— U yerga faqat ayollar boradi, senga nima bor, yer yutkur, — dedi onam uyning pastak eshigidan ayvonga chiqarkan, o‘dag‘aylab. Men esa hali kiyib ulgurmagan bir poy etikchamni qo‘limga olib, momomning ortiga qochib o‘tdim. Bu gal ham momom jonimga oro kirdi:
— Bu bir nonireza-da, bolam, qo‘y, o‘zi borib, o‘zi keladi. It qo‘rigan joyga o‘ch degani shu-da.
Onam to‘ng‘illagancha qulog‘iga en solingan oq eshakni tandirning supasiga olib kelib to‘g‘riladi, momom eshakka qiynalmay mindi, meni esa onam qo‘ltig‘imdan olib, momomning ortiga o‘tqazarkan, yolg‘ondakam g‘udranib qo‘ydi: «Eshakka minishni bilmaydi-ku bu tilamishingiz».
Onamga qarab tirjaydim.
Eshak ilkis silkindi, men momomning kurtasidan mahkam ushlab oldim. Biz Oysuluvlarnikiga Bibiseshanbaga jo‘nadik.
Ularning uyiga tutzor yoqalab boriladi, bir tomon tutzor, bir tomon paxtazor. O‘rtadagi yolg‘izoyoq yo‘ldan yuvosh eshak bir zaylda odimlaydi. Yerga egilgan tut novdalari yurishga xalal beradi. Momom menga borganimizdan so‘ng esligina bo‘lib yurishimni ta’kidlab ketayotir, momomning har gapiga «hmm-hmm» deb qo‘yamanu, xayolim esa borgach bo‘ladigan o‘yin — «urush-urush»da. Biz doim birga bo‘lsak, «urush-urush» o‘ynaymiz. O‘yinni ikkiga bo‘linib olib o‘ynaymiz, bir tomon «sovetlar», bir tomon «afg‘onlar» bo‘ladi. Kim «sovet» bo‘lsa xursand bo‘ladi, chunki Oysuluvning akasi ham «sovet»-da. U hozir armiyada, oti Isroil aka. Oysuluv doim akasi haqida hikoya qilganda Sheralining ham, mening ham unga havasimiz kelib ketadi.
Isroil aka dekabrning oxirlarida armiyadan kelar ekan, shunda Ergash aka katta ho‘kiz so‘yib to‘y qilarmish. Isroil akaning uyoqda «tanka»si, Alek degan o‘ris oshnasi bor emish…
* * *
Kuzning iliq kuni. Ko‘kda mezon uchadi. Keng paxtazor adog‘idagi devori loysuvoq uy Ergash akaniki. Uyning yonidan ko‘kka tutun o‘rlayapti — o‘choq bo‘lsa kerak.
Momom eshakning boshini tutariqqa burdi, jonivor asta oralay boshladi. Menimcha, u ham momomning tilini tushungandek tuyuladi, agar men haydaganimda ariqdan sakrab yuborgan bo‘lardi.
— O‘choqdan naryoqqa o‘yna, momong kelyapti, tomog‘ingdi bosadi hozir, — deya Zulfiya xola o‘choq boshidan biz tomonga yura boshladi. Momom bu gal ham eshakdan tandir supasiga tushdi, men esa yerga sakradim. Momom avval Zulfiya xola bilan, so‘ng bolalar bilan bir-bir ko‘rishdi, meni esa Zulfiya xola qo‘limdan tutib ko‘risharkan: «Qani Tursunpolvon, katta yigit bo‘lyapsizmi?», dedi. «Hmm» dedim va darhol bolalarga qo‘shilib ketdim. Momom esa Zulfiya xola bilan uy tomonga yurdi.
