Temirpo‘lat Tillayev. Paymona (hikoya)

Bir haftadirki, chol ajal bilan olishadi, muttasil dam qismadan joni azobda. Kasal xuruj qilgan paytlar uning qoqsuyak, chuvakkina yuzi taloqdek ko‘karib, dahshatli tarzda bo‘g‘riqib ketadi. Og‘zini katta-katta ochib, yutoqqancha entikar ekan, cholning bo‘yin, peshona, chekka tomirlari o‘qlog‘dek bo‘rtib chiqadi. Xuruj pasaygach, dahshatli azobda to‘lg‘ongan qoqsuyak vujud to‘shakka behol cho‘ziladi. Endi uning ramaqijon rang-ro‘yidan biror ifodani anglash mushkul. Cholning shiftga termulib qolgan so‘niq ko‘zlari sopoldek qotgan, boqishlari loqayd va ma’nosiz.
Bu dardi bedavoligi yetmagandek, kunma-kun cholning sillasini quritib, adoi tamom qilayotgan ochlik, yara ustiga chipqon bo‘ldi.
Keyingi ikki kun ichida chol o‘qtin-o‘qtin hushini yo‘qotib, alahlay boshladi. Damqismasi kuchayib, yuzlari momotaloq bo‘lib ketgan chol, achchiq-achchiq o‘ngranib, g‘ujanak bo‘lib qolar, biror fursat o‘tib, yengillashgani zahoti alahlay boshlardi. U goh baland chiyildoq ovozda, goh yonidagi odam ham etishmaydigan darajada shivirlab, kimnidir so‘kar, darg‘azab bo‘lar va yana zum o‘tmay kimdandir kechirim so‘ray boshlar, to‘satdan o‘tinchini g‘ippa bo‘g‘ib, tag‘in kimnidir koyishga tushdi. Uning nimalar deyayotganiga daf’atan tushunish ancha mushkul edi. Faqat Usmonqul otasining nimalar deb alahsiyotganini o‘zicha sezardi. Otasi umrida juda ko‘p harbu zarb ko‘rgan odam; eng avval vohadagi cho‘nqayma bosmachiga qarshi ot surgan, keyin bu yog‘i quloqlar bilan qirpichoq bo‘lgan. Ehtimol, shu jangu jadallarda biror-bir begunohning qoniga zomin bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. To‘g‘rimi, noto‘g‘rimi otasining darg‘azab so‘zlaridan qon hidi ufurib turgan telba-teskari alahsirashini eshitgan Usmonqulning “dushman ko‘ngliga” daf’atan shu o‘y keldi.
Bugun, ayni subhisodiq palla uydan, ikki dunyo o‘rtasida yotgan otasidan birrov xabar olib ketgani kelgan Usmonqul, otasi yotgan uy eshigini ochib ichkari kirganda, chol to‘shakda to‘lg‘anganicha entikib-entikib, yutoqqanicha nafas olar, ammo ko‘z kosalarining kengayib ketganidan, har entikkanida og‘zini katta-katta ochib yutoqqanidan ma’lum ediki, havoga to‘ymasdi. U eshik ochilib, ichkariga kimningdir kirganiga ham e’tibor bermadi. Chol cho‘pdek ozg‘in qo‘llariga suyanib, ko‘kragini baland ko‘tardi va kuch bilan ingraganicha yutoqib havo simirdi. Shu barobar ko‘krak g‘ijimi biroz yozilgandek bo‘ldi va og‘ir so‘lish olib boshini yostiqqa tashladi.
Chol o‘kinch va malomatga to‘lar bir nigoh bilan ko‘z ostidan eshik og‘zida paydo bo‘lgan Usmonqulga boqdi. Usmonqul seskanib ketdi. Lekin zum o‘tmay chol o‘g‘lidan ko‘zini uzdi; uning qorachiqlari chappa aylanib, ko‘z kosasi oppoq bo‘lib oqarib qoldi. Ko‘zlari shiftga bitib, dahshatli tarzda baqrayib qolgan otasi tomon Usmonqul jonholatda oqsoqlangancha talpindi.
– Ha, ota! Ota, sizga nima bo‘ldi?!
Chol sassiz, sadosiz jim yotardi. Hatto nafas olayotganini bilish mahol edi. Murdadek tosh qotgan otasining ustiga engashgan Usmonqulning yuragining tubida nimadir chirt uzilgandek bo‘ldi. Nahotki, otasidan ajralgan bo‘lsa? Usmonqul otasining ko‘ksiga qo‘l yuborib, yurak urishini anglashga ulgurmadi, tuyqusdan chol og‘ir uf tortib yubordi va qonib-qonib havo simirdi. Usmonqul yana bir seskanib tushdi. Cholning ters aylanib ketgan qorachiqlari joyiga qaytdi va tepasida engashib turgan Usmonqulga ma’nosiz boqdi. Chol ma’nosiz va sokin ko‘zlari bilan tepasida tik qotgan o‘g‘liga uzoq termulib qoldi.
Usmonqul otasining bu intihosiz termulishi, hayot shami lahza sayin so‘nib borayotgan insonning yorug‘ jahon bilan, yaqin odamlari bilan so‘nggi vidolashuvi ekanligini bildi va joyidan qo‘zg‘olmay otasining ko‘zlariga tik boqib turaverdi, zora dunyo bilan vidolashuv oldidan, mayli uning diydoriga bir bora to‘ysin.
Chol Usmonquldan ko‘zini olmay qurushqoq lablarini yalab tamshandi va birdan alahlay boshladi. U Usmonquldan ko‘zini olmay past, lekin g‘azabnok ovozda so‘zlay ketdi:
– U, yovuz Jabborbek, cho‘nqaymaning yaloqxo‘ri Davron qasami! Buning hammasini o‘zing ichingdan to‘qigansan. Qizil komandirni Ravshan qo‘shkallaga sotgan ham, ota-bola ma’limni uloq qilib chopib, ustiga choldevor yiqitgan ham, Xojini sotqinlikda ayblab Oqmirza o‘g‘riga ottirgan ham, Qora firqani qopga solib quturgan Qashqaga ajal jardan irg‘itgan ham sen o‘zing! Ha, sening o‘zing, o‘zing! Meni yoningga tortma, baribir befoyda! Mening imonim butunligini, sening bu iflos ishlaringga hamtovoq emasligimni elim, elatim biladi! El bilmagan narsa yo‘q. Lekin sen elni ham pichog‘ing etidan o‘tib, suyagiga yetguncha dog‘da qoldirding-a, Davron qasami!? Otilishidan qo‘rqib o‘kirma-e bachchag‘ar!
O‘lganingdan keyingi elning qarg‘ishidan qo‘rq! O‘lishdan qo‘rqib muncha o‘kirasan? Jon shirin-a? Sen qoniga zomin bo‘lganlarning ham joni shirin edi. Lekin ular o‘limi oldidan senga o‘xshab zor qaqshamagan bo‘lsalar kerak. Ular o‘limi oldidan sen palidning andishasiz yuziga tupurishga kuch toganlar, men bunga ishonaman. Ular elning shunday jo‘mard odamlari edi-ya?! Lekin sen ularni qirchillama yoshida qiyding. Lekin el bildi! Bo‘ldi! El bildi!!
Usmonqul hamon joyidan jilmay, alahlaganicha goh darg‘azab bo‘layotgan, goh o‘kinayotgan otasiga termulib turardi. Chol bema’no sokin ko‘zlarini o‘g‘lidan olmasdan gapirayotgan bo‘lsa-da, lekin Usmonqulni ko‘rmasdi, u hamon hayotida allaqachonlar bo‘lib o‘tgan voqealarni, voqealar ne zamonlarni bir-biriga qorishtirib, goh sekin shivirlab, goh to‘satdan shiddat bilan baqirib alahsirardi. Lekin Usmonqul otasining uzuq-yuluq so‘zlaridan shuni sezdimi, gap Karimqul hosilot va uning otasi Davron qasami ustida borardi. Davron qasamining uzoq o‘tmishda bosmachilarning xufyona josusi bo‘lganini va oxir-oqibat Elsaroy qishlog‘ida o‘sha yillari sodir bo‘lgan ko‘pgina jinoyatlarda, jumladan, qizil komandir Mamayusupovning o‘ldirishida, shahrisabzlik ota-bola muallimlarning uloq qilib chopilishida, elsaroylik kommunist Qora firqaning daryoga irg‘itilishida qo‘li borligi sezilib qolgach, el hukmi bilan otib tashlanganini eshitgan edi. Lekin xuddi shu Davron qasami otasining yaqin oshnasi bo‘lganini, aybi ochilib qolgach, oshnasini jinoyatlarga hamsherik qilmoqchi bo‘lganini bilmas edi.
Chol hamon alahsirardi; endi u Karimqulni la’natlardi: Uh, Karimqul ablah, ilonning bolasi, chayonbachcha! Karvonimning munkiganini bilding-a? Hali Usmonqulim safardan qaytsin, seni ham uloq qildirishim bor. Uv, sen Davron qasamining tezagi!
Sening otang o‘sha, Davron-da, Davron-a?!
O‘h, Davron! O‘shanda men senga ishondim-a? O‘z tiling bilan aytding: “Elog‘a, menga qo‘shil, mening otam oqqan ariq bo‘lib, boy bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, sening otang ham qo‘ng‘irovi Hisorga yetgan tuya yetaklab o‘tgan. Sen menga qo‘shil, bu yalangoyoqlardan chiqqan elboshi bolshovoylarni isini chiqarmay daf qilaylik!” o‘z tilidan otilgan sen yovuzni o‘shanda men sotmadim. Qayishdim. Bu shashtidan tushar dedim. O‘shanda shu gaplaringni Mamayusupovga yo Qora firqaga aytganimda-ku seni Odambormasning xavoriga chiqarib otardi-ya! Qara-ya, sen uchun imonimni yutdim-a, Davron? Imonimni ber! Ber imonimni?! – chol ojiz qichqirib, ezgin bir so‘lish oldi; bo‘g‘in-bo‘g‘in bo‘lib ters-ters yorilgan qurushqoq lablarini yalab, tamshandi. Lekin shu zahoti jon holatda yana boyagidek past va qahrli ovozda alahlay boshladi.
– Ha, qara-ya, Davron qasamining harom peshobidagi Karimqul elboshi, elboshilar o‘tib-o‘tib elboshilik senga tegdi-da?!…
Sotqin otang Davron qasamini men o‘ldirmadim, lekin norasida Sarvini sen o‘ldirding! Ha, sen o‘ldirding! O‘ldirding-a?! Bechora bolamning bo‘z ko‘ylaklari Ayrontepaning toshloq, zarang yeriga sudralaberib parcha-parron bo‘lib ketgan ekan-a!
– Shunday deb chol ho‘ngraganicha silkinib-silkinib yig‘lay boshladi. Uning xotinchalish bu yig‘isi nihoyatda ayanchli edi. Lekin cholning ko‘zlariga yosh inmadi.
Otasidan bu so‘zlarni eshitgan Usmonqul esa turgan joyida tosh qotib qoldi.
Chol ayanchli yig‘idan to‘xtadi-yu, yana to‘xtab-to‘xtab gapira boshladi: o‘shanda men kasal buvasiga yarimjon enasiga taktak mashog‘ini terib kelmoqchi edi u norasida.
Sen bo‘lsang, ablah, palid, imonsiz, rahmsiz sen bo‘lsang, uni tutib olgansan! Sarvi qizim, Sarvi rahmatlik o‘ziyam necha kundan beri tuz totmay yurganidan, oyoqlari chalishib sendan qocholmagan sho‘rlik qizim! Sen bo‘lsang, haromi, sen bo‘lsang uni ushlagan-u, mendan bir vaqtlar el so‘ragan mendan, endi sen Usmonquli urushga ketib va o‘zi qartayib qanoti qayrilgan mendan, bu ko‘rguliklar yetmaganidek, Xudo tos peshonasidan urib, olti oydan beri bir qanjiq, bir dard deb boshi yostiqdagi mendan, bir zamonlar ko‘pning yo‘liga baqon tashlab, o‘zining qonxo‘rligidan qonga belangan otang Davron qasamining qasosini olgansan-a, berahm yovuz?!
Ey, Xudo, ey, Xudo, bir begunoh go‘dakni ho‘kiz aravaga tang‘iyotgan zolimning qo‘llarini nega shol qilmading?! Ayt, nega?!
