Shukur Xolmirzayev. Jarga uchgan odam (hikoya)

Islom tug‘ilgan uy eski, vassalari qorayib ketgan, bitta keng derazasi ellik qadam naridagi qishloqning daraxtlarga burkangan tomoniga ochilar edi. Uyning ustida Boysuntog‘ning musaffo osmoni osilib turar, uning orqa tomonida to‘lqinsimon sarg‘ish adirlar tog‘ tarafga emgaklab ketgan, adirlar ortida esa chag‘ir toshli qirlar va ular orqasida mol podalariga o‘xshab archazor qoplagan tog‘ ko‘rinar edi. Tog‘ning osmonga qadalgan o‘rkachlarida parquv bulutlar suzib yurar, ular tog‘ bilan zangori osmonni bir-biriga qo‘shib turganga o‘xshar edi.
Islom ana shu uyda tug‘ilib, shu manzaralarni ilk bor ko‘rgan edi. U qishloq markazidagi maktabga qatnay boshladi. Darsdan bo‘shashi hamono uyiga chopar, kelgach, o‘zini erkin, baxtiyor his etar edi.
Islom maktabni tugatgach, harbiyga jo‘nadi. Baxtiga, u Belorussiyaning shimoli-sharqidagi o‘rmonlardan biridagi qismga tushdi. Tog‘dan ayriliq azobi o‘rtab yurgan qalbiga belorus o‘rmonining mayin, yashil manzaralari taskinlik berdi.
Lekin u o‘sha o‘rmonda turib ham o‘z uyini, etakdagi qishlog‘iyu shimoldagi tog‘larini yanada sevib qolganligini tuydi, ularni juda-juda ko‘rgisi keldi.
Islom kishlog‘iga keldi, uyiga kirdi, tog‘lariga sayrga ham chiqdi. Ana shunda u endi bu yurtdan bir umr judolikda yashay olmasligini, jasadi ham albatta shu yerda dafn etilishi kerakligini chuqur his qildi.
Hayotning, yashashning talab va qonuni o‘zgacha.
Islom o‘rmonchilik fakultetiga kirish uchun Toshkentga yo‘l oldi. Qishloq xo‘jalik institutiga hujjatlarini topshirdi. Ammo konkursdan o‘tolmadi. Bu hol yana ikki yil takrorlangach, uning o‘qishdan ko‘ngli sovidi va qishlog‘iga qaytib kelib, yoshligida o‘zi saboq olgan maktabda badantarbiyadan dars bera boshladi.
U darsdan bo‘shagan mahallarida tomga chiqib o‘tirar, po‘stak yozib chalqancha yotar, shunda charchog‘i tarqab, olam-olam zavq olar edi.
Uni kichkina qishlokda hamma tanir, u ham hamqishloqlarini bilar edi. Biroq u davralarga kam qo‘shilar, yolg‘izlikni, o‘z xayollari ishqi tushgan manzaralari bilan ulfat bo‘lishni istardi.
Darvoqe, Islom shimoldagi tog‘lar, o‘rmonlar, undagi hayvonotu parrandalar zotini ham yaxshi bilardi. U miltiq ko‘tarib yursa-da, kamdan-kam o‘q bo‘shatadigan bu g‘alati ovchini tog‘ ham, sokin o‘rmonlar ham, yovvoyi hayvonlaru beozor parrandalar ham bilishar edi.
Zamonning zayli bilan qishloq rayonga aylandi, unda redaktsiya ham tashkil topdi. Bir kuni Islomni o‘zi dars berayotgan maktabning sobiq direktori, peshanasi doimo terlab yuradigan Omon Fatullayev, ya’ni «Tog‘lar sadosi» gazetasining muharriri chaqirib qoldi.
Islom hayrat va kiziqish bilan uning huzuriga bordi.
— Islomjon, — dedi u, ko‘k baxmal sirilgan stolning qoshidagi stulni ko‘rsatib. — O‘tiring. Sizga bir iltimos bor edi.
— Marhamat. Rayon tashkil bo‘lganda bir marta xursand bo‘lgan bo‘lsak, redaktsiya tashkil bo‘lganda ikki marta xursand bo‘ldik, — dedi Islom.
