Odamning o‘zi hech narsa emas, hamma gap — ishda.
Gyustav Flober
Hamsuhbat topilsa, qishloqda to‘planib gurung qiladigan joylar bor. Hu-uv tepaliklar ham xo‘p rohatijon. O‘sha yerlarga yo hech kimning ko‘zi tushmaydi, yo gurungbop joyligini xayollariga keltirishmaydi, xullas, birov darvozasi og‘zidagi supachada o‘tirganicha o‘tgan-ketganni tutib olib laqillaydi, ichidagini to‘kib soladi — shunday qilmasa mudhish koru hol ro‘y berib yorilib o‘ladigandek. Undaylarning ko‘ziga «issiq ko‘ringan» yo‘lovchiga insofu sabr-toqat bersin.
Uch-to‘rt yil burun ko‘cha adog‘ida yangi magazin ishga tushgandi. Qishloq aholisiga yaxshi bo‘lishi barobarida bir guruh bekorchixo‘ja qalang‘i-qasang‘ilarning ham kuni tug‘di. Ertadan kechgacha magazindan chiqishmaydi. Deraza tokchasidami, boshqa joydami ostlariga qog‘oz to‘shab, o‘tiradigan joylariniyam tayin qilib qo‘yishgan. Zerikishsa, magazin ichida juvozga qo‘shilgan otdek aylanishadi, ming marta ko‘rgan matohlarini, latta puttalarni qayta ko‘zdan kechirishadi, titkilashadi. Sotuvchiniyam, xaridorlarniyam jonlariga tegib ketishadi. Achchiqlanib ham qolishadi. Oldi-qochdi gaplar o‘tadi oradan. Ular yelkamning chuquri ko‘rsin shu magaziningni degandek to‘rsayishib, umrbod qaytib qadam bosmaydigandek, dimog‘-firoq qilib chiqib ketishadi. E, xayriyat-e, deyishgayam ulgurmay qoladi kishi. Ertasiga ahvol yana o‘sha-o‘sha — hech nima ko‘rmagandek, uzun-qisqa bo‘lib kirib kelaverishadi. Hech kimdan hayiqishmaydi. Faqat… uzoqdan Qodir devkorning qorasi ko‘rindi deguncha po‘ng‘illab so‘kingancha ko‘zdan pinhon bo‘lishadi, juftakni rostlab qolishadi. Payqamay uning nigohiga duch kelishsa, boshlari baloga qoladi, eshitmaganlarini eshitishadi.
— Hayf odam! — deydi devkor achitib. — Qiladigan ishlaring, boradigan joylaring qolmadimi? Xotin, bola-chaqali emish tag‘in bular! O‘l-qo‘y baring!
— Og‘zingizga qarab gapiring, nega unday deysiz? — bitta-yarimta botirrog‘i botinib devkorga so‘z aytishga jur’at etadi.
— Nima deyin yo‘qsa? — Qodir devkor kesatadi. — Yasha, o‘g‘lim, deyinmi? Yasha, o‘g‘lim! So‘loqmonday bo‘b ana shunday yuraveringlar. Uzoq yashaysanlar… Tavba, sanlar o‘zi qayerdan kelib qoldilaring?
Qodir devkorga ular shu magazin qurilib ishga tushgandan so‘ng paydo bo‘lishganday tuyuladi.
Magazingayam chiqmay qo‘ydi.
Endi chiqsa, qishloq o‘rtasidagi tepachaga boradi. Ko‘m-ko‘k ajriqlar qoplagan bahor oylaridayam, changi chiqib, ezg‘ilanib-uvalanib, taqir bo‘lib yotganida ham tepacha — uning yagona borar joyi edi. Shu yer tuzuk. Tengqurlari bor. G‘iybat kam.
Bugun tepachada yangi gap bo‘ldi.
Devkor davradan bir chetda, kattakon boshini solintirib, tomirlari bo‘rtib-bo‘rtib chiqqan qo‘llarini tizzalari ko‘ziga tirab, chordona qurib o‘tirardi. Allaqanday zil-zambil o‘y-xayol og‘ushida, noxush kayfiyatda edi.
— …Oqtangiliklar niyatlarini yomon qilishdi, — dedi kimdir. — Har bandaning umri uzun bo‘lsin-u, ammo-lekin, yana yuz yil, ikki yuz yilda ham qabristonlarining devorini yiqitmaslik kerak edi.
Shunda Qodir devkor boshini ilkis ko‘tardi. Quloqlari ding bo‘ldi. Sergak tortdi. Baribir bu gapni kim qo‘zg‘aganini anglolmay qoldi.
— To‘g‘ri. Xosiyati yo‘q buning. Qirg‘in-o‘latni chaqirganday gap-da!
— Qo‘ying, qirg‘in-o‘latni tilga olmang. Niyatni yaxshi qiling.
— Bizzi niyat yaxshi bo‘lmay sizziki yaxshimi, oqsoqol, o‘ttiz yildan buyon partiya a’zosiman…
— Shu yergayam partiyani suqmangda.
— Majlisda gapirganingizda aytardingiz.
— Qo‘yinglar shu mayda gaplarni. Oqtangiliklar haqiqatan ham, qabristonning bug‘doyzorga tutash kunchiqar tomonidagi naq uch yuz metr paxsa devorni buzishib, besh olti gektar yer qo‘shib olayotgan emishlar…
— Obod qilishmoqchidir?!
