Balliqul Yo‘qqulobodda kichik korxona ochayotganida yaxshi niyat bilan «Mehmondo‘st» deb nom bergan edi. O‘shanda farishtalar «omiyn!» degan ekanmi, Xudoga shukur, ishxonasidan mehmonlarning oyog‘i uzilmaydi. Mehmondo‘stlik yaxshi-da, har qanday muammo dasturxon ustida bir daqiqada hal bo‘ladi. Mana, eng avvalida, me’morlar idorasida bitadigan ishda chizmalarga tushunishi qiyin bo‘luvdi, me’mor yigit: «Hozir vaqtim yo‘q, kechqurun uyga keling, tushuntirib beraman»,-deb qoldi. U aytganday qilib, oqshom chog‘i uyiga bozor orqali o‘tib borgan edi, masala yarim daqiqadayoq hal bo‘ldi. «Mehmondo‘st» degan nomni ham o‘sha baraka topgur qo‘yib bergandi.
Balliqul qo‘li shirin pazanda bo‘lgani uchun uning daturxonidan bir cho‘qim osh yegan odam yana kelaveradi. Korxonasida me’mor bolaning taklifi bilan alohida mehmonxona ham qurgan. Ertalab bozorga kirib qaymog‘u somsa deganlariday mayda-chuyda olib dasturxonni bezab qo‘ydi. Nonushtaga soliqchi yigitning kirib turish odati bor. Bolalikda sigir emib katta bo‘lganmi, qaymoqqa juda-a ishqibozda. «Bir kosa qaymoqqa bitta issiq nonni to‘g‘rab yesam, kun bo‘yi odamga o‘xshab yuraman», deydi boyaqish. Ammo ancha oriyatli bola, kunda kelib bezor qilmaydi. Haftada kelsa besh marta kelar, ortiq kelmaydi. Balliqul unga shunchalik o‘rganib qolganki, haftasiga uch marta kelsa, bir narsasini yo‘qotib qo‘ygan odamday gangib qoladi. Ba’zan peshin payti ikki-uch og‘aynisini boshlab kelsa, Balliqulning boshi osmonga yetadi. Mehmon – atoyi Xudo-da! Ko‘nglini yaqin olibdi-ki, oshnalarini boshlab kelibdi. Ana, yo‘lning chetidagi firma xo‘jayini mehmondan bezor. Ammo Xudoning bergan kuni bir tekshiruvchi kelib, esini teskari qilib ketadi. Balliqulnikiga tekshiruvchi kelmaydi. Mehmon keladi. Mana, bugun ertalabdan qadrdon aziz mehmoni kelib qaymoqxo‘rlik qilib ketdi. Qaymoqxo‘rlikdan keyin kun bo‘yi odamga o‘xshab yurganining savobi Balliqulga tegmay kimga tegsin! Ko‘p mehnatkash-da, shu bola. Bir daqiqa bo‘sh vaqti yo‘q. Bugun qaynonasining tug‘ilgan kuni ekan, sovg‘a-salomga tushishga ham vaqti yo‘q, bechoraning. Balliqulning rahmi kelib, oqshomga bir quling o‘rgilsin sovg‘a tayyorlab qo‘yishga va’da berdi. Bu ham bir savob-da! Xayoliga «O‘tgan oy ham qaynonasining tug‘ilgan kuni edi-ku?»- degan fikr keldi-yu, lekin «Xotini ikkita bo‘lsa, qaynonasi ham ikkita bo‘ladi-da», degan fikrda maydalashmay qo‘ya qoldi.
Soliqchi yigitni kuzatganidan keyin o‘t o‘chiruvchi idoraning vakili keldi. Bular ham g‘amxo‘r bo‘lishadi-da, o‘t tushganda kelishlaridan nima foyda? Somsa sovumagan edi, nonushta qila turib yong‘inning oldini olish choralarini gapirib berdi. U ketganidan keyin «sanepidstantsiya» degan idoraning odami keldi. Mehmonlar orasida Balliqul shu yigitga besh ketadi. Burnini ro‘molchasiga har artgandan keyin erinmay o‘rnidan turib, qo‘lini sovun bilan yuvadi. Balliqul uni alohida mehr bilan kutadi. Alohida piyola, alohida likopcha, tilla halli qoshiq… Shunaqa ozoda yigitlar kelib tursa, har qanaqa korxona ham o‘z-o‘zidan ozoda bo‘ladi-da! Balliqulning bu yigitga mehri baland bo‘lganidan kuzatayotganida cho‘ntagiga «sovun puli» deb ozgina ataganini solib qo‘yadi. Bunaqa ozoda yigitlarni qo‘llab turish savob-da. Axir bunaqa qo‘l yuvishida maoshi faqat sovunga ketib qoladi-ku!
Ozoda yigitni endi kuzatgan edi, prokuror yigit kirib keldi. Juda adolatli yigit shu bola. Atay tekshirgani yoki bir nima ta’ma qilgani kelmaydi. Shu ko‘chaga yo‘li tushib qolsa, «Balliqul akamni bir ko‘rib ketay», degan ilinjda kiradi. Ammo ko‘p o‘tirmaydi. Balliqul uning bir soatdan ortiq o‘tirganini hecham eslolmaydi. Har gulning hidi bo‘lak, deganlariday, bu mehmonning ham o‘ziga yarasha izzat-nafsi bor. Ota-bobosi yo cho‘pon o‘tgan yo qassob. Qazi-qartaning hurmatini juda-a o‘rniga qo‘yadi. Yozning jaziramasida ham yuzta-yuzta kon’yak qazi-qarta bilan achomlashi-ib kirib borsa, oshqozon nima desin? Oshqozon chidagach, Balliqul nima desin? Prokuror bolaning uchta xotini borligini eshitgani uchun, bu qazi-qartalarning kuchi qayoqqa ketadi, deb qiziqmaydi.
Prokuror boladan keyin kelgan hokimiyat vakilining ishi oson. Balliqul uni «arzon mehmon», deydi. Choy ichmaydi, osh yemaydi, qahva ichadi. Unga atalgan «Pahlava» degan shirinlikmi yo «Napoleon» degan tortmi – hamisha tayyor. Bitta chatoq tomoni – uning tog‘alari ko‘p. Har biri tug‘ilgan kunini nishonlayverib, bola paqirni qiynab yuboradi. Balliqul mehribon emasmi, indamay qarab turmaydi.
Kun shunday aziz mehmonlarni kutish bilan o‘tib, endi dasturxonni yig‘ishtiraman, deb turganida bir notanish yigit kirib keldi. Bilsa, u muxbir ekan. Korxonaning dovrug‘ini eshitib, maqtab yozgani kelibdi. Balliqul bundan quvondi. Ammo «korxonangiz qanday mahsulot chiqaradi?» deb so‘raganida o‘ylanib qoldi. Ochig‘i, mehmonxonadan tashqariga chiqmaganiga ko‘p bo‘libdi. Korxonasining «Mehmondo‘st» deb atalishini aniq biladi-yu, biroq mahsulotini unutibdi. Balliqul kerakli ma’lumotlarni ertaga tayyorlab qo‘yishga va’da qilib, muxbir bolaning xolasi tuqqan ekan, suyunchisiga sovg‘a-salom qilib berdi.
Balliqul bugun charchamadi. Faqat bir narsadan ko‘ngli xijil qoldi. Uch kundan beri bojxonadagi birodarlari yo‘qlamay qo‘yishdi. Tinchlikmikin?
Tohir Malik. Mehmondo‘stlik (hajviya)
(Yuz gramm lofga to‘ydirib olingan hangoma)