Ey, Xudo ho‘kiz arava ortida vujudi parcha-parron bo‘lgan bolamni, Ayrontepa o‘ngirida yurgan besar ho‘kizlar shoxlab tashlabdi, ayyuhannosning nafi yo‘q, chidamoqdan o‘zga chora yo‘q deb, menga taskin-tasalli berib, avragan, hosilotning bersa to‘ydiradigan, ursa o‘ldiradigan Karimbek hosilotning, Davron qasamining harom tuki Karimqulning yonini olib, unikini juft qilganlarning tillarini nega tanglayiga yopishtirmading?! Ayt, nega?!
– Chol jazavasi tutib, dahshatli tush ko‘rayotgandek aljirar va shu barobar so‘zlarni yamlab talaffuz qilar, shundanmi endi uning so‘zlariga tushunish tobora qiyinlashib borardi.
Holbuki, endi Usmonqulning ham qulog‘iga hech narsa kirmasdi. U otasining o‘t ichida alahsirab aljirashidan, shu damga qadar, o‘ziga noma’lum bo‘lib kelgan bir sirdan voqif bo‘ldi-yu, xuddi shu lahzada butun vujudini kuydirib, taniga bir og‘riq kirganini sezdi va ingrab yubormaslik uchun lablarini qattiq tishladi.
O‘sha kuni choshgohga borib chol uzildi…
Keyinchalik, Usmonqul o‘sha kunni o‘ylar ekan, bir yoqdan Bozor kal dalabegining gaplariga ishonib, Karimqul hosilot bilan ora ochdi qilmaganini, bilib-bilmay birov bilan yovlashganini to‘g‘ri deb topar, ikkinchi yoqdan o‘t-olov ichida alahsib, otasining Sarvi deb o‘ksinib yig‘laganini eslar ekan, yuragining bir burchagida Karimqul hosilotga nisbatan qul ostida qolgan cho‘g‘dek ojiz miltillagan ishtiboh uyg‘onar va uning kuchsiz, lekin jismini sim-sim titratadigan og‘rig‘iga dosh berolmay qiynalardi.
O‘sha kuni Usmonqul otasining og‘zidan bu gapni eshitgach, boshidan qaynoq suv qo‘ygandek sezdi o‘zini. U ingrab yubormaslik uchun lablarini qattiq tishlaganicha hamon g‘uldirab alahsirayotgan otasini holi qoldirib, tashqariga chiqdi.
O‘choq boshida choygush ostiga tappi qalayotgan xotinining ko‘zi Usmonqulga tushdi-yu, yuragi shuv etib ketdi; nahotki Sarvining bobosi o‘lgan bo‘lsa?
– Ha, Sarvi, tinchlikmi? – Qizi o‘lgan bo‘lishlariga qaramasdan hamon u erini qizining nomi bilan chaqirardi.
Usmonqul xotiniga yetmay to‘xtadi va go‘yo og‘riq azobiga chiday olmayotgan odamday yuzlarini tirishtirib, kuchanib so‘radi:
– Mehri, rostini ayt? Shu gap rostmi? Sarvining o‘ligini o‘z ko‘zing bilan ko‘rganmiding?
Erining iztirobiga to‘la bu so‘rovidan xotini hamma gapga tushundi. U Usmonqulning issiqqonligini, agar shu gap rost desa uning bir baloni boshlashini, lekin urushdan yarimjon bo‘lib qaytgan Usmonquldek yotarga to‘shagi, yopinarga ko‘rpasi yo‘q odamning, oyog‘i uzangida turgan, o‘zini harna Elsaroyning ulug‘i deb yurgan Karimqul bilan bellasholmasligini, mabodo, Xudo ko‘rsatmasin, bellashgudek bo‘lsa, chala chopilishini bilardi. Shuning uchun erining qon va qasos to‘la ko‘zlaridan ko‘zini olib, boshini ham qildi va og‘ir uf tortib:
– Yo‘q. Sarvining bobosi bekorga shubha qilyapti. Qizim bechorani ho‘kiz shoxlagani rost bo‘lsa kerak. Ha, rost!.. dedi past ovozda va negadir o‘pkasi to‘lib yig‘lab yubordi…
Hovliga Bozorkal dalabegi kirib kelganida, Usmonqul xotinining yoniga borib cho‘nqaygan va o‘zini bosolmay yig‘layotgan xotinini yupatmoqqa tutingan edi.
Ularning bu holidan bexabar Bozorkal kichkina jussasiga yarashmagan tezlikda pildirab odaticha baqirib-baqirib kirib kelardi.
– Ov, Usmonqul miroxo‘r, bu urushga borib deyman, toza xotinjoni bo‘lib qaytibsanmi-a?!
Kavaleriyadagi rus jiyroni deb o‘ylama bu o‘zbekning ayoli? Tap etding minib ketabergani!
Bozorkal er-xotin boshiga yetib kelib, ikkalasining ham ko‘zida yosh ko‘rgach, o‘rinsiz xushchaqchaqligi tumandek tarqab ketdi. U o‘zining bemavrid hazilidan xijolat tortgandek bo‘ldi, kaftdek kichkina va tekis peshonasini tirishtirib, o‘ylab qoldi. Qo‘lidagi qizil dasta qamchi bilan telpagini yechmay, ensasi aralash boshini qashidi.
Usmonqul o‘rnidan turib, Bozorkalga o‘girildi. Bozorkal Usmonqulning o‘ziga yuz burganini ko‘rib dadillandi.
– Ha, Usmonqul bu nima yig‘i? – dedi u hamon boshidagi ro‘molini yuziga to‘sib, piq-piq yig‘layotgan xotinga imo qilib. Usmonqul Bozorkalning savoliga javob bermadi. Lekin o‘zi Bozorkal tomon bir qadam tashlab to‘xtadi va ichki bir o‘tinch bilan so‘radi:
– Bozor aka, to‘g‘risini ayting, faqat to‘g‘risini. Siz bilasiz, hammasidan xabaringiz bor, mening qizim Sarvini ho‘kiz shoxlagani rostmi yo… yo… boshqa…
Bozor kal Usmonqulning muddaosini sezdi va o‘zining boshidan ham hushi uchdi; kutilmaganda yuragi tagga tortib, Usmonqulning qizining o‘limi uchun gunohkor sanar, lekin Karimqulning zug‘umi sabab, o‘shanda ham, hozir ham, bundan keyin ham, umuman abadiy til tishlab yurishga majbur edi. Axir ulug‘ o‘laat Elsaroyda Bozor kalga o‘xshagan parti ketib, sharti qolgan cholnoma kal, kal tugul urushdan og‘ir yengil yarador bo‘lib qaytgan sog‘ yoshlar yo‘qmi? Bor! Lekin ular elboshi Karimqul hosilotga sodiq mahram, ko‘z ilg‘amas Odambormas dashtlaridagi g‘alla dalalariga dalabegi bo‘lolmaydilar. Shu sabab, Bozorkal Usmonqulning muddoasini sezdi-yu, Usmonqulning gapini bo‘ldi:
– Nimalar deyapsan, Usmonqul inim, rahmatlik qizingni ana u oqdum odamxun ho‘kizning changalidan o‘zim ajratib olganman. Ishonmasang, boshimda Xudo bor. O‘shandayam otang tushmagur Karimqulga zug‘um qilib, “Nabiramni sen o‘ldirding”, deb turib oldi.
O‘zing bilasan Usmonqul tuhmat xudoning arshidan ulug‘. Gumon-imon!
U yog‘ini aytsang, shu Karimqulga otangning nima xusumati bor, bilmayman?
Elsaroy elining baxtiga shu Karimqul o‘lmasin. O‘zi och qolsa ham, elni to‘qlashni o‘ylaydi, bechora.
Sizlarga uning yomonlik sog‘inganini men hech eshitganim yo‘q. Bilasan, seni Ayrontepadagi bug‘doyzorga ham o‘zi aytib qo‘ydirdi. Buyam senga qayishganidan.
Odamlar bir hovuch don-don deb o‘ylayotganidan xabaring bor. Otangning alahsib aytgan gaplariga ishonib, Karimqul bilan yovlashishing aqlning ishi emas. Alahsirash bu tushday gap. Tushga, bilasan, nimalar kirmaydi.
Mana hozir ham senikiga shu Karimqulning tayinlovi bilan birrov xabar olgani kiruvdim. “Oqsoqol Usmonqulning otasidan boxabar bo‘lib turing, keksaygan, kasalmand odam. Yanayam non chuchchik paytlar. Usmonqul ham urushdan yarimjon bo‘lib qaytgan odam. Kalovlanib qolmasin tag‘in”, degandi kecha dala boshida menga Karimqul.
Karimqul aka shunday elparvar odam, Usmonqulboy. Sen shaytonga hay ber, u haqda bo‘lmag‘ur xayollarni boshingdan chiqarib tashla! – Bozorkal so‘zlashdan to‘xtab, avval iztirob ichida sukutda qotgan Usmonqulga boshdan-oyoq bir qur nazar soldi va kutilmaganda baqirib, tahdid bilan gapira boshladi.
– Hoy, Usmonqul xudodan to‘g‘ri tila, hali yoshsan. Sening bola-baqrang ham, dovi davlating ham tog‘u toshlarda turibti. Ha, inim Usmonqulboy shuni bil sen. Hammasidan ham mana bu kelinni o‘ksitma! – Bozorkal ko‘pdan yuragiga tugib yurgan bu gaplarni to‘kib solgach, boyagi qo‘rquvni unutib, biroz yengillashgandek bo‘ldi…
Usmonqul Bozorkalning o‘gitiga quloq tutdi. O‘sha kuni choshgohga borib Usmonqulning otasi o‘lganini eshitib, eng birinchilardan bo‘lib Karimqul yetib keldi. Cholni ko‘mish uchun lozim bo‘lgan barcha katta-kichik ishlarga bosh-qosh bo‘lib turdi. Buni ko‘rib, Usmonqul Bozorkalning o‘gitiga quloq tutib, to‘g‘ri qilgan ekanman, otam gumon bilan alahsiragan, gumon-imon, deb o‘yladi…
Lekin keyinchalik Usmonqul o‘sha kunni o‘ylar ekan, bir yoqdan Bozorkal dalabegining gaplariga ishonib, Karimqul hosilot bilan ora ochdi qilmaganini, bilib-bilmay birov bilan yovlashmaganini to‘g‘ri topar, ikkinchi yoqdan esa, otasining o‘t-olov ichida alahsib, Sarvi deb o‘ksinib yig‘laganini eslar ekan, yuragining bir burchagida Karimqul hosilotga nisbatan kul ostida qolgan cho‘g‘dek ojiz miltillagan ishtiboh uyg‘onar va uning kuchsiz, lekin jismini sim-sim titratadigan og‘rig‘i dosh berolmay qiynalardi. Ba’zi paytlar bu og‘riq butun kun-u tun uni tinch qo‘ymasdi. U jizzaki va hafsalasiz bo‘lib qoldi. Usmonqul qorovullikdan juda kech, ko‘pincha tun yarmidan oqqanidan keyin qaytar va yana tong yulduzi so‘nmay dalaga otlanardi. U hatto tushida ham qizini, o‘zi urushga ketayotganida bijirlab gapirib tinmaydigan, ba’zi kechalari araz urib, yarim kechada Usmonqulning qo‘yniga kirib, chuchmal va yoqimli sut xidiga uni buktirib, uxlab qoladigan dundiq qizchasini ko‘radigan bo‘lib qoldi. Negadir qizi uning tushiga sakkiz yoshli emas, to‘rt yoshligida bo‘lib kirardi.
Ko‘pincha u Ayrontepa etagini aylanib yurar ekan, zil-zambil o‘ylardan kalavasining uchini yo‘qotib qo‘yar, hammasidan ham yomoni, la’nati kontuziyaning asoratimi, bir pasda boshi qizib, g‘uvullay boshlar, bu ham yetmagandek, shu barobar qoq miyasidan boshlangan kuydirgi harorat butun vujudiga yoyilardi. Bunday chog‘lar Usmonqul sirqiray boshlagan, anduh to‘la yuragini changallagancha bu zil-zambil o‘ylardan chalg‘ish ilinjida tagidagi qirchang‘i Oqburgunga zug‘um qilardi:
– Chuh, uv harom qotgur! Muncha imillamasang, yeganingni oqla-da la’nati! Chuh, chuh, chuh! – deb Usmonqul otning biqiniga sekin-sekin poshnasini nuqar, qo‘lidagi qamchisini havoda o‘ynatib, urmoqqa chog‘lanar, lekin havoni shuv etib kesgan qamchi Usmonqulni etagiga kelib tegar edi. Shunday bo‘lsa-da, qattiq poshnalarning ohista-ohista niquvidan, etik qo‘njining kutilmaganda shatirlab ketishidan seskangan ot, irimiga bo‘lsa ham lo‘killab biroz jadallashgan bo‘lar, lekin bir fursat o‘tmay yana o‘zining boyagi bir maromdagi madorsiz yurishiga o‘tardi. Usmonqul esa otning yo‘rtishiga alahsib, bir dam yuragini kemirayotgan o‘ylardan forig‘ bo‘lgandek bo‘lar, lekin ot sekinlashishi bilan yana o‘sha og‘ir va alamli o‘ylar balo-qazoday bostirib kelardi. Hammasidan ham dahshatlisi shunda ediki, u o‘ylagan sari o‘ziga mudhish bir haqiqat ayon bo‘lib borayotganini sezar va uning zildek yukidan vahmga tushardi.
