Ulug‘bek Hamdam. Alvido, azizim daraxt! (hikoya)

Azizim, daraxt! Ilk kez uchrashganimiz esingdami, o‘shanda sen quriy boshlaganding. Hatto mening, insonning ko‘zi bilan boqqanda, qurib bo‘lganding hisob. Oldingga bolta ko‘tarib borib uzoq vaqt bo‘yi-bastingga sarasop solib turgandim. Chunki yaqindagina xarid qilganim dala hovlining juda yaxshi joyida, shundoq bo‘sag‘ada, bu yerga keladigan odam zoti borki, bariga birdek asqotadigan – soya tushadigan yerda o‘sganding. “Esizgina daraxt!” deya chuqur bir xo‘rsingan ko‘yi o‘zagingga bolta urgandim. So‘ng yana, yana… Keyin ilkis to‘xtagandim. Chunki ruhim sening hayot bilan orangdagi o‘ta mustahkam va xuddi shunday nozik ip uzilmaganini sezib qolgandi. Sezishim hamona qo‘limdagi boltani bir chetga uloqtirgandim. Gunoh qilgan odam kabi qunishib yoningga yovuq kelgancha, bolta qiymalagan quruq tanangni o‘kinch bilan silagandim. Achingandim. Yo‘q, sengagina emas, senga achinganim qadar o‘zimga ham xo‘rligim kelgandi. Ojizligimdan, ojizligimizdan, bilsang…
O‘sha kundan e’tiboran seni sug‘ora boshladim. Yozning qaynoq pallasida oyog‘imni qo‘limga olib har kun shahardan sening yoningga oshiqdim. U yerda haftada ikki marta – dam olish kunlarigina suv berar ekan. Qarasam, qurib badar ketishing aniq edi, men senga bunday qismatni ravo ko‘rmadim. Seni omon saqlab qolgim keldi. Juda seni o‘ylab emas, albatta, ko‘proq o‘zimni o‘ylab ko‘karishingni istadim. Jaziramada qochib boradigan joyim bo‘lsin, dedim. Lekin kutilmaganda ko‘karib ketganingni ko‘rib esa, seni ham chinakamiga o‘ylay boshladim. Bora-bora shunday kunlar keldiki, faqat seni o‘yladim, ey daraxt! Ammo ilk kezlar shahardan 21 kilometrlik masofadan Xudo bergan kuni sen tomon chopdim. Dala hovlining shundoq tumshug‘ida daryo bor edi, kelib chelaklarni dang‘ur-dung‘ur qilgancha suv tashidim. Sendan boshqa daraxtlar ham ko‘p edi. Jami sizlar 53 tup edinglar. Men tong saharda qo‘limda ikki chelak bilan daryoga 53 marta tushib chiqar bo‘ldim. Har bir daraxt tagiga ikki chelakdan suv quyar va so‘ng mashinamga o‘tirib ishga jo‘nardim. Orada bir necha marta ukamni ham yordamga chaqirdim, lekin asosan bir o‘zim kelar, bundan erinmas ham zerikmas edim. Zero, oldida maqsadi bor inson hech qachon zerikmaydi. Buni o‘sha paytda ham bilardim, hozir esa inchunun. Senga hamda bu dala hovlida qovjiray boshlagan qolgan 52 tub daraxtga qayta hayot bag‘ishlash mening maqsadimga aylangandi o‘shanda. Eh, maqsadga intilib yashash naqadar zavqli!..
