Shukur Xolmirzayev. Ota yurt (hikoya)

(Bo‘lgan voqea)

I

Mansur degan jiyanim bor. Novchadan kelgan, qotma, o‘zimga o‘xshagan qirraburun yigit. Sovxozda agronom bo‘lib ishlaydi. Ishi yaxshi. Lekin qaysi kuni shikoyat qilib qoldi:
— Ariq ustidagi Qudrat boboni bilasizmi? O‘shani o‘nta echkisi bor. Tokzorga yaqin turadi. Devorning orqasi — uning uyi. Shu bahorda tokzorni aylangan edim. Qarasam, bir tarafi ko‘karib qolibdiyu bir tarafi qip-qizil, sovuq urib ketganday. Buni nima jin urdi, deb tekshirgan bo‘ldim. Sovuq-povuq urgan emas — mol yeb ketibdi! «O‘laman sattor, mol kirgani yo‘q!» deydi. Axir, ko‘rib turibman, mol qiyratgan. U yer-bu yerga belgi qo‘ydim. Ertasiga borsam, yana uch tup tokning sho‘rasini yeb ketibdi. Ishga o‘tgan yilim shu toklarni ekdirgan edim. Mehnating singsa, daraxt ham bolangga o‘xshab qolar ekan. Keyingi kuni yarim kechada ot minib bordim. Bilaman, qorovul go‘rso‘xta uxlab qolgan. Devordan qarasam, o‘ntacha mayda mol toklarni kirtillati-ib yeb yuribdi. Bedapoya marzasida birov orqa o‘girib o‘tiribdi. Asta otdan tushdim. Uni butaga bog‘lab, devordan oshib tushdim. Sekin-asta yoniga bor-sam, o‘sha — Qudrat bobo! Ol-a! O‘tirgan joyida uxlayotgan ekan. Yonginasiga o‘tirdim. Echkilar tokni qiyratyapti. Bu kishi uyquni uryaptilar! Baraka topmagur pensioner. Pensionerni so‘kma, dersiz. Qo‘ying, shunaqalari borki, bizda ishlasangiz bilasiz. Oxiri chiday olmadim. Axir, sovxozning tokini yeyapti-ya! O‘tini ham emas! Bu cholni na sovxoz, na xalq qiziqtiradi, o‘lay agar! Yo‘g‘asam, shunday qiladimi? Tikilib turdim-da, shappa bo‘g‘ib yerga bosdim. Elovsirab qoldi. Rosti, so‘kdim. Keyin qo‘yvordim. Anchadan keyin o‘ziga keldi. «Turing, milisaga boramiz!» dedim. Yig‘laydi, siqtaydi deng. Ko‘nglim bo‘sh-da. Javobini berdim. Ammo shu toklarni o‘stirib berasiz, deb shart qo‘ydim. Tokni o‘stirolmadi-yu, bir tsentner mayiz keltirib topshirdi. Harna-da. Hozir meni ko‘chada ko‘rsa, otda bo‘lsam ham bukilib salom beradi. «Salomalaykum, Rahmon polvonning o‘g‘li. Yaxshi yuribsizmi?» — deb qo‘yadi.
…Mansurning otasi, ya’ni tog‘am haqiqatan ham polvon o‘tgan. U kishining otasi — bobom ham vaqtida bekning polvoni bo‘lgan, hatto Afg‘onistonga borib, u tarafning polvonlari bilan bellashib kelarkan. Inqilob oldida qoqsholdan o‘lgan. Zuryod bo‘lib onam bilan tog‘am qolgan.

