Shoyim Bo‘tayev. Men, onam va bolam (hikoya)

Kecha dam olish kuni edi.
Allanechuk parishonxayolligim oshib, kun sayin hech narsaning qizig‘i qolmayotganday. To‘qqiz qavatli binoning to‘qqizinchi qavatidagi laylakning uyasidek ikki xonali uydan zarurat bo‘lmaganda chiqqim kelmaydi. Avvallari, qattasiz, qachon kelasiz, deganicha holi jonimga qo‘ymagich xotinim ham, biror joyga chiqib aylanib kelsangiz bo‘lmaydimi, deya endi teskarisini aytadi.
Yo‘q, deyman, yo‘q!
Asab. Televizor ko‘rmang, gazeta-jurnallar o‘qimang, ko‘proq dam oling – ketmon chopib, o‘roq o‘rdimmi? Oson ekan-da.
Yo‘lakdan kiraverishda, o‘ng tomondagi devorga o‘rnatilgan pochta qutilari o‘z-o‘zidan qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan – gazeta-jurnallar o‘qimang emish. Televizor ko‘rmang emish. Uning qarshisidagi divanda yonboshlab, barcha kanallarni birma-bir ko‘rishdan durustroq ermak bormi?
Kecha tushdan keyin, soat uchda soy bo‘yidagi choyxonada hamqishloqlar yig‘ilib, osh qiladigan bo‘lishgan edi. Ozodqul meni uch kun avval ogohlantirib, domla, boshqa zakaz olib qo‘ymay, albatta keling, degan edi. Uning otasi bilan maktabdoshman. Bizdan ikki sinf balandda o‘qigan. Kechagidek eslayman.
Ozodqulga bergan va’damga ko‘ra o‘rnimdan turib otlanayotgan edim, birdan borgim kelmay qoldi.
– Bormaysizmi?
– Yo‘q.
– Uyda yakkamoxov bo‘lib o‘tiravering.
– O‘tiraveraman.
U yana nimadir demoqchi bo‘ldi, aytmadi. Qoshini chimirib, oshxona tomon yo‘naldi. So‘nggi paytlarda munosabatlarimizda mana shunaqa ohanglar ustunligiga ham sekin-asta ko‘nikib boryapmiz.
Kechqurun odatdagidek televizor qarshisidagi divanga cho‘kdim. Jajjigina qizcha chiqdi. Matematika fanidan qandaydir tanlov g‘olibi bo‘lgan ekan. Shunisiga qiziqdim. E xudo, matematika haqida bir og‘iz ham gapirmasa-ya?! O‘zining shu darajaga yetishida mahallasining, ota-onasining o‘rni haqida baloday ma’ruza qildi. Qanaqa qilib o‘rgatishdiykin?
Keyin katta ishni do‘ndirib qo‘ygandek og‘zi qulog‘ida bir odam ekranda qora berdi. Qizchaning otasi ekan. Uni qayerdadir ko‘rgandek edim. Qizini maktabda ham o‘zi o‘qitar ekan, boshqalarga qanday talabchan bo‘lsa, qiziga ham shunaqa ekan. Demak, uyam matematik, ammo mahmadanaligiga qaraganda, misol yechishdan ko‘ra gapni ko‘proq do‘ndiradi. Ehtimol unga ham talabaligida o‘zim dars bergandirman. Kim bilsin, umrimning ko‘p qismi shunaqalarni odam qilaman, degan orzu bilan o‘tdi.
– Serial ko‘rasizmi?
Oshxonadan qaytib keldi.
– Yo‘q.
Pultni divanga tashlab, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim.
– Siz bularni o‘qing.
Qo‘limga ikkita sariq matbuot deb ataluvchi ko‘cha gazetasini tutqazdi.
Bunaqa gazetlaringni o‘zing o‘qi, demoqchi bo‘ldim-u, yana san-manga borib o‘tirmaslik uchun indamay qo‘ya qoldim. Xonamga kirdim.
Shiftga qarab chalqancha yotdim. Allaqanday sillani quritib yuboradigan zerikishni his etdim.
Onamni esladim. Meni qishloqda olib qolaman, deb ne zahmatlar chekmadi boyoqish. Boshingni og‘ritib nima qilasan, oldimda o‘tir, qavmu qarindosh, qo‘ni-qo‘shnilaring orasida yurmaysanmi, uzoqlarda sanqib bir burda ortiqcha non topganing nima bo‘lardi, derdi. Axiyri, taqdirga tan bergach, o‘qiyman deb ochin-to‘qin yurma, oshxonaga kirib qorningni to‘yg‘azib-to‘yg‘azib ol, deb o‘rgatishdan charchamasdi. Shu Ozodqulgayam rahmatli onam tayinlab qo‘ygan. Devor-darmiyon qo‘shnimiz, qolaversa, kichiksan, tez-tez xabar olib tur, bir-biringga hampo bo‘lib yuringlar, o‘zini yolg‘iz qoldirmanglar, degan – bir kuni shirakayfligida aytib yuborib, buvim juda ajoyib kampir edilar-da, devdi. O‘sha-o‘sha, yosh bolagayam shunaqa gap gapiradimi deb goh rahmatlidan, goh bu gapni boshqalar oldida doston qilgan Ozodquldan domangir bo‘lib yuraman.
O‘zi, bugun borsam ham bo‘larkan… Soatga qarayman, endi kech. Mijjalarim namlanganini birov ko‘rmagani yaxshi bo‘ldi. Ayniqsa, anavi…
O‘zimni ovutish uchun gazetaning birinchisini ochdim. Hammasi krossvord, chaynvord degan narsalar ekan. Yana allaqanday e’lonlar, reklamalar. O‘zini-o‘zi qoplashi kerak. Boyoqishlar – barcha yugur-yugur bilan ovora.
Ikkinchi gazeta ham birinchisidan qolishmasdi. Teledasturlar sahifasidan keyingi betni ochib, g‘alati uch nuqtalarga ko‘zim tushdi. Chamasi, bu uch nuqtalar sarlavha o‘rnida edi. Ammo uning ustida na biror ism-sharif, ostida na biror bir janr ko‘rsatilgan edi. Uch nuqtalarning yettita ekanligi va tobora kattalashib borgani meni ajablantirdi. Keyin bunga e’tibor bermay, ostidagi matnni o‘qishga tutindim.

… … … … … … …
Tuman markazi o‘rtasidan kesib o‘tgan, qachonlardir asfalt yotqizilgan yo‘lning qor va yomg‘irdan o‘ydim-chuqurlashgan joylariga shag‘al to‘kilgan – tepadan qaraganda yamoqchining to‘rvasiday ko‘rinadi.
Yo‘l bo‘yida to‘xtagan ko‘k rangdagi “Otayo‘l”ning oldingi eshigi ochildi.
Undan bir ayol tushdi. Avtobus joyidan siljidi.
Burni tanqaygan, ko‘zlari changdanmi, charchoqdanmi qizarib ketgan haydovchi ortiga o‘girilib, qalin lablarini cho‘chchaytirdi va zarda qilayotgandek xirilladi:
– Qolganlar hamma bozorgami?!
– Ha, bozorga-a! – yo‘lda tushirib qoldi­rilishidan xavotirlangandek chuvillash quloq qasmoqlari oralab o‘zini ichkari urgach, haydovchi qiyofasiga mamnunlik ifodalari balqib, ko‘kragini rulga berdi va gazni qattiqroq bosdi.
Avtobusdagilar hanuz tushib qolgan ayolni unutisholmasdi – bechoraga qiyin bo‘pti; yana ikki yilgina chidashsa bo‘lardi; o‘n yil oldin qonun chiqqan ekan; shu choqqacha nega indashmapti; kerak bo‘lgan-da; endi yangilarga ish topib berish kerak ekan; ko‘p yugurdi shuyam; uyda o‘tirgani bilan ustidan eshik qulflanib qolsa nima qiladi; ha-a, boshida tug‘i bo‘lgandayam bo‘lak gap edi; o‘g‘li o‘qishini bitirib olgandayam mayliydi…
Avtobus gavjum joyga kirib bordi.
Deraza-tirqishlardan yopirilayotgan shovqin-suron yo‘lovchilarni chalg‘itdi – yalakatlik mahv bo‘ldi. Hademay o‘zlari borib qo‘shiladigan izdihomga ichlari qizigancha boshlarini ko‘tarib qaray boshladilar. Narsalarini qo‘llariga olib, hali bir joyda muqim to‘xtamagan avtobusni tark etish harakatiga tushishdi.
