Shodiqul Hamro. Qaqnus qanotidagi umr (qissa)

U mening to‘ng‘ich farzandim, ko‘zimning oqu qorasi edi: uning bu ko‘hna dunyoga kelishi, ilk marta go‘yo ona qornidagi taftli va orombaxsh hayoti buzilganidan ko‘ngli qattiq ozor chekkandek, daf’atan chinqirib yig‘lab yuborishi jismu jussamdagi mudroq tortgan tuyg‘ularimni birdan junbushga keltirgan, tushkun va zerikarli, imillab kechayotgan hayotimga rang va mazmun olib kirgan edi, yo‘q, yo‘q, uning dunyoga kelgani haqidagi xushxabarni eshitib turib, go‘yo uzoq yillardan buyon hayotning qorong‘i puchmoqlaridan jonim halak bo‘lib izlab yurgan muqaddas narsani kutilmaganda topib olgandek, quvonchdan o‘zimni butkul yo‘qotib qo‘ygan, yuragim azbaroyi orziqib ketganidan, to‘yib-to‘yib yig‘lagim kelgan edi.

U mening to‘ng‘ich farzandim edi: unga nisbatan ko‘nglimda mehru muhabbat, shafqatu muruvvat va ishonchu umidim cheksiz edi, o‘sha dunyo asta-sekin tunning harir pardasiga o‘ralib borayotgan, tim qora osmonda yulduzlar miltirab jilva qilayotgan ayni oqshom pallasida men tug‘ruqxonaning betartib bo‘yoq chaplab tashlangan derazasi ortida qo‘rquv va hayajon girdobida g‘arq bo‘lib turar ekanman, nogoh ichkaridan uning xuddi dunyoni buzib yuborgudek chinqirib yig‘lashini eshitib turib, garchi bunga uzoq payt o‘zimni ishontirolmay yurgan bo‘lsam-da, umrimda birinchi marta yuragimda otalik tuyg‘usi uyg‘ongan va o‘zimni tuyqus ulg‘ayib qolgandek his etgan edim.

U mening to‘ng‘ich farzandim edi: u haqda o‘ylarkanman, go‘yo kutilmaganda hayotning sirli ko‘chasiga kirib qolgandek, aqlim shoshib, muqaddas bitik singari qadim ajdodlarimdan o‘tib kelayotgan, ba’zan nohaq to‘kilib-sochilgan, ba’zan g‘azabdan ko‘pirib toshgan, ba’zan esa zulm va qabohat ko‘z ochirmaganidan to‘nglab qolgan, ammo hech qachon ko‘zi bekitilgan buloq singari qurib bitmagan qaynoq qon endi uning jajji vujudida jimirlab oqayotganini sira aqlu tasavvurimga sig‘dira olmas va daf’atan odam bolasi yaralgandan to yo‘q bo‘lib ketgunga qadar anglab bo‘lmas xilqat ekaniga iymon keltirardim.

U mening to‘ng‘ich farzandim edi: menga, avvaliga, kim tug‘ilishi – o‘g‘il ko‘ramanmi yoki qizmi, mutlaqo farqsiz va ahamiyatsiz tuyulgan edi, hatto bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan, faqat kunlardan bir kun yurak qo‘rimdan yaralgan mujda sokin oqayotgan hayotimga tashrif buyurishini, u bilan mening qismatu a’molim to abad esh bo‘lib ketishiga qattiq ishonar va shunday saodatmand kunlar tezroq yetib kelishini orziqib kutib yashardim. Faqat xotinimning taqdiri azaldan kutgan inoyati, istak-xohishi boshqacha edi, u o‘sha ko‘ngli aynib, hech narsa yoqmay yurgan ilk kunlaridayoq qiz tug‘ilishini orzu qilar, yillar o‘tgan sayin so‘lib-sarg‘ayib, unut bo‘lib borayotgan o‘n sakkiz yoshidagi o‘y-xayol, orzu umidlarini mana shu beg‘ubor istak timsolida qayta kashf etgan va oxir-oqibat bunga qattiq ishonib qolgan bo‘lsa-da, bari bir o‘g‘il tug‘ildi. Yo‘q, yo‘q, men xotinimning sarob bo‘lib chiqqan orzu-umidi ustidan kulayotganim yo‘q, bunday bema’ni o‘yni hech qachon hayolimga ham keltirmaganman, aksincha, o‘sha kezlarda uning shunday beg‘ubor o‘y-xayollar qurshovida masrur qiyofada yurganini kuzatib turib, rost gap, ich-ichimdan unga havasim kelgan, u ko‘zimga yanada jozibali va go‘zal bo‘lib ko‘ringan edi. Buning ustiga, men o‘g‘il emas, qiz tug‘ilgan taqdirda ham toleimdan shunday suyungan bo‘lardim.

U mening to‘ng‘ich farzandim edi, men uning dunyoga kelgani haqidagi xushxabarni eshitib, o‘zimni xuddi hayotning tez va shitob bilan oqayotgan katta o‘zaniga tushib qolgandek his etgan, daf’atan dunyo ham, odamlar ham ko‘zimga o‘ta saxiy va mehr-muruvvatli ko‘ringan, hamma-hamma narsani ko‘nglimga yaqin olgan edim.

U mening to‘ng‘ich farzandim, u go‘yo mitti sehrgar kabi qalbimda yashashga, hayotda zavq-shavq olishga betizgin ishtiyoq uyg‘otgan edi.

Men o‘sha kun, odatdagidek, tug‘ruqxonaga yegulik ko‘tarib bordim, bu, chamasi, o‘g‘lim tug‘ilganining ikkinchi kuni edi, xotinim deraza tabaqasidan engashib yegulikni olar ekan, o‘g‘limga ism qo‘yish lozimligini aytib qoldi. U, boya aytganimdek, o‘g‘il emas, qiz tug‘ilgan taqdirda, bu haqda gapirib ham o‘tirmas, balki to‘qqiz oydan buyon yuragining qat-qatida asrab-avaylab kelayotgan, hatto mendan ham qattiq sir tutgan o‘sha sirli ismni endi qizarib-tortinib oshkor qilar va bu ism menga ham, hech shubhasiz, yoqib tushar edi. Chunki xotinimning didi juda nozik va baland edi, u hayotdan oddiy, ammo go‘zal narsalarni sira adashmay topa olar edi. Ammo kutilmaganda o‘g‘limning tug‘ilishi uning ko‘nglini jo‘shtirib kelgan orzu-umidlarini bir zumda chippakka chiqarib yubordi. Uning “Endi o‘g‘lingizga o‘zingiz ism toping”, deya xiyol zarda va iddao aralash aytgan so‘zlarida ham shu narsa sezilib turar edi.

Ammo bu men uchun unchalik muhim emasdi, chunki o‘g‘lim to‘rt muchasi but va soppa-sog‘ dunyoga kelgan, hayot ham mehri iyib, unga o‘z bag‘ridan joy bergan edi. Endi unga munosib ism qo‘yishim kerakligini anglab turardim.

