Shodiqul Hamro. Unutilgan ozon pardasi (hikoya)

Yo‘q, murda tirilmadi, tirik o‘ldi…
Qabrtoshdagi yozuv. XIX asr

Ko‘plar qatori sen ham qalin asfalt yotqizilgan ensizgina bu yo‘lakning oddiy va doimiy bir yo‘lovchisi eding: ertalablari, sen shoshilgan ko‘yi shu yo‘lakdan hukumat mahkamasiga xizmatga borar, kechki payt ruhing toliqqandan imillab-imillab qadam tashlagancha yana shu yo‘lak orqali uyingga qaytarding. Yo‘lak sen bilan hayot o‘rtasida solingan yagona ko‘prik edi, sen har kun, o‘zing istaysanmi yoki yo‘qmi, baribir, undan o‘tib‑qaytishga majbur eding, zero, bundan o‘zga sen yurishing mumkin bo‘lgan yo‘lakning o‘zi yo‘q edi.

Yo‘lak ancha yil avval, sen hali bu dunyoga kelmasingdan burun solingan edi. Sen tug‘ilganingda onang va otang seni oppoq choyshabga yo‘rgaklab shu yo‘lakdan olib o‘tishgan, keyin tetapoya bo‘lganingda, birinchi marta mustaqil qadam tashlab yo‘lak orqali bog‘chaga borgan eding. Shundan buyon deyarli har kuni yo‘lakka poyi qadaming tegib kelar, u qattiqqo‘l enagaday seni etagiga solib voyaga yetkazgan, ilk chaqaloq yig‘ingdan tortib shu kunga qadar boshingdan nimalarni kechirgan bo‘lsang, barcha-barchasining unsiz shohidi edi.

Yo‘lakning shakli-shamoyili, o‘ydim-chuqurchalari, qisqasi, undagi har bir nuqta senga ham yod bo‘lib ketgan, agar ko‘zingni bog‘lab qo‘yishgan taqdirda ham adashmay‑netmay, qoqinmay-turtinmay yo‘lakning u boshidan-bu boshiga yetib olishingga shubha qilmasding.

Yo‘lakdan yurish ba’zan senga xush yoqardi ham. Ayniqsa, uydan yoki ishdan kayfiyating ko‘tarilib chiqqan kezlarda sen yo‘lakdan sakrab-sakrab qadam tashlab o‘tar, shunda u seni baxt sari olib borayotganday sirli va jozibador ko‘rinardi. Ammo baxtga qarshi bunday quvonchli damlar sening hayotingga intiqlik bilan onda-sonda tashrif buyurib turardi.

Yo‘lakdagi hayot — bu yerda yo‘lovchilardan tashqari ham, muqim o‘rnashib olib tirikchilik tebratadigan kishilar bor edi — seni biroz zeriktirgan, hatto gohida g‘ashingga ham tegardi. Lekin shunga qaramay sen ertalablari, o‘zingcha «yo‘lak sotsibasi» deb nom qo‘yib olgan farrosh kampirga bosh silkib salom berar, so‘ng yo‘lak adog‘ida o‘tiradigan, aft-angori isqirt tilanchi cholga haftada bir-ikki marta, shunda ham, agar cho‘ntagingda sariq chaqalar paydo bo‘lib qolsa, xayr-sadaqa qilarding.

Sen yo‘lakdan dam-badam xayolchan qiyofada o‘tib-qaytar, bu o‘y-xayollaring qanchalik g‘aroyib va turfa xil bo‘lmasin, lekin hech qachon aynan mana shu yo‘lak to‘g‘risida, uni kim, qachon qurgan, deb sira o‘ylab ko‘rmagan eding. Buning ustiga, ehtimol, yo‘lak ostida qandaydir mo‘jiza yashirinib yotgandir, bir kun kelib, bu mo‘jiza yuz ko‘rsatadi-yu, hammani hayratga soladi degan o‘y hech qursa, shunchaki xomxayol tariqasida ham sening xayollaring ko‘chasidan o‘tmagandi. Senga yo‘lakning osti xuddi uning yuzasi singari tanish tuyulardi. Faqat keyinchalik bu haqida o‘ylarkansan, ahvoling xarob va zabun bo‘lishiga qaramay, o‘zingga shunday qismat nasib etganidan, oh, qanday mamnun bo‘lgan, vujudingda kezinayotgan qasosday lazzatli va totli hisdan o‘zingni tutolmay yig‘lab yuborgan va shu barobarida uzoq yillar yo‘lakni, yo‘q yo‘lakni emas, uning ostidagi mo‘jizani toptab kelgan oyoqlaringni chopib tashlashga ham tayyor vajohatga kirgan eding.