— Joy kammidi?
— Nima qilsalar o‘zlarining ixtiyorlari…
Qodir devkorning qulog‘iga boshqa so‘z kirmadi.
Oqtangi qishlog‘i qabristonining paxsa devoriga qo‘li tekkan. Manaman degan belchiyam bas kelolmaydigan paxsachi Ahmad Ko‘chakka loy olib bergan. So‘kish eshitgan. Qo‘l siltab ketmoqchi bo‘lgan. Rahmatlik Ahmad Ko‘chak ko‘p g‘alati odam edi. O‘zi oqsabroq yurardi-yu, devor ustiga bir iloj qilib minib oldimi, bas, shunday tez siljirdiki, ko‘rgan odam hayratdan yoqa ushlardi. Oyog‘ingni tovoni bilan tepib-tepib pishitilmagan loy uzatsang, u o‘sha loy bilan basharangga solib qolishdan toymasdi.
— Meni mazax qilyapsanmi a?! — deb qichqirardi. — Shu loy devorni ushlaydimi, uvalanib ketmaydimi? Ko‘zingga qara, tovon bilan bos, tovon bilan, bir chetdan maydalab ketmon bilan ag‘darib chiq…
…Qodir devkorning peshonasi terchilab, yuragi shig‘ etib ketdi, beorom tepa boshladi. Lekin hozir gap paxsa urish haqida emas, hovliqish noo‘rin. Bebiliska o‘rnidan turdi. Hovlisiga yetdiyu bir zum ne qilarini bilmay serrayib qoldi. Sal o‘ziga kelgach, etakroqdagi o‘zi barpo qilgan bog‘chaga yo‘l oldi.
Qorasi o‘chib ketgan qushlar yana paydo bo‘lishibdi. Qulog‘i ostida o‘sha so‘z: «Oqtangiliklar qabriston devorini buzishibdi!»
Darvoqe, kim aytdi buni? Mirzo Badalmi? Kal Davronmi? O‘ylab-o‘ylab topolmadi — boshi og‘ridi. Qanday buzishganini — traktor solishganmi, ketmon urishganmi, lom ishlatishganmi — so‘rab, bilib olsa durust bo‘larkan.
«E! — botiniy xitob yangradi qalbining tub-tublaridan. — Menga baribir emasmi?!»
Kampiri bir yildan buyon to‘shakdan uzilmaydi. Shundanmi, Qodir devkorning soqol-mo‘ylovi bu vaqt mobaynida oppoq oqardi. Bir yil deganiyam ko‘p ekan-da! Ilgarilari, yoshlik damlarida zuvillab o‘tib ketaverardi. Yuragingning bir chetida ertaga yetamanmi-etmaymanmi, degan gumon yotsa, bir kunning o‘ziyam mangulikdek tuyulaverar ekan. Bir yil-a!.. Ko‘z ostlari qorayib cho‘kdi, ajinlari chuqurlashdi, yomon charchadi — har narsani o‘ziga qattiq oladi, asabiylashadi, kimlargadir zahrini sochgisi keladi. Uni Ergash dakangdan bo‘lak eshitadigan odam yo‘q. Dakangga gapirding nimayu gapirmading nima — tushunmaydi, sen bog‘dan kelsang u tog‘dan keladi, hovliqadi…
Qodir devkor uyga qaytdi. Ostonadan ichkari hatladiyu rang-quti o‘chdi, qum oqardi. Kampirini ko‘rgani qarindosh-urug‘lari kelishgan. Oqtangidan. Evini qilganda-ku, ular bilan o‘tirmasdi-ya! Fursat o‘tgandi. Mehmonlar ko‘rishish uchun o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi. Qodir devkor ular bilan istar-istamas, sovuqqina omon-esonlashdi. O‘tirdi. Pochchalarining fe’li ho‘yini yaxshi bilisharkanmi, kelganlar ham indamaygina joylariga cho‘kishdi.
Noqulay sukunat cho‘kdi. Og‘iz juftlashga hech kim botinolmayotgandek edi.
Oppoq sochlari yostiqqa to‘kilib, shipga qarab yotgan kampirining siniq yuziga yer ostidan nigoh tashlab, devkor beixtiyor uning bir vaqtlar sanamarasta qiz bo‘lganligini o‘yladi. Xayolidan uzuq-yuluq xotiralar soyasigina tutqich bermay izma-iz o‘tib ketdi. Go‘yo u ko‘z ochib o‘zini soqoli ko‘ksiga tushgan, mana shu eskigina choponda o‘tirgan qo‘llari qadoq chol — devkorligicha, kampirini xira ko‘zlarini shipga qadagan, ko‘rpa yonida shalvirab yotgan qo‘llariniyam ko‘tarishga qurbi yetmayotgan kampirligicha ko‘rgandek edi. Yoshlik — chaqmoq. Yalt etib paydo, yalt etib g‘oyib. Bu chaqmoq shu’lasida ko‘zga tashlanib qolgan qandaydir manzaralargina qalbida muhrlanib qolganidan Qodir devkor og‘ir bir o‘kinchni his etdi.