Yo‘lda qolgan ayolning boshi aylanib o‘ziga kelolmas, avtobusdagilarning biri olib, biri qo‘ygancha hamdardlik qilmoqchi bo‘lishgani xayolini tark etmagan, quloqlari ostida shovqin g‘uvillardi – qo‘ysangiz-chi, egachi, shuncha yil ishladim deb nervingizni buzavermang, nari borsa tarbiyachi ekansiz, ket degandan keyin etak silkib keting, yurasizmi; ha-a, shuncha vaqt ertani erta demay, kechni kech demay umrini berib ishlab kelyapti ekan, nogiron bolalar bilan hazilmi sizga, nega endi nafaqaga yaqin qolganda ketaverar ekan, haq-huquqini talab qilsin; avvaldan bilmagan-da, bilganida institutda o‘qib olardi; sirtqisi bo‘lsa ekanki oliy ma’lumot olsa, qariganda farzandi tengilar bilan partada o‘tirsinmi; undan ko‘ra bozorga chiqsin, mana bizniyam kunimiz o‘tib turibdi-ku…
Ayol beixtiyor to‘kila boshlagan ko‘z yoshlarini ro‘molining bari bilan artib oldi – yaxshiyam, shular bor ekan, odamni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi; qani, yana bir harakat qilib unnab ko‘rsin-chi, zora, arzi-dodiga yetib rahm qilishsa, bozor qochmas, keyin ham bo‘laveradi; anov opa ham aytdilar-ku, bunaqa bo‘sh-bayov bo‘lib yurmang, biz ham siz tomonda, deb; bizga o‘xshaganlar ham ko‘p ekan-da, qayoqdan ham bilishsin edi bunaqa bo‘lishini…
U burnini tortib, tevarak-atrofga alangladi. Nariroqda o‘sgan gullar ustiga kapalaklar uchib-qo‘nishardi – u yoshligini, ota-onasini esladi, chuqur xo‘rsindi.
Yo‘lning narigi tomonidagi qo‘qqaygan muhtasham binoga nimalarnidir yodiga keltirmoqchi bo‘lgandek ko‘zlarini qisib qaradi. Keyin bir fikrga keldi, shekilli, sirti qo‘pchib olapesga aylangan sumkasini yelkasiga ilib, yo‘lni kesib o‘tdi.
Tepada oftob qizdirar, tevarak-atrof kimsasiz – devorlar ostidan yulinmay qolib quvragan o‘t-o‘lanlarni makon qilgan chirildoqlar chirillashi quloqqa chalinadi. Holsizlangan ayol tosh yo‘l va devorlar purkayotgan olovga dosh berishning yagona yo‘lini topgandek, ozg‘in yelkalarini yoydek egib oldi. Muhtasham bino baland temir panjara bilan o‘ralgan, uning kirib-chiqar eshigi qaydaligi, umuman, unda shunaqa narsa bor-yo‘qligi noma’lum edi.
Binoga olib boradigan yo‘l tobora torayib, yigirma-o‘ttiz qadam qolganda tugadi, chap va o‘ng tomonlarga yolg‘izoyoq yo‘lakcha bo‘lib bo‘linib ketdi – tanla qay birini bo‘lsa ham degandek ikki qanotda mayda daldalar mo‘ltirab turishardi. Goh u yoqqa, yana goh ikkinchi u yoqqa qarayotgan ayol chap tomonga burilib yura boshladi va ko‘p o‘tmay yo‘li to‘silmish binoga qaraganda ko‘rimsizroq bo‘lib turgan manzilga yetdi. Izlab kelgan joyi shumikan-boshqamikan?
U hadiksirayotgandek orqa-oldiga qarab oldi.
Panjaralar ortida quyuq daraxtzorning salqin epkini tashqariga ham urib turgani boisidanmi, boshqa sababdanmi, ayol tomog‘i ostidan ro‘molini ozroq bo‘shatib, yengil nafas olgandek bo‘ldi – xayriyat.
Chap tomondagi yolg‘izoyoq yo‘l olib kelgan bino haqiqatdan ham u istagan joy edi. Bir muammo – to‘siq, bino bog‘cha hovlining to‘rida joylashgan bo‘lib, u yoqqa borish uchun panjaralar orasidagi panjara eshikni ochib, ichkariga kirishda edi. Bu o‘z-o‘zicha bo‘lmasdi – ichkarida qopag‘on it-pit yo‘qmikan, degan qo‘rquvdan tashqari boshqa andishalar ham birovning ko‘cha eshigi qarshisidagi kabi ayolni to‘xtatib turardi.
U avval qo‘ng‘iroq tugmasi bormikan, degan ilinjda panjaralar panjalariga diqqat bilan nazar soldi va navqiron navkar nayzalaridek tikraygan temirlarning jipsligini ko‘nglining bir chetidan o‘tkazib, bitta-yarimtaning qorasi ko‘rinib qolishidan umidvorday tevarak-atrofga alanglab oldi. Chirildoqlar chirillashidan o‘zga qilt etgan tovush quloqqa chalinmas, avtobusdan tushganida unga dalda bergandek tuyulgan kapalaklar ham katta yo‘l bo‘yidagi gulzorda qolgan edi.
U panjaralar orasida siqilib turgan panjara eshikni ochishga jazm etdi. O‘ng qo‘lidagi sumkasini chap qo‘liga oldi va o‘ng qo‘lini ko‘tarib qora panjaraga yopishtirib qo‘yilgandek oq dastani ushladi. Ushlagan narsasi nima ekanligini idrok etmoqchi bo‘layotgandek birpas qo‘yvormay turdi, so‘ngra bu matohning ishlash mexanizmini eslab qolgandek, uni pastga qayirib o‘ziga tortdi.
Eshik ochilmadi.
Bunaqa eshiklar qat’iy tartibda hech qachon tashqariga ochilmagan, ochilmas ham edi – qandaydir ichki ilinj, orzu niqobidagi umidvorlik tuyg‘usi savqi tabiiy ravishda uni shunday qilishga undagan edi, xolos.
Uning nigohidan shu choqqacha pinhoniy tarzda mo‘ralab turgan xavotirning ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi va pinhoniylikning behuda pinhon bo‘lmagani sir-asrori namoyon bo‘ldi. U o‘z xatti-harakatlari baribir samara bermasligiga ishongan ko‘yi dastani qo‘yvormay ichkari tomon itargan edi, eshik ochila qoldi.
– Ho-ov opa, qayoqqa?
U sarosimalangancha, na oldinga, na orqaga yurishni bilolmay turganida yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi – yengi kalta ko‘ylagining chap yengi o‘rtasida allaqanday belgisi bo‘lgan o‘ttiz yoshlardagi rangpar, ozg‘inligidan yanayam uzun ko‘rinadigan novcha yigit paydo bo‘ldi.
Ayol esankiradi, merovlandi – qidirib kelgan joyi bu yer emasligiga inonib, begona joyga adashib kirib qolgandek xijolat cheka boshladi va qaysi manzilni istab kelganini uzr so‘rayotgandek tortina-tortina izhor etib:
– …shumi? – deb so‘radi, so‘ragani shu bo‘lib chiqmasligini astoydil istayotgandek.
Peshvoz chiqqan yigit negadir uyqusi buzilgandek noxush kayfiyatda edi, birpas aniq­taniq javob bergisi kelmay turdi-da, keyin bosh irg‘ab uning hujjatini so‘radi.
Ayol shosha-pisha sumkasini titkilab, pasportini topdi va uning qo‘liga berdi.
Yigit pasportni shoshmasdan hafsala bilan ochib undagi suratga, keyin ayolning aftiga tikildi, ishonqiramayotgandek bu harakatini yana takrorladi.
– Maktabdanmisiz? – deb so‘radi pasportni uning qo‘liga qaytib berarkan.
– Yo‘q, imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatidan.
– Chaqirtirishganmi?
Ayol beixtiyor bosh irg‘adi. Keyin duvva qizarib ketdi.
– Qabulxonadan so‘raysiz, – dedi endi rangpar yigit uning aftiga qaramay, yo‘lak adog‘idagi eshikka ishora qildi.
Ayol unga minnatdorchilik bildirgancha hujjatini qo‘liga oldi. Chehrasi yorishib, yo‘l-yo‘lakay pasportini sumkasiga joylagancha yigit ko‘rsatgan eshik tomon yurdi. Borib, eshikni ochdi va yana hayajonlanib, ichkari kirish-kirmasligini bilolmayotgandek ostona ustida kalovlanib turib qoldi.