— Rahmat, Islomjon. Gap shundaki, o‘zingiz aytganingizdek, rayon ham, gazeta ham yangitdan tashkil bo‘ldi. Hali ikkalasi yosh, tajribasi kam… Maqsadimiz avvalo, rayonni tiklab, qaddini ko‘tartirib olish. So‘ngra, gazeta ishlarini ham yaxshilash. O‘zingizga ma’lum, gazeta, dohiy Lenin aytganidek, tashkilotchigina emas, tashviqotchi hamdir. U partiyamizning ideologiya quroli. Islomjon… xullas, maqsad shuki, biz rayonimizning ko‘rkam-obod bo‘lishiga, xalqimizning boy-badavlat yashashiga gazetamiz bilan yordam berishimiz kerak… Biz kecha muharrir muovini, bo‘lim mudirlari bilan gaplashib, gazetamizni qanday chiqarish, qanday masalalarni ko‘tarib chiqish xususida kelishib oldik. Siz gazetchilikdan bexabarsiz… Rubrika degan narsa bo‘larkan. U sarlavha degani. Umumiy sarlavha. Shu sarlavha ostida gazetaning har bir sonida bittadan maqola berilishi shart, bo‘lmasa, gazetamizning obro‘yi tushadi… Bizda bir necha rubrikalar bor, ular bilan keyincha tanishasiz. Bular ichida «Tabiat va Odam» degan rubrika sizga tegishli.
Islom qiziq bir gap eshitgandek yengil tortib ketdi, muharrirning so‘zlarini jon qulog‘i bilan eshitdi.
— Ana shu rubrikani boshqarib, uni materiallar bilan ta’minlab turadigan bir xodim kerak bizga. Bu rubrikani joriy etmasak bo‘lardi. Lekin o‘zingizga ma’lum, rayonimiz tog‘li, o‘rmonli, bog‘li… Bu bir. Ikkinchidan, hozirgi davrda tabiatni qo‘riqlash… uni asrash eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolgan. Bu hol biz tog‘liklarga ayniqsa katta mas’uliyat yuklaydi.
— Yaxshi… Rahmat, — deb pichirladi hayajonlanib ketgan Islom.
— Bilasiz, raykomimiz sekretari olim odam. Sirasini aytganda, bu rubrikaning joriy etilishi u kishining tavsiyalari bilan bo‘ldi. Lekin uni boshqara oladigan, tabiatimizni behad sevguvchi bir kishi kerak, uni topinglar o‘zlaring, deb maslahat berdilar. Biz Islomjon… o‘ylab-o‘ylab shu ishga sizni jalb etmoqchi bo‘ldik. Nima deysiz shunga?
Gazeta chiqarish nima, rubrikani maqola bilan ta’minlash nima, uni uyushtirish va boshqarish nima — bu narsalar haqida zarracha tasavvurga ega bo‘lmagan Islom…
— Domla, men tabiatni sevaman, uning shaydosiman, — dedi. — Lekin… bu ish menga qalay bo‘larkin? Men avvalo, bu sohalarni tushunmayman. Keyin… o‘n sinf ma’lumotim bor. Hozirgi davrda bu g‘irt savodsizlik.
— Islomjon, biz sizga yordam beramiz, ishni o‘rganib ketasiz. Hamma gazetchilar ham ishni ona qornidan o‘rganib tushmagan. Ikkinchidan, biron yil o‘tsin, biz sizni jurnalistlik o‘qishiga yuboramiz. Sirtdan o‘qiysiz. Unga kirish uchun kishi avvalo redaktsiyada ishlagan bo‘lishi kerak. Agar maqolalaringiz bosilmagan bo‘lsa, bosilgan maqolalaringizdan nusxa olib bormasangiz, hujjatlaringizni qabul qilishmaydi… Hammasidan muhimi, siz tabiatni sevasiz. Bordiyu… shunday bo‘lishiga qaramasdan bari bir, bu ish sizga to‘g‘ri kelmasa, unda maktabingizga qaytib ketaverasiz. Xo‘pmi?
Islom «xo‘p», deb chiqib ketdi. Uyga borib, gapni xotiniga aytdi.
— Shunday qiling, — dedi xotini. — Maktabni boshingizga urasizmi? O‘qishga ham yuboramiz, deyishibdi. Qachongacha tomga chiqib o‘tirasiz, tog‘-toshda darbadar kezasiz… Ro‘zg‘orimizga ham yaxshi bo‘lar edi.
Bir oy o‘tdi.
Islom ishga chunonam berilib ketdiki, gazeta nimayu uni chiqarish nima, rubrika nimayu unga material uyushtirish nima — bular haqida birovga maslahat bergulik darajaga yetdi.
