Sevimli opam Qumrioy xotirasiga bag‘ishlayman
Ishkom tagidagi supada o‘tirib, mushukchalarning bir-biri bilan olishishini kuzataverib zerikkanimdan «soat»ga qarab qo‘ydim: uyning soyasi hali supaga yetmagan edi. Demak, opamning maktabdan qaytishiga hali ancha vaqt bor. Kun isib ketgan, ishkom osti soya bo‘lishiga qaramay, havosi dim, nafas olish og‘ir edi. Supadan tushdim. Ayvondagi sholchani ko‘tarib, uzumzorimizning chetidagi sada tomonga ketayotgan edim, kichik uyda kuvi pishayotgan ayam derazadan qarab so‘radi:
— Ha, otajon, so‘rigami?
Men «Ha», degan ma’noda bosh qimirlatib, chillaki toklar orasidan yurib ketdim.
— Yana yolg‘iz uxlab qolmagin, uyqung kelsa, chopqillab uyga kelgin-a, xo‘pmi, girgitton? — deb qoldi ayam.
«So‘rida uxlab jinni bo‘libmanmi? Axir u yerda uxlab qolsam, ajina chalib ketadi-ku!»
Dadam uzumzorimizning chekkasidagi sada soyasiga so‘ri qurib bergandi, bu yerda biz uzumga tushgan chumchuq va chug‘urchuqlarni qo‘rib o‘tirardik. So‘ri ustiga sholchani soldim-da, burchakda turgan tartarakni olib tarillatganimcha bir qo‘lim bilan sadaning pastroqdagi shoxiga bog‘lab qo‘yilgan ipni tortib yubordim, toklarga o‘rnatilgan qo‘ng‘iroqlar jaranglab, bog‘ shovqin-suronga to‘ldi; vahimaga tushib jonholatda pirillab uchayotgan chumchuqlarni ko‘rib, zavqlanganimdan: «Ho-oy-hoy!», deb baqirib ham qo‘ydim; so‘ng sholchaning ustiga chalqancha tushib yotdim. Bu yer hovlimizga qaraganda ancha salqin. Ohista esayotgan shabada dimog‘imga sadadan sal naridagi na’matakning yoqimli hidini uradi, ko‘ylagimning yengidan, ochiq yoqamdan badanimga namxush havo puflaydi. Bunday rohatijon joyda uxlab qolish hech gap emas, lekin ajinadan qo‘rqqanimdan uyqum kelmaydi. U haqida o‘ylab ketaman.
Ajinani shu paytgacha ko‘rmaganman, lekin negadir qachon bo‘lsa-da, ko‘rishimga ishonaman. «U hammaning otini biladi, opangning yoki akangning tovushiga o‘xshatib chaqira oladi. Agar o‘shanda «Huvv!» deb qo‘ysang bormi, naq og‘zingni qiyshaytirib ketadi-ya!» derdi ayam. Shuning uchun ayam chaqirsa ham, to o‘zi kelib ergashtirib ketmaguncha, ishonmasdan nndamay o‘tiraverardim. Yana ayamning aytishicha, ajina xohlagan qiyofasiga kira olarkan: dadamga eshakka o‘xshab, ayamga oppoq tutundek bir narsa bo‘lib ko‘ringan ekan. Menga qanaqa bo‘lib ko‘rinarkin-a? Ajina deganda, ko‘z oldimga soch-soqoli o‘sgan, irkit kiyimli, hushtak chalgan bolalarni quvib yuradigan Ergash tentak kelardi. Shuning uchun ko‘chada Ergash tentakni ko‘rib qolsam, bolalarga qo‘shilib, uni kalaka qilgani, tosh otgani qo‘rqardim: «Menga shu tentakka o‘xshab ko‘rinsa-ya?!»
Shu payt o‘tlar shitirlab, qadam tovushi eshitildi, qo‘rqqanimdan irg‘ib o‘rnimdan turdim:
— B-b-bis…
Xayriyat, opam ekan. U qo‘rqqanimni bilib, qotib-qotib kuldi.
— Obbo, Zokirjon-e, meni ajina deb o‘ylovdingmi? — Opam kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tiyib, peshonamdan o‘pdi, qo‘lidagi kitobni so‘riga qo‘ydi. Saodat opamning qop-qora, egilgan qoshlari, chiroyli qo‘y ko‘zlari menga juda yoqardi. Opam ham meni yaxshi ko‘rardi. Bu yil u o‘ninchi sinfni bitirayotibdi, shuning uchun doimo dars qilgani-qilgan. Bu esa menga uncha xush kelmasdi; chunki, u ilgarigidek meni ko‘p erkalatmas, kitob o‘qiyotganida yoniga borsam, «Xalaqit berma», deb nari quvar edi.
— Zokirjon, qani, kel, toychoq yasab beraman, — dedi opam nimchasini sadaning shoxiga ilayotib.
U sochini o‘ziga judayam yarashadigan alfozda chambarak qildi, yenglarini shimarib, so‘ridan ancha naridagi giloslar tomonga yurdi. Orqasidan men ham ergashdim. U tokning hali yaxshi qurimagan arig‘idan bir changal loy oldi-da, gilos soyasiga o‘tirib, toycha yasashga kirishdi. Har kuni kitobdan boshini ko‘tarmaydigan opam bugun birpasda loydan toychoq yasab, ustiga chavandozini ham o‘tqazdi, hatto bir dona na’matak gul olib chavandozning qo‘liga ushlatib ham qo‘ydi. Shundan keyin supaga chiqib, kitobini ochdi.
Men suyunganimdan terimga sig‘may, o‘yinchoq bilan ovora bo‘lib ketdim.
Bir mahal opamga qarasam, u kitob o‘qimay, na’matak gullariga termilib o‘tiribdi.
— Opa, ko‘zingiz yo‘l ko‘ryapti, mehmon keladi, — dedimu yana xalaqit berganim uchun urishadimi, deb qo‘rqdim. Yo‘q, urishmadi, jilmayib qo‘ydi-yu, menga qaramadi. Yana o‘yinga berildim. Bir vaqt devor orqasidan:
— Saodat… — degan tovush keldi. Cho‘chib tushdim. Opam irg‘ib turib, «Huv-v!», deb yuborsa bo‘ladimi! Keyin o‘ziyam sezdi shekilli, qo‘li bilan og‘zini bekitib oldi. Men opamning oldiga yugurdim. Ikki ko‘zim unda, qo‘rquv va achinish bilan og‘zining qiyshayishini kutib turibman. «Hozir… hozir… yo‘q, qiyshaymayapti». Bir payt devorimiz oldida novcha, do‘ppisini peshonasiga bostirib kiygan odam paydo bo‘lib qolibdi!
— Opa, ajina!.. — deya o‘zimni opamga tashladim, mahkam quchoqlab, yuzimni bag‘riga yashirdim; opam esa, qiqirlab kulib-yubordi. Uning kulgisiga begona kulgi qo‘shildi. Men cho‘chinqirab u tomonga qaradim, boyagi odam bizga yaqinlashib, menga qo‘lini uzatdi, men opamni yaqa qattiqroq quchoqladim.
— Zokirjon, akanglar bilan ko‘rish, — dedi opam.
Begona odamning yuziga asta ko‘z tashladim: qora qoshlari tutashgan, ot yuzli, beso‘naqay bu yigit akamga ham, Ergash tentakka ham o‘xshamas edi.