Aslida o‘g‘lim bu sershovqin va notinch shaharda emas, balki o‘zimning kindik qonim to‘kilgan olis qishloqda tug‘ilganda, hech shubhasiz, hamma-hammasi boshqacha kechardi. Birgina uning dunyoga kelishi barchani birdek quvontirib yuborar, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar xuddi o‘zlarining hayotida mo‘jiza yuz ko‘rsatgandek, bir-birlarini qutlashib, suyunchi ulashishga tushar, onam azbaroyi shoshib qolganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolar, u yoqdan-bu yoqqa yugurgancha, shu mitti mehmonning tashvishini chekkan bo‘lardi. Otam esa bunday xosiyatli kunda, albatta, jonliq so‘yib, qon chiqarardi. Shunday paytda kimdir o‘g‘limga hech kimning xayoliga kelmagan mo‘jaz ism ham topar va bu ism hammaga birdek ma’qul tushar edi. Keyin otam erta tongda hovlimizga mulloni boshlab kelar va u o‘g‘limning qulog‘iga ismi bilan birga azon aytgan bo‘lardi…

Bularning bari qishloqdagi hayotning o‘zi kabi tabiiy bir yo‘sinda kechar, hech kim oldindan shunday qilish kerak, deb atay o‘ylab qo‘ymasdi.

Men bularni xuddi umrimning allaqaysi pallasida ro‘y berib o‘tgan voqea singari xayolimdan o‘tkazar ekanman, beixtiyor ko‘nglim cho‘kib ketar, ayni damda hayhotdek shaharda hatto quvonchu shodligimni baham ko‘radigan yaqin odamim yo‘qligini o‘ylab turib, o‘zimni yolg‘iz his etardim.

U mening to‘ng‘ich farzandim edi, men ham uning bu musofir shaharda tug‘ilishini sira istamagan, ammo shunga qaramay, ayni chog‘da, shaharni tashlab ham ketolmasdim, uch yildan buyon nihoyasiga yetmay cho‘zilib kelayotgan ilmiy ishim qo‘l-oyog‘imni ipsiz bog‘lab turardi. Xotinim esa yolg‘iz o‘zi qishloqda turishni sira xohlamas, ayniqsa, oy-kuni yaqin qolganda uni shunga ko‘ndirishga nechog‘lik urinmay, baribir, biror-bir natija chiqmagan edi. Biz eski shahardagi tang-tor, devorlari zax tortib ketganidan ilvirab yotgan ko‘rimsizgina hovlida ijarada turardik. Xotinim qishloqda emin-erkin hayotga ko‘nikkanidan, bu yerda qisinib-qimtinib yashar, nazarimda, rang-ro‘yi ham salqi tortib ketgandek tuyular edi. Ammo bunga qaramay, u ortiqcha injiqlik va gina-kudrat qilmas, hamisha mening ko‘nglimga qarab ish tutardi.

Men xotinim bilan xayrlashgach, tug‘ruqxona hovlisidan chiqib, bekat tomon kelar ekanman, o‘g‘limga ism qo‘yish haqida o‘ylar, bu fikr allaqachon xayolimni band etib olgan edi. Albatta, o‘g‘limga munosib ism qo‘yish, eng avvalo, mening birinchi otalik burchim ekanligini ich-ichimdan his etardim.

Yashirib nima qildim, o‘g‘limga ism qo‘yish haqidagi fikr birdan o‘zimga juda yoqib tushgan, u xuddi huzurbaxsh va lazzatli o‘y singari yuragimni hapriqtirar, xayolimni o‘ynoqlab, olis- olislarga olib ketar edi. Aslida esa, bu shunchaki jo‘n va oddiy yumush emasdi, balki men kechagina dunyoga kelgan va najot so‘rayotgandek, javdirab tikilib turgan bir tirik jonga ism berishim kerak edi. U kelajakda ana shu ism ostida o‘sib-ulg‘ayadi, hayotning bag‘riga shu nom bilan kirib boradi, hamma uni shu ism orqali taniydi.

Avvaliga o‘g‘limga ism topish juda oson va yengil tuyulgan, uzoq vaqt boshim qotib qiynalaman, degan fikrni xayolimga ham keltirmagan edim. Axir, dunyoda nima ko‘p – ism ko‘p, shulardan bittasini tanlayman, tamom-vassalom.

Ammo ko‘z ochib yumguncha oradan ikki kun o‘tib ketganiga qaramay, biror-bir to‘xtamga kelishim qiyin bo‘ldi. Men kechayu kunduz shu haqda o‘ylaganimdan, boshimda ming bitta ism g‘ujg‘on tortib aylanar, ular bir-biridan chiroyli, ohangdor, quloqqa xuddi mayin kuydek yoqimli eshitilar va bir zumda kishini o‘ziga mahliyo etib qo‘yardi. Ammo men ularning qaysi birini tanlashni bilmasdim. Ba’zan qaysidir ism ko‘nglimga yoqib tushar va yengil tortgan ko‘yi o‘g‘limga munosib ism topdim, deb o‘ylardim. Ammo hali chuvalashib yotgan o‘y-xayollarimni yig‘ishtirib olishga ulgurmay turib, go‘yo o‘g‘limga shu ismni qo‘ysam, qandaydir noxush voqea ro‘y berib qoladigandek, shosha-pisha fikrimdan qaytardim. So‘ng yana butun vujudim bilan ismlar aralash-quralash bo‘lib yotgan olamga sho‘ng‘ib ketardim. Meni avvaliga ismlarning chiroyi, ko‘rki va jarangdorligi ko‘proq qiziqtirgan va xayolim dunyosida suzib yurgan ismlarning ko‘proq shu tomoniga e’tibor bergan edim. Ammo keyinchalik bu meni qiziqtirmay qo‘ydi. Men endi ismlarning quloqqa yoqimli va jarangdor eshitilishidan ko‘ra qanday ma’noni anglatishiga ko‘proq qiziqib qolganim bois butun fikru xayolim bilan shuni bilishga urinar edim.

Men uzoq manzilni qora tortib, safarga otlangan, biroq o‘zi sezmagan holda yo‘ldan adashib ketayotgan yo‘lovchiga o‘xshar, ismlarning ma’no-mohiyatini bilishga urinar ekanman, asosiy maqsadimdan tobora olislab borayotganimni o‘zim ham ich- ichimdan sezib turardim.

Bir safar – o‘shanda oqshom mahali uyda yolg‘iz o‘zim xayolga botib o‘tirgan edim – boshimga kutilmaganda urilgan fikrdan beixtiyor qo‘rquvga tushib, yuragim orqaga tortib ketdi. Mening nazarimda, bu dunyoda odam bolasi ko‘tarib yurishga arziydigan birorta ham munosib ism qolmagan, barcha ismlar xuddi eskirgan libos singari allaqachon ohori to‘kilib, puturidan ketgan edi. Yo‘q, yo‘q, ismlar uzoq yillar og‘izdan-og‘izga chaynalib o‘tib kelayotganidan o‘zining ulug‘vorligi, jarangi va jozibasini yo‘qotib qo‘ygan, u endi xuddi boyqush chinqirig‘idek quloqqa xunuk va yoqimsiz eshitilar, go‘yo ism ism emas, balki tavqi la’nat tekkan kimsaning ihrashiga o‘xshab qolgan edi.

