Er-xotin mashinaga o‘tirishdiyu dala hovliga yo‘l olishdi. Yo‘l uzog‘i undan-bundan gaplashib borishdi. Ayniqsa, erning zavqu shavq bilan aytgan askiyalaridan xotinning ichaklari naq uzilgudek bo‘ldi. “Bas, bas qiling, deyman, iltimos!” deya qiyqirgancha erning yelkasiga urib ham turdi xotin. Xullas, mashinaning ichida mashinani boshiga ko‘tarib kelishdi. Aytgancha, bozor-o‘char uchun yo‘l-yo‘lakay allaqaysi bir guzarda to‘xtashib oldi. Shoshmasdan, bir-bir bosib, sotuvchilar bilan hazil-mutoyibalashib qilishdi xaridlarini.
“Xudo xohlasa, bundan keyingi hayotimiz yanayam go‘zal bo‘ladi!” – deya ayoliga mehr bilan boqdi er mashinaga kelib o‘tirishganda. Zavja javob o‘rniga kulib qo‘ydi. “Axir, bola-chaqadan tinchib, o‘zimiz uchun yashaydigan vaqtga kirib kepqoldik, asalim!” – erkak ayolning qo‘lini ushlab siqdi. – Endi har kunimiz bayramdek o‘tadi, eshityapsanmi, bayramdek!
Yura-yura manzilga kelindi. Dalahovlining temir darvozasini lang ochib ichkarilashdi. Ostonada ularga yangilangan fasl peshvoz chiqdi. “Iya, xotinjon, qara, kuz ham keb qoptiyu, o‘zimiz bilan bo‘lib payqamabmiz ham” – dedi er dov-daraxtlarning oltin ranglariga qarab-qarab. – “Yo‘lda ham e’tibor qilmaganimizni-chi…” So‘ng mashinadan yuklarni tushirishga unnadi. Ayol esa bu vaqtda to‘ridagi hovuzning oldiga borib cho‘nqayib o‘tirib oldi-da, yuzadagi yaproqlarni nari-beri surgan ko‘yi negadir suvdagi o‘z aksiga qaramoqchi bo‘lardi.
– Shuncha ko‘zgular kamlik qildi-a, sizga… Undan ko‘ra kelib, ko‘zim oynasiga qarang, bu yerda siz o‘sha-o‘shasiz, sira o‘zgarmagansiz… – saslandi erkak negadir xotinini “siz”lab.
Ayol adoqsiz minnatdorchilik bilan jilmaydi.
Eru xotin – qo‘sh xo‘kiz, hademay baravar ishga tushib ketishdi: ayol anchadan beri qarovsiz qolgan imorat ichiniyu tashini supurib-sidirdi, erkak bo‘lsa, o‘choq osib, o‘tin yordi. Bir pasda dalahovli sarishtali-farishtali makonga aylandi.
– Va’da qilgan oshingiz qachon pishadi? – ichkaridan ayolning nozli ovozi keldi.
– Sizni kuttirmaymiz, xonim! – qichqirdi erkak sabzini maydalab to‘g‘rarkan. – Bir soatda dasturxonga qo‘ymasam, har balo bo‘lay.
– Tavba, deng, farishtalar hamma gapga omin deydi-ya. Uzoqroq qaynatavering, shirinroq bo‘ladi.
– Siz nima desangiz – shu, jonim. Aytdim-ku, endi faqat o‘zimiz uchun, siz uchun yashayman, deb! Hozir, zirvagini tayyorlab, tuzini ko‘rib olay, sizni pastga, daryoga olib tushaman!