— Yo‘q… akamlamas! — deb u bilan ko‘rishmadim,
Ular yana kulishdi. Men hayrat bilan begona odamni kuzatardim. U so‘riga o‘tirib, opamning kitobini varaqlay boshladi. Opam ham o‘tirdi, men pinjiga tiqildim: hali ham u kishining chinakam odamligiga ishonmasdim, ayam o‘rgatgan kalima endi yodimga keldi. Ichimda kalima qaytarib, u odamga qaradim, yo‘q bo‘lib qolmadi, shundan keyin bir oz ko‘nglim tinchidi.
— Zokirjon, toychangni o‘ynamaysanmi?— deb qoldi opam.
Ie, toycham! Yugura ketdim. Borib qarasam, bir kapalak loy «chavandoz»ning qo‘lidagi na’matakka qo‘nib turgan ekan, mendan cho‘chib uchib ketdi. Birpas o‘ynaganimdan so‘ng toychadan ham zerikdim. So‘riga qarasam, boyagi odam hali ham opamning yuziga termilib o‘tiribdi, opamning ko‘zi yana yo‘l ko‘ryapti. «Bor-e!», deb uyga qarab ketdim. Tandirga o‘t qalayotgan ayamga, so‘ramasa ham:
— Opam so‘rida bir odam bilan o‘tiribdi, — dedim.
— A?! Qanaqa odam?!
Ayam javobimni ham kutmay, kosovni tashlab, so‘ri tarafga jadal yurib ketdi. Nazarimda qiziq bir voqea sodir bo‘ladigandek tuyuldiyu men ham o‘sha tomonga shoshildim. Oldinma-ketin so‘ri oldiga yetib borganimizda ular hali ham o‘tirishgan ekan. «Begona odam» ayamni ko‘rib sarosimaga tushib qoldi: o‘rnidan irg‘ib turib devorga tirmashgan edi, ushlagan kesagi ko‘chib, na’matakning ustiga qulab tushdi; jonholatda o‘rnidan turdi-da, yana devorga tirmashib, narigi tomonga sakrab tushdi. Uning na’mataklar orasiga yiqilganini ko‘rib yuragim achishdi: «Hamma yog‘iga tikan kirib ketgandir…» Ayam rang-quti o‘chib o‘tirgan opamning yuziga bir tarsaki tushirdi-da:
— Qo‘shmozor bo‘lgurlar! — deya qarg‘ay ketdi. Opam hech narsa demay piqillab yig‘lardi. «Nega ayam uni urishadi-ya? Nima, opam birovning bog‘iga kiribdimi? Anavi odamning alamini oladimi?!»
— Hali shoshmay tur, kechqurun dadang kelsin! — deya ayam iziga qaytdi. Opam bechora menga o‘qrayib qo‘ydiyu yig‘lagancha kitoblarini yig‘ishtira boshladi. Men esa opam: «Sening chaqimchiliging uchun ayamdan tarsaki yedim», deb urishsa kerak, deya xavotirda edim, Agar ayam opamni urishishini bilganimda sira ham og‘iz ochmagan bo‘lardim. Opam kitoblarini qo‘ltiqlab uyga jo‘nadi. Men uning oldida o‘zimni gunohkor his qilib, ichimdan-ezilgancha orqasidan ergashdim. Shu damda men uning boyagidek gul-gul yashnab kulishi uchun hamma ishga tayyor edim. «Nima qilsam opam kulib yuborarkin? Nima qilsam gunohimdan kecharkin?», deb bosh qotirardim.
* * *
Kechqurun. To‘lin oy atrofni shunday yoritadiki, chiroq yoqishga hojat ham qolmaydi. Bizning kundalik ishlarimiz boshlanadi: Saodat opam ayamga qarashadi, Zuhra opam supaga sholcha va ko‘rpachalar to‘shaydi, Umri opam bilan men hovliga suv sepamiz; Lolacha bo‘lsa, injiqlik qilib, ayamning orqasidan ergashib yuradi. Yana sigir sog‘ish, mollarga o‘t solish… Bu ishlar tugaganda, otga ikki bog‘ o‘t ortib dadam daladan qaytadi. U yuvinib bo‘lgach, qizg‘ish mo‘ylovini, baroq qoshlarini silab-siypab, supaga hammadan avval chiqib o‘tiradi. Ko‘pincha, xuddi shu vaqtda qo‘shnimizning qizi Nozik opa qo‘shni tovoq ko‘tarib chiqadi. Dadam Nozik opani ko‘rishi bilan kulib-kulib bayt ayta boshlaydi:
— Bor tovog‘im, kel tovog‘im,
Agar bormasang, kelmasang,
O‘rta yerda sin, tovog‘im.
Bu bayt ayni ovqat suziladigan paytda hammamizni bir kuldiradi. Ayniqsa, dadamning o‘zi rosa nash’a qilib kuladi.
Nozik opa ketishi bilan opalarimdan biri uning orqasidan tovoqda ovqat ko‘tarib, ularnikiga yuguradi.
Men dadamning yonidan — to‘rdan joy olaman, o‘ng tomonimizda ayam bilan Lolacha, poygakda zsa uch opam o‘tirishadi. O‘rtaga quroq dasturxon yozilib, ovqat qo‘yiladi.
Hamma qiziq gaplar, kulgi, gurung ovqatdan so‘ng boshlanadi. Dadam yig‘ilishga «raislik» qiladi. U bugungi «narodniy kontrol»ning (bu so‘zga tilim kelishmagani uchun men uni «poyloqchi» derdim) gaplarini goh kulib, goh jiddiy qiyofada tinglaydi, ayam esa «poyloqchi»ning‘ har qanday gapidan zavqlanib, kulib o‘tiradi.
«Poyloqchi» kim nima yomonlik qildiyu kim qo‘shni bolalar bilan urishdi, shunga o‘xshagan qilmishlarimizni kuzatib yurib, kechqurun hamma yig‘ilganda aytib berardi.
Bu vazifani navbat bilan beshalamiz ham bajarardik. Dadam bilan ayam esa «umumiy-rahbarlik» qilishadi. Bu tartibni dadam o‘ylab chiqargan edi.
«Poyloqchi» va boshqalarning gapi tugagandan keyin, dadam bilan ayam bizga pand-nasihat qilishib, qiziq-qiziq voqealarni gapirib berishadi. Ayam boshidan kechganlarini g‘amgin ohangda so‘zlar, uning urush boshlangan yili zim-ziyo tunda, bo‘rilarning uvillashi shunday eshitilib turgan cho‘ldan akamni yetaklab, Umri opamni ko‘tarib olib dadamni vokzalga kuzatishga chiqqani haqidagi hikoyasi odamning etini jimillatib yuborardi. Ayam, dadamning uydagilarga bildirmay frontga jo‘nab ketmoqchi bo‘lganini, bu gapni Abdusalom tog‘amdan eshitib uch kun vokzalda poylaganini ayniqsa kuyinib gapirardi. Dadam esa o‘z ko‘rgan-bilganlarini maroqlanib so‘zlar, har bir voqeadan kulgili bir xulosa chiqarar edi.
Dadam bilan bog‘da birga ishlash ham gashtli edi. Nazarimda, u o‘tlarning, daraxtlarning ham tilini tushunardi — yer chopayotgan paytimizda g‘umay va ajriqlarni bitta qolmay terib olishga undab: «Laylakning uyasida qirq yil yotgan g‘umay: «Bir yonim namga tegsa — bas», der ekan», derdi. Yoki tok tagidagi o‘tlarni yulayotganimizda: «Tok, menga soya ham, hamsoya ham kerak emas, dermish», deb qo‘yardi. Odamlar dadamni paxtaning ham tilini biladi, deb gapirishardi; shuning uchun ham uni kolxozning hosilot sho‘rosiga raislikka saylashgan. Men o‘sha paytlarda dadamning chindan ham tilsiz o‘simliklar bilan gaplasha olishiga ishonardim. Axir, har doim o‘tlar va daraxtlarning nima deganini bizga so‘zlab berardi-da!
