Usmon Azim. G‘oz (hikoya)

Alpomish chohga tushganini bilasiz. Chohga yarador g‘yz qulaganini ham bilasiz. G‘ozni otolmagan shakaman mergan oru nomusdan yurak bag‘ri ezilib yiqilganini ham bilasiz. Alpomish g‘ozni davolab, qanotiga xat boylab, yurtiga elchi qilib uchirganidan ham xabaringiz bor. G‘oz yana mergan kulbasi ustidagi tog‘ning boshiga qo‘nib, qang‘illaganidan ham, kasal yotgan ovchi qo‘liga yoy olganidan ham, shu g‘oz o‘lsa Alpomish xor, Qo‘ng‘irot eli zor bo‘lishini xudo ko‘ngliga solgan merganning enasi «hay-hay»lab qushni uchirib yuborganini ham eshitgansiz. Alpomish yurtiga qaytib, Barchin yeriga tasallilar aytib, Yodgor o‘g‘lini bag‘riga bosib, Qo‘ng‘irotning ko‘nglini yozib o‘tganini ham qulog‘ingiz ilib qolgan.
Ammo g‘ozni otolmagan shakaman merganning holi ne kechdi? Bilmaysiz.
O‘z bolasini baloga topshirib, g‘ozni uchirgan bechora kampir bemor farzandining boshida qanday kun ko‘rdi? Bilmaysiz…
Mana endi biz ana shu bilmaganingiz haqida yozamiz. Odatimiz shunaqa — birov gapirganini qaytarib yurmaymiz. Zerikmang, deymiz-da, gapdan charchagan dunyoning gapdon bolalari!..
Xullas, bizdan eshiting.
Kampir «hay-hay»ladi. O‘q tegmadi. G‘oz bir aylanib, o‘takasi yorilib, «Boysun-Qo‘ng‘irotga yetguncha, qanotimni toldirma», deb tangriga yolvorib, balandlab uchib ketdi. Mergan kuni yetganini sezdi — «enamki g‘ozni mendan avlo bildi, paymonam to‘lgan ekan, gulim ochilmay so‘lgan ekan», deb oh urib, olam ko‘ziga qorong‘u ko‘rinib, to‘shakka yetmay yiqildi. Kampir bechora «voh, bolamilab, o‘zini farzandining ustiga tashladi, ko‘zlarini yoshladi.
— Bolam,— dedi kampir,—qaddingni ko‘tar, hali bu tog‘ning boshidan sela-sela g‘ozlar o‘tar, istagan g‘ozingni otib olishga kuching yetar…
— Ena, men sezib turibman, bu g‘oz qaytmaydi. Menga boshqa g‘ozning nima keragi bor? Otgan o‘qim xato ketmagan mergan edim. Endi or-nomus meni omon qo‘ymaydi… Hay, ena! Nodon ena! Bir g‘ozni farzandingga ravo ko‘rmading — meni o‘ldirgan asli sensan.
Mergan shunday deb bo‘zladi, bechora enasining jigar-bag‘rini tuzladi. Kampir yig‘lab ichkari kirib, tashqari chiqyapti, bolasining boshida o‘rgilyapti, dili vayron, taqdirning nogahon zulmidan hayron, o‘g‘liga, balki o‘ziga madad berib so‘zlayapti:
— Bolam! Jonim bolam! Men ham xudoning bir kuygan bandasiman. Olloq ko‘ng-limga soldi… U g‘ozsiz ko‘p yomon bo‘lardi, Boysun-Qo‘ng‘irot tomom bo‘lardi, Alpomish chohda qolardi. Barchinni Ultontoz, olardi… Bir yurt yo‘q bo‘lardi, jon bolam! Ammo sensiz menga bu dunyo qorong‘u! Ollohdan bir umringni so‘rab olmasam, enang bo‘lib nima qildim,— deb yig‘layapti.
Mergan kun sayin kuchdan ketib, qoq suyak bo‘p qolyapti, so‘nggi kuni armonda — Azroilning sharpasini sezib boryapti… Or-nomus uchun o‘ladigan zamonlar ham bo‘lgan-da, birodarlar!