– Oqib ketmaylik, tag‘in…
– Qo‘rqmang, sizni shu choqqacha oqizmadik, bundan buyon ham ehtiyot qilamiz…
Bir pasdan so‘ng er xotinining qo‘lidan tutib, pastga – suvning bo‘yiga boshladi. Suv deganimiz Chirchiq daryosining bir qo‘li bo‘lib, u katta shaharga kirayotganda Bo‘zsuv, kirib olgach esa Anhor deb ataladi. Bu yerda uni Zaxariqdaryo deyishadi. Chindanam kattakon, naq daryo deysan. Lekin daryodan nimasidir kamga o‘xshaydi, shu uchun bo‘lsa kerak, nomining ichida arig‘i bor. Qiziq-a, bir qarasang, daryo, bir qarasang, ariq! Ustiga ustak, zaxi ham mavjud. Suv oqqan joyda zax bo‘ladi-da! Ha, nima, Zaxariqdaryoga qarab, birov zax suvni, birov ariqni va yana boshqa birov daryoni ko‘rsa ko‘raversin. Hamma ham bu dunyoda niyatiga yarasha nasibasini olaverar ekan-da. Boshqa tomondan, o‘sha uchta “birov”ning bitta odamga aylanib, Zaxariqdaryoni hayotining uch pallasida uch xil ko‘rdim desa, nima deysiz? Masalan, yoshligida daryo, o‘rta yoshida ariq va keksayganda zax suvni ko‘ryapman, deb qolsa-chi?.. Bundan chiqdi, faylasuflar aytganlaridek, olam bu bizning tasavvurimizmi? Odamzod nimani ko‘rishni xohlasa, shunga ro‘baro‘ keladimi?.. Eh, bularning siriga kim yetibdiki, biz yetsak… Anglab yetganimiz birgina narsa shuki, dunyoda hamma narsa tashqaridan ko‘ringanidek emas, yo‘q!..
Xullas, Zaxariqdaryo buralib-buralib oqib yotardi. U ham faslga mos kiyingan: tiniq, muloyim mavjli matodan tikilgan ko‘ylagini ustiga yengilgina tashlab olgan. Shunday yengilki, xuddi hademay uni ham chiqarib otadigandek avzoyi bor.
Suv bo‘yiga kelishgach, er sarg‘ayibroq qolgan o‘t-o‘lanni qayirib, uydan olvolgan to‘shakchani to‘shadi-da, “marhamat qilsinlar!” deya iltifot ko‘rsatdi. Xotin avaylanib o‘tirib bo‘lgach esa er uning qo‘lini tutgancha yoniga cho‘kdi. Ular bir maromda oqib, erkalanib yotgan suvga qarab jim qolishdi. Keyin atrofni ko‘zdan kechirishdi, undan-bundan gaplashishdi. Gap gapga ulanib, uzoq o‘tirishdi. Nihoyat, “Chindan ham inson umri suvga o‘xshar ekan” degan ming yillik, ammo birgina to‘xtamga kelishdi. Ko‘ngillarga andak kuzsimon hazinlik inganda esa erkak ayol barmoqlarni birin-sirin labiga olib borib o‘pdi. Keyin engashib, ayolning farangi atir anqib turgan bo‘ynini dudoqlari bilan erkaladi. Ayol qiqir-qiqir kuldi. Erning zavqi oshdi… “Jiming! Osh nima bo‘ldi?” – ayol ildam o‘rnidan turdi. “Qo‘yaber, nima bo‘lsa bo‘lar” – erkak ayolni yana bag‘riga olmoqchi bo‘ldi. Lekin ayol tizginni o‘z qo‘liga oldi: “Yo‘q, yuring!”.
Ular boshlashib tepaga ko‘tarilishdi. Erkak qozonning boshiga bordi. Suvi tagida qolibdi. O‘choqning biqiniga tiqib qo‘yilgan va hozirga kelib varaqlab qaynayotgan qumg‘ondan quyib, oshning suvini me’yoriga keltirdi. So‘ng yorilib, yonboshga taxlab qo‘yilgan o‘tindan ikkitasini qaladi-da, xotinning yoniga qaytdi.
Ayol tepalikda joylashgan hovli sahniga qo‘yilgan karavotda iyagini suyanchiqqa tiragancha pastlikka – huv uzoqlikka, kaftdagidek aniq-tiniq ko‘rinib turgan kengliklarga, ularning etagidagi tog‘larga ko‘z tikib, o‘z xayollariga g‘arq holda o‘tirardi.
“Bu kengliklarda nimangni yo‘qotib qo‘yding, malikam?” – er xotinining orqa tomonidan yaqinlashib, yelkasidan quchdi. Ayol “hech… o‘zim…” – dediyu mayin jilmaydi. “Bilasanmi, endi nima qilamiz?” – ayolning ko‘zlariga qaradi erkak. “Nima?” – so‘radi ayol. “Yashaymiz! Inson bo‘lib! Insonlardek yashaymiz!” – shoshildi erkak. Ayol javob o‘rniga tag‘in jilmaydi. “Bir vaqtlar seni dunyodagi eng baxtli ayolga aylantiraman, deb so‘z bergandim, esingdami? Haliyam o‘sha so‘z – so‘z. Qaytgan – nomard!” – er xotinning yoniga o‘tirdi. “Ortimizga qarasam, ko‘nglim yayraydi: bir o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab elga qo‘shibmiz. Martabali joylarda ishlab dunyomizni bezabmiz. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda bo‘pti. Yana nima kerak odamga-a, xotin!?.. Endi ko‘rasan, bundan buyog‘i yanayam zo‘r bo‘ladi, eshityapsanmi, zo‘r!” – shavqlandi er. Ayol tag‘in jilmaydi. Er esa uni tag‘in quchdi…
Xotin turib guruchni yuvib berdi. Er o‘choqning olovigayu ovqatning tuziga qaradi.
