Sochlari jingalak, kipriklari uzun-uzun, charos ko‘z, betlari lo‘ppi, do‘mboqqina, oppoqqina bu qizaloq bir yoshga to‘lganida xuddi qo‘g‘irchoqqa o‘xshardi. Chaqaloq tug‘ilganida oilada qanchalik shodiyona bo‘lsa, bir yoshga to‘lganida undan-da ko‘proq quvonadilar. Go‘dak hech narsaga tushunmasa ham, unga har turli sovg‘alar beradilar, suyib-suyib erkalaydilar, o‘pib-o‘pib tabriklaydilar, Ollohga iltijolar qilib, saodatli umr tilaydilar.
Minglarcha oilalarda shodlik ruhi kezadi. To‘qqiz qavatli uyning barcha xonadonlariga mehmon bo‘lib kelib turuvchi baxt yettinchi qavatdagi ikki xonali uyni nechundir chetlab o‘tadi. Hatto bir yil oldin shirin qizaloq tug‘ilganida baxt mo‘ralab ham qo‘ymagan edi.
Sochlari jingalak, shirindan shirin qizaloq bir yoshga to‘lgan kuni oilada shodlik qahqahasi yangramadi, hech kim sovg‘a keltirmadi, suyib-suyib erkalamadi, o‘pib-o‘pib tabriklamadi, saodatli umr tilamadi…
Bir qo‘li uzilgan, kirlanib ketgan qo‘g‘irchog‘ini siltab-siltab o‘ynab o‘tiraverdi.
Kir qo‘g‘irchoqni o‘ynab zerikkan asal qizaloq xontaxta ustiga yozilgan dasturxonga tirmashib turib oldi, onasi “hay!” deyishga ulgurmay, choy to‘la piyolaga do‘mboqqina, oppoqqina panjasini urdi. Choy to‘kilib, o‘sha zahoti do‘mboqqina, oppoqqina betiga onasining qip-qizilga bo‘yalgan, uzun-uzun tirnoqli panjasi tushdi. Oppoqqina, do‘mboqqina betda berahm onaning barmoqlari izi qoldi.
Issiq choydan qo‘li kuygani uchun yig‘ladimi yo shiringina betiga tushgan achchiq tarsakidanmi, ona farqlay olmadi. Chinqirayotgan asal qizaloqni jahl bilan chetga olib qo‘yayotganida kampirdan dakki eshitdi:
– Bolani urma, qo‘ling singur.
– O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim, endi bu itvachchani eplay olmayman, yetimxonaga beraman, – dedi shirin qizaloqning onasi.
– Bekor aytibsan! Yetimxonaga g‘irt yetimlar beriladi. Buning otasi bor, onasi bor, – dedi asal qizaloqning buvisi.
– Otasiga kerak emas-ku?
– Otasiga kerak bo‘lmasa, onasiga kerak.
– Menga ham kerakmas. O‘sha ho‘kizning sarqiti deb men yosh umrimni xazon qilishim kerakmi?
– Bolani “sarqit” dema, gunohiga qolasan. O‘sha ho‘kizni o‘zing yaxshi ko‘rib qolgan eding.
– Unda ho‘kizligini bilmaganman. Buni yetimxonaga berib, o‘zim Turkiyagami, Rossiyagami ketaman.
– Qaysi go‘rga ketsang ketaver, lekin bolani yetimxonaga bermaysan.
– Yetimxonaga bermasam, siz olib qolasizmi, siz boqasizmi?
Bir yoshga to‘lgan shirin-shirin go‘daklarning tug‘ilgan kunlari shodlik bilan nishonlanayotgan damda baxt chetlab o‘tayotgan bu ikki xonali xonadonda shunday mojaro bo‘lib o‘tgan edi.