Paxsa devorlargina bero‘yodek. Har kuni ko‘radi — o‘ylar, qo‘ralar, qo‘tonlar; har kuni eshitadi devkor urgan paxsalar xitoy devorlardan qolishmaydi, qoyil ammo-lekin, shuncha ishni qanday bajargan ekan-a?! Sheraliyev degan bir muallim uni maqtamoqchi bo‘lib, siz paxsadan o‘zingizga haykal qo‘ygansiz, deganida devkor ancha ranjigan, odamni ta’magirga chiqarmoqchi bo‘lasan-a, degandi…
Aytgancha, kampirining qizlik ismi nima edi? Qirq yildirki so‘zlasa kampirim deb so‘zlaydi, birovlar ham kampiringiz deyishadi…
Kampir…
Qancha urinmasin, ismini eslolmadi — kampir!
O‘y-xayolga berilgan ko‘yi boshini egib o‘tirdi-o‘tirdi-yu, bir mahal beixtiyor tarzda, eshitilar-eshitilmas qilib:
— Gulsum! — deb yubordi.
Ichimda aytdim, deb o‘ylagandi, hamma eshitdi. Qodir devkor o‘zini noqulay his etdi. Kampiri esa ko‘z qiri bilan unga ajabsinib qaradi. Hech narsa demadi — majoli yetmadi. Chol hayron bo‘ldi, nazarida, kampirining o‘zidan tortib uning qavmu qarindoshlarigacha bu ismni eslolmagandek bo‘lib tuyuldi.
Indamay qo‘yaqoldi.
Gulsum — ertakdagi qiz. Oy yuzli, sochlari taqimiga urgan. Ortidan qanchani ergashtirgan, adashtirgan hurliqo, malak…
Kampir — devkorning o‘ziday, badaniyam tuproqrang, tuproqqa iylangan, tuproqday sodda… Umr yo‘ldoshi… Yostiqqa to‘kilgan sochlari devkor haqida so‘zlab berishi mumkin.
Devkor haqida. O‘ttiz yildirki, bu laqab uning ismi yoniga taxtaga urilgan mixday qoqib tashlangan. Birov, Mirzo Badalmi, Ergash dakangmi, Kal Davronmi — kimligi esida yo‘q, ishqilib o‘shalardan bittasi, qishloqning og‘irini yengillatishning naq yarmi Qodir devkorning yelkasida degan. U uy hasharlaridayam ishni eng qiyin joydan — burchakning devorini tiklashdan boshlaydi. Qarabsizki, hash-pash deguncha yuqoridagi sinchga yetkazib qo‘yardi. Tom bitar mahali polvon xokiniyam u ko‘tarib chiqadi.
Ergash dakang ba’zan o‘zini unga chog‘laydi. Qayerim kam deganday bo‘ladi. Yeng shimarib boshqa burchakdan tushadi. Devkorning yarmicha ishiniyam qilolmay pastda qolib ketadi. Keyin chamasi o‘zini oqlash uchun bo‘lsa kerak, zo‘r kelsa oyim chuchkiribdi, qabilida uning ta’rifini qila ketadi:
— Mana-a, me-en! Bo‘yim ikki yarim quloch, xolavachcha! (Ergash dakang uchun hamma: erkakmi, ayolmi, yoshmi, qarimi — farqsiz, xolavachcha bo‘ladi!) Yigirmata devingga loy olib berib shoshiraman, lekigin Qodir devkorning yakka o‘ziyo meni sillamni quritadi, xolavachcha! Devingga jinlari, parilari yordam berar, haybarakallachilik qip turishar. Qodir devkor muncha kuchdi qaydan olgan? Kampiri yotganidan buyon choyiniyam o‘zi qaynatib ichadi yana! Bilmadim xolavachcha, bilmadim. Bor, o‘zidan so‘ra.
Ergash dakangning Qodir devkor bilan qalinligi bir qishloq tuprog‘ini yalab yotishganidagina emas. Ular begona yurtlardayam ancha yillar birga-birga mardikorchilik qilishgan.
Ergash dakang tomoq qirib, mo‘ylovining ikkala qayrilma uchini barmoqlari orasida tovlay-tovlay hikoyasini bunday boshlaydi:
— Shu desang, Qodir devkor bilan paxtakor yurtlarga mardikorchilikka jo‘nadik. Yelkada xurjun, boshimizga qiyiq bog‘laganmiz. Kirza etik oyog‘imizda. Yo‘l-yo‘l beqasam chopon egnimizda. Ketyapmiz, ketyapmiz — dunyo keng ekan-da! Avtobusda ikki soatcha yurdik. Ana hozir yerning narigi chetiga chiqib qolamiz deb o‘ylayman. Qayda, keyin qancha piyoda yurdik ham, yerning cheti ko‘rinmaydi: hammayoq dasht, cho‘l. Sho‘r bosib yotibdi. Kun issiq. Issiq ham gapmi, qaynaydi. Yurib yurib, bir choyxonaga qo‘ndik. Choy buyurdik. Ancha kutdik, daragi yo‘q. Bir yigit keldi. Yoshgina. Choch qo‘ygan. Ko‘ylagining oldi ochiq bo‘lsayam hammayog‘idan sharros-sharros ter quyiladi. Biz bo‘lsak kirza etikda, boshga qiyiq bog‘langan, egnimizda chopon — o‘tiribmiz bamaylixotir, hech nima ko‘rmagandek. Haligi yigit biz tomonga qarab-qarab qo‘yadi de, xolavachcha. Oxiri chidab turolmadi shekilli, oldimizga keldi, salom berdi, o‘zi yoshgina, choch qo‘ygan…
— Choponlaringizni nega yechmay o‘tiribsizlar? — deb so‘radi u.