– O‘zim senga bi-i-ir osh qilib beray.
– Har doim qilib bergansiz-ku.
– Bunisi boshqacha bo‘ladi, malikam, boshqacha.
– Sizga bugun nima bo‘lyapti o‘zi, dadasi?!..
Keyin birgalashib oshni damlashga kirishishdi: xotin idishni tutdi, er kapgir bilan undan guruch olib qozonga aylantirib sola boshlagandi, shu asnoda kimdir chaqirib kepqoldi. Er “Ha, hozir” dediyu kapgirni xotiniga tutqazib darvoza tomonga yo‘naldi. Xotin uning qaytishini uzoq kutmay, qolgan guruchni qozonga tashlab, tuzini ko‘rdi: nazarida u mutlaqo chuchmaldek edi.
– Dadasi, bunga tuz solganmidingiz o‘zi?
“Dadasi”dan sado chiqmadi.
Xotin o‘zicha oshning namagini to‘g‘riladi: katta qoshiqda bitta qilib tuz tashladi, suv birpas viqir-viqir qaynab chiqqach, yana ta’mini totdi. Nihoyat, ko‘ngli to‘lib qaddini rostlagan edi, eri qaytib qoldi.
– Qo‘shni bor-ku, qariya, o‘sha. Mashinasida pechka olib kelgan ekan, qishga hozirlik. Tushirishvordim. Ilgari bilinmasdi, keksayganda sovuq jon- joningdan o‘tib ketar ekan, deydi… Sen nimalar qilding bu yerda? A-ha, oshni eplab tashlapsan-ku bir o‘zing. Kel, menga ber qo‘lingdagi kosovni, tovoqni ham o‘zim yopaman.
Shu vaqt ayolning telefoni jiringladi. – Alo! Ha, dugonajon, salom-salom. Tuzukmisan?.. – gaplashancha ichkariladi ayol.
Er oshni damlab, o‘choqning cho‘g‘ini tashqariga tortdiyu obdastadagi suv bilan qorakuyaga belangan qo‘lini obdon yuvdi. Keyin artingacha ayolining ortidan uyga yo‘naldi. Ammo eshikni ochar chog‘ida xotinining gaplarini eshitib qoldi:
– Asti so‘rama, dugonajon, shunaqangi bema’ni kun bo‘ldiki, zerikkanimdan naq yorilib o‘lay deyapman. Bir nimalarni bahona qilib vahliyroq qaytsam kerak… Chiqqin-a oldimga kechqurun, hasratlashamiz…
Er eshik dastasini tutgan ko‘yi haykaldek qotdi. Allabir zamondan keyingina uni qo‘yvorib, ortga chekindi. Garangsirab qozonning boshiga bordi. Nima qilarini bilmay, g‘ayriixtiyoriy ravishda atrofida aylana boshladi. Xuddi xayolida aylanayotgan o‘sha bir juft so‘z kabi. Bu so‘zlar esa xonaga kirib qolgan bir juft xira pashshani eslatardi: miyaning ichida tinimsiz g‘ing‘illardi: BEMA’NI KUN! BEMA’NI KUN! BEMA’NI KUN!.. G‘IIING, G‘IIING, G‘IIING…
Er beixtiyor hovli tomondagi eshikdan pastga, daryoga qarab enib bordi. Suvning bo‘yiga cho‘kdiyu nigohini oqimga berdi…
– Osh nima bo‘ldi? – Qichqirig‘i keldi anchadan keyin xotinining. – Hoy, qayerlarga g‘oyib bo‘ldingiz, dadasi?!..
Er go‘yo o‘tirgan o‘rniga mixlanib qolgan edi, qo‘zg‘alolmasdi. Shu bois xotinning o‘zi uni topib, yoniga keldi.