Xullas, mehnatim samarasi uzoq kuttirmadi: bir necha hafta o‘tar-o‘tmas yo‘g‘on bilakdek keladigan tanang ostidan kurtak­lar unib chiqdi. Yosh boladek quvonganim hanuz yodimda! Keyin ular ko‘payishib, asta-sekin bachkiga aylanishdi. Men sening qurib qolgan o‘zagingga qo‘shib, kichik bachkilarning hammasini kesib tashladim. Faqat uch-to‘rtta kattaroq bo‘lib qolgan shoxlaringnigina saqlab qoldim. Xullas, bir necha yil ichida ko‘z o‘ngimda muhtasham bog‘ paydo bo‘ldi. Ha, qilgan mehnatlarim, chekkan zahmatlarim zoye ketmagan edi. Sen esa, mana shu bog‘ning eng suyumli, eng kerakli daraxtiga aylanding! Nega, deysanmi? Chunki sen boshqa hamma daraxtlardan ko‘ra menga yaqinroq joyda o‘sib turarding. Ko‘zga yaqin – ko‘ngilga yaqin, deydi bizning qavm. O‘ylab qarasam, bu gap odam bilan odam munosabati uchungina aytilgan emas ekan, odam bilan daraxt munosabatiga ham to‘g‘ri kelarkan. Xullas, yashab ketsang, yashnab ketsang, mening dala hovlidagi tirikchiligim asosan sening atrofingda kechadi, deb taxmin qilardim. Ilk damlar, seni ko‘kartirib olish uchun endi-endi suv tashiy boshlagan vaqtlarim “mayli, meva bermasa ham, faqat uyim oldida ulg‘ayib soya bersa, shamolda shovullab tursa, bas”, deb o‘ylaganman. Sen avval qaddingni tiklab ko‘zga ko‘rinding. Yana biroz fursat o‘tib esa, meva tugding! Ha-ha, men tanangning chor tomonida omon saqlab qolganim shoxlar nafaqat quyuq soya berdi, ayni damda larzon-larzon hosil ham hadya qildi. Uzoq mashaqqatlardan so‘ng sen mening kaftimga tutganing – ilk mevani tatib ko‘rarkanman, butun borlig‘imni allaqanday sirli bir zavq, quvonch, shukronalik va hayrat tuyg‘ulari qamrab olgandi. Men senga ikki chelakdagi suvga qo‘shib mehrimni ham qo‘shib bergandim – eslayman. Endi qara, sen kaftimga mevangga qo‘shib o‘zligingni, borlig‘ingni, jon taningni qo‘shib to‘karding…
Oradan qatorlashib yillar o‘tdi. Bu vaqt mobaynida men dala hovlimni ancha sarishtalab oldim. Endi u yerga nafaqat o‘zim borardim, balki bola-chaqam, qarindoshlarim, do‘stlarim, goho ularga qo‘shilib tanishlarim ham kela boshlashdi. Ko‘pchilik keldi, juda-a ko‘pchilik! Lekin hamma kelib ketar edi-yu, bir sen yonimda qolarding. Hatto men ketsam ham sen qolarding. Askar kabi! Vatanni qo‘riqlayotgan askar kabi! Ulkan va yemrilmas qoya singari!.. Mana shu menga yoqardi… Odamlar o‘zgarishlardan bahs etishadi, hayotlarida mudom o‘zgarishlar bo‘lishini xohlashadi, hamrohlari ham xuddi kiyayotgan kiyimlaridek yangilanib turishini istashadi. Ehtimol, kiyimning yangisi yaxshidir, lekin insonning, do‘stning emas. Insonning har doim ko‘rishib turadigan doimiy do‘stlari, har doim boradigan doimiy joylari, har doim yuradigan doimiy yo‘llari… bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Kiyim-kechagiyu yeyish-ichishiga qo‘shilib, uyi, yori, do‘stlari, yo‘llari, orzuyu maqsadlari ham mudom o‘zgarib turaversa, bunday insonning insonligi qolarmikan?.. Unga suyanib bo‘larmikan, ishonib-chi?.. Ichimda, ruhimda bir ehtiyoj borki, ismi sobitlikdir. Men hamisha shuni istayman. Do‘stim bo‘lsa, bir umr yonimda tursa, yorim bo‘lsa, o‘limdan o‘zga sabab bizni ayirmasa, deyman. Lekin negadir odamlardan omadim chopmaganmi, bilmadim, bir qarasam, do‘stim raqibga, yorim esa begonaga aylanib qolayotgandek tuyulaveradi. Boshqa bir payt qarasam esa, oshirib yuborayotgandek bo‘laveraman. Lekin sen! Senga qachon, qanday kayfiyat bilan qarasam ham o‘sha-o‘shasan, o‘zgarmassan, sobitsan!.. Men sening mana shu muqimligingga ta’zim qilaman! Boshim egilib yerga yetguncha ta’zim qilaman, ey daraxt!!!
