz! Ichim quvonchga to‘ldi! Bu Potini qarang! Ahmadni qarang! To‘rt birday jonga tekin boshpana berib, yana shodu xurram! Hech kimga havasim kelmagan mening ham, shularga o‘xshagim keldi-ya!.. Potiga, meni xam muzeylarga elting, dedim; kampazitir muzikaga ham boraveraman, dedim!.. Poti meni quchoqlab oldi! Shu xotin shunday yaxshi!..
Bu dunyoga bir balo bo‘ldi! Mana, umrida biror bir rassomning suratiniyu, biror kompozitor musiqasini tomosha qilmagan Zulxumor laylak ham ularni maqtayapti. Bu toifa odamlar dunyoni buzishini nega hech kim anglamaydi? Axir, butun bir ishxona nima bo‘ldi? Ostin-ustun bo‘lib ketishiga ozgina qoldi-ku! O, bular xatarli!.. Betartib odamlar! Indamasang, dunyoni chappa aylantiradilar!..
– Xo‘p, xayr. Men boray, opa! Ularning kelishiga bir qoshiq ovqat qilmoqchi edim. Ko‘chadan och-nahor kelishadi…
Zulxumor shoshilib, g‘ayratu shiddatga to‘lib xayrlashdi. Shiddatining shoshqini shunday zo‘r ediki, Muyassar Qodirovnaning eshigini beixtiyor qarsilatib yopib, tashqariga otildi. Opa seskanib tushdi. Laylak kechirim ham so‘ramadi. Faqat zinalardan tappillab, tepaga yugurib ketyotgani eshitildi, xolos.
Shu Laylak chin yurakdan quvonyapti! Nodon! Uy-joyini tashlab, lo‘liday ko‘chib yurgan shu ro‘dapolarga ham aqlli odamning havasi keladimi? Topganlari bir orqa ko‘rpa-to‘shagu, skripkaga balo bormi? Yo bularga hech narsa pisand emasmi? Molu dunyo, mansabu martabaga qayrilib qarashmaydimi?.. Ularga nima kerak?
Dunyo havosini “o‘sha”lar da’fatan olib qo‘yganday, Muyassar Qodirovnaning nafasi qisildi. Balkonga chiqib, derazani ochdi. Dunyoda chindan ham havo yo‘qday edi! Ular havoni ham olib qo‘yishdimi?.. Yo… ularga qo‘shilmaganlarga endi havo yo‘qmikan? Opa davomini o‘ylashdan ham qo‘rqdi. Ko‘zlarini yumdi.
Ammo bu to‘s-to‘palon dunyoda bir pas tin olib bo‘ladimi? Nogohoniy “ur-e!” degan hayqiriqdan o‘ziga keldi. Qarshidagi uyning burchagidan qo‘lidagi skripka g‘ilofini g‘olibona silkitgancha, ro‘dapolarning kichik o‘g‘li yugurib chiqdi. U yeru osmonga sig‘may, hayqirib kelar – go‘yo bola emas, bola qiyofasidagi quvonch chopib kelayotganday edi.
– Ur-e-e!.. Zulxumor xola!.. Ur-e !..
Tepa qavatdagi derazaning shaqirlab ochilgani, so‘ng Zulxumorning hovliqqan ovozi eshitildi:
– O‘qishga kirdingmi!?. Glirga kirdingmi!?
– Kirdim!.. Glier musiqa maktabiga olishdi! Glierga! Zo‘r ekansan, deyishdi!.. Zo‘r, deyishdi!..
Uy burchagidan bolaning ota-onasi, akasi, Fotima va usta Ahmad ko‘rindi. Ular ham oyday yayrab, oftobday porlab kelishar edi.
– Zulxumor xola!.. Eshiting!.. Zulxumor xola!..
Bolakay Zulxumorning derazasi tagidagi asfalt yo‘lakchaga qo‘lidagi g‘ilofni qo‘ydi-da, shosha-pisha ichidan skripka va kamonni oldi. Poyida – chang yo‘lakda ochilib qolgan g‘ilofga parvo ham qilmay, skripkani iyagi tagiga qo‘ydi. Oyoqlarini kerib, ko‘kragini ko‘tardi. Endi u Zulxumor laylakka emas, go‘yo dunyoga kontsert berishga shaylangan maestro edi! Mana, ko‘zlari nim yumildi, kamonni torlar ustiga qo‘ydi va… musiqa taraldi! Armon kabi hazin sado inson bilan yuragi o‘rtasidagi chegaralarni bir lahzada buzib tashladi. Uchinchi qavatdagi Zulxumor, musiqa sadosi yangrashi bilan kelgan joyida to‘xtab qolgan Fotima boshchiligidagi “maestro”ning ishqibozlari, osmondan tushganday paydo bo‘lgan Rahimjonov domla, hovlidagi sim dorga kir osayotgan ayol, belini qo‘liga tiragancha, unga gap sotayotgan kampir, uylar orasida kun bo‘yi sog‘ligini quvib izg‘iydigan nafaqador chol – Erkin aka, har kun eski “Volga”sini yuvishni kanda qilmaydigan Yigitali, qo‘lbola turnikda osilayotgan bo‘zbolalar – ikki imorat orasidagi barcha somelikda qotdilar. Musiqa esa tobora avjlanib, o‘ziga sig‘may mungli nola etar, yuraklarning qat-qatlariga allaqanday entiktiradigan, orziqtiradigan, beixtiyor ko‘zga yosh keltiradigan tushniksiz dardlarni singdirib, nozik og‘riqlarda o‘rtar, hovliga tangaday joy qoldirmay soya tashlagan ulkan chinorlarga cho‘lg‘onar, o‘zini ayamay tuproqqa otar, latif bir parvozda xayollar ham yetmaydigan balandlarga havolanar, dunyoga sig‘may, izillagancha, yuksaklardagi kimgadir iltijo etar edi. U kimga iltijo etayapti? Musiqani yaratgan insonning yuragi bu musibatli dardlarga qanday dosh bergan? Bu bolakay bu og‘riqlarni qayerdan biladi? Yo shu murg‘ak jonni Qodir Parvardigor odamlarga cheksiz-chegarasiz dardlar borligini yetkazish uchun dunyoga keltirganmikan? Bu dardlarni bandalariga yetkazgani mililardlab odamlar orasidan shu norisidani tanladimikan? Nega u dunyoga sig‘mayapti? Dunyong shuncha tormi? Qaysi kengliklarni istayapti bu bola?.. Yo, Parvardigor!