“Yo‘q, mumkin emas, otam o‘sha kuni kasalning zo‘ri bilan alahsiradi, deb o‘ylardi Usmonqul otning jilovini qo‘yib yuborib, endi u o‘zining ot ustida ketayotganini unutardi.
– Ha, otamning gumon bilan alahsigani rost. Axir, bu mumkin emas! Axir, Karimqul bu yovuzlikni qilmaydi. Otasining qasosini olgani bekor! Axir, ko‘nglida kiri bor odam, Usmonqul urushdan qaytgan kun hammadan avval kelib hol so‘rarmidi? Yanayam unga qayishib, hafta o‘tmay uni Ayrontepaga qorovul etib, Bozorkaldan manavi otni berib yuborarmidi? Axir, ko‘nglida kiri bo‘lsa, otasini jonazasida hamma ishga o‘zi bosh-qosh bo‘larmidi?!
Yo‘q, otasining kasalning zo‘ridan alahsiragani rost!”
Ayrontepani aylanadigan o‘ziga ma’lum yo‘llardan bir maromda yurib borayotgan ot, egasining kutilmaganda ovoz chiqarib ming‘irlaganidan sergaklanib, quloqlarini dikraytirib, biroz sekinladi. Usmonqul otning bu holatiga e’tibor ham qilmay, o‘zicha ming‘irladi: ha, otamning alahsiragani rost. Alahsiragan. Otam… alahsiragan!
Usmonqul iztirob o‘tida qovrilib, otasining alahsiraganiga, qizini Karimqul o‘ldirmaganiga o‘zini o‘zi ishontirishga, yuragini ezayotgan shubhalardan qutilishga harakat qilar va hatto bir qadar bunga erishardi ham. Lekin shu ishonch va shu taskin, tassali manzil etgan yuragining tub-tubida bir tuyg‘u yashardiki, ba’zan benigoh bu tuyg‘u bosh ko‘tarib, Usmonqulning hozirgina orom topgan jismini charmoq urgan daraxtdek kuydirib, jizg‘anak qilib tashlardi. Bunday chog‘lar g‘azab va qahrdan ko‘zlariga qon to‘lgan Usmonqulning bo‘g‘ziga bir so‘z kelib tiqilardi: qasos, qasos, qasos!!!
Karimbekning Usmonqullar xonadoniga bo‘lgan kek va nafrati ham ancha eski va g‘azabli edi. Uning yuragini tosh kabi bosib yotgan nafrat va alam yillar o‘tishi bilan ko‘paysa ko‘payibdiki, kamaymabdi, yig‘ilsa, yig‘ilibdiki, sochilmabdi, gazaklab illatlasa, illatlabdiki, sog‘aymabdi. Buni u o‘sha Usmonquldan qolgan cho‘lpanani o‘ldirib qo‘ygan kuni sezdi. U o‘sha kungacha boshiga kelgan barcha dard-sitamlarni unutdim, kim qilgan bo‘lsa, yaratganga soldim, deb yurardi. Bu tasallisi, bu yo‘rig‘i hato ekan. Buni u o‘zi el boshiga hukm bo‘lib keldi-yu, tushundi. Madomiki, o‘zi yor bo‘lib, oyog‘ing uzangiga yetibdimi, sen xo‘rlaganlarni, toptaganlarni unutishingga haqqing yo‘q! Tomiringda bobomeros qoning gupirib turar ekan, bu besh kunlik dunyoda senga azob bergan, boshingga ne bir qora kunlarni solganlarni unutib, ular oldida nafas yutib, jim ketishing erkakning ishi emas. Bu qasosli dunyo!
Ayni shu kunlarda Karimbek mana shu aqida bilan yashar, holbuki, uning bundan o‘zga chorasi ham yo‘q edi. U faqat shu aqidagagina suyanib, o‘zining mudhish jinoyatini haq deb topar, takror-takror shunga o‘zini ishontirmoqchi bo‘lar, lekin o‘zining qayta va qayta aldanayotganini o‘zicha ham bo‘y bermas, yuragining qay burchagida g‘imirlab turgan botiniy bir sezgi bilan tuyardi.
Faqat aroqning o‘tkir ta’siridangina bularning hammasini unutish mumkin edi. Shuning uchun ham uning belida pichoq o‘rnida urush esdaligi kichkina suv bidonchasida spirt yurardi. Aslida kayf ustida Usmonqulning qizchasini ham tarang, hatto jon achchig‘ida charillab yig‘lashiga ham qaramay aravaga tirkab bog‘lagandi. Kayfi tarqagach, Karimbek o‘zining mudhish jinoyatini anglagandi. Lekin endi kech. Faqat bitta yo‘l bor – hammasini unutish kerak, faqat unutish kerak! Keyinchalik Karimbek unutish bilan ham ish bitmasligini, azoblardan qutilish uchun biror bir jo‘yali yo‘riq, aqida kerakligini angladi. Na chora, aqida ham topdi.
Aqida va spirt, spirt va aqida – Elsaroy qishlog‘ining hosiloti Karimbekning faqat o‘zigagina ma’lum zirhli niqobi bo‘lib qoldi.
Karimbek ot ustida Odambormas dashtni aylanib yurar ekan, ba’zan o‘zini yuragining tubidagi o‘sha botiniy bir tuyg‘uga, hammasi yolg‘on-yolg‘on deb hayqirayotgan o‘sha ichki bir ovoz hukmiga topshirardi. Bunday chog‘lar u hamon o‘zining Usmonqulning xotini Mehrinisoni unutolmayotganini, uni unutish mumkin emasligini, Usmonqulning qizchasini ham otasining qasosi uchun emas, yo‘q shu ayolning vaqtli visoliga yetmaganligi uchun, durkun-durkun qizlar olmadek qo‘yniga kelib kirishni xohlab turgan bir paytda, beva (hali u vaqt Usmonqul urushda edi) bir ayol bo‘y bermaganiga, hatto uni hosilot Karimbekni nazar-pisand qilmagani uchun, uning iflos yo‘rig‘iga yurmagani uchun o‘ldirganini tan olardi.
Aslida ham shunday bo‘lgan edi. Otasidan erta yetim qolgan Karimbek tengqurlaridan ancha oldin er yetdi. Shu kabi tirikchilik tashvishlarini ham u o‘z tenglaridan xiyla oldin boshladi. Qancha ur-yiqit bilan endigina oyoqqa turgan kolxozning qo‘yini boqdi, to‘g‘rirog‘i, cho‘liq bo‘lib, mashhur Shafoat cho‘ponga ergashdi.
Zarang tayog‘ini yelkaga tashlab, Odambormasning oyoq yetmas keng-keng havorlarida bodrab o‘tlab yurgan suruv boshida o‘tirgan Karimbek zerikishdan tars yorilay derdi, o‘shanda. Lekin ko‘nikishdan, chidashdan o‘zga chora yo‘q, yetti qora ko‘zning taqdiri shunga bog‘liq. Bunday chog‘lar xayollarning borligiga shukur qilasan, kishi.
O‘zidan ikki ko‘klam kichik Mehriniso shu tariqa ilk marta uning xayol dunyosiga kirib bordi. U kelindek iymanib, qimtinib, nozlanib, tog‘ ortidan chiqib kelayotgan quyoshga boqib, Mehrinisoni o‘ylardi. Ba’zan u kelindek uyatdan, mehrdan-muhabbatdan lov-lov qizarib ufq bag‘riga bosh qo‘yayotgan quyoshga boqib, Mehrinisoni o‘ylardi. Yoqimli, huzurbaxsh, entiktiruvchi o‘ylarning adog‘i yo‘q edi o‘shanda.
Hatto u shundan keyin ikki marta Mehrinisoni yaqindan ko‘rdi.
Birinchi marta to‘y bahona qishloqqa enganida kutilmaganda u qishloqqa kiraverishdagi ko‘cha muyulishida oldidan chiqib qoldi. Karimbek buni o‘zicha xayol qilgandi. “Qani endi shu topda taqimiga tushgan o‘rim sochlari yerni o‘pib, yasangan-tusangan Mehriniso chiqib qolsa”, deb o‘ylardi u qishloqqa yaqinlashar ekan. Hech biri mantiqqa to‘g‘ri kelmasa-da, bo‘z bola Karimbek qizni yasangan-tusangan holda tassavur qilgan edi o‘shanda. Lekin uning ham o‘zicha bunga asosi bor edi, Mehriniso kimsan kolxoz aktini – Qobul sho‘roning qizi axir. Tasodifni qarang, ko‘cha muyulishida shunday o‘ylar og‘ushida kelayotgan Karimbekning qarshisidan lop etib necha kun, necha oylardan beri orom bermay yurgan go‘zal qiz chiqib qolsa bo‘ladimi.
Qiz ham uni – yetimcha bo‘z bola Karimbekni tanidi. Oralaridagi masofa hali ancha bo‘lishiga qaramasdan bo‘z bola nigohidagi allanechuk ehtiromli tuyg‘uning iliq va o‘tkir taftini sezdi: duv qizardi. Yuragining tasur-tusuri o‘ziga ham sezildi: xijolat bo‘lib boshini quyi soldi.
Karimbek ham hayajonlanib ketdi. Hatto u qizdan ham yomon ahvolga tushdi. Qizning uyalganidek boshini xam qilganini ko‘rib, o‘zi ham beixtiyor yerga boqdi.
Qiz unga yetmay o‘zini ko‘cha biqinidagi bir tabaqali ochiq eshikka urdi. Bu uy Qora firqaniki edi. Karimbek otasining shu Qora firqaning xuni uchun otilganini bilar va bu xonadonga nisbatan yuragida kuchli nafrat tuyib yashardi. Shu sabab hozirgina qiz kirib ketgan, hamon bir tabaqasi ochilib turgan eshik oldidan jimgina o‘tib ketishdan boshqa iloj topolmadi.
Keyinchalik, to‘rt tarafi ham ufqlarga tutashib ketgan Odambormas dashtida suruv orqasidan yurar ekan, u o‘zining o‘shanda qiz oldida boshini xam qilganini kechirolmasdi. Ehtimol, tik qarab boraverganida, qizning burilayotganini ko‘rib, uni to‘xtatar edi. Keyin “Mehriniso, men seni yaxshi ko‘raman. Men seni kun chiqayotganda o‘ylayman, men seni kun botayotganda o‘ylayman! Keyin yana nima der edi? Ha, yana shunday der edi: Mehriniso, jonginam, to‘g‘risini ayt, sen ham meni o‘ylaysanmi?” keyin yana nima der edi? Ha, yana bunday der edi…
Bo‘z bola Karimbekning qizga aytadigan juda ko‘p gaplari bor edi. Afsus, hammasi yuragida qoldi. Lekin ana shunday shirin armonlar og‘ushida uning zerikarli kunlariga fayz kirdi. Endi uning uchun biyday dashtda bir maromda kechadigan kunlar jon egovi bo‘lmay qoldi.
Shirin armonlar og‘ushida mast bo‘lib yurgan Karimbekni taqdir yana bir bor siyladi. Lekin bu oxirgi siylov ekanligini u hali bilmas edi. Suruvga qon siyma kasali tekkach, u shoshilinch qishloqqa boradigan va kolxoz aktivlarini bundan xabardor qilishi, hatto lozim bo‘lsa, ularni ergashtirib kelishi kerak edi. Bu odamlar orasida qishloq sho‘rosining kotibi Qobil sho‘ro ham bor edi.