Yo‘q, yo‘q, to‘g‘rirog‘i, ismda ayb yo‘q, balki odam bolasi qo‘l urgan jamiki yovuzlik, jaholat va tubanlik nuqsi aynan ismga muhrlanib qolgan, o, nafaqat muhrlanib qolgan, balki uni butkul o‘rab-chirmab olgan edi, shuning uchun qaysi bir ismdan fahshning shilta hidi “gup” etib dimoqqa urilar, boshqa bir ism qonga botgan, yana boshqa bir ism esa tubanlik va razolat timsoli sifatida yurakka vahm va qo‘rquv solib yangrardi. Kim biladi, ehtimol, ism hech qachon qarib-qartaymaydi, eskirmaydi, abadiy yosh va ko‘rkam, u o‘z sohibini qabrgacha kuzatib qo‘yib, yana bir boshqa odamning yelkasiga “minib” olib, hech narsa ko‘rmagandek yashayveradi, degan fikrda ham jon bordir. Ammo meni ayni paytda ko‘nglimning bir chetida g‘imirlab turgan boshqa fikr qiynar edi: ism ham insonning o‘zi kabi nechog‘lik uzoq yashasa, shunchalik razolatga botadi, tubanlashib ketadi va oxir-oqibat, hech kim unga havas qilmay qo‘yadi.

Ehtimol, men picha oshirib yuborayotgandirman, biroq ayni damda boshqacha fikr yurita olmasdim. Chunki men kechagina dunyoga kelgan o‘g‘limga ism izlayotgandim. Ha, shunday, men bugun ismga xaridor edim, odatda, xaridor miridan-sirigacha so‘rab-surishtiradi, tortishib-bahslashadi, so‘ng qaysi mol ko‘ngliga yoqsa, shuni tanlaydi. Men ham injiq va talabchan xaridor singari hamma-hammasini bilishni istardim.

Albatta, ism to‘g‘risidagi bunday sovuq va tushkun o‘ylar mening bezovta tortgan ruhimga juda yomon ta’sir qilar, ko‘nglimdagi qiziqish va ishtiyoq hissini so‘ndirar edi.

Biroq ayni paytda bunday mushkul ahvolga tushib qolganimga qaramay, o‘g‘limga tavakkal qilib biror-bir ismni qo‘yishni xayolimga keltirmasdim.

Men xayolimning olis o‘ngirlarida suzib yurgan har bir ism haqida erinmay bosh qotirar edim: bu ism qachondan boshlab odamlarning tiliga tushgan, u qanday ma’noni anglatadi, o‘tmishda shu nom ostida kimlar yashab o‘tgan, ular hayotda qanday iz qoldirgan, xullas, hamma-hammasini bilishga urinar, turli-tuman kitoblarni titkilar, o‘zimga tinchlik bermayotgan savollarga javob izlar edim.

Buning ustiga, o‘g‘limga ism izlab o‘y-xayolim chuvalashib yotgan ayni o‘sha kunlari allaqaysi kitobdan “Qorayimlar qissasi”sini o‘qib qoldim-u, ism to‘g‘risidagi fikrlarim yanada qat’iy tortdi.

O, o‘shanda nafaqat ism to‘g‘risidagi fikrlarim kutilmaganda g‘oyibdan rag‘bat va quvvat olgandek yanada qat’iy tortgan, balki huv qadimda yashab o‘tgan va asrlarning suronli to‘foniyu evrilishlari ostida ko‘milib qolgan qorayimlarning achchiq qismatu a’moli, hayotiy tutumi va e’tiqodu intilishlari sirli mujda yanglig‘ meni chinakamiga hayratga solib qo‘ygan edi.

Men hayajonga tushgan ko‘yi ushbu asarni o‘qir ekanman, xayolan yillar ustalik bilan parda tortgan olis o‘tmishga, qorayimlar yashagan davrga sayr qilar, bu yovqur odamlarning poyonsiz sahroda mag‘rur qad rostlagan o‘tovlariga kirib borar, ular bilan gulxan atrofida tongga qadar suhbat qurardim.

Ayniqsa, qorayimlarning ismni muqaddas tug‘ kabi boshlari uzra ozod ko‘tarib yashagani, go‘yo bu ism emas, balki o‘zlarining qismatu a’moli bitilgan ilohiy bitik kabi unga chuqur e’tiqod qo‘yishgani yuragimni orziqtirib yuborar edi.

Bundan ham qizig‘i shunda ediki, qorayimlar qabilada farzand dunyoga kelsa, unga ism qo‘yishga aslo shoshilmas, balki avvaliga go‘dakni shunchaki bir nom bilan, masalan, cho‘michboymi, qozonboymi, deb atashar edi. Albatta, bu bolaga berilgan muvaqqat nom edi, haqiqiy ismni o‘sib-ulg‘ayib, voyaga yetgach, o‘spirinning o‘zi olishi shart qilib qo‘yilar edi.

Yo‘q, yo‘q, kitobda qayd etilishicha, qabilada ism berish marosimi quvonchu hayajon, asasayu qiyqiriqlarga g‘arq bo‘lib kechar, u ba’zan bir necha kunga cho‘zilib ketar, kattayu kichik barcha qabila ahli bayramona yasangancha katta maydonga to‘planishar va ismga talabgor o‘spirinning har bir xatti-harakatini ko‘zdan qochirmay kuzatishar edi. Qabila oqsoqollari esa, xaloyiqning ko‘z o‘ngida ismga talabgor o‘spirinni ming bitta sinovdan o‘tkazishar, unga turli-tuman savollar berishar, allaqanday murakkab va xatarli shartlarni bajarishni talab qilishar va shundan so‘ng uzoq kengashib, unga munosib ism berishardi.

Marosimda o‘spiringa ism bilan birga sovut, qilich va oq ot ham tortiq etilar va u endi qabilaning haqiqiy a’zosiga aylanardi.

Kitobda qayd etilishicha, qorayimlarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ism berish marosimi o‘ta qat’iy tartibda, murosasiz ruhda o‘tar va bu marosimga o‘zgartirish kiritishga hech kim jur’at etolmasdi.

Albatta, marosimda hukm suradigan ana shunday qat’iyat va murosasizlik tufayli ism olish nasib etmagan, ya’ni mashaqqatli sinovlardan o‘ta olmagan o‘spirinning keyingi qismati juda ayanchli kechardi: maydonga yig‘ilgan xaloyiq oqsoqolning “Unga ism berilmasin!” degan so‘zlari yangrashi bilan tuyqus junbushga kelar, hamma qahr-g‘azabi, nafratiyu alamini o‘sha baxtiqaro o‘spirinning ustiga sochar, hech kim rahm-shafqat qilishni xayoliga keltirmas, odamlar qahrdan guvranib tashlanar va uni urib-so‘kib haydagancha qabiladan mangu badarg‘a etardilar. Keyin esa qorayimlar bu noshud, sho‘rpeshona o‘spirinni, go‘yo o‘zlari bilan hech qachon baqamti yashamagandek, qayta yodga olmasdi ham.

