Shodmonqul Salom. Odam haqida o‘n bir hol (esse)

Odam degan idishda keltirilganman. Qadimda oz-ozdan no‘sh etilardim: kelajakka ham qolsin! Keyin ko‘p icharman bo‘lib ketishdilar – Odam bo‘shab qoldi. Tabiatda shunday qonun bor: bo‘shliqqa o‘rin yo‘q! Mening o‘rnimga bir talx va totli nimadir sizib kira boshladi – Ishq. Ko‘p yillar o‘tdi idish to‘lgunicha.
Idish arzonlashdimi, qimmatlashdimi – bilmayman! Ammo bilganim, idishni anovi mening o‘rnimni olgan Ishq degan talx va totli narsa yemirib, teshib yubordi. Ming yamoq bo‘lib qoldi Odam.

***

Odam degan yo‘lga tushirib ketishdi meni. Bir o‘zimni. O‘ttiz besh-qirq yildan beri ketib boryapman. Tovonlarim qavariblar ketdi. Qush, bo‘ri, ilon, daraxt, odam, olov, suv – hech balo chiqmaydi oldimdan. Yomoni – menga qaysi tarafga qarab yurishimni ham aytishmagan: o‘zing topsang, zavqli emish.
Uning shakli, yuz-ko‘zi, ovozi xullas, hech biri haqda menda ma’lumot yo‘q. Faqat uning borligi – bor gap.
Bu yo‘lning nomi – Odam! Ketaveray-chi…

***

Men Odam degan jamoat uloviman. Ko‘p asrlarni kesib o‘tib yo‘l tortyapman. Yo‘lovchilarim – sizlar esa, mening qadrimga hamisha ham yetavermaysiz. Biringiz mast bo‘lib chiqasiz, tag‘in birovingiz yo‘lkira bermay tushib ketasiz, yana birlaringiz ko‘p bola-baqra bilan chiqib vujudimni ifloslantirasiz. Har xil somsa-pomsalarni kovshanasiz. Hech biringiz yo‘lni tomosha qilib, olislarga termulmaysiz. Tikilganlarga esa darichani to‘sib xalal berasiz. Yo‘lning zahmatini, hikmatini ang­lamaysiz. Axir, 120 ming yillik Gen deb atalmish ehtiyot qismlarim bor. Xo‘ja­yin bunday noyob qismlarni bir marta ulashadi. Qolaversa, lahzalik, soatlik, kunlik, oylik, yillik, asrlik reja-to‘lovim bor. Javobgarlik deganday… bu yo‘l olis bo‘lsa, har xil o‘qib-o‘qimay haydovchilik guvohnomasini olgan ucharlar bilan birga ishlab kelayapman…
Meni yurgizib kelayotgan asriy dvigatellarim ham charchaydi, axir. Shu choqqacha birortangizni aytgan manzilingizdan o‘tkazib yo yetkizmay tushirib qoldirdimmi? To‘g‘ri, beayb – Parvardigor… Men ham adashaman. Ammo faqat men aybdormanmi bunga. Haydovchi bor, parishon yo‘lovchilar bor. Shahar keng, ulov ko‘p. Tushuning, axir. Manzili tayin yo‘lovchi qayerga tushishini aytmaydimi?

***

Odam unidan qilingan nonman men. Oz-ozdan, tejab, qo‘maqaylik qilmay yeyilishim kerak. Xo‘ja­yin xasis-da, bo‘lmasa bir kulcha nima bo‘ladi yigit odamga! Zahmatga yarasha bo‘lsa-da haq degani.
Bir kulchani bir kunga berishsa ham mayli edi – amallasa bo‘lardi. Ammo birgina Odamni butun hayotingga yetkazasan deb berishgan. Boz ustiga po‘panak bosib, qoq bo‘lib qolganman. Yigitga rahmim keladi, o‘zimga ham…