U yo‘lga otlanganida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgan edi. Bu pallada hamma ish joyida bo‘lishini Karimbek bilardi, lekin shunday bo‘lsa-da, u ot boshini Qobil sho‘roning uyi tomon burdi. Uning muddaosi, iloji bo‘lsa, Mehrinisoni ko‘rib gaplashish, hech bo‘lmaganda diydoriga to‘yish. U aziz avliyolarni tildan qo‘ymay, Xudoni birovga bermay, Mehrinisoning uyida bo‘lishini, chaqirganda, chopqillab, kokillarini silkitib, o‘zi chiqishini xudodan yolvorib so‘rardi. Ketishga chog‘lana turib, Karimbek suv so‘rasa, Mehriniso bo‘lsa, uchib kirib uydan suv to‘la ko‘zani olib chiqib, oyoqlarining uchi bilan ko‘tarilib, chaqmoq ko‘zlarini suzib, shirin tabassum bilan uyalib, qimtinib suv to‘la ko‘zani uzatsa, Karimbek boshi uzra ko‘zani ko‘tarib sipqorar ekan. Mehriniso unga mehr bilan termulib tursa, suvga qongan Karimbek egardan engashib, ko‘zani uzatsa, uzatayotib…. uzatayotib, olmoqqa chog‘langan qizning oppoq qo‘llaridan ohista ushlasa, ushlasa, ushlasa, ushlab turaversa! Karimbek o‘y ta’sirida hayajondan entikib ketdi. U hozir o‘zining otda borayotganini ham unutgan edi.
Karimbek Qobil sho‘roning darvozasi oldida ovoz berganiga ham ancha bo‘ldiki, ichkaridan hech kim darak bermadi. Endi u sabri chidamay darvozani qamchi dastasi bilan qoqa boshladi: taq-tuq, taq-tuq, taq-tuq,… Baribir hech kim chiqmadi.
Karimbek yana ovoz berib chaqirdi, yana qamchi bilan taqqillatdi, ichkari jim.
Nachora, lattasi suvga tushib, shumshayib orqaga qaytishdan boshqa iloj yo‘q. Karimbekning alami kelib ketdi. U ot jilovini ortga burayotib, alam ustida otga shunday qattiq qamchi tortdiki, buni kutmagan sho‘rlik ot achchiq kishnab yubordi.
Qishloqning aylanma tor ko‘chalaridan o‘tib, qishloq soveti tomon darg‘azab borayotgan Karimbek to‘satdan quvonchidan qichqirib yuborayozdi. Shundoq ro‘parasida ovloq ko‘chada yetti-sakkiz yoshlardagi bolani yetaklab, uch-to‘rt yoshlardagisini esa ko‘targanicha Mehriniso kelardi. Qiz avvalgi ko‘rgandagi kiyimda, boshida bo‘z ro‘mol, egnida rangi uniqib ketgan satin minsak. Ukasining oyog‘iga qarab u juda sekin yurib kelayapti.
– Ov, otang qayerda? – qizning ro‘parasiga yetib kelgan Karimbekning so‘rog‘i shu bo‘ldi, boshiga kelgani ham shu edi. Qizni ko‘rdi-yu, negadir yuragi hapqirib, qaynab borayotgan qoni, sovub ketdi g‘azabi kabi, demoqchi bo‘lib yurgan balandparvoz so‘zlari ham tumandek tarqab ketganini o‘zi ham sezmay qoldi.
– Ov, otang qayerda? – Karimbek hech bunday demoqchi emasdi. Lekin ikkinchi marta ham shunday deb yubordi. Qiz ortidan yugurib kelayotgan ukasidan ko‘zini olib, ot ustidagi bo‘zbolaga boqdi. U shunday bir o‘tkir nigoh bilan Karimbekka qaradiki, bu nigohga chidash, bardosh berish, yanayam shu qizni o‘zi tushlarida ko‘rib chiqadigan bo‘zbolaga hech bir mumkin emas, edi.
Bo‘zbola Karimbek bo‘yi yetgan qizning olovli nigohida kuydi, jizg‘anak bo‘ldi. Bo‘zbola Karimbek bo‘y yetgan qizning sirli, sehrli jodusidan yer bilan zabun bo‘ldi.
Bo‘zbola Karimbek bo‘y yetgan qizning afsungar ishvasidan to‘ldi-to‘kildi…
Karimbek keyinchalik o‘shanda qiz bilan nimalar deb gaplashganini eslay olmay, uzoq vaqt garang bo‘lib yurdi. O‘zicha juda ko‘p be’mani gaplarni aytganman, deb o‘ylar, shunga o‘zini ishontirmoqchi bo‘lar, lekin o‘ziga o‘zi ishonavermagach, albatta, keyingi uchrashuvimda dilimdagi hamma gapni, ha, hamma-hammasini aytaman deb o‘zini ovutar edi. Afsuski, bu ovunch, ovunchligida yurakda lahza cho‘qqa aylandi.
Karimbek qizni keyingi ko‘rishga ulgurmay, bir shum xabar Odambormas dashtini talo to‘p qildi. Qobul sho‘ro Elog‘a batrak bilan quda-anda bo‘lganmish, qizi Mehrinisoni Usmonqulga berganmish.
Ko‘mirdan ham qora o‘sha kecha huvillab yotgan Odambormas dashtining yaydoq hovar­larini yalab-yulqab kech kuzning sovuq shamoli esib chiqdi. Badanga ninadek qadaladigan bu sovuq shamol qilichini yalong‘ochlab kelayotgan qora qishdan xabar berardi.
Bunday kechalar qo‘ylarni qo‘raga qamasa ham bo‘lardi. Lekin Karimbek sho‘r qismatga qasdma-qasd egardan tushmay dashtning ichkarisiga uzoq-uzoqlarga suruvni haydab ketdi. Suruv ortidagi otda qunishganicha o‘tirgan bo‘zbola Karimbek o‘sha kecha hayotida birinchi marta o‘z taqdiri haqida chuqur o‘yga toldi. O‘sha kecha uning yuragida odamlarga nisbatan qahr-g‘azab hissini o‘zida jamlagan og‘riq paydo bo‘ldi va bu og‘riq tosh kabi yurak tubiga cho‘kdi.
Ship-shiydam dala o‘ngirlarini yalab, sarsari kezayotgan shamol tongga borib taqqa to‘xtadi.
Tog‘ boshi oqarib, tong otib kela boshladi. Quyuq, nam bulutlarga to‘lib, xo‘mraygan osmon poyonsiz Odambormas dashti uzra yanada pasayib, balo-qazoday enib keldi. Sovuq shamol to‘xtaganiga biron fursat o‘tmay, sim-sim yomg‘ir yog‘a boshladi.
Hamon egar ustida qunishib o‘tirgan bo‘zbola Karimbekning yonoqlaridagi tomchi yomg‘irmi yo ko‘z yoshi ekanligini anglash mushkul edi…
Inson hammasiga ko‘nikar ekan, ko‘nishdan o‘zga chora bo‘lmagandan keyin nima qilsin. Avvaliga Mehrinisoning firog‘iga chiday olmasam kerak deb yurdi. Lekin keyinchalik bu ko‘ngil tahqiriga nachora ko‘ndi, ko‘nikdi.
Shu orada u harbiy xizmatga chaqirildi. Xizmatni o‘tab uyga qaytdi va Mehriniso qiz tuqqanini eshitdi. Oradan ko‘p o‘tmay Karimbek ham uylandi. Lekin xotinining mehriga qonmay, yana urushga otlandi.
Toshdan yaralgan bu bosh ko‘rmagan ko‘rgiliklar qolmagandir. Yetimlik, muhtojlik, ko‘ngil tahqiri, urush – Karimbek ko‘rmagan yana nima qoldi. Xayriyat, sho‘r qismatida xudo yarlaqagan kunlar bor ekanki, har lahza hayotiga o‘lim, falokat xavf solib turgan dahshatli urushdan o‘ng qo‘lining uch barmog‘idan ajragan bo‘lsa-da, tirik qaytdi, buyam yigitning baxti. Sho‘r qismatning Karimbekdan arigani, yaxshilik sari evrilgani rost edi. Baxtsiz, g‘urbatli umrning ayqash-uyqash so‘qmoqlarida uloqib yurgan yigitni taqdir yana bir bor siyladi, Elsaroydan urushga ketgan yigitlarning birinchi tirik qaytgan vakili Karimbek hosilot etib tayinlandi.
Karimbek hammasini unutib, hosilotlik jilovini mahkam tutdi. Senga ishonib shu vazifani berdimi, demak, oqla! Yel-yugur, o‘zingni o‘tga-cho‘qqa ur, baribir o‘lmaysan. Lekin hozir urushda bo‘lsang, o‘lishing uchun daydi bir o‘q kifoya. Shunday ekan, madordan ketib, sillang qurigunicha ishlayver, shundagina o‘ng qo‘lingdagi yo‘q uch barmoqning og‘riqsiz og‘rig‘ini unutib yashaysan!
Karimbek urush ayni qizib turgan o‘sha yillar rostdan kuyib-yonib ishladi. Ishlagandirki, butun boshli Elsaroy qishlog‘ining poy-poyonsiz dalalarida ungan bir tup g‘alladan, bir to‘p shuvoqqacha va hatto odamlarning uyidagi mol-holdan to ko‘ndalang cho‘pgacha hamma narsa g‘alaba uchun bo‘lgan o‘sha kunlarda agar lozim bo‘lib qolganda hech bir kimsa uyida, o‘zida bor narsani, Karimbekning oldida yo‘q deya olmasdi. Ular Karimbekning sinchiligiga tan berishgan edi.
Ana shunday alg‘ov-dalg‘ov kunlarda Karimbekning yuragidagi eski yara yangilandi, yana u bo‘zbolalik davrining shirin iztirobini tuyib, Mehriniso vasli-visoli bilan yashay boshladi. Mehriniso endi ancha ulg‘aygan, yo‘g‘on cho‘zilgan, ingichka uzilgan shunday og‘ir kunlarda butun boshli bir ro‘zg‘orning barcha yukini yelkasida tutib yashayotgan bosiq, sabr-toqatli ayol edi. Uning eri Usmonqul urushga ketgan, mana olti oydirki, xat-xabar yo‘q, qaynotasi to‘shakli kasal, qizi kasalmand, shunga qaramasdan bu ayol birovga g‘ing demay, ba’zilarday ayyuhannos solmay tishini-tishiga qo‘yib, jimgina yashayapti. Yanayam, musibatli bu kunlar ruhini qanchalik ezmasin, kamondek qora qoshlardagi nazokat, g‘am to‘la ma’yus ko‘zlardagi mehr, sutga chayilgandek yuzlardagi horg‘in go‘zallik, har nega qodir sarvdek durkun qaddi-qomat har qanday erkakni yer bilan zabun qiladi.
Karimbekning yuragini bezovta qilayotgan bu hislar yer qa’ridan tashqariga otilib chiqish uchun biror bir tuynuk izlayotgan issiq, olovli vulqonga o‘xshardi. Karimbek zo‘r berib Mehrinisoning vasliga yetishni o‘ylar va hatto yetishmog‘iga amin edi.
U o‘z niyatini o‘tgan yili bug‘doy o‘rimi ayni qizigan kunlardan birida amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Bozorkalning xabariga ko‘ra, Mehriniso tumanga tushish uchun javob so‘rabdi.
Egar ustida cho‘nqayganicha Bozorkalning hisobotini eshitayotgan Karimbek beparvo ohangda so‘radi:
– Tumanda nima ishi bor ekan?
– Harbiy komissariatga uchrashar emish. Karimbek g‘ijindi; “Ipirisqi, Usmonqulni surishtirmoqchi. U bo‘lsa, o‘lib ketgandir hoynahoy. Mabodo, mendan nima shunday olti oylab darak bo‘lmaganda xotinim surishtirarmidi? Yo‘q, surishtirmasdi, la’nati! Bu Mehri boshqacha xotin!” uzoq sukutdan so‘ng Karimbek Bozorkalga, hosilotdan javob kutayotgan sodiq mahramga bunday dedi:
– Mayli, javob bering. Lekin kelmas kunining tushgacha bo‘lgan normasini ham ertaga qo‘shib bering. Shu joyni bo‘lmaguncha javob yo‘q deng. Kechqurun o‘roq boshiga o‘zim chiqib boraman. Bo‘yruqni aytganimday bajaring!
Ertasiga Karimbek qishloqdan xiyla uzoq Mo‘minkalning dashtida bug‘doy o‘rayotgan o‘roqchilarning oldiga otlanganida oqshom tushayotgan edi. U yo‘lda uch-to‘rt o‘roqchi ayollarni uchratdi. Bolalik bu ayollar eshaklarini qichab, shoshilganicha qishloq tomon ketib borardi. Karimbek ularning orasida Mehrinisoni ko‘rmadi; negadir iliq bir tuyg‘udan uning yuragi hapqirib ketdi.