* * *
Bugun biz olti kishi bo‘ldik. Oysuluv bolalarni bo‘lish uchun qo‘lini orqasiga qilib tosh yashira boshladi, topgan «sovet», topmagan esa «afg‘on». Tosh yashirish guruhlardagi bolalarning soni tenglashguncha davom etdi. Men, Oysuluv, Ikrom «afg‘on» bo‘lib qoldik, «sovetlar» esa Sherali, G‘ayrat va Gavhar bo‘ldi. Ular og‘il tarafga ketdi, biz esa uy tarafga burildik. Qo‘limizda yog‘och to‘pponcha, eng zo‘ri meniki, otam yasab bergan.
— Ago-on… ago-on… — og‘il tarafdan Sheralining ovozi eshitildi. Men tandirning panasiga o‘tib oldim. Shu payt og‘il tomondan hushyor bo‘lib kelayotgan Sherali ko‘rindi.
— Ta-taat, Sherali, ta-taat o‘lding… — deb baqirib yubordim. Sherali «voy» dedi-yu, go‘ng uyumi tomon — pakkaga yura boshladi. Qoidaga ko‘ra o‘lganlar pakkaga chiqib turadi.
— Ta-taat, Ikrom, ta-taat, o‘lding Ikrom… — Gavharning ovozi eshitildi. Ikki kishiga ikki kishi qoldi — o‘yin qizib ketdi.
* * *
Kun tushga yaqinlashib qolgandi. Uyning yonboshidan Zulfiya xolaning «Oysuluv» degan ovozi eshitildi, keyin esa o‘zi ko‘rindi.
— Oysuluv, buyoqqa kel qizim, manovi ovqatni Saltanat xolangga berib kel, — dedi Zulfiya xola.
Oysuluv menga: «Yur, Tursun, berib kelaylik», dedi. Men bosh irg‘agancha unga ergashdim. Saltanat xola yaqinda farzandli bo‘lgan, hali «chillali», shuning uchun ko‘pchilikka aralasholmaydi. Oysuluv ikkalamiz ro‘molga tugilgan non va uznakdagi ovqatni olib yo‘lga tushdik.
* * *
Oysuluvlarnikiga qaytganimizda uyning oldida hech kim ko‘rinmasdi. «Hamma ovqatlanishga kirib ketibdi», deb o‘yladim. Oysuluvlarning o‘zlari yashaydigan uyda ayollar o‘tirishgan ekan, biz to‘g‘ri shu uyga kirdik. Ular ovqatlanib bo‘lishgan ekan. Olti-etti ayol aylana bo‘lib o‘tiribdi, o‘rtada katta un suprasi yozig‘liq. To‘rdan esa momom joy olgan.
— Keldilaringma? — dedi Zulfiya xola, — o‘tiringlar shu yerga, ovqat olib kelaman, — Zulfiya xola shunday deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Ulbachchaga nima bor bu yerda, naryoqda ber ovqatini, — dedi momomning yonida o‘tirgan ayol. Bu Sheralining onasi Xadicha xola edi. Bu gapga Zulfiya xola e’tiroz bildirdi:
— Ulbachchaligi borma hali buning, o‘tirabersin shu yerda.
Ayollar bu gapga kulishdi. «O‘tir, Tursunjon, o‘tir», dedi momom.
Burchakka o‘tirdik. Oygul ikkita kosada ovqat olib kirdi. Oygul Oysuluvning opasi, u dalaga ketmoqchi shekilli, egnida o‘g‘il bolalar kiyadigan yo‘l-yo‘l yengli kuylak.
Ovqat yerkanmiz, ayollarning harakatiga qiziqib qarab o‘tirardik. To‘rda momom, qo‘liga paxta tutamlarini olib supraning o‘rtarog‘ida turgan kattaligi piyoladay keladigan oqtoshning ustiga qo‘yayapti. Bu tosh momomning chiltontoshi. Toshning ikki tomoni biroz qoraygan. Momom paxtani eshib qo‘yarkan, menga avval ham aytib bergan «Etim qiz» matalini aytayapti. Momom gapdan to‘xtaganda ayollar gap qo‘shib qo‘yadi:
— Hmm, tovba…
— Xudoyimning g‘aznasi keng-da…
Ayollarning qo‘lida chigiti olinmagan paxta, ular paxta chigitlab o‘tirishibdi. Bu orada chala-chulpa ovqatlanib, ayvonga chiqdik. Ergash aka oftobada qo‘lini yuvayotgan ekan. U menga qarab: «Ha, Tursuntoy, qachon ot bo‘lasan?» dedi. Men esa «Men toy emasman», dedim.