Bolakay esa musiqaning nolalarida dosh berolmayotganday egilib-bukilib, ajib bir to‘g‘onishda – skripkaning torlarini ayamay, hamon ko‘zlarini yumib, kamon tortadi. U o‘zini tamom unutib, ohangga qo‘shilib ketgan, qaysidir – odamlar ko‘zidan pinhon dunyolarga borib qaytayapti…
Skripka joni chiqayotganday, bo‘linib-bo‘linib faryod ko‘tardi-da, to‘xtadi. Sukunat cho‘kdi. Negadir qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, musiqa tinglagan Rahimjonov domla yoqasini ushladi:
– Tavba! Tavba! – dedi u, – Xudoyim! Mo‘jizangni qara!
So‘ng bolaga qarab ta’zim qildi-da, bor kuch bilan, sidqidildan qarsak chala boshladi. Unga Fotima ham, usta Ahmad ham, bolakayning ota-onasiyu akasi ham, uchinchi qavat derazasida turgan Zulxumor ham, hovlida ishini unitib, angrayib qolganlar ham jon-jahdi bilan unga jo‘r bo‘ldilar. Turnik tagidagi o‘spirinlardan biri hatto jo‘shganicha, “bravo” deb ham hayqirdi. Hozirgina musiqaga o‘rtanib jo‘r bo‘layotgan bolakay esa, yana zumda quvonchga aylandi. U ulkan kontsert zalni to‘ldirgan tomoshabinlarning gulduros olqishiga minnatdorchilik bildirayotgan maestro qiyofasida skripka va kamon ushlagan qo‘llarini baland tutdi-da, avval falakka yuz tutdi, so‘ng esa to‘rt tomonga qoyilmaqom ta’zim bajo etdi.
Dunyo allaqanday mastona bayram kayfiyatiga burkangan edi.
Rahimjonov domla bolakay tarafga, olqab gapiringancha, yugurib kela boshladi.
– E. bolam-a!.. E, bolam-a! – U shodu xurramlikda balqib turgan “maestro”ni mahkam bag‘riga bosdi. Yuzlaridan o‘pdi. – O‘zinngni ehtiyot qil-e! Bunday chalma-e! Senga joning kerak emasmi? Ehtiyot bo‘l-e!..
U beixtiyor qo‘llarini duoga ochdi.
– Biru bor parvardigor-o! Qodir-o! Samad-o! Ahad-o! Shu bolani ushbu ko‘yga mubtalo etibsan! Endi o‘zing asra! Yo‘lini yorug‘ qil! Yaxshilarga hamdam et! Yomonlardan asra! Shu murg‘ak jonni hamisha panohingda tut! Omin!..
– Omin!..
Barcha ixlos bilan yuzlariga duo tortdi.
Muyassar Qodirovna ularga qarab turarkan, nafasi battar qisildi. Ular ko‘p ekan! Dunyoni zabt etishgan ekan! Bularning shashtini qaytaradigan odam, nahotki, qolmagan bo‘lsa! Hovli otalarining uyimi, kontsert bergani! Qarsakka balo bormi? Kattayu kichigi aqldan ozgan…
U ortiqcha toqat qilolmasligini sezib, bekitgani derazaga qo‘l cho‘zdi. Ammo shu payt Zulxumorning ovozi dunyoni tutdi:
– Zafar!.. Zafarjon!.. Zo‘r chalding!.. Qoyil! Qoyil!..
– Zulxumor xola! Hozir boraman! Hozir! Sizga yana chalib beraman! Hozir!..
Bolakay shoshilib, yerda yotgan g‘ilofga skripka va kamonni soldi-da, dunyoni unutib, eshikxonaga qarab yugurdi.
Eshik zarb bilan ochilib, qarsillab yopildi.
Bu nimasi? Bular bu ketishda dunyoni buzadi! Hozir bir ta’zirini bersami!.. Ammo Muyassar Qodirovna tashqariga chiqib, bu beodabga tanbeh berishga jur’at etolmadi. Hayajondan jo‘shib, quvonchning zavqu shavqida birlashgan bu odamlarga hozir yolg‘iz o‘zi qarshi turolmasligini angladi. Alamu ilojsizlikdan derazani yopishni ham unitib, gangib bordi-da, karavotga bor bo‘yicha o‘zini tashladi.

Xullas, tartib buzildi! Shuncha mehnatu zaxmat havoga uchib ketdi! Kelgindilarning ikki bolasi ham, Muyassar Qodirovna o‘ylaganday, tarbiya ko‘rmagan zumrashalar bo‘lib chiqdi. Ular bola emas, dunyoni buzadigan allaqanday to‘fonning xuddi o‘zi: ertalab eshikni g‘ajirlatib ochib, yugurgancha eshikxonadan chiqishadi – ortlaridan eshik taraqlab yopilgancha, qolaveradi. Muyassar Qodirovna hatto derazaning yoniga borib ham ulgurmaydi, faqat qarshidagi uyning muyulishidan shamolday shovullab o‘tib ketganlarini ilg‘ab qoladi, xolos. O‘tgan yo‘llarida tartibsizlik sochib ketadigan bu to‘fon bolalar tutqich berarmidi? Ularning ota-onalari ham xuddi sharpaday – qachon ketib, qachon kelishlarini hech kim bilmaydi. Eshakday ishlab, o‘zlaricha, umrlarini shu betarbiya, odobsiz bolalarga bag‘ishlab yurishgan-da!. Qo‘shnilar opaning mehnatiga hamon hurmatu izzat bilan qarashayotgan – eshikni avaylab yopib-ochishni kanda qilmayotgan ersalar-da, baribir ularning bu harakatlari avvalgiday emas – bu jiddiy ishdan ixloslari ko‘tarilgan, shunchaki o‘rganib qolganlaridan – beparvo bajarar edilar. Ixlosu e’tibor endi shu ikki shumtakaning atrofida girgirton – ikkala uydagi qo‘shnilarning tilida faqat aka-ukaning olamshumul iste’dodidan gap aylanar: uchrashib qolganlarida, ular haqida zavqu shavq suhbat avj olar edi.