Qo‘li kuyganidanmi yo onasining tarsakisidanmi chinqirab yig‘layotgan shiringina qizaloq bu gaplarni eshitganda ham ma’nosiga tushunmagan bo‘lardi. Bu shirindan shakar oppoqqina betlarga bundan oldin ham tarsakilar tushib turgan, uzun-uzun kiprikli bu charos ko‘zlardan ilgari ham shashqator yoshlar to‘kilgan edi. Bunisi oxirgisi bo‘ldi. Shundan so‘ng u onasini boshqa ko‘rmadi…
Otasini biron marta ham ko‘rmagan edi, onasi ham g‘oyib bo‘ldi. Besh oyligida ko‘krakdan chiqqan edi, emishni qo‘msamadi. Lekin onasining hidini sog‘indi, onasining issiqqina, yumshoqqina bag‘rida orom olishni istadi. Buvisining bag‘ri ham issiqqina, yumshoqqina edi, lekin onasinikiga o‘xshata olmadi. Siltab, kaltaklab tursa ham onasi yaxshi edi…
Buvisi ko‘targanida javondagi suratga intilardi. Suratdagi juvon – uning onasi. Bir kuni buvisi unga suratni olib berdi. Hali ikkiga to‘lmagan shiringina qizaloq suratdagi bemehr chehrani suyib-suyib, sog‘inib-sog‘inib o‘pa boshlaganda buvisi chidab turolmadi, avval yig‘ladi, so‘ng suratni ona mehriga zor qizaloqning qo‘lidan yulib olib, yirtib-yirtib tashladi. Shundan so‘ng bechoragina, dili yarimta qizaloq onasini mutlaqo ko‘rmay qoldi. Lekin tarsaki tushirib turadigan onasini unutmadi, tushlarida ko‘rganida quvona-quvona, mahkam-mahkam quchoqladi, suyib-suyib, to‘yib-to‘yib o‘pdi. Shirindan shirin betlariga, orqalariga tushgan kaltaklar, chimchilashlar azobi yodidan ko‘tarildi, ammo onasining suyib-suyib bag‘rida erkalab o‘tirganlarini unutmadi. Uch yoshga to‘lganida onasining chehrasini ko‘z oldiga keltira olmasdi, lekin onasining yo‘qligidan yuragi siqilardi. “Oyim qanilar, oyim qachon keladilar?” deb buvisidan ko‘p so‘rardi, ba’zan javob olmasdi, ba’zan “Yaqinda keladi” degan ishonchsiz so‘zlarni eshitardi. Buvisining xo‘rsinib qo‘yishi sababini esa anglamasdi.
Kunlar, haftalar, oylar shu zaylda o‘taverdi.
Bu orada kimdir qo‘ng‘iroq qilib: “Qizingiz og‘ir kasalga chalinib qoldi, Moskvadagi kasalxonada yotibdi, davolash uchun pul kerak”, dedi.
Buvisi javob bermay, go‘shakni joyiga qo‘ydi. So‘ng haykalga o‘xshab qotib o‘tirdi. Kechasi buvisi ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lab, shiringina qizaloqni uyg‘otib yubordi. Charos ko‘zli qizaloq qo‘rqib ketdi. Keyin buvisini quchoqlab olib, bor ovozi bilan chinqirib yig‘lay boshladi. Buvisi uni bag‘riga mahkam bosdi. Yig‘isi yanada kuchaydi, shiringina qizchaning lo‘ppi yuzi buvisining ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘ldi.
Bahorning injiqliklari tugab, issiq kunlar boshlanganida yana kimdir qo‘ng‘iroq qilib: “Qizingiz kasalxonada o‘ldi. O‘ligini olib ketasizmi yo Moskvada ko‘maveraylikmi? Bu yerda ko‘mish uchun qabristonga ancha pul to‘lash kerak. Olib ketsangiz arzonroqqa tushadi. O‘likni hech kim olmasa, krematoriyda kuydirib tashlashlari mumkin”, dedi. Buvisi bu safar ham indamadi. Go‘shakni qo‘yib, bu safar ham haykalday qotib o‘tirdi. Onasini sog‘inib yashayotgan shiringina qizaloq yarim kechada qo‘rqinchli tush ko‘rib, chinqirganicha uyg‘onib ketdi. Buvisi haykalday qotib o‘tirgan edi. U ham cho‘chib tushdi. Kipriklari uzun-uzun, betlari lo‘ppi-lo‘ppi qizaloqni tezgina bag‘riga oldi. Qattiq quchoqlab, o‘pa ketdi, so‘ng xo‘rsindi, so‘ng ho‘ngrab yig‘lay boshladi.
Tongga qadar yig‘idan tinmadi. Ko‘zyoshlari ham qurib qoldi. Nonushta payti tomog‘idan bir ho‘plam choy ham o‘tmadi. Shiringina qizaloqning ham ishtahasi yo‘q edi, ammo buvisining zo‘rlashi tufayli saryog‘ surilgan bir burda nonni yeb, yarim piyola choyni arang ichdi. Ko‘zlari qizarib, qovoqlari shishib ketgan buvi charos ko‘zlari najot izlab mo‘ltillayotgan shiringina qizaloqning do‘mboq bilagini mahkam siqqanicha yetaklab, bog‘chasiga tashlab keldi.
