Tursunboy Boymirov. Bilaman, yaxshi bilaman (hajviya)

– Kecha tug‘ilgan kuningiz ziyofatiga qarashish bilan butun kunim o‘tdi, – axborot berdi Ismat bosh­li­g‘iga. – Sizlarni jo‘natganimizdan so‘ng devlar ketib, sulaymonlar qutulgandek bo‘ldik.
– Bilaman, juda yaxshi bilaman, – Ismatning so‘­zini bo‘ldi boshliq, – yayrab o‘tirib, rosa ichgansizlar. Lekin, sen Ismatboy, bu gaplarni qo‘yatur. Ziyofat o‘z yo‘lida. Yordamchi xo‘jalikdagi chorvaning oylik hi­so­boti haqida gapir. Taxladingmi? Natijalaridan axborot ber.
Hisobchi Ismatboy bunday so‘rovlarning ustasi bo‘lib ketganidan gap nima haqda ketayotganini darrov angladi. Boshliqdan egilib kechirim so‘radi-da, gapini davom ettirdi.
– Beshta qo‘chqorni ajratib olib, boqayot­ga­ni­miz­dan xabaringiz bor. Shu qo‘chqorlardan bittasi yetilib qoldi. Yetmish kilolar go‘shti bor. Bu yuk bilan qo‘ylarga nasllik qilolmaydi. Kecha shuni so‘ydirib, ziyofatingizga o‘n kilosini ajratib, qol­ganini buzdirmay uyingizga eltib berdim.
Boshliq ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tikka bosdi.
– Sekinroq, tomda ham quloq bor, deydilar. Chechang xursand bo‘lgandir?
– Uyga butun bir qo‘chqor go‘shti kelgandan so‘ng xursand bo‘ladilar-da. Bolalaringizning quvonganini ayt­maysizmi…
– Sekinroq gapir-e! Past ovozda imo-ishora bilan tushuntir. Keyin-chi? O‘tirishlaring xushvaqtlik bilan tugadimi?
– Yashirmayman, ko‘p ichdik. O‘g‘lingiz kosagul edi­lar-da, qo‘llarini qaytarolmadik. Haligi, mehmon­lar­dan biri oliftalik qilib “ichmayman!” deb tixirlik qildi. Lekin, yomon ish bo‘ldi-da.
– Bilaman, – dedi boshliq beparvolik bilan, – nima ish qilganliklaringni juda yaxshi bilaman. Bir-birlaring bilan gap talashib ham olgansizlar. Balkim mushtlashgandirsizlar?
– Ha-da! Bilganday gapirasiz-e, boshliq. Xuddi shunday bo‘ldi, – aytmoqchi bo‘lgan gapiga imkoniyat bo‘lganidan quvonib gapirdi Ismat. – O‘g‘lingizga juda havasim keladi-da. O‘zlari tengilar bir ursa, ikki karra qaytim beradilar. Zarb bilan urishga usta.
– Bilaman, – dedi boshliq gerdayib. – Boks to‘­ga­ragiga qatnashib, aniq mo‘ljalga urishni o‘rgangan-da. Jarohat olganlar ham bo‘lgandir?
– Ha! Yo‘g‘-e, – qurmalib qoldi Ismat. – Bu galgi jarohat… Nima desam ekan…
– Men bilaman-da, – dedi boshliq bilag‘onlik qilib, – bir musht bilan esdan ketkizgandir. Balkim seni. Mehmonlar xafa qilmadimi?
– Siz aytgandan ham yomon bo‘ldi, – deb chaynalardi Ismat. – Ikki kurak tishlari sinib tushdi. Og‘iz­laridan qon kelib, esidan ketdilar. Uzoq vaqt o‘zlariga kelmadilar. Boshlarida turdik.
– Ana, – dedi boshliq zavqlanib, – bilaman-da men. Kim ekan u sen “siz”lab gapirayotgan sho‘ring qur­gur? Muovinning o‘sha latta o‘g‘li emasmi? Bechoraga rahmim keladi. Yana ikki-uch kun ginaxonlik ekan-da?!
– Esankiratgan zarb kayfga qorishma bo‘lib, ikki soatlardan so‘ng ko‘zlarini ochib, suv so‘radilar. Sizni bezovta qilmadik.
Boshliq gavdasini stolga tashlab, ko‘zoynagini qo‘­liga olarkan, Ismatga shubhali qaradi.
– Bilaman, yaxshi bilaman… Kim haqida gapirayapsan? Bilsam bo‘ladimi?
– O‘g‘lingizni Foziljon akamning o‘g‘li G‘ani bir urishda ag‘darib tashladi. Kesilgan daraxtday qula­dilar. Ezilib ketdim. Kechirasiz, aytib qo‘yganim uchun.
– O‘g‘lim?!
Boshliq o‘rnidan sapchib turdi. Lekin, shu zahotiyoq shalpayib o‘rniga o‘tirib qoldi. Hushidan ketib, endi o‘ziga kelayotgan odam qiyofasida egilib turganicha, g‘udrandi.
– E-e… Foziljon akamning shunday chapdast o‘g‘il­lari bor ekanmi? O‘g‘il bo‘lgandan so‘ng shunday bo‘lsin-da. Mayli ursin, xijolat bo‘lma! Bizning o‘g‘il urishni o‘rgansin-da. Kim bilan muomala qilishni tushunib oladi.
– Xo‘p desangiz, o‘sha zo‘ravon gapini bir urishda… – kerildi Ismat boshlig‘ining ahvoliga achinib.
– Bilaman, – boshliq yeb qo‘ygudek Ismatga tikildi, – juda yaxshi bilaman. Seni ham bir kalla qilib og‘zi-burningni qonga bo‘yashini bilaman. Chiq, ko‘zimdan yo‘qol!
Ismat boshlig‘idan kechirim so‘rab, egilib-bukilganicha xonadan chiqdi. Chuqur nafas olib, o‘zicha g‘o‘l­diradi:
– Boshliqning shunday deyishini men ham yaxshi bilaman. Axir, zo‘ravon G‘ani boshliqning boshlig‘ining o‘g‘li-da. Buni esa hamma yaxshi biladi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son