Shukur Xolmirzayev. Olam tortilish qonuni (hikoya)

Husan akani mahallada katta-kichik hurmat qilar, zero, uning o‘zi ham goho xasdan past, tuproqdan xokisor bo‘lib ketardi. Yo‘lda kim uchrasa salom berar, lekin o‘sha odam alik oladimi, yo‘qmi, bu bilan ishi bo‘lmas, o‘z vazifasini astoydil ado etgandek, yo‘liga keta berardi. Oilada ham shunday edi. Olti qizining eng kichkinasi bilan ham sizlashib gaplashar, ammo ular o‘zini nechog‘lik hurmat qiladi, bu bilan ham ishi bo‘lmas edi. U go‘yo odamlarni hurmat qilish, lekin ulardan buning evaziga bir nima talab etmaslik uchun tug‘ilgandek edi.
Bunday odamlarni har qancha maqtasa kamlik qiladi. Biroq u kishining yana bir jihati bor ediki, uni kuzatgan odam ba’zan g‘ashlanardi ham. Masalan, o‘zidan amalda sal balandroq kishiga yo‘liqsa titrab-qaqshab turar, go‘yo u odam Husan akaning qismatini shu damdayoq hal etib qo‘yadigandek tuyulardi. Lekin undan ham o‘ziga biron bir iltifot kutmas edi.
Hovlida tok kesib yurar edim, Husan aka ochiq darvozani ehtiyotkorlik bilan taqillatib kirdi. Ming yillik qadrdonini daf’atan topgandek shodiyonalik bilan ko‘rishib:
— Sizni muborakbod etgali keldim, — dedi.
— E, — dedim men. — Nima bilan?
— Jiyanli bo‘ldingiz, og‘ajon!
— Q-qanaqa jiyanli?
— Shu… men o‘g‘il ko‘rdim. Bilasiz-ku… Shunga xursand bo‘lganimdan… kelar hafta tug‘ruqxonadan chiqadi yangangiz… Shunga chillasi chiqmasayam mayli, bir ziyofat qilmoqchi edik. Shunga aytib keldim. Yo‘q demaysiz endi. Bilaman, ishli odamsiz. Komandirovkangiz ko‘p. Shunga… Iltimos-da. Xo‘pmi? Yo‘q demang.
Husan akaning mana shunday suyilib, hatto chuchmal bo‘lib ketishi menga yoqmasdi. Shunchalar qatorlatib gapirib tashladiki, uni tabriklashni ham esdan chiqarib qo‘ydim.
— Shu deng… nozik do‘stlardan ham aytganmiz. Ular albatta kelishadi. Shunga…
— Xo‘p, xo‘p. Bir og‘iz so‘zingiz, Husan aka.
— Qulluq, qulluq. Boshim osmonga yetdi, jon uka. Yanagi shanba. Soat oltilarda. Soat oltilarda. Ishdan chiqadigan paytingizga to‘g‘ri bo‘ldi.
— Tushundim.
— Xo‘p, menga javob.
— O‘tirsangiz…
— Rahmat. Minnatdorman.
Husan aka ketdi. Men, darvozani yopib, ichkariga kirdim. Negadir xit edim. «Odam ham shuncha suyilib, xokisor bo‘lib ketar ekanmi? Nega shunaqa ekan-a!» Borib, yana tok kesa boshladim. Xayolim tag‘in u kishida. O‘zi shahardan chetda, bobosidan qolgan yerda yoz oylari dehqonchilik qiladi. Vaqtida agronomlik kursini ham bitirgan, bir necha muddat o‘z kasbi bo‘yicha ishlagan ham. Keyin nima ham bo‘lib, feldsherlik o‘qishiga kirgan.
O‘sha yillarda u kishi bilna tanishgan edim. O‘pkam qattiq shamollab kasalxonaga tushdim. Nafas olishim og‘ir edi. Xayriyat, o‘sha kuni Husan aka navbatchi ekan. Yonimdan jilmadi. Lekin meni sal bopladi ham. Nafas olishim og‘irlashgan sari ukol qila berdi. Nima balo, o‘zim qo‘pol bo‘lsam ham, terim yupqa ekanmi, ukol aks ta’sir qilib, badanimga qizilcha toshib ketdi. Bir hafta qashib, bo‘lganimcha bo‘ldim. Lekin Husan akaga bari bir rahmat aytdim. Nima dey? Shunday qilib, tanishib qolgan edik. Uyiga ham boradigan bo‘ldim. Domino o‘naymiz. U kishi goho agronomlik qilgan paytlaridan gapirib qolar, ayniqsa, qovun urug‘larining asl navlari yo‘qolib ketganidan shikoyat qilar, kolxozda ishlab yurgan chog‘larida nuqul «amiri» navidan ekdirgani, lekin tarozi bosmasligi, brigadaning qovun planini sira bajarmaganidan, oxiri, tanqid eshita-eshita ishdan ketganini so‘zlar edi.