Ismni ana shunday ulug‘lab yashash qorayimlarning hayot tarziga shu qadar chuqur singib ketgan ediki, bu aqidani buzishga yoki unga jinday bo‘lsa-da, o‘zgartirish kiritishga hech kim jur’at etolmagan.

Qorayimlar asrlar qaddini bukkancha, shu taxlit yashab o‘tgan edi.

Men “Qorayimlar qissasi”ni o‘qigach, azbaroyi hayajonlanganimdan ilmiy rahbarim bo‘lmish professorga ham taassurotlarimni gapirib berdim. Ammo kutganimdan farqli o‘laroq, uning tund yuzida biror-bir hayratlanish yoki o‘zgarish ifodasi sezilmadi.

– Eramizdan oldingi asrda yashagan qorayimlarni aytayapsizmi? – dedi u xotirjam ovozda. – Ha, bilaman, tarixda shunday elat yashab o‘tgan. Ularning ismga nisbatan g‘alati munosabati, to‘g‘rirog‘i, ismni ilohiylashtirishi bir paytlar meni ham xuddi sizga o‘xshab qattiq hayajonga solgan edi. Lekin keyinchalik chuqurroq mulohaza yuritib, o‘ylab qarasam, qorayimlarning tanazzulga yuz tutishi va oxir-oqibat tarix sahnidan butunlay yo‘q bo‘lib ketishiga, avvalo, ularning o‘zi qattiq e’tiqod qo‘ygan ana shu ism sabab bo‘lgan. Nega deysizmi? Buning izohi juda oddiy: qorayimlar o‘ziga munosib ism ololmagan noshud o‘spirinni o‘ylab ham o‘tirmay qabiladan haydab solgan. Ya’ni, ismsiz qolgan kimsani hech kim qorayim sanamagan. Yillar o‘tishi bilan o‘ziga munosib ism ololmagan va qabiladan badarg‘a qilinganlar soni ko‘payib ketgan. Bu, ikkinchi tomondan, haqiqiy qorayimlar tobora kamayib borgan, degan ma’noni anglatadi. Oxir-oqibat ahvol shu darajaga borib yetganki, qabilada barmoq bilan sanasa bo‘ladigan, besh-o‘n nafar qorayim qolgan. Biroq shunda ham bu o‘jar odamlar eski aqidadan voz kechishni xayollariga keltirmagan. Oxir-oqibat qorayimlardan nom-nishon qolmagan. Mana sizga, qandaydir aqidaga ko‘r-ko‘rona e’tiqod qo‘yib yashashning oqibati.

Professorning ishonch bilan kesib-kesib gapirishi va uning achchiq xulosasi meni bir zumda gangitib qo‘ydi. Ammo har narsa bo‘lganda ham ko‘nglimda qorayimlarga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘usi uyg‘ongan, ayniqsa, ularning ismni ulug‘lab yashagani hamon hayratimni qo‘zg‘atardi.

* * *

Kim biladi, ehtimol, men bunday mantiqsiz, notayin o‘y-xayollarga berilib, behud qo‘rquv va vahimaga tushayotgandirman?! Ehtimol, o‘g‘limni azbaroyi yaxshi ko‘rganimdan unga har qanday ismni ravo ko‘rmayotgandirman?! Balki ism topishga qiynalayotganimga o‘zimning tabiatimdagi injiqlik va xudbinlik sabab bo‘layotgandir?!

Hozir bu haqda aniq bir narsa deya olmayman. Ammo men butunlay umidsizlikka tushmagan, o‘zim o‘jarlik bilan izlayotgan ism haqida, garchi buni so‘z bilan aniq-taniq ifodalab berolmasam-da, g‘ira-shira tasavvurga ega edim. Bu ism o‘g‘lim tug‘ilgan kundan buyon xayolimning olis o‘ngirlarida bir uyum oppoq bulut kabi ohista suzib yurar, ba’zan tushlarimda uni allakim qo‘shiq singari kuylayotganini eshitib qolar edim. U ming bir ohangda jaranglab, yuragimda umid va quvonch gulxanini yoqib, o‘ziga tomon betinim chorlar, faqat uni eslab qolishga qiynalayotgan edim. Ba’zan noxush o‘ylar ta’sirida tushkunlikka berilib, hafsalam pir bo‘lib turgan paytlarda ana shu sirli ism xayolimda “yalt” etib paydo bo‘lar va u qudratli kuch singari ko‘nglimda yana umid va ishtiyoq chirog‘ini yoqar, tinimsiz o‘ylash va izlanishga undar edi. Shuning uchun men kunlar o‘tib borayotganiga qaramay, hamon o‘g‘limga munosib ism topmaganimga unchalik e’tibor bermas, ko‘nglim nimadandir ancha xotirjam edi.

Har gal tug‘ruqxonaga yegulik ko‘tarib borganimda, xotinim ko‘zlari javdirab og‘zimni poylar, o‘g‘limga qanday ism qo‘yganimni eshitishni toqatsizlik bilan kutar edi. Biroq hali ism topmaganimni eshitarkan, birdan avzoyi o‘zgarib ketar, azbaroyi jahli chiqqanidan yonoqlari “pir-pir” uchib, andishani ham unutgan ko‘yi shang‘illab gapirishga tushardi:

– Xayolingiz qayerda, o‘zi? O‘g‘lingiz qolib, nimalarni o‘ylab yuribsiz?

Xotinim go‘yo ism o‘g‘limga emas, balki o‘ziga zarurdek, astoydil kuyunib gapirar, ora-sira o‘pkalanib, ko‘z yoshi ham qilib olar, izimga qaytayotganimda esa, qayta-qayta yana shuni uqtirar edi:

– Ertaga o‘g‘lingizga ism qo‘yib, guvohnomasini olib kelish esingizdan chiqmasin! Yo‘qsa, do‘xtirlar uyga javob bermasmish…

Men qadamimni sudrab bosgancha, tug‘ruqxona hovlisidan chiqarkanman, o‘zimni xuddi adashib, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan kimsa singari nochor his etar, o‘y-xayollarim butkul chuvalashib ketganidan, ism haqida ortiq o‘ylashga ham yuragim bezillar edi.

Buning ustiga, aynan o‘sha kunlari xuddi atay qilgandek, yo‘lak chetida tanda qo‘yib o‘tiradigan tilanchi cholning kutilmaganda aytgan so‘zlari xayolimni battar ostin-ustun qilib yubordi.