Unga bu yerda hech kim e’tibor bermadi.
Ayol qo‘rqa-pisa xonaga nazar tashladi – u hozirgina bosib o‘tgan yo‘lakning chap tomonidagi bog‘chaga qaragan deraza ostida yonma-yon turgan ikkita kursining birida boshida andijoncha baland do‘ppi, egnida oq yaktak, oq-sariqdan kelgan cho‘qqi soqolli oltmish yoshlardagi kishi o‘tirar edi. Tizzalari ustiga taqvodorlik odatiga ko‘ra odob bilan qo‘yilgan ikki qo‘lining barmoq uchlari titrashidan asabiylashayotgani bilinayotgan bu kishining tomirlari qontalashib turgan yonoqlaridan qon bosimi baland ekanligini sezish qiyin emasdi. Uning qarama-qarshi tomonida, allaqachonlar botib ketgan quyosh nurlari sachragan osmon fonida uchib borayotgan turnalar karvoni tasviri tushirilgan yog‘och ramkadagi surat ostida, qandaydir ko‘kimtir tusdagi devorga taqab qo‘yilgan kresloda bir yigit bemalol yastanib olgan edi. Yaqindagina yaqiniga aza ochgan kabi qop-qora usti-boshdagi oppoq lo‘ppi yuzli, qoraqosh o‘ttiz yoshlardagi bu yigit nimanidir kutishdan yoinki behuda­bekorchi qandaydir ish-yumushdan zerikkandek, “Ayfon” telefoni ustida barmoqlarini mohir tikuvchi kabi o‘ynatish bilan mashg‘ul edi. Mashg‘ulotiga shu qadar berilib ketgan ediki, “Ayfon”i uning qo‘lida emas, u “Ayfon”ining qo‘lida qo‘g‘irchoq kabi taassurot uyg‘otar edi. Shunga qaramay, qovog‘i soliq katta-katta ko‘kish ko‘zlarini o‘qtin-o‘qtin ko‘tarib, xonaga oshig‘ich ravishda, yana nima gaplar, deyayotgandek olazarak nazar tashlab qo‘yardi. Keyin yana “Ayfon”iga sho‘ng‘irdi.
Ayol ostonasida serraygancha turib qolgan qabulxona eshigining ro‘parasida jigarrang tusdagi yog‘ochmi yoinki yog‘och bo‘lmay yog‘ochga o‘xshagan boshqa materialdanmi ishlangan eshik yarqirab, qadam bosgan har qanday ehtiyojmandni o‘ziga jalb etib turardi.
Bu – tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri xonasining yopiq eshigi edi.
Shu eshikning kesakisi o‘rnashgan devor bilan cho‘qqisoqol o‘tirgan oynavand devor tutashgan burchakdagi qora stol ortida “Ayfon”ga sho‘ng‘igan yigit bilan tengqur ko‘rinsa-da, unga qaraganda ancha ozg‘in va jonsarak, yengi kalta oq kuylakdagi mudir yordamchisi stolga qapishgancha nimalarnidir yozib-chizish bilan ovora edi. Nihoyat, u o‘z ishini tugatib, qog‘ozni qo‘liga oldi, shoshganicha o‘rnidan turdi va tik holda o‘z ijodi mahsulini yana bir sidra nazardan o‘tkazib, qanoat hosil qilgach, hech qayoqqa qaramay mudirning xonasi eshigining qabzasidan dadil tutib, uni o‘ziga tortib ochdi. Shunda ayol ichkarida yana bir eshik borligini ko‘rdi. Yordamchi qo‘shqavat eshikning keyingi qavatini mudir xonasi tomon itarib ochdi va shu tariqa muvozonatni barqaror qilib, ichkari kirib ketdi.
Qabulxonada cho‘qqisoqol kishi, qora kiyimdagi oq yuzli qoraqosh yigit va ayolning yarmi qoldi – uning yarmi ostona tashqarisida edi. Bu ikki yarim kishidan taqvodori hamon o‘z odob-ikromida o‘ziga sabr-bardosh tilash, “Ayfon”ga sho‘ng‘imishi tobora “Ayfon”ga sho‘ng‘ish, yarmi ichkarida-yarmi tashqaridagisi esa ichkari kirishni ham, ortga qaytishni ham bilolmaslik bilan ovora edi. Bu orada “Ayfon”ga sho‘ng‘imish bosh ko‘tarib avval cho‘qqisoqolga, keyin ayolga birrov nigoh tashladi, nimadir demoqchi ham bo‘ldi, shekilli; harqalay, uning qarashidan ayolning ichi bir qalqib tushdi – ammo u tiliga kelayotganini yana ichiga yutib yuborib, tuproqdan tashqarida dumalab qolgan oppoq kartoshkaga o‘xshash burnini kafti bilan ishqay-ishqay, sho‘ng‘imish joyidan chiqib ketishning ilojini topolmayotgandek yana sho‘ng‘idi.
Endi cho‘qqisoqol ayol tomonga qarab, unga nimadir demoqchi bo‘lib turganda, mudirning eshigi ohista ochilib, ichkaridan yordamchi chiqib keldi va “Ayfon”ga sho‘ng‘imishga yovuqlashib, uning qulog‘iga enkayib, ichkarining qandaydir gapini yetkazgan bo‘ldi. “Ayfon”ga sho‘ng‘imish bepisand bosh irg‘ab qo‘yib, sho‘ng‘ishda yana davom etdi.
Yordamchi joyiga o‘tib o‘tirdi. Stol qirg‘og‘ida turgan telefon apparatini o‘zi tomon surib, chap qo‘li bilan go‘shakni ko‘tardi, o‘ng qo‘li barmoqlarni o‘ynatib raqam tera boshladi. Go‘shakni birpas qulog‘iga tutib turdi. Javob bo‘lmadi, shekilli, go‘shakni “sharaq” etkazib joyiga tashladi.
Ayol cho‘chib tushdi.
Cho‘qqisoqol o‘rnidan turdi. Qiyomda tik turgan kabi o‘rnidan siljimay qo‘l qovushtirdi. Yordamchining xoli fursatini topib, o‘ng kafti ostidan chap qo‘lini sug‘urdi va ko‘rsatkich barmog‘i bilan mudirning eshigiga ishora qilib:
– Kirsam bo‘ladimi? – deb so‘radi biroz qaltiroq, ammo qat’iy ovozda.
Yordamchi qiyomda tik turgan taqvodor shunday qila olishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida ulamolarcha mulohaza yuritayotgandek, uning ishoraga ko‘tarilmish qo‘liyu cho‘qqisoqol aft-angoriga sarosar qarab oldi-da, darhol mulohazalariga yakun yasab, xulosasini bayon etdi:
– O‘tirib turing.
Cho‘qqisoqol qulog‘iga urilgan gapga ishonib-ishonqiramayotgandek, o‘ng yelkasini bir-ikki ko‘tarib-ko‘tarib uchirib qo‘ydi – osmonlarda parvoz etgan qanotli chog‘larini savqi tabiiy ravishda yod etdi, shekilli.
“Ayfon”ga sho‘ng‘imish tuyqusdan qahrli tarzda bosh ko‘tardi, qanotsiz parvoz etmoqchi bo‘layotganga o‘qrayib qaradi. Uning qarashidan anglashilgan, gapga tushunasizmi-yo‘qmi o‘zi, degan tahdidona ma’no yordamchini behad ruhlantirib yuborgandek bo‘ldi.
– Lom qayoqda qoldi ekan? – dedi go‘shakni ko‘tarayotib majhul ohangda.
“Ayfon”ga sho‘ng‘imishning qalin lablari ochildi, oppoq yuziga har qanday odamni o‘zidan nari itarib, qandaydir himoyalanishga majbur etuvchi tabassum yoyildi. Cho‘qqisoqol tushunmagan, go‘shakni ko‘tarayotib yordamchining o‘ziga-o‘zi savol bergandek aytgan gapi “Ayfon”ga sho‘ng‘imishga nash’a qilib, uni suyuntirib yuborgan edi. Bu holat cho‘qqisoqol ko‘nglida g‘ivirlab turgan qo‘rquvni negadir vahimaga aylantirib yubordi va jo‘yali taklifni o‘z vaqtida bajo keltirmaganiga taassuflanayotgandek, darhol joyiga o‘tirib oldi.
