YO‘QQULOBOD HANGOMALARI
“Yo‘qqulobod” deganlari qayda ekan, deb bosh qotirmang. Bunday kichkinagina mamlakatning qayerda joylashganini o‘zimiz ham yaxshi bilmaymiz. Ehtimol, bizning qit’amizdadir, balki o‘zga sayyoradadir? Shu keyingisi to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Chunki o‘n sakkiz ming olam orasida biznikiga o‘xshagan yana bitta sayyora bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Hamonki o‘sha sayyora biznikiga o‘xshaydimi, demak, uning hangomalari ham bizga yaqin bo‘ladi-da! Hali biz u sayyorani kashf etganimiz yo‘q. Lekin ular bizni allaqachon kashf qilib, kuzatayotganlariga ishonmaysizmi? Qachonlardir ular samoviy kemalarida uchib kelishar. Ungacha esa hangomalarini havo to‘lqinlari orqali yuborishibdi. Bizdan nima ketdi, eshitsak eshitibmiz-da! Ogohlantirib qo‘yaylik: agar hangomalarning birida qo‘shningizga o‘xshagan odamni uchratib qolsangiz, ajablanmang. U sizning emas, o‘n sakkiz ming olam doirasida joylashgan Yo‘qqulobod sayyorasida yashovchi G‘oyibqulning qo‘shnisi.
Kimga mazza?
(Ikki qultumgina lof sharbatiga muhtoj hangoma)
Birodar, men sizga bir telbanamo savol berayinu ammo siz ajablana ko‘rmang. Donishmanddan «telbanamo savoldan durusti nadur?»- deb so‘ralganida u «telbanamo savoldan durusti – tentaknamo javob erur»,- degan ekan. Savolim bunday: tasavvur qilingkim, kamina bir homiyning sarmoyasi ila chiqadurg‘on gaznitning muxbiridurman. Gaznitning nomini asti so‘ramang. Ammo-lokigin Yo‘qqulobodimizda chiqadurg‘on «Burgachi»mi, «Bitliqi»mi, «Teskari ko‘ngil»mi deganlarig‘a o‘xshata ko‘rmangkim, alarga o‘xshashdin Xudoyim asrag‘ay! Bizning gaznit ular kabi ming-minglab nushada chop etilmagaykim, zotan, «bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘lg‘ay»,-demishlar donolar. Bizning gaznit bir bilan bir yarim mingning orasinda tebranib tursa-da, o‘ladirg‘on emasdur va o‘lim nishonasidin hiyla uzoqdur. Maosh va «gonorar» atalmish tiriklik suvining qurishidan tashvishimiz ham yo‘qdur.
Xo‘sh, endi asosiy telbanamo savolimizg‘a kelsak: ayting-chi, bu sohada kaminaga mazzami yo chet ellik, aytaylik amerikalik muxbirga mazzamikin? Ba’zilar borkim, horijdagi hayotni havas qilurlar. Be, havasginangga qurt tushgur, o‘sha ham hayot ekanmi! Mana, o‘sha amerikalik muxbirning maqolasi gaznitda chiqdi, deyluk. U nima qiladi? Qalam haqini olib, oshnalari bilan ulfatchilik qiladimi? Be, qayoqda! U endi ertasini o‘ylay-o‘ylay ado bo‘ladi. Yursa ham o‘ylaydi, tursa ham o‘ylaydi. Hatto, birovga aytmang-u o‘ynashining quchog‘ida yotgan chog‘ida ham «ertaga nima yozsam ekan?» deb to‘lg‘onur. O‘ylamasun-chi, hammani qoyil qiladurg‘on mavzu topib, maqola yozmasun-chi, kattasi chaqiradi-da: «Toshingni ter, bola», deb surobini to‘g‘irlab qo‘yadur. Kamina-chi? Mening hayotim bo‘lak, jannatning o‘zginasi. (Atrofimda huriliqolar yo‘q xalos. Ko‘chadagi huriliqolarga esa «tiriklik suvi»ning cho‘g‘i pastroq keladikim, bu jiddiy mas’ala emasdur va daf’atan chalg‘imayluk, oshnalar.)
Aytaylik, gaznitda mening maqolam chiqdi. Bu yog‘i kechgacha taralla bedod, yalla! Choyxonaga borurman, palovxonto‘ra bilan tillashurman (to‘g‘ri anglankim, bir lagan emas, bir kosa). Bekorchi quloq topilsa, sayrab ham berajakman. Ertani o‘ylab tashvish chekmoqlik kaminaga yot erur. Sababkim, kechga yaqin boshlig‘im chaqirishini bilurman. Boshlig‘imni Xudo bergan, bunaqasi yetti iqlimda yo‘qdur. Imloda o‘n ikkita harf bor, desangiz ham ko‘nadirg‘on mo‘min inson. Derlarkim, to‘rtinchi sinfdaligida boshi toshga urilib, (ehtimol, tosh boshga urilgandir) o‘qishni ham qoyillatgan ekanlar taqsirim. Ammo kaminani bu mutlaq qiziqtirmaskim, ul zotning homiyimizg‘a qarindoshligi ham o‘ninchi darajotdag‘i bir mas’aladur.