Bolalar o‘yinni boshlab yuborishgan ekan, bizni ko‘rib «Qaytadan boshlaymiz», deyishdi chuvillashib. Biz yana «afg‘on» bo‘lib qoldik. Odatdagidek, uy tomonga yo‘l oldik. Oysuluv tandirning panasiga berkindi, men esa ayvonga kirib bordim-da, o‘rtadagi uyning eshigini ochdim. Bu Oysuluvlarning mehmonxonasi ekan.
Xonaning to‘rida yuzida katta oynasi bor ikki eshikli shkaf, uning yonida esa ikki qator qilib taxlangan ko‘rpalar bo‘lib, ko‘rpa bilan shkaf o‘rtasidagi burchakda ozgina joy ochiq ekan. Men shu burchakka bordim-da, sekin orqam bilan kirib o‘tirib oldim. Burchak qorong‘i ekan. «Meni topolmay izlab kelsa, bu yerda ko‘rmaydi», deb o‘yladim. To‘pponcham qo‘limda.
Shu payt tashqaridan yaqinlashib kelayotgan mototsiklning ovozi eshitildi, ovoz uyga yaqinlashib o‘chdi va notanish erkakning «Ergash aka», degan tovushi eshitildi. Ayvondan esa Ergash akaning «Kelabering, mehmon, kelabering», degan javobi eshitildi. Bir pasdan so‘ng esa men o‘tirgan xonaning eshigi ochilib, Ergash akaning izidan baland bo‘yli, ozg‘in kishi uyga kirdi. Mehmonning qo‘lida to‘rt burchak shakldagi qora charm hamyon bor edi. Ularning izidan kirgan Oygul men o‘tirgan burchakdan o‘tib ko‘rpalardan ikkitasini to‘shab chiqib ketdi. Ergash aka mehmon o‘tirgach, yuziga fotiha tortdi va hol-ahvol so‘ray boshladi. Mehmon menga orqa o‘girib o‘tirar, hamyoni esa mendan yarim metr narida, ko‘rpaning ustida turardi.
* * *
Shu payt ayollar o‘tirgan uydan ularning kulgisi, keyin esa Zulfiya xolaning «Ko‘ryapman, ko‘ryapman», degan ovozi eshitildi.
Bundan tushundimki, Bibiseshanba oxirlabdi. Ya’ni Bibiseshanbaning oxirida uy egasi o‘rtadagi suprani boshiga qo‘yib olib uyni aylanib chiqadi, shunda uydagi boshqa ayollar undan «Nimani ko‘ryapsiz?», deb so‘rashadi. U esa ko‘nglidagi barcha yaxshi niyatlarini aytib uyni aylanadi.
— Nimani ko‘ryapsiz, Zulfiyaboybicha? — momomning ovozini tanidim. Bunga javoban Zulfiya xolaning ayvondan «To‘y qilyapmiz-e, momosi, Oygulimdi uzatyapman», degan tovushi eshitildi. Zulfiya xolaning ovozi pasaydi, u ayvondan chiqib ketdi chamasi.
* * *
Mehmon bilan Ergash aka esa hamon yuzma-yuz o‘tirardi. Ergash akaning biroz xavotirli ko‘zlari mehmonning og‘zida. Mehmon go‘yo aybdor odamday yerga qarab gap boshladi:
— Ergash aka, men oblvoyenkomatdanman. Termizga kecha keldim… — Mehmon bir to‘xtab oldi-da gapida yana davom etdi. — Kobulda edim shu hafta… Endi aka, Xudoning aytgani bo‘lar ekan-da… Shunday bo‘lib qoldi…
— Qanday bo‘lib qoldi? — Ergash aka qariyb baqirib yubordi. — Isroil tinchmi ishqilib, nima bo‘ldi?