“Ayfon”ga sho‘ng‘imish “Ayfon”ga sho‘ng‘igan edi.
Cho‘qqisoqol ikki kaftini tizzalari ustiga odob bilan qo‘ygancha, barmoqlarining uchlari qattiqroq titragan ko‘yi o‘z mehrobiga kirgan edi.
Yarmi ichkari kirgan ostonadagi ayolning yarmi hamon tashqarida edi.
Telefon raqami terib, joyiga tusholmayotgan yordamchi asabiylashmoqda edi. U, axiyri, go‘shakni qo‘lida tutib turgan holda “Ayfon”ga sho‘ng‘imishga yuzlanib, undan kimningdir boshqa telefoni bormi-yo‘qligini so‘radi. “Ayfon”ga sho‘ng‘imish o‘ng qo‘lini yuqori ko‘tarib, “yo‘q”, ma’nosida silkitib qo‘ygach, yordamchi yana raqam terishga kirishdi.
– Allo! – qichqirib qoldi u ko‘kragini ko‘tarib, o‘zini kursisi suyanchig‘iga tashlaganicha. – Nega ko‘tarmaysiz?
Yordamchi go‘shakni o‘ng qulog‘idan chap qulog‘iga oldi. Uni qulog‘ida kifti bilan qisib tutganicha, allaqanday qog‘ozlar o‘rvin-to‘da bo‘lib yotgan stoldan o‘ziga kerakli qog‘ozni topib, unga nimalarnidir yoza boshladi.
– Shumi? – go‘shakning u yog‘idan o‘zigagina ma’lum bo‘lgan narsani lab burgancha so‘ragach, qo‘lidagi ruchkani o‘zi ijod qilgan qog‘oz ustiga bepisand uloqtirdi. Keyin go‘shakning u yog‘idan kelayotgan gaplarni goh stol ostidagi tuflisining uchiga, goh cho‘qqisoqolning andijoncha baland do‘ppisiga, goh ostonadagi ayolning sumkasiga ko‘rib-ko‘rmay tikilgancha tinglay boshladi. Tinglagani sayin uning jonsarakligi oshib, alamini nimadan olarini bilmagandek stol ustidagi narsalarning goh unisini, goh bunisini olib yana joyiga tashlar edi. To‘rtburchak o‘chirg‘ichni gugurt qutisini o‘ynagan kabi o‘ynab, biror burchagida tik turg‘ozolmagach, uni stolning bir burchagiga otib yubordi.
– Lom esingizdan chiqmadimi mabodo? – axiyri toqati tugab, haligina eslagan matohini yana tilga oldi. – O‘zingizga qarang!
U go‘shakni “sharaq” etkazib joyiga tashlaganida ayol yana cho‘chib tushdi.
O‘rnidan turmoqchi bo‘lgan cho‘qqisoqol qandaydir mulohozaga borib, mehrobida qoldi.
– Gapini qarang, – dedi yordamchi yana “Ayfon”ga sho‘ng‘imishga yuzlanib. – Men qayoqdan olaman deydi. Bu gapini nega menga aytadi, aytsin edi o‘shanda ortini qilpillatmay.
Telefon jiringladi.
Yordamchi go‘shakni ko‘tardi.
– Allo, eshitaman! – u stol ostidagi tuflisining uchiga tikildi. – Xo‘jayin yo‘q edilar. Xo‘p, aytib qo‘yaman.
U go‘shakni bu gal joyiga ohista qo‘ydi.
Endi “Ayfon”ga sho‘ng‘imish unga, kim ekan, degandek “Ayfon”idan lahza bosh ko‘tarib yuzlandi.
– Dum! – iljaydi yordamchi. – Qayoqdalar deb so‘rayapti.
“Ayfon”ga sho‘ng‘imish bosh ko‘tarib qiziqqani uchun afsuslanayotgandek yana “Ayfon”ga sho‘ng‘idi.
Yordamchi cho‘qqisoqolning gavdasi to‘smagan oynavand orqali tashqarida kimningdir kelayotganini payqadi va o‘rnidan turdi. “Ayfon”ga sho‘ng‘imishga im qoqdi.
– Opa, yo‘lni to‘smay yo ichkari kiring, yo tashqari chiqib turing, – dedi yordamchi endi ostonada turgan ayolni payqab qolgandek.
Cho‘qqisoqol ayol tomonga mutakabbirona qarab qo‘ydi. U hamon o‘z mehrobida qoyim edi.
“Ayfon”ga sho‘ng‘imish suyaklari uvishib qolgandek o‘rnidan turdi. Kerishdi. “Ayfon”ini qo‘ltig‘iga qistirib, barmoqlarini birma-bir tortib qisirlatdi.
– Ana-a, joy bor! – u tomdan tarasha tashlagandek cho‘qqisoqolga yer ostidan ilkis qarab oldi.
Shu choqqacha biror so‘z aytmagan “Ayfon”chining tuyqusdan tilga kirganidanmi yoinki kimga qaratilgani noma’lum gap aytib, unga majhul ma’noda qarab qo‘yganidanmi, cho‘qqisoqol dabdurustdan sarosimaga tushdi. Umuman olganda, u shu xona muhitida negaligini o‘zi ham bilmagan holda mana shu “Ayfon”chidan hadiksirab-hayiqib qolgandi. O‘zi tanimagan, avvallari biror marta ko‘rmagan, kimga o‘xshatishini-da bilmagan farzandi tengqur noma’lum bir yigit o‘z-o‘zidan, hech narsa demasdan, unga qarshi biror so‘z aytmasdan yosh bolalar ham qo‘ldan qo‘ymay o‘ynab yuradigan “Ayfon” o‘ynaganicha uning ko‘ngliga dahshatli vahima-qo‘rquv sola olishi mumkinligini tasavvur etishning o‘zi ham juda g‘alati, ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan hol edi. Gapning sirasini aytganda, u mana shu “Ayfon”chi tufayligina ortiqcha sa’y-harakatdan o‘zini saqlab, taqvodorona odob saqlab o‘tirgan edi.
Shu choqda ayolning ortida jikkakkina kishi ko‘rindi.
– Opa, o‘tsak bo‘lami? – dedi-yu, g‘ayriixtiyoriy ravishda chetlangan ayolning yonidan “shilt” etib o‘zini ichkari urgancha xona o‘rtasida hoziru nozir bo‘ldi.
Eski tanishini tasodifan uchratib qolgandek, dik etib o‘rnidan sakrab turib, qo‘l qovushtirgan cho‘qqisoqolning ko‘zlaridagi mung tuyqusdan qaygadir mahv bo‘lib, charaqlab ketdi. U hatto o‘z kursisini yordamchi stoli tomon ozroq jildirib, ayolga yonidagi kursini ko‘rsatib imlaganicha, xalaqit bermay kelib o‘tirsang-chi, degan ma’noda imo-ishora qilib qo‘ydi. Ayolning nigohi buni ilg‘ab, o‘zi ham noqulay vaziyatdan qutilganiga suyungandek tezgina kursiga borib o‘tirgandagina, cho‘qqisoqol ham, ayolning o‘zi ham indamas “Ayfon”chining tuyqusdan tilga kirib aytgan gapi ma’nosini ilg‘agandek bo‘ldi.
Jikkak kishi yalang boshining tuksiz old qismini kafti bilan sidirib, orqa tomonidagi, quloqlari yonida kuyib ketgandek siyrak sarg‘ish sochlarini avaylayotgandek siypab qo‘yarkan, hamon tavoze qilib turgan cho‘qqisoqolga, tanish bo‘lsa kerak, degan o‘yda bosh irg‘adi. Cho‘qqisoqol bag‘oyat yuksak iltifotga sazovor bo‘lgandek og‘zi qulog‘iga yetgancha iljayib, ta’zim bajo qildi.
Yordamchi chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha o‘ng qo‘lini tavoze ila uzatib, “Ayfon”chi esa o‘z haddini biladigandek biroz nopisandroq, ammo quchoqlashib ko‘rishishdi.
– Bormilar? – deb so‘radi jikkak kishi boshi bilan mudirning xonasi tomon ishora qilgancha.
– Marhamat, – dedi yordamchi qo‘li bilan mudir xonasi eshigini ko‘rsatib. – Telefon bo‘lib qoluvdi…
Jikkak kishi keskin qo‘l siltadi va yordamchi yugurib borib ochgan eshikdan ponadek ichkari kirib ketdi.