Kampirning qilmagan davosi qolmadi. Bir qo‘yi bor edi — chiltonlarga bag‘ishlab, so‘yib, elga xom talash etdi. Parilarning jodusi kesilsin deb, bir tovug‘ining qoniga paxta bulab, farzandining boshidan aylantirdi. Qirq mulla chaqirib chilyosin o‘qitdi. Nafasi o‘tkir bir parixonni keltirib, bir parcha po‘stakka dam soldirib, bo‘sag‘aga ko‘mdi. Bemorni qorong‘i xonaga qamab, chiroq yoqdi. Samandar ko‘sani toptirib kelib, jar soldirdi… Bemor o‘ziga kelmadi.
Qirq daradan narida Bo‘lgan kal degich bir folchi bor edi. Zo‘r edi — o‘tirgandan qirq yurim, yugurgandan qirq turum topardi. Birovning ismini eshitsa, umrini matalday aytib, xudo buyur’magan kasallarga umrini qaytib beraverardi.
Kampir shu kalni topib bordi. Qirdan folchining uyiga tushib kelaverdi… Kal kapasidan chiqib kampirga baqiraverdi:
— Qayt! Kampir, qayt! Men fol ochishni tashlaganman! Qayt kelgan yo‘lingga deyapman! Qayt!
— Bo‘lgan inim! Ming afsunga to‘lgan inim! Bolamning dardiga davo izlab, qoshingga biyaday bo‘zlab q«lyapman! Qayt demagin! Jonimni olsang ol! Molimni olsang ol! Faqat beumid qaytarma…
Sho‘rlik kampir kalning kapasiga yaqin kelolmaydi — betda turib zorillayapti, bechora Bo‘lganni ham bir bilgani bordir-da, kampirni yaqin keltirmaydi.
— Molingni ololmayman — talonchi emasman, joningni ololmayman — tangri emasman… Kampir! Qayt! Meniyam qiynayverma!.. Fol ochishni tashlaganman… Ochgan folim teskari chiqyapti. Faqat tangridan umid kut.
— Hech bo‘lmasa bir sirni ayt, Bo‘lgan inim. Men xudoga nima yomonlik qildimki, yolg‘iz bolamni, ko‘zimning oqu qorasini bedavo dardga duchor qildi?
— Ko‘zimni yoshlatma, kampir! So‘rab nima qilasan? Sen fidoyilik qilding! Bu dunyoda fidokorning ishi og‘irdir… Endi qaytaver, kampir! Boshqa bir so‘z aytmayman. Hammamiz ham bandamiz — xudo boshimizga nimaki solsa, sabru toqat bilan qabul qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q…
Kampir bildiki, bu kal boshqa hech narsa demaydi. Ko‘ngli alag‘da, bechora, yana bolasining qoshiga qirq dara oshib, halloslab chopib keldi. Merganning qirq jonidan yigirmasi uzilgan, rangi za’faron — qoni buzilgan, «armonda ketar bo‘ldim», deb shiftga qarab yotibdi. Enasining kelganini sezib, burilib qaradi… Birodarlar! Odam degani jon chiqquncha umid qilaverar ekan — mergan enasi bir xushxabar olib keladiganday tikildi. Kampir yerga qaradi: xudo shifo bersa, otday o‘ynoqlab ketishini aytdi.
Kampir so‘layotgan o‘g‘liga qarab, chidab turolmadi. Itni so‘yib, go‘shtidan sho‘rva qildi. Suvarak yemagan dasht kirpisining qonini ichirdi. Hammasini yig‘lab-yig‘lab, «bechora bolam»lab o‘zi so‘ydi, o‘zi pishirdi. Tog‘ boshiga g‘ozlar qo‘nganda, «o‘sha g‘oz» kelganini aytib, farzandini aldab ko‘rdi — mergan qushlarning ovoziga bir dam quloq tutib turdi-da, «yo‘q» dedi, qovjiragan lablarini arang qimirlatib.
Endi kampir Luqmoni Hakimni daraklab jo‘nadi. Qirq kun yo‘l yurdi, qirq tog‘dan, qirq cho‘ldan o‘tdi, Bir kun qarasa, soqoli beliga tushgan bir mo‘ysafid o‘tu o‘lanlar bilan gaplashib kelyapti. .
— Sen, jirg‘anoq, sharbat bo‘lasan… Qariqiz, sen kasallarni terlatasan… Yulg‘in, pismiq, nega yashirinyapsan? Arilarga asalni kimberadi, tentak! Afsonak! Zaharliman deb xafamisan? Zahring ham dori-ku! O‘savermaysanmi?..