II

Mansurjonning hamma ishi joyida-yu, lekin ko‘nglida kishi bilmas bir dardi bor. Tog‘am urushga ketib, «bedarak yo‘qoldi» degan xabar kelgan edi. Boyaqish momom: «Kafan kiygan kelmaydi, kepata kiygan keladi», deb tog‘amning yo‘liga ko‘z tuta-tuta dunyodan o‘tdi. Onam ham yaqin yillargacha yolg‘iz ukasining omon qaytishini kutardi. Tog‘amni ikki-uch yil kutgach, yangamiz er qilgan. Lekin yolchimagan. Undan chiqib, hozir ukasining uyida yashaydi. Gap-gurung ustida u ham tog‘amning qachon bo‘lmasin kirib kelishini kutayotganini sezar edim.
«Bedarak yo‘qoldi». Juda mavhum gap-da!
Xullas, jiyanimning dardi ham shu edi. Bir kuni men:
— Mansurjon, bir so‘ratib ko‘rmaysizmi? O‘sha xat kelganiga o‘ttiz yildan oshdi. Bedarak ketganlarning ko‘plaridan darak chiqdi, — dedim.
— Yo‘q-yo‘q. Kerakmas, — dedi. So‘ng munglanib, aybdordek jilmaydi. — Asir tushib ketgan bo‘lsa-chi? Yo‘q. Bu isnodga chidolmayman.
Bobomizning Farmon degan ukasi ham yelkasi yer iskamagan polvonlardan ekan. Lekin bekning polvonlari safiga qo‘shilmagan, temirchiligini qilib yuravergan. «Unday mag‘rur odam urug‘imizdan chiqqanmas», derdi rahmatli momom.
U kishini o‘sha mag‘rurligi olib ketgan. Bir kuni temirchilikda o‘tirsa: «Rais janoblari kelyapti!» deb ovoza bo‘libdi. Rais — qozi huzuridagi bir mansabdor, asosan savdo-tijorat ahlining arzini tinglab, ajrim qiladigan kishi. U bozorga ot o‘ynatib kirganda, savdogaru xaridor rastalardan tushib, ikki bukilib qarshi olarkan. Hamma pastga tushibdi-yu, Farmon polvon do‘koni supasida qaqqayib turaveribdi. Kimdir uning etagidan tortib: «Polvon, pastga tushing. Bir baloni orttirmang», debdi ham. Polvon parvo qilmabdi. Rais o‘ziga qarashli yasovul va navkarlar bilan bozorga kiribdi. Odamlar bilan so‘rashib, ahvollashib o‘taveribdi. Farmon polvonga yetganda to‘xtab, hayron bo‘lib so‘rabdi: «Nega pastga tushmaysiz, polvon?» «E, taqsir, — deb javob beribdi temirchi, — siz ham xudoning bandasi, men ham xudoning bandasi. Bandasi bandasiga ta’zim qilsa, farqimiz qayerda qoldi?» Rais navkarlariga: «Ushlanglar. Bandixonaga olib ketinglar!» debdi. Polvon zindonda yotaveribdi. Akasi, qarindosh-urug‘lari, muxlislari ham bekka borib yolvorishibdi, xunini so‘rashibdi. Bek bir kuni: «Buni rais janoblaridan so‘rangiz. U kishi afv etsa, polvon hozir chiqib ketadi», debdi. Ular raisga borishibdi. Rais uzoq mulohazadan so‘ng: «Farmon polvonni bozorjoyga olib chiqamiz. Mening xoki poyimni o‘pib tavba qilsin. Toki bu ish fuqaroga ibrat bo‘lgay, minba’d ulug‘lar sha’niga dog‘ tushirguvchi gumroh ana shunday jazoga tortilajagini tushunib olurlar», debdi. Naql qiladilarki, polvon shartga rozi bo‘lmagan. Ikki oydan keyin uni zindonda joynamozga muk tushib, o‘lib yotgan yeridan olib kelgan ekanlar…
Mansur: «Otam asir tushgan bo‘lsa… bu isnodga qanday chidayman», deganida shu voqeani esladim. U odamlarning fe’li-atvori menda yo‘q. Lekin mana shu jiyanimda bor chog‘i.