– Hoy, ko‘zingiz ochiq uxlab qoldingizmi? – turtdi erini. – U yoqda osh tagiga olib ketgandir, deb ham o‘ylamaysiz-a?!..
– Sen oshni aytasan, bu yoqda mening hayotim tagiga olib ketmoqchi-ku!. Osh tagiga olgan bo‘lsa olgandir, uni qaytadan boshlash mumkin, lekin umrni-chi? Agar u tagiga olsa, yangitdan boshlash mumkinmi? – degisi keldi. Judayam keldi. Lekin xotiniga qarasa, har doimgidek beozor jilmayib turibdi. Go‘yo hech nima bo‘lmagandek…
– Sizga nima bo‘ldi? Nega rangingizda rang yo‘q? Turing, yuring tepaga, qorningiz ochmadimi? – Erning qo‘lidan tortdi xotin. – Sal bo‘lmasa, oshdan quruq qolardik. Uni buzib qo‘ydim. Juda chiroyli chiqibdi. O‘zingiz suzib keling, yaxshi ko‘rasiz-ku suzishni.
Er oshni suzib keldi: go‘shti, behisi, sarimsog‘i, qalampiri ustiga marjondek tizilgan, eng yaxshi ziraning hidi ufurib turgan palovxonto‘ra har qanday dimoqni qitiqlab yuboradigan darajada go‘zal va xushbo‘y edi. Lekin erning ishtahasi qochgan, tomog‘idan bir qultum suv ham o‘tmas hollarga tushgandi. Shunga qaramay, xotinining ko‘ngli uchun kelib o‘tirdi, ra’yi-rag‘bati bo‘lmasa-da, o‘zini jamlab, oldingi kayfiyatiga yaqin maromni qidirdi.
– Qani, boshlang, – dedi xotin eriga choy uzatib.
Er bir qoshiq oldi va tarrakdek qotdi: og‘ziga osh emas, go‘yo bir qoshiq tuz solgandek afti keskin bujmaydi.
– Ha-a? – dedi sergak tortib xotin. – Nima qildi? – Keyin o‘zi oshdan totib ko‘rdi. – Sho‘rroq, demoqchimisiz? Hechamda.
Er indamadi. Choy xo‘plab og‘zidagini tezroq yutishga urindi. – Tavba, dedi u ichida, – shuncha yashab, o‘z umr yo‘ldoshimning ta’bini haligacha bilolmagan bo‘lsam-a. To‘g‘ri, u menga qaraganda sho‘rtobroq narsalarni suyib yeydi. Ammo bu darajada emasdi-ku!..
– Xo‘p, mayli, salgina xolos. Chuchmal ekan, jinday tuz tashlagandim. Hech qisi yo‘q. Ana, daryo bor, suvi shifobaxsh, der edingiz. Achchiq qilib bir choynak ko‘k choy damlab bersam, eski tuzlaringizniyam yuvib tushadi. Oling, – xotin laganga yana qoshiq urdi…
– Bir choynak emas, butun boshli daryoni qaynatib ichib yuborsam ham bugun ichimga tushgan tuzni yuvolmaydi!.. – Yo‘q, er bu gapni irod qilmadi, balki ko‘nglidan o‘tkazdi… Chunki ayoliga qarasa, tag‘in jilmayyapti. Aslida, hamisha shunday bo‘lmaganmi: kulgan, jilmaygan, ishqilib, eriga yoqqan-ku! Shuning uchun ham shu tobda er unga boz ergashdi. Faqat qoshig‘i bu safar guruchga emas, beixtiyor behiga qarab “qochdi”. O‘h, u ham tuzga botirib pishirilganga o‘xshardi. Er tag‘in choyu non bilan og‘zidagini yamlab yutdi. Xotin esa mulozamat ko‘rsatishdan charchamasdi. Er guruchu behidan avaylanib, go‘shtga “elchi” yubordi. “Muzokara” yana o‘shanday – ayanchli yakunlandi…
Qiziq, tushgacha havo biram ochiq, biram yoqimli ediki, qarab kishining bahri dili qulf urardi… Endi ko‘kda to‘da-to‘da bulutlar paydo bo‘ldi, osmon yuzi qorayib, yerda uning ko‘lankasi kezina boshladi. Ko‘p o‘tmay, falak toqi qarsillab bir yorishdiyu shig‘alab yomg‘ir yog‘di. Er-xotinning yonginasidagi derazaning ochiq bir qanoti kesakisiga kelib urilgan edi, ikkalasi ham bir cho‘chib tushishdi…
Ular dala hovlidan tezgina qaytishdi.