Fahmimcha, bu kishining ichida birovga aytmaydigan gap ham bor edi. Dilida orzulari ko‘p bo‘lgan. Shubhasiz, bu odam kattakon bir rahbar, arbob bo‘lishni orzu qilgan… Lekin buning uchun nima qilish kerakligiga aqli yetmagan. Arboblik zinasidan ko‘tarilmoq uchun zarur bo‘lgan ichki qobiliyat yetishmagan unga. Oqibat, u kishi o‘zidan sal amali katta odamlarga sirli bir nimaga qaraganday qaraydigan bo‘lgan va bu narsa qon-qoniga singib kelgan. Endi u kishi nuqul o‘shandoq odamlar davrasida bo‘lishni istar, davrasiga kira olmasa, o‘zi ularni biron-bir bahonada chaqi-rib, o‘tirishni istar edi. Mana, hali meni ziyofatga aytib ketdi. Men aminman, ziyofatda oddiy, o‘zi qatori (o‘zi o‘ta hurmat qiladigan) odamlarga nisbatan, o‘zidan «yuqori» odamlar ko‘p bo‘ladi.
Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. Shanba kuni borsam, darvoza og‘zi turli markali, turfa mashinalarga to‘lib ketgan. Hovlida bamisoli to‘y bo‘lyapti. Kirdim. Ziyofat ko‘ngilxushlik bilan o‘tdi. El qatori chikdim. Uyga kelib, xotinimga gapirib berdim.
— Qiziq odam, — dedi ayolim. — Yana kimlar bor edi?
— Faqat sen yo‘q eding… Uchta sovxoz direktori, beshta brigadir. Ikkita bo‘lim boshlig‘i. Oltita vrach… Mahalla oqsoqoli, magazin direktori…
— Yana?
— E, qo‘yaber. O‘ziyam bo‘lganicha bo‘ldi deyman. Endi bir oy nonga ham pulni hisoblab sarflaydigan bo‘ddi!
— O‘ziga ziyon.
— Men ham shuni aytyapman-da.
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Husan aka bunaqa ziyofatlaridan keyin xiyla vaqt ko‘rinmay ketardi. Ko‘rinmay ketdi. Men ham ish deb, komandirovka deb shaharma-shahar yurdim.
Yil deganingiz ham hash-pash deguncha o‘tadigan bo‘lib qolgan. Tug‘ilgan jiyanimiz Sodiqbekning bir yoshga to‘lgani ma’lum bo‘ldi. Husan aka erta kuz kunlarining birida uyga kelib, meni ziyofatga taklif etdi:
— Iltimos endi… yo‘q demasangiz… Nozik mehmonlar kelishadi, albatta. Yo‘q demaysiz, jon inim… Ishondim… Shanba kuni. Soat oltida… Naq ishdan chiqib kelasiz… Kutaman-a?
Men odatdagidek ko‘ngil g‘ashlik bilan gapni qisqa qildim. Borishga so‘z berdim. Lekin daf’atan bora olmadim. Qo‘qonda edim. O‘sha kuni shaharga yetib kela olmadim. Ertasi Husan aka erinmay uyga keldi.
— Uka, sizdan umidimiz bul emas edi-ku, jon uka? Rosa kutdik-da, og‘ajon… Ko‘chaga chiqib qarayman deng. Qani ko‘rinsangiz… Barcha mehmonlar kelishdi… Sovxoz direktorlari… Vrachlar… Brigadir, bo‘lim mudirlari… faqat siz yo‘qsiz-da… Shunday bo‘lmapti-da… O‘zingizning jiyaningiz… Tug‘ilgan kuni…
Men Sodiqbekning tug‘ilgan kunlari hali ko‘p bo‘lishi, Husan akam qo‘li ochiq, mehmondo‘st ekanini aytib, o‘shandoq ziyofatlarga jon deb borishga so‘z berdim.
Falokat oyoq ostida deydilar. Kelasi yil ham o‘shandoq tug‘ilgan kuniga bora olmay qoldim. Husan aka tag‘in ertasi kelib, ko‘p ranjib gapirdilar. Bu gal u kishiga juda rahmim kelib: «Shu dahmazalar juda shartmi!» degim keldi. Lekin nachora. U kishi shunaqa odam. Bir hisobda bunaqa odatning nima yomon tomoni bor? U kishi bundan zavq oladi. Tamom.
Bu gal ham Husan aka ketgach, men u kishi to‘g‘risida xayol surib qoldim. «Har qalay omadsiz odam deb bo‘lmaydi… Yo omadsizmi? — deb o‘yladim. — Qiziq-da… Bo‘lmasam, ularni chaqirib, bor budini sarf qilib nima topadi? Bu odamni xushomadgo‘y deb ham bo‘lmaydi… Siniq, orzumand odam… Uning dilidagini bilib bo‘lsaydi?!»