— Nega yechib o‘tirishimiz kerak ekan? — deb biz ham so‘radik.
Yigit o‘ng‘aysizlandi.
— Kechirasizlar, isib ketmaysizlarmi demoqchi edim, — deya odamga o‘xshab so‘radi. Yuzidan hamon sharros-sharros ter quyilib turibdi.
— Bizning chopon buloqqa o‘xshaydi, xolavachcha! — dedim.
Uning og‘zi ochilib qoldi.
— Nima? — hayron bo‘lganicha yana so‘radi.
— Bizning chopon buloqqa o‘xshab qishda issiq, yozda salqin bo‘ladi, — dedim. Qishda tancha, yozda shiypon deb, yanayam soddaroq qilib tushuntirdim.
— Ha-ya… — dedi yigitcha cho‘zib.
Bu orada choy ham kelib qoldi. Choyni qaytarib, indamay ho‘playverdik. Haligi yigitcha ham oldimizdan ketmaydi.
— Senga nima kerak, xolavachcha? — deb so‘radim.
U qizara-qizara, o‘ng‘aysizlana o‘ng‘aysizlana otasi mardikor topib kelishga yuborganini aytdi. Otaxonlar, sizlar yordam berolmaysizlarmi, mardikorni ko‘rsatsangizlar, dedi. Ikki-uch kundan beri ish qidira-qidira jonimizdan to‘yib bo‘lgandik, suyunib ketdik:
— Mana biz mardikor! — dedik baravariga.
O‘sha yigitchaga ergashdik.
Bir yaydoq dashtga yetaklab bordi. Xayriyat, bu yerlar uncha sho‘rlab ketmagan ekan. Kaftdek soyasiga o‘tirgani na biror daraxt ko‘rinadi, na munday hovuz-povuz. Ikki uchtagina uy qaqqayib turibdi. Shamol qo‘zg‘alib, jin to‘polon avjiga mindi-ku!..
Bu to‘polon sal tingach, yigitcha yerto‘laga o‘xshash kulbadan otasini ergashtirib chiqdi. Munaqa qurumsoq, ko‘zlari chaqchaygan cholni birinchi ko‘rishim. Erkak maston dunyoda bo‘lsa ana shu, deb o‘ylaydi kishi.
— Ikkita uyning devorini urib, loyshuvoqdan chiqarib berasizlar, bo‘ldi, ustini o‘zimiz yopib olamiz. Guvala tayyor, — dedi u xuddi xizmatkorlariga ish buyurayotgandek.
— Haqi qanaqa bo‘ladi? — deb shartta so‘radik.
U iye, haq ham olasizlarmi, degandek, avvaliga hayron bo‘lib qaradi. So‘ngra quv-quv yo‘taldi, og‘ziga to‘lgan balg‘amni bir chetga tuflayotib:
— El qatori-da, — dedi.
— Biz sizzi elingizni bilmaymiz, — dedik biz. — O‘zimizning el qatori bo‘ladigan bo‘lsa, ming so‘m berasiz.
Chol chayqalib ketdi, xolavachcha. Qo‘l-oyoqlari titrab, boshi qaltiradi. Munaqa qurumsoq, bitini siqib qonini yalaganni dunyo dunyo bo‘lib ko‘rmagan. Xuddi bizzi qo‘limizga ming so‘mni tutqazib qo‘ygandek, shuni alamiga chiday olmayotgandek:
— Ming so‘mga to‘rtta uy qurib olaman o‘zim, o‘z qo‘llarim bilan quraman! — deb chinqirdi.
E bor-e, enag‘ar, ishlatish qo‘lingdan kelmas ekan, o‘g‘lingniyu bizni nega ovora qilding, deb achchig‘lanib, so‘kinib-so‘kinib ketaverdik. Biz ham mardikorchilikka borganimiz bilan ja-a o‘zimizni xor qilib qo‘yadiganlardan emasmiz. Qaysarmiz. Savdomiz pishmadi deb, adi-badi aytishib ham o‘tirmadik. Men ham, devkor ham azaldan mayda gap-so‘zlarni yoqtirmaymiz-da, xolavachcha. Cholni sal-pal eritganiyam bo‘ynimiz yor bermay qaytaverdik. Xatti-harakatlarimizni, yurishimizni ko‘rgan odam bizni uncha-munchani nazar-pisand etmaydigan ming qo‘ylik boy deb o‘ylaydi. Aslida cho‘ntakda hemiriyam yo‘q.
Shahdimizni ko‘rib yigitcha tipirchilab qoldi. Otasiga nimadir dedi chog‘i, ancha vaqt g‘ujullashishdi. Keyin ortimizdan yugurib kelib, bizni yana otasining oldiga olib bordi.
— Sizlarning ham aytganingiz bo‘lmaydi, menikiyam. Sakkiz yuz so‘m beraman, — dedi chol. Qurumsoq, bir tanganing ustida jon beradigan…
Mo‘ljalimizdan ancha kamayganiga parvo qilmadik.
Shu ikki yuz ham gapmi, degan bir alpozda rozi bo‘ldik.