* * *
Xotin har doimgidek uy ishlari, nevaralar, qavmu qarindoshu qo‘ni qo‘shni, ayniqsa, dugonalari bilan andarmon bo‘lsa-da, lekin er… erning “kemasi teshilib qoldi”. Undan sizib kirayotgan suv esa tobora tarozi bosib, kemani halokatga sudroqlardi. Inchunun, u nima qilishini, qayga borishini bilmay dovdiradi. Aslida, bu damlarni qancha xohlagandi, qancha kutgan edi. “Ishlarimni biryoqlik qilsam, xotinim bilan u yoqqa boramiz, bu yoqqa aylanamiz, uni qilamiz, buni ko‘ramiz…” eh-he, sanayversak, soni boru sanog‘i yo‘q. Shu choqqacha ish dedi, ro‘zg‘or dedi, oyoqqa turib olaylik, dedi. Hammasini ko‘ngildagidek ado etib, endi ayolimning ko‘ngliga qarab odamdek yashaylik, deganda… birdaniga orzu-niyatlari o‘z ma’nisini yo‘qotdi-qo‘ydi. Go‘yo sahroda ketayotgan va huv anavi qumtepalikdan keyin zilol suvlar oqib yotgan gulvodiyga chiqishini kutgan, lekin tepalikni oshib o‘tgach yana sahroning davomiga duch kelgan, chanqoq va charchoqdan sillasi qurigan yo‘lovchining holiga o‘xshardi uning shu ondagi ahvoli. “Endi nima bo‘ladi?..” Bu savol – vaqt o‘tgan sayin – og‘ziga tushgan o‘sha bir qoshiq sho‘r oshdek butun borlig‘ini achitib, zaharlab borardi.
“Nega xotinim o‘sha so‘zni aytdi? Nima, shuncha vaqtdan beri mendan ko‘ngli to‘lmay yashadimi yo hayotida birov, uni zeriktirmay yuradigan kimdir bormi?..” Javobsizlik erning yurak-bag‘rini paykondek teshib yubordi. Unday desa, ayoli shu kungacha erni shubhaga qo‘yguvchi biron ish, biron harakat qilmagan-ku. Qolmishiga o‘sha bemaza gapdan keyin uni zimdan qancha kuzatdi: ko‘nglini xijil qiladigan biron gard topgan bo‘lsa, osmon uzilib poyloqchi erning boshiga tushsin! Lekin nima uchun xotin o‘sha so‘zni aytdi, shunday chiroyli kunni “bema’ni” deb atadi? Agar shunday kun ma’nisiz bo‘lsa, ma’niligi qanaqa bo‘ladi o‘zi?! Nega u shunday quvonchga to‘la kunda ham “Zerikyapman”, deya hasrat qildi? Hasrati nima edi? U qachon, qay tarzda xotinining bag‘rida to‘planib ulgurdi? Nega uni er ko‘rmadi, sezmadi? Nima uchun ayol yuragini to‘kish uchun erini emas, dugonasini tanladi? Bu yurak nega to‘ldi o‘zi, nima bilan to‘ldi? Bir-birovlariga to‘lig‘icha bag‘ishlangan kundan voz kechib, laqma dugonasi bilan valaqlashadigan oqshomga netib shoshildi ayol?..
Boshi-keti bo‘lmagan bundayin so‘roqlarga erning biron tayinli javobi yo‘q edi. Qaytaga, o‘ylagani sayin tushunmas, tushunmagani sayin esa asabiylashar, siqilar, ezilardi… “Axir men ham guldek umrimni, yoshligimni, kuchga to‘lgan davrimni, his-tuyg‘ularimu orzu-umidlarini, qo‘yingki, butun borlig‘imni ayolimga, farzandlarimga baxshida etmadimmi?! Yaratgan nimaiki yaxshi narsani menga ilingan bo‘lsa, borini xotinimning oyoqlari ostiga poyandozdek yozib keldim-ku! Yana nega, nima uchun u mendan norozi yashadi? Lekin norozi ekan, nega buni tiliga o‘sha kungacha chiqarmadi, menga yorilmadi? Nega shu choqqacha menga kulib qaradi, hanuz shunday qaraydi? Miq etmay xizmatimni qiladi? Axir, bu hayot unga yoqmas, maqbul emas ekan-ku!.. Nima, u o‘ziga nomatlub hayotga ko‘nib, shuni o‘z qismati deb qabul qilganmi? O‘zga chorasi bo‘lmagani uchungina hammasiga bosh egib, ko‘nglidagi eng aziz, eng tansiq, eng muhimi, eng rost kechinmalarini o‘sha mahmadona dugonasigagina aytib umr o‘tkazayaptimi? Axir, shuyam hayotmi?!..”