Dunyoda nima ko‘p, o‘lim ko‘p. Ajal degan yoshu qarini saralab o‘tirmas ekan. Sodiqbek qattiq shamollab qolibdi. Kasalxonaga olib boribdilar. Husan aka uning boshidan jilmabdi. Rosa ukol qipti. Yaxshi so‘zlar bilan ovutmoqchi bo‘libdi. Lekin foydasiz.
— Shunaqa bo‘p qoldi, inim, — dedi u kishi oqshom mahali, endi Termizdan kelib o‘tirgan edim. — Ha, uka, ollo ko‘p ko‘rdi Sodiqbekni… Qarang-a… Nachora, umri qisqa ekan. Bir ko‘rsatib, diydoriga to‘ydirmayoq oldi-qo‘ydi… Quruq jasadim yuribdi, og‘a…
Men dong qotib turardim. Husan aka haqiqatan ham cho‘kib qolgan. Titraydi, qaltiraydi. Rangida rang yo‘q. Boyoqish! Shunda bildimki, bu ota haqiqatan ham Sodiqbekni tilab olgan ekan! Axir, olti qiz ko‘rgandan keyin o‘g‘il topgan edi-ya! Nomard falak.
U kishining ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldim:
— Sodiqbekning umrini boshqa farzandlaringizga ulashib bergan bo‘lsin, Husan aka… Hali yana farzand ko‘rasiz, ishona bering. Rasmi, o‘zi shunday bo‘ladi. Meniyam bir qarindoshim ketma-ket sakkiz qiz ko‘rgandan keyin yana ketma-ket to‘rt o‘g‘illi bo‘lgan edi.
U kishi jimgina, yumshoq, do‘mpaygan qorni ustiga baquvvat, semiz qo‘llarini qo‘yib, munis turar edi.
Birdan miyamga bir nima urdi: «Nega turibdilar? Biron narsa kerakmikan? Qanday aytsam bo‘ladi?»
— Xo‘sh, Husan aka, uyga kiraylik.
— Yo‘q, yo‘q. Ertaga ertalab chiqaramiz Sodiqbekni. Shunga sizni aytgali kelib edim.
— Obbo, — deb yubordim. — Shunga ham aytadimi? Oyog‘im bor, o‘zim boraman-da. Quloq bor, eshitdik… Yaxshi emas, Husan aka. Uyga boring. Bu yurish sizga yarashmaydi.
— Boring, — dedi u kishi darvozadan chiqar ekan. — Shunga… do‘st-yoronlar keladi… Nozik mehmonlar… Shunga bir kecha saklab turmoqchi bo‘ldik…
Yuragim siqilib ketdi. Negadir bu odam shu topda ko‘zimga… ko‘rinib ketdi. Tezgina izimga burildim.
Buyam oz ekan. Ertalab soat beshlarmidi, to‘rt yarimlarmidi, telefon jiringlab qoldi. Rahbarimiz. «Soat oltiga yaqin samolyot keladi! Mehmonlar bor. Siz kutib olishingiz kerak. Agar bu yerda qolishni istashmasa, to‘g‘ri Xorazmga uchasiz!» Obbo, buyog‘i qandoq bo‘ldi endi?
Uyqu qochdi. Tosh yog‘sayam saharlab Husan akanikiga o‘taman, deb o‘yladim. Lekin yigirma minut o‘tar-o‘tmas, ko‘chada «Volga» signal berdi. Chiqsam, o‘zimizning shofer.
— Ha?
— Keldim, — dedi u. — Xo‘jayin aytdilarki, soat oltiga qolmay kelishi ham mumkin ekan.
— E, shu ishniyam…
Soatga qarasam, o‘n minuti kam olti. Kiyim-boshga ham qaramay mashinaga o‘tirdim. Samolyotlar ba’zan qandoq kelishi o‘zingizga ma’lum. Olti yarim, yetti yarim bo‘ldi. Sakkizdan oshganda keldi. Mehmonlar to‘rt kishi edi. Yuklarini olish uchun ham yarim soat ovora bo‘ldim. Mehmonxonaga olib kelganimizda, soat to‘qqiz edi.
To‘qqiz! To‘qqizgacha murdani saqlab o‘tiradimi! Aslida kecha ko‘milishi kerak edi!
— Xo‘sh, tamaddi qilamizmi? — deb so‘radim mehmonlardan.
— Ha, choy ichsak bo‘ladi, — dedi kattasi. — Keyin to‘g‘ri Xorazmga. Vaqt o‘tmasin, do‘stim!
Soat o‘n birlarga yaqin ularni olib vokzalga chikdim. Endi orqaga qaytgim kelmadi. Tuzuk kiyinmagan bo‘lsam-da, uyga bir telefon qildim-u, mehmonlar bilan «Samarqand — Urganch» poyezdiga o‘tirdim. Ketdim.
To‘rt kun deganda qaytib keldim. Hamon kayfiyatim yaxshi emas edi.
— Xotin, setkani ol. Men Husan akaning uyiga chiqib kelay.
— Shunaqa qiling, — dedi ayolim. — O‘zlari ikki marta chikdilar. Ishonmaysizmi?!
— Nima deb?
— Qaydan bilay.
Uchrashuvni qarang!
Endi ko‘chaga chiqib edim, mung‘ayibgina kelayotgan Husan akani ko‘rdim.
— E, — dedi Husan aka. — Him…
— Uzr, shu… — deb chaynaldim. — Ish degani… Yaqinda bo‘shamoqchiman…
Husan aka mung‘ayib bosh irg‘atdi. So‘ng o‘zicha ming‘illab gapira ketdi:
— Ko‘p kutdik. Ko‘chaga chiqib qaradim… Yo‘qsiz… Nozik mehmonlar kelishdi. Ikkita sovxoz direktori. Uchta vrach… To‘rtta agronom… Rahmat ularga… Sizni deb marhumni bir oz kuttirdim ham… Faqat siz… uka…
Men quruq surat bo‘lib, u kishiga qarab turardim.
Husan aka tag‘in shu ohangda ancha gapirdi-da, meni daf’atan unutgandek bo‘lib, o‘tib ketdi. Nima qildim endi? Udum. Sekin u kishining uyiga bordim. G‘amboda bo‘lib o‘tirgan qariya qarshi oldi. Ta’ziya bildirib chikdim. Endi men Husan aka bilan baqamti o‘tirib gaplashishni istardim. Lekin u kishi odamovi bo‘lib qolgan, ba’zan meni ko‘rmagandek o‘tib ketardi.
Shunda… «Husan aka og‘ir yotibdi», degan gapni eshitib qoldim. Borsam, sob bo‘p qolgan. Ko‘zlarida nur yo‘q. Doktorlar bilan gaplashdim. «Shol, — deyishdi. — Tanasi ishlamay qoldi. Yordam berib bo‘ldik. Endi parhezgayam hojat yo‘q. Nima istasa yesin, nima gapirsa gapirsin».
Husan akaning yonida biron soat o‘tirdim. U kishi bir og‘iz ham gapirmadi, bir nima yemoqchi ekanini aytmadi ham. Tasodifni qarangki, joni uzilayotganida ham u kishining boshida edim.
Yolg‘onchi qilmasin, u kishining uyida ko‘rganim ko‘pgina rahbar shaxslar o‘sha sovxoz direktorlariyu vrachlar, bo‘lim boshliqlari ham shu yerda, bu xokisor, mehmonnavoz odamning qazosi yaqinligini eshitib kelishgan ekan.
Lekin Husan akaning tabiatidagi eng dahshatla narsa shu ediki, na menga, na-da anavilarga parvo qilmas, onda-sonda ayoli bilan, qizlari bilan so‘zlashar, ularga tegishli gap qilar edi.
Falon kishidan qarzi bor ekan, uzgani yaxshi bo‘pti. Katta qizi o‘g‘lini tabibga ko‘rsatishi kerak. Ko‘z og‘rig‘i bor. O‘zi o‘lsa, katta amakisi qabri yoniga qo‘yishsin. Shuni aytishim kerakki, Husan aka tamomila hushyor edi. Meni ham, mehmonlarni ham tanib turar edi. Biz — u kishidan hammavaqt iliq-issiq so‘zlar eshitib o‘rgangan edik! U odamning mana shular bilan o‘tirishdan olam-olam zavq olishini ham yaxshi bilardim! Bu — uning ushalmagan orzulari, armonlari haqqi ko‘ngliga malham bo‘lishini ham tushunib yetgan edim. Hozir yana hammamiz uning qoshida edig-u, lekin shu topda uning uchun yo‘q edik.
Men u kishining oxirgi so‘zini eshitib qoldim.
— Bolam Sodiqbek, meni tashlab ketding-a… Sensiz… Yoningga boryapman… Yolg‘iz eding… Men ham yolg‘iz… — Shunday deb yuzini chetga burdi.
Nazarimda bizdan — mendan va anavi mehmonlaridan yuzini burdi. Sezdimki, biz bu odamga hech mahal kerak bo‘lmaganmiz! Yo‘q, aniqrog‘i, kerak emas edig-u, buni endi sezgandi.
— Sodiqjon… — dedi u yana.
Ha, biz unga kerak emas edik.
Uning uchun eng kerakli, bor narsalar — farzandlari, oilasi, eng tabiiy-insoniy tashvishlar edi.
1978