Shaharga bahor nafasi ufurayotgan kunlarning biri edi. Sen ishdan qaytayotganding. Avtobusdan bekatga tushib qolganingdan so‘ng, odatdagiday bekat to‘siniga suyanib, to‘rt qadamcha narida joylashgan gugurt qutisiday kichkinagina gazeta do‘konchasidan oqshomgi gazeta xarid qilayotgan kishilarni kuzata boshlaganding. Ko‘p o‘tmay xarid qilgan gazetalariga ko‘z yugurtirib chiqqan kishilarning o‘sha senga tanish hangomasi eshitilib qolgandi: «La’natilar, yana yolg‘on yozishibdi. Axir, men bu voqea qanday ro‘y berganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman-ku?! Bu yerda esa… tfu… «Jig‘ibiyroni chiqqan ko‘zoynakli kishi qo‘lidagi gazetani g‘ijimlab-g‘ijimlab axlat qutisiga uloqtirgandi. Boshqa biri esa yonidagi hamrohiga gazeta sahifasidagi nimanidir ko‘rsatib burnini kinoyali jiyirgandi. Hamrohi unga javoban masxaraomuz kulib:

— Shunaqa-da endi, nima qilamiz, chidaymiz… — degandi.

Sen esa bekat to‘siniga suyangan ko‘yi ulardan ko‘z uzmay turganding. Shu payt xayolingda: «Kayfiyati buzilgan bu kishilar hozirgina o‘zlari axlat qutisiga uloqtirishgan shu gazetada men xizmat qilishimni bilib qolishsa, nima qilisharkan?!», degan o‘y paydo bo‘lgandi-yu ranging oqarib, yuraging ortga tortib ketgandi, yo‘q, bu qo‘rquvga tushganingdan emas, uyatdan edi. Sen bularsiz ham gazetaning qadr‑qimmatini, sahifalarini to‘ldirib turgan jimjimador maqolalar qay yo‘sinda yozilishini yaxshi bilarding. O‘zing ham gazetadan qattiq jirkanar, umringni jaholat yo‘liga sarf etayotganingni redaktsiyada kechadigan har bir daqiqa his etib, ich-etingni yeb yurarding. Ammo redaktsiyadan ishdan bo‘shab ketolmas, qandaydir mavhum kuch seni mahkam tutib turardi. Kim biladi, balki bu yerdan ishdan bo‘shab, so‘ng yangi ish topolmay sarson-sargardoning chiqishini o‘ylab damingni ichingga yutar, balki o‘n yildan beri navbatda turgan va yaqinda tegishi kerak bo‘lgan uydan mahrum qilib qo‘yishlaridan qo‘rqib, ishdan bo‘shab ketolmas eding. To‘g‘risi, bu haqida o‘zing ham aniq bir narsa bilmasding. Gohida, ishdan g‘azabing qaynaganidan tutaqib-tutaqib uyingga qaytarkansan: «Ertadan boshlab redaktsiyasiga qadamimni bosmayman!», deya o‘z-o‘zingga so‘z berar, ammo ertasiga ertalab, go‘yo kecha hech nima bo‘lmaganday va boz ustiga ishga kechikib qolib bosh muharrirdan tag‘in tanbeh eshitishdan cho‘chib, shoshilgancha redaktsiyaga jo‘narding.

Sening hayoting mana shunday mujmal alpozda davom etib kelar, uning changalidan na tamoman xalos bo‘lar, na unga butkul singib ketarding.

Ko‘chada yo‘lovchilarning qadami tiyilib, gazeta do‘konchasini oldi bo‘shab qolgandi. Ichkarida turgan sotuvchi chol tuynukchadan boshini amallab chiqargandi-da, u yoqqa-bu yoqqa xaridor izlab alanglab qaray boshlagan, so‘ng ko‘zi senga tushib, beo‘xshov irshayib qo‘ygandi.