Asta-sekin uning maqolalari ham bosila boshladi. Oldiniga hamqishloqlari unga qiziqsirab qarashdi: «Ie, yozuvchilik muborak bo‘lsin», deganlari ham bo‘ldi. Keyinchalik unga ko‘nikdilar va Islomdek tabiatni xush ko‘ruvchi, uning ishqibozi bo‘lgan kishi shu ishni qilishi lozim-da, degandek fikr yuritadigan bo‘lib qoldilar.
Islom tabiatning turli-tuman mavzularida maqolalar yozar edi, bir tup archaning yonbag‘irda turishi, quyonning bolalashi haqidami, burgutning kaklik ovlashi haqidami yoki tog‘ ayiqlarining xulq-atvori haqidami, xullas, har xil mavzularda yozar edi.
Oradan bir yil o‘gib, uning nomi qishloqqagina emas, hatto oblastta ham besh barmoqdek ma’lum bo‘lib qoldi.
Uning «Tog‘lar sadosi»da bosilgan tabiat lavhalarini oblast gazetasi ham ko‘chirib bosar, undan bu maqolalar o‘zga rayonlarga ham tarqalib ketar edi.
Islom bir holga amin bo‘ldi:
Tog‘ni, o‘rmonlarni, hayvonotu parrandalarni — umuman, Boysuntog‘ bag‘ridagi tabiat boyliklarini faqat o‘zigina emas, hamma, hamma odamlar ham sevar ekan…
U o‘zidan mamnun bo‘lib ketdi va asta-sekin o‘zini atrofdagi tabiatning ilk oshig‘i, uning jonkuyar himoyachisi, uning ilk targ‘ibotchisidek his qila boshladi.
Bu hol uni tabiatga yana ham ko‘proq bog‘lab qo‘ydi.
Kunlarning birida rayon partiya komitetining tashviqot-targ‘ibot bo‘limidan Islomni chaqirib qolishdi.
Bo‘lim mudirasi o‘rtoq Sotiboldiyevaning yonida qirraburun, sochiga oq oralagan, o‘ttiz besh yoshlar cha-masidagi bir yigit oyoqlarini bir-biriga chalishti-rib, chiroyli qizil paypog‘ini ko‘rsatib o‘tirar edi.
Islom xonaga salom berib kirdi.
— Tanishing, bu kishi shahardan. Kinorejissyor. Bizning Boysuntog‘ tabiati haqida film yaratmoqchi ekanlar. Shuning uchun kelibdilar, — dedi mudira.
— Xush kelibsiz, — dedi Islom u bilan ko‘rishib.
— Islom deganingiz shu kishi bo‘ladilarmi? — stolda turgan qo‘li bilan ko‘rsatdi uni rejissyor.
— Ha, shu kishi, o‘rtoq Ismoil Yusupovich!
— Marhamat, o‘tiring, — dedi Ismoil Yusupovich qarshisidagi stulga ishora qilib.
— Tashakkur.
— Siz men bilan ikki kun birga bo‘lasiz. O‘rtoq Sotiboldiyeva redaktsiyadan sizga javob olib beradilar. Shundaymi?
— Shunday, — tasdiqladi mudira.
— Siz meni tog‘dagi, imkoni bo‘lsa, hamma qiziq-g‘aroyib narsalarni ko‘rsatasiz. O‘zi nimalar bor tog‘-da?
— Tog‘da hamma narsa bor, — dedi Islom jilmayib.
— Qanday hayvonlar, qanday qushlar bor?
— Gazetchilikda sir saqlash degan gap bor… Yaxshisi, toqqa chiqqanda ko‘rasiz. Ko‘rsataman.
— Kelishdik. Rahmat. Qachon chiqamiz?
— Buguncha rayonimizni aylaning, o‘rtoq Ismoil Yusupovich, — gapga qo‘shildi mudira. — Xohlasangiz, o‘zim aylantiraman. Qurilishlarimiz ko‘p, yangiliklar ko‘p. Balki bular ham sizga kerak bo‘lib qolar. Kechqurun, dachamizda dam oling. Ertalabdan sayohatni boshlaysiz. Ismoiljon, sayohatni qay tarzda olib borish mumkin?
— Shu… biznikiga boramiz. Eshak bor, tongda minib, toqqa chiqib ketamiz.
Sotiboldiyevaning rangi o‘zgardi.