Yillardan bir yil qo‘qqisdan kattagina bir shoxing quriy boshladi. Avvaliga qo‘rqib ketdim, so‘ng yuragimni taajjub tuyg‘usi qopladi: nega qolgan shoxlaring barq urib o‘sib turibdi-yu, shu birgina shoxing kutilmaganda qurishga tushdi ekan? Men seni ko‘proq sug‘orishga tutindim. Lekin foydasi bo‘lmadi. Ko‘p o‘tmay yana bitta shoxing yaproqlari ham so‘linqiradi. Mening tipirchilab qolganimni ko‘rsang! Xuddi bolam, do‘stim yoki ustozimning bitta qo‘li ishlamay qolgandek qabul qildim men buni. “Nima qilsam ekan?” deya chora qidirib, oldin botinimda har tomonga chopib ko‘rdim, keyin tashqariga chiqib zir yugurdim: to‘g‘ri ko‘chat sotiladigan bozorga bordim. U yerda bog‘bonlar ko‘p bo‘ladi. So‘radim. “O‘z vaqtida sug‘oring, o‘g‘it soling!” deyishdi ular. Do‘stlarimdan biri xorijlik olim edi, xuddi shu kunlari internetda gaplashib qoluvdim, u sen haqda so‘radi: “qalay daraxt? Turibdimi?”. Ajab, odamlar to‘g‘risida “yuribdimi?” deyishardi, daraxt haqda “turibdimi?”, deyisharkanda, a? Aslida, sen ham yurasan. Odamlardan ko‘p sayohat qilasan sen. Odamlardan ko‘p yangilanasan. Axir, har ko‘klamda yaproqlaringni bir yangilab olasan-ku! Mana shu sening sayohating bo‘ladi. Yana har yili shamol sening yaproq-qulog‘ingga butun olamlarning sirini shivirlab ketadi. Sen hamma narsadan voqifsan! Sen mendan – insondan ko‘p narsa bilasan. Bitta joyda turgan ko‘yi olam kezasan. Ildizing bir joyda, lekin har yaprog‘ing o‘tmishu bugunning holidan afsona so‘zlay oladi. Xullas, men do‘stimga afsus bilan “negadir bitta shoxi quridi, yana bittasi o‘ylanib turibdi” dedim. U shlankada sharillatib sug‘ormay, tomchilatib sug‘orishimni maslahat berdi. “Shlanka bilan sharillatib sug‘orilganda suv daraxtning po‘stlog‘ini ho‘l qiladi, xolos, tomir-tomiriga yetib bormaydi, O‘zbekistonda yoz o‘ta issiq, daraxtlar suvsizlikdan qiynaladi”, dedi. Maslahatga amal qildim: butun bog‘ni sug‘orib bo‘lib, eng oxirida sh­­­­­­­­­lankani sening belingga o‘rab qo‘yaman-u, og‘zini bitta-bitta tomchilaydigan darajada bo‘g‘aman, so‘ng soatlab, kunlab shunday qoldiraman. O‘zimizning bog‘bonlarning aytganini ham qildim: ildizingga ozuqa soldim. Vey, natijasi bo‘ldi-ey! Qurigan o‘sha bitta shoxingni qutqarib bo‘lmadi, ammo so‘linqiragan ikkinchi shoxing yashnab ketdi. Yaproqlaring yashnadi! Mening ko‘zlarim ham ana shu yaproqlardek porladi bilsang, yuzim kuldi. Bo‘lar ekan-ku!..