Xullas, hech kimning eshik bilan ishi yo‘q, uning qanday ochib-yopilishi muammosini barcha unutgan, eng yomoni, Muyassar Qodirovnani ham eslaridan chiqargan – har gal eshikxonaga yaqinlashganlarida ko‘ngillaridan kechadigan xavotir allaqaylarga chekinib, qo‘shnilar yengil nafas ola boshlagan edilar. Muyassar Qodirovna birgina xonayu mitti oshxona to‘la iztirobga aylangan – bir zum halovati yo‘q, hatto kino ko‘rayotganda ham xayoli ketib qolar – ko‘zi ekrandayu, nima haqida gap ketayotgani tushunmas – ko‘ksidan ahyon-ahyonda “uf-f!” beixtiyor uzilib chiqar edi. Nahotki, bu dunyoda shu zumrashalarni tartibga chaqirib qo‘yadigan, undan boshqa odam qolmagan bo‘lsa! Nahotki, boshboshdoqlik ko‘ngliga kelganni qilsa! Nahotki, eshik taraqlab ochilib-yopilaversa!
Endi qa’tiyat ko‘rsatmasa, barcha sa’yi harakatlari bekorga ketishini opa tushundi. Avval – razvedka sifatida – qo‘ng‘iroq qilib, uyiga Zulxumor laylakni chaqirdi. Zulxumor Muyassar Qodirovnaning ovozidan nimanidir payqagan shekilli, odatiga xilof ravishda, qopqonga tushishdan cho‘chiyotgan quyonday ehtiyotgina bo‘lib kirdi. Muyassar Qodirovna qo‘li bilan oshxonaga ishora qildi. O‘zi stulga omonatgina cho‘kkan ayolning qarshisida o‘tirdi va uning ko‘zlariga qurbonni avrayotganday ilonday tikildi. Rahmatlik ustozlari o‘rgatgan: birovni sirini bilmoqchi bo‘lsang, gapirma, kulma; bor irodangni, kuchu qudratingni nigohinggga jamla! Nigohing nayzaga aylansin! So‘ng suhbatdoshingning ko‘zlariga tik qara-da, tikilib turaver, turaver, turaver… Nayza jon joyiga taqalib, bezovtalanadi, taraddudga tushadi. Ammo sen nayzani battarroq botir. Etu suyagidan o‘tib ketguncha, ko‘zingni uzma! Ana, shunda yutib chiqasan!
Laylak yarim daqiqa ham chiday olmadi.
– Ha, opa… – dedi u ko‘zlarini olib qochib. – Nimaga chaqirdingiz?..
U negadir qizarib ketdi – barcha xavotirini yengib, haqqini talab qilishga jur’at etgan, ammo hali murosadan umidvor odamday zo‘riqqan alfozda opaning ko‘ziga tuyqus qaradi:
– Nima qildim?..
Muyassar Qodirovna yuzida rasmiy jiddiyat – yana anchagacha Zulxumorga tikilib turdi.
– Nimalar bo‘layotganini xabaring bormi?
– Nimani so‘rayapsiz, opa?
– Eshikni taraqlatib ochib-yopishayotganini eshityapsanmi?
Zulxumor opaga istehzoli qaradi. Umrida birinchi bor istehzo etishga jur’at etdi:
– Yo‘q… Taraqlayaptimi?
– Qulog‘ing bitib qolganmi? Eshitmaysanmi, uy larzaga kelyapti-ku!
Opaning jirkibgina gapirishidan Zulxumor endi murosayu madora yo‘qligini tushundi. Ammo Muyassar Qodirovnani ko‘rganida paydo bo‘ladigan hadik, negadir birdan salqidi.
– Eshitmayapman. Kim taraqlatayapti? – dedi u va keskinlik aralashgan tovushidan o‘zi ham hayron qoldi.
– Ana u ro‘dopolaringning o‘g‘illari!
Zulxumor tushunmadi. Ro‘dapolar kim? Ammo ko‘ngilni g‘ash etuvchi suhbatni tezroq tugatishni, bu joydan tezroq chiqib ketishni o‘ylab, beixtiyor hamishagi – taralla bedod ohangga ko‘chishga urindi. Ammo lafzi baribir odatdagiday havvoyi jaranglamayotgan edi:
– “Ro‘dopo”lar deganingiz kim, opa? Gadolarni aytayapsizmi? Opa, mening gadom yo‘q. Men nima, gadolarning boshlig‘imanmi?..
Muyassar Qodirovna bu sayroqi qush chuldirashini boshlasa, to‘xtamasligini anglab, uning gapini bo‘ldi.
– Fotimaning uyidagi kelgindilarni aytayapman? Ko‘chama-ko‘cha ko‘rpa-to‘shagini ortmoqlab yurgandan keyin ro‘dapo bo‘lmay, kim?
Zulhumor gap kimlar haqida ketayotganini juda og‘rinib his qildi. Biroq qandaydir umid bilan ovozi titrabgina so‘radi:
– Zafarjon va Tohirjonning adasi bilan oyisini surishtiryapsizmi?
– Nimaga dovdiraysan? Zafarjoning kim?
– Naqa… iskripka chaladigani…
– Tohirjoning-chi?
– Tohirjon… Kattasi-de… Haligi…Rasm chizadigani… – Zulxumor bolalarning boshi ustida bulutlar quyuqlashayotganini, shu sabab tadbirkorlik bilan – har so‘zini o‘ylab gapirishi lozimligin fahmladi va birdan ularni maqtashga tushib ketdi:
– Juda yaxshi bolalar, opajon! Shunday yaxshi!.. Opa, bir Potini uyiga chiqing! Zafarjonning iskripka chalishini eshiting! Tohirjonning rasmlarini ko‘rsangiz…
– Skripkasi boshidan qolsin! Ro‘dopolarning sirqindilari-da! Nega ularing eshikni qarsillatib yopadi?
Zulxumorning boshi zirqirab ketdi.
– Ular ro‘dapo emas… – dedi u entikib.
– Bo‘lmasa, kim?
– Yaxshi odamlar…
– Topgan yaxshingni qara! Bu yaxshilaring farzandlariga tarbiya berishsa, bo‘lmaydimi?