U – tilanchi chol xudoning bergan kuni universitet kutubxonasiga boradigan yo‘lakning bir chetida tanda qo‘yib o‘tirar va zoriqqan ovozda allanimalar deya ming‘irlagan ko‘yi o‘tgan-ketgan yo‘lovchilardan xayr-sadaqa so‘rar edi. Uning aft-angoriga qarab bo‘lmasdi, betartib o‘sib ketgan soch-soqoli yuziga qo‘rqinchli va yovvoyi tus berib turar, ko‘zlari ma’nosiz va tushkun boqar, jussasi qiltiriqdek ozg‘in, yelka suyaklari tugilgan mushtdek bo‘rtib chiqqan, egnidan esa qishin-yozin rang-tusi o‘chgan eski to‘n tushmasdi. Uning mana shunday isliqi, tashlandiq, g‘arib va benavo qiyofasiga qarab turib, kishining ko‘nglidan beixtiyor turish-turmushi shunday bo‘lgach, bu dunyoda tilanchi bo‘lmay qayga ham borardi, degan o‘y kechardi. Aftidan, u hayotda odamdek yashash, umrguzaronlik qilishni allaqachonlar unutib yuborgan, ko‘nglida ham sof va beg‘ubor tuyg‘ular allaqachon o‘chib ketgan va o‘zini yerga urib, odamlar oyog‘i ostida o‘ralashib yashashdan or qilmay qo‘ygandi.

Uning yo‘lakda tanda qo‘yib o‘tirishi, qoqsuyak qo‘llarini cho‘zgancha javdirab xayr-sadaqa so‘rashi, umuman aytganda, isliqi aft-angori ko‘ngilda faqat nafrat va ijirg‘anish hissini qo‘zg‘ar edi. Odatda, yo‘lovchilar xuddi nuqsi urib qoladigandek, uni chetlab o‘tishga urinishar, ko‘pincha ochiq-oshkor nafrat bilan tikilib qo‘yishar edi.

Men o‘sha kuni ana shu tilanchi cholning og‘zidan sira aql bovar qilmaydigan so‘zlarni eshitib, daf’atan hushyor tortdim.

Aslini aytganda, u bilan o‘rtamizda biror-bir tanishlik yoki shunga o‘xshash yaqin munosabat yo‘q edi. Bunday munosabat qaydan bo‘lsin, axir, u kim edi-yu, men kim edim?! Shu paytga qadar onda-sonda, shunda ham cho‘ntagimda mayda chaqalar paydo bo‘lib qolganda, xayr-sadaqa qilganimni aytmasam, unga biror marta tuzuk-quruq e’tibor ham bermagan, biror og‘iz so‘z ham qotmagan edim. Har doim uning qarshisidan bee’tibor va loqayd o‘tib-qaytar, uning yo‘lakda ivirsib o‘tirishi meni mutlaqo qiziqtirmasdi.

Ammo ayni o‘sha kunlarda u o‘g‘lim dunyoga kelgani-yu, men unga ism izlab butkul xayolga botib yurganimdan qanday xabar topdi, buni qayerdan bila qoldi – shunga hali-hanuz aqlim yetmaydi. Kim biladi, ehtimol, men yo‘lakdan o‘tayotib, kimgadir o‘g‘il ko‘rganim-u, unga ism izlab yurganim to‘g‘risida gapirgan va bu gap-so‘zlar tasodifan uning qulog‘iga ham chalinib qolgan, endi esa u pismiqlik bilan o‘zini salkam avliyo chog‘lab, nimaiki eshitgan bo‘lsa, barini oqizmay-tomizmay o‘zimga qaytarib aytayotgandir. Ehtimol, u bu pismiqligi evaziga mo‘maygina sadaqa undirish payidadir. Ehtimol, keyingi kunlarda mening hayotimda qanday voqea ro‘y berib o‘tgan bo‘lsa, barini u savqi tabiiy xislati bilan bilib olgandir.

Bilmayman, har narsa bo‘lishi mumkin. Ammo meni butkul tang qoldirgan narsa o‘sha kun ertalab, odatdagidek, kutubxonaga borayotib, negadir ko‘nglimda sadaqa berish istagi tug‘ildi va cho‘ntagimdan qo‘ldan-qo‘lga o‘taverganidan uvadasi chiqib ketgan qog‘oz pulni olib, engashgan ko‘yi unga uzatayotganimda, kutilmaganda, boshini ilkis ko‘tardi va kiprik qoqmay, yuzimga sovuq tikilgancha, so‘z qotib qoldi:

– O‘g‘lim, – dedi u xuddi qiroat qilayotgandek bosiq va do‘rillagan ovozda, – avvalo hammasi xudodan, ammo ism tanlashda aslo shoshilmang. Har bir ism o‘zining ruhi va yuki bilan yaralgan. Shuni sira yoddan chiqarmang: ismda sir bor, uning qatida bolaning qismati yashirib qo‘yilgan. O‘g‘lingizga chuqur o‘ylab, so‘ng ism qo‘ying. Omiyn, atagan xayr-sadaqangizni xudo o‘z dargohida qabul qilsin! – u qoqsuyak qo‘llarini ochib, yuziga fotiha tortdi-da, so‘ng yana boshini quyi solib oldi.

Ha, ha, u xuddi qiroat qilayotgandek, salobatli ovozda: “Ismda ham sir bor”, dedi. Keyin sira kutilmaganda, uning turqi-avzoyi birdan o‘zgardi, go‘yo hozirgina o‘rtamizda hech qanday gap-so‘z bo‘lib o‘tmagandek, boshini ko‘ksiga tekkizgudek alfozda quyi solib oldi-da, tag‘in zoriqqan ovozda allanimalar deya ming‘irlashga tushdi. Men uning boshi ustida azbaroyi hayrat va taajjubga tushganimdan toshdek qotib qolgan, oyoqlarim ostida bukchayib o‘tirgan tilanchi cholga ichki bir qo‘rquv va hayrat bilan tikilar va tikilgan sayin u haqidagi burungi uzuq-yuluq tasavvurlarim xuddi puturidan ketgan uy singari birdan qulab tushgan va u ko‘zimga bu ko‘hna va quv dunyoning barcha sir-sinoatini besh barmog‘idek biladigan sehrgarga o‘xshab ko‘rinardi. Men tik qotgan ko‘yi tilanchi cholga tikilarkanman, ko‘nglimda qiziqish va hayratim tobora ortib borar, tilanchi cholni yana gapga solishni, o‘zimni shu paytga qadar qiynab kelgan barcha jumboq va chigalliklarga javob olishni istardim. Ammo u mening istak-xohishimga zid o‘laroq, allaqachon to‘nini butkul teskari kiyib olgan, boshini ko‘taray demas, ovozi ham ichiga tushib ketgandek, tinib qolgan edi. Faqat u dam-badam ko‘zi osti bilan oyoqlarimga qarab-qarab qo‘yar, aftidan, mening bu yerdan tezroq ketishimni kutayotgan edi.