Yigitcha bizning issiq-sovug‘imizdan, obu ovqatimizdan xabar olib turadigan bo‘ldi. Shundoqqina uyulib yotgan tuproqning ustiga o‘tirib ovqatlanamiz. Aytishiga qaraganda, ular ham allaqaysi uzoq joylardan kelishgan ekan.
— Bu yerga uy qurib yurt tutmoqchimisizlar? — deb so‘radik.
— Yo‘g‘-e?! — Yigitcha sapchib ketdi. — Besh-olti yildan so‘ng o‘zimizning qishloqqa ko‘chib ketamiz.
— Besh-olti yil nima qilasizlar bu yerda?
— Qovun-tarvuz ekamiz. Ungacha yer ishdan chiqadi. Ketamiz kegin.
Ularni cho‘lquvar deb atasharkan. Oynai jahonda yurak amri bilan cho‘l quvgani ketdi, deganlaridan sal boshqacharog‘i faqat. Biz ko‘rganlarining maqsadi — cho‘ntagini qappaytirish, oynai jahonda maqtalayotganlarning chamasi pul bilan ishlari yo‘q, cho‘l jonivorni qanchalik tirqiratishsa, shunchalik zavq oladigan ko‘rinishadi…
Ishga tushdik. Kechasi devkor loy qorib qo‘yadi. Meni atay turg‘izmaydi. Unga bas kelib bo‘larkanmi, turgim ham kelmaydi.
Tong sahardan devkor yana devor urishga tushib ketadi. .Men loy, guvala uzatib turaman. Ba’zan tamoman holdan toyaman. Qodir devkor esa qilt etmaydi. Gapirmaydiyam. Damdo‘z bo‘lib olgan. Yalingudek bo‘dib, unga mo‘ltirab mo‘ltirab boqqanimda o‘tiradi, ishlaymiz desak turadi — o‘ziga qo‘yib bersang nafas rostlab olish asti xayoliga kelmaydi. Hash-pash deguncha, uch-to‘rt kunning orasida devorni tiklab bo‘ldik. Yana ikki kunda loysuvoqdan chiqarsak ish tamom.
Chol kelib qoldi. Devorni ko‘rib rang-quti o‘chib ketdi. U bular kamida bir oy ishlashadi, deb o‘ylagan ekan. Bir haftada shuncha pulimni olib ketishadimi, degan o‘yda bo‘lsak kerak, bizning ishimizdan qildan qiyiq axtargandek kamchilik izlay boshladi. Uyoq-buyog‘iga aylanib ko‘rdi. Burchakka borib zingil solib qaradi. Tusi o‘chdi.
— Butan bo‘libdi! — dedi dabdurustdan.
— Nima?! — Uning norozi qiyofada aytgan so‘zi yuragimizga g‘ulu soldi.
— Butan bo‘libdi! Butan bo‘libdi! — Chol endi depsindi, — guvalalar bir-birining ustiga mindirilmabdi.
— Guvalalar bir-birining ustiga qo‘yilsa, ag‘darilib ketadi, kuyunib tushuntira ketdi Qodir devkor. — Ana shunday yarim mindirilsa, ushlaydi.
Chol esa so‘zida turib oldi. Axiyri, maqsad-muddaosi ham ayon bo‘ldi. Ishon-ishonma, o‘zi yorildi.
— Bu ahvolda mendan bir tiyin ham ololmaysizlar! — dedi.
Shunda devkorning tutaqib ketganini ko‘rsang edi. Shartta ketmonini ko‘tarib devorning ustiga chiqdi-da, tars-turs ura boshladi:
— Hozir buzib tashlayman! Men norozi bo‘lib ketganimdan so‘ng yetti iqlimning ustasini ham opkelib ishlatolmaysan.
Yon-atrofimizda uch-to‘rt cho‘lquvarlar paydo bo‘lishdi. Yo‘q, ular oynai jahonda aytiladigan, qo‘lni-qo‘lga berib, bir oila a’zolaridek xalq farovonligi yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilishayotganlar emas, biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan, bir tiyin uchun cho‘lning u yog‘idan-bu yog‘igacha emaklab borishadigan cho‘lquvarlar edi. Ular tirjayishib, xiringlashib, bir-birlariga gap-so‘z uqdirishib, Qodir devkorning xatti-harakatlarini kuzatishardi. Devkor axiyri chidolmadi, ketmonni pastga uloqtirib yubordi, devor ustiga turib:
— He-e og‘aynilar, qanaqa elsizlar o‘zi?! G‘urur, or degan narsani bilasizlarmi-yo‘qmi? Meni qishlog‘imda ishlagan odam sal norozidek bo‘lsa, butun xalq uning ko‘nglini ko‘tarishga chog‘landi…
— U sizzi qishloq-da! — dedi kimdir.
— Bu yer cho‘l, o‘sha g‘urur-pururlaringizning hammasini bir chaqaga olishmaydi, — qo‘shildi boshqasi.
— Topgan gapini! El deydi-ya! Qo‘shnilar bir-biri bilan kelishmaydiyu bu zamonda, har yoqdan kelgan odamlar el bo‘larmidi…
— Cholni rosa laqillatib ketmoqchi bo‘lgan ekan-da…
— Ha-a, bular sodda ko‘rinishgani bilan anoyimas…
Ana shu gap-so‘zlardan so‘ng chidolmadik, xolavachcha. Mehnatimizniyam ana shu qarg‘ish tekkan odamlarga suv tekinga qoldirib, qaytdik. Ana shunaqa, xolavachcha. Aytgan bilan tamom bo‘lmaydi. Tirikchilik qiyin.