Kampir cholga egilib salom berdi. Chol unga bir razm solib qaradi-da:
— Nega menga egilding, odamlarning ulug‘i?—dedi og‘rinib.— Aksincha, men senga ta’zim etmog‘im darkor edi. Men hayotimda mingta, maqtanib aytsam, o‘n mingta odamni hayotini saqlab qoldim. Sen bo‘lsa… E-he!..
Chol kampirning haqiqiy ulug‘vorligini ko‘rsatmoqchiday, ikki qo‘lini yoyib butun dunyoni ko‘rsatdi. Bechora kampir chidab turolmadi — Luqmoni Hakimga umid bilan tikilib, poyiga yiqilib, yoshiga yoqasi ho‘l bo‘lib, xunobasi mo‘l bo‘lib izillaverdi.
— Men qaydan ulug‘ bo‘lay, Luqmoni Hakim! Bir bolamning dardiga davo topolmasam…
Luqmoni Hakimuni yerdan ko‘tardi, yoshini artdi, sochlariga ilashgan xaslarni otdi.
— Bir yurtga dorilomonlik bergan odam ulug‘ bo‘lmay, men ulug‘ bo‘laymi, kampir! Kampir yana izillab yolvorishga tushdi:
— Agar men ulug‘ bo‘lsam, bolamning dardiga davo topib ber, ey, Luqmoni Hakim! Iloyo bu dunyoning yomonidan yomon yashay! Faqat bolam armonda ketmasin!..
Luqmoni Hakim og‘ir o‘yga toldi.
— Sen olam ko‘rmagan fidoyilik ko‘rsatding,— dedi u nihoyat, chuqur xo‘rsinib.— Endi chidamoqdin boshqa yo‘l yo‘q. Chida, kampir! Neki boshingga tushsa qanoat et!.. E, falak!..
Luqmoni Hakim bir «oh» urdiyu yana o‘t-o‘lanalar bilan gaplashib, dala-dashtni oralab ketaverdi.
Kampir yana bolasining qoshiga chopqillab jo‘nadi. Qirq kun yo‘l yurib, qirq tog‘dan, qirq cho‘ldan o‘tib yetib keldi. Bolasi yana umid bilani bosh ko‘tarib qaradi. Kampir yo‘ldan terib kelgan o‘tlarini fareandiga ko‘rsatib: «Luqmoni Hakim berib yubordi», deb xursand qilib, qaynatib ichirdi — mergan o‘ziga kelmadi. Tanida tarang tortilgan hayotning rishtalari chirsillab uzilib ketayotganiga quloq tutib, taqdirga tan berib, jimgina yotaverdi. Kampir eshikka chiqadi— yig‘laydi, ichkari kiradi — kuladi, «ahvoling ancha to‘zuk» deb, tasalli bergan bo‘ladi. Ammo o‘zining tinchi yo‘q. Ajal eshikni ochsa — eshikdan, ochmasa — teshikdan kiradiganday…
Kampir o‘ylab-o‘ylab, Boysun-Qo‘ng‘irotga — Alpomishning huzuriga jo‘nadi. Bolasining azobida esi o‘zida yo‘q — necha vaqt yo‘l yurganini bilmaydi — balki kundir, balki yildir… Kampir Asqar tog‘dan chiqib, pastga qaradi. Qirq ming uyli Qo‘ng‘irot qirq ming oq o‘tov tikib, qirq ming suruv qo‘yini yaylovda yayratib, har o‘tovning oldida o‘n tulporni boylatib, to‘y qilib — baxshilarni sayratib, omon-omonlikda, xushbaxt zamonlikda umr kechiryapti. Kampir Alpomishning qirq qanot o‘tovini changarog‘iga osilgan yashil baydoqdan bildi. Tog‘dan tushdi-da, yasovullaru bakovullarning yonidan shamolday o‘tib, yurt so‘rab o‘tirgan Alpomishning qoshiga bordi.
Birodarlar! Alpomish ham tek yigit emas edi, kampirning kimligini darrov bildi — ikki qo‘li ko‘ksida, «xush ko‘rdik, ena», deb kulib, mo‘ylovining bir chetini tishlab, ko‘nglini xushlab peshvoz chiqdi.
— Bir xizmatga keldim,— dedi kampir.
