Azimovning qizi seni velosipedda ko‘ripti. Yiqilibsan. Onasiga aytipti…
Onamning bu gapi mening tinchimni yo‘qotdi: demak, Bibigul meni ko‘ripti, yo‘q.. menga e’tibor qilipti. Yiqilganimga achinipti. Hatto onasiga ham aytipti!
— Ena, men dashtga ketaman! — dedim.
— Hozirmi? Shu kundami! — hayron bo‘ldi onam. — Yog‘in-sochin mahali, bolam. Dashtda chaqmoq yomon bo‘ladi, bir cho‘ponni urib ketipti!
— Hechqisi yo‘q. Men oq kiyim kiymayman-ku!
— Kim bilan borasan dashtga?
— O‘zim. O‘tkinchilar bilan. Chorbozorchilar bor. Ana, eshagim!
— Nimaga… birdan boradigan bo‘lib qolding?
— Enajon, hademay yoz boshlanadi. Velosipedimni opkelaman!
— Axir, hozir velosiped minib bo‘ladimi? Bari bir keltirib omborga qantarib qo‘yasan.
— Bari bir borgim kelyapti. Dashtniyam sog‘inyapman!
— Kutsang bo‘lardi bir-ikki kun. Ayttirib yuboraman. Akang o‘zi opkeladi.
— Yo‘q. Erta shanba. Tushdan keyin jo‘nayman. Bozor kuni qaytib kelaman.
— O‘zingga ehtiyot bo‘l-da.
Shanba kuni tushdan keyin jo‘nadim. Havo iliq. Bahor osmoni tiniq. Tollar kurtak chiqargan. Hovlimizdan chikdim. Rayon ham orqada qoldi. Biyday dasht. So‘qmoq… Bu so‘qmoq menga ko‘pdan tanish. Esimni taniganimdan buyon yuraman. Avval dashtda yashardik. So‘ng rayonga ko‘chib keldik. Uyoqda o‘tovimiz, uyimiz qolgan. Akam doktor. Kuzda mototsiklini sotib, velosipedimni minib ketgan edi. Borib opkelishimga vaqt bo‘lmadi. O‘qish boshlanib qoldi… E-he, bu dashtlar menga tanish! Guli, ko‘kati bilan! Qushlari, kengligi bilan! So‘qmoqlari, o‘rlari bilan tanish!
— Eh-he, o‘zlari-ku! — deb qarshi oldi akam.
Akam Aliqul o‘rta bo‘y, yelkador yigit. Sho‘x, ko‘zlari qiyiq. Men onamga tortib, qirraburun, chaqnoq ko‘z bo‘lganman… Ana o‘tovimiz! Ana yolg‘iz qayrag‘och. Ana pastlikda… G‘orkamar! Narida daryo, uning g‘ish sohillari. Adirda qo‘y-qo‘zilar!
— Ha, keldim, — dedim. — Velosipedga keldim.
— E, ukam-e, ovora bo‘psan-da. Oborib berardim.
— O‘zim keldim, sog‘indim dashtni!
— Bu boshqa gap. Yur o‘tovga. E, qo‘yib yubor eshakni, qayerga ketadi. Uzum obkemadingmi?
— Sob bo‘ldi. Osma uzumniyam yeb qo‘ydik.
— Bizda qatiq, qaymoq, go‘shtdan bo‘lak narsa yo‘q.
— Shu yaxshi-da. Bizda ana shulardan kamchil!
— Velosipedni qanday qilib olib ketasan? Egningga ortasanmi, yo eshagingni unga ortasanmi?
— Bir yo‘lini qilarmiz-da, aka!
— Sovqotmadingmi? Hey, kampir! Mehmon keldi. Yangam bilan ham so‘rashdim. O‘tov… O‘tov. Ana silliq uvuqlar, shaxmatnusxa keraga. Ana sanoch, do‘mbira. Kigizlar, quroq ko‘rpalar. O‘rtada o‘choq. Bu o‘choqda bozillagan shuvoq cho‘g‘ida qancha isinganman. Qo‘ylar qo‘zilaganda, tashqari sovuq bo‘lsa, ichkariga kiritardik. Tapir-tupur qilib, uyqu berishmasdi. oqshomlari tashqaridagi supada yotardik. Otam do‘mbira chertar edi. Uning ovozi! Past, qandaydir dag‘al va xasta. Biroq uni eshitganda ko‘ngling kengayib ketadi. Ko‘z oldingda behad adirlar ko‘rinadi… O‘tov! Qaymoq ham yedim. Qatiq ham ichdim, go‘shtga havm to‘ydim.