Uning ortidan avval “Ayfon”chi, keyin yordamchi kirishdi.
Yordamchi qaytib chiqib, stol ustidan allaqanday qog‘ozlarni olib yana kirib ketdi.
Qabulxonada cho‘qqisoqol va ayol qolishdi.
– Hasanbank! – xitob qildi cho‘qqisoqol jikkak kishini ko‘rib o‘z muammosini esdan chiqargandek.
– Kim? – xonada ikkovidan bo‘lak boshqa birov bo‘lmagani bois bu xitob o‘ziga qarata aytilganiga shubha qilmagan ayolning og‘zidan beixtiyor ona tilining olmosh turkumiga mansub shu so‘z chiqdi.
– Hasanbank! – takrorladi ona tilining ot turkumiga ishqiboz cho‘qqisoqol. – Tumanning eng katta boylaridan.
Ayol bunaqalarni hech ko‘rmagan esa-da, “boy” deb eshitganida boshqacha tasavvur etgan ekanmi, og‘zini ochgancha u kirib ketgan eshikka angrayib qarab qoldi.
– Yigirmata do‘koni bor, – sonni sifatga do‘ndirdi cho‘qqisoqol. – Bozorning o‘rtasidagi katta kappon ham shuniki.
Ayol jikkakkina bir odamchada shuncha ko‘p narsalar borligini aql tarozisida o‘lchay olmay turganida, cho‘qqisoqolning aqli o‘ziga keldi.
– Siz ham ish masalasida keluvdingizmi? – deb so‘radi.
– Ha, – bosh irg‘adi ayol.
– Texnikumni bitirganmisiz?
Ayol bosh irg‘adi.
– To‘rt yillikmidi?
Ayol yana bosh irg‘adi.
Endi cho‘qqisoqol ijikilab so‘rayotganining sababi ayon etdi.
– Meni ayolim ham shunaqa, – dedi yana taqvodorona holga kirib. – O‘sha vaqtda maktablar o‘n yillik edi-ku. O‘ninchi sinfni bitirib, pedtexnikumda ham to‘rt yil o‘qigan, o‘n to‘rt yil. Endi bu texnikumlar kollejlarga aylanib, hozirgi yigit-qizlar o‘n ikki yilda bitirib qo‘yishyapti, – cho‘qqisoqol ayol tomonga tezgina nazar tashlab oldi. – Hech iloji yo‘qmikan-a?
– Bilmasam, – ayol kift qisdi. – Direktirimiz o‘zingiz borib uchrashib ko‘ring, dardu davongizni ayting, ruxsat berishsa ishlayvering, mengayam shunisi qulay, dedi.
– Bungayam shunaqa deyishipti, – cho‘qqisoqol chap qulog‘ining ostini qiziyotgandek ohista qashib qo‘ydi. – Yigirma olti yildan beri ishlaydi-da, tarbiyachi. Ertamitan hali bomdodga turmasimdan jo‘navoradi, borib bolalarni uyg‘otib, istalavoyga optushib ovqatlantirar ekan…
– Bizayam shu-da, – dedi ayol o‘zi haqida gap ketayotgandek ancha dadillanib.
– Keyin kiyintirib, o‘qituvchisiga topshirar ekan, silardayam shunaqami?
– Shu-shu, – ayol tezgina bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Ko‘pchiligining ota-onasi tuppa-tuzuk odamlar ekan-a? – deb davom etardi cho‘qqisoqol achingannamo.
– Ha, shunaqa, – dedi ayol endi mana shu cho‘qqisoqolga umidvorlik bilan boqib. – Ayamning ishlari ham biznikidaqa ekan, hali pensaga chiqmovmidilar?
– Ikki yil qoluvdi.
– Menga esa hali uch yil bor, – ayol beixtiyor barmoqlarini bukib sanardi. – Bir yil qolganda ham ilojini topsa bo‘larkan.
– Hamma gap shularda-da, – xonada o‘zlaridan bo‘lak hech kim bo‘lmagani uchun cho‘qqisoqol mudirning eshigini qo‘li bilan dadil ko‘rsatishga jur’at etdi. – Yuqoridan aytsa, darrov bajarishadi.
– Yuqorida tanishimiz yo‘q-da, – dedi ayol afsuslanayotgandek.
– Anavi Hasanbankka o‘xshaganlarga ham yo‘q deyishmaydi, – cho‘qqisoqol ilojini topishning turfa yo‘llarini bir-bir xayol chig‘irig‘idan o‘tkazayotgandek ko‘rinardi.
Ayol yana mung‘ayib qoldi.
Shu choq mudirning eshigi shitob ochilib, yordamchi otilib chiqdi. U qo‘lida daftar va ruchkani shosha-pisha stol ustiga qo‘yarkan, cho‘qqisoqol va ayolga, haliyam shu yerdamisizlar, degandek norozi qiyofada nigoh tashladi. Keyin ochiq eshik oldiga borib, ichkaridagilarning chiqishini qo‘l qovushtirib kuta boshladi. Hadeganda birovning qorasi ko‘rinavermagach, sabrsizlik bilan o‘ng oyog‘ini ohista ostonaga qo‘yib enkaydi va ochiq eshikdan ichkari mo‘raladi, birovga to‘qnashib ketgandek darhol qad rostlab, maqbara qorovuli kabi turdi.
– Shu-u bo‘lami o‘zi yo yo‘qmi, a-a? – ichkaridan Hasanbankning ovozi yangrab chiqdi. – Bo‘lamizning dumi-da, yopishib opti enag‘ar.
O‘ng qo‘lini soqqa sanayotgandek shimining cho‘ntagiga chuqur botirib olgan, chap qo‘lini esa ortidagi kimgadir silkiy-silkiy gap uqdirmoqchi bo‘layotgan Hasanbank ichkaridan yonlamasiga yurib chiqib keldi. Oynavand devor tomonda o‘z dardini aytish navbatini kutib o‘tirganlarga shu tariqa orqa o‘girib qolgan esa-da, cho‘qqisoqol “dik” etib o‘rnidan turib, darhol qo‘l qovushtirdi.
– Bo‘lamiz ham qo‘rqaq-da, qo‘rqaq, – derdi Hasanbank hamon yonlamasiga turib olgancha, aytayotgan gapini o‘ziga ergashib chiqayotgan boshqa birovga tushuntirmaguncha uning tashqari chiqishiga izn bermaydigandek bir alpozda. – O‘zi, qistaloq qoysi bir opisserning xotini bo‘lgan ekan, yurasanmi shuni ortingdan dum qilib, opisserning pagonini yulipti-ku, seni nimangni yuladi desam, shu safar ham aytqonini qilay, keyin mayli deydi. A, shef, shu ish bo‘lami, dangalini ayta qo‘y.
Bu gaplar qulog‘iga chalinayotganidan nash’a qilayotgandek ko‘ringan cho‘qqisoqol qandaydir xayolga borib, eshik tomon yurmoqchi bo‘lib endi qadam tashlovdi hamki, hushyor yordamchi uning bu xatti-harakatini payqab qolib, o‘zining mas’uliyatli postini tashlab hojatxona tomon chopgan ichburug‘ maqbara qorovuli kabi u tomon yugurib keldi va chaqchaygancha:
– E, nima qilyapsiz? – dedi savolining mazmunidan ham ko‘ra ohangiga kuch berib. – Es bormi?
Cho‘qqisoqol zo‘r gunoh ishga qo‘l urgandek yordamchiga g‘iq etolmadi, tashqariga uloqtirilishidan hadiksiragancha yana joyiga o‘tirib qoldi. Uning hayajonli holati ayolga o‘tib, uniyam junjiktirib yuborgandek bo‘ldi.
– A-a, bu boshqa gap! – Hasanbank endi yonlama turgancha o‘ng qo‘li bilan soqqa sanashning ham, chap qo‘lini silkishining ham hojati qolmagandek, darhol ikkala qo‘lini ortga qilib qovushtirdi. – Aytaman bo‘lamga, boshqa aralashmayman, dumingni bir yildan keyin kesib yuborishsayam ishim bo‘lmaydi, deyman. E, tuf-e, shunaqa lankalarning o‘rgatgan o‘gitiga…
Qabulxona eshigi ostonasida shu choqda ko‘z ostlari qop-qora, kallasi yum-yumaloq, qorni osilib tushgan, past bo‘yli, «Panda» laqabli sanoat qurilishi kollejining kimyo o‘qituvchisi harsillab to‘xtadi. O‘ng qo‘lini eshik kesakisiga tirab, gavdasiga ozgina dam bergandek bo‘ldi. Bor alamini shundan olishga chog‘langandek, dumaloqlangan gazetani chap qo‘lida qattiq qisimlab olgandi.