Ergash dakangning aytganicha bor. Lekin gap faqat azbaroyi tirikchilikda ham emas. Qodir devkorning o‘sha xudo qarg‘agan cho‘lga borishigayu xotirasida bir umr taassurot qoldirilishiga sabab boshqa yoqda edi. Buni Ergash dakang bilmaydi. Bilmay gapiraveradi. Devkorning butun alamini ishdan olmoqchi bo‘lib, damdo‘z, indamay yurganiga ham aqli yetmaydi. O‘shanda kimdir, Qodir devkor, Qodir devkor, deyaverasizlar, maqtaysizlar, nima bo‘pti, polvon xokiga tushgan solim bilan kunini o‘tkazib yuribdi-da, hozir kallani ishlatish kerak, kallani — Qodir devkorning kuchi ho‘kizdayam bor, falonchining kallasi esa… E-ha! Juhudday boyib ketgan, deganini eshitgan, o‘ksib-o‘ksib, hamqishloq deganiyam shunday bo‘lar ekan-da deb, biri bois tumanidan ko‘ngli qolgan edi. Ilgari odamlar munaqa gaplarni bilishmasdi. Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi — qanday balo yopirildi, go‘yoki shayton oraladi… Polvon qattiq malollandi, mardikorlikni ixtiyor etdi, gadoytopmas yerlarda birovning ishini qilib kelsam, munaqa gaplarniyam eshitmasam deb o‘yladi. Ergash dakangni ergashtirib, yurib-yurib keyin bilsa o‘zi odamlarga nimadir bo‘lgan, shayton oralamagan joy qolmagan hisob…
Ergash dakang dam devkorning, u bilan birga yurganidan dam o‘zining, dam birgalashib urgan devorlarining ta’rifini qilishdan charchamaydi baribir.
— Qodir devkorga giroylikni berish kerak! — deydi ba’zan. — Nega giroylikni shunga bermaydilar? Hayron qolasan odam. U urgan devorlardan kattalarning xabari yo‘qmikan, ta’rifini eshitmaganmikin yoki?! To‘ychi podachi ikkalasiga giroylikni beringlar, deb yozmaymizmi, a?! Nima bo‘pti, To‘ychi xalqning podasini yigirma yildan buyon boqadi, Qodir devkor e-ha… Esini tanigandan birovning uyi, birovning paxsa devorini urib beradi. Ana shularni bir chetdan, bafurja yozsak, giroylikni berishar. Kegin bizning bir emas, ikki giroyimiz bor, deb maqtanib yuramiz, ularning soyasida ba’zan ba’zan avtobuslarga pattasiz chiqsak ham hech kim indamaydi, xolavachcha…
Uning gapini eshitganlar kulishadi:
— E, yashshang, xolavachcha! Soddasiz-da! — deyishadi.
…Qodir devkor oqtangiliklar niyatlarini yomon qilishdi, qabristonlarni kengaytirmoqchi bo‘lib, devorni buzishdi, daladan yer qo‘shib olishdi, degan gapdan so‘ng ancha behalovat bo‘lib yurdi. Boisi, ular qabristonga qo‘shib olgan joy devkorning qishlog‘igayam, Oqtangigayam birdek tegishli. Qabristonlar esa alohida-alohida.
Bir kuni uning kampirini ko‘rish bahonasida Oqtangining og‘zi kattalari kirib kelishdi. Devkor ularning munday birgalashib yurganini ko‘rmagan edi. To‘y-ma’rakagayam bittasi borsa, qolganlari borishmasdi, o‘z «qadr»larini saqlashardi go‘yo.
Qodir devkor ancha esankirab qoldi.
— E… kelinglar… kelinglar… — deya oldi-yu, ularni ichkari boshlab kirishini ham, kirmaslikni ham bilolmay serrayib qoldi.
— Tuzukmisiz, devkor. Kampiringiz yotib qolipti deb eshituvdik, kech bo‘lsayam kelyapmiz, — dedi og‘zi kattalardan biri xirildoq tovushda. U egniga ko‘k movut chakmon, oyog‘iga oq kigiz etik kiyib olgandi. Yoshi o‘tib qolayozgan bo‘lsa-da, keksalikka ro‘yxush bergisi kelmayotgani ko‘rinib turardi. U bir vaqtlar dong‘i ketgan chavandoz bo‘lgan. Necha martalab otdan yiqilib, biror joyi lat yemagan odam, bir kuni raisning oldiga kirib o‘zini gurs etib stulga tashlagan. Stul chil-chil singan, u orqasi bilan tsement polga yiqilgan. Boshi yorilgan, qo‘li chiqqan. Qo‘lini Kumush xola joyiga tushirib qo‘ygan-u, boshini davolashning iloji bo‘lmagan. Dam-badam hushidan ketib, ortiq ko‘pkariga yaramay qolgan… Chavandozligidagi dovrug‘iyu hurmatimi, yoinki kimsan naq raisning stulidan yiqilgani uchunmi, og‘zi katta bo‘lgan…
— Ichkariga kiringlar, ichkariga… — Qodir devkor shoshilib ularni uyga taklif qildi.