– Zafarjon ham, Tohirjon ham juda odobli…
– Bu odoblilaring nega eshikni avaylab yopmaydi? Nima, birovga o‘tkazib qo‘yganlari bormi? Podshohning farzandi emaski, erkalik qilsa! Kelgindi odam sal bo‘ynini qisib turadi! Bu bolalar esa, mamlakat o‘zlariga qolganday, xohlagan ishlarini qilyapti! Axir, bu uyda boshqa odamlar ham yashaydi! Bu uyning eshigi bor!.. O‘zi eshikni qanday ochib-yopishni aytganmisizlar? O‘rgatganmisizlar?
Opa bilan bahslashmoq xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkinligini Zulxumor aniq sezib tursa ham, negadir qo‘rqmadi.
– Aytganmiz, opajon, aytganmiz… Hali ular bola-da! Bolaligiga boradi… O‘zim o‘rgatganman. “Mana, bunda-a-ay qilib ochasiz, keyin, mana, bunaqa-a-a qilib yopasiz”, deganman!
– O‘rgatgan bo‘lsang, nega u battollar bajarishmaydi! Mening qulog‘im kar bo‘lishiga oz qoldi! Aytib qo‘yay, oqibati yomon bo‘ladi!
Laylak biroz tin oldi. Yerga qaradi. Ko‘ksi og‘ir ko‘tarilib tushdi va birdan bossiqqina gapira boshladi.
– Opa, shu bolalarni tinch qo‘ying! Ular hozir juda… naqa… baxtli! Ikkalasi ham o‘qishga kirdi. Oyoqlari yerga tegmay, uchib yurishibdi! Ularning osmonini yer bilan bitta qilmang!
Muyassar Qodirovna bezarib ketdi. Bu Laylak nima, deyapti? Kimning tarafini olyapti? Bu ham dunyoning tartibini buzayotgan o‘sha ro‘dapolarga tamom qo‘shilibdi-da! Olma, olmadan rang oladi, deyishadi-ku! Bular kelgindi! Hammasi kelgindi! Bular adashib bu lunyoga kelib qolishgan! Allaqaysi betartib olamdan bu dunyoga balo-qazoni yetaklab kelishayapti! Yer yuzini to‘fongami, toshqingami bostirmaguncha, bular tinchimaydi. Bular tufayli hech kimda halovat qolmadi. Hamma bezovta… Muyassar Qodirovna ularni o‘z ixtiyoriga qo‘ymaydi! Odamlarni bezovta etishga ularning nima haqlari bor?
– Ogohlantirib qo‘yay, yana eshikni taraqlatib yopishsa, qo‘limdan kelganini qilaman! O‘sha Fotimanggga ham ayt, dunyoni ko‘ziga qorong‘u qilaman.
Zulxumor yerdan ko‘z uzmay tingladi, va da’fatan xayr-xush ham demay, indamaygina o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Eshikni ocharkan, beixtiyor ortidan ergashib kelayotgan opaning ko‘ziga, kutulmaganda, dadil qaradi.
– Yomon odam ekansiz, opa, – dedi u juda sokin, ammo mardona ovozda. – Juda yomon ekansiz.
U eshikni opaning yuziga, qarsillatib yopdi.
Muyassar Qodirovna serrayib qoldi.

Oting o‘chgur Zulxumor nima degan, nima qo‘ygan, yo hech narsa demaganmi, ammo hech narsa, o‘zgarmadi.
Eshik taraqlab ochilib-yopilaverdi. Muyassar Qodirovna qanchalik hushyor bo‘lmasin, bolalar tutqich bermadi. Opa o‘rnidan turguncha, qarolari muyulishda bir ko‘rinadi-da, g‘oyib bo‘ladi. Ro‘dapolarning boshqalariga aytay desa, mushukday chiqib, mushukday kirishadi: qachon ketib, qachon kelishlarini bilmaysan…
Ularga atalgan achchiq gaplar Muyassar Qodirovning ichida yig‘ilaverib, butun vujudiyu o‘y-xayollarini qamrab oldi. U bu achchiq gaplarni turli-tuman ko‘rinishlarda ichida takrorlar, ro‘dapolarni lolu karaxt etib, burdalab tashlaydigan yangi-yangi iboralarni o‘ylab topar, ro‘parasida yer bilan bitta bo‘lib qolishlarini tasavvur etib quvonar, ammo buning iloji topilmayotganidan, uvvos tortib, o‘zini devorlarga urgisi kelar edi. Eng alamlisi, Zulxumor laylakning o‘zgargani! U ham eshikni namoyishkorona –qarsillatib yopadigan bo‘ldi! Opaning derazadan qarab turgani sezib tursa ham, hech kimni ko‘rmaganday, hech narsa ro‘y bermaganday, kungaboqarni qarsillatib chaqib, po‘chog‘ini atrofga puflagancha, likillab – beparvo yurishda bozorga qarab ketadi. Opaning ichi qaynab qolaveradi. Agar eski zamon bo‘lgandami! Shu Laylakning shaxsiy ishini umumiy majlisga qo‘yib, bir muhokama qilinganidami! Pinhon xonaga etib, birortasi yarim soatgina savolga tutgandami! O‘shanda ko‘rar edi u!
Faqat Fotima o‘zgarmadi. U o‘sha-o‘sha – opaga zarra ham e’tibor bermaydi – ko‘zini yerga uzmay, salom beradi-da, o‘tib ketaveradi! Uning o‘zgarmaganidan Muyassar Qodirovnaning g‘azabi negadir battar o‘t oladi. Hammasini shu juvonmarg o‘lgur boshlayapti!

Muyassar Qodirovnaning ko‘nglini xotirjamlik – serial ko‘rayotganida tuyadigani rohat-farog‘at tamoman tark etgan, o‘zini majburlab, tomosha qilgani bilan hech vaqoni tushunmas, mudom g‘azabda o‘rtanib, fig‘oni falakka chiqqani chiqqan edi. Opa bir kuni o‘zini – yotoqxonadan oshxonaga, oshxonadan balkonga o‘tib – ro‘dapolarga aytadigani aytgancha, gapirinib yurganini sezdi.
Behalovatlik uning bor-yo‘g‘ini qamrab olgan edi.

Eshik yana taraqladi.