Oradan kunlar, haftalar va oylar o‘tsa hamki, xotin o‘shanday sermulozamat, sertakalluf: labidan tabassumi, tilidan shirin so‘zi arimasdi. Ermi? Erning ichi kundan kun sho‘rlab borardi. Qancha vaqt o‘tmasin, necha yaxshi o‘ylar bilan o‘zini ovutishga, chalg‘itishga urinmasin, bari foydasiz edi. Nihoyat, “Xotinim bilan nimani yashagan bo‘lsam, yashadim. Yaxshi kunlarimiz, baxtli damlarimizni ortga tashlab kelibmiz. Endigi hayotimiz esa avvalgidek bo‘lolmaydi”, dedi. Hammasi xuddi o‘sha kunga, dalahovlida hordiq chiqargan o‘sha hal qiluvchi kunga o‘xshab qoldi: tushgacha havo ochiq, osmon musaffo, olam nurafshon ediyu tushdan keyin qasirg‘alar boshlangan kun bor-ku, ana o‘shanga… Xuddi aytimdagi kabi: “Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘”. Ammo bir tomoniga yorug‘, ikkinchi yog‘iga esa qorong‘i, deb darj etilgan ushbu tanga kelib-kelib uning hayotida teskari tushib o‘tiribdi: avval yorug‘ tomoni bilan, so‘ngra qorong‘isi. Yana deng, umrining qoq yarmiga kelganda. Nima bo‘lsayam, oxiri baxayr bo‘lgani yaxshi emasmidi? Odamlar shunday deydi-ku!..
Fursat aylanar… aylangani sari erkakning ichiga tushgan tuzning zahri ortib borardi: shu darajadaki, o‘sha kunning birinchi yorug‘ yarimi ikkinchi qorong‘i yarimiga botib, cho‘kib ketdi. Ha-ha, aynan cho‘kib ketdi. Shunday palla keldiki, er boshini ko‘tarib qarasa, o‘sha kun, dalahovlida kechgan o‘sha kun, xotini aytganidek, chindan ham BEMA’NI o‘tgan ekan. Bor bo‘yiga, ertadan shomiga qadar… Keyin… keyin bundan ham battari uch berdi: hayotining hozirgi MA’NISIZ bo‘lagi MA’NILI o‘tgan avvalgi qismini kemirishga kirishdi. Avval BEMA’NI bo‘lgan narsa KUN edi, endi u BUTUN UMRga hujum qildi. Hatto uning allaqachon o‘tmishga aylangan parchasiga ham. Er xotira kitobining eng saodatli sahifalarini varaqlardiyu zarracha nafi tegmasdi: sahifa yuziga qayodandir bir tomchi siyoh tomardi-da, so‘ng shu tomchi yoyilib butun yuzani o‘z tasarrufiga olardi. Xuddi oshga bejo tushgan bir qoshiq o‘sha lana’ti tuz yanglig‘… Endi erkakning holini ko‘ring: u inidan tushib ketgan temirqanot polapon misol olazarak bo‘lib atrofga ilhaq ko‘zlarini javdiratar, faqat endi bu ko‘zlar najot farishtalarini emas, balki o‘ziga hujum qilayotgan, qanotlarida yozuvi bor son-sanoqsiz pashshalarnigina ko‘rar va titrab qaqshagancha hijjalab o‘qirdi: BE-MA’-NI KUN! BE-MA’-NI HA-YoT! BE-MA’-NI UMR!.. G‘I-I-ING, G‘I-I-ING, G‘I-I-ING…
Bor-yo‘g‘i bir juftgina so‘z, bor-yo‘g‘i so‘z, “puf” etib havoga uchib, unga singib, yo‘q bo‘lib ketadigan so‘zgina aytilgan edi. Bundan ham alamlirog‘i esa, bu so‘zni er hech qachon eshitmasligi ham mumkin edi…
2011 yil, oktyabr