***

Odam degan tovushman men. Kar bo‘p qolmadingizmi (menga o‘xshab)? Bu sado to‘rt million yil avval jaranglagan. Eshitish qobiliyati 25 gertsdan ham yuqori bo‘lgan, yuksakdagi bargning sirtida bemalol yuraveradigan, bardoshli chumolilar ham bezgan bu ovozdan. (Qochib daraxtga chiqib ketishgan.) “Meni tinglayapsizmi?” deb o‘n ming yillik ko‘hna sopol ichidan ham eshitilaveraman-da.
Agar men bunchalik baland bo‘lmaganimda Homer maxmur bo‘lib, bosh chayqamasdi – kayfi oshmasdi. Diogen oftobga o‘zini bunchalar urdirib qo‘ymasdi. Rumiy qamishni bunchalar suymasdi, Navoiy o‘ziga o‘zga taxallus raqam etarmidi, Beruniy yer va quyosh o‘rtasi necha qarich ekanini bilmasdi, Mashrab ovorayi jahon bo‘lib yurmasdi: “Mehribonim, qaydasan?!”
Oy dengizlarni chaqirib, sahroga shamolni quvmasdi, suvaraklar qadam sasidan tirqishlarga o‘zini urmasdi, sanamlar tushlarida sochini yulmasdi, yigitlar ulg‘aymasdi…
Eh, ko‘p narsalar sodir bo‘lmasdi. Masalan, Parvardigor bunchalar yuksakka ko‘chib ketmasdi – o‘g‘illaridan ko‘ngli qolib toqqa chiqib ketgan otaday.
Nima deysiz, shunday besaranjom nidoman-da: Odam!

***

Odam degan bir rangman. Asl tusim qandayligini bilish uchun qaysi tarafimdan qarashingizga bog‘liqman. Marmar, eskirgan kul, oqquva, keksa kishi sochining rangi, qishki, yog‘maydigan, xo‘mraygan bulutning tusida ko‘proq namoyon bo‘layotirman so‘nggi davrlarda.
Burungi zamonlarda ko‘proq oq bo‘lib ko‘rinardim. (Hatto o‘zimga ham.) Keyin… qoraydim. Unda ham mazmun ko‘p edi. Qora ko‘z, qora qosh, qora zulf, deya ko‘p asrlar meni alqab yurishdi sodda shoirlar.
Qizargan paytimda ham ancha boobro‘ edim. Genning yoshi o‘sha paytlarda ancha ulg‘ayib qolgan.
Hozir rangimni bilolmayapman. Kamoliddin Behzod, Mir Said Ali Termiziy, Da Vinchi, Pikassoyu Modilyani… jo‘mard oshiqlarimning eng saralari rixlat qilib ketishgan. Kim aytadi mening rangimni, tusimni, o‘ngimni… o‘n milliondan ziyod rang­larni ko‘rgichlardan kimdir bormi, orangizda? Uchinchi sinf maktab bolasining dahlizda ag‘nab yotgan, jiqqa ho‘l, jigarrang poyabzalidan ham izladim o‘zimning rangimni…
Hay, shul-da, topilarman…

***

Men odam degan kimyoviy unsur – elementman. Judayam teranlikda – Yer, quyosh va ko‘ngilning yadrosida ishlab chiqilaman. Ammo hali kashf etilmadim. Mendeleev rahmatli o‘zi tushida ko‘rgan mavjudlik xaritasidan menga joy qoldirmagan. Undan ne gina: xom sut emgan banda-da ul zot ham.
Men ba’zan 36,6 S.da eriydigan Galliydan ham yumshoqman – bir nigohdan erib ketaman. Ba’zan olmosdan ham ko‘ra bag‘ritoshman, qattiqman. Turaveraman, sumrayib.
Ikki oyoqda, uch oyoqda, to‘rt oyoqda yurgichlar o‘zlari bilmay turib meni ko‘p iste’mol qilurlar. Ammo iliklarini to‘ldirguvchi ham, uzdirguvchi ham, suydirib kuydirguvchi ham Odam ekanidan, ya’ni men ekanimdan bexabardirlar. Nachora…
Goh vasl, goh hajr shaklinda kelaman tuyg‘u to‘lqinlarining kiftida. Ko‘rmaydilar, ko‘rolmaslar, hasadgo‘ylar… mayli-da… (“Mayli-da…” degandi-ku bir xokisor yozarman.)
Meni toping, kashf eting, (Sizga!) muhtojligimdan foydalaning – boyib ketasiz!