Dadam ba’zan tobi qochib qolgudek bo‘lsa, ustiga eski chopon kiyib, oysimon katta ketmonini olardi-da, maydon chetidagi suvsiz qaqrab yotgan zayakni qarsillatib chopa boshlardi. To charchagunicha shu zaylda ishlar, so‘ng ayam qaynatib qo‘ygan issiq sho‘rvani ichib terga pishgancha ko‘rpaga o‘ralib yotar, ertasi kuni esa otdek bo‘lib ishga jo‘nab ketaverar edi.
Oqshomgi suhbat chog‘larida dadam eskicha kitoblardan hikoyatlar o‘qib berardi. Men uning kitob o‘qishini juda yoqtirardim; u kitobni ko‘zidan uzoqroq tutib shoshmasdan, dona-dona qilib o‘qirdi. Kechki suhbatlarimiz qish paytlari ayniqsa cho‘zilar, mehmon kelganda yoki biror tasodif yuz bergandagina kanda bo‘lar edi, xolos.
Dadamni «Normat polvon, yelkasi yerga tegmagan kurashchi», deyishardi. Men uning kurash tushganini hech ko‘rmaganman. Keyinchalik u kurashni yig‘ishtirib qo‘ygan. Dadam asli juda xushchaqchaq kishi, lekin achchig‘i chiqqanda, baquvvat bo‘ynining tomirlari bo‘rtib, yuzidan qon tomgudek bo‘lib qizarib ketardi. Uning bu holatidan nihoyatda qo‘rqardim. Kechqurun supada o‘tirarkanmiz, ayam kunduzi bog‘da bo‘lgan voqeani aytsa, dadamning jahli chiqib ketishini o‘ylab, opamga yuragim achishar edi. Chunki, bugun «poyloqchi» men edim-da.
… Mana, kosalar birin-ketin bo‘shab, dasturxonga fotiha o‘qildi. Dadam sochiq bilan og‘zini artdi, kekirib: «Xudoga shukur», deb qo‘ydi. U mo‘ylovini silab, yostiqqa yonboshladi-da, menga sho‘x nazar tashlab:
— Xo‘sh, «narodniy kontrol», nima gaplar bor?.. — dedi.
Hushimni yig‘ib olishga majbur qilgan bu savolni boyadan beri qo‘rqa-pisa kutib o‘tirardim. Shuning uchun «Nimani gapirsam ekan?», deb o‘ylanib, boshimni ko‘targan edim, menga qandaydir xavotir bilan tikilib turgan ayamga ko‘zim tushib, hayron qoldim. Keyin gaplarim uncha qovushmay, Zuhra opam bilan Umri opamiing janjallashganini aytdim.
— Hm… yana nima bo‘ldi, qizlar? — deb so‘radi dadam opalarimdan. Men ayamga qaradim: «Hozir kunduzgi voqeani aytsa kerak». Negadir, ayam xotirjam, beparvo, gapirgisi kelmagandek o‘tirardi. U katta opamga yuzlanib:
—Bor, idish-tovoqlarni yuvib ola qol!— dedi.
Saodat opam esa sekin o‘rnidan turib, o‘choqboshiga ketdi. Shundan so‘nggina kunduzgi g‘alva qayta qo‘zg‘almasligiga ko‘zim yetib, bir oz yengil tortdim.
Ayam rayhonnn chumchuqlardan qo‘rish uchun qo‘yilgan qog‘oz pildiroqchalarni o‘ynayotgan mushukchalarga:
— Hoy, o‘lgurlar, rayhonni sindirasanlar! — deb po‘pisa qildi. Mushukchalar ura qochib, supa orqasiga o‘tdi. Ayam mushukchalarga ham, Olaparga, sigir va qo‘ylarga ham xuddi odamga gapirgandek gapiraverardi.
Nazarimda, jonivorlar ham ayamning gaplariga tushunardi. U: «Bo‘ldi endi o‘tlaganing. Qani, bu yoqqa kel!», deb tog‘orani ko‘tarib og‘ilga yurishi bilan maydonda o‘tlab yurgan govmish lapanglagancha uning oldiga yetib keladi: «Qur-ay, hay-hay, qani qo‘raga!», deyishi bilan qo‘ylar gurillab qo‘raga yuguradi; «Jim bo‘l!», degan tovushini eshitgan zahoti hurayotgan Olapar boshini quyi egadi.
Ayamning bir so‘zini ikki qilmaydigan bu jonivorlarni men kaltaklab ham yo‘lga sololmasdim. Faqat Olapargina men bilan soz edi, chunki u nonimga sherik bo‘lib turardi-da!
Ayamning yana bir qiziq odati bor edi: agar hovlimizda mol so‘yiladigan bo‘lsa, ichkari uyga yashirinib olar, shu molning go‘shtidan bir tishlam ham og‘ziga olmas edi.
Ayam hovlini, darvozaning oldini doim chinnidek supurib, yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘yardi. Har kuni choy damlashdan oldin, albatta, choynakni qum bilan yuvar, shunday xushta’m choy damlardiki, bunga hamma tan berardi. U soch olishga ham usta edi: oddiy qaychi bilan sochimni shu qadar qirtishlab olardiki, ko‘rganlar ustarada olinibdi, deb yurishardi. Umri opam ro‘zg‘or ishlarida ayamning eng ishongan yordamchisi edi. U ham ayamga o‘xshab har bir ishni zerikmasdan, puxta bajarardi. Zuhra opam esa, buyurilgan ishni birpasda pala-partish ado etsa, Saodat opam kitob o‘qishga berilib ketib, ayamning aytganini unutib qo‘yar va oqibatda ikkalasi ham doim gap eshitib yurardi.
Ayam begona yigit tufayli opamni bir tarsaki urgan kunning ertasiga meni bir chetga chaqirib olib, opamni poylab yurishim, agar o‘sha yigit yana kelsa, darhol xabar qilishim haqida maxfiy topshiriq berdi.
Shu kuni Saodat opam bilan yana so‘rida uzumni chug‘urchuqlardan qo‘rib o‘tirardik, xuddi qarshimizdagi devordan kechagi yigitning boshi ko‘rindi. Men, u kecha gul tikanlari ustiga yiqilib rosa tavbasiga tayangan, endi bu yerga ikkinchi qadam bosmaydi, deb o‘ylab, ayamning topshirig‘ini ham unutib yuborgan edim. Biroq u yana paydo bo‘ldi va opamning: «Bu yoqqa o‘tmang, ayam kelib qoladi», deb yolvorishiga qaramay, devordan oshib tushdi. So‘ng barmog‘i bilan menga po‘pisa qilib:
— Ha, shpionchik! O‘g‘il bola bunday chaqimchi bo‘lmaydi, — dedi, keyin esa yalingansimon ohangda: — Agar mening bu yerga kirganimni hech kimga aytmasang, senga Mirza kuloldan hushtak olib beraman, — dedi.
Hushtak haqidagi va’da menga qiziq tuyulsa-da, shu yigit sababli opamning tarsaki yeb yig‘lagani, ayamning maxfiy topshirig‘i yodimga tushdiyu qovog‘imni solib: «Siz nima deysiz?», degandek opamga qaradim. Opam esa qizargancha yer chizib turardi.