— Ming xizmatingiz bo‘lsa ham, bajo bo‘ladi, ena!— dedi Alpomish.— Tilang! Kampir ezilib, unsizgina yig‘lashga tushdi. Arkoni davlatga aralashib yurgan
Oybarchin esli xotin emasmi, chopqillab kelib kampirni belidan olib, ustiga atlas ko‘ylak yopib, to‘rga o‘tqizdi — hol so‘radi.
— Qo‘ng‘irot eli!—dedi o‘zini bosib olgan kampir o‘tirganlarga qarab.— Mening kimligimni bilasizlarmi?
— Siz elchi g‘ozni o‘limdan qutqazgan xaloskorimiz bo‘lasiz! — dedi hamma bir og‘izdan.
— Shu g‘ozni otolmagan mergangina bir bolam or-nomusda kuyib-qovrilib, bu dunyodan sovrilib ketyapti… Shu bolamning dardiga davo topib beringlar, deb keldim…
Hamma jim qoldi. Nima qilishsin? O‘limdan boshqa hamma narsaga davo bor… Ammo o‘lim…
Baribir Alpomish mard edi, birodarlar! Kampirni armonda yolg‘iz qo‘ygisi kelmadi. Qo‘ng‘irot qaytib Qo‘ng‘irot bo‘lishiga sababchi bu halol kampirni o‘lim uqubatiga qanday qilib yuzma-yuz qo‘ysin?
— Ena,— dedi Alpomish bir to‘lg‘anib,— mening ham birgina o‘g‘lim — ko‘zimning oqu qorasi, hayotimning ma’nosi Yodgorim bor. Shuni olib keting. Siz tufayli mening yurtim omon qoldi, Yodgorjonim tufayli sizning farzandingiz ham sog‘ayib ketsin. Shu bolamni xayri xudo yo‘liga buyurdim…
— Yo‘q… — dedi kampir ko‘zdan yoshi selob bo‘lib.
— Oling, ena! Yodgor o‘sha g‘oz tog‘ ustiga chiqib, o‘zini o‘g‘lingizga atab qurbon qiladi. Inshoolloh, bolangiz tuzalib ketgay…
Alpomish arkonu davlatning quvvati bo‘lib o‘tirgan Yodgorbekka nazar tashladi. Yodgorbek padari buzurukvoriga qulluq etib, xizmatga tayyor ekanligini bildirdi. Barchin kelib, o‘g‘lining bo‘yniga osildi.
— Eli uchun qurbonliqqa arziydigan sho‘rlik bolam!— deb aytib yig‘lab boshladi. Alpomish ko‘zlarida qalqqan yoshlarini tiyib, bir keskin ishora qildi. O‘rtaga sukut cho‘kdi. Yodgorbekni peshonasidan o‘pdi.
— Bor, bolam,— dedi so‘ng u – Qo‘ng‘irot har kimdan qarzini uzib yurmog‘i lo-zim… Bor, yolg‘izim! Bor, Yodgorim! Yurtingni qarzini uz!—Keyin kampirga yuz-landi:—Ena, endi jo‘nanglar! Iloyo farzandingiz shifo topsin!
Endi kampir bu mardu maydonlikning oldida lolu hayron, yurak-bag‘ri vayron bo‘lib o‘tirib qoldi. Uzoq o‘tirdi. Keyin nimadir esiga tushib, yuzi yorishdi.
— Qo‘ng‘irot ahli!— dedi u.— Men bir mushtipar kampir esam-da, siz aytgan yo‘lga yurolmayman. Farzand dog‘i nima ekanligini men bechora bilmasam, kim bilsin! Yodgorbekni ham qo‘yinglar — Barchinning baxtiga sog‘-salomat yashayversin! Faqat bir iltimosim bor. Hozir hammangiz chin ko‘ngildan xudodan tilangki, mening hech bo‘lmasa birgina zorim yaratganning qulog‘iga yetsin!
Qo‘ng‘irot eli gurillab, yaratganga yolvorib, do‘o qildi. Kampir yo‘lga tushdi. Alpomish kampirni to‘xtatib, Boychiborga mindirdi. Yoniga qirq yigitni qo‘shdi. Uyigacha eltib qo‘yishni tayinlab, xo‘shlashdi…
Kampir bilan qirq yigit g‘oz qo‘ngan toqqa yetganda, kampir Boychibordan tushdi, jilovini qirq botirdan birining qo‘liga tutqazdi. Yigitlar «kasal yotgan jo‘ramizni ko‘rib qaytamiz», deb harchand urinmasinlar, ularni Boysunga jo‘natdi. Hayhotday tog‘ning boshida bir o‘zi mung‘ayib qoldi.