Shundan keyin sen uyingga ketish uchun yo‘lak tomon burilganding. Yo‘lak jim-jit, bir chekkada muk tushib o‘tirgan tilanchi chol seni ko‘rib allanimalar deb zorlana boshlagandi. Sen uning qarshisidan o‘tayotib, azbaroyi yig‘loqi ovoziga chiday olmay, beixtiyor qo‘lingni cho‘ntagingga uzatib, qo‘lingga ilashgan chaqalarni yuziga qarab o‘tirmay xayr-sadaqa qilganding. Chol suyunib ketgandi va shu zahotiyoq qoqsuyak qo‘llarni fotihaga ochib duo o‘qishga tutingandi. Uning labi-labiga tegmay nelar deb javragani sening qulog‘ingga kirmagan, sen o‘ychan nigohingni yerga qadagancha asta-sekin ketib borarding — oradan yillar o‘tib yo‘lak o‘stida kechgan mana shu lahzalar xayolingdan qayta-qayta jonlanar ekan, nega o‘shanda bir necha daqiqadan so‘ng hayotingni tamoman boshqa izga solib yuboradigan mo‘jizaga Ro‘baro‘ kelishingni sezmaganingni, holating ham boshqacha bo‘lmaganini o‘ylab hayron qolarding. Faqat endi — oradan talay yillar o‘tib ketganidan so‘nggina — buni yoqimli bezovtalik bilan his etar va hozir ham o‘zingga qismat bo‘ladigan mo‘jiza bilan yuzma-yuz kelayotganday, yuraging tuyg‘ular to‘poloniga tor kelib qolardi.

Sen chamasi yo‘lak o‘rtasiga yetib qolganding. Shu chog‘ ko‘zing… yo‘q, avval yo‘lakning bo‘rtib turgan o‘rni diqqatingni tortgandi: sen — umring bino bo‘lib yo‘lak yuzida biror bo‘rtiq yoki shunga o‘xshash shikast rextani uchratmagan, har doim yo‘lak kaftimday tep-tekis va sip-silliq deb o‘ylarding. Shu tufayli bo‘rtib chiqqan joyga ko‘zing tushishi bilanoq ajablanib, yurishdan to‘xtab, sinchkov razm solganding: yo‘lakka darz ketib, kichkina tirqish paydo bo‘lganini ko‘rib negadir yuragingga xavotir qo‘ngandi, sen yon-atrofingga alanglzb, so‘ng yana boshingni quyi etganding. Bu safar boyagi tirqishdan sezilar-sezilmas ko‘zga tashlanib turgan qandaydir daraxtning qizg‘ishrang tomiriga ko‘zing tushgandi‑yu, daf’atan, qanday voqea yuz berganini tushunganding: yo‘lak ostida qolib ketgan qandaydir daraxtning tomiri yelkasidagi asfaltni yorib yuzaga chiqib kelayotgan edi… Sen bu hayratlanarli manzaradan ko‘z uzolmay qolganding. Ha, aytganday, dastlab sen «bu tomir shu yaqin orada o‘sgan bironta daraxtniki bo‘lsa kerak», degan o‘yga borib, girdi-tevaragingga izlanib qaraganding. Lekin yo‘lakda biror dov-daraxtning qorasi ko‘rinmay, faqat ikki chekkada qaychilanib bejirim qiyofaga solib qo‘yilgan pakana bo‘yli butalarga ko‘zing tushgandi. Sen «bu tomir, ehtimol, shu butalarnikidir», degan shubhaga borib ham o‘tirmaganding, sho‘rlik butalarga hech zamon bunday baquvvat tomir bitmasligi senga yaxshi ma’lum edi. Shundan so‘nggina, yelkasidagi asfaltni itqitib yuzaga chiqib kelayotgan tomirni qanchalik qudratli ekanini ko‘rib, chinakamiga hayratga tushganding.

Shu kun xushnud kayfiyatda uyga kech qaytganding.

Yo‘lakdagi noma’lum daraxtning tomiri kishining aqlu xayolini o‘g‘irlab, so‘ng o‘z ko‘yida uzoq vaqt asir qilib qo‘yadigan qandaydir g‘aroyib surat yoki shunga o‘xshash sirli narsa emas edi. Tomirning haqiqatan borligi, asfaltni qirs-qirs sindirib o‘zini tirik ekanidan xabar berishi ko‘z o‘ngingda sodir bo‘layotgan edi, sen buni boshqacha tushunishing yoki ko‘rib ko‘rmaslikka olib, atay xayolingni chalg‘itishing mumkin emas edi — chunki u o‘z mohiyati-e’tibori bilan mo‘jiza edi. Uni mo‘jiza deb atash uncha to‘g‘ri bo‘lmas, chunki rostdan mo‘jiza bo‘lganda ko‘p qatori sen ham birdan hayratga tushar va bu hayrating ikki kun, nari borsa uch kunga cho‘zilar, keyin ko‘zlaring ko‘nikib, nazaringda u oddiy narsaga aylanib qolardi. Axir, sen mo‘jizalar asrida tug‘ilib yashayotgan eding-da!