Muyassar Qodirovna yugurib deraza yoniga keldi. Ammo hech kim ko‘rinmadi. Ajabsinib hovliga nazar tashladi. Derazasidan yiroqroqdagi chinor tagida uymalashib turgan odamlarga ko‘zi tushdi. Ular nima qilyapti? Ko‘ngliga xavotir tushib, shippagini oyog‘iga ildi-da, shiddatli yurishda tashqariga chiqdi. Chinor tagidagi skameykada Erkin nafaqador qo‘llarini ko‘ksida chalkashtirib o‘tiribdi, bir bolakay tik turgancha, unga dam-badam qarab-qarab, katta albomga nimanidir shiddat bilan chizayapti. Uning atrofini esa bir to‘da odam – Zulxumor laylak, to‘rt-besh o‘spirin, mudom torga kir yoyadigan ayol, bir qo‘lini beliga qo‘yib gap sotadigan kampir, Yigitali, yana tanish-notanish qo‘shnilar o‘rab olgan – barchasi albomda paydo bo‘layotgan nafaqadorning qiyofasiga berilib, hayratga tushgancha, qarab turishibdi.
– O‘xshayapmanmi? – deb so‘raydi Erkin nafaqador.
– O‘xshayapti! O‘xshayapti!.. – deydi barcha negadir xursand bo‘lib.
– Shunday… Shunday… Qimirlamang… Xuddi shunday jilmayib turing!.. Juda chiroyli!.. – Nihoyatda jiddiy samimiyatda pichirlaydi bola. – Shunday… Qimirlamang!.. Chiroylisiz, amaki… Juda chiroyli!.. Hozir… Ajinlaringiz ham chiroyli!..
– Voy, ajinlari chiroyli bo‘lmay ketsin amakingizni, Tohirjon!.. – deydi bir qo‘lini hech qachon belidan olmaydigan kampir.
Hamma bolaning ishidan ko‘z olmay, kuladi. Skameykada bujmayib o‘tirgan Erkin nafaqador ham jilmayadi. Muyassar Qodirovna esa seskanib ketadi.
Tohirjon degani shu ekan-da!
– Voh! Juda yaxshi!.. Chiroylisiz, amaki!..
Bolaning qo‘llari tinmay harakatlanadi.
– Menda ko‘rk qolganmi? – tuyqus ko‘nglini ochgisi kelib, guring boshlaydi nafaqador. – Qirq yil konda ishlagan bo‘lsam…
U bir qo‘zg‘olib oladi. Ko‘ksida chalkashgan qo‘llari yoyiladi.
– Qo‘zg‘olmang, amaki! Qo‘zg‘olmang deyapman!.. – deydi bola allaqanday toshqinlanib – Gapirmay turing!.. Iltimos!.. Iltimos!.. Avvalgi ko‘rsatganimday turing…
Erkin nafaqador bolaning gapidan negadir og‘rinmaydi. Nega buyruq beryapsan, demaydi. Jilmayganicha itoat bilan qo‘llarini chalkashtiradi-da, avvalgi holatiga qaytadi. Bolaning qo‘lidagi qalam esa bir zum harakatdan to‘xtamaydi. Tomoshabinlar ham yana jiddiy tortib, bolaning albomida surat tobora aniqlashib, yorqinlashib borayotganiga mahliyo bo‘lgancha, tinib qoladilar.
Muyassar Qodirovnaning joni xalqumiga keladi. O, bu bola sehrgar! Ro‘dapolarning ham-m-masi sehrgar! Kim ko‘rinsa, ularning sehru-jodusiga ilinadi! Mana shu bo‘yi jimjiloqday mishiqi ham barchani avrab olgan. Sirkasi suv ko‘tarmaydigan Erkin cholni qarang! Shu odamga “unaqamas, bunaqa” deb bo‘ladimi? Dunyoni suvga bostiradi-ku! Yuro-yur qilib, o‘limni ham yoniga yaqinlashtirmaydigan shunday odam, mana, endi shu jodugarbachchaning buyrug‘ini miq etmay bajarib, aytganiga ko‘nib, mo‘min-qobilgina bo‘lib o‘tiribdi… Hali bu ro‘dapolar dunyoni ostin-ustun etishini bu tajang qariya qayerdan bilsin!
Uning yuragi tez-tez ura boshlaydi. Nazarida, dunyoning hamma eshiklari taraqlab ochilib-yopilayotganday tuyuladi. Taraq-turuqdan boshi gangib, qulog‘i chinggillab ketadi. Endi shaytonga hay berib, sabru toqat etsa, yuragi yorilib, miyasi portlashi aniqligini his qiladi!
– Tohir senmi? – deydi u ovozi titrab.
Opaning ichida yig‘ilib qolgan g‘azab hamlasi qo‘shilganidanmi, bu savol yoz kunida qaydandir adashib kelgan qishning izg‘irini kabi sovuq ufuradi. Odamlar ilkis junjikib, Muyassar Qodirovnaga qaraydi. Faqat bolakay savolni ham eshitmaydi, opadan taralayotgan sovuqni ham payqamaydi. U bu savoldan juda yuksakda – Qodir Parvardigor murg‘ak ruhu joniga baxshida etgan Parvozning qanotida sarsari uchar, yaratishning shavqu zavq irodasi jismini tamoman qamrab olib, o‘zidan boshqa hech kim sezmaydigan elas-elas pinhonliklar chegarasiga yetgan – u joydan hamma narsani, hatto Erkin cholning yuzidagi ajinlar chiroyli ekanligini ham ko‘rish mumkin edi. Bolani uchirib, yuragini rango-rang mavjda to‘lqinlantirayotgan bu kuchning nimaligini bu mishiqi nari tursin, hatto daho deb tan olingan Ustozlar ham tushuntib berolmagan – Ilohning qudrati ila “ijod” atalmish besarhadlik sari boshlaydigan shijoatning nomini – noilojlikdan – so‘z topib bo‘ladimi? – jaydarichasiga “ilhom” deb qo‘ya qolishgan edi! Bu Parvozga Muyassar Qodirovnayu, uning savoli qayerdan yetsin!
Bola tinmay pichirlaydi:
– Yaxshi… Yaxshi!.. Go‘zalsiz, amaki!.. Go‘zal!.. Hozir!..
Muyassar Qodirovna, battar to‘lg‘onadi. Nega bu bola uni pisand etmaydi? Nega o‘zini eshitmaganga oladi? “
– Tohirjon degani senmisan? Nega o‘zingni karlikka olasan?