Akam bilan G‘orkamarga tushib chikdik. O‘sha kamar, ichi keng, yuz bosh qo‘y soyalashi mumkin. Burchakda, qoyalar orasida bir tup tut o‘sgan. Uning shoxlari pastdagi serqamish ko‘lga tegib turardi. Shu ko‘lga tushgan narsa qaytib chiqmaydi deyishadi: uning tagi yo‘q emish. Bir tuya cho‘kib ketib, to‘qimi yuz chaqirim naridagi boshqa ko‘ldan chiqqanmish… Biz yozda bu kamarda ham ko‘p bo‘lardik. Chunki bahorda oshqovoq ekardik. Ichkariga kirib, ko‘chmak o‘ynardik.
— Xayr, aka.
— Eshaging bo‘lmaganda bir moshinga solib yuborardim.
— Hechqisi yo‘q.
— Qani, menga qara. Qiynalmaysanmi?
— Yo‘q.
Men eshakda o‘tiribman, velosiped ramasini go‘yo qiyib olganman. U yelkamda, rama ichidan boshim chiqib turipti. G‘ildiraklari ikki yonda. Eshakni haydab yurish noqulay. Lekin bunga ehtiyoj ham yo‘q: eshagim qayoqqa borayotganini yaxshi biladi.
— Xayr, aka.
— Ochqasang, xurjunda go‘sht bor, olib yo. Qatikdan qo‘shnilargayam beringlar.
— Xo‘p, aka.
Yo‘lda yomg‘ir yog‘di. Chaqmoq bo‘ldi. Men shalabbo bo‘ldim. Sovqotdim. Qo‘rqdim…
Kechqurun uyga yetib bordim. Yelkam uvishgan, ko‘tara olmas edim. Ertasi tushdan keyin velosipedga yel berdim. Artdim. G‘ildiragi qiyshayib qolgan ekan, tuzatdim, to‘g‘riladim. Yomg‘irli, loyli tor ko‘chamizga minib chikdim. Undan markaziy ko‘chaga o‘tdim. E, hamma menga qaraydi! Hozir kim velosiped minadi? Menga o‘xshagan biron «olifta» bu ishga jazm qilmasa, boshqasi qilmaydi… Chorraha!
Bu chorrahayam men uchun aziz. Chunki pastga tushgan yerda Azimova opamning uyi bor. Derazasi ko‘chaga qaragan, Bibigul yoz, bahor oqshomlari shu deraza yonida kitob o‘qib o‘tiradi. Shu deraza yonidagi darchadan satil ko‘tarib suvga chiqadi. Men uni… maktabdan kelayotganimda ko‘p ko‘raman. Nima uchundir… uni ko‘rganda oyoq bosayotgan yerim esimdan chiqib ketadi. Bir-ikki marta ariqqa tushib ketganman. Yurak-bag‘rim eziladi, ichlarim og‘riydi. Panaga o‘tganda yig‘lagim keladi. Nimaga?.. Qishda «Robin gud» degan kino bo‘ldi. Birinchi oqshom kirib Bibigulni ko‘rdim. Yonma-yon tushib qolibmiz. Keyin har kech kinoga kiradigan bo‘ldim. Lekin u boshqa kirmadi. Tizzagacha loyga belanib uyga qaytardim…
Bibigul! Ana Bibigul!.. U ham menga o‘xshab ketadi, faqat rangi tiniq, oq! Qarashlari mayin, kulib turganday hammavaqt.
Bibigul!..
— Qani! — deb pedalni bosdim. Xuddi buyurganday unga yetganimda, yo‘q, chorrahadan burilib, derazalari oldidan o‘tayotganimda g‘ildiraklar birdan toyib ketdi. Men, telpagim bir yoqqa uchib, otilib tushdim… Qizarib va iljayib o‘rnimdan turdim.
— Ko‘zingga qarasang bo‘lmaydimi! Hammavaqt yiqilib yurasan-a! — dedi Bibigul va… darvozalaridan kirib ketdi.
Men velosipedni turg‘izib xiyobonga chiqardim. Yig‘lagim kelardi…
Keyin bildim: u menga qiziqmagan, menga achinmagan. Onasiga ham shunchaki gapirgan ekan.