Darvoqe, kunlar o‘tgan sayin o‘zing ham bu mo‘jiza emas, unutilgan, aniqrog‘i, xo‘rlanib, yovuzlarcha shu ko‘yga solingan qismat ekanini anglab borarding.

Tomir haqida sening xayolingda kechayotgan o‘y-fikrlar oddiy edi. «Bu yerda bir paytlar tanasi quchoqqa sig‘maydigan daraxt o‘sgan! — tomir to‘g‘risidagi sening dastlabki o‘ying shunday edi — tabiiyki, unda mana bu yo‘lakdan nom-nishon bo‘lmagan. Keyin daraxtni kesib, yo‘lak solishgan… Ha, ha, aynan shunday, bu yerdan yo‘lak o‘tkazish uchun daraxtni kesib tashlashgan. Balki, noma’lum daraxtning yana turfa xil xislatlari bo‘lgan va bu narsa kimlarningdir alamini keltirgan. Shunda ular yo‘lak o‘tkazish zarurligini vaj qilib, daraxtni tanasiga bolta urishgandir, ehtimol, bu yo‘lak — yo‘lovchilar o‘tib-qaytishi uchun solingan shunchaki yo‘lak emas, aksincha, daraxtni kesgan kimsalarni qotilligini yashirib turgan niqobdir.

Daraxt va yo‘lak. Qisqasi, sening tomir haqida barcha o‘ylaring oxiroqibatda shu yo‘lakka kelib taqalaverardi. Shuning ta’sirida sening yo‘lak to‘g‘risidagi burungi tasavvurlaring yemirilib, o‘zgarib borar, yo‘lakdan o‘tib-qaytayotganda oyoqlaring xuddi yuzaga chiqib qolgan ana u tomirga o‘xshash boshqa tomirni ham toptab ezg‘ilayotganday seskanib-seskanib qadam tashlarding.

Aslida-ku tomirning o‘zi o‘z o‘tmishi haqida seni ko‘p narsalardan ogoh etishi mumkin edi. Sen uni bilakday yo‘g‘onligiga, vujudida sog‘lom qon jo‘sh urgan kishining yuziday qip-qizil po‘stlog‘iga tikilib turib, tomir o‘z vaqtida daraxtni tiriklik suvi bilan ta’minlab turgan jon tomir sanalgan, — deb o‘ylarding — yo‘qsa, u allaqachon yer ostida chirib bitgan bo‘lardi. Baquvvatligi tufayli yerning qaysidir chuqur qatlamidan bosh ko‘tarib kelyapti. Uni yo‘lga chiqqaniga ellik, balki oltmish yildan oshgandir…

Ba’zan sen xayolingda yalt etib paydo bo‘lgan o‘y ta’sirida beixtiyor dahshatga tushib qolar, bu o‘y g‘ayrishuuriy tuyulsa hamki, o‘zingda uni inkor etadigan kuch sezmasding. «Ehtimol, bu tomir ham asfalt ostida qolib ketgan murdalar suyagidan o‘sib chiqqandir?!» degan fikr ham seni xuddi shunday ko‘yga solgan edi. Ko‘p yil avval xorijlik bir yozuvchining shunday voqea tasvirlangan hikoyasini o‘qigan eding. Hozir u yozuvchining ism-sharifi va hikoyaning to‘la bayoni yodingda qolmagan, faqat undagi «yillar o‘tgandan so‘ng, bir paytlar isyon ko‘targani uchun mustabid hukmdor tomonidan temir g‘ildirakli mashinalar ostiga tashlanib yanchilgan, keyin ustiga qora asfalt tortilgan kishilar suyagidan daraxtlar o‘sib chiqdi», degan lavha xotirangda mahkam o‘rnashib qolgan edi. O‘shanda, hikoyani o‘qiy turib, sen bu fikrga mutlaqo qo‘shilmagan, «yozuvchining shunchaki xayoloti…» deb qo‘ygan eding. Haqiqatan, murdalar suyagidan daraxt o‘sib chiqishini qanday qilib tasavvurga sig‘dirish mumkin?! Ammo sen yo‘lakdagi tomirga tikilib turib, bir paytlar «xayolparast», deb atagan xorijlik yozuvchiga endi o‘zingni ruhan yaqin his etar va murdalar suyagidan daraxt o‘sib chiqishi mumkinligiga ishonib turarding.