— Isroil… Isroil, — mehmon duduqlanib, ko‘rpachaning ustida turgan hamyonni tezda ochdi-da, undan bir parcha qog‘oz oldi. Ergash aka qog‘ozni mehmonning qo‘lidan yulib oldi va pichirlab o‘qiy boshladi. Men esa o‘tirgan joyimda nima gapligiga tushunmay o‘tirardim.
— Nimaga bunday bo‘ladi… nima-aga… — Ergash aka lablari titrab birdan yig‘lab yubordi va mehmonning yoqasidan ola ketdi. Kutilmagan bu harakatdan mehmon yonboshiga yiqilib tushayozdi. U Ergash akaning qo‘llaridan qutulishga harakat qilib, «Ergash aka, Ergash aka», derdi faqat. O‘tirgan joyimda cho‘chib tushdim. Ergash aka mehmonning yoqasidan qo‘lini olib, o‘zini gilamga tashladi. Uning yelkalari titrar, ovozi xirillardi: «Nima-aga?..»
— Isroil… Isroil mard yigit edi… Vatan uchun mardlarcha halok bo‘ldi… — Mehmon boshi egilgan kuyi gapirardi. Ovozining titrashidan u ham yig‘layotganga o‘xshardi. Ergash aka gilamdan boshini ko‘tardi, uning bitta-yarimta oq oralagan mo‘ylovlari ham ko‘zyoshidan ho‘l bo‘lgandi.
— E-e, shu… onasini… — uning yig‘i aralash ovozi biroz bosilganday tuyuldi menga. Xonaga bir zum og‘ir jimlik cho‘kdi. Shu mahal uyning orqa tomonidagi derazadan boshiga supra qo‘ygan Zulfiya xola ko‘rindi. U to‘xtab-to‘xtab, baland ovozda o‘ziga-o‘zi gapirardi. Uning ko‘zlari juda uzoqlarga qadalgandi.
— Isroilimdi ko‘ryapman, ko‘rayapman, yuzlari oyday bo‘p kelayapti. Isroilimga kelin tushirayapman, kelinimning… — Zulfiya xolaning ovozi pasaydi, uyni aylanib ketdi.
Mening esa uydan yugurib chiqqim keldi shu topda.
— Enasi eshitmasin, enasi, — Ergash aka ko‘zlarini artarkan qiynalib o‘rnidan turdi. Mehmon ham o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Gilamning ustida esa haligi qog‘oz g‘ijim bo‘lib yotardi.
— Ergash aka… endi peshonasida bor ekan-da. Ertaga soat 12 da Termizga… — gapning davomini eshitmay tashqariga otildim, eshikka yetganda qo‘lida dasturxon va tarvuz ko‘targan Oygulga urilib ketdim.
Ayollar ham tashqariga chiqayotgan ekan, momom esa Zulfiya xola jilovidan tutib turgan eshagimizga minayotibdi. Yugurib ayvondan chiqarkanman, og‘il tomondan kelayotgan Sheralining «Ta-taat, Tursun, o‘lding, urra afg‘onlar yengildi», degan hayqirig‘i eshitildi. Men esa momom tomonga parishon borarkanman, birdan baqirib yig‘lab yubordim. Ayvondan esa Ergash akaning baland, lekin titroq ovozi eshitildi.
— To‘xtat urush-urushingni, ikkinchi o‘ynaganingni ko‘rmayin.
Zulfiya xola esa meni eshakka mindirarkan, hadeb ovutardi:
— Yig‘lama Tursunjon, yig‘lama, o‘yinda yig‘lagan kal bo‘ladi…