– Bir piyola suvlaring yo‘qmi? – so‘radi u eshik kesakisiga o‘ng yelkasi bilan suyangancha biror joyga qarashga holi kelmayotgandek.
Halizamon cho‘qqisoqolning odim otmay turiboq oyoq ko‘tarmoqchi bo‘lganidan o‘takasi yorilayozgan yordamchi “Panda”ning bu qilig‘idan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi va yeldek uchib borib, uning chap yelkasidan ushlagancha tashqari surib chiqarmoqchi bo‘ldi.
– Aka, bir minutga tashqari chiqib, ko‘zga ko‘rinmay turing, – dedi yalinayotgandek. – Hozir naryoqdan odamlar kelishgan…
– Astma! – xirilladi tomog‘ini ko‘rsatib “Panda”. – Sillani quritib yubordi, hozir nafas olvolay.
Yordamchi qo‘l siltab yana joyiga ketdi. Bu favqulodda vaziyatga cho‘qqisoqol va ayol og‘iz ochgancha qarab qolishdi. Cho‘qqisoqol yordamchining qilig‘igami, “Panda”ning holatigami – nimagaligi noma’lum, “ttu­t­tu”lab bosh chayqab turganida, ayolning yodiga nimadir tushib qolgandek, darhol sumkasini qo‘liga olib titkilay ketdi va biqiniga “Nestle” deb yozilgan yorliq yopishtirilgan, ichidagi suvining yarmidan ozrog‘i ichilgan baklashka chiqarib, shosha-pisha sanoat qurilishi kollejining kimyo o‘qituvchisiga yordamga oshiqdi. Ochilgan qopqog‘ini o‘zida olib qolib, unga baklashkani tutqazgandi, “Panda” yutoqqonicha baklashkada qolgan suvni bir ko‘tarishda qultillatib ichib tugatdi va idish turgan qo‘lini ko‘tarib, kaftining orti bilan labini artdi. So‘ngra idishni ko‘zining ro‘parasida tutib, umidvorlik bilan termuldi va bo‘m-bo‘shligidan jahli chiqqandek yelkasi osha uloqtirib yubordi.
Ayol qopqoqni kaftining orasida yashirgancha iziga qaytdi.
Hasanbankning ortidan baland bo‘yli, keng yelkali, o‘rta yoshlardagi, qorin solgan pahlavon chiqib keldi. Uning yengi kalta oq kuylagining yoqasi qizil bo‘yinbog‘ bilan g‘ippa bug‘ilgan edi.
– Bo‘pti! – Hasanbank ortiga qovushtirilgan ikkala qo‘lining o‘ngini bo‘shatib ko‘tardi va yelkasi osha silkitib qo‘ydi, keyin ikkala qo‘liniyam yana cho‘ntaklariga suqib oldi. – O‘zim ketaman! O‘zim keldim, o‘zim ketaman!
– Hurmatingiz bor, aka, – mudir belkurakdek qo‘lini misgardishdek ko‘ksiga muloyim qo‘ygancha gavdasiga nomunosib ravishda ingichka ovozda chiyilladi.
– A, qo‘ya! – o‘ng qo‘lini cho‘ntagidan chiqarib, boshining ortini tirnayotgandek qashiyotgan Hasanbankning nigohi to‘g‘ridagi eshik kesakisiga suyanib turgan “Panda”ga tushib qolib, bir zum qashinishdan to‘xtab, bu maxluq kim bo‘lsaykin, degandek og‘zini ochgancha qarab qoldi va tuyqusdan nimadir yodiga tushib, qiyqirib yubordi. – E, oshna, o‘zingmi?
Ayol bergan suvni sipqorib nafas rostlagan “Panda” tasodifiy bu uchrashuvdan qandaydir o‘zini yo‘qotib qo‘yayozgandek, yordamchining so‘ziga ko‘nib bu yerni tezroq tark etmaganidan afsuslangancha sarosimalanib qoldi. Ammo ayni damda endi hech qayoqqa qochib qutulishning iloji yo‘q, Hasanbank uning tumshug‘i ostiga yetib kelib, qanday vazn orttirganini nigohi bilan o‘lchab ko‘rmoqchi bo‘layotgandek boshdan-oyoq sinchiklab razm solmoqda edi.
– F-fu! – cho‘ntagiga suqilgan chap qo‘lida soqqa sanab turgan Hasanbank o‘ng qo‘lini yuqori ko‘tarib, “Panda”ning yelkasiga tashladi. – Ja-a qarib ketipsan-ku, oshna?
“Panda”ning qop-qorayib ketgan ko‘z jiyaklari ortida nimadir alamli yiltilladi.
– Ado bo‘psan! – uning yelkasidan olgan qo‘lini ham cho‘ntagiga suqqan Hasanbankning jonsarak nigohidan “Panda” g‘ijimlayotgan gazeta chetda qolmadi. – Haliyam o‘sha bemaza odatingni tashlamabsang-da, – u ortiga qarab kallasini o‘ng tomonga qiyshaytirdi va mudirning yonidan xona o‘rtasida telefoniga qarab-qarab qo‘yayotgan “Ayfon”chiga so‘z qotdi. – Mana, sizlar kimlar bilan shug‘ullanishlaring kerak, qo‘lidan gazet tushmaydi.
“Ayfon”chi ham endi “Ayfon”ini ortiga yashirib, “Panda”ga gumonsirayotgandek qarab qoldi.
– Bu otlichnik edi! – tushuntirdi Hasanbank taftish etilayotganning ba’zi bir gunohlarini eslatib qo‘yishni o‘z burchi deb bilgandek. – Ammo peshonada bo‘masa qiyin ekan. Maktabda nechchi bahoga o‘qigansan, deb birov bizdan so‘rarmidi? Gap peshonada!
“Panda” nima deyarini, nima qilarini bilmay qolgan; bu yerga nima uchun kelgani ham yodidan ko‘tarilgandek edi.
– Ha-a, buyaqda? – “Panda”ning yodidan ko‘tarilganini esiga tushirib qo‘ymoqchi bo‘lgan Hasanbank chap qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan belkurakdek qo‘li hamon misgardishdek ko‘ksida turgan mudirga ishora qildi. – Manavi galvarsga ishing tushgan bo‘lsa hoziroq ayta qo‘y, meni oldimda ayt, to‘g‘rilab beradi, to‘g‘rilab bermasa, o‘zining kovushini to‘g‘rilaymiz.
Mudirning kattakon kallasi chayqalib ketdi, “Ayfon”chi darhol o‘ta jiddiy qiyofaga kirdi, yordamchi stol ustini titkilab nimalarnidir izlay boshlagandek ko‘rsatdi o‘zini.
– Aptobus kerak edi, – harsilladi “Panda”.
– Qanaqa aptobus? – ilib ketdi Hasanbank. – Aptobusni nima qilasan? To‘y qilyapsanmi yo?
– Paxta chopig‘iga, – ko‘zlarini pirpiratdi “Panda”. – Dalaga chiqishimizga aptobus kerak edi.
– E-e! – mudirga yuzlangan Hasanbankning xitobi yangradi. – Chopiqqa chiqarasanlar-u, ulovini bermaysanlarmi? Purkurorga aytayinmi?
Sobiq sinfdoshi huzurida o‘z qudratini namoyish etmoqchi bo‘lgan Hasanbankning “galvars” deb ataganidan achchig‘i chiqib, undan qanday alamini olishni bilmay turgan mudir “purkuror” so‘zini eshitgach, galvarsligi ham yodidan ko‘tarilib, yo‘l qo‘ygan xatosini to‘g‘rilash payiga tushdi.
– Chopiqqa qatnashadigan maktablarga avtobus qo‘yganmiz, – hammasiga sen aybdorsan, deyayotgandek “Panda”ga ola qarab qo‘ygancha chiyilladi mudir.
– Qatnashmaydigani ham bor ekan-da, demak? – uning tilidan tutmoqchi bo‘ldi Hasanbank.