Noma’lum daraxtni kim, qachon va nega kesgan, bu tomir chindan marhumlar suyagidan o‘sib chiqqanmi, degan savollarga sen baribir tayin javob topolmas, bu sening nazaringda xuddi tili kesib tashlangan kishidan, tilingni kim kesdi? deb so‘rashga o‘xshardi. Bora-bora, sen bunday jumboq savollar bilan xayolingni ortiq chalg‘itmay qo‘yding, endi senga «daraxt qanday qiyofada bo‘lgankan?» degan o‘y tinchlik bermay qo‘ygandi. Sen daraxt, shubhasiz, ulkan va zabardast bo‘lgan, deb mulohaza qilardingu lekin bu qiyofani tasavvuringda jonlantirolmas, o‘y-xayollaring qanchalik chuqur va keng bo‘lmasin, bu ko‘ngil istagingni suratini chizolmay to‘zg‘ib ketardi. Biroq hali oldingda o‘sha noma’lum daraxtning aynan o‘zini ko‘rish uchun imkon bor edi. Oftob taftida tomirning badani qizib nish otayotgandi…

Sen tomir to‘g‘risida biror kimsaga lom-mim deb og‘iz ochmagan, yuragingni to‘lqinlantirgan barcha quvonchu tashvishingni ichingga sig‘dira olganding. Busiz ham tomir yo‘lakni yorib yuzaga chiqqanidan boshqalar xabar topishi hech gap emas edi, chunki yo‘lakdagi darz kengayib, ariqcha shaklini olgan va tomir shundoqqina ko‘zga tashlanib qolgandi. Kim biladi, ehtimol yana kimdir sen kabi uzzu kun tomir haqida o‘ylar va u ham nihol unib chiqishini sabrsiz kutib yurgandir. Ammo, tomir tepasida o‘zingdan boshqa kimsaga ko‘zing tushmagan va bunday o‘y xayolingga ham kelmagan edi.

Tomir otgan nish asta-sekinlik bilan bo‘y cho‘zib, niholgacha aylanib borayotgan kunlarning birida, tomirni yana kimdir kuzatib yurgani senga o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘lib qoldi. Bu voqea, sen qayoqdandir yarim qopcha tuproq topib kelib, tomirning ustini berkitib qo‘ygan tunning ertasi kuni ro‘y berdi. Tomir ustiga tuproq solishdan maqsading, unib chiqayotgan niholchani o‘ylab shunday qilganding. Buning ustiga yo‘lovchilarning ko‘z o‘ngida uning ochiq yotishi keyingi kunlarda ko‘nglingda turli xil shubhalar uyg‘otayotgan edi.

Sen ertalab tuproq bilan berkitilgan tomir qarshisidan o‘tarkansan, uni ishonchli qo‘llarga topshirib ketayotganday ko‘ngling butkul xotirjam tortgan edi. Kun bo‘yi sen tomir to‘g‘risida deyarli o‘ylamading. Ishdan ham har kungidan kech qaytding. Avtobus seni bekatga tashlab ketgan paytda ko‘chada hech kimning qorasi ko‘rinmas, gazeta do‘konchasining eshigida mushtday qulf osig‘liq turardi. Sen bekatda to‘xtamay yo‘lak tomon yurding va yo‘lakka hali birinchi qadamingni tashlamay turib, yo‘lak o‘rtasidagi g‘ildirak bosqoni ming pudli asfalt yotqizadigan mashinaga va uni atrofida o‘ralashib yurgan qizil nimchali yo‘ltuzatuvchilarga ko‘zing tushdi-yu, qo‘qqisdan musht yeganday xayoling ostin-ustun bo‘lib, gandiraklab ketding. Sen shu zahotiyoq yo‘ltuzatuvchilarga qarab «Tegmanglar!» deya qichqirib, so‘ng o‘sha tomon yugurmoqchi bo‘lding, ammo qattiq qo‘rqib ketganingdan nafasing ichingga tushib, ovozing chiqmay qoldi, oyoqlaring ham o‘zingga bo‘ysunmay, xuddi tushdagiday o‘rningda tipirchilay boshlading. Qancha payt o‘z-o‘zing bilan ovora bo‘lib qolganingni bilmaysan, hushing picha joyiga kelganda, asfalt yotqizadigan mashina yo‘lakni band etib ketib borar, uning orqasidan belkuraklarini yelkalariga tashlab olishgan yo‘ltuzatuvchilar ergashishgan va ularning ortida hozirgina to‘shalgan bir parcha qora asfalt qorayib turardi.