III

Bultur hayotimda katta bir o‘zgarish bo‘ldi. O‘ttiz to‘rt yildan beri birinchi marta ota yurtimga bordim.
Otam qo‘shni oblastning cho‘ldagi Bulg‘ur degan qishlog‘idan. Buyoqqa kelishidan avval u Bulg‘urda maorif mudiri ekan. O‘sha kezlar qandaydir anglashilmovchiliklar orasida, ba’zi bema’ni odamlarning tuhmati bilan, otamga o‘xshash bir necha ziyolining hayoti xavf ostida qolgan ekan. Otam vaziyatni sezib, Toshkentga jo‘nabdi. U yerda bir yilcha yashagach, do‘stlarining maslahati bilan bu tarafga, onamning yurtiga kelibdi. Ozgina muddat rayon gazetasida ishlagan. Tag‘in o‘shanaqa gaplar qo‘zg‘alib, otam… ketganida men ikki yashar bola ekanman.
Otam bilan birga ketganlar qaytib, onamga: «Bandalik ekan, u kishini o‘z qo‘limiz bilan yerga qo‘ydik», deyishgan.
Shuni aytishim kerakki, onam tekkan kishi uyimizga kelib yurgan chog‘laridayoq unga mehr qo‘yib qolgan edim. U kishi bizni nuqul o‘z qishlog‘iga ko‘chib ketishga undar, goho otga mindirib olib ham borar, lekin onam: «Yo‘q, men bu joyni tashlab ketolmayman. Bu yerda ota-bobolarim o‘tgan. Xilxonamiz shu yerda», der edi. Nihoyat, u kishining o‘zi biznikiga ko‘chib keldi. Yil o‘tmay, men uni ota deb ketdim.
Chog‘imda, tez bunday deb ketishimning bir sababi — u kishini juda yaxshi ko‘rib qolganim bo‘lsa, so‘ngra — bizning oilada, men tushunmaydigan sabablarga ko‘ra, o‘z otamning nomi tilga kam olinar edi.
Yillar o‘tdi.
Men o‘z otamni, uning yurti Bulg‘urni tez-tez es-laydigan bo‘lib qoldim. Lekin buni o‘gay otamdan yashi-rardim, sezdirsam, u kishi xafa bo‘ladi: «O‘gay o‘gayligini qiladi-da, bari bir menga farzand bo‘lmadi», deb o‘ylaydi, der edim.
Dam olish bahonasida bola-chaqamni olib borganimda, bir kech ziyofatdan sarxushroq bo‘lib qaytdim. Nima deganimni eslolmayman, bir vaqt hushyor tortib ketdim. Qarasam, otam boshimni silab:
— O‘g‘lim, to‘g‘ri o‘ylabsan. Ota o‘g‘il shunday bo‘ladi. Puling bo‘lmasa pul beray, ota yurtingni borib ko‘r, — deb turibdi.
Negadir yig‘lab yubordim. Nazarimda, shu damdan boshlab bu mehribon odam bilan oramizda bir choh paydo bo‘lgandek edi.
Bulg‘urga bordim. Urug‘larim, ammalar, amakivachchalar shod bo‘lib qolishdi. «Seni ko‘p o‘ylar edik. O‘sha yokda bir tirnog‘imiz qolgan, deb armonda yurar edik. Amakilaring ham urushga ketib, qaytmadi. Buyokda qo‘limiz kaltalik qilib, seni izlab borolmadik. Bizni kechir», deb yig‘laganlar ham bo‘ldi.