Ular yana supaga chiqib o‘tirishdi. Men esa o‘ylanib qoldim. Agar ayamga borib aytgani uyga qarab yursam, ular bilib qolishadi. Bir zum nima qilarimni bilmay turgach, kallamga bir fikr keldiyu sekin nashvati tomon yurdim. Nashvatining soyasida Olapar o‘zi tirmalab ochgan kovagida tilini osiltirgancha harsillab yotardi, meni ko‘rib, sevinganidan irg‘ishlay boshladi. Men unga ko‘pincha ovqat olib kelar, ba’zan esa kechqurunlari zanjirdan bo‘shatib yuborar edim. Shunda itning bo‘yinbog‘ini ikki qo‘llab o‘zimga tortib turardim, u bo‘lsa oldingi oyoqlariga tayanib, kallasini orqaga tortar, shunda osonlik bilan bo‘yinbog‘dan qutulardi.
Olapar bugun juda erta bo‘shatganimdan sevinib, irg‘ishlagancha atrofimdan bir aylandi, so‘ng uy tomon yugura ketdi. Uning so‘ri oldida albatta to‘xtab o‘tishiga men juda ishonardim. Chunki u so‘ri atrofida qolgan burda-burda nonlarni yeb o‘rgangan edi. Mana, ishni ayamga aytmay ham boplaydigan bo‘ldim — Olapar u kishini bu yerga ikkinchi qadam bosmaydigan qilib qo‘yadi. Men itning orqasidan yugurdim. Mana, Olapar o‘tlarni hidlay-hidlay so‘riga yaqinlashdi, begona kishini ko‘rgach bir zum quloqlarini ding qilib turdiyu akillaganicha boyagi yigitga otildi. Shu sapchishda u begona odamning naq sonidan bir parcha go‘shtini uzib olishi aniq edi, biroq opam Olaparning bo‘ynidan mahkam quchoqlab qoldi. Yigit esa bundan foydalanib, devorga sakradi.
U devordan oshib ketgach, opam quchog‘ida yulqinayotgan Olaparni qo‘yib yubordi. Alamzada Olapar akillaganicha devor oldida zir yugurardi.
Na iloj, tomosha o‘ylaganimdek zo‘r chiqmadi — men Olapar begona kishini rosa piypalaydi, deb kutgan edim. So‘ridan tushib, itni tinchitishga urinayotgan opam menga qovog‘ini solib bir qaradi-yu, so‘ngra kulib yubordi. Chamamda, u haligi odamni boplab quvib yuborganimdan xursand edi.
Bir necha kundan keyin negadir uyimizga notanish kishilar serqatnov bo‘lib qolishdi. Bir kuni dadam ishga bormadi. Ayam uylarni tozalab, yaxshi ko‘rpachalardan tushadi-da, keyin xamir qildi. U tandirni qizdirayotgan paytda ko‘cha eshikdan ikki ko‘zi to‘la xurjunni eshagiga ortib olgan baland bo‘yli erkak, uning orqasidan uch-to‘rtta ayol kirib keldi. Dadam ularni kutib olib, uyga taklif qildi. Men ayamdan bu odamlarning nega kelganini so‘ragan edim, u: «Saodat opangni to‘y qilishadi», deb javob berdi. Innaykeyin nimalar bo‘lishini so‘ramoqchi bo‘lganimda, dadam ayamga: «Dasturxon olib kel», deb qoldi.
Odamlar ketgandan so‘ng ayam: — Zokirjon, chopib borib Buviniso ammanglarni aytib kelgin, — dedi.
Ammamnikidan qaytib kelayotib, Sa’dulla, G‘aybulla va boshqa jo‘ralarimning ayalarini o‘zimcha to‘yga aytdim. Ular esa: «Qachon to‘y qildilaring?» deb hayron bo‘lib qolishdi. O‘z bilgimcha qilgan bu ishimni ayamga maqtanib gapirgan edim, u:
— Voy, ahmog‘-ey, qachon men senga: «Ularni to‘yga ayt», dedim? — deb urishib berdi. Maqtov o‘rniga bunday gap eshitganim menga alam qildi.
Uyimizning soyasi supaning labiga yaqinlashib qolgan edi — demak, hademay opam maktabdan qaytadi. To‘yi haqidagi xabarni yetkazib suyunchi olaman deb, u kelguncha ko‘cha eshik oldida kutib o‘tirdim. Uzoqdan opamni ko‘rishim bilanoq u tomonga chirpirak bo‘lib yugurdim. U sumkasini yerga qo‘ygancha cho‘nqayib quchoq ochdi. Opamning quchog‘ida nafasim bo‘g‘zimga tiqilib, xushxabarni yetkazdim:
— Opa-chi, opa! Bugun kishilar sizni to‘y qilishdi…
Opam judayam xursand bo‘lib ketadi, meni bag‘riga bosib erkalaydi, deb o‘ylagan edim, u esa xuddi bir narsadan cho‘chigandek birpas jim qoldi-da, meni bag‘ridan bo‘shatib, uyga qarab yurdi: hovliga kirayotib birdan o‘kirib yubordi. Sumkasini supaga otib, yig‘lagancha kichik uyga kirib ketdi. Men tamoman hayratga tushib qoldim, opamning sumkasini ko‘tarib, eshik oldiga keldim-u, ichkariga kirishga yuragim betlamadi. Shu payt uydan ayam chiqib qoldi, uning ham ko‘zlari yosh… Meni ko‘rdiyu tars etib betimga shapati urdi. Busiz ham birov bir og‘iz qattiq gapirsa, «Dod», deb yuborgudek bo‘lib turgan edim, ayamning tarsakisi juda og‘ir botdi, xo‘rligim kelib, «shaytonlab» yig‘ladim. «Suyunchi» o‘rniga shapaloq yeganim alam qilar, nohaq urgani uchun ko‘z yoshlarim bilan ayamning rahmini keltirmoqchi bo‘lar edim. Agar shu tobda ayam meni bag‘riga bosib: «Bo‘ldi, qo‘zichog‘im! Men seni bilmasdan urib yuboribman!», desa, yig‘ini darhol bas qilgan bo‘lardim. Lekin ayam mening ko‘z yoshlarimga parvo qilmay, parishon ho
lda uyga kirib ketdi.
Umri opam meni yetaklab, supadagi ko‘rpachaga o‘tqazib qo‘ydi.
— Bo‘ldi endi, Zokirjon! Yig‘lamasang, senga to‘yning holvasidan beraman, — dedi u meni ovutmoqchi bo‘lib.
Men esa unga quloq solmadim. Oxiri yig‘lay-yig‘lay supada uxlab qolibman.
* * *
Husayni uzumimiz g‘arq pishgan payt edi. Bir kuni ertalab opam meni barvaqt uyg‘otdi. Bu tong juda ajoyib edi: uzoq-uzoqlarday maktabga chorlovchi karnaylarning baland tovushi eshitilar, quyosh ham endigina uyg‘ongan edi. Men ko‘zlarimni uqaladim.
— Zokirjon, qani, turaqol, bugun maktabga borasan.