Karimbek o‘roqchilar boshiga yetib kelganida, allaqachon atrofni qorong‘ulik qoplagan, lekin odam odamni tanishi mumkin edi. Uch-to‘rt qiz-juvon jimgina o‘roq o‘rishar, faqat chalg‘ilarning shig‘-shig‘i oqshom sukutini buzib, huvillagan dalaga fayz bag‘ishlardi.
Otning pishqirig‘ini eshitib, o‘roqchilar hosilot kelganidan xabar topdilar. Bozorkal Karimbek tomon peshvoz yurdi. Qiz-juvonlar bir-birini turtib shivir-shivir qilishdi.
O‘zi tomon shoshilib kelayotgan Bozorkalga e’tibor ham qilmay, Karimbek piq-piq kulishayotgan qiz-juvonlar tomon termulib qaradi, lekin ularning qaysi biri Mehriniso ekanligini taxminlay olmadi.
Karimbek Bozorkalning salomiga aliksiz, qo‘l uzatib, ot ustida u bilan ko‘rishdi. Bu qizlar Mehrinisoga yordam qilishayotganini, deyarli qo‘shib berilgan joyni ham hozir tugatishini, so‘ngra qizlarni o‘zi qo‘shxonaga ergashtirib ketishini va Mehrinisoning ham kech bo‘lib qolganiga qaramay qishloqqa ketmoqchi bo‘lib turganini Bozorkaldan jim turib eshitdi. Karimbek Bozorkalning ishlarini tasdiqlagan bo‘lib, bosh irg‘adi va indamay ot boshini uzoqlarda jinchirog‘i lip-lip yonayotgan qo‘shxona tomon burdi.
U ot qadamiga mos tebranib, Bozorkaldan uzoqlashar ekan, sevinchini bosolmas, har kuni sig‘ib yurgan egar ustiga sig‘may, bezovta bo‘lardi. Hamma ish uning ko‘nglidagiday borayotgan edi.
Bo‘zbola yuragini yaralagan, faqat tushlaridagina o‘pich bergan hurliqo Mehrinisoning bugun u vasliga yetadi.
Tushida emas, yo‘q o‘ngida, ha, o‘ngida qonib-qonib o‘padi. Tushida emas, yo‘q o‘ngida, ha, o‘ngida ehtiros bilan qonib-qonib quchadi.
Tushida emas, yo‘q o‘ngida, ha o‘ngida birinchi marta va abadiy bitta jismu jonga aylanadi.
Bozorkal ham, hiringlayotgan o‘roqchilar ham ko‘z ilg‘amaydigan bo‘lib qolgach, Karimbek ot boshini unga burdi.
U o‘roqchilarni aylanib o‘tib, Mehriniso qaytadigan yo‘lga chiqib, u keladi­gan tomonga sinchiklab tikila boshladi. Lekin ko‘zlari hech narsani ilg‘amadi.
Karimbek uzoq kutib qolmadi. Avvaliga o‘t-o‘lanlarni bosib-yanchib kelayotgan eshak­ning shiviri, so‘ngra sinchiklab qaray­vergach qorong‘ulik ichida elas-elas qora ko‘rindi.
Karimbek otdan tushdi va ot qozig‘ini qoqdi. Qo‘lidagi qamchini belbog‘iga qistirib, qo‘llarini beliga tiraganicha endi aniq-tiniq ko‘rinib qolgan eshakli qarshisida qodiraydi.
Mehrinisoning eshagi allaqachonlar qulog‘ini dikraytirib, qadamini sekinlatgan edi. Eshakdagi bu o‘zgarishni ko‘rib, Mehrinisoning yuragiga shubha oralar va yuragi shuv etib ketdi, zamon yomon, iloyim, yomonning yuzini teskari qilsin. U termulib oldinga qaradi, lekin hech narsani ko‘raolmadi. Boya Bozorkalning “Qo‘rqmaysanmi Mehribeka?” degan so‘rog‘i yodiga tushdi.
Mehriniso jahl bilan eshakning bo‘yniga xalacho‘p bilan urdi va ovozini chiqarib eshakni yonidi:
– Ix, harom ulgur! Ix, deyman, nima qiliq bu! Ix!
Eshak qulog‘ini dikraytganini yozmadi-yu, lekin biroz yurishladi. Shu vaqt Mehrinisoning ko‘zi qarshisida qodirayib turgan qora ko‘lankaga tushdi va joni chiqib ketdi. Oz bo‘lmasa, baqirib yuboray dedi. Lekin joniga qo‘lankaning o‘zi oro kirdi.
– Mehri, senmisan?! – bu tanish o‘ktam ovozni eshitib, qo‘rquvdan tosh qotib qolgan juvonning jismiga jon kirdi.
Bu orada o‘ktam ovoz egasi ayol tomon yurdi. Zum o‘tmay, juvonning to‘xtab qolgan eshagi yonida paydo bo‘ldi va ikki qadamlar chamasi narida to‘xtadi.
Ko‘roydinda Mehriniso ovoz egasini tanidi; hosilot Karimqul aka-ku! Tanidi-yu, juvonning boyagi qo‘rquvi butunlay yo‘qoldi, lekin badanidan ilon o‘rmalagandek o‘zini noqulay sezdi. Hozirgina to‘xtagan Karimqulning o‘ziga tomon qadam tashlaganini ko‘rib, hosilotning muddaosini Mehriniiso angladi-yu, kutilmaganda darg‘azab va bosiq ovozda baqirib yubordi:
– Ha! Karimqul aka, nima bu qiliq?!
Juvonning bu qahrli so‘rovi Karimqulni to‘xtashga majbur qildi. U hayajondan entikar, bilinar-bilinmas hansirar, arang o‘zini tutib turardi.
– Mehri?!.. Mehri?!… Meni qiynama! Axir, o‘zing hammasini bilasan-ku! Bas, shuncha kuyganim yetar, axir!!!
Miskin bir ovozda entikkancha so‘zlayotgan Karimqul hozir shunday bir holatda ediki, endi u hech narsani eshitmas, har qanday e’tiroz bilan hisoblashmas va endi uni hech qanday kuch bu yo‘ldan qaytarolmas edi. U shiddat bilan Mehrinisoga yaqinlashdi, juvonning qarg‘anib yulqinishiga qaramay, uni dast ko‘targancha, eshak ustidan yulib oldi va hansiragancha ekinzorga oraladi.
Ular uzoq olishdi. Bir gilam o‘rnidagi ekinzor yer bilan bitta bo‘lib ketdi. Karimqul hansiragancha juvonni o‘par, yechintirmoqqa chog‘lanar, lekin uch barmoqsiz o‘ng qo‘li pand berib, yig‘lab yulqinayotgan, tipirchilayotgan juvon Karimqulning quchog‘idan otilib chiqar, lekin butunlaay xalos bo‘lib ketolmay yana vahshiylashgan Karimqulning tagiga tushib qolardi.
Oxiri Karimqul butunlay holdan ketdi va shu barobar hozirgina qonida jo‘sh urib qaynayotgan ehtiroslari so‘nib, hafsalasi pir bo‘lib qoldi. Behol bir kayfiyatda u juvonning yon tarafiga o‘zini tashladi. Lekin hiqillab yig‘lagancha yulqinayotgan Mehrinisoni qo‘yib yubormadi; uning yelkasidan bosib, yoniga yotqizmoqchi bo‘ldi. Turmoqqa chog‘lanayotgan Mehriniso yana o‘mganlab ketdi va Karimqulning shunday yoniga yonboshlab qoldi. Buni ko‘rib Karimqul shivirladi:
– Mehri, bir pas shunday yot, keyin qo‘yvoraman!
Ko‘roydin bo‘lishiga qaramasdan, juvonning ko‘zlari dahshatli tarzda olayib ketdi va izidan nafratga to‘la shiviri eshitildi:
– Iflos!!!… Haromi!!!…
– Mayli men iflos, men haromi… Faqat sendan iltimos, shu holatda, mana ko‘rib turibsan quchoqlab yotganim yo‘q, faqat qo‘lingdan ushlab turibman, agar qimirlasang yana quchoqlashga majburman Mehri, kel, shu holatda biroz gaplashib olaylik! – dedi emranganidek Karimqul.
– Sen bilan nimani ham gaplashardim?! – dedi yig‘lamoqdan beri bo‘lib Mehriniso; turmoqqa chog‘landi. Lekin Karimqul kuch bilan uni qimirlamaslikka majbur qildi.
– To‘xta, Mehri! To‘xta!.. – dedi u vishillab, juvonning yelkasidan bosib. – Nima o‘sha ipirisqi Usmonqulga bizni olmaysanmi-a?! O‘sha nimg‘o‘ritadan bizning qayerimiz kam-a?!
– Karimqul! – ayol kuch bilan bir silkinib oldi. – Sen shuni bilib qo‘y! Sen Usmonqulning harom tukiga ham arzimaysan! Yaxshi ko‘rar emishsan-a! Yaxshi ko‘rgan odam bunday sharmandalikka qo‘l urmaydi. Zamonning nobopligidan foydalanmaydi. Zamon senga yo‘l berganidan foydalanib, sen yegan najosatning sassig‘i yurtni buzayapti!..
Bir zamonlar yaxshi ko‘rgan bo‘lsang, agar, mabodo, men ham yaxshi ko‘rgandek bo‘lsam – u bir zamonlar edi. Endi mening o‘sha ipirisqi Usmonquldan bolam – qizim bor. Men seni qizimning halol, pokiza hayotiga sening harom-xarish istaklaringni almashtiraymi?! Xato qilasan! Seni qizimning tirnog‘iga teng ko‘rmayman. Hali o‘ynashlik otasi u yoqda tursin, agar, mabodo, Usmonqulning o‘lgani rost bo‘lsa, shunda ham sen bilan emas, boshqa bilan ro‘zg‘or tutaman.
Mening gapim shu. Endi qo‘limni qo‘yib yubor, maraz!!!
Karimqulning juvon bilan biroz gaplashishdan maqsadi: fursat o‘tib, so‘ngan ehtiroslari gupirsa, xoh gap bilan avrab bo‘lsin, xoh kuch bilan bo‘lsin (kuchga ham ishonch yo‘q, uch barmoq pand berayapti) murodiga yetishish edi. Lekin hozir u o‘zi sevgan ayolning qahrli va shafqatsiz hukmini eshitgach, hech narsa chiqarolmasligiga, faqat ayol oldida yana bir marta sharmanda bo‘lishiga amin bo‘ldi va Mehrinisoning qo‘llarini qo‘yib yubordi…
Zim-ziyo qorong‘u kecha qo‘ynida huvillab yotgan Odambormas dashtida shamol jimirlab turgan son-sanoqsiz yulduzlarga termulgan ko‘yi Karimqul uyatdanmi, xijolatdanmi, ehtimol, qalbining yagona boyligi, necha yillardan beri muqaddas sanab yurgan, o‘zi uchun aziz bo‘lib qolgan ayoldan, kutilmaganda, to‘satdan, sharmandalarcha ajralib qolganidan iztirob chekmoqda edi. Bu iztirob yuki shunchalar og‘ir ediki, hozir unga o‘lim yoki hayot desa, hech ikkilanmay o‘limni tanlardi. U abgor bo‘lgan jismini yerdan uzib, o‘rnidan turar ekan, shunday xulosaga keldi: “Bu dunyoda yo u yashaydi, yo men!”.
Shundan keyin mana oradan rosa bir yarim yil o‘tyaptiki, hamon ikkalasi ham yashab yuribdi. Faqat bu orada Mehrinisoning qizi Sarvi o‘ldi, eri Usmonqul yarimjon bo‘lsa-da, urushdan omon qaytdi.
Hali Usmonqulning otasi o‘lmasdan burun, chamasi Usmonqul Ayrontepadagi bug‘doyzorga qorovul etib tayinlangandan yigirma kunlar keyin, Karimqul Ayrontepa etagida Usmonqul bilan uchrashdi va bir-biriga yulduzi to‘g‘ri kelmay ajralishdi. O‘shanda Karimqul:
– Usmonqulboy, sizni urushdan shapko‘r bo‘lib qaytibdi, deb eshitdim, shu rostmi? Rost bo‘lsa, kunduzi bo‘lmasayam, kechasiga rosa qiynalayotgandisiz! Ha,ha,ha! Ey, shu urush ham, yarimjonlik ham qursin-da! – dedi.
Bu gapdan Usmonqul duv qizardi va birdan jahli chiqib ketdi:
– Ha, to‘g‘ri aytasiz Elboshi, – dedi o‘shanda Usmonqul. – Urush qursin, urush! Urush hammamizni yarimjon qildi. Birov tank ostida tuproqqa qorilib, shapko‘r bo‘ldi. Yana birov qora buxankani qo‘liga tiqib, jondan aziz barmoqlaridan ajralib yarimjon bo‘ldi!