IV

Bulg‘urdan qaytib kelgan kunim Mansurjon ham uyimizda ekan. Dasturxon atrofiga yig‘ilganimizda, bo‘lgan ish bo‘ldi endi, deb Bulg‘urga borganim va ko‘rgan-bilganlarimni aytib berdim. Otam birpas xayolga toldi-da:
— Ajab qilibsan, o‘g‘lim. Mening ham yuragimda armon qolmaydigan bo‘ddi. Shu bola ichida ko‘p o‘ksinar, deb o‘ylar edim, — dedi.
Otamning gaplari qulog‘imga kirmadi. Ko‘proq o‘z tuyg‘ularimga quloq solar, ularni tahlil qilar edim. Oqibat, hayron bo‘ldim: otam bilan oramizda endi hech qanday choh yo‘q edi!
Mansur dasturxon boshidan turib ketdi. Biror yoqqa chiqdi, deb o‘yladim. Ammo kelavermadi. Uyoq-buyoqqa qaradim — yo‘q. Momomning chorbog‘imiz etagidagi bir uy, bir dahlizli bo‘sh kulbasi derazasida chiroq shulasi ko‘rindi.
— Ena, momomning uyida kim bor?
— Hech kim, — dedi onam. — Bo‘sh. I-e! Chiroq yonyaptimi?
— Siz qimirlamang. O‘zim borib kelaman, — dedim.
Haqiqatan ham momom qazo qilgandan beri uyida birov yashamas, Mansur bir-ikki oy ayvonda yotib turib, uylangach, joy qilib ketgan edi.
Bu uylar keyin qurilgan. Asl uyimiz o‘sha! Onam ham, tog‘am ham o‘sha uyda tug‘ilgan. Keyinchalik u yerda momom bilan Mansur yashadi, goho men ham borib yotardim.
Ko‘nglim g‘alati bo‘lib, har xil xotiralar yodimga tushib, uyga yaqinlashdim. Bir necha yildirki, bu uychaga kirganimni bilmayman. Biroq hozir qayerda tosh turtib chiqib turibdi, qayer chuqurcha — ixtiyorsiz bir tarzda bilib, shunga mos qadam tashlab borardim.
Mana, supa. Tarnovdan oqqan suv supaning lablarini yemirib yuborgan edi. Hamon shunday bo‘lsa kerak. Ana, yog‘och karavot. Men ham shu karavotda, momomning yonida yotardim. U dam Mansurning, dam mening boshimni silab, hangomalar aytib uxlatar edi.
Ana, ayvon boshida o‘choq. Unda bobomdan qolgan mis choydishda choy qaynatilardi. Momom choynakka choy damlagach, cho‘qqa qo‘yar, jo‘mragidan pirqillab suv tosha boshlasa, qozonsochiq bilan tagini artib, dasturxonga keltirar edi. Dasturxonda turshak, olmaqoqi, shaftoliqoqi, yong‘oq, patir bo‘lardi. Biz nonni choyga bo‘ktirib yer edik.
Momojon! Xotira mulkim! Eng aziz, go‘zal daqiqalarim siz bilan o‘tgan. Hayotni sizning ko‘zingiz bilan ko‘rganman! Sizdan bir umr minnatdorman, momoginam.
Derazadan qarasam, Mansur palosda o‘tiribdi. Oldida qandaydir surat. Bir qo‘lini yerga, birini beliga tirab, suratga tikiladi. Sekin eshikni tortdim.
— Kim u? — deya bo‘g‘ilib baqirdi u.
— Men, men, — dedim. Eshikni ochib kirdim. Tanish hidlar dimog‘imga urildi. — Nima qilyapsiz, Mansur?
U menga loqayd nazar tashlab, suratga ishora qildi. Egilib qarasam — tog‘am! Qora choponda, ko‘kragi ochiq. Sochi olingan. Kichkina murti bor. Tog‘am bu suratni urushga ketishdan bir kun oldin oldirgan ekan. Momom borligida deraza bilan eshik o‘rtasida, devorga osig‘liq turardi.
Tavba! Nega ilgari tuzukroq qaramagan ekanman! Bu odam mening tog‘am-ku! Hozir hayot bo‘lganida meni jiyanim deb suyardi. Tog‘ajon, biz ko‘p narsalarni o‘z vaqtida emas, keyin suyamiz shekilli… Ko‘kragi ochiq.
Qandaydir chapaninamo. Lekin mardligi, yigitligi mana men deb turibdi! Urush yedi bu odamni.
Mansurga qaradim. Daf’atan uning yuragidagi pinxoniy dard yodimga tushdi. Endi yomon ta’sirlanib ketdim. Mansurga yana tikilib qaradim. Chehrasida alamzadalik ifodasi namoyon edi.
— Mansur! — dedim. — Bu o‘tirish yarashmaydi sizga! Men tog‘amning asir tushib kettaniga ishonmayman. To‘g‘ri, yarador bo‘lib, o‘zi bilmay asir tushib qolganlar bor, albatta…
— Io‘q! — dedi u. — Erkak odam asir tushmaydi!
— Shu tobda o‘z darajangizga munosib fikr qilmayapsiz.
— Men o‘z fikrimni aytyapman.
— Bo‘lmasa, nimadan qo‘rqasiz? So‘rang, surishtiring.
U suratni olib o‘rnidan turdi. Joyiga ilib qo‘ydi.
— Ketdik.
Mansur tanchada yonib turgan, — momomdan qolgan, — yettinchi lampani tepasidan puflab o‘chirdi. Chikdik. Atrof zim-ziyo, pastga tushib, o‘ngga burildi. Uyimiz esa ro‘parada.
— Qayoqqa? — dedim.
— Men bir… — U chaynalib turgach, nihoyat aytdi: — Shu… opamni bir ko‘rib kelay…
U yangamiz er qilib ketgani sababli hamon uni yoqtirmas, yangam o‘rtaga odam qo‘yib, necha marta «yarashtiringlar», degan, onam ham Mansurga ko‘p marta: «Qo‘y endi, jigarim. Onangdayam ayb yo‘q. Taqdir ekan, yarash», degan, lekin Mansur u kishi bilan hatto gaplashishni ham istamas edi.
— Shunday qiling, Mansurjon. Hayotda hamma narsa bo‘ladi. Urush aybdor, — dedim.
U yerga tikildi. Shu bo‘yi burilib, bog‘ oralab ketdi.