Opaning ovozi nihoyatda g‘azabli jaranglaydi. Bu g‘azabli hayqiriqni eshitmaslik mumkin emas edi. Ham-m-ma eshitadi! Bola sehridan yuqqan hayrat ham-m-maning yuzidan sidirilib, oyoq ostiga tushadi. Birdan falakdagi Parvozning qanotlari shalvirab, changu tuproqqa yiqiladi, bolaning yaraqlagan ruhi shiddatidan barcha darvozalarini ochib borayotgan sarhadlar shu zohatiyoq taqa-taq bekiladi. Sarhadlarning dahshatli zalvori esa olislardan lahzada yetib kelib, bolaning ko‘ksiga, bo‘g‘ziga tiraladi. Erkin nafaqador ham bir qalqiydi-da, bolaning iltimosini unutib, qo‘llarini yoyib yuboradi, Zulxumor laylak “e-e… “ degancha, Muyassar Qodirovnadan yuz o‘giradi, albomga tikilib, og‘zi ochilib qolgan kampirning beixtiyor belidan tushgan qo‘li, yana joyiga qaytadi, Yigitali mashina yuvadigan dokani o‘ng qo‘lidan chapiga oladi, doim kir yoyadigan ayol negadir cho‘chib, torda quriyotgan choyshablariga bir qarab qo‘yadi…
– O‘zingni anqovlikka solma? Senga aytayapman?
Bola bozor o‘rtasida uyqusidan uyg‘ongan odam kabi garangsirab, nima bo‘layotganini anglamay jovdiraydi. Birov olib qo‘yadiganday albomni bag‘riga bosadi.
– Sen, juvonmarg, nega eshikni taraqlatib, ochib-yopasan? Senda o‘zi tarbiya bormi, uying eshik ko‘rmagur!
Bola nimadir demoqchi bo‘ldiyu ammo Muyassar Qodirovnaning vajohatini ko‘rib, tili aylanmaydi. Sukunat cho‘kadi.
– Nima-a? Nima dedi-i?
Qo‘lini belidan olmaydigan kampir sukunatni pisand etmay, oldinga bir qadam tashlaydi.
– Nima dedi-i-ing?
– Bu bola eshikni taraqlatib yopgani yopgan!
Eshikning taraqlab yopilishi dahshatini anglashga urinib, xaloyiq yana jim qoladi.
– Nima-a?..
– Bu bola eshikni…
– Vo-ya! Vo-ya!.. – deya uning gapini bo‘ladi Zulxumor, yuzini taxir meva yeganday burishtirib.
Tomoshabinlar yengil nafas oladilar.
Kampir esa yana bir qadam olg‘a tashlaydi:
– Shunga shunchami? – deydi u. – Shunga bir norasidaning boshiga dag‘dag‘a qilib keldingmi? Uyat-e! Bor, uyingga bor-e!
O, bular allaqachon birlashib bo‘lishgan! Endi bir yoqadan bosh chiqarib, uni taqib ostiga olishyapti!
– Bu bolaga hali ko‘rsatib qo‘yaman! Ro‘dopolarning hammasiga ko‘rsatib qo‘yaman!
Yigitali shaxdam yurib, uning qarshisiga boradi.
– Opa, boring!.. O‘zingizni ham, odamlarni ham kayfiyatini buzdingiz… Boring, Muyassar opa!..
– Men Muyassar Qodirovnaman! – opa dag‘-dag‘ qaltiray boshlaydi. – Bilmasangiz, bilib qo‘ying!.. – So‘ng bolaga qarab, jon-jahdi bilan baqiradi: – Kelgindi! Ro‘dapo!..
Bola albomni bag‘riga bosgancha, jazavasi tutib, baqirayotgan bu xotindan ko‘z uzmay turar, uning jiddiy tortgan yuzida biror-bir ifoda yo‘q, faqat iyakchasi ahyon-ahyon titrabgina qo‘yadi.
– Obbo! – Erkin nafaqador skameykadan yigitlarday shaxt sakrab turadi. – Muyassar! Sen, mana, menga gapir! Menga gapir!.. Men bilan gaplash…
O, bular buncha ko‘p!
Muyassar Qodirovna ichi yonib ketayotgan bo‘lsa ham, o‘zini majbur etib, ortiga buriladi. Endi qo‘lidan kelganini qiladi! Endi hech kimni ayamaydi! Hali uning sovuniga kir yuvishmapti! Bularga eshikni qanday yopishni ko‘rsatib qo‘yadi! Urug‘ini quritadi! Isqirtlar! Ro‘dapolar!

Hovlidagilar esa negadir xijolatli alfozda turib qolishdi. Zulxumor tashabbusni qo‘lga olib, vaziyatni tiklamoqchi bo‘ladi.
– Ko‘yinglar! O‘zi opa sal naqa-da… Erkin doda! Iskameykaga o‘tiring!.. Tohirjon aytganday, qo‘llaringizni naqa etib…
Erkin nafaqador skameykaga o‘tiradi. Qo‘llarini “naqa” etadi.
– Qani, Tohirjon! Daftaringni och! Chiz!..
Bola qimirlamaydi. U albomni, birov olib qo‘yadiganday, ko‘ksiga mahkam bosganicha, qotib turadi.
– Tohirjon! Chiz, bolam! – dalda beradi bir qo‘lini belidan olmaydigan kampir. – Chizaver!..
Ammo bola qilt etmaydi.
– Parvo qilma, – deydi Yigitali uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib. –Qani, ishingni boshla!
Bolaning jimgina turar, ko‘zlariga esa tubsiz mung cho‘kkan – ehtimol hozir totgani notanish xo‘rlikning behayo jussasini qarshisida ko‘rib turganday, – undan “senga nima qilgan edim?”, deb so‘rayotganday edi. Tohirning iyagidagi titroq lablariga ko‘chgach, boshini egadi.
– Tohirjon, chiz!.. – deydi Zulxumor yurak-yuragidan yolvorib.
Bola “yo‘q” deganday bosh tevratadi va burilib jo‘naydi.
Xudoyim! Bu bolaning ketishini!..
Barcha etlari uvishib, uning otidan qarab qoladi.
– Yaxshi bola ekan!.. – deydi mudom torga kir yoyadigan ayol.
Erkin nafaqador ko‘zlarini barmog‘i orti bilan artadi:
– Bu Muyassar xudodan topadi! – deydi u.

Muyassar Qodirovna kimligini ko‘rsatish ishiga jiddiy kirishib ketdi.