Men uning boshi ustida ancha payt turib qoldim, ammo undan sas-sado chiqmadi, buning ustiga, yo‘lakdan o‘tib-qaytayotgan yo‘lovchilar ajablanib qarayotganini sezgach, noiloj kutubxona tomon yo‘l oldim.

Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz? Ammo tilanchi chol meni, rostdan ham, qattiq hayratga solib, xayolimni bir zumda ostin-ustun qilib yuborgan edi. Men boyagina uning og‘zidan eshitgan gap-so‘zlarga o‘zimni sira ishontirolmas, bu voqea o‘ngimda emas, balki tushimda ro‘y berib o‘tganga o‘xshab tuyular edi. Boshqa bir kimsa shunday bashorat qilsa, ehtimol, men bunchalik hayratga tushmas, barchasini tabiiy yo‘sinda qabul qilgan bo‘lardim. Ammo har kun yo‘lakda ivirsib o‘tiradigan, na zoti, na nasl-nasabining tayini bor daydi va isliqi bir kimsadan nogahon bunday dilxoh so‘zlarni eshitishni sira tasavvurimga sig‘dirolmay qiynalar edim. Aslida kim o‘zi bu tilanchi chol?! Mening fikru-xayolimni ana shu o‘y band etib olgan, kutubxonaning zax hidi anqib yotgan nimqorong‘i xonasida ilmiy ishimga taalluqli kitoblarni nomigagina titkilab o‘tirar, biroq boshimga hech narsa kirmasdi.

Ammo ertasi kuni ertalab, chamasi, haftaning seshanba kuni edi, kutilmaganda, shunday g‘alati voqeaning ustidan chiqdimki, kimdir boshimga tuyqus bir musht tushirgandek, battar gangib qoldim.

Shu kuni ertalab tug‘ruqxonadan chiqib, kutubxonaga borayotgan edim, yo‘lak o‘rtasida – aynan haligi tilanchi chol tanda qo‘yib o‘tiradigan joyda bir to‘da odamlar to‘planib, bir-birlarining yelkasi osha bo‘yinlarini cho‘zgancha, allanimani berilib tomosha qilayotganiga hali olisdan ko‘zim tushgan va ko‘nglimda qanday voqea ro‘y beribdiykin, degan o‘y kechib, qadamimni qanday tezlatganimni o‘zim ham sezmay qolgandim. Odamlar to‘planib turgan joyga yetib kelib, daf’atan shunday voqeaga guvoh bo‘ldimki, aqlim shoshganidan nima qilishni bilmay qoldim. Rosti gap, men kunlardan bir kun shunday voqea ro‘y beradi, deya sira o‘ylamagan, bu hatto yetti uxlab tushimga ham kirmagan edi. Shundan tuyqus qo‘l-oyog‘im bo‘shashib, ko‘z oldim qorong‘i tortib ketgandek bo‘ldi. Ey, xudo, nimalar ro‘y berayotganini hatto aytishga ham odamning tili bormaydi axir. Ikki barvasta yigit boshqa birovni emas, aynan haligi tilanchi cholni qo‘llaridan mahkam tutgan ko‘yi huv narida eshigi lang ochib qo‘yilgan mashina tomon sudragandek bir alfozda olib borar, yo‘lakning bir chetida esa, tumonat odam, nafasini ichiga yutgan ko‘yi ulardan ko‘z uzmay turardi. Haligi ikki yigit allanimadan qattiq g‘azabga mingan, ularning yuzida qahrning og‘ir sharpasi suzib yurar, azbaroyi jahlning zo‘ridan ko‘zlari kosasidan chiqqudek kattarib ketgan edi. Ular tilanchi cholning mushaklaridan xuddi jirkanch bir narsani tutgandek ochiq-oshkor ijirg‘anib ushlab olgancha, sudrab borishar, dam-badam, garchi bunga hech qanday zarurat bo‘lmasa-da, ovozlarini ko‘tarib, shaloq so‘zlar bilan so‘kingancha, uni siltab-siltab tashlashar va qo‘nji kalta etiklari uchi bilan tepib-tepib qo‘yishar edi. Bechora tilanchi chol bunday tahdid va zug‘umdan butkul o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi, nazarimda, uning jussasi battar kichrayib, bir burda bo‘lib qolgandek tuyular, shalviragan ko‘yi oyoqlarini bazo‘r sudrab bosarkan, qo‘rquv to‘la ko‘zlari atrofga xuddi najot va yordam so‘rayotgandek, javdirab boqar va ancha olisdan ham a’zoyi badani qalt-qalt uchib tushayotgani aniq-ravshan sezilib turardi.

Men bu manzarani ancha olisdan kuzatib turar, xuddi tuyqus tuzoqqa ilingan qush singari butkul umidsizlikka tushib qolgan tilanchi cholga qararkanman, yuragim gursilab tez-tez urar, ich-ichimdan qattiq bir hayajon ko‘tarilib kelardi. Men ana shu hayajon va hadik ta’sirida yo‘lakni band etib olgan odamlarni itarib-turtib oldinga qanday o‘tganimni sezmay ham qoldim. Va haligi tilanchi cholning aft-angoriga yaqindan nazar tashlar ekanman, butkul boshqa manzaraga ko‘zim tushib, aqlim battar shoshib qoldi. Yo, tavba, nimalar bo‘layapti, o‘zi?! Yo‘q, yo‘q, tilanchi chol, men boya o‘ylagandek, qo‘rquv va vahimadan sira o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan edi, aksincha, go‘yo boshiga hech qanday ko‘rgilik va musibat tushmagan, balki hamma narsa azal- azaldagi singari tinch va osuda kechayotgandek, o‘zini mutlaqo xotirjam va beparvo tutar, yuzida sokin va xotirjam bir ifoda kezinar, faqat labining bir chetida allaqanday zaharxanda va istehzoli kulgi sharpasi bilinar-bilinmas ko‘zga tashlanib turardi. Menga unga qarab turib, ko‘zlarimga ishonmasdim. Axir, tilanchi chol o‘zini bunday boqibeg‘am alfozda tutishi juda qiziq va g‘alati edi. Yo‘q, yo‘q, chamasi, u o‘zini atay shunday go‘llikka solib olgan, go‘yo o‘zimni ovsardek qiyofaga solib olsam, bu balo-qazoning changalidan oppa-oson qutulib ketaman, deb xomta’ma bo‘layotganga o‘xshar edi. Kim biladi, ehtimol, kutilmagan tahdid va zug‘umdan uning yuragi kichrayib, aqlu shuuri butkul karaxt tortib qolgan va ayni paytda ana shu yuragini o‘rab-chirmab olgan qo‘rquv va vahima ta’sirida hech narsani idrok etmay qo‘ygandir. Ha, ha, shunday, boshqacha bo‘lishi mumkin emas, chunki anavi ikki barzangi yigit uning boshi ustida xuddi osmondan tushgandek, to‘satdan paydo bo‘lib, qo‘llaridan mahkam tutgancha sudrashga tushganda, uning yuragi qo‘rquv va vahimaga to‘lib, esi og‘ib qolgan va shundan hali-hanuz o‘ziga kela olmagandi. Kim biladi, balki uni uzoq vaqt poylab yurib, nihoyat, bugun naqd ayb ustida qo‘lga tushirishgan va shundan u dami ichiga tushib ketib, miq etmay qolgandir. Bilmadim, har narsa bo‘lishi mumkin. Lekin, nazarimda, ayni damda tilanchi cholning hushi o‘zida emasga o‘xshab ko‘rinar edi.