O‘shanda ikkovining o‘rtasiga Bozorkal tushmaganida biror kor-hol yuz berishi aniq edi.
O‘shanda qoni qaynab Ayrontepadan qaytar ekan, Karimqul ranglari za’faron, cho‘pday ozg‘in, yonoq suyaklari turtib chiqqan Usmonqulni o‘yladi va shunday xulosaga keldi: betob otasidan avval o‘lib ketadigan siyog‘i bor nokasning. Inshoolloh, birov o‘ldirmasa ham, yaqin orada o‘zi oyoqdan yiqiladi. Keyin turmog‘i dushvor!
Lekin keyinchalik u yana Usmonqul bilan ikki-uch marta ro‘baro‘ keldi-yu, ranglari za’faron, cho‘pday ozg‘in, yonoq suyaklari turtib chiqqan, hilvirab turgan bu yigitning o‘sha shapko‘r ko‘zlarida chaqmoqdek o‘tkir qat’iyat va o‘ziga ishonch ko‘rdi.
Shundan buyon Karimqul ba’zan ot ustida Odambormas dashtni aylanib yurar ekan, yuragi tubida faqat o‘zigagina ma’lum bo‘lgan botiniy bir tuyg‘u junbushga kelar va o‘zini shu tuyg‘u hukmiga topshirardi. Bunday chog‘lar u hamon o‘zining Usmonqulning xotini Mehrinisoni unutolmayotganini, uni unutish mumkin emasligini, Usmonqulning qizchasini ham, otasining qasosi uchun emas, yo‘q, shu ayolning vasli-visoliga yetmaganligi uchun, durkun-durkun qizlar olmadek qo‘yniga kelib kirishni xohlab turgan bir paytda shu juvon bo‘y bermaganiga, hatto uni hosilot Karimqulni oyoqosti qilgani uchun o‘ldirganini, hammasidan ham yomoni, yurakning bu tashnaligini qondirish uchun lozim bo‘lsa yana odam o‘ldirishdan qaytmasligini, tahqirlangan ko‘ngil shuni tilayotganini tan olardi.
Usmonqulning otasi o‘lgach, rosa bir oydan keyin bug‘doyzorga o‘roq tushdi.
O‘sha kun dunyodagi eng qisqa va eng unumli kun bo‘ldi.
Hali quyosh Hisor tog‘lari ustida bo‘y bermay, hali tong shudringlariga cho‘milib, namiqib yotgan bug‘doyzorga quyosh tig‘ urmay, Odambormas dashtni o‘roqchi qiz-juvonlarning qiy-chuvi tutib ketdi. Odambormas – Elsaroy qishlog‘iing kun chiqarida yastanib yetgan bepoyon dasht. Qishloqdan chiqish bilan boshlanadigan bu yaydoq yerning bir uchi ufqlar bag‘rida qishin-yozin oppoq qorga burkanib, qo‘r to‘kib turgan zalvorli Hisor tizmalarining etaklari bilan, bir cheti esa G‘uzor kengliklari bilan tutashib ketgan.
Usmonqul qorovullik qiladigan Ayrontepa lalmisi Odambormasning G‘uzor yerlari bilan yondosh eng chekka bo‘lagi bo‘lganidan, bu maydonga o‘roqchilar yetib kelganida quyosh tog‘ ustida yuz ochar edi. Uzoqligi vajdanmi bu dashtga jo‘natilgan o‘roqchilarning aksari erkaklar: parti ketib, sharti qolgan chollar, yerga ursa ko‘kka sapchiydigan yosh-yalang o‘smir bolalar.
Ayollar ham yo‘q emasdi. Lekin ular, chamasi, o‘roqchiligiga qarab emas, kechqurun qishloqqa qaytishda oyoq ulovlarining yarovliliga qarab jo‘natilgandi.
O‘sha kuni Usmonqul o‘zini bir oydan beri qiynab yotgan barcha iztirob, barcha anduhlarni bir chekkaga yig‘ishtirib, o‘rim tashvishiga boshi bilan sho‘ng‘idi.
O‘sha kuni Usmonqul yarimjonligini ham unutib, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib ishladi.
Bundan biror ikki kun oldin, Bozorkalning tayinlovi bilan o‘rib kelgan luhlarni eshib, bovliq to‘qidi. So‘lib tobiga kelib qolgan luxlar Usmonqulning epchil qo‘llarida bir zumda uzunligi bir quloch keladigan, soch o‘rimidek silliq va pishiq bovliqlarga aylanardi. Bozorkal Usmonqulning bovliqlarini quvatini sinamoqchidek qo‘llari bilan tortib-tortib ko‘rdi. Zing qilib eshilgan bovliqlarning shunchalar mustahkamligiga hayron qoldi chog‘i, u bovliqning bir uchini oyog‘i bilan bosib, ikki qo‘llab yuqoriga tortdi, bovliq uzilmadi. Uning bu ishlarini kuzatib turgan Usmonqulga qarab tirjaydi va boshini sarak-sarak qilib:
– Balo ekansan, Usmonqul mirohur! – dedi.
Bozorkalning bu maqtovidan Usmonqul iyib ketdi, gullola issig‘ida kuyib, biror haftalardan beri tirikchilik tashvishi bilan bo‘lib, ustara tegmagan tikondek tik bosgan horg‘in chehrasiga tabassum yoyildi.
Usmonqul Bozorkal ergashtirib kelgan bolalarga ham bovliq eshishni, erinmasdan miridan sirigacha obdon tushuntirdi. Hozirgina qo‘li kelmayotgan bolalar, asta-sekin bu ishning hadisini ola boshladi. Keyinroq epchil harakatlar bilan, Usmonqul bilan barovariga bovliq eshaverdilar.
Usmonqul tayyor bo‘lgan bovliqlarni bir bolani yoniga olib, ikkalasi bir quchoqdan ko‘tarib, o‘roqchilar tomon yurdi.
Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgan, uning harorati badanga ninadek sanchila boshlagan edi. Ko‘p o‘roqchilar issiq pana ilinjida, boshlarini oq surp va gardilar bilan tang‘ib olishgan, issiq biroz o‘tgan bo‘lsa kerakki, qorayib hamma o‘roqchilar chopon va sinsaklarini yechib, ko‘ylakchan bo‘lib olgan edi.
“Ertalabki ishda xosiyat ko‘p, deb o‘ylardi Usmonqul ancha joyni o‘rib ketgan o‘roqchilarning ortidan boqib, chamasi, o‘roq shu zabtidan susaymasa, bugun Ayrontepa yarimlaydi”.

Bu yil hosilning cho‘g‘i yomon emas edi, Usmonqul bir qadam joydan bir bovliqni to‘ldirardi. Utulgan bovni tizzalari bilan bosib-bosib zinglar, so‘ngra bovliqning ikki uchini bir-biriga shunday abjirlik bilan chatar ediki, hozirgina hurpayib yotgan bug‘doy poyalari, qarabsizki, ixcham va lo‘nda, tepib ketaversa ham bo‘ladigan bog‘ga aylanardi.
Usmonqulning bu ishini ham Bozorkal quruq qoldirmadi: uning ishbilarmonligiga qoyil qolganini ro‘y-rost aytib, havas bilan tamshandi.
– Usmonqul, sening bu qo‘ling gulki inim! Iloyim dard ko‘rmasin-a! Usmonqul tushga yaqin keng maydonda do‘ppayib yotgan son-sanoqsiz bog‘larni Ayrontepa o‘ngridagi eski xirmonga kelib yugurib tashiyotgan yosh yalangga bosh-qosh bo‘lib, o‘zi ham ular bilan tengma-teng ishladi. Tushga borib xirmonda boshoqlari shovdirab turgan bug‘doy bovliqlaridan yasalgan katta g‘aram paydo bo‘ldi.
O‘roqchilar apil-tapil tushlik qildilar va yana hamma o‘zini baravariga ishga urdi.
Usmonqul ulkan doira shaklidagi xirmon o‘rtasida turib, ho‘p haydayotgan yosh-yalanglarni boshiqtira boshladi. Avvaliga ular, bug‘doy g‘aramini buzib, ulkan doira shaklidagi bog‘larni yozib tashlashdi. So‘ngra bu bog‘lar ustiga to‘rtta ot keltirib, ularni yonma-yon qo‘yishdi va bir-biriga tirkab bog‘lashdi. Yonma-yon tirkalgan to‘rt ot shu ulkan doira bo‘ylab bir maromda aylana boshladi. Ot tuyoqlari ostida inchalayotgan bug‘doy bog‘lari borgan sari nimtalanib, yer bilan bitta bo‘layotir. Doiraning sirtqi eng chekka tomonidagi otga minib olgan o‘n-o‘n bir yoshlardagi zanjiday, uzun bo‘yli, oriqqina bolakay, chuh-chuhlab otni niqaydi va yoshiga mos bo‘lmagan, do‘rillagan ovoz bilan qo‘shiq aytib, unumliroq ishlashga chorlaydi.

Qora-qora qulog‘ing qalqon bo‘lsin jonivor,
Sening bosgan izlaring talqon bo‘lsin jonivor.
Mayda jonim, mayda hu, mayda-ya, mayda.
Anovi tovning bovrida kiyik yotar,
To‘rt oyog‘in bovriga jiyib yotar.
Chor devorning orasinda so‘lg‘in-so‘lg‘in,
Oh, netayin qora ko‘zim kuyib yotar,
Mayda jonim, hu, mayda-ya, mayda.
Teng-teng bosgan, teng bosgan, hu mayda,
To‘rt oyog‘in teng bosgan hu mayda-ya mayda.
Mehnatining zo‘ridan o mayda-ya,
Orqa-boshin chang bosgan mayda,
Mayda jonim, hu mayda-ya mayda.
Qibladan turgan dovul,
Qiynalib qo‘nadi ovul.
Maydajon deb qichqirsam,
Eshitmaydi kar quloq,
Maydajon huv, mayda.
Qarchig‘ay qora bulut,
Qanoti a’lo bo‘lur.
Yoshlikda bergan ko‘ngil.
Ayrilmas balo bo‘lur,
Maydajonim, hu mayda.

Shu ulkan doira o‘rtasidagi bir parcha yalanglikda turgancha Usmonqul qo‘lidagi panshaxa bilan otlar aylangan sari kengrayib borayotgan, shu bir parcha yalanglikni kengaytiradi, panshaxaning uchi bilan nimtalanib oyog‘i sotiga tushgan bug‘doy poyalarini otlarning oyog‘i ostiga irg‘itadi.
Shu kuni oqshom juda erta tushdi. Lekin odamlar bugun umrimning birinchi kuni bo‘lishiga qaramasdan ancha ishni qilib qo‘yishgandi.
O‘roqchilar jo‘nagach, hozirgina guvillab turgan ayrontepa etaklariga oqshomgi sokin sukunat cho‘kdi. Bu yerlar Ayrontepa atalgani bilan, aslida, Odambormas dashtning boshqa joylariga qaraganda xiyol baland bir qismi. Bu kenglikning do‘ngsalligi uzoqlardan qaragan odamga bilinmasa, Ayrontepaning ustida yurgan odamga bilinmaydi.
Hali xirmonga chiqarilmagan hisobsiz bog‘larni ko‘zdan kechirib, aylanib yurgan Usmonqulning yuragi quvonchdan hapqirib ketdi, kechagina belga urib, sal hepkinga ham dengizdek mavj urib, shovillab yotgan Ayrontepa bug‘doyzorning o‘rnida, keng yaydoq yalanglik ochilib qolgan edi.
Birdan oqshomga qorong‘ulik chekina boshladi, uzoqlarda ufq bag‘rida qorayib yotgan tog‘lar ortidan qizarib, bo‘zarib oy ko‘tarilardi.
Ko‘p o‘tmay, go‘ng va zalvorli tog‘lardan qaddini dast ko‘tarib, tiniqlashib yorqinlashgan to‘lin oy butun Odambormas dashtni o‘n yetti yashar durkun qizning haroratli qo‘llaridek yoqimli, subhidam sog‘ilgan sutdek iliq va oydin nuriga ko‘mib yubordi.
Kun bo‘yi tinib-tinchimagan Usmonqul hozirgina yuragida chidab bo‘lmas zerikish tuyayotgan edi, o‘roqchilar ketib, qorong‘ulik og‘ushida huvillab yotgan dasht fayzsiz va g‘arib edi.
Lekin tog‘ ortidan oy ko‘tarilishi barobar, uning ko‘ngliga ham oydin bir tuyg‘u oqib kirdi. Usmonqulga ham ta’sir qildi; toliqqan jismidan huzurbaxsh bir hovur ko‘tarildi.