Sen bu yillar mobaynida mening nafaqat yaqin do‘stim, qismatdosh yo‘ldoshim, balki, ayni damda, nasihatgo‘y ustozimga ham aylanib qolganding, ey daraxt! Qanday qilib deysanmi? Aytay: men senga juda qattiq ozor berganimni eslaysanmi? Hovli yuzini yovvoyi o‘t-o‘lan bosib ketaverganidan, mening esa shahardan tez-tez kelib ularni o‘rib-tozalashga vaqtim bo‘lmaganidan sahnni betonlab tashlatgandim. Shundan keyin xiyol o‘tmay, shunday barq urib turgan holingda qo‘qqisdan yana bitta katta shoxing quriy boshladi. Vaziyatingni tarozuga solib mushohada qilib ko‘rsam, buning sababi gir atrofingni aylantirib beton qildirganimda ekan. Tavba, qaysi fahm, qaysi farosat bilan! Ammo sening javobing menga bir umrlik saboq bo‘ldi. Sen aksar odamlardek ish tutmading: mendan o‘ch olish yo‘lidan bormading, bor-e deya, qurib qo‘ya qolmading, meni jaziramada yolg‘iz tashlab ketmading. Balki indamaygina ogohlantirding. Sen hol tilida so‘zlarding. Senga yaqin yurib, sen bilan muloqotda bo‘lib, sen bilan birga, bir hovlida yashab sening tilingni ancha-muncha tushunib qolgan ekanman. Sening bitta shoxingni qurishi, “Ey odam bolasi, menga zulm qilding, ildizlarimga boradigan havoni, suvni, erkinlikni to‘sib qo‘yding! Mayli, shunda ham chidayman. Chidab, yoningda qolaman. Lekin bu oson bo‘lmaydi. Qurbonliksiz mumkin emas bu ish. Shu bois, qolgan shoxlarimni omon saqlab qolish uchun bitta shoximdan voz kechaman. Menda qolgan quvvat hamma shoxlarimni yashatish uchun yetmaydi. Sen quvvatimni, menga taqdir tomonidan in’om etilgan quyosh yo‘lini, suv yo‘lini, nafas olish yo‘lini kesding. Endi tanlashim kerak bo‘ladi. Sen meni shunga majbur qilyapsan. Men tanladim. Tanlab bitta shoximni qurbon berdim. Aks holda, butun shoxlarimni, ildizimni boy berib qo‘yaman. Ammo qurbonlikka berilgan o‘sha shoxim ham mendan edi, men edim. Sen, ey, inson, boq endi o‘sha qurigan shoximga! Mening erkimni to‘sib, nimalar qilib qo‘yganingni ko‘r-da, saboq chiqar!” deganing bo‘lardi. Men senga, qurigan shoxingga qaradim va hol tiling bilan demoqchi bo‘lganlaringning hammasini tushundim. Do‘ppi tor kelganda jang maydonini tashlab ketguvchilardan emasligingni angladim. Sendek bo‘lish naqadar og‘ir ekanligini uqdim. Kelib betonlarni ko‘chirdim, ildizlaringga boradigan quyosh, suv va havo yo‘llarini ochdim, yelkangga boshimni qo‘yib “kechir!” deya o‘tindim…
Bilasanmi, o‘sha kundan boshlab senga bo‘lgan munosabatimda yangorish paydo bo‘ldi: sendan ko‘p narsa o‘rganishim mumkin va lozimligini sezib qoldim. Senga shu choqqacha indamagan bo‘lsam-da, aslida ko‘p yillardan beri men senga zimdan shogird, o‘quvchi bo‘lib kelganimni anglab yetdim. Axir, insonning bunga iqror bo‘lishi juda qiyin-da. U emasmi olamlarning gultoji! “Shunday maqomda bo‘la turib, kelib-kelib bir daraxtga shogird tushamanmi?” deb kelgandi chamamda shu choqqacha ichimdagi nafs…