Fotimaning uyini tekshir-tekshir boshlandi. Uyingdagi odamlar kim? Nima qilishadi? Hisobdan o‘tganmi, yo‘q? Har kun sumkali, portvelli, qo‘lida daftar-qog‘oz ko‘targan kimlardir qatnagani qatnagan. Mahalla boshlig‘i ham shu yerda, turfa nozirlar ham ikki kunning birida ko‘rinish beradi, yana allakimlar… Muyassar Qodirovna balkondagi deraza yoniga stul qo‘yib, “kuzativ punkti” qurib oldi. Opa kun bo‘yi bu keldi-ketdini derazadan mamnuniyat bilan kuzatadi. Serial ko‘rishlar tamom unutildi. Inson haqiqat uchun kurashganda, mana shunday yo‘qotishlarga ham jazm etar ekan!
Eshik esa baribir onda-sonda qarsillab ochilib-yopilaverdi.
Zinadan birovning qadam sadosi eshitilmaydi, tashqaridan birov kelmaydi, ammo eshik qarsillaydi!
Albatta, kelgindilar! Uni masxara etishyapti! Besas kelib, eshikni qarsillatadilar-da, g‘oyib bo‘ladilar. Yo… Ha-a, to‘g‘ri!.. To‘g‘ri! Ular jodugar! Shuncha odamni avraganlaru, bir eshikka sehru makrlari o‘tmaydimi? Bular dunyodagi barcha eshiklarni sehrlab qo‘yishsa, ahvolimiz ne kechadi? Ular barcha eshigu darvozalarni lang ochadi! Dunyoda tartibsizlik boshlanadi!
Bir marta Muyassar Qodirovna ko‘nglidan kechgan bu xayollarni hatto Rahimjonov domlaga aytdi. “Xo‘sh, ayting-chi, keyin nima bo‘ladi?”, dedi. Domla beozorgina kuldi:
– Endi… Nima desam ekan?.. – dedi u, opani og‘rintirmaslikka harakat qilib. – Keyin hammasi yaxshi bo‘ladi… Qo‘rqmang!.. Asli bular tartibli odamlar…
Opaning jon-poni chiqib ketdi:
– Tartibli odam eshikni qarsillatib yopadimi?
– Endi bolalar-da… Ular boshqacha-da!..
– Nima, ularning ortiqcha joyi bormi?
– Ortiqcha joyi yo‘q… Yo‘q… – domla beozorgina qarshilik qildi. – Nima desam ekan?.. Ularning tartibi… – Rahimjonov qo‘li bilan falakka ishora etdi, – u yoqda… Ularning tartibi faqat Parvardigorga ayon!..
Keyin u mayingina iltimos qildi:
– Endi… Shu odamlarni tinch qo‘ysak…
Muyassar Qodirovnaning Muyassar Qodirovnaning qoni qaynab, miyasiga urdi. Bu ham o‘shalardan! O‘shalardan! Aytgan gapini qarang! Nega tinch qo‘yar ekan? Hech qachon! Hech qachon!
Eshikxona oldida bilinar-bilinmas chayqalib, dard ustiga chipqonday turgan usta Ahmadga duch keldi.
– Opa… Kechirasiz… Muyassar… …rovna!.. – dedi usta mo‘jizaga duch kelgan odamday dovdirab, – Yoningizdagi odam… qani?
Opaning kayfi uchib ketdi. Bu alkashning esi joyidami?
– Qanaqa odam?
– Yo… men ko‘rolmayapmanmi?..
– Nimalar deb aljirayapsan?
– Kim bilandir bahslashib, jig‘ibiyrogon bo‘lib kelyapsiz-ku? O‘sha odam… qani?..
Muyassar Qodirovna yoniga bir qarab oldi. So‘ng, bu harakatidan o‘zi izza bo‘lib, uni jirkib tashladi:
– He, ichmay o‘l!
Usta jirkishdan zarra cho‘chimadi.
– Yo‘q… Opa.. Kechirasiz… Muyas… …rovna! Siz yoningizdagi birov bilan… urishib kelyapsiz. O‘sha odam… qani?
– Ko‘zingga ko‘ringan! Ozroq ich!
Opa qarg‘anib, uyiga yo‘naldi. Ammo eshikni risoladigiday ochib-yopishni unutmadi.

Muyassar Qodirovna maqsadiga yetdi.
Shahar ko‘chalariyu hovlilariga kuz oralab qolgan kunlardan birida nihoyat ULAR eshikxonadan chiqdi.
Oldinda ikki katta bozor sumkani arang ko‘targan Fotima, ortidan allaqanday lash-lushlarni qo‘ltiqlagan usta Ahmad, yonida yelkasiga ko‘rpa-to‘shak ortmoqlagan o‘tttiz besh-qirq yoshlardagi yigit; ulardan sal keyinroq uch-to‘rt qappaygan qo‘shbog‘ tugunlarni yelkalariga ilib, qo‘llariga ham allaqanday xaltachalarni ushlagan – boshini tang‘ib bog‘lagan yoshgina ayol; to‘rt-besh qadam orqada esa katta-kichik ikkita bola – Zafar va Tohir. Zafar skiripka g‘ilofini quchoqlab olgan, Tohirning ikki qo‘lida ikki bog‘lam kitob… ULAR tegralaridagi nogahon qalinlashgan kuz havosini arang yorib,, og‘ir qadam tashlab borishyapti.
Ketishdi! Nihoyat, yo‘q bo‘lishdi!
Derazadan qarab turgan Muyassar Qodirovnang ko‘nglida beqiyos shodu xurramlik barq urdi. Tomirlariga baxtiyorlikning iliq lazzati taralayotganini his etdi. ULAR qo‘shni uyning burchagidan g‘oyib bo‘lgancha, bu lazzat og‘ushida rohatlanib, qarab turdi-da, so‘ng yengil bir yurishda borib, teleochqichning murvatini buradi. Endi xohlagan kinosini ko‘radi! Xohlagan serialini tomosha qiladi!..
Ammo…
shu payt
eshik yana
qarsillab
yopildi.
Uning tovushi Muyassar Qodirovna vujudida hozirgina barq urib turgan baxtiyorlikning anvoyi gullarini qilich kesganday, bir sermab, yakson qilib o‘tdi.
Opaning rangi oqarib, turgan joyida o‘tirib qoldi.