Usmonqul xirmonga yetib kelganida, oy tog‘ boshidan nayza bo‘yi ko‘tarilgan, borliq sutga chayilgandek oydin edi. U xirmonning bir chekkasida oy nurida jovdirab, tovlanib yotgan bug‘doy o‘rimidan bir hovuch olib, qo‘llarini oldinga cho‘zib, kaftidagi bug‘doyni oy nuriga solib qaradi. Usmonqulning nazarida kaftidagi to‘q va bo‘liq bug‘doy donlari oy yog‘dusida aks berib, jimirlab ketgandek bo‘ldi.
Usmonqul kaftidagi bir hovuch bug‘doyni burniga yaqinlashtirib hidladi, dimog‘iga changning o‘tkir taxir hidi aralash, totli non ta’mi urildi. U ko‘zlarini yumib, shirin bu bo‘yni uzoqroq tuyub turish ilinjida kaftidagi siqim bug‘doyni qayta-qayta hidladi. U totli non ta’mli bo‘yni tuyar ekan, diydasi bo‘shashib, bo‘g‘ziga og‘ir bir xo‘rsiniq kelib tiqildi, negadir shu topda u o‘kirib-o‘kirib yig‘lagisi kelardi…
Tun yarimga yaqinlashdi hamki, oyog‘im borib boshim qaytadi, degan Bozorkaldan darak bo‘lmadi. Usmonqul ko‘zi to‘rt bo‘lib, yo‘l poylardi. Lekin hamon Bozorkaldan nom-nishon yo‘q. Usmonqul hammasidan ham xotiniga alag‘da bo‘lardi, bechora kundan buyon oyoq ustidan kasal. Urushdan qaytgandan beri boshi g‘am-g‘ussadan chiqmayotgan, yanayam o‘zi yarimjon Usmonqulga ichi achib kasalini bildirmay yuribdi. Lekin buni Usmonqul bilmasa ekan? U hammasini biladi. Faqat qo‘lidan hech narsa kelmaydi, osmon uzoq, yer qattiq, qani edi Usmonqulning qo‘lidan kelsa, xotinini hech narsaga zoriqtirmasdi. Lekin hozir zoriqtirmaslik tugul, urushdan qaytganidan beri, bechora bilan tuzukroq gurung qilishga vaqt topolgani yo‘q. Qayerdanam shu Ayrontepaga qorovul bo‘ldi-yu, kechasi ham, kunduzi ham shu yerda. Bunday olib qaraganda, bu ham zamon talabi. Urush borayapti, urushga esa bug‘doy havodek zarur. Usmonqul ozmi-ko‘pmi urushda qatnashdi. Lekin o‘sha la’nati, “tigr”ning ostiga qanday tushib qoldi, kontuziya bo‘ldi. Keyin yaroqsiz deb topildi, mayli urushda-ku oxirigacha turish bermayapti, lekin urush ortida mehnatdan kechishga hech haqqi yo‘q axir. Xotin bilan shirin-shirin suhbat qurish bo‘lsa qochmas. Ko‘ngilxushlik g‘alabadan keyin yarashadi. Usmonqul shu xayollar bilan bo‘lib, ko‘zi ilinganini sezmay qoldi.
Nagohon ot kishnashidan u cho‘chib uyg‘ondi. Xirmon poyidagi Oqburun qishloq tarafga tikilib, quloqlarini tiqiraytirib olgan edi. Ot Ayrontepaga yaqinlashayotgan Bozorkalning sharpasini sezgan edi…
Usmonqul xirmon boshiga Bozorkalni tashlab, uyiga yetib kelganida vaqt allamahal bo‘lgandi. Uning keng sahnli hovlisida go‘riston sukuti kezar edi. Loy suvoq tomli qator uylarning eng oxirgisining derazasida chiroq miltillardi. U yillari bir hovlida uy bir xonayu, bir ayvondan, qolaversa, ikki xonadan iborat, qator uylar yo‘q edi, deyarli derazasiz edi. Bu Usmonqul bilan xotini yotib turadigan uy derazasi edi.
Ayni shu kunlarda chiroq yog‘i anqog‘ning urug‘i barobar bo‘lsa-da, kechaning ko‘p qismini dalama-dala kezib, qorovullikda o‘tkazadigan Usmonqul, doim uyda, ayniqsa, otasi o‘lgandan beri yolg‘iz qoladigan xotini uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib bo‘lsa-da, chiroq yog‘i topardi.
Yaqindagina o‘lik chiqqan, qorong‘u kechalarda go‘riston sukuti kezadigan, kimsasiz, ovloq bu hovlida Usmonqulning xotinining yolg‘iz hamrohi ana shu-deraza tokchasida ojiz miltillayotgan chiroq edi.
Usmonqulning kelganini xotinini sezgan ekan: uy eshigini ochgan Usmonqulning ko‘zi, hozirgina cho‘chib uyg‘ongan xotinining karaxt va g‘amgin ko‘zlari bilan to‘qnashdi.
Deraza tagiga tashlangan olaquroq jun­dor po‘stakka cho‘kkalagan Usmonqul xotiniga boqdi va mayin ovozda ahvol so‘radi:
– Qanday, yaxshimisan?… Nega… ranging bir ahvolda?
Kundan-kunga rangi siniqib, oyoq ustida adoi tamom bo‘lib borayotgan xotini Usmonqulning yuzidan dardli nigohini olib, boshini xam qildi va siniq bir ovozda pichirladi:
– Ahvolim og‘ir Sarvining otasi… Bilmayman, kundan kun yer bilan bitta bo‘lib borayapman.
Bugundan boshlab oyog‘im shishdi. Mehriniso nimadir aytmoqchi bo‘lib, boshini ko‘tarib eriga qaradi. Lekin o‘ziga termulib turgan Usmonqulning cho‘yandek qorayib ketgan horg‘in, chang yog‘ib turgan rang-ro‘yiga boqib, til tishladi, yarimjon eriga qayishdi, dard ustiga dardisar bo‘lgisi kelmadi.
Usmonqul xotinining ruhiyatini tushundi, bechoraning hamma dardi yuragida, baribir tilga chiqarganidan ne naf, yo‘qni yo‘ndirish qo‘lidan kelmasa! Shunday bo‘lsa-da, Usmonqul xotinining ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldi.
– Sabr qil, xotin, ko‘pi o‘tib, ozi qoldi, eshitgandirsan urush ham oxirlab qoldi. Nasib bo‘lsa, urush tugasin, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Shu yaxshi kunlarga yetarmikanman?!
– Ey, bas-e, tanglayingga tosh, nafasingni issiq qil! Yetmay senga nima qilibdi?
Endi jon bor joyda dard bor. Umidsizlanma bunaqa! – Usmonqul xotini­ning piq-piq yig‘isini ko‘rib, o‘zi kutma­gandek baqirib yubordi. Sochi uzunning aqli kalta keladi degani rostda! Bu olamda sendan boshqa kasal odam yo‘qmi?! Bosh yostiq­qa tegdimi o‘lim, o‘lim, o‘lim! Boshqa gap yo‘q! O‘lim oson narsa, bu dunyoda undan osoni yo‘q!
Lekin yashash… yashagandayam tiriklikning og‘ir-engilini, achchiq-chuchugini tatib, suyab-suyanib, hamdam bo‘lib yashash kerak.
Yig‘ishtir yig‘ini!… Biror-bir yutiming bormi?!
– Atala bor edi, – dedi Mehriniso yig‘idan to‘xtab, qizargan ko‘zlarini ro‘molining o‘chi bilan artganicha.
Usmonqul atalani ho‘rp-ho‘rp icharkan, ko‘z ostidan tizzalarini quchoqlaganicha, mushtdikkina bo‘lib o‘tirgan Mehrinisoga qarab, yuragi achishdi, sho‘rlikni bekorga xafa qildi, dard o‘tgandirki, mushtdekkina bo‘lib qolibdi, qanday durkun juvon edi, yanayam dardini senga aytmay kimga aytsin, bir karra hayvonlik qilding-a, Usmonqul! Uning ishtahasi g‘ippa bo‘g‘ildi. Lekin erta tushga qadar, tu o‘roqchilar bilan ovqatlangunchin och yurishini o‘ylab, majburlab bo‘lsa-da atalani tugatdi.
– Qo‘y, xafa bo‘lma xotin, ertaga hosilotdan bug‘doy so‘rayman. Bir oq bug‘doy­ning noniga to‘ysang, bir nav darmonga kirar­san, – deb Usmonqul xotinini kutmay, nonsiz dasturxonni o‘zi yig‘ishtirishga tutindi.
O‘roqlik dasturxonni deraza tokchasiga, ojiz shu’la taratib turgan chiroq yoniga, o‘rnidan turmay uzalgancha qo‘yar ekan, yana boyagi gapni takrorladi.
– Albatta, so‘rayman! Lozim bo‘lsa, raisning oldiga ham kiraman!
Erining dardchil bu gaplari Mehrinisoning hozirgina yuragidagi yig‘ilib turgan alamli anduhni tarqatib yubordi. Usmonqulning bu emranishi xotiniga ta’sir qildi, boshqorong‘i xotinlarga xos ko‘ngil bo‘shliq bilan iyib ketdi.
– Sarvining otasi! – xotinining erkalovchi bu mayin ovozini eshitib, Usmonqul ajablanib xotiniga boqdi, chakka sochlari to‘zg‘ib chiqqan, g‘amgin ko‘zlari ichiga botib ketgan Mehrinisoning rangpar yuziga so‘niq bir tabassum yoyilgandi. Uning yupqa, qurishqoq lablari xiyol tarang tortilib, sirli, sehrli va ishvakor nigohi behad go‘zal edi. – Sarvining otasi! – dedi u yana o‘sha erkalovchi ovozda. – Ko‘nglim, shirinlik tilayapti, bir haftadan beri asal yegim keladi.
Pul yo‘q deb qo‘rqmang. Pul ham topib qo‘yganman. Onamdan qolgan yodgorlik sakkiz olchinlik julqursim bor. Shuni sotamiz.
Usmonqul hammasiga tushundi-yu, quvonchdan qichqirib yuborayozdi. Lekin entikkanicha, xirillab shunday dedi:
– Mehri, chinmi shu gaping!.. Chin bo‘lsa,.. chin bo‘lsa jonimning evaziga bo‘lsa ham sen uchun asal topaman. Mayli, julqurs bo‘lsa, julqurs-da!
Usmonqul uydan chiqib, Ayrontepa tomon yo‘l olganida oy mag‘rib sari yo‘l olgandi, demak, tun yarimdan oqqan. U qirchani Oqburunda to‘lin oy yog‘dusiga cho‘milib yotgan Odambormas dashtning o‘rtasidan kechib, Ayrontepa sari ketib borardi. Otning bir maromida yo‘rtib borishiga hamohang u chuqur uyga tolgandi.
U o‘y surarkan, da’fatan, anig‘i, otasi o‘lgandan beri birinchi marta ko‘ksidagi og‘riqni unutgandi. To‘lishgan, tiniqlashgan to‘lin oy butun Odambormas dashtini, bu dasht ne, butun borliqni o‘n yetti yoshli durkun qizning haroratli qo‘llaridek mayin va yoqimli, subhidam sog‘ilgan sutdek iliq va oydin yog‘dulariga ko‘mib yuborgan, tabiatning fusunkor va ertakdek sehrli bu pallasida hamma go‘zal edi. Hatto, hu oydin tun ichra ufq bag‘rida qorayib yotgan tog‘lar ham o‘zining mahobatli zalvori bilan yaqinlashgandek edi, go‘yo qo‘l cho‘zsang yetguday.
Yolg‘iz oyoq yo‘lning ikki yoqasida oy nurini emib, ohista shovillayotgan bug‘doyzor esa qut-baraka qo‘shig‘ini kuylar edi. Sahar kecha ichra cho‘kkan teran bu jimlikni idrok qilarkan, Usmonqulning xayoli juda uzoq-uzoqlarda qolgan urush dahshatlariga ko‘chdi. “Nahotki, shu damda dunyoning qay bir burchagida qirg‘in-barot urush bo‘layotgan bo‘lsa?! Nahotki, mana shunday oy nuriga chulg‘angan dalalarda inson qoni to‘kilayotgan bo‘lsa deya? o‘ylardi Usmonqul atrofga suqlanib boqib. Lekin nachora urush bo‘layotgani, bunday yiroq o‘lkalarning boshoqli dalalarida qon to‘kilayotgani mudhish haqiqat edi. Bu achchiq haqiqatni tan olishdan bo‘lak yo‘l yo‘q bo‘lsa-da, Usmonqul o‘zini chalg‘itish ilinjida egardan cho‘zilib, boshoqlari sekin-sekin tebranayotgan bug‘doyzorga bo‘ynini cho‘zib sinchiklab tikildi, lekin uning ko‘zlari o‘n qadam naridagi narsani aniq-tiniq ilg‘amasdi, quloqlari yerning, avlod-ajdodi suyak surib o‘tgan yerning xo‘rsinishini aniq eshitdi.