— Yo‘q-yo‘q, unday demang, ayb bo‘ladi. Mashina bor. Mashina borgan joygacha borasizlar. Keyin, odamlarga aytib qo‘yaman, ular sizlarga ot berishadi… Xo‘pmi?
— Yaxshi taklif! — dedi rejissyor.
— Mayli, — dedi Islom. — Lekin ot chiqolmaydigan joylardan ham yurishga to‘g‘ri keladi-da, o‘rtoq Ismoil Yusupovich.
— Boraveramiz, chiqaveramiz.
Kelishdilar.
Kechasi soat o‘n ikkidan oshganda, Islom Ismoil Yusupovichni raykomning qishloq janubida joylashgan bog‘idan uyiga olib keldi.
— O! Juda sodla yasharkansiz-u? — dedi shirakayf rejissyor Islomning uyini ko‘rib.
— Lekin o‘zimga yoqadi, o‘rtoq Ismoil Yusupovich.
— O‘zingizga yoqadi, buni bilaman. Shuning uchun yashayapsiz-da. Lekin buning boshqa birovlarga ham yoqishini o‘ylab ko‘rishingiz kerak.
— Mening uyimga mehmon kam keladi. Redaktsiyaga o‘tganimdan keyin ham… Men ham birovlarning uyiga kam boraman.
— Da-a, qiziq!
Islomning xotini eri bilan mehmonga tomga joy solib berdi.
Soat to‘rtlarga yaqin uy etagiga kelib to‘xtagan raykomsomolning «gazik»i signal berdi. Islom bilan mehmon pastga tushib, tamaddi qildilar. Villisga o‘tirib, toqqa jo‘nadilar.
Ular ikki kun tog‘da aylanishdi. Islom Ismoil Yusupovichga uchragan har bir giyoh haqida gapirdi, har bir qushga ta’rif berdi, uning xulqi haqida so‘zladi. Lekin rejissyorni ko‘pincha bunaqangi ikir-chikirlar emas, g‘ayritabiiy manzaralar va hayvonlar qiziqtirar, ularni qanday qilib suratga tushirish haqida bosh qotirar edi…
Ammo Ismoil Yusupovichning tog‘ni yaxshi ko‘rishi, tabiatdan zavqlanishiga ham shubha qilib bo‘lmas edi.
U goho yugurgilab baland qoya ustiga chiqib ketar, olmurutlarga tosh otib qolar, kaklikning sayrashiga quloq berar edi.
Shunday paytlarda Islom hayajonga tushar, tabiat bu mehmonga zavq bag‘ishlaganidan faxrlanib, unga mehr qo‘yganidan ichida shodlanar edi.
Ular cho‘qqilarga chiqib hilollarning sayrashini ham kuzatishdi, tulkilar ini og‘zida olov yoqib, ularni qochirishdi, bo‘ri inlari og‘zida papiros chekishdi, qoya o‘rkachidagi burgut bolalariga do‘ppilari pastga tushgudek bo‘lib qarashdi.
— Men o‘n besh kundan keyin operatorim bilan kelaman, — dedi Ismoil Yusupovich, ular qishloqqa qaytishar ekan.
Mashina tog‘ oraliqlaridan chiqib, Yetim cho‘qqi ostidan o‘tayotganda Islom mehmonni yana bir xursand qilgisi keldi:
— Mashinadan tushamiz! — dedi, so‘ng shofyorga: — Siz bir oz o‘tirib turing, biz cho‘qqiga chiqib kelamiz, — deb uqtirdi.
Ular cho‘qqining yarmisiga yetganda, Islom terga botgan rejissyorga sirni aytdi.
— Ayiqni ko‘rsataman, bolalari bor.
— Shuni ilgariroq aytmaysizmi? — hovliqib ketdi Ismoil Yusupovich. — Tirik ayiqmi?
— Tirik.
— Odamga tegmaydimi? To‘xtang…
— Tegmaydi. Odam tegmasa, tegmaydi jonivorlar. Ularni o‘zlariga dushman qilib qo‘ygan odamlarning o‘zi, mehmon.
— Har holda… Miltiqni olvolish kerak edi-da.
— Ko‘rsa, polvonning achchig‘i chiqadi.
Bir necha qadam bosishgach, rejissyor taqqa to‘xtab, buyruq qilayotgandek dedi:
— Iltimos sizdan, miltiqni olib keling pastdan.
