Hamma joyda va hamma zamonlarda bo‘lganidek gavjum bozor edi. Keng sahndagi ustunlarining biriga yelka berib o‘tiradigan tilanchi cholga ham hamishagidek ko‘pchilik e’tibor bermas, ko‘ngliga kelgani bir-ikki chaqa tashlar, cholning “Odam bo‘l” degan bo‘g‘iq xitobiga parvo qilishmasdi. Chol esa boshqalarga o‘xshab uzun-yuluq duo qilmas, o‘tkinchilarga yalinib-yolvormas, aksincha, o‘ngib ketgan do‘ppisini oldiga qo‘ygancha jim o‘tirardi. Bozorda ko‘pdan buyon savdo qiluvchi yigit bo‘lib, u ham cholga ko‘nikib qolgan, ahyon-ahyon unga sadaqa berib o‘tardi.
Kunlarning birida ko‘ngliga kelgan savol o‘ziga qiziq tuyuldi va yigit chol tomonga yo‘l oldi. Chol doimgidek nim tabassum bilan mayus qiyofada o‘tirardi. Yigit uning do‘ppisiga tanga tashladi va odatiy so‘zlarni eshitdi: odam bo‘l! Chol hatto yigitning yuziga bosh ko‘tarib qaramadi ham. Shunda yigit uning qarshisiga cho‘kkalab o‘tirdi va qariyaning yuziga ser soldi. Cholning qisiq, ammo o‘tkir ko‘zlari yaltillab ketganday tuyuldi. Ular bir-biriga tikilib qolishdi. Yigit qiziqsinib, chol beparvo.
— Nega siz boshqalarga o‘xshab gapirmaysiz, duoyu iltijo qilmaysiz? — choldan so‘radi yigit.
Chol atrofga olazarak nazar soldi va tag‘in qarshisidagi yigitga jilmayib boqdi. Uning siyratidagi allaqanday nurli istara yigitni kutilmaganda esankiratib qo‘ydi va beixtiyor o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi. Shunda chol yerdagi do‘ppisini qo‘liga olib tangalarini yerga to‘kdi. Do‘ppini ushlab, yigit qisiq ko‘zlarini o‘qday qadab dedi:
— Buni jirkanmasdan, ixlos bilan kiy!
Yigit uning aytganini qilib, do‘ppini boshiga kiyarkan shu zahoti yonginasida nimaningdir irillagan tovushini eshitdi. Ilkis o‘rnidan turib qaraganda irillagan narsa kattakon kulrang bo‘ri ekanini va jondorning bamaylixotir bozor oralab ketayotganini ko‘rdi. Bu g‘aroyib holdan ajablanib turgan yigitning ko‘zlari ne ajabki, ko‘zoynak taqqan, dimog‘dor ulkan ilonga tushdi. Ilon xuddi odam kabi emin-erkin vishillab bozor oralardi. Bu morning izida esa chiroyli savat tishlab, akillab borayotgan itni ham ko‘rdi savdogar yigit. Uning biroz qo‘rquv va xavotirga to‘la hayrati battar oshgan edi.
… novvot tarozilayotgan toshbaqani, un sotayotgan mayna qushni, “Keb qoling, baxtingizni sinab ko‘ring” deb qichqirayotgan tulkini, o‘roq yasab o‘tirgan temirchi yo‘lbarsni, uning oldida qop yelkalab tik turgan qo‘yni, ochiqroq joyda tamaki tortib turgan bir juft kalamushni va yakkam-dukkam odamlarni ham ko‘rdi savdogar yigit…
Shu payt uning tizzasida qattiq og‘riq turdi. Burilgan edi boshidan do‘ppisi uchib tushdi. Chol tig‘li aso bilan uning tizzasiga turtayotgan edi. Chol tangalarini yerdan olib tag‘in do‘ppisiga solardi. Yigit unga tiz cho‘kib yolvora boshladi.
— Men kimman, odammanmi-yo‘qmi, aytib bering?
Chol javob bermadi. Yigit uning jimligini o‘zicha tushundi va do‘ppiga yana tanga tashladi. Mo‘ysafid esa tag‘in: “Odam bo‘l!” deb xitob qildi. Yigit endi ko‘ziga yosh kelganini o‘zi ham ilg‘amay gapga tushdi.
— Jon ota, bir og‘iz ayting, mening kimligimni. Men shuni bilayin, sizni uyimga olib ketib ardoqlab yuraman, o‘z otamday ko‘raman…
— Odam bo‘l, odam bo‘l, odam bo‘l… — chol bashqa javob qilmadi.
… Bugun bozordagi donishmand qariya ham yo‘q, uning sinoatiga guvoh yigit ham. Ammo o‘sha haqiqatning mantig‘i hamon amalda. Shunday emasmi?
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 41-sonidan olindi.