To‘lin oy yog‘dusida elib yotgan Odambormas dashtning tikka kesib, Ayrontepa sari ketib borayotgan Usmonqulning ruhi tetiklashib, tiniqlashib borardi. U otasi o‘lgandan beri yuragiga cho‘kkan va yovsiz og‘riq berayotgan bir dardni bo‘g‘inishga alahsib unutgandek bo‘luvdi. Hozir esa, negadir shu topda bu zil-zambil yukdan butunlay forig‘ bo‘lgandek bo‘ldi.
Nima uchun bu dalalarda Odambormas ortidami, yoki?
– Yo‘q, bu dalalarda qon to‘kilmasligi kerak, – deb o‘ylardi Usmonqul ot ustida cho‘nqayib borar ekan. – Bu tuproqni qon bilan bo‘yash-yovuzlik!
Urushning o‘zi mudhish yovuzlik. Hammasiga shu la’nati urush aybdor. Bir o‘lgan mening qizim bilan otam. Bir jabr chekkan menmanmi? Shu urushdan ozor chekmagan odam bormikan, bu o‘latda?
Urush – el boshiga tushgan azob-uqubat, sinov.
Ehtimol, otam adashgandir. Karimbek hosilot ham unday yomon odam emasdir. Odam odamga ishonish kerak. Bozorkal aldamas, axir. U rost aytadi, axir. Gumon – imon! Ha, Bozorkal to‘g‘ri aytadi. Usmonqulning davlati ham, farzandi ham hali oldinda. Mehri boshqorong‘i, unga qo‘chqorday o‘g‘il tug‘ib beradi. O‘shanda hamma anduhlarni unutadi. Hammasini hozirdan unutish kerak. Unutmaslik, gumon imonda yashash noshukurlik!”
Oqburunning qadamiga mos shu tariqa o‘ylab borar ekan, Usmonqul o‘zini bir oydan beri qiynab yurgan azobni unutdi, u qasosdan kechdi.
Ayrontepa etagiga yetib kelgan Usmonqul eng avval xirmonda kimlarningdir hansirashayotganini, sirli shivir-shivir kelayotganini eshitdi. Ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushgan Usmonqul Oqburunni qichabroq haydadi…
Xirmondagi bug‘doy o‘qmidan o‘n qadam berida, xirmon chekkasida turgan arava oldida paydo bo‘lgan otliqni ko‘rib, qo‘li-qo‘liga tegmay bug‘doy xaltalayotgan ikkala yigit ham tosh qotishdi. Ular juda sekin, eshitilmas darajada hansirashardi. Ikki ot qo‘shilgan aravaga o‘n xaltalar chamasi bug‘doy yuklangan edi. Otlar tun yarmidan oshganiga qaramasdan qon surish bilan ovora pashsha va sunalarni dumlari bilan quvib, oldingi oyoqlarini o‘qtin-o‘qtin yerga urib depsinardi.
Usmonqul ot arava oldida to‘xtadi va birinchi bo‘lib ovoz berdi:
– Ov, yigitlar, xo‘sh, bu nima qiliq?! – dedi baqirmasdan, lekin tahdid bilan.
O‘g‘rilarning novcharog‘i eng avval o‘ziga keldi va qo‘llarini bir-biriga urib, kaftini qoqqanicha, Usmonqul tomon yurib, gap qotdi:
– Endi, qorovul aka, biz ham begona emasmiz, qarindoshmiz!
Yigitning bu dadil va erkin gaplari Usmonqulni hayron qoldirdi, nima balo harakatidan uni taniydigandek, kim bo‘ldi ekan bu qarindosh?
– Keling, avval ko‘rishaylik! – Usmonqul hali bir fikrga kelmay, yigit uning qarshisiga yetib kelgan va bir qo‘li bilan Oqburunning jilovini ushlaganicha, bir qo‘lini ko‘rishmoqqa uzatib turardi.
Usmonqul ko‘rishmoqqa qo‘l uzatdi. Qo‘li siqilar ekan, Usmonqul yigitning nihoyatda baquvvat va chayir ekanligini sezdi. Lekin yigitning qo‘lini qo‘yib yubormay, engashib ko‘zlari ich-ichiga botgan qayroqdek iyagini quyuq tuk bosgan, o‘ttiz yoshlardagi qora tus bu yigitning tirjaygan aftiga sinchiklab qaradi. Tanimadi.
– Xo‘sh, qarindosh, bu nima qiliq?! – dedi Usmonqul yigitdan qo‘lini tortib olar ekan, yana boyaga gapini takrorlab.
– Endi, aka o‘zingizdan qolar gap yo‘q. Bilasiz, hozir ingichka uzilgan, yo‘g‘on cho‘zilgan palla. Ishonsangiz yeyman, ichaman degan o‘n og‘iz menga ko‘z tikib o‘tiribdi, – dedi yigit yalinchoq ovozda.
– Axir, siz o‘ylaysizmi, elog‘asi! Axir, bu ko‘pning, elning haqi! Yana gapirmoqqa chog‘langan yigitning gapini cho‘rt kesdi Usmonqul va qahr bilan bo‘yruq qildi. – Qani, mana bu aravadagilarning hammasini xirmonga to‘king tezroq, qani bo‘ling?!…
Bu dalabegi qayoqqa ketdi ekan?!..
Siz esa, o‘tirmang inim, tezroq xaltalarni bo‘shating! Bo‘lmasa hozir, huv qo‘shni qorovullarga ovoz beraman. Keyin kayfingiz qochadi!
Lekin yigit Usmonqulning otining jilovidan tutgancha yalina boshladi:
– Jon, aka, keling, til topishaylik! Sizniyam quruq qo‘ymaymiz! Istasangiz, teng yarim, dangal yigitman!
Bu gapni eshitib, Usmonqulning joni xalqumiga keldi. Axir, shu g‘alla pishib turib, otasi ochdan o‘ldi-ku, axir, shu g‘alla pishib turib, xotini, og‘iroyoq xotini uyda ochlikdan adoi tamom bo‘layapti-ku, axir, shu g‘alla pishib turib uning o‘zi butun kun tun bo‘yi ochlikdan labi gazarib yuribdi-ku, nima deyapti bu g‘alamis, axir, bu Usmonqulning emas, ko‘pning haqi-ku!
Usmonqul shiddat bilan otdan tushib, xalta yuklog‘liq arava tomon yurdi.
Xuddi shu payt bug‘doy uyumi oldida, xaltani ushlaganicha, hamon tosh qotib turgan narigi yigit yonida, otliq paydo bo‘ldi. Bu hosilot Karimbek edi. U Buzturg‘ayning egarida qodirayganicha, jahl bilan arava tomon yurgan Usmonqulni to‘xtatdi.
– Uv, Usmonqul miroxo‘r, to‘xtang!
Usmonqul ovoz egasini tanidi: Karimbek!
Tanidi-yu, to‘xtab orqasiga o‘girildi. Kecha qanchalik oydin bo‘lmasin, u Karimbekning yuz-ko‘zini ko‘rmadi. Faqat otliq sharpasini angladi.
– Miroxo‘r, gap bunday. Bu yigitlar bizning g‘uzorlik jiyanlar bo‘ladi. Ikkalasi ham gapi qaytmagan o‘ktam yigitlar. Ishonabering quruq qo‘yishmaydi, – dedi Karimbek o‘ziga termulib qolgan Usmonqulga qamchi dastasi bilan tek qotgan yigitlarni ko‘rsatib.
– Nimalar deyapsiz Elboshi! – Usmonqulning ovozi titrab chiqdi. Lekin kutilmaganda uning xayoliga chiroq shu’lasida ranggi uzilib borayotgan kasalmand xotinining “Ertaga bozorda julqursni olib chiqing, zora biroz pul bo‘lar”, deb yolvorgani tushdi. Lekin shu zahoti u xayolini yig‘ib oldiyu, battar miyasiga qon urdi va baqirib yubordi.
– Nimalar deyapsiz, axir… axir bu ko‘pning haqqi-ku?!
Karimbek bepisand kuldi va tishining orasidan zaharxandalik bilan javob qildi.
– Nima, ko‘pning haqi tutib oladimi?!
Uv, miroxo‘r ko‘pni qo‘ying, ko‘pning tashvishi bizning boshimizda! Siz o‘zingizni o‘ylang, o‘zingizni!
– Men bilan sizning ishingiz bo‘lmasin Karimbek hosilot. Ko‘p nima bo‘lsa, men ham shuman. Lekin shu munday el boshida turib, el ko‘ziga cho‘p suqmang! Ha, cho‘p suqmang! – deb baqirib yubordi Usmonqul. Uning g‘azabi qaynab, ko‘zlari qonga to‘lgan edi. U shiddat bilan orqaga o‘girilib, arava ustidagi xaltalardan biriga qo‘l uzatdi.
Lekin hali ushlagan xaltasini silkib, quchoqqa olishga ulgurmay, yelkasini urimi mayda qamchi chilviri kuydirib o‘tdi, dahshatli og‘riqdan ko‘z kosalari kattalashib, dardli oh tortib yubordi va quchog‘idagi xalta oyog‘i ostiga sirg‘alib tushdi. Usmonqul hali o‘zini o‘nglamay turib, ustiga Bo‘zturg‘ay bilan bostirib kelgan Karimbek og‘riq azobidan qunishib qolgan Usmonqulning tirsagidan chaponini changallab chap taqimiga bosdi va otini zarb bilan nuqab, Usmonqulni uloq qilib chopib ketdi. Choponning yengi yelkasidan uzilib, Usmonqulning tirsagi Karimbekning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketmaganida, Usmonqul ot to‘yoqlari ostida qolishi aniq edi.
Karimbekning qo‘lidan sitilib tushgan Usmonqul, xirmonning to‘rida tuproq bilan bitta bo‘lib yotar ekan, Karimbek jiyanlariga buyurdi.
– Bo‘lar ish bo‘ldi. Tezroq aravani to‘latib yuklanglar-u, oshib qolinglar! Aytganimni o‘sha kunga tayin keltiringlar!
Boshi gir aylanishiga qaramasdan, ming bir azobda arang oyoqqa turgan Usmonqulning birinchi va hayotidagi eng so‘nggi gapi shu bo‘ldi:
– Yo‘q! Ko‘pning haqqini o‘g‘irlashlaringga yo‘l qo‘ymayman! Yo‘l, qo‘ymayman!
Usmonqulning bu hirqiroq ovozini eshitib, Karimbek shunday yonidagi bug‘doy g‘aramidagi panshaxani sug‘irib oldi, arava tomon tebranganicha qadam tashlab kelayotgan Usmonqul sari, Karimbek qoni qaynab, darg‘azab holda ot qo‘ydi.
U qo‘lidagi panshaxani Usmonqulning ko‘ksiga sanchmoqchi edi. Karimbekning bu mudhish maqsadini anglagan Usmonqul jon holatda o‘zini chetga oldi. Karimbek panshaxani sanchimadi-yu, lekin oyog‘i bilan tepib, Usmonqulni yiqitib o‘tdi.
Yuztuban yiqilgan Usmonqul, o‘zini arang o‘ngraganida, boshida ot o‘ynatganicha, g‘azabdan ko‘zlaridan o‘t sochayotgan Karimbekni ko‘rdi.
Karimbek nimalardir deb, telbalarcha baqirib, qo‘llarini ikki tomonga yoyib, uvada choponi va ko‘ylaklari parcha-parcha yirtilib, ko‘ksi ochilib qolgan Usmonqulning naq ko‘ksiga panshaxani sanchdi.
Usmonqulning bu olamda so‘nggi ko‘rgan oy nurida ojiz yaltirab ketgan panshaxaning o‘tkir uchi-yu, eshitgani big‘illab yig‘layotgan chaqaloq ovozi bo‘ldi. Lekin zum o‘tmay chaqaloq yig‘isini, jon achchig‘ida o‘kirib yuborgan inson ovozi bosib ketdi.
Tirqirab oqayotgan qon hidini sezib, xirmondagi to‘rttala ot ham baravariga chinqirib, kishnab yubordi.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 7-8-son