V

May bayramini Toshkentda bola-chaqam bilan o‘tkazib, tug‘ilgan yurtimga jo‘nadim. Buyokda yana bayramlar ko‘p. Yo‘lakay Bulg‘urga ham tushdim. Ammamlar, amakivachchalar — barchalari xursand bo‘lib ketishdi. Endi ular: «Yo bizni ham o‘sha yoqqa olib bor, yo ularni bizga ola kel. Bordi-keldi qilaylik», deb qolishdi.
Bulg‘urdan chiqayotib, ko‘nglim ko‘tarilib, bag‘rim
kengayib ketganini his qildim. Bu ko‘nglimga ona yurt ham, ota yurt ham sig‘ar ekan. Sig‘ibgina qolmay bag‘ringni kengaytirib yuborar ekan.
— Mansur qalay? — dedim onam bilan so‘rashar-so‘rashmas. — Ota, Mansurning kayfiyati qalay?
Ular bir-birlariga qarab, so‘ng bir-birlariga gap bermay:
— Choshgohda bir ko‘rindi. Kayfi bor edi chog‘i… Yana chiqib ketdi. Lekin onasi bilan yarashgani yaxshi bo‘ldi-da. Momongning uyiga ko‘chirib kelmoqchi. Nasib bo‘lsa, balki o‘z uyiga ko‘chirib ketar… Kayfiyati tuzug-u, biz bilan yaxshi gaplashmadi, — deyishdi.
Yangamiz bilan yarashgani yaxshi. Ammo… Choy-poy ichib, dam olgan bo‘ldim-da, ko‘chaga chikdim. Toshkentdan yilda bir kelgan tanishi yo sinfdoshini ko‘rganlar nima qiladi? Buning ustiga, bugun 9 may — G‘alaba kuni!
Restorandan chiqib, istirohat bog‘iga o‘tdik. Ko‘chada maktab tomon ketayotsak, taxta ombori oldida odam gavjum! Qandaydir haykalning ustidan surp chodirni tushirishyapti. Atrofida pionerlar ko‘p. Ko‘pining qo‘lida lolaqizg‘aldoq.
Qayerda bo‘lmay, Mansurni surishtirdim. Idorasiga, bo‘limlarga telefon qilib, uni qidirib ham kelishdi. Mansur hech qayerda yo‘q edi.
Do‘stlarim meni kuzatib qo‘yishdi. Darvozaxonada ham bir oz gaplashib turdik.
— Haykal yaxshi bo‘pti, — dedi Bo‘ronbek degan sinfdoshim. — Faqat bir jihati menga uncha yotishmadi. Noma’lum soldat deyilgan, bu to‘g‘ri-yu, shu… haykal o‘zimizning tog‘lik yigitlarga o‘xshamabdi-da.
Har kim har xil fikr aytdi. Oqibat — qishloqda haykal o‘rnatilishining o‘zi yaxshi gap, deb xayrlashdik.
Mansurdan ko‘nglim alag‘daligi uchunmi, uyda uzoq o‘tirolmasligimni sezardim.
— Ena, Mansurdan darak bormi? Darak yo‘q? — Momoning uyiga yo‘l oldim. Nazarimda, Mansur uyda yotgandek tuyuldi. Chiroqni o‘chirib yotgandir, deb o‘ylab supaga chikdim. Derazadan qaradim. Eshikni ochdim. Gugurt chakdim. Uy bo‘m-bo‘sh.
Aytganimdek, uyda o‘tirolmadim. Yana ko‘chaga chiqib ketdim.