— Mayli, mayli, sal nafas rostlab olaylik, yetib kelguncha davleniye ko‘tarilib ketdi, — dedi ikkinchi og‘zi katta harsillab. Uning har ikkala yuzidan qon tomib turar, ko‘zlari ham qontalash edi. U bir vaqtlar rais bo‘lgan, odamlarni qamchi urib ishlatgan. Bittasini yomon urgani uchun qamalgan. Qamoqdan kelganidan keyin ham baribir unga hamma rais buva, rais buva, deb salom beravergan, egilavergan… Raisligidagi siyosati uchunmi, yoinki qamalib kelganidanmi, e’tiborli odam…
— Uyga kirib o‘tirmaylik, supaga joy qilib qo‘ya qoling, devkor, — dedi ko‘rinishidan og‘zi kattaligi ham bilinmaydigan mehmon do‘rildoq tovushda. Bu odam juda janjalkash bo‘lgan. Umrining yarmini qamoqda o‘tkazgan. Har safar qamoqdan chiqqanida haqiqatni himoya qilganim uchun qamashdi, der ekan. Uning gapi qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘riligini kim bilsin, biroq ko‘p o‘tmay yana qandaydir haqiqatni himoya qilgani ayon bo‘lardi, qamalardi. Aytishlaricha, badanida erkakligi, mardligi bo‘lgani uchun og‘zi katta emish…
Ularning hammasi uch-to‘rt kilodan qand-qurs ko‘tarib kelishibdi. Og‘zi kattalar-da! Oqtangining unday-munday odami birovning uyiga quruq qo‘l bilan bormaydi.
Devkor supaga ko‘rpachalarni to‘shagach, ular kelib o‘tirishdi.
Fotihaga kaft yozishdi.
— Shu xonadondan fayz-fitr arimasin, bemorlar hech nima ko‘rmagandek bo‘lib ketishsin, — duo qildi sobiq chavandoz.
— Gullarni ham ekib tashlabsiz-ku, yashang devkor, yashang! — maqtadi sobiq rais.
— Hovliga gul ekishning xosiyati yo‘q, devkor, — hamrohining raisligi davridayam bir-ikki qamalib chiqqan sobiq janjalkashning unga keki bor edi, har so‘zda, xattiharakatda eski alamlarni yozmoqchi bo‘lardi. — Bilmaganlar gapiraveradi. Ishoning, gulning jin-ajinasi bor. Ishonmasangiz, gulzorlaringizda kechasi bir aylaning, mast qilib tashlaydi…
— Ajina emas, gulning hidi mast qiladi! — dedi chavandoz.
— Bu gaplarni qo‘yinglar, — dedi eski rais yana hukmronlikni qo‘liga olib. — Maqsadga ko‘chaylik!
— Ma’qul!.. — quvvatladi chavandoz.
— O‘tiring, devkor! Urinmang, choyni keyin, kampiringiz tuzalib ketgach ichamiz!
— Ma’qul!..
— Tomirimiz bir, qolaversa, pochchamizsiz…
Shu yerda Qodir devkor sal-pal qimirlab qo‘ydi.
— Devkor, dunyodagi eng tabarruk joy — qabriston. Muni biz ham, yoshimiz bir joyga yetib qolib, o‘zimizni sal bosib olgach bildik. Shu uchun qabristonimizni kengaytirmoqchi bo‘ldik. Obod qilib daraxt ekamiz, gul ko‘kartiramiz…
— Gul qabristonga bo‘lmaydi, — qitmirlik bilan e’tiroz bildirdi sobiq janjalkash.
— Gul bo‘lmasa boshqa ekin bo‘lar, lekin gap bunda emas. Biz keksalar erta o‘lsak, hozirgi yoshlar tepib ko‘mib kelishadiyu unutishadi, deb o‘yladik, ungacha o‘zimiz shu savob ishni qilaylik dedik…
— Sovxoz kattalarigayam ishonsak bo‘lmaydigan, — dedi chavandoz.
Janjalkash qizishdi:
— E, ularning hammasi bir go‘r. Qaysinisi katta bo‘lsa o‘zini o‘ylaydi, to ro‘zg‘or-po‘zg‘orini tiklab olguncha hammayoq xarob. Mana, Ismat degan yangi direktor keldi. Shu-u tuzukmi deb o‘ylovdik, g‘irt cho‘chqaning o‘zi. O‘ziga hashamatli idora qurdirdi. Ishlaydigan odam g‘ordayam, cho‘ldayam ishlayveradida. Yana bu kishim bir yilda uch marta kurortga boradilar.
Yangi direktorning sobiq raisga yaqinligi bor edi, hozirgi so‘zlarga qarshi nimalardir demoqchi bo‘ldi-yu, janjalkashning avzoyidan qo‘rqdi.
— Tuzuk ishlariyam bor, — deb ming‘irlab qo‘yaqoldi.
— Nimasi tuzuk?! Nimasi tuzuk?! — ur-surlarni dili tusab qoldi shekilli, janjalkash bo‘yin tomirlari bo‘rtganicha qichqirdi. — Tilimni qichitmang! Direktor bo‘lib keldi — ferma mudirini bo‘shatib o‘rniga o‘zining odamini qo‘ydi. Nega? Bilasiz, bilasiz — otarga yuzta o‘zining qo‘yini qo‘shgan, fermada qoramollari bor. Ana shularning misi chiqmasin degan-da!