Men shoshib supadan tushdim. Axir bu kunni men anchadan beri orziqib kutardim-da! O‘zimni birdan katta bo‘lib qolgandek his qilib, har kuni erinchoqlik bilan bajaradigan ishimni zo‘r ishtiyoq bilan ado etdim: ishkomning ustuniga mixlangan qo‘l yuvgichda hafsala bilan yuvindim. Keyin opam kiyinishimga yordamlashdi. Yangi kiyimlarim — zangori do‘ppim, qora shimu oq ko‘ylakcham biram chiroyli, qora tufligim yaraq-yaraq qiladi. Chap qo‘limda bir dasta gul, o‘ng qo‘limda esa qora portfel ko‘tarib maktabga borishga shay bo‘lib turganimda, Zuhra va Umri opamlar ham uyg‘onib, shosha-pisha kiyina boshlashdi. Men ularga o‘zimni ko‘z-ko‘z qilib, u yoq-bu yoqqa bir necha bor yurdim. So‘ng Saodat opam qo‘limdan ushlab: «Qani, ketdik», dedi, Opam sumkasini olmadi — u endi o‘qishni bitirgan, har kuni dalaga qatnaydi. Bugun esa meni maktabga olib borish uchun ishga chiqmagan edi. Hovli eshigidan chiqayotganimda, ayam peshonamdan o‘pib, shimchamning cho‘ntagiga konfet solib qo‘ydi.
Yo‘lda borarkanmiz, hamma menga havas bilan qarayotgandek tuyular, quvonchim ichimga sig‘mas edi. Karnay tovushi borgan sari yaqinlashaverdi. Katta yo‘lga chiqqanimizda menga o‘xshab yetaklashib kelayotganlar ko‘payib qoldi. Nihoyat, ko‘p bolalar to‘planib turgan katta oq binoning hovlisiga yetib keldik. Bolalar to‘pidan beriroqda bo‘ynida Zuhra opamnikiga o‘xshagan qip-qiziq galstuk hilpiragan bir bola zo‘r berib karnay puflar, yonidagi o‘rtog‘i esa nog‘oraga o‘xshagan bir narsani ikkita tayoqcha bilan gumburlatib chalar edi.
Opam bolalarning oldida turgan oppoq sochli kishini menga ko‘rsatib, qulog‘imga shivirladi:
— O‘sha sening mualliming — Ermat Yo‘ldoshev bo‘ladi. Borganingda salom bergin-a!
Opam meni muallimning oldiga yetaklab bordi. Men u o‘rgatgandek qilib salom berdim.
— Vaalaykum assalom! Barakalla, odobli bola. Otlari? A? Zokirjon. O, juda yaxshi, juda yaxshi.
U kiftimga sekingina qoqib, ikki qator bo‘lib turgan bolalar safiga meni ham qo‘shib qo‘ydi. Jo‘ram Po‘lat shu yerda, u mendan-oldinroq kelib olgan ekan. Opam xayrlashib-ketayotganida, begona bolalar ichida qolayotganimdan ko‘nglim g‘ash tortdi, lekin muallimning muloyim kulimsirab turganini, ko‘rib bir oz tinchlandim. Uning qoshlari o‘siq, qisiq ko‘zlarining tevaragi taram-taram ajin, qizilmag‘iz yuzida mayda tomirlar qontalash. U jilmayganda yuzi yanada qizarib ketar, ko‘zlarida ajib bir mehr porlar edi. Ayni damda u xuddi uyiga aziz mehmon kelganda o‘zini qayerga qo‘yishni bilmay qolgan odamga o‘xshab, har birimizga alohida mehribonchilik ko‘rsatmoqda edi.
Bir payt qo‘ng‘iroqning jiringlagan tovushi xayolimni bo‘ldi. Karnay, nog‘ora tovushi tingan, bilagiga qizil bog‘ich bog‘lab olgan bir qiz mis qo‘ng‘iroqni jaranglatib chalgancha: «Darsga! Darsga!!», deb qichqirar edi.
Nihoyat, muallim bizni saf bilan yurgizib, oq binoning ichiga olib kirdi va bo‘y-bo‘yimizga qarab partalarga o‘tqazdi.
Men o‘rtaroqdagi partadan, oppoq yuzida qora xoli bor bolaning yonidan joy oldim. Boya tashqaridaligimizda muallim:
— Sen Hoshim nonvoyning o‘g‘limisan? Isming nima? Ikrom? He, balli! — deb, uni mening yonimga turg‘azib qo‘ygan, bu bolaning otini shunda bilib olgan edim. Uning ko‘k ko‘zi nimasi bilandir mushukning ko‘ziga o‘xshab ketardi.
Bizdan oldingi partada Ozod va Musulmon degan bolalar o‘tirishardi. Ular bizdan bir yosh kichik bo‘lgani uchun muallim qaytarib yubormoqchi bo‘ldi. Lekin ikkalasi ham shunday baqirib yig‘lab berdiki, oqibatda muallim fikridan qaytdi…
…Shu kuni men uyimizga behad quvonch bilan qaytdim. Hamma narsa menga yaxshi tuyulardi. Hamma narsa!..
* * *
Saodat opamni yanada yaxshi ko‘rib qoldim. U har kuni kechqurun dars tayyorlashimga yordamlashar, bilmagan raqamu harflarimni qunt bilan o‘rgatardi. Opam bilan dars tayyorlash men uchun juda maroqli edi, chunki u muallimimizga o‘xshab muloyimlik bilan erinmay tushuntirardi. Zuhra va Umri opalarim bo‘lsa, «E, shuni ham bilmaydi», deb achchig‘imni chiqarishardi. Shuning uchun sira ham ularning oldida dars tayyorlamasdim. Umri opam gapirsa mayliku-ya, lekin Zuhra opam avval o‘ziga boqsa bo‘lardi. U yaxshi o‘qimagani uchun bir yil sinfda qolib, o‘zidan bir yosh kichkina Umri opam bilan o‘qir, dars tayyorlashdan ko‘ra ro‘molcha, to‘r to‘qishga ko‘proq qiziqar edi. Umri opam juda chiroyli yozardi, masalalarni ham qiynalmasdan yechardi. Zuhra opam doim unga: «Ishlagan masalangni ko‘chirib olay, jon singlim, keyin nima desang qilaman», deb yolvorib yurardi. Shunda Umri opam: «Yo‘q, avval molning tagini tozalang, qo‘ylarga o‘t o‘rib soling, hovlini supuring, so‘ng ko‘chirtiraman», deb daftarini o‘zi bilan olib ayamga
qarashgani ketardi. Zuhra opam apil-tapil hamma ishni bajarib borganda, Umri opam kulib: «Bari bir, muallim o‘zingiz ishlamaganingizni biladi», deb qo‘yardi.
— G‘am yema, singiljon! — derdi Zuhra opam bir ko‘zini qisib. — Ikki-uch joyini xato ko‘chirsam, muallimjon ham ishona qoladi.
Umri opamni hamma «Juda aqlli qiz», deb maqtardi. Uning o‘ng betida va sochining farq ochiladigan joyida pashshaxo‘rdadan tamg‘adek iz qolgan; qalin, qora qoshlari o‘g‘il bolalarnikiga o‘xshab ketar, qop-qora ko‘zlari kishiga xotirjam, oqilona boqardi.
Uni dadam ham, ayam ham deyarli urishmas edilar. U doim ko‘ngildagidek ish tutar va doim maqtov eshitardi. U darslarni ham hammamizdan avval osongina tayyorlab bo‘lardi.
Bizning shaxsiy kutubxonamiz ham, yozuv stollarimiz ham yo‘q edi. Darsni giloslarning soyasida, ishkom ostida yotib, o‘tirib tayyorlayverardik. Men yod olib kelish topshirilgan she’rlarni ko‘pincha eshak ustida, dadamning oldidan o‘t olib qaytayotganimda takrorlab kelardim.