***

Ha, kimsan deyapsizmi? Men Odam degan tushman. Quvonchli, qayg‘uli… Yilda bir-ikki bor ruhingizni bezovta qilaman. Meni tanni avaylab, qalbdan xabar olmaydiganlar ko‘p ham suyishmaydi. Shuytib, qorong‘ulikni vatan tutdim men. Yorug‘likni ko‘p qattiq suyganimdan qorong‘ulikka panaladim. Sizning uyquga tortiq ruhingiz qatlaridan yorug‘likka intiq termulaman.
Nur hammaga yetmay qolsa, tag‘in meni aybsitadilar. Shu sabab tush bo‘lib yaralganman. Ha, men sizdan qadimiyroq narsaman. Tuyg‘u va hisning tarhini, farqini, yurak va aql ishlab chiqariladigan joylarning chizmasini, Muddao kemasining manzilini bitilgan maktublarni Tangrim mendan berib yuborgan. Sizlarga deb. Oling desam, qo‘rqaman deysiz? Nima, qizbolamisiz?
Men Odam degan maxsus tushman!

***

Odam degan qulfman. Faqat kalitim betayin qolgan. (Ko‘pincha qulflarning kaliti sherigingizning cho‘ntagida ketib qolgan bo‘ladi-ku!) Shu qulfni ochib ichkariga kirsangiz hamma hulyolar shu yerda-da, birodar!
Bu qulfni sizlar unchalik ham tanimaydigan Xudo degich usta yasab, o‘rnatib ketgan. Hozir bilmayman, ustasi tushkur qaylarda bo‘lsa?..
Eng yomoni bu qulf buzilib qolgan. Bir befarosat, noshukr talaba och qolganida o‘g‘irlikka tushib buzib qo‘ygan. Hey, sadqayi sar…
Qulfni buzib ichkariga kirish uchun esa order – ruxsatnoma kerak! Orderni oladigan manzil yozilgan qog‘oz esa ichkarida qolgan! Ana tomosha!

***

Umringizda biror marta, qanday bo‘lsa ham ovqat yeb ko‘rganmisiz? Men odam degan taomman! Ko‘p tansiqman. Qimmatman. Hammaning ham dasturxonida bo‘lmayman, hamma oqbilaklar ham pishirolmaydi meni. Kambag‘allar men haqimda eshitgan, ochlik degan ekranlarida ko‘rishgan, tamshanib qo‘yaqolganlar, xolos. Muhammad alayhissalom lutf etganlar-ku, behishtga kambag‘allar ko‘proq kiradilar deb. Ammo men behishtda bo‘lmayman.
Ana shu meni pishiradigan arzanda pazanda hozir uyda yo‘q. Siz uni topib meni bir tatib ko‘ring. Chaynaganing gumon, yutganing o‘zingniki, deysizlar-ku! Behisht ham bir gap bo‘lar.
Ha, mabodo, zaharlanib qolsangiz – ayb menda emas, pazandada. Chunki, masalliq toza, asl edi, o‘tin ham mo‘llab qo‘yilgan.
Tag‘in bir gap: juda oz qolganman, kechikib, so‘ngra azal sho‘r manglayni mushtlab yurmang yana. “Eganlar armonda, yemaganlar… ular ham armonda… Keb qoling…”

***

Men Odam degan kirman. Eng zamonaviy sovunlar ham tozalolmaydi meni. Mening zamindan yoshim ancha katta. Meni qoru yomg‘irlar yuvib ketkizolmaydi. Men ham poklikni istardim, ammo tog‘ora topsam, sovun yo‘q, u ham bo‘lsa, pishillab, astoyidil yuvadigan bekach yo‘q. Men ham pok bo‘lishni, Kir degan nomim Pok deya atalishini qattiq istayman. Biroq o‘zimni o‘zim tozalashga kuch topolmay dog‘man. Odam degan kirni Odam degan sovun tozalaydi deb eshitganim bor. Qani o‘sha noyob poklik manbasi.
Yo, Tangrim! Nahotki, men izlagan o‘sha nodir manba sen bo‘lsang!..

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son