Azizim daraxt! Do‘stlarimning orasida uchtasini sen juda yaxshi eslaysan. Ular bilan necha yoz kechalari sening shivirlab turgan yaproqlaring ostida tongotar suhbatlar qurganmiz. Sen ana shu suhbatlarning bariga guvohsan! Demakki, bizga sheriksan! Bizning bittamizsan! Eslaysanmi, biz hamma narsa haqida gaplashardik, dunyoning u burchagidan kirib, bunisidan chiqib ketardik. Balki, aslida, qayeridadir qisilib qolib ketardig-u, lekin, baribir, gapda chiqib ketardik-da! Nima bo‘lganda ham biz beg‘ubor edik: tortishardik, kulishardik, orzu-havas­larga tolardik… Keyin uxlab qolib kun chosh bo‘lgandagina ko‘zimizni arang ocharu, butunlay boshqa kayfiyatga tushardik. Bu kayfiyatda endi dunyo ham ko‘zimizga boshqacha ko‘rinardi. Dunyo, balki, o‘sha dunyo edi, lekin baribir kechagi emasdi. U yangi va boshqa edi. Uni yangi va boshqa qilgan esa bizning, insonlarning kayfiyati bo‘lardi. Biz, sendan farq qilib, turlanib-o‘zgarib uyimizga ketishga oshiqardik. Tunda bir-birimizga aytgan shirin so‘zlarimizning yarmi ham kunduzi topilmasdi: go‘yo shirin so‘zimiz kecha bozordan endi xarid qilingan butun-butun po‘rsildoq patirlar edi-yu, bugun esa ulardan ushalgan ushoqlar edi. Bu ushoqlar endi dasturxon kunjlarida biqinib yotar, hech kim, och bo‘lishiga qaramay, ularni terib og‘ziga solgisi kelmas, aksincha, tezroq bu yerdan ketishga oshiqar, ketish hamma muammolarni hal qilib beradigandek tuyulardi. Ammo hosil payti bo‘lsa, kayfiyat bir muddat ko‘tarinki maqomda qolar-da, avval seni alqab-alqab mevalaringdan terib yer-u, so‘ng paqirlab uy-uyimizga olib ketar edik. O‘sha do‘stlarimdan biri hozir Frantsiyada yashaydi. Nega deysanmi? Ishi o‘sha yoqda, o‘shanchun bola-chaqasi bilan Parijda istiqomat qiladi. Ko‘rdingmi, do‘stlar ham omonat: ular yer yuziga tariqdek sochilib ketishdi, qolganlari ham sening shoxlaring kabi o‘ylanib turishibdi. Xullas, o‘sha do‘stim, to‘g‘rirog‘i, o‘sha do‘stimiz ham kuni kecha seni so‘radi. Men esa… men nima deyishimni bilmay chaynaldim. Keyin rostiga ko‘chdim: daraxtimiz bizni tashlab ketib boryapti, do‘st, dedim. “Hay attang-a, hay attang! Yaxshi daraxt edi!..” dedi u chuqur uh tortib. Uning bu xitobi xuddi bir mo‘min banda vafot etganda janoza mahali mullaning “Musulmonlar, falonchi qandoq odam edi?” deya so‘raganida jamoaning bir ovozdan “Yaxshi odam edi!” deya bergan javobini eslatib yubordi menga. “Yaxshi odam edi!..”, “Yaxshi daraxt edi!..” Nima farqi bor? O‘ylab qarasam, tavba deb aytay, sen men uchun eng yaqin odamlarimning hech biridan kam emas ekansan. O‘shalar qadar aziz, o‘shalar qadar sevimli, o‘shalar qadar qadrdon, o‘shalar qadar… Xullas, o‘shalar qadar: ko‘p ham, kam ham emas!..
Ammo ne yoziqki, sen quriy boshlading. Endi navbat senga kelganga o‘xshaydi. Ammo sen tirik turib ketmading-ku! Tanangda hayot qoni oqib turar ekan, odamlardek ayrilaman, demading-ku! Shunisi ko‘ngilga tasalli beradi. Shunisini o‘ylab o‘zimni ovutaman. Tasalli!.. Aslida, u sening holing qarshisida yo‘qdek edi. Hamma shoxlaring birdan qovjiray boshlagandi. Bu gal bitta shoxni qurbon berib o‘tirmading: “hayo-huyt!” deya tiriklikka etak silkitding go‘yo. Yozning issiq kunlaridan birida dala hovliga borib bularning hammasini ko‘rdim. O‘tgan hafta bunday gap yo‘q edi-ku! Yoki men e’tiborsiz qoldimmi? Endi ne ko‘z bilan ko‘rayinki, butun borlig‘ing so‘lib, egilib-bukchayib boryapti ekansan. Ko‘riboq ichim titrab ketdi. “Vo, darig‘!” degan bo‘lardi Parijda yashayotgan o‘sha bir gapirib o‘n kuladigan do‘stimiz sening shu holingni ko‘rganida. Men esa… men bir so‘z ham demadim. Deyolmadim chunki. Indamay keldim-da, shoxlaring ostiga qo‘yilgan karavotga o‘zimni tashladim. Tashlagan ko‘yi jim qoldim. Men gapirib iztirob chekolmayman, axir! Iztirob chekkanimda esa gapirolmayman… Mum tishlagan ko‘yi sen haqda o‘ylay ketdim. Hammasini o‘yladim, hammasini esladim. Ilk tanishuvimizdan to shu damgacha bo‘lgan muloqotimizni birma-bir xayolimdan o‘tkazib ezildim, ezilib o‘tkazdim. Yuragimning bir tomoni o‘pirilib ketgandek tinimsiz huvillashga tushdi. Yana ildizingga suv quyib, tagingni yumshatib, o‘g‘it solsam yashnab ketarmikansan, degan umid, yo‘q, umid ham emas, ilinj tug‘ildi ichimda. Shu ilinjga suyanib o‘rnimdan qo‘zg‘aldim-da, atrofingni aylana ketdim. Tanangga sinchkov nigoh tashlab aylandim. Oh, bu nimasi yana!?.. Yo‘g‘on gavdangning ko‘zdan pana tomonini qurtlar ilma-teshik qilib yuboribdi-ku!.. Ajab, ko‘p ajab, nega shu choqqancha ko‘rmadim ekan? Tananing orqa tomoni bo‘lgani va u tomonda panjara borligi uchun, to‘g‘risi, qurt tushgan yeringga ko‘z tushishi amrimahol edi. Atay tekshirib, kuzatib kasallikni topib olish esa biz o‘zbeklarga yot. Axir, hatto o‘zimiz gursillab yiqilganimizdagina do‘xtirni eslaydigan xalqmiz-da! Yana nimani kutay o‘zimdan? O‘zimizdan?.. Xullas, seni men sog‘ deb o‘ylabman. Sen bo‘lsang, o‘lim bilan tugashi muqarrar kasallikka, dardga chalingan ekansan…
Sening ulkan gavdangga o‘zimni tashlab mahkam quchoqlab oldim va shu asno yorug‘ olamdagi safaring yakunlanganini his qildim. Ruhim bilan sezdim buni va muzlab ketdim. Go‘yo dunyoda yolg‘iz qolgandek tuydim o‘zimni. Nega bunday? Axir, yonimda oilam, bola-chaqam, do‘stlarim, hamkasbu tanishlarim bor. Yaratgan Egamga ming qatla shukurki, ota-onam tirik. Lekin nega sensiz men o‘zimni bunchalar g‘aribu notavon seza boshladim?!.. Ko‘zlarimdan alam va o‘kinch yoshlari quyildi: endi nima qilaman? Kimga, qayga yukinib boraman? Odamlargami? Axir, ular qanchalar ishonchsiz! Jismlari kabi qalblari ham bir joyda turmaydi ularning, doim harakatda. Men esa muqimlikni, sobitlikni istayman. Bularning hammasi esa senda bor edi, huzuringda jam edi… Chunki sen Vatan darvozasini qo‘riqlayotgan askardek bir joyda turarding. Sendan kelguvchi tasalli ham xuddi jisming yanglig‘ mudom o‘z o‘rnida sobit edi. Menga bu holing buyuk vafoning, o‘lmas do‘stlikning ramzi bo‘lib tuyulardi… Oh, bu jumlalarni o‘tgan zamonda yakunlash naqadar og‘ir!.. Endi-chi? Endi nima bo‘ladi?.. Axir, sen o‘lyapsan? Men… mening umrim esa hali uzunga o‘xshaydi. Bu uzun umrni endi kim bilan baham ko‘raman? Odamlarning orasidan sendek bir suyanchiqni topa olarmikanman?.. Eh, shu arzimga boq, azizim daraxt! Boqsang-chi, shu yerda ham o‘zimni o‘ylayapman. Sen qurib boryapsan, erta-indin o‘tin bo‘lib olovga kirasan, men esa sensiz qolayotgan o‘zimni o‘ylashdan tinmayapman. Qanchalar xudbin-a, bu odamzod degani! Lekin nima qilayinki, men mana shuman! Odamzod mana shu!..
Nihoyat, sen qulading. Shundoq ko‘z o‘ngimda sodir bo‘ldi bu mudhish ish. Ichimda ham senga qo‘shilib nimadir qarsilladi. Vijdonmidi u yoki senga berib ulgurmaganim mehrim rishtasi, bilmadim. Endi bilmasam ham kerak… Ehtimol, u men va hayot o‘rtasidagi eng pishiq ip edi, tiriklik ipi…
Men o‘tinchilardan tanangni teparoqdan kesishlarini iltimos qildim. Chunki balandroq to‘nka xuddi qabrga o‘xshaydi-da. Sening qabring bo‘lishini xohladim. Balki bu ojizlikdir, lekin men shunga ehtiyoj tuydim. Axir, senga bog‘lanib qolishimni, yaxshi ko‘rishimning o‘zi bir ojizlik emasmi! Bo‘lsak bo‘libmiz-da! Kim, qachon mudom kuchli bo‘libdiki, biz bo‘lsak? Bormikan shunday zot? Bo‘lsa ko‘rsating, borib poylarini tavof aylaylik! Uning ham inson zotidan ekaniga guvoh bo‘laylik! Nazarimda, hamma joyda hamma vaqt birdek kuchli bo‘lib bo‘lmaydi. Har kimning kuchli va kuchsiz bo‘ladigan damlari bo‘ladi. Mana men, hozir, shu tobda ojizu notavonman, qasirlab singan va bo‘lak-bo‘lak bo‘lib kesilgan tanang kabi maydalanib yotibman. Senga muhtoj bo‘lib yotibman. Kuchli bo‘lganimda-chi, muhtoj bo‘larmidim? Albatta bo‘lmasdim!.. Sening tanangdan chiqqan o‘tinlarni o‘tinchilarga berib o‘tirmay, o‘zim lovullatib yoqib taftida isinardim. Hatto o‘tinchilarni chaqirib o‘tirmasdim: baquvvat bilaklarim bilan o‘zim tanangga arra solar, qulatar va maydalab tashlardim. O‘tiningda pishgan sho‘rva yoki qaynagan choyni xo‘rillatib ichardim. Ana, o‘tinchilar sening katta-kichik shoxlaringni nimtalab bo‘lishgach, ichkarida mazza qilib ovqatlanib, choy ichishyapti, gangur-gungur gaplashishyapti. Agar men kuchli bo‘lsam, shubhasiz ularning yonida bo‘lardim, gaplariga qo‘shilardim. O‘z bolasini yegan cho‘chqadek lab-lunjlarimni yalab o‘tirardim. Lekin men zaifman, bas, ular bilan birga ovqatlana olmayman. Ko‘nglimda aza bor ekan, tomog‘imdan suv ham o‘tmaydi, axir!.. Endi o‘zing ayt: kuchli bo‘lish yaxshimi yoki aksi?.. Oh, bu hayotda bir to‘xtamga kelish va bu to‘xtam tomonida bir umr qolish naqadar mushkul bo‘lmasa!..
Xullas, o‘tinchilar tanang bo‘laklarini yuk mashinasiga ortib ketishdi. Dala hovlida so‘ppayib bir o‘zim qoldim. Borib sendan qolgan to‘nka po­yiga tiz bukdim. Yuragim ming yil urush bo‘lgan yurtdek vayron edi. Balki achchiq-achchiq yig‘lasam, yengil tortarman, deb o‘yladim. Axir, bir paytlar, hu-u-v olis o‘tmishda, bundan 24 yil burun birinchi o‘g‘limni tuproqqa topshirib kelib, uch kechayu uch kunduz tinmay yig‘lab o‘zimga kelgandim-ku!.. Ammo hozir… hozir negadir ko‘zlarim suvi ichib bo‘lingan quduq kabi qurib qolgandi. Ey daraxt! O‘g‘limdan-da aziz bo‘ldingmiki, senga bunchalar aza tutmasam?!. Beixtiyor ko‘kka, bir to‘da qora bulutlar ov qidirib izg‘ib yurgan falakka umidvor boqdim. Balki ana shu qora bulutlar menga tasalli berar – o‘ylayman. Ey daraxt, kim biladi, kesik to‘nkangning ostidan ko‘klamda yana kurtak yozib yangi avlod qiyofasida qaytib qolarsan. Lekin sening yangi avloding bilan do‘stlashish uchun menga fursat va istak berilmagan bo‘lsa-chi?.. Axir, men ham senga o‘xshayman-da: eski do‘stni va eski yorni sevguvchiman, ey daraxt!..
Ertasiga sendan qolgan to‘nka atrofini yaxshilab tozalab, yerni yumshatdim-da, gul o‘tqazib, suv quydim.
Alvido, azizim daraxt!..
2018 yil, iyun

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son