– Ha-a, endi-i… – chaynaldi mudir. – Nogiron bolalar internati…
Uning “nogiron bolalar internati” degani ayolning qulog‘ini ding qildi. Hattoki, o‘rnidan turib ketayozdi. O‘z muammosini hal etishning qulay o‘rni kelib qolganday yuragi duk-duk bezovta urgancha, aytmoqchi bo‘lgan gaplarini xayolida pishita boshladi: “o‘n sakkiz yildirki, men siz aytgan ana shu internatda tarbiyachilik qilaman; o‘n sakkiz yildirki, qishin-yozin ertalab soat oltida internatga yetib boraman, bolalarni uyg‘otaman, kiyintiraman, oshxonaga olib borib ovqatlantiraman; bir yili internat yopiladi deyishganida bu bolalar qayoqqa boradi deb hammamiz yelib­yugurganmiz, keyin u yopilmay qolgan; bir xilisi kap-katta bo‘lsayam o‘zini eplolmaydi, ertalab kelganimizda yotgan joyini ho‘llab qo‘ygan bo‘ladi, bir xilisi esa undan kattasini ham tutib turolmaydi – xudoning yaratgan bandasi-da, bu bechoralarning gunohi nima, choyshablarini yig‘ib kirxonaga topshirib yuboramiz, u yerda Sayyoraxon, Diloromxon, Malikaxonlar choyshab-sochiqlarni o‘z uyidagidan ko‘ra ham top-toza qilib yuvib berishadi, narigi dunyoga borganimizda savobi tegib savol-javobimizni oson qilsin, deyishadi-da; shunaqa ishlarning savobi katta bo‘larkan; o‘ninchi sinfdan keyin to‘rt yil pedtexnikumda o‘qib turmushga chiqib ketuvdim, bu kishim ishlab nima qilasan, uydagi ro‘zg‘or yumushlari ham senga yetib ortadi deb tashqariga chiqqani qo‘ymas edilar, o‘sha vaqtlarni eslasam tozayam begoyimlarday yashagan ekanman-da, deb qo‘yaman o‘zimga-o‘zim; qaynota-qaynonamning og‘zidan “sen” degan so‘z chiqmasdi, meniyam sizlashardi, ular-ku mayli, oshini oshab yoshini yashashgan edi, bu kishimniki yomon bo‘ldi, biror marta tish og‘rig‘idan ham shikoyat qilmagan pahlavondek odam-a, qaynota-qaynonamni ham shu kishimning dardi ado qildi; xayriyatki, shu internat, shu bolalar bor ekan, yo‘qsa men ham adoyi tamom bo‘lardim; o‘shanda endi menga ham hayotning qizig‘i yo‘q, deb oradan bir yil o‘tgan bo‘lsayam egnimdagi aza kiyimimni yechmay, uyda ustimdan eshik qulflab o‘tirganimda kirxonada ishlaydigan ana shu Sayyoraxon dugonam kelib, bo‘lib o‘tgan ishlarga salovat, nima, xudodan ham zo‘rmiding uning irodasini tan olging kelmaydi, xudoga shukr, farzanding bor, taqdir nasib etgan bo‘lsa, yana o‘z tengingni topib ketasan, deya gap boshlayotuvdi, erimning ruhini chirqiratadigan bunaqa gaplarni aytishga qanday tiling bordi, deb uni uydan haydab chiqarmoqchi bo‘ldim; ammo u xafa bo‘lmay, bo‘pti-bo‘pti, bunaqa gaplarni boshqa aytmayman, ammo oldingga boshqa ish bilan keluvdim deb qoldi; nima ishi bor ekan Sayyoraxon dugonamning deb unga quloq bersam, jo‘yali taklif bilan kelgan ekan; pedtexnikum diploming bor, bizning internatda senga o‘xshab shunaqa joylarda o‘qiganlar tarbiyachilik qilishadi, xohlasang surishtirib beraman, direktirimiz Ziyodaxon yosh bo‘lsayam juda aqlli, tushunadigan juvon, yo‘q demaydi, ishga kirsang mengayam yaxshi bo‘ladi, billa-billa borib-kelaveramiz, deb qoldi; avvaliga indamovdim, bir haftagacha tinmay oldimga kelib-ketaverdi, oxirgi kuni baland bo‘yli, kulcha yuzli, ko‘zlari kulib turgan o‘ttiz besh yoshlardagi juvon bilan kirib keldi, Ziyodaxon degani shu ekan; u boshimdan o‘tgan ishlarni Sayyoraxondan eshitib, o‘zim borib gaplashib ko‘ray-chi, degan ekan (shu Ziyodaxonning ham boshidan ko‘p ishlar o‘tdi!); yo‘q deya olarmidim, meni avval tanib-bilmagan direktirning o‘zi kirxonada ishlaydigan bir dugonamning gapiga kirib kelib turganidan keyin; o‘sha-o‘sha ishlab ketdim, qaytanga, yaxshi bo‘lgan ekan, shu nogiron bolalar dardimni olishdi, bir kun ko‘rmasam sog‘inadigan bo‘lib qoldim, dam olish kunlarida olib ketishga keladigan ota­onasi hayallab qolsa, uyga olib ketaverardim, bundan ularning ham ko‘ngli tinchib indamay qo‘ya qolishardi; uyda o‘yinchoqlarni o‘g‘lim bilan talashib-tortishishlari jahlimni chiqarish o‘rniga negadir meni quvontirardi – birovga aytsang ishonmaydi, bunaqasi bo‘lmaydi, deb; shu-shu, mana shu internatda sakkizta direktir bilan ishladim, ammo Ziyodaxonga o‘xshagani qaytib kelmadi, mana endi nafaqaga chiqishimga uch yil qolganida o‘rta ma’lumotli ekansan deb ishdan bo‘shatishmoqchi; o‘zi, bunga o‘n yil avval qaror qilib qo‘yishgan ekan; o‘g‘lim o‘qishni bitirib olgandayam mayliydi, ungacha yolg‘iz uyda suppayib yana ichim siqiladigan bo‘lib qoladimi deb qo‘rqaman; Sayyoraxon dugonam esa aytadiki, ishingni bizning oldimizga kirxonaga o‘tkaza qol, o‘sha ko‘radigan bolalaringni ko‘rib yurasan, deydi… shunaqa qilsammikan… ketsammikan… o‘g‘limning o‘qishi qolib ketmasaydi… mayli, ungacha chopiqqa ham, terimga ham ham jon-jon deb borardim, o‘qituvchi-tarbiyachilarimizni burnog‘i yili o‘n kunlik terimga olib chiqishgandayam hammadan ko‘p paxta terib, mukofot oluvdim, Sayyoraxon dugonam, balo ekansan, hammani qoyil qoldirding, bunaqada ko‘z tegib qolmasin devdi, yo ko‘z tegdimikan…”
Ayolning xayolida pishitayotgan gaplari shu qadar ko‘p ediki, ularning qay birini aytishni bilolmay, ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.
– Hammasiga aptobus qo‘yganmiz deb katta ketasanlar, – derdi Hasanbank sobiq sinfdoshiga o‘zini ko‘rsatib qo‘yish uchun endi o‘zini tobora qo‘yvorayotganini ham sezmay-a, bular-chi, bularga qo‘ymapsizlar-ku?!
– Kollej va litseylarning o‘z avtobusi bor.
Hasanbank “Panda”ga qaradi.
– Karbiratori o‘lgan, motori ham o‘tirgan, – zo‘rg‘a nafas chiqazdi “Panda”. – Ishlamay yotipti.
– Karbirator mendan, – va’da berdi Hasanbank. – Yurgizib beringlar bularning aptobusini, yayov qolishmasin. Hali terim bor, reja bor – odamlarni asrash kerak!
– Nega yig‘layapsiz? – o‘z mehrobida xayol ummoniga cho‘lg‘angancha dindosh, millatdosh va qavmdoshga hamdardlik nuqtai nazaridan hol so‘rash o‘z burchi ekanligi yodiga tushib qolgan cho‘qqisoqol burnini sho‘lqillatib tortgancha, ro‘molining uchi bilan ko‘zlarini artayotgan ayol tomon ohista o‘girilib past ovozda so‘z qotdi: – Bu yerda yig‘laganingiz ish bermaydi, singlim, hamma narsa qonun-qoidaga binoan hal etiladi.
Ayol uning gapini ma’qullaganday, bosh silkib qo‘ydi.
Hasanbank “Panda”ning yelkasidan ortga itarib, tashqariga chiqish uchun o‘ziga yo‘l ochdi. Barchasi chiqib ketishdi.