Shiringina qizaloq bog‘chaning shirin taomini ham yemadi, o‘rtoqlari bilan qo‘g‘irchoq ham o‘ynamadi, ma’yusgina bo‘lib o‘tiraverdi. Qo‘g‘irchoqqa o‘xshagan jingalak sochli shiringina qizaloqni bog‘cha opasi juda yaxshi ko‘rardi. Uning ma’yusligidan xavotirlanib: “Kasal bo‘lib qolmadingmi, asalim, issig‘ing yo‘qmi?” deb peshonasidan ushladi. Keyin birpas quchoqlab o‘tirdi. Bog‘cha opasining bag‘ri ham issiqqina, yumshoqqina edi… Ammo… onasinikiga o‘xshamasdi…
Peshindan keyin barcha bolalar uxlashdi, shiringina qizaloq esa charos ko‘zlarini shiftga tikib, qimirlamay yotdi. Bog‘cha opasi ikki marta kelib, peshonasiga kaftini qo‘ydi, betlarini mehr bilan siladi. Uyqudan so‘ng shirin choy ichilgach, bolalar uyga qaytishga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. Bunaqa paytda bog‘cha opasi ham shoshib qoladi:
– Diyoraxon, bo‘la qol, ayang keldilar…
– Ibrohimjon, choyni uyingda icharsan, oying keldilar…
– Robiyaxon qo‘g‘irchoq talashma, oyijoning keldilar…
Hammaning onasi kelib, sog‘inib-sog‘inib quchoqlaydi, suyib-suyib o‘padi… Faqat shiringina qizaloqning onasi kelmaydi… Sog‘inib-sog‘inib quchoqlamaydi, suyib-suyib o‘pmaydi…
Bog‘chaning shirin choyi ichilib, uyga qaytish vaqti kelganda sochlari jingalak-jingalak, shirin-shirin qizaloqning yuragi siqila boshlaydi, uzun-uzun kipriklari himoyasidagi charos ko‘zlariga ma’yuslik qo‘nadi, hatto yig‘lagisi keladi…
Bog‘chada hammadan kattaroq, hammadan ko‘p gapiradigan bir qiz bor. Bog‘cha opa uni nima uchundir “Qaynona-qiz”, deb ataydi, gaplaridan kulaveradi. Bugun uyquga yotishdan oldin shiringina qizaloq rasm chizib o‘tirganida “Qaynona-qiz” yaqinlashib:
– Voy-bo‘, buncha chiroyli, bu kim? – deb so‘radi.
“Buncha chiroyli” degan bahodan asalgina qizaloq quvonib ketdi:
– Bu oyim, – dedi faxr bilan.
– Oying qayerdalar?
“Qaynona-qiz”ning bu savoli shiringina qizaloqqa yoqmadi, uzun-uzun kipriklari pirpiradi, javob bergisi kelmadi. Xiragina, yopishqoqqina “Qaynona-qiz” esa nari keta qolmay, yana so‘radi:
– Oyingni nega men ko‘rmaganman, qayerdalar?
Shiringina qizaloq yuzini o‘girib, past ovozda: “Oyim uzoqdalar”, deb xo‘rsindi. “Qaynona-qiz” bu javobdan qanoatlanmadi, qo‘g‘irchoqqa o‘xshagan qizaloqni yana siquvga oldi:
– Uzoqda deganing qayerda?
– Judayam-judayam uzoqdalar, bu yerga kelishlari qiyin.
– Gaping g‘alati-ya, judam-judayam uzoqda bo‘lsalar… – “Qaynona-qiz” biroz o‘ylangach, davom etdi: – Unda yulduzdamilar? Eng uzoq joy yulduz-ku?
“Qaynona-qiz”ning bu gapidan shiringina qizaloq quvonib ketdi, shodlikdan charaqlagan charos ko‘zlari bilan unga boqib:
– Ha, ha, yulduzdalar, judayam uzoq yulduzdalar! – deb tasdiqladi-da, bu xira qizning navbatdagi savolidan cho‘chib, qo‘g‘irchoq o‘ynayotgan dugonalari tomon yugurdi.
Bog‘chadan qaytganda: “Buvijon, yulduzlar qayerda?” deb so‘radi.
– Yulduzlar osmonda, – dedi buvisi uning savolidan ajablanib. – Kunduzi ko‘rinmaydi, qorong‘i tushganda qarasang, mitti-mitti chiroqchalarga o‘xshab yonib turadi.
– Yulduzda odamlar yashashadimi?