Haligi ikki barzangi yigit uni sudragandek bir alfozda mashina oldiga olib kelgach, qo‘llarini qo‘yib yuborib, mashinaga chiqishni buyurdi. Tilanchi chol esa yoshiga yarashmaydigan bir epchillik bilan mashinaning temir zinasiga oyog‘ini dadil qo‘ydi-da, ichkariga bosh suqdi va so‘ng xuddi tubsiz chohga tushib ketgandek, birdan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Faqat mashinaning yon tomonidagi kichkina tuynukdan uning qop-qora yuzi g‘ira-shira ko‘zga tashlanib turar, u, chamasi, o‘rindiqqa cho‘kkan va boshini quyi solib olgan edi. Uning ayni mana shu qop-qora tortib ketgan yuzi xotiramga qattiq muhrlanib qoldi. Keyinchalik har gal tilanchi cholni eslaganimda, eng avvalo, uning mashinaning kichkina tuynugi ortidan dunyoga iymangan va tortingandek bir alfozda qarab turgan mana shu holati lop etib, xotiramda jonlanar va xuddi o‘zimning hayotimga bevosita daxldor ayanchli voqea singari daf’atan yuragimda alam va og‘riq qo‘zg‘ar, ich-ichimdan ko‘tarilib kelgan iztirobmi, o‘ksinishdan dunyoga sig‘may qolardim. O, aslida ham, uning o‘sha tuynukdan ko‘zga elas-elas tashlanib turgan chuvakkina yuzi va zim-ziyo tun qo‘ynida unutib qoldirilgan bir juft shamdek yonib turgan ko‘zlari juda qayg‘uli va alamnok edi, bu og‘ir manzara tilanchi cholning ko‘pchilikka noayon qismatu a’moli, sargashta umri haqida juda ko‘p narsalarni unsiz so‘zlayotgandi.

Haligi ikki barzangi yigit mashina eshigini zarb bilan sharaqlatib yopdi. Shundan so‘ng mashina shiddat bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, tez orada ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yo‘lakda tomoshatalab yo‘lovchilar tirband bo‘lib ketgan edi, ular tobora olislab borayotgan mashinadan bazo‘r ko‘zlarini uzib, birdan shivir-shivir qilishga tushishdi: kimdir tilanchi cholni isliqi qiyofada bekinib yurgan ashaddiy qotil desa, yana kimdir qip-qizil o‘g‘ri ekan, ko‘pdan buyon iziga tushib, bugun qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishibdi, der, yana kimdir bundan ham vahimali taxminni to‘qir edi. Yo‘lovchilarning bunday tuturuqsiz taxminu farazlari mening ensamni qotirib, g‘ashimga tegardi. Shuning uchun bunday gap-so‘zlarni eshitishga ortiq sabrim chidamay qadamimni sudrab bosgancha kutubxona tomon yo‘l oldim.

Men bu tilanchi cholni ancha paytdan buyon bilar edim, uning isliqi turqu raftoriga xudoning bergan kuni ko‘zim tushar, ammo shunga qaramay, hech qachon unga tuzuk-quruq e’tibor bermagan, kim o‘zi bu chol, nega bunday ayanchli ahvolga tushib qolgan, uning oilasi, bola-chaqasi bormi, ular qayerda, deb loaqal biror marta o‘ylab ko‘rmagan edim. Aslini aytganda, unga nafaqat mening, balki yo‘lakdan o‘tib-qaytadigan barcha yo‘lovchilarning ko‘zi ko‘nikib ketgan, hech kim ortiqcha e’tibor bermas, uning borligi ham, yo‘qligi ham hech kimni qiziqtirmasdi. Buning ustiga, shu paytga qadar uni biror-bir kimsa yo‘lakdan quvib solmagan va u bu yerdagi hayotga shunchalik singishib ketgan ediki, agar bir kun qorasini ko‘rsatmay qo‘ysa, go‘yo yo‘lak bo‘m-bo‘sh tortib, huvillab qoladigandek tuyular edi.

Yo‘q, yo‘q, men bugun – umrimda birinchi marta bunday chuqurroq o‘ylab qarasam, u xayr-sadaqa ilinjida lablari gezarib o‘tiradigan olchoq tilanchilarga ham unchalik o‘xshamas ekan. Ha, rost, men uni olchoqlarcha qo‘llarini cho‘zib, o‘tgan-qaytganning etagiga yopishgani, og‘zidan tupugini sachratib diydiyo qilganini hech qachon ko‘rmaganman. U, odatda, yo‘lakning bir chetida boshini quyi solgan ko‘yi o‘tirar, ba’zan kun uzog‘i ham boshini ko‘tarib, atrofiga qaramas, faqat past va tushuniksiz tovushda allanimalar deb ming‘illar, ammo uning ovozida hasrat va zoriqish ohangi sezilmas, balki u ko‘hna bir qo‘shiqni cho‘zib-cho‘zib hirgoyi qilayotgan va shuning ta’sirida mastu mustariq bo‘lib qolgan kimsaga o‘xshar edi. U yo‘lak chetida nafsining ilinjida emas, balki bu quv dunyo butkul zada qilib tashlagan yolg‘iz va o‘ksik ko‘nglini ovutib o‘tirgandek, yo‘lovchilar onda-sonda tashlab o‘tadigan xayr-sadaqalarga ham boshini ko‘tarib qaramas, sariq chaqa va g‘ijimlangan qog‘oz pullar uning oyog‘i ostida betartib sochilib yotar edi.

Biroq kishini tang qoldiradigan tomoni shundaki, u butkul oromu xotirjamligini hayotning mana shu xilvat go‘shasidan topib olgandek, har kun yo‘lakka chiqishni kanda qilmas, qishin-yozin uni hech ikkilanmay yo‘lakdan oppa-oson topib olish mumkin edi. Faqat u tunlari alla-qayoqqa g‘oyib bo‘lar va yana tong azonda yo‘lakka birinchi bo‘lib uning poyqadami tegar edi.

Men tilanchi chol haqida o‘ylagan sayin qiziqishim tobora ortib borar, ko‘nglimda bir-biridan g‘alati va jumboqli savollar bosh ko‘tarib kelar edi: tilanchi chol kim edi, o‘zi? U hayotning qop-qorong‘i va bo‘m-bo‘sh yo‘lagidan nimani izlab o‘tdi? Uning shuncha payt odamlar oyog‘i ostida o‘zining g‘ururu sha’ni, or-nomusi va umrini toptab o‘tirishdan ko‘zlagan maqsad-muddaosi nima edi? U o‘ziga nega bunday ayanchli va tuban qismatni ravo ko‘rdi? U kimning vasvasasi, makru hiylasiga uchib, o‘zini yerga urdi, umrini yelga sovurib yubordi? Yoki u bu qadim va quv dunyo-dun nechog‘lik jilvakor va joduli ko‘rinmasin, baribir, shundan bo‘lak hech narsaga arzimasligini tuyqus anglab yetdimi?!