Opa kurashdan chekinmaslik kerakligini yaxshi biladi. Endi shoshilinch qo‘shimcha chora-tadbirlar kerakligini – bu yaramaslik kimning qo‘li ekanligini fosh etish, zararkundalikni tomiri bilan yulib tashlash lozimligini angladi. Shu sababdan, u “Kuzatuv punkt”ini o‘zgartirdi – uyidan chiqib, eshikxona oldidagi qachonlardir usta Ahmad yasagan bejirim skameykaga mustahkam joylashib oldi.
Endi tartibbuzar qochib qutulolmaydi! Endi sehru jodu o‘tmaydi! Uning ko‘z oldi-da birov eshikni taraqlatib ko‘rsin-chi!
Haqiqatdan hech kim bu ishga oshkoro jur’at etolmadi.
Qo‘shnilar eshikni avaylab ochib, avaylab yopishar, biroq ular Muyassar Qodirovnaga salom berishni tamoman unitgan edilar. Qo‘shnilar eshikxonadan chiqqanda, ularning tovozesiga ko‘nikkan opa avvaliga alik olishgan hozirlanib turdi. Bir gal hatto eldan burun “vo…” deb alikni boshlab yubordi, biroq xayriyat, o‘z paytida to‘xtatib, mas’uliyat zalvoridan horigan odamning “vo-ey!..”iga aylantirishga ulgurdi!..
Salom berishmasa, sadqai sar! Eng muhimi, eshik taraqlamayapti.
Muyassar Qodirovna bilan hazillashib bo‘lmaydi! Ikki kun kallai sahardan bir mahalgacha eshikxona oldidan jilmadi. Uchinchi kun endi muzaffar damlar yetganini, bemalol televizor ko‘rishi mumkinligini tushundi. Uyiga kirib, endi teleochqichga qo‘l uzatganda, eshik qarsillab yopildi.
U tashqariga otilib chiqdi.
Hech kim yo‘q.

Muyassar Qodirovnaning sarson-sargadonligi boshlandi. Dushmanlar nihoyatda ayyor edi. Ular endi ko‘rinmay eshikni taraqlatib yopishni hadisini oldilar. Opa esa dam uyga kirar, dam tashqariga otilib chiqar – g‘azabdan ko‘karib, atrofga sinchiklab qarar, hech kimning qarosi ko‘rinmagach, uyiga qaytib kirar, ammo yana eshik taraqlab qolar edi.
Muyassar Qodirovna – irodali odam.
U endi eshik oldidan bir zum jilmay, o‘tirishga qaror qildi.

Besh-olti soatlik uyquni aytmasa opa o‘z “post”ini bir lahza tark etmay, kuzni o‘tkazdi. Sovuq-qiron kunlar keldi. U hammani hayron qoldirib, hamon o‘z “post”ida – eski paltoga o‘ralib, titrab-qaqshabgina o‘tiraverdi. Oxir qo‘shnilarning sabru-toqati tugadi. Kutulmaganda, Fotima bilan Rahimjonov domla Muyassar Qodirovnaga risoladagiday salom berishib, uning qarshisida to‘xtashdi.
– Muyassar Qodirovna, – dedi nim tabassum bilan domla, – Muyassar Qodirovna, sovuqqa o‘zingizni oldirib qo‘yasiz, uyga kiring!
Opa qahr bilan unga qaradi. Indamadi.
– Opajon… – dedi Fotima.
Uning ovozidan mehru muhabbat ifori ufurdi. U qandaydir chorasizlik chohida qolgan opasini uchratganu, ammo qanday qilib, qutqazishni bilmayotgan egachining achinishida Muyassar Qodirovnaga egildi:
– Ichkari kiring! O‘zingizni qiynamang! Qora sovuq bo‘lyapti, opajon! Qaltirashingizni qarang!
– Meni uyga kirgizib, eshikni taraqlatmoqchimisizlar? – Baqirdi opa. – Murodlaringga yetolmaysizlar!
– E, shu prujina ham!.. – dedi domla g‘ayratlanib. – Hozir Ahmadni chaqirib, oldirtirib tashlaymiz! Hammamiz shu balodan qutulamiz!
Opa o‘rnidan turib ketdi.
– Yo‘q! – dedi prujinani olinsa, joni chiqib ketadiganday. – Yo‘q!..

Duxtirlar kelishdi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilishdi. Vrachlar u yoq-bu yoqdan opa bilan ajib bir muloyimlikda gaplashgan bo‘lishdi. Bir-birlariga ma’noli qaradilar. So‘ng avrab-suldab, Muyassar Qodirovnani “Tez yordam”ga chiqarishdi. Fotima ham opaning ortidan mashinaga kirdi. Mashina negadir tekis asfalt yo‘lakchadan ortiqcha silikina-silkina, katta yo‘lga chiqib ketdi.

Bahor keldi.
Nechanchi bor bozorga borib-qaytgan Zulxumor xirgoyi qilganicha, uyining derazasini ochib yubordi-da, televizor qarshisidagi kresloga o‘tirdi. Kreslo yonidagi choystol ustiga qog‘ozga o‘ralgan kungaboqarni to‘kkach, ekranga ko‘z tashladi.
– Voy, – dedi u tuyqusdan quvonib. – Voy!
Ekranda Fotima ko‘rindi. U kattagina xonani to‘dirib o‘tirgan – hammasi bir yo‘sinda yo‘l-yo‘l kiyim kiygan erkak-ayollarga tselofan xaltachalarda sovg‘a ulashyapti. Nimasi bilandir bolalarga mengzaydigan erkak-ayollar minnatdorchilik bilan tortiqni qabul qilishyapti. Hammasining ko‘zida quvonch – archa bayramdagi bolakaylarning xuddi o‘zi. “Boyoqishlar kasal, – deb o‘yladi Zulxumor. – Kasal!.. Anaqa kasal!.. Bechoralar! Potini ishini qarang!.. Voy, Poti!.. ”.
Yoshi o‘tgan bemor ayol o‘zidan yo‘q quvonib, o‘rnidan turdi. U hayajonlanib – shodiyona kulishda – Fotimaning qo‘lidan sovg‘ani oldi. Nim ta’zim qildi. Fotima uni bag‘riga bosdi. Qayta-qayta bosdi. Yuzlaridan o‘pdi. Sochlarini siladi.
Zulxumor ayolni tanidi. Muyassar Qodirovna!
– Voy, Poti!..
Zulxumor yig‘lab yubordi.

13.10.2016.