Shanba kuni Saodat opam dalaga chiqmadi. Ayam bilan oshqovoq somsa qilishdi. Kechqurun bir laganga somsa bostirib, opam ikkalamiz Beshquvurdagi Hanifa xolamnikiga mehmondorchilikka ketdik. Xolamning bolalari alohida ro‘zg‘or qilib chiqib ketishganidan katta hovlida Murod bobom ikkalasigina turishardi. Xolam har borganimda bag‘riga bosib, aylanib-o‘rgilar, qutisidan turli-tuman konfetlar olib, cho‘ntagimni to‘ldirib qo‘yar edi. Uning chehrasi ham, tovushi ham ayamga juda o‘xshab ketardi.
Avtobusdan yangi shaharda tushib, xolamlar turadigan ko‘chaga burilayotgan edik, orqamizdan men «Ajina» deb o‘ylagan o‘sha yigit kelib qoldi. U opam bilan quyuq so‘rashdi, menga mehribonchilik ko‘rsatib, shimimning cho‘ntagiga qovrilgan pista solib qo‘ydi.
— Ko‘rinmaysiz? — dedi u opamga qarab.
— Mana, ko‘rinyapmiz-ku, — dedi opam yerga tikilgancha. Yigit kulimsiradi. Ular shu tarzda ancha gaplashib turishdi. Men pista chaqqancha ko‘chaning narigi tomonidagi o‘rdak-g‘ozlarning suvda suzgandek sollanib yurishini zavqlanib kuzatardim. Beixtiyor ularning ortidan ergashib ketibman. Bir mahal qarasam, xolamning uyi oldiga kelib qolibman. Bunga avval uncha ishonmadim, lekin ko‘kka bo‘yalgan naqshinkor katta darvozaga diqqat bilan razm solgach, bu xolamning hovlisi ekanligiga ishonch hosil qildim. Darvozaning kichik eshigini ochib ichkariga yugurib kirdim. Hovli supurib yurgan xolam:
— Voy aylanay, katta boladan! — deb quchoq ochdi. Peshonamdan o‘pib erkalarkan:— Bir o‘zing keldingmi? — deb so‘radi hayron holib.
— Yo‘q, opamlar bilan.
— Opang qani?
— Hov anatta, bir odam bilan gaplashib turibdi.
— Qanaqa odam? — deb so‘radi xolam xuddi ayamga o‘xshab, so‘ng meni yetaklagancha ko‘chaga chiqdi. Opamning qorasi ko‘rinmasdi. Yana qaytib, hovliga kirdik. Xolam supurindini bir yerga to‘playotib, ayamdan boshlab Lolagacha uydagilarni bir-bir so‘rab chiqdi. Ishini bitkazib, yana ko‘chaga bir chiqib keldi: «Ahmoq, ko‘chada birov bilan shuncha gaplashib turadimi?», deb opamni koyiy boshladi. Keyin, uyga kirib, yopinchig‘ini yopindi-da, qo‘limdan ushlab:
— Qani, yur-chi, u bemaza shu paytgacha ko‘chada nima qilib yurgan ekan? — dedi. Ko‘chaning oxiriga yetib borib qarasak, ikkovi hanuz gaplashib turishgan ekan. Opam dastlab bizni sezmadi, keyin boshini ko‘tarib xolam bilan menga ko‘zi tushdiyu haligi yigitga qaramasdan ham zipillab biz tomonga yurdi. Xolam opam bilan ko‘rishmasdan yigitga bir qaradiyu yuzini yopinchiq bilan to‘sib, opamni urisha ketdi:
— Uyalmaysanmi ko‘chada shunaqa qilib turgani? Urug‘ingda yo‘q, aymog‘ingda yo‘q nag‘ma sendan chiqadimi? Marg-e, sanday qizga!
U shunday deya shartta orqasiga burildi. Opam boshini egganicha oldimizga tushib kelardi.
— Sharm-hayosizning pochchang bilan turishini qara?! Uyga borganda barisini aytib ber. To‘yni tezroq qilmasa, bu uyatsiz hammamizni sharmanda qilib, kuyovinikiga qochib ketib qoladi!
«Pochchang?! Men «ajina», deb o‘ylagan kishi pochcham ekan-da, endi bildim!»
Xolamning jig‘ibiyron bo‘lib koyishiga quloq solmay, pochchamni ko‘rganimdan sevinib ketdim. Xolamnikida bir kun yotib, qaytganimizdan so‘ng sevinchimni dadamga oshkor qilganimda, bu yana bir g‘alvaga sabab bo‘ldi. Hovliga kirib kelgach, choy ko‘tarib kelayotgan ayamga ko‘zim tushdi. Ayam salomimizga alik olib, opamga: «Sen oshxonaga kiraver, ichkarida odam bor», deb uyga kirib ketdi. Men ayamning orqasidan ergashdim.
Katta uyda uch kishi: oq ro‘mol o‘ragan, semiz bir kampir (u quda tomondan ekan), ammamning qizi Mahbuba opam, dadam o‘tirishibdi. Kirib sekin salom berdim.
— Vaalaykum assalom. Keldingizmi, ota o‘g‘il! Xolanglar, opanglar bilan ko‘rish, — dedi dadam. Men mehmonlar bilan qo‘l berib ko‘rishdim, ular meni «Yaxshi bola», deb maqtashdi, keyin dadamning yoniga chiqib o‘tirdim. Dadam xolamlarning hol-ahvolini, kimlarni ko‘rganimni surishtirdi.
— Pochchamlarni ko‘rdim, — dedim sevinchimni izhor qilgani vaqt yetganini bilib. Qiziq, bu gap negadir hammani hayron qoldirdi. Men tutila-tutila bo‘lgan voqeani ayta boshladim. Mening gaplarimdan mehmon xola sevinib o‘tirar, Mahbuba opam negadir o‘qrayib qarab qo‘yar, dadamning xursand bo‘layotganini ham, achchig‘i chiqayotganini ham bilib bo‘lmas edi. Ayam esa tashqariga chiqib ketdi. Mehmon xola ketgandan so‘ng, dadam oshxonadan ayam bilan opamni chaqirib oldi. Uning bo‘yin tomirlari bo‘rtib, yuzidan qon tomgudek qizarib ketdi, ayamga qarab o‘shqira boshladi:
—Buningning hamma qilmishlarini eshitib yuribman. Hali tor ko‘chada, hali maktabning oldida kuyovi bilan gaplashib turarmish. Quda tomondagilardan qochmasmish. Bu qanaqa surbetlik! Bilib yuribman-u, indamayapman-da! Lekin barisini yig‘ib, bir boplayman!..
Opam bechora boshini ko‘tara olmay piq-piq yig‘ladi. Dadam o‘shqira-o‘shqira ko‘chaga chiqib ketdi. Shundan keyin hamma menga yopishdi:
— Ikkinchi marta buni biror joyga olib yurmang! Shunaqayam gap terib yuradigan bola bo‘ladimi? — Mahbuba opa opamni ovutishga harakat qilib hadeb meni urishardi. Men burchakda lab-lunjim osilib o‘tirib qoldim. Hamma, ayam ham meni urishdi-yu, ammo opamning o‘zi bir og‘iz ham achchiq gap aytmadi.
* * *
Men maktabdan daftarimga «3 oktyabr, shanba», deb yozib kelgan kunim kechqurun Saodat opamning qiz majlisi bo‘ldi. Opamning uch-to‘rt dugonasi katta uyga yangi kigizlar solib, baxmal ko‘rpachalar to‘shashdi; devorlarga palaklar qoqib, opamning hamma yangi ko‘ylaklarini ilishdi. Shundan keyin uyimiz juda chiroyli bo‘lib ketdi.
Hovlimizning o‘rtasiga gulxan yoqildi. Guruh-guruh qizlar: «Qani, kelinning sarpolarini ko‘raylik», deb uyga kirib bir dam o‘tirishar, ko‘ylaklarni sanab, shohi, g‘ijim ro‘mollarni maqtagancha gulxan yoniga kelishar edi.
Men o‘rtoqlarim bilan gulxan tevaragida bazm boshlanishini betoqatlik bilan kutib, gulxan taftida doirasini qizdirayotgan Ali childirmachi bilan dutorini ting‘illatayotgan Soli qilpillamaning yonginasida turardim.
Nihoyat, doiraning «gijbangi» yurakni titrata boshladi. Davraga bir qora qiz chiqdi, quloch yozgancha borib qizlar to‘dasiga yaqinlashdi-da, oldinroqda turgan nozikkina qizning qo‘lidan ushlab davraga olib tushdi.
— «Tanovar»ga chaling, — dedi u dutorchiga, qo‘lidan chiqib ketmoqchi bo‘lib yulqinayotgan qizni mahkam tutib.
Soli qilpillama: «Xo‘p bo‘ladi», deb jilmayib qo‘ydi-da, Ali childirmachiga «Boshladik!» ishorasini qildi.
Og‘ir bir kuy yangradi. Sozandalar yaqinida turgan qizlar bir-birlariga qarab olishdiyu qo‘shiqni boshlab yuborishdi:
… Oq ilon, oppoq ilon,
Oydinda yotganing qani?
Men yomondan ayrilib
Yaxshini topganing qani?..
Qora qiz dugonasini qo‘yib yubordi, u o‘rtada bir oz egilib turdi-da, so‘ng gavdasini ajoyib to‘lg‘antirib, o‘yinga tushib ketdi. Endi ashulani ko‘pchilik qizlar jo‘r bo‘lib aytishmoqda edi:
Oh urarman, oh urarman,
Ohlarim tutgay seni.
Ko‘z yoshim daryo bo‘lib
Baliqlari yutgay seni.
Katta uyning derazasi oldida turgan, ro‘molga o‘ranib olgan Saodat opam to‘satdan meni imlab chaqirdi. Yugurib oldiga bordim.
— Ma, bu ro‘molchani anavi opangga ber,— deya u qo‘limga shohi ro‘molcha tutqazdi.
Men o‘rtoqlarimning orasidan yorib o‘tib, o‘yinchi qizga ro‘molchani tutqazdim. U qo‘lidagi bir dasta ro‘molchani yengil silkitib, kulimsiradi, keyin mayin tovush bilan: — Rahmat, ukacha! — deb qo‘ydi.
Shunda ko‘zim uning timqora ko‘zlari bilan to‘qnashib qoldi. Negadir qizarib ketdim. Qiziq, qandaydir bir orziqtiruvchi his yuragimni jig‘illatib, hayajonga solmoqda edi.
Ko‘hi Qofdan keladur
Sharsharaning ovozasi.
Nomunosib yorni deb
Bo‘ldim jahon ovorasi.
Qizlarning hasratli tovushi, musiqa nolasi, o‘rtada raqs tushayotgan qizning kuyga monand harakatlari, qo‘llarining madad tilagandek to‘lg‘anishi menga juda qattiq ta’sir qildi. Negadir yig‘lagim keldi. Atrofga qarasam, boshqalar ham jim bo‘lib qolishibdi. Oradan talay vaqt o‘tgach, nogoh ko‘tarilgan qiyqiriq tovushlaridan o‘zimga keldim. Qarasam, boyagi qiz davradan chiqib ketgan, o‘rtada beqasam to‘n, etik kiygan, faqat ko‘zlarigina ochiq, ro‘mol ustidan chust do‘ppini bostirib olgan bir qiz «yigit» bo‘lib to‘r parda yopingan qiz bilan sho‘x kuyga yo‘rg‘alab o‘ynardi. Bu mashhur «Kelin va kuyov» raqsi edi. Hamma qiyqirib qarsak chalardi.
O‘yin-kulgi qanchalik qiziq bo‘lmasin, baribir uyqudan zo‘r kelolmadi. Qizlar majlisini oxirigacha ko‘rolmay, kichik uydagi karavotda dong qotib qolibman.
Ertalab uyqudan turib hovliga chiqqanimda, o‘choq oldida Nozik opam bilan uning onasi Tuhfa xola qozon-tovoq yuvishar, Zuhra va Umri opam kechagi gulxandan qolgan kul aralash cho‘g‘ni xokandoz bilan katta qozon osilgan o‘choqqa tashirdilar.
— Ha, uyquchi, ana shunaqa uxlab qolaversang, bugun kechasi Saodat opangni «ola-bo‘ji» o‘g‘irlab ketib qoladi, — dedi menga Nozik opa.
Bu gapga uncha parvo qilmadim. Chunki bizni qo‘rqitishmoqchi bo‘lishganda doim: «Ola-bo‘jiga berib yuboraman», deyishardi.
— Qo‘y, bola bechoraning yuragini yoribnima qilasan? Qara, ko‘zlari g‘iltillab ketyapti,— deya Tuhfa xola Nozik opani urishib berdi. Shu payt katta uydan ayam xomush qiyofada chiqib keldi-da, Tuhfa xolaga qarab:
— Uh… Tuhfa, xuddi yuragimning bir tomoni o‘pirilib ketayotgandek!.. — dedi.
— O, Xoljamoloy! Ming qilsa ham qiz bola — kishi bolasi! Nima qilasiz, chidaysiz-da. Ana bulardan o‘rgilsin, — deya Tuhfa xola menga ishora qildi. — Ko‘nglingizni ham, uyingizni ham shular to‘ldiradi.
Men ayam va Tuhfa xolaning gaplaridan, Nozik opaning hazilidan opamni hov o‘sha men «ajina» deb o‘ylagan yigitnikiga olib ketishlarini seza boshladim. Nahotki opam bizni tashlab, begona joylarga ketib qolsa?!
Kechgacha opam uyda ko‘rinmadi.
Kechqurun biznikiga qishloq yigitlari, qo‘shnilarimiz yig‘ilishdi. Hamma kimlarnidir kutib olishga taraddudlanardi: maslahat kuni kelishib olinganiga binoan birov oshpazga qarashar, birov samovar qaynatar, birov ko‘cha eshigimiz oldiga o‘tin tashib gulxan yoqishga tayyorgarlik ko‘rardi.
Bir vaqt uzoqdan karnay-surnay tovushi va shodon qichqiriqlar eshitila boshladi. Odamlar: «Kuyovnavkar kelyapti, kuyovnavkar kelyapti», deya chaqqon-chaqqon qimirlab qolishdi. Qiyqiriq sadolari borgan sari yaqinlashib kelar, shovqin-suronni bosib yigitlarning balandroq qo‘shig‘i eshitilar edi:
Tomda tovuq yotadi, yor-yora-yoringman,
Oyog‘i shamdek qotadi, yor-yora-yoringman…
Qo‘shiqning oxiri qichqiriqlar ostida ko‘milib ketdi.
Hamma qatori men ham ko‘chaga yugurdim. Eshigimizning oldida lovillab gulxan yonmoqda edi. Ko‘chadan gurros suron bilan bir to‘da yigit kelar, saf oldida beliga shohi qiyiq bog‘lagan xipcha qomatli yigit karnay-surnay ovozi va qo‘sh doira gijbangiga qushdek yengil raqs tushar, har zamonda qo‘llarini qanotdek yozib do‘stlari tomon uchib kelib, «Ha-ha-a!» deb qichqirar edi. Shunda yigitlarning qiyqiriqlari yeru ko‘kni tutib ketardi. Yigitlar shu zayl ancha o‘yin qilgach, Isajon tog‘aning taklifi bilan yo‘l-yo‘l beqasam to‘n kiygan pochchamning atrofini o‘rab, uyga qarab yurishdi. Hamma kuyovni ko‘rishga harakat qilardi-yu, hech kim aniq ko‘rolmasdi. Yigitlar to‘rdagi katta uyga kirishdi. Kuyovnavkarlarga avval palov, so‘ng mastava tortildi. Turli xil shirinlik, somsa, qatlamalardan keyin fotiha o‘qilgach, kuyov tomon yigitlari tashqariga chiqib, uyning ostonasi oldida turib olishdi. Bizning qishloq yigitlari ham ularga qo‘shilishdi.
— Qani, kuyovto‘ra, poyandozni bossinlar! — degan tovushlar eshitildi. Men poyandoz haqida ko‘p eshitgan bo‘lsam-da, hech ko‘rmagan edim, supaga chiqib, qiziqish bilan kuzata boshladim.
— To‘xta! Bosma, kuyov! — deb barvasta bir yigit ostonaga chiqib turib oldi. — Yigitlar! Poyandozni qirqib qo‘yishibdi-ku! Qirqilgan poyandozni oyimqizlar tortishadi. Qiz taraf yigitlarining kuchi yetmasa, o‘zimizga qo‘yib bersin!
U kimdir ushlab turgan poyandozni zarb bilan tortib olib, hovliga uloqtirdi. Hammayog‘i qirqilgan atlas mato oyog‘im ostiga kelib tushdi. Xotin-xalaj chuvillashib ichkaridan yangi poyandoz olib chiqishdi.
— Kuyov, ana endi bosing! — deb qichqirdi kimdir. Kuyov poyandozni bosdimi, bosmadimi, men ko‘rolmadim. Yigitlar birdan gurillagancha poyandozni tortib ketishdi. Qayerdandir Ali childirmachi paydo bo‘lib qolib, supaga chiqib oldi-da, doirasini gumburlatib chala ketdi. Shuncha yigit bir to‘p bo‘lib o‘rtadagi poyandozga yopishib qolgandek, hovlining hali u tomoniga, hali bu tomoniga siljishar, oyoqlarning tapur-tupuridan yer larzaga kelar edi. «Hoy yigit, qo‘lingizga hushyor bo‘ling, poyandoz bilan qo‘shib sug‘urib olmay!», «O‘zlari hushyor bo‘lsinlar!», «Kim u, pichoq solayotgan nomard?!» —degan xushchaqchaq qichqiriqlar, kulgi eshitilardi. Tortishuv qizigandan qizib borar, Ali childirmakash ham tobora avjiga chiqardi.
Bir mahal boyagi ostonada turib olgan yigitning: «Qani, yigitlar, menga qara-yu, ha-ha-a…» — degan hayqirig‘i eshitildi, to‘p ko‘cha tomonga qarab siljib keta boshladi. …Anchadan so‘ng bizning qishloq yigitlari bo‘shashgancha qaytib keldilar. Ular yaxshi birlashib tortishmagani uchun bir-birlarini koyishib, bittasi yulqib olgan bir parcha poyandozni: «Tumor qilamiz», deya bo‘lib olishdi.
Bosim aka yengiga qarab kular — ko‘ylagining bir yengi yo‘q edi: kimdir poyandoz deb o‘ylab tortib ketibdi.
Shundan so‘ng men hali uyda, hali o‘choqboshida o‘ralashib yurdim. Hanuz Saodat opam kelmagan edi. Kimdandir uning Nozik opamlarnikida ekanini eshitib qoldimu o‘sha tomonga yugurdim. Opam bir dugonasi bilan Nozik opamlarning mehmonxonasida o‘tirgan ekan.
Men asta uning yoniga borib o‘tirdim-da, yengidan sekin tortib:
— Opa, ketmaysiz-a? — deya ko‘zlariga tik boqib, yolvorib so‘radim. Opamning: «Ketmayman, aylanay, ketmayman, uyimizni, seni tashlab qayoqqa boraman?», deyishini kutardim. Ammo u menga so‘zsiz mo‘ltirab termildi, ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi, kiprigidan uzilgan bir necha tomchi yosh yuzidan yumalab, betimga tomdi. U meni bag‘riga mahkam bosgancha yig‘lardi.
— Hech qayoqqa ketmaysiz, opajon! Ketmaysiz! «Ketmayman», deng! — deya opamning tizzasiga yuzimni surtib men ham yig‘lab yubordim.
Yig‘idan bo‘shashib, charchab, opamning quchog‘ida uxlab qolibman…
Ertalab ko‘zimni ochganimda, opamning quchog‘ida emas, to‘shakda yotardim. Bu menga juda ham alam qildi, uyga qarab yugurdim. Chopib borar ekanman, nazarimda, opam uyda biror yumush qilib yurgandek tuyuldi.
Qatta uyga kirdim, kechagina yasog‘lik bu uyda bugun hech narsa yo‘q edi. Kichik uydagi sim karavotda esa dadam uxlab yotardi. Uyda boshqa hech kim yo‘q! Hovlida ham… Oshxonada ham… Hammayoq huvillab qolgan edi! Hamma, hamma, hatto opam ham meni aldab ketgan edi. Bu men uchun chidab bo‘lmas xo‘rlik edi!!! Supaga o‘tirib ezilib-ezilib unsiz yig‘ladim. Yig‘lagan sari yig‘lagim kelar, ko‘z yoshlarimni sira ham to‘xtata olmas edim…
* * *
Oradan o‘n yil o‘tdi. Ma’sum bolalik ortda qoldi. Goh u so‘qmoqqa, goh bu so‘qmoqqa burilib, o‘smirlikning notekis yo‘llarini bosib o‘tib, kattalar dardiga sherik bo‘lib qoldim. Endi esa ortimga qarar ekanman, o‘sha totli xotiralar yuragimni sevinchga to‘ldiradi; beixtiyor bolalik chog‘larimga qaytgim keladi: supada bo‘ladigan qiziq gurunglarimizni, murg‘ak ongim bilan opamning diliga ozor berganlarimni, majlis kuni «Tanovar»ga o‘ynagan qizni, opamni unashtirishgandagi hangomalarni shunday huzur qilib eslaymanki… Bularning hammasi umrim daryosining qaytmas to‘lqinlari…
Hozir opam bilan pochchamning qo‘g‘irchoqdek-qo‘g‘irchoqdek ikki o‘g‘li bor. Bir kuni ularnikiga borganimda pochcham men sabab bo‘lib, na’mataklar ustiga qulaganini, bilib-bilmay opamni nazoratga oldirib qo‘yganimda qiynalganlarini esga oldi. Rosa kulishdik. Pochcham kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tiyib:
— Saodatoy, bu kishi mendan puxta chiqib qoldi, — dedi.
— Nega endi? — deya hayron bo‘lib so‘radi opam.
— Ha, bu kishi puxta — ukasi yo‘g‘idan topibdi!
Butun tanamdan lovillab «isitma» chiqib ketdi, yer chizib qoldim…