Bilmayman, har narsa bo‘lishi mumkin. Ammo, nazarimda, tilanchi chol kunidan qolgan g‘arib va notavon, shuning uchun ham yo‘lakda tanda qo‘yib, odamlarning xayr-sadaqasiga ko‘z tikib yashaydigan kimsaga sira o‘xshamasdi. Men endi bunga shak-shubha qilmay qo‘ygan edim. Zero, ko‘nglimning tub-tubida unga nisbatan achinish hissi aralash iliq mehrga o‘xshash tuyg‘u uyg‘onib kela boshlagan, u akam yo amakim, ishqilib, yaqin bir kishimga aylanib qolgandek tuyular edi.

Xo‘sh, u kunidan qolgan notavon kimsa bo‘lmasa, unda kim edi? Bu savol asta-sekin xotirjam tortayotgan xayolimni yana qayta to‘zg‘itib yuborar, o‘zimni tuyqus boshi berk ko‘chaga kirib qolgan kimsa singari nochor his etar va tilanchi cholni nechog‘lik ko‘nglimga yaqin olishga urinmay, baribir, u haqda mutlaqo hech narsa bilmasligimga, men uchun butkul begona va yot kimsa ekanligiga daf’atan iqror bo‘lardim.

O, yo‘q, u nafaqat menga, balki mana shu hayhotdek keng va ko‘hna dunyoga ham begona edi. U hech qachon hamma narsa aralash-quralash bo‘lib yotgan hayot bag‘riga singishib ketmagan, har doim xuddi suvning loyqasi singari tubga cho‘kkan, ammo umri bino bo‘lib, biror-bir kimsaga qismatning bunday shafqatsiz yozdig‘idan zorlanmagan, ko‘nglidagi alamu iztirobini to‘kib solmagan, o‘zining chuvalashib yotgan umr yo‘lidan nimaiki topgan va nimaiki yo‘qotgan bo‘lsa, hamma-hammasini jimgina ichiga yutgan va oxir-oqibat hech kimga oshkor etmay o‘zi bilan olib ketgan edi.

Ha, darvoqe, kechagina u menga ism to‘g‘risida juda g‘alati va ajib hikmatomuz gaplarni aytgan edi. Yo‘q, bu shunchaki jo‘n va omadi gaplar emasdi, axir, bunday narsalar haqida shunchaki nomiga gapirib bo‘lmaydi. Meningcha, bu so‘zlar uning sarkash va shafqatsiz kechgan, iztirob va alam bir lahza ham ko‘z ochirmagan umri davomida qayta-qayta boshidan kechirgan, ammo har gal tan olishni istamay o‘jarlik bilan rad etgan, tushkunlik va umidsizlikka yuz tutgan o‘y-xayollarini atay boshqa narsalar bilan ovutgan, hamisha o‘zini xuddi omadi chopgan kimsadek mag‘rur va baxtiyor tutgan, biroq baxtga qarshi bu ko‘rgulik va azob-uqubatlarning adog‘i ko‘rinmay, qismat hamisha yo‘ldan adashtirib ketavergach, oxir-oqibat taqdirga tan berib, ishonib qolgan qat’iy xulosasi edi. Chunki kecha u ortiqcha hayajonu ehtirosga berilmay, ishonch bilan kesib-kesib gapirgan, har bir so‘zi yuragining qat-qatidan otilib chiqqan, ko‘zlari esa go‘yo aytayotgan fikrlarini tasdiqlayotgan singari olovdek chaqnab turgan edi. Ha, shunday, u yolg‘on gapirmagan edi, aslida meni aldash va laqillatishdan unga hech qanday foyda yo‘q edi. Buning ustiga, u loaqal bergan xayr-sadaqamga nomiga bo‘lsa-da, ko‘z tashlab qo‘ymagan edi. Men shu fikrni xayolimdan o‘tkazar ekanman, tuyqus juda muhim sirni anglab yetgandek, birdan yuragim shitob bilan tez-tez urib ketdi: qiziq, tilanchi cholning ismi nima ekan?!

Harqalay, u ismsiz kimsa emas, bir paytlar dunyoga kelganda, ota-onasi unga yaxshi niyat bilan ism qo‘ygandir?!

Biroq menga uning ismi ham umri singari qorong‘i va notanish edi.

Men ayni damda boshqa bir narsaga ich- ichimdan qattiq ishonib turardim: uni kim deb atashganidan qat’i nazar, u umr bo‘yi o‘z ismidan ko‘ngli to‘lmay yashagan, hayotining har bir qadamida bo‘yniga osib qo‘yilgan bu tavqila’natdan xalos bo‘lishga uringan, qattol qismat rahm-shafqat qilmay boshiga qanday musibat va ko‘rgiliklarni to‘kib solgan, yurak-bag‘rini pora-pora qilgan bo‘lsa, u barcha-barchasini mana shu peshonasiga azaldan bitib qo‘yilgan ismdan ko‘rgan, yo‘q, yo‘q, bu ism emas, balki yovuzlik va razolat tamg‘asi singari uni bir umr ta’qib etib kelgan, yuragiga qo‘rquv va vahm solgan, ko‘ziga dunyoni xunuk va vahimali qiyofaga solib ko‘rsatgan, uzoq yillar davomida hayotning chigal va qorong‘i so‘qmoqlarida maqsad-muddaosiz sarson-sardon adashtirib yurgan, dunyo, odamlar va umrning ma’no-mazmuni haqida turli xil yolg‘on va’zlar o‘qigan va oxir-oqibat boshiga shuncha dardu sitam va iztirobga solgani yetmagandek, battar masxara qilgan ko‘yi yo‘lakka – odamlar oyog‘i ostiga olib kelib tashlagan edi.

Aftidan, shundan so‘nggina u ism haqida yuragi bezillab o‘ylaydigan bo‘lib qolgan va boyagi qat’iy xulosaga kelgan edi.

Ha, shunday, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Axir, hayotda hech kim o‘zi boshidan kechirib, ishonch hosil qilmagan narsa haqida bunchalik qat’iyat bilan gapira olmaydi.

Nimasini aytay, tilanchi chol, uning noayon kechmishi fikru xayolimni butkul band etib olgan, garchi o‘zim qaysi biriga ishonishni bilmay tursam-da, u haqida turli-tuman taxminu farazlar to‘qir edim. Buning ustiga, uning kecha ism haqida aytgan so‘zlari hali-hanuz yuragimga qo‘rquv solib turardi. Zero, men o‘g‘lim tug‘ilganