Uchqun Nazarov. «Kal Mulla» (hikoya)

Bu o‘ttiz besh yoshga kirgan, ko‘zlari kulrang, kipriklari sarg‘ish kishining nomi Karl Myuller bo‘lib, mahalla odamlari uni oldiniga Karl Mulla, keyin Kal Mulla deyishardi. Karl yagona yashar, onasi yetti yil burun vafot etgan, otasi, taniqli etnograf Gerxard Myuller, ko‘p vaqtini arxeologik safarlarda o‘tkazar, nega bu nemis oilasi o‘zbek mahallasida turib qolganini hech kim bilmas edi. Atrofda boshqa maktab yo‘qligi sababli Karl Myuller ham o‘zbek maktabiga qatnadi, og‘aynilari asosan o‘zbek bolalari bo‘lgani uchun ota-onasi bilan bemalol uch tilda — nemischa, ruscha, o‘zbekcha gaplashishga odatlandi. G‘irt mahalla tilini ko‘cha bolalari qanday bilsa, Karl ham shunday bilar edi. Studentligida tanishgan rus qizi Svetlana Karl bilan uch yil yashadi — yo farzand ko‘rmadi, yoki eski mahalla sharoitiga ko‘nika olmadi — o‘ttiz yoshli Karlni tashlab ketdi. Karl tanho qoldi, boshqa uylanmadi.
Kimning nimasi buzilmasin — tikuv mashinasimi, bolalarning velosipedimi, Kal Mullaga chopishadi. Karl ishni shu qadar puxta bajaradiki, ustalar ham primuslarini shunga tuzattirishadi. Qo‘lidan kelmagan ish yo‘q, o‘zi qanaqadir zavodda ishlaydi. Mahalla to‘y-azalariga qatnashadi, hamma qatori fotihaga qo‘l ochadi, hatto «Kulhu Ollohu ahad»ni yod biladi, ba’zilar bu haqida o‘zbekcha gapirsa, hammasini tushunadi, indamaydi. Zavod unga ikki xonali uy berganida, Karl olmadi — itini, kaptarlarini, toshbaqalarini ko‘zi qiymadi. Qo‘shnilari tandirda non yopishsa, tansiq taom qilishsa, unga ilinishadi. Karl kosalarni shokolad solib qaytaradi.
Balki nemis bo‘lgani uchunmi, urush boshlanganda, Karlni olishmadi, bosh injenerlik amalidan pasaytirishdi.
Gazeta-jurnallar fashistlarni mazax qiluvchi maqolalar, Gitlerning badbashara rasmlarini bosishdi. Avvalgi «qizillar-oqlar» «ruslar-nemislar» o‘yiniga aylandi, nafrat kuchaydi. Bolalardan biri Karlni «fashist», dedi. Karl e’tibor bermay o‘tib ketaverdi. Keyin ortidan tosh otadigan bo‘lishdi. Karl qancha indamasa, bolalar shuncha qutirishdi. Yaqindagina velosipedlarini tuzatib yurgan Karl dushmanga aylandi. Karl ko‘chada ko‘rinishdan ham hayiqadigan bo‘lib qoldi.
Albatta, Karl shu boshi berk ko‘chadan chiqib, mahalladan nariroq ketsa — bas, hech kim buni tanimaydi, hamma o‘ris, deb o‘ylaydi, bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Shuning uchun Karl uyidan sahar chiqib ketib, kechqurun qaytadigan bo‘ldi. Biroq kelguniga qadar iti, kaptarlari och qolishadi, ularga don-suv beradigan odam ham yo‘q. Sakkiz oydan beri dadasidan darak yo‘q, qari narsa, omonmikan?
Karlga ta’sir qiladigan joyi shuki, ko‘chasidaga tirmizaklarning bari Karlning ko‘z o‘ngida tug‘ilgan, og‘aynilarining farzandlari, hammasiga Karl varrak, rogatka, novdadan yoy yasab bergan, nomlarini biladi, ukasidek bo‘lib ketishgan edi, kelib-kelib chatoqlik shulardan chiqyapti. To‘g‘ri, ota-akalari o‘shqirishdi, po‘pisa qilishdi, quloqlaridan cho‘zishdi, bolalar bilganidan qolishmadi.
Urush boshlanganiga yarim yil o‘tmay turib, frontdan qoraxat kela boshladi.
Birinchi marta qoraxat Karl bilan bir sinfda o‘qigan Ilyosning halokati haqida keldi.
— Adamni sen o‘ldirgansan, fashist! — dedi uning o‘g‘li Karlga.
Karl, o‘zini ushlay olmay, bolaning betiga tarsaki tushirdi, Salim chinqirib, uyiga qochdi.
Karl urganidan pushaymon bo‘ldi, o‘rtog‘ining azasiga ham kira olmadi.
Shundan keyin Karlning ko‘cha eshigida bo‘r bilan chizilgan fashistlarning belgisi paydo bo‘ldi. Karl o‘chirib tashladi, lekin keyin mash’um xoch to‘rttalab-beshtalab chizila boshladi. Karl e’tibor bermay qo‘ydi. Karl hamma narsadan, ko‘cha-kuyda ham, go‘yo odamlar uning nemisligini sezayotgandek, hadiksiraydigan, hammaga gumon bilan qaraydigan bo‘lib qoldi, o‘zbek mozorining bir chetiga dafn qilingan onasining qabriga borganida, o‘zini tuga olmay ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Uyiga qaytib kelganida, kaptarlarining uchtasi qo‘ndoqdan qulab qorda yotar, qon tomchilari qorga sochilgan edi. O‘zi isab bergan rogatkalardan otishgani ma’lum bo‘ldi. Keyin uy derazasining oynasi chil-parchin sindirildi, Karl yangi oyna qo‘ydi, uni ham sindirishdi, itini zaharlashdi. Karl shikoyat qilishdan ham ko‘rqar edi.
Bahor kunlarining birida ikkita harbiy kishi kelib, Karlni olib ketishdi. Karl ko‘cha eshigini qulflashga ham ulgurmadi.
Hovli qarovsiz qoldi.
Yon qo‘shnilar o‘tini yulishdi, suv sepishdi, shipirishdi, hovli chinnidek bo‘ldi; hovliga qarash, sarishta qilish, gullar ekish, qolgan kaptarlarga don sochish odat bo‘ldi. Keyin hovlini «Bolalar bog‘chasi»ga aylantirishdi. Baqirib — chaqirishsa ham mayli, jimlikdan tuzuk.