Xullas, boshi tosh bilan oshno bo‘lg‘on o‘shal boshlig‘im chaqirur-da: «Gaznitimiz homiysi Falonchixo‘ja akamizning sigirlari ikkita tug‘ibdi, shuning kiftini keltirib yoz, okovsi»,- der. Aytish xo‘jayindan – yozish kaminadan. Xonamga chiqqanim hamon Falonchixo‘janing uyiga telpon qilurman. Sigirning rangini so‘raydurman. Boshqa gapga na hojat? Sigirning to‘rt oyog‘i, bitta dumi boriligini o‘zim ham bilurman. Ertalabgacha gaznitning bir betini bezaydurg‘on quling o‘rgulsun maqola tayyor bo‘lur. Faqat topshiriqqa jinday tahrir kiritishga jur’at eturman: maqolada homiyning ola sigiri boshlig‘im aytganiday ikkita emas, uchta tug‘di. Ha, endi badiiy to‘qima ham kerak-da. Odamlar homiy janoblarining bekor o‘tirmaganini bilib qo‘yishsun-da. Ammo, bir gap aytaykim, birov zinhor bilmasun, rosti – homiy janoblarining sigiri umuman yo‘q. Ammo bu kaminani mutlaq qiziqtirmaydurg‘on mas’aladur. Xomiyning sigiri bo‘lmagani bilan menga yuklangan topshiriq bor erur va men uni qoyillatg‘anim ham rostdur. Gap sigirning yo‘qligida ham emasdur, bil’aks, yo‘q narsalarg‘a o‘qig‘uvchini ishontirmoqdadur. Maqola gaznitda chiqdi. Choyxonaga bordim. Palovxonto‘ra bu safar ham kaminadan ranjimadilar. Kechka tomon yana xo‘jayin chaqirdilar: «Maqolang yana bir homiyimiz Pistonchixo‘jaga yoqibdur. Endi uning tovug‘ini yozasan». Buyurish xo‘jayindan – yozish kaminadan. Bunaqa tovuqlarni yozaverib, pishib ketganmankim, hatto qalamim ham ba’zan qaqag‘lab qoladig‘anday. Qandayin tovuq bu, deyurmisiz? Ha, ha, o‘zimizga tanish o‘sha xo‘rozning xotini-da!
Amerikalik muxbir ertaning tashvishini qilib yotganida kamina uyga betashvish ravishda kelurman, betashvish holda ovqatlanurman. Betashvish yotib, betashvish turaman-da, betashvish ishga jo‘nayman. Nechun tashvish chekay, birodar? Qo‘limda Pistonchixo‘janing tovug‘i haqidagi maqola. Tovuq «prostoy» emas, kunda ikkitadan tuxum tug‘adi: ertalab kumush tuxum, kechqurun oltin tuxum. Yo‘l-yo‘lakay bir gaznit sotib olaman. O‘qishgamas, be, o‘zim gaznitchi bo‘la turib gaznit o‘qiymanmi. Bu gaznitda yaxshi krossvordlar bo‘ladi. Mana kecha «to‘p tepishni bilmaydurg‘on, ammo chiranishda olamni lol qoldirg‘uvchi futbol komandalari qaysi mamlakatda mavjud?»- degan savolga javob topa olmadim. (Topishga topdim, harflar katakchaga to‘g‘ri tushdi-ku, ammo javob birovg‘a aytadurg‘on emas. Siz ham bilurmisiz? Bilsangizda… jim. Ha, barakalla!)
Xullas, maqolani xo‘jayinga berdim. Gaznit chiqay deganda urdi Xudo! Homiy Pistonchixo‘ja janoblari fikrlarini o‘zgartiribdilar: u kishiga tovuq yoqmay qolg‘on erkan, endi xo‘roz haqida yozmoq shart erkan. Bizning ishda shunaqa og‘irchiliklar ham bo‘lib turadi, birodar. Lekin biz tushkunlikka tushadurg‘on anoyilardan emasmiz. Maqolani bir zumda oyog‘ini osmondan keltirdim-u tuzatdim. «Tovuq» degan joylarni «xo‘roz» deb o‘zgartish bilan ish pishdi. Bitta joyi sal xato ketibdikim, ertasiga gaznit chiqqanda bilduk. Kamina ta’rifu tavsif etg‘on xo‘roz janoblari kunida ikkita tuxum tug‘arkanlar: ertalab kumushu kechqurun oltun! Xo‘jayin «bu qanaqasi?» deb darg‘azab bo‘lg‘on erdilar, «akaxon, bu xo‘roz qo‘shma korxona erur, qo‘shma korxonadan esa har balo kutmoqlik joizdur», deb «suvab» tashladim.
Bor gap shu birodar. Ana endi ayting-chi, kimga mazza, kaminagami yo amerikalik bechoragina muxbirgami? Darvoqe, sizga endi bir aqlli gap ayturmankim, siz zinhor bazinhor ranjimag‘aysiz: mabodo uzoq chet elda qarindosh muxbirlar yo‘qmi? Bor bo‘lsa, uni chaqiring, u yoqlarda ezilib yurmasun. Gaznit chig‘arishga himmat qo‘lini cho‘zg‘uvchilarimiz ko‘p. Bizda, amerikaliklar aytganday, hamma narsa o, key! Endi uzr, meni xo‘jayin chaqiryaptilar, yangi topshiriq olajakman. Birorta homiyning mushugi mov bo‘lgan bo‘lsa keragov…