— Bo‘lmag‘ur gap! — Sobiq rais ham o‘zini tutolmadi.
— Uyida mol do‘xtiri Toshmatning xizmatkorlik qilib yurishi ham yolg‘onmi, yolg‘onmi? — Janjalkash xezlangan edi, chavandoz bazo‘r uni bosib qo‘ydi.
— E, qo‘yinglar-e, uyda kasal yotibdi, — dedi ularning har ikkalasigayam tahdid bilan.
Shundagina jimib qolishdi.
Qodir devkor bu uchala og‘zi kattaning nega bir-birlariga baqamti keladigan joylarga bormasliklarining sababini g‘ira shira anglaganday bo‘ldi.
— Devkor, qabristonning devorini endi o‘zingiz ko‘tarib berasiz, — dedi chavandoz rahnamolikni qo‘lga olib. — Qanday yordam kerak bo‘lsa, beramiz. O‘zimizdayam paxsachilar boru ular sizning oldingizda hech narsamas-da!..
Og‘zi kattalar o‘rinlaridan turishdi. Ichkari uydagi xastadan xabar olib chiqishgach, salobatli qadamlar tashlab jo‘nashdi.
Qodir devkor o‘ylanib qoldi. Garchand na ha, na yo‘q, degan bo‘lsada, kelganlar go‘yo o‘z gaplari ikki bo‘lmaydigan bir alpozda ketishdi. Ularning aytganlarini qilib, ishga tushsa, hamqishloqlari xafa bo‘lib qolishadi…
U yana uyga kirdi.
Kampiri sal-pal jonlanganday edi.
— Ketishdimi? — deb pichirlab so‘radi.
— Ketishdi, — Qodir devkor istar-istamas javob berdi.
— Borasizmi?
— Qayerga? — Qodir devkor hayron bo‘lganicha kampiriga qaradi, uning haligi gaplardan xabardorligiga ishonmadi.
— Eshitdim… — dedi kampir. — Boring, o‘lsam, baribir Oqtangiga eltib ko‘masizlar-ku meni! Siz bu yerda qolasiz… Qo‘lingiz tekkan devorni umrbod ko‘rib yotaman-ku…
Qodir devkorning ko‘ksi achishdi. Tomog‘iga nimadir tiqildi. U kampirining mantiqini o‘ylamagandi.
— Qo‘y unaqa gaplarni, Gulsum… — deya oldi zo‘r-bazo‘r. Shu o‘ksik-mahzun so‘zlarni aytdi-yu, tepachada Mirzo Badalmi, Kal Davronmi, kimligi yodida yo‘q, ishqilib, shulardan biri qo‘zg‘agan gapni esladi. Ularning oqtangiliklardan domangir bo‘layotganliklari uchun kayfiyati tushdi, uyatdan qizardi.
Shuyam so‘zmi?! E, odamlar-a!
Ozgina yer o‘rtada ekan, uyoqqa o‘tdi nimayu buyoqqa o‘tdi nima?! Qadimdan ota-bobolariyam bir buloqdan suv ichib, bir tegirmonda un tortib kelgan, kindigi bir yerda tugilgan bu odamlarga nima jin urdi o‘zi?! Qachondan bu seniki, bu uniki, deya bebiliska sarhad chiziqlarini tortishdi; qachondan ko‘ngilga g‘ulu, nizo-nifoq urug‘ini qadashga ulgurishdi?! Yana bu og‘zi kattalarning o‘zlariga ja-a bino qo‘ygancha gapirishganiga kuymay bo‘ladimi?!
Ey qardoshlarim-a, degisi kelardi Qodir devkorning.
Ey sho‘rliklarim-a, degisi kelardi uning.
Bu gaplar tiliga ko‘chmadi. Dilida tugun bo‘ldi. Yakkash boraymi bormaymi, degan ikkilanishlari abas topdi. Mahv bo‘ldi qaygadir. G‘oyibdan unga kuch keldi. Bu kuch qachondir, qay kundir kelishini g‘ira-shira anglardi. Yuragi toshiqib ketdi…
Shahd bilan Ergash dakangnikiga yo‘l oldi.
Oqtangidayam ishchan, baquvvat kishilar bisyor… Biroq, devkorga ko‘ngildagidek loy uzatib turadigan belchi yagona…
U ham bo‘lsa, Ergash dakang…
Tag‘in odamni zeriktirmaydiyam…
Qolaversa, bu galgi devor oddiy devorlardan emas, ikki qishloq o‘rtasida ko‘p narsalarni bog‘lab chatishtirib turishi kerak edi, Qodir devkorning nazarida…
U shuni jon-dildan istardi…
Darvoqe, ikkala qishloq orasida bog‘lanib-chatishib turadigan, devkor so‘z bilan ifodalay olmaydigan o‘sha narsalarning o‘zi mavjudmikan?
Allaqachonlar ko‘hna sopollar singari chil-chil sindirilib, axlat to‘daga uloqtirilmaganmikan?
Unda buyog‘i nima bo‘ladi?
Ana shunda hamishangi asriy tahqirlaru ularning samarasi o‘laroq zohir bo‘lmish asriy muammolar singari behudud zulmoniy zulumotdan darak berib bot-bot evrilib kelgan bir savol yana takrorlanadi: «Kim bilsin?»
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 4–son