Ularning ortidan chiqib, qaytib kelgan yordamchi tikka mudirning xonasiga kirib ketganicha ancha vaqt ko‘rinmadi. Cho‘qqisoqol o‘tirgan joyida ortga burilib, oynavand orqali tashqariga umidvorlik bilan qarab qo‘yardi.
Yordamchi mudirning xonasidan qaytib chiqib, eshiklarni zichlab yopdi. Qulflab, joyida turgan kalitni joyida qoldirdi. Endi o‘tirib ishlashning hojati yo‘qligini namoyish etayotgandek, o‘zining stolini tik turgan holda tartibga keltirgan bo‘ldi, monitorga enkayib qoshini yoydek ko‘tarib tikilgancha kompyuterni o‘chirdi, tokdan uzdi. Stol tortmasini ochib, u yerdan konvert oldi, konvert ichidan pul chiqardi, keraklisini sanab, cho‘ntagiga soldi, qolganini qaytib joyiga qo‘ydi. Tortmani yopdi. Yopgan tortmasini yana ochib-yopib ko‘rdi.
Oynavand devordagi ochiq darchani yopdi. Qabulxona eshigi tomon yurdi. Eshikka yetib to‘xtadi, cho‘qqisoqol va ayolga so‘zsiz qarab turdi.
Ular ham so‘zsiz o‘rinlaridan turishdi.
– Yo, ovlo! – deb qo‘ydi cho‘qqisoqol o‘z mehrobidan chiqqani shukronasiga.
Ular chiqishgach, yordamchi eshikni qulflab, tushlikka ketdi.

… … …
Ko‘z o‘ngimda mavhum manzaralar aniq jonlanar, allaqaylarda ko‘rib uchratgan odamlar guyo xonamga kirib olishgandek edi.
Muallifning ko‘zga tashlanar-tashlan­mas mayda harflar bilan bitilgan familiya – ismi yozuvlar ostida omonatday osilib turardi.
Muallifning avval ismi, keyin familiyasi yozilishi kerakligi haqida o‘yladim-u, shu ondayoq buning hech qanday ahamiyatga ega emasligini his etdim.
Ajabo?! Hammasi aniq, ammo sarlavha o‘rnidagi uch nuqtalar men uchun hamon tushunib bo‘lmas muammo edi. Ehtimol, bu modernistik, syurrealistik bir nimadir?!
Shu xayolda men muallifni mag‘ribona tamoyillarni suv qilib ichib yuborgan, sochlariga oq oralagan jiddiy qiyofadagi baland bo‘yli kishi sifatida tassavvur etdim.
Keyin odatdagidek yodimdan ko‘tarildi.
Bir kuni irrigatsiya instituti yuqori kurs talabalariga analitik algebradan dars o‘tishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Boshqa tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirmagan holda shuni aytishim lozimki, mavzu o‘zimniki edi, darslikka ham mening familiyam bilan kiritilgan edi, bir shogirdim shu sababli yopishib olib, iltimos qilgan edi. Talabalar lektsiyamni qiziqish bilan tinglashdi. Dars so‘ngida ulardan savollari bor-yo‘qligini so‘radim.
Savollar har xil edi. Men ularning har biriga qisqa-qisqa javob berdim. Ko‘tarilgan qo‘llar orasida orqaroqdagi, qop-qora ingicha bilak ustida qaysidir noma’lum ramz kabi ochilib turgan besh barmoq e’tiborimni tortdi.
– Qani, siz! – qo‘limdagi qalam uchini to‘g‘ri o‘shanga yo‘naltirdim.
U o‘rnidan ko‘tarildi.
O‘sha gazetada yozilgani kabi, avval familiyasini, keyin ismini aytib o‘zini tanishtirdi. Bu o‘sha – men o‘qigan g‘alati uch nuqtalar sarlavha o‘rnida qo‘yilgan yozuvlar ostida osilib turgan familiya-ismning o‘zginasi edi.
Negadir beixtiyor hayajonlana boshladim.
G‘ayriixtiyoriy ravishda tilimga kelganini aytib, uning savoliga javob bera boshladim. Ammo xayolim parishon edi. Qanchalik urinmayin, fikrimni bir nuqtada jamlay olmasdim.
Talaba hamon tik turardi.
Uning qiltiriqdek ozg‘in bo‘yni, shalpang quloqlari ustiga tushib turgan jingalak sochlari menga nimalarnidir eslatayotgandek edi. Ammo nimaligini aniq bilmasdim.
Undan o‘sha g‘alati uch nuqtalar haqida so‘ramoqchi edim. Nimadir yo‘l qo‘ymadi. Kimsan, falonchi-pistonchi professorman axir – tasodifan shunchaki familiya­­­­ ­­­ismdosh bo‘lsa, boshqalar nima deydi? Hattoki, uning o‘zi bo‘lib chiqqandayam, har xil gap-so‘zlarni urchitishning hojati yo‘q edi – falonchi-pistonchi professor nimalarga qiziqib yuradi, qanaqa gazetalarni mutolaa qiladi – qichimagan joyni qashib o‘zimga boshog‘rig‘i orttirishim meni cho‘chitib turardi.
Oradan bir oy o‘tdi.
O‘shanda meni irrigatsiya institutiga taklif qilgan shogirdim bilan uchrashib qoldim. Gap orasida shunchaki esimga tushganday, o‘sha talaba haqida so‘radim.
– Nega so‘rayapsiz? – shogirdim menga ajabsinib qaradi.
– Savol berganlar orasida durustrog‘i o‘sha edi.
– O‘rtacha o‘qirdi, – chaynaldi shogirdim. – Qobiliyati borligini sezmagan ekanman.
– Bundan keyin e’tibor berib qarang-chi, – dedim o‘zimni bilmaslikka olgancha.
– Endi buning iloji yo‘q, domla.
Men unga hayron bo‘lib qaradim.
– Oilada onasi ikkovi ekan, – eshitganlari orasida yodida qolganini aytib, tushuntirish berdi u. – Onasini ishdan bo‘shatishgan ekan, shartnoma pulini to‘lay olmay o‘qishni tashlab ketdi, sharoit yaratib beramiz desak ham ko‘nmadi.
Xayolimdan lop etib o‘sha qabulxona o‘tdi.
Ko‘z o‘ngimda uch nuqtalar jonlandi. Men ularning tobora kattarib borgani sirini fahmlab, his etgandek bo‘ldim. Tinish belgilari ham o‘rni kelganda tenglamalardan kam bo‘lmagan ma’no­mazmun kasb eta olarkan – shunisiga hayron edim.
Uch nuqtalar o‘rniga javobi murakkab bo‘lgan cheksiz so‘roqlarni qo‘ysa ham bo‘larmidi?
Bilmadim.
Aytmoqchi, kecha Ozodqul yana qo‘ng‘iroq qilib, domla, o‘tgan gal o‘rningiz bilindi, bu safar iltimosimizni yerda qoldirmang, deb uvallo yalindi. Ammo bu gal istagan taqdirimdayam soy bo‘yiga bora olmayman. Institutni roppa-rosa yigirma yetti yoshida bitirgan toylog‘imizdan xabar olishga borish uchun bir haftadan buyon tayyorgarlik ko‘ramiz. Dudlangan tovuqlar, kolbasa-qazilar. Gornizonni boqmoqchi, shekilli. Hamma ota-onayam shunaqa qilarmish, bolaginalar hali o‘rganmagan, horib qolishmasin ekan. Toylog‘imiz Chirchiqda, diplomni olgach, bir oylik harbiy xizmatga ketgan. Kamina yarim yillik maoshini qurtdek sanab berdi – hech gap emas ekan, harbiy hujjat hamma yoqda kerak bo‘larkan. Bir yillikka borsa bo‘lardi, deb kesatgan edim, ustimdan kulgandek bo‘lishdi. Ungayam bugun chaqirib erta olib ketavermas ekan – ikki o‘n besh bir o‘ttiz ekan. Nimalar deyapsiz, domla?! Ana-a, so‘z topolmadim. Menga sanoqdan saboq beradiganlar to‘lib-toshib yotibdi – murakkab tenglamalar ularning oddiy arifmetikasi oldida ip esholmaydi.
Uzr, Ozodqul, bu gal ham borolmadim, nasib etsa kelgusi safar mahtal qilmay o‘taman, xafa bo‘lma – buvingni eslab tur!

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 5-son