VI

Qaytib kelayotsam, birov salom beradi. Qarasam, Qudrat bobo!
— E, salom! — dedim. — Rahmon polvonning o‘g‘lini ko‘rmadingizmi?
— He, — deya chol kulib qo‘ydi. So‘ng hovlikdi: — Nima edi?
— Yo‘q, ko‘rdingizmi bugun?
— Shu… qayerdayam… Qizilning boshida ko‘rdim shekilli. Otliq edilar. Gilamday ochilgan lolaqizg‘aldoq ichida turgan ekanlar. Men bilan yaxshi so‘rashdilar…
— Boboy, u menga jiyan bo‘ladi, bilasiz.
— Albatta, albatta.
— Shuni menga topib berasiz endi.
Tong qorong‘isi ekan. Birov chaqirdi. Boloxonadan chiqsam, darvoza tarafda o‘sha Qudrat bobo. Qo‘li bilan meni imladi. Kiyindim, tushib bordim.
— Ha?
— Mana buni ko‘ring.
Bir surat berdi. Tikildim. Qandaydir marmar ustun, atrofida o‘zbeklarga o‘xshamaydigan kampir, chollar, yosh bolalar.
— Nima bu?
— Yaxshiroq qarang.
Qaytib boloxonaga chikdim. Lampochkani yokdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, marmar ustun — halok bo‘lgan askarlarga qo‘yilgan yodgorlik bo‘lib, unda oltita ism yozilgan, to‘rtinchisi — «O‘rmonov Rahmon» edi. «1943 yil, 3 oktyabr». Atrofda yodgorlikka ta’zim qilib turgan kampir, chol va bolalar — ruslar.
(Keyin bilsam, Mansur otasini harbiy komissar-lik orqali surishtirgan, natijada Rostovdan xat bilan birga shu surat ham kelgan ekan. Komissarlikdagilar atay G‘alaba kuni berishibdi.)
Chopib pastta tushdim.
— Buni qayerdan topdingiz?
— Yonida yotgan ekan.
— O‘zi qayerda?
— Hozir ko‘rasiz.
Qudrat boboga ergashdim. Ko‘chaga chikdik. Chol meni maktabga boradigan yo‘lga boshladi. Yog‘och omborga yetmayoq:
— Ana, ana! — dedi.
Mansur soldat haykali tagida, marmar zinada bo-shini haykalning poyiga qo‘ygancha yotar, yonida bog‘lanmagan bir dasta lolaqizg‘aldoq bor edi…
1978