Sen qachonlardir shunday voqea ro‘y berishini mutlaqo kutmagan, aniqrog‘i, nihol unib chiqayotgan tomir ustiga asfalt yotqizishga hech kim jur’at qilmasa kerak, degan o‘y bilan o‘zingni ovutib yurarding. Sen xato o‘ylaganingni, behudaga ko‘nglingga taskin-tasalli berib kelganingni endi tushunib yetganding, biroq kech tushunib yetganding. Shunday bo‘lishini avvalroq bilgan taqdiringda ham nima o‘zgarardi?! Senga va tomirga kim ham shafqat qo‘lini cho‘zardi?! Axir sen yo‘lakni oddiy bir yo‘lovchisi eding-ku?! Yo‘lak sening izmu-ixtiyoringga bo‘ysunmas, istak-xohishing, yuragingning urishi bilan hisoblashmas edi-ku?! Mana bu gal ham oqibat shunday tugadi-ku! Tomirni kashf etgan kundan beri sening ko‘nglingda neki shaffoflik qanot yozgan bo‘lsa, barchasiga qora asfaltdan tamg‘a bosilgani rostku?! Endi sezyapsanmi, qora ajdarhoday uzala tushib yotgan bu yo‘lakning makru mahobatini?!

Sen hali tafti sovumay nafasni bo‘g‘adigan badbo‘y hid anqib yotgan bir parcha asfalt ustidan tun allamahal bo‘lganda uyingga qaytding. Bu hali muqarrar mag‘lubiyat alomati emasdi. Tomir seni yuragingga ko‘chib o‘tib chuqur ildiz otgan va endi taqdirga tan berib, burungiday beparvo yashab ketishingga yo‘l qo‘ymas edi. Sening tomirlaringda g‘azabnok qaynoq qon gupurib, vujudingni o‘ch olish hissi chulg‘ab olgandi. Sen uyingga yetib keliboq qaznoqda zang bosib yotgan boltani olib, yana yo‘lak tomon ketding.

Sen tunda biron tirik zog‘ga sezdirmay amalga oshirgan rejang ham bunday natija bilan tugashini kutmagan eding. O‘sha kun ertalab uyingdan chiqib, yo‘lak tomon yugurganingda tomir tepasida to‘rt-besh kishi to‘planib turishar edi. Seni sezilar-sezilmas ranging oqarib, oyoqlaringga qaltiroq kirdi. Sen «sezib qolishmadimikin?!» degan xavotir bilan to‘planib turgan yo‘lovchilarga yaqinlashding. Ular senga shunchaki ko‘z qirini tashlab olishib, so‘ng e’tibor ham berishmadi. Meshday qorin solgan devsifat kishi sochilib yotgan asfalt parchalarini yonidagilarga ko‘rsatib, asabiylashib gapirardi.

— Badniyat kimsalar ham ko‘p dunyoda, yo‘lakni buzib nima zarurakan?! Kechagina shu yerga asfalt yotqizib ketishgandi. Bugun yana buzib ketishibdi — dedi u.

Qolgan yo‘lovchilar «biz ham hayronmiz», deganday yelka qisishib, jim turishar, go‘yo ular ko‘rishmayotganday, tomir to‘g‘risida gapirishmasdi.

Sen, tun bo‘lganiga qaramay, tomirga zig‘ircha zarar yetkazmasdan asfaltni qo‘porib tashlaganingni ko‘rib, qizargancha, miyg‘ingda mamnun jilmayib qo‘yding.

Shu kundan e’tiboran sen bilan yo‘ltuzatuvchilar o‘rtasida pinhona o‘yin boshlandi. Sen bolta bilan asfaltni qo‘porib tashlagan tunning ertasi kuni qayerdandir xabar topgan yo‘ltuzatuvchilar, tomir ustiga qaytadan asfalt to‘shab ketishgan edi. Sen ishdan qaytayotganningda, yo‘lak boshida turiboq buni sezding, biroq o‘tgan galgiday o‘zingni yo‘qotib qo‘ymading, og‘irog‘ir qadam tashlab yangi to‘shalgan asfaltga yaqinlashdingu to‘xtamamading, shoshilib yo‘lingda davom etding.

Darvoqe, endi boshqacha yo‘l tutishing, masalan, tunda amalga oshirgan rejang ham chippakka chiqqanini ko‘rib, yangi chora izlashing mumkin edi. Ammo sen bu tun ham aynan shu yo‘lni tanlading. Sen o‘zing sezmagan holda yo‘ltuzatuvchilarga qasdma-qasd ish tuta boshlagan eding. Sen toliqish yoki qo‘rquv sharpasini sezmay qo‘ygan eding.