Bu savol buvini yanada ajablantirdi. Umid bilan tikilib turgan charos ko‘zlarga qarab, jilmayib qo‘ydi:
– Bilmadim… balki yashashar. Katta bo‘lib, yaxshi o‘qisang, olima bo‘lasan, yulduzlarga uchib borib, o‘zing ko‘rasan.
Buvisining bu gapi asalgina qizaloqning shiringina orzusiga qanot bo‘ldi: demak, yulduzlar osmonda, u yerda odamlar yashashadi… uni sog‘intirayotgan onajoni ham o‘sha yulduzda… yulduzlar qorong‘ida ko‘rinadi, uchib borib, onajonining issiq bag‘riga yetish mumkin…
Buvijoniga boshqa savol bermadi. Charos ko‘zlarini deraza tomon tikib qorong‘i tushishini kutdi.
Bu paytda… yetti qavatli uydan minglarcha chaqirim uzoqlikda, baland binolari tomiga qizil yulduzlar qo‘ndirilgan shaharning badbo‘y o‘likxonasida yigirma besh yoshlardagi, kelib chiqishi Markaziy Osiyodan bo‘lgan, ismi nasabi noma’lum juvonning murdasini krematoriyga jo‘natishga tayyorlashayotgan edi…
Qorong‘i tushdi. Qo‘shni uy derazalaridan chiroqlarning nurlari taraldi.
– Nimaga tikilib qolding? – deb so‘radi buvijoni.
– Ana, yulduzlar ko‘rindi! – dedi shiringina qizaloq hayajon bilan.
– Bular yulduzlar emas, uylardagi chiroqlar. Yulduzlar osmonda bo‘ladi. Bu chiroqlar o‘chganida yulduzlar ko‘rinadi…
Buvijoni bu kech nima uchundir televizorni yoqmadi. Dam-badam xo‘rsinib, deraza tomon tikilib o‘tiraverdi.
– Buvijon, yulduzga birga uchib bora qolaylik, – dedi shiringina qizaloq umid bilan tikilib.
Oh… qani edi ucha olsam…
Buvijoni shunday degach, piqillab yig‘lay boshladi. Do‘mboqqina, oppoqqina, shiringina nabirasi yaqinlashgan edi, uni quchoqlab olib uzoq yig‘ladi…
Yig‘lab-yig‘lab charchab, asalgina qizaloqni karavotiga yotqizdi. Chiroqlarni o‘chirib, o‘zi ham yotdi. Xo‘rsinishlari anchagacha tinmadi. Onajonini ko‘rish orzusidagi qizaloq uxlamadi. Derazaga qarab yotaverdi. Ro‘paradagi uyning chiroqlari birin-sirin o‘cha boshladi. Tashqari zulmat chodiriga o‘ralgach, umidli qizaloq sekingina o‘rnidan turib, derazaga yaqinlashdi. Ro‘paradagi baland uy qop-qora qutiga o‘xshab qolgan. Uning tepasida milt-milt qilib ojiz nur taratayotgan yulduzlar ko‘rindi. Shiringina qizaloq buvijonini uyg‘otib yubormaslik uchun liqillab qolgan eski stulni astalik bilan surdi. So‘ng stulga, undan deraza tokchasiga chiqdi. Endi yulduzlar yanada ko‘proq ko‘rindi. Ular orasida bittasi yaltillab nur sochayotgan edi. Yulduzlar orasida onajonining kulib turgan chiroyli ko‘zlarini ham ko‘rdi.
– Oyijonim shu yulduzdalar, meni sog‘inganlar, men ham sog‘inganman, ko‘pgina-ko‘pgina sog‘inganman… Oyijon, uxlab qolmang, hozir uchib boraman…
Shu ahd bilan derazani ochdi. Yuziga mayin shabada urildi. Nazarida ayajonining yoqimli, iliq nafasi urilganday bo‘lib, entikdi. Yulduzga tikilgancha bir oz harakatsiz turdi. Falakda yana onajonining kulib turgan ko‘zlari ko‘ringach, yulduzlar sari qadam qo‘ydi…
Yoshi katta odam yuqori qavatdan o‘zini tashlasa, qo‘rquv tufayli yerga yetib kelgunicha joni uzilar ekan. Chiroyli qo‘g‘irchoqqa o‘xshagan shiringina qizaloq qo‘rqmadi, aksincha quvondi: u onasi tomon uchib borar edi… Onajoniga yetib boradi, onajoni bilan yulduzda yashaydi…
Huddi shu onda krematoriyning qaynoq nafasi yigirma besh yoshlardagi juvonning jasadini kuydirib kul qilib bo‘lgan edi…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 7-son