Siz shu yerning odamisiz, o‘rgangansiz, o‘zingizni himoya qila bilasiz. Men shaharlikman, birodar!
— Xo‘p, lekin miltiqni unga ko‘rsatmaymiz-da.
— Yaxshi. Miltiq yonimizda bo‘lsa, quvvat bo‘ladi har holda. Hayvon quturgan bo‘lishi ham mumkin…
Islom sakrab-sakrab pastga tushib ketdi, miltiqni olib chopib keldi.
Rejissyor uni maqtadi.
— Haqiqiy tog‘ yigiti ekansiz! Sizni bekorga maqtashmagan ekan.
Ular cho‘qqiga chiqib bordilar. Cho‘qqining usti keng maydon, bu yerda olma, olmurut va pistalar changal bo‘lib o‘sib yotar edi. Oyoq ostida kech bahorning qalam-qosh gullari.
Islom mallarang ulkan qoya yaqiniga borib:
— Shu yerda, mana, izlari ichkariga ketgan. Chiqadi, kutamiz! — dedi va mehmonni ergashtirib, iziga qaytdi. Ular cho‘qqining labiga yetib, qoya toshlar orasiga kirib o‘tirishdi.
Bu joyni Yetim cho‘qqi deganlaricha bor. Uning atrofini chuqur daralar o‘rab turadi, cho‘qqi bamisoli atrofi suv bilan o‘ralgan qadimgi qasrni eslatadi. Faqat, bu «qasr»ning usti o‘rmon.
Quyosh ufqqa yonboshladi, daraxtlarning soyasi kunchiqarga qarab cho‘zildi. Olisdagi, pastlikdagi qorong‘i tusha boshlagan qishlokda chiroqlar yondi.
— Hozir chiqadi, olma yeydi.
— Mana shu yer surat olishga qulay ekan, birodar.
Nihoyat, g‘ordan mo‘ralab sariq, baroq junli maxluq chikdi. U yoq-bu yoqni iskadi-da, «ma-a» deb bo‘kirdi. So‘ng ichkariga kirib ketdi.
— Hidimizni oldi shekilli, — dedi Islom va yana ham chetroqqa borib shamol yo‘lida o‘tirishni maslahat berdi.
Yarim soatlardan keyin yana ona ayiq g‘ordan chikdi, yana is oldi va dam osmonga, dam qizarayotgan ufqqa qaradi. So‘ng uning orqasidan bir juft choynakdek-choynakdek ayiqchalar ergashib chikdi va onasining jun to‘sib turgan qorniga intila boshladi. Ona ularga parvo qilmay, rezgi olma daraxti tagiga keldi. Dik etib, orqa oyoqlarida turib oldi va daraxtning yosh tanasiga tirnoqlarini botirib, g‘ayritabiiy silkidi, bir qancha jajji-jajji «paxtaseb» olmalar «duv» yergato‘kildi. Ayiqchalar chopqillab, ularni terib yeya boshladi.
Ona o‘rtada turib oldi-da, cho‘nqaydi va yana xavotir-la atrofga razm sola boshladi.
Shunda Islom rejissyorning miltiqqa qo‘l cho‘zayotganini ko‘rdi.
— Nima qilmoqchisiz?! — dedi.
— Juda yaxshi turibdi-da, hozir…
— Ha, jonivor miltiqning hidini sezgan, xavotiri bor ko‘nglida, — dedi Islom.
— Bundan boshqa joylardayam ayiq ko‘pmi?
— Bor.
— Menga bering miltiqni.
— Otsangiz xafa qilaman, mehmon.
— E, qiziqmisiz! Bitta ayiq nima bo‘pti? Yirtqich hayvon.
— Sizga zarari tegmayapti. Qaytanga biz uni bezovta qilyapmiz…
— Menga qarang, shuni siz otib bering menga. Terisi… juda kerak edi. Xotinim juda tayinlagan edi. Axir, bu sovg‘a-da! Men sizni maqtab yuraman, buni bir zo‘r ovchi yigit otib berdi deyman. A?
— Birinchidan, hozir hayvonlarni otish mumkin emas. Ikkinchidan, qarang, uning ikkita bolasi bor, ularni yetim qilib nima qilasiz. Ochdan o‘lib ketishadi.
— Ochdan o‘lmaydi, tutib, zooparkka topshirish mumkin, ularga kerak.
— Mehmon, siz meni bilmaysiz… Mening onam ham, otam ham, do‘stim ham ana shu tabiat. Meni tog‘ shaydosi deyishadi. Bu xayolni boshingizdan chiqaring. Vaqti-soati kelganda, o‘zim bironta qarisini otib beraman… yuboraman sizga.
— Menga qarang, bu sizning shaxsiy molingiz emas-ku, davlatniki!
— Davlatniki bo‘lsa yanayam yaxshi. Siz aqlli, o‘qigan odamsiz…
— Ketamizmi?
— Ketdik.
— Turmang o‘rningizdan. Sekin tushib ketamiz. Bilib qolsa, tosh otishi mumkin.
— Tegmaydi odamga dedingiz-ku, o‘zingiz?
— Biz miltiq opchikdik, miltiq — uning dushmani… Jonivor niyatingizni tushunganida, sizni dabdala qilib tashlar edi.
— Uf… Men bu yerdan tusholmayman, tosh dumalaydi bari bir!
— Bo‘lmasa, u ketguncha o‘tiramiz.
— E, meni qamab qo‘ymaydimi hukumat?!
Ismoil Yusupovich miltiqni shartta tortib oldi-da, ayiqni mo‘ljalga oldi, Islom unga qo‘l cho‘zgan edi, o‘q ovozi yangrab ketdi. Islom titrab-qaqshab boshini egdi va o‘q ayiqqa tegmasa go‘rgaydi, deb kutdi. Ona ayiq birdan bo‘kirib yubordi va o‘q chiqqan tomonga otildi. Ammo o‘mbaloq oshib tushdi, o‘rnidan yana turdi-yu, qaddini ko‘tara olmay, o‘rmalab kela boshladi.
Ayiqchalar qochib g‘or og‘ziga kirib ketishgan edi, o‘rmalab borayotgan onalarining to‘xtab qolganini ko‘rdilar-da, atrofga qo‘rqa-pisa qarab, chopqillab keldilar.
Miltiqni yerga tirab cho‘nqaygancha ayiqni kuzatib, qaltirab o‘tirgan Ismoil Yusupovich Islomga qiya qarab:
— O‘ldimi? — deb so‘radi.
Islom xuddi onasi o‘lganu nafasi ichiga tushib ketgandek baqrayib qolgan edi.
— O‘ldi shekilli qimirlamay qoldi, — dedi rejissyor va yana Islomga qaradi, so‘ng qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi, yana o‘tirdi-da, qizishib dedi: — Buncha xafa bo‘lasiz? Bo‘lgan ish bo‘ldi-da… Men hech ovchilik qilmaganman. Islom, menga qarang… Men sizni xursand qilaman. Oladigan filmimning bosh qahramoni o‘zingiz-ku, axir? E, qo‘ying-ey.
Ismoil Yusupovich ayiqdan besh qadamcha berida to‘xtab, unga tikildi. O‘q uning manglayini yorib ketgan edi. Islom botayotgan quyosh shu’lasi bir yelkasini qizartirgan holda, sekin yurib, ayiq boshiga keldi.
Ayiqchalar odamlardan hayiqishmadi, ular tamshanib, o‘lik onalarining sut to‘la emchagini cho‘zib-cho‘zib emishar edi.
— Nima qilib qo‘ydingiz? — dedi Islom rejissyorga.
— Qiziqmisiz? O‘ldi… Bolalarini ham opketamiz.
Islom gangib atrofga qaradi. O‘rmonlar, tog‘lar, osmonu yerga — tabiatga ko‘zi chizilib o‘tdi. Shunda birdan qulog‘i shang‘illab ketdi. Nazarida, bola qalbiga allaqachonlar kirib, uni o‘z asiriga aylantirib qo‘ygan tabiat uvvos tortib faryod ko‘tarayotgandek tuyuldi.
Islom o‘zini shu tabiatning yagona qo‘riqchisi, sodiq do‘sti, vafodori deb hisoblar edi.
Agar unga qilingan bu jabr uchun dushmandan qasos olmasa, o‘zini xiyonatchi, xoin, sotqin bo‘lib qoladigandek his etdi. Va… Ismoil Yusupovichning qo‘lidan miltiqni tortib oldi-da, qulochkashlab uning bo‘yniga tushirdi. Rejissyor ovoz chiqarmay kesilgan shox kabi uchib ketdi, apil-tapil o‘rnidan turdi-yu, yana yiqildi, uning gavdasi jardan quyiga uchdi.
1971