Yo‘ltuzatuvchilar ham xuddi kelishib olishganday har kun yo‘lakka kelib-ketishni kanda qilishmas edi.

Hammani hayratga solib qo‘ygan bu pinhona o‘yin besh marta takrorlandi. Sening hali-beri bas qilish niyating yo‘q, aksincha, kun sayin fikring qat’iylashib borar, ba’zan, «toki ular niyatlaridan qaytishmas ekan, men ham asfaltni buzishdan to‘xtamayman!» deb o‘z-o‘zingga so‘z berib qo‘yarding.

Sening har doim o‘zingdan ko‘ngling to‘q edi. Tunlari imi-jimida yo‘lakka borib-kelar, ertalablari esa yo‘lovchilar singari «nimalar bo‘layapti o‘zi, hech narsaga tushunolmay qoldim?!» qabilida o‘zingni go‘llikka solarding. Faqat tomirdan ko‘ngling notinch edi. Hozircha yo‘ltuzatuvchilar seni tomir uchun asfaltni buzayotganingni sezishmagan chog‘i hali tomirga tegishgani yo‘q, mabodo sezib qolishguday bo‘lsa, hech ikkilanmay shartta kesib tashlashlari aniq edi. Kim bilsin, ehtimol, allaqachon sezishgan, ammo ularga tomirdan ko‘ra seni qo‘lga tushirish muhimroqdir. Qo‘lga tushirishganlaridan so‘ng, tomirni kesib tashlashni mo‘ljallab qo‘yishgandir. Ular qanday niyatda ekanligi senga qorong‘i edi.

Tunda sening yo‘lakka qatnashing og‘ir kechadigan bo‘ldi. Aftidan, ular sening izingga astoydil tushishgan ko‘rinadi, yo‘lakni tunlari nazoratchi qo‘riqlab chiqadigan bo‘ldi. Tunda yo‘lakda yo‘lovchilar yurishi ham ta’qiqlab qo‘yildi. Haqiqatan ham sen uchun xatarli damlar boshlangan, salgina ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yish boshingga muqarrar falokatni yetaklab kelardi. Shunday vaziyatda ham sen ikki marta nazoratchilarni dog‘da qoldirib yo‘lakni buzyshga muvaffaq bo‘lding. Shundan so‘ng yo‘lakdagi vahimali mish-mishlar battar avjga mindi. Tungi nazoratchilar safiga yana ikki kishi kelib qo‘shildi — endi ular to‘rt nafar bo‘lishdi.

Aksiga olib, bu tun la’nati nazoratchilar yo‘lak bo‘ylab u yoqdan bu yoqqa yurish o‘rniga tomir atrofida turib olgancha allanimalar to‘g‘risida shivir-shivirlab, bamaylixotir tamaki tutatishardi. Sen allaqachon tomir yaqiniga yetib kelib yo‘lak chetidagi butalar orasida boltani ko‘ksingga bosgancha pusib yotarding. Vaqt imillab o‘tar, kutaverib nafasing dimiqib ketdi, alamingdan ichingda asabiy so‘kinib-so‘kinib qo‘yarding. Hayoting qil ustida turganday xavfli bo‘lishiga qaramay, asfaltni qo‘porib tashlay turib uyingga qaytib ketishni xayolingga keltirmas, nazaringda, agar bu tun yo‘lak buzilmay qolsa, sen hamon o‘zingni ustun sanab kelayotgan bu o‘yinda birvarakayiga hamma yutuqlaringni boy berib, mag‘lub bo‘lishing muqarrardek tuyulardi. Shu bois tishingni‑tishingga bosib nazoratchilardan ko‘z uzmay yotarding.

Mashriq yorishib, tong otib kela boshladi. Yo‘lakda uyqudan uyg‘onib uyidan chiqqan bir-ikki yo‘lovchining qorasi ko‘rindi. Nazoratchilar ham o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi. Ular ikkiga ajralishib yo‘lakning ikki tomoniga qarab yurib ketishdi. Sen ulardan ko‘z uzmay yotarding. Nazoratchilar ortlariga qaramay ketib borar, ular birbirlaridan chamasi o‘ttiz qadamcha uzoqlashgan payt, sen boltani ko‘tarib o‘rningdan turding va lip etib yo‘lakka o‘tib, asfaltni ko‘chirarkansan, ikki ko‘zingni nazoratchilardan uzmas, «hozir sezib qolishadi!», degan o‘ydan yuraging ola-tasir urib, peshonangdan sovuq ter yog‘ilib kelardi. Nazoratchilar hech narsani payqashmadi, shekilli, pinak buzmay ketib borishardi.