«Xudoyim! Mening nolamga ham bir bor quloq srl! Hech bo‘lmasa, Qo‘ng‘irotday bir yurtning duosini inobatga ol! Sochim supurgi, qo‘lim kosovlikda umrim kechdi. Bir farzand o‘stirdim. Bir taqdir qushini o‘limdan saqlab qoldim. Endi bolam o‘ladigan bo‘lib yotibdi. Tog‘dan pastga tusholmay turibman. Qo‘rqamanki, meni benajot qaytganimni sezgan bolaginamning bu dunyoda qarori qolmaydi… Xudoyim! O‘zing qo‘llagin! Rahmat nurin boshimdan soch. Meni g‘ozga aylantir-da, keyin inon-ixtiyorimni o‘zimga ber!.. Xudoyim!..»
Kampir to‘satdan havoning bir bo‘lakcha to‘lqini uni turtib o‘tganini sezdi. Badaniga ajabtovur vijirlash kirdi. U o‘zining g‘ozga aylanganini ko‘rib, quvonchidan, g‘aqillab sayrab yubordi.
G‘ozning qichqirig‘i merganning qulog‘iga yetdi. Tanidi — o‘sha g‘oz! Quvonib, qayta-qayta g‘anqillab turibdi. Oh, kelarkansan-ku, armonlarda o‘ldirgan yolg‘onchining ajal-berdi g‘ozi! Kelarkansan-ku!… Mergan yonida beega yotgan o‘q-yoyini olib, toqqa tomon jo‘nadi. Ammo kasallik quritgan tanda kuch qayda? Uyining ostonasidan chiqqanida yiqildi… Endi g‘ozga yetish gumon. Hay, esiz dunyo! Nasib etmagan ekan-da… Ammo xudo yigitning omadini bersa, nimalar bo‘lmaydi! G‘oz o‘ynab-o‘ynab, sayrab-sayrab uchib, o‘q yetar joyga kelib to‘xtadi. Mergan qo‘liga yoyni, sadoqdan o‘qni chiqarib g‘ozni mo‘jalga oldi. Biroq kasallikdan nuri qochgan ko‘zi tinib, bo‘shatgan o‘qi g‘oz ustidan — ikki terak bo‘yi balanddan o‘tib ketdi. Attang! O‘ladigan qul shunday bo‘lar ekan-da!.. Ammo g‘oz yana o‘yin ko‘rsatdi. Havoga bir balandlab uchdi-yu, qanotlarini ozod yoyganicha suzib kelib, merganning shundoq qarshisiga qo‘ndi!
«Xudoyim! Menga mehring shunchalar mo‘lmi? Juvonmarg ketishimni istamagan tangrim! O‘zing madad ber!..»
Mergan bor kuchi bilan yoyni tortib, o‘qni bo‘shatdi. O‘q g‘ozni tuyrab o‘tib ketdi. Mergan birdan kasallikdan xalos bo‘lib, o‘rnidan sakrab turdi. Yugurib g‘ozning yoniga bordi. Qush hali jon uzmagandi.
— Ena!—quvonchini ichiga sig‘dirolmay qichqirdi mergan.— Qayerdasan! G‘ozni otdim! Ena! Sog‘ayib ketdim! Ena!..
Qush bu qichqiriqdan nogoh ko‘zini ochdi. Qanotlarini tolpintirmoqqa urindi. Mergan g‘ozning ko‘zida ajabtovur bir shodlikning sharpasini ko‘rib, qichqirishdan to‘xtadi.
— Ena!— deb qichqirdi u endi xavotirlanib.
Qushning qanotlari shalvirab tushdi. Shodlikning sharpasi esa allaqanday sovuqlik bostirib kelayotgan qovoqlari ostiga botdi.
— Ena…
Hech kim javob bermadi. Hikoya tugadi.
Faqat, birodarlar, bir iltimosimiz bor: g‘oz ko‘rsalaring otmanglar! Kim bilsin, balki, elchi qushdir, qim bilsin, balki birovning onasidir… Shunaqa gaplar.