Muxtor ko‘p hunar bilan shug‘ullandi. Baliqchilik qildi, g‘isht quydi, tunuka koqdi, elektr tuzatdi, maktabda badan tarbiyasidan dars berdi — xullas qo‘lidan kelmagan ish yo‘q. Hozir savat to‘qiydi. O‘n yil avval Zumrad ismli qizni yaxshi ko‘rib qoldi. Zumrad rayon kutubxonasida ishlar, chiroyli qiz edi. Muxtor kitob bahonasida kutubxonaga borar, Zumradni ko‘rish uchun kitobni tez o‘qir, Zumrad bilan asarni muhokama qilar, mulohazalari Zumradga yoqardi. Biroq qiz Muxtorning kutubxonaga tez kirishini kutsa-da, odamlar mish-mishidan hayiqar, boshqa joyda uchrashishni ep ko‘rmas edi. Muxtor Zumradga sovchi ko‘yishni chamalaganida, Zumradning onasi dunyodan o‘tdi, sovchi yuborish noqulay ko‘rindi, yili o‘tishini kutishga to‘g‘ri keldi; yili o‘tgach, Muxtorning onasi o‘ldi. Vaqtni yana surishdi. Shu orada Zumrad boshqa oilaga uzatilib ketdi.
Onasining vafotidan keyin Muxtorning otasi ham ko‘z yumdi, Muxtorning o‘zi tanho koldi. Shunda aka-ukasi yo‘qligidan o‘ksindi. Qo‘shnilar tevarak-atrofdan qiz topishdi, lekin Muxtor Zumraddan boshqasiga uylanishga ko‘nmadi. Bir necha yil o‘tdi.
«Ko‘kbuloq» qishlog‘idan ish chiqdi — yangi uyning tomiga tunuka qoqish kerak ekan. Muxtor rozi bo‘ldi, tomga chiqdi, tunuka qoqa boshladi. Uy egalari oldingi hovlida turishar edi. Tush paytida o‘sha hovlidan ovqat keldi, ovqatni Zumrad olib kelgan edi. Muxtorning ko‘zi tindi, tomdan quladi. Zumrad chinqirib yubordi.
Muxtorning bo‘ydoq o‘tishini, hamon sevishini Zumrad bilar, yoshlik tuyg‘usi deb o‘ylar edi; cho‘ntagidan sochilgan qog‘ozlar orasidan Zumradning rasmi chiqqach, sarosimaga tushdi. Foto-suvratni eriga ko‘rsatmadi.
Muxtorning o‘ligini o‘z hovlisidan ko‘tarishdi. Hovlida xivichdan to‘qilgan to‘rt g‘ildirakli foytun turar, uning yoniga novdadan «Zumrad», deb yozilgan edi. Zumradning eri Fozil novdadan terilgan ismga ajablandi, tasodif deb o‘yladi.