Asfalt ostidagi tomir ko‘zga tashlanib qolgandan so‘ng sen nazoratchilarni kuzatmay qo‘yding, endi sezib qolishgan taqdirda ham, bir amallab qochib qutulishga ko‘zing yetardi. Muhimi, bu tun yo‘lak buzilgan va sen tezroq bu yerdan ketishing kerak edi. Bir necha daqiqa muqaddam sening o‘zing ham buni ko‘nglingga tugib qo‘yganding. Bu yerda kechayotgan har bir daqiqa seni xavf-xatar changaliga yetaklab borishi aniq edi. Ammo sen bir zumda hamma-hammasini — hayoting tahlika ustida turganiyu hademay tutib olishlari mumkinligini unutib qo‘ygan, boyagi jonsarak qiyofang favqulodda o‘zgarib vazmin tortib qolganding. Sen yerga tizzalab o‘tirgan ko‘yi badaniga asfaltning qora nuqsi urib qolgan tomirga mahliyo bo‘lib tikilarding.

Sening xayollaringni qanday sehr-jodu o‘g‘irlab qo‘ydi?! Axir, sen hoziroq bu yerdan jo‘nab qolish zarurligi va bu o‘yin ertaga ham davom etishini yaxshi bilardingku?! Yo‘q, qilt etmasding, sajda qilayotganday shu alpozda o‘tirish sening o‘zingga ich-ichingdan yoqar va uzoq-uzoq o‘tirging kelardi.

Evoh! Ushbu g‘aflat daqiqalari seni yosuman kampirday avrab falokat chohiga olib tushgan bo‘lsa hamki, keyinchalik bu haqida o‘ylab hech qachon afsus chekmagan eding. Nega ekanini va tomirga tikilib shuuru-ruhiyatingda nimalar o‘tganini o‘shandagiday hozir ham aniq izohlab berolmas, faqat shu o‘tirishing hamon barcha-barchasidan afzal tuyular, o‘shanda bundan ham dahshatliroq xavf boshing ustiga soya tashlab turganini bilganingda ham o‘rningdan qimir etmasligingga qattiq ishonarding…

Ikki kishi seni ikki mushagingdan turtib o‘rningdan turg‘azishgandan so‘ng, hushing o‘zingga keldi. Shunda ham, ikki yoningda turgan kishilarga boshingni o‘girib qaramading, nigohingni hamon tomirdan uzmasding. Bir zumda yo‘lak yo‘lovchilar bilan tirband bo‘lib ketdi, to‘planganlar bo‘yinlarini cho‘zib, shuncha kundan buyon hammani hayratga solib kelgan sirli shaxs — ya’ni senga va oyoqlaring ostida yotgan boltaga qiziqsinib tikilishar, bir-birlariga «axiyri qo‘lga tishirishibdi, azamatlar», «tunlari yo‘lakni buzadigan shu g‘alamis ekan-da», deb shivirlashishardi.

Ko‘p o‘tmay chinqirab ovoz bergancha mashina yetib keldi. Ikki nazoratchi seni mashinaga olib chiqishdi. Sen taxta o‘rindiqqa cho‘kib, yuziga temir panjara o‘rnatilgan tuynukchadan boyagi vajohati o‘zgarib, endi senga achinib qarashayotgan yo‘lovchilarga kiprik qoqmay tikilding. Ushbu damda xayolingni band etgan o‘ylarni mabodo oshkor etsang, ana u yo‘lovchilar seni «esi og‘ib qolgan g‘irt jinni»ga chiqarishi va «shu tufayli yo‘lakni buzib yurgan ekan-da» deyishi aniq edi. Sening shuuringda kezinayotgan o‘ylar tongda farishtalar chayib ketgan go‘dak yuziday pok-pokiza edi: sen go‘zallik to‘g‘risida o‘ylarding. O‘zingning hozirgi holating, so‘zlashing, ko‘z qarashing, yuragingni urishi, xullas, butkul qiyofang senga go‘zal bo‘lib tuyulardi. Hayotingni mana shu daqiqalaridagina go‘zallik yovuzlik changaliga tushganida yanada go‘zalroq tus olishini daf’atan anglab yetgan eding…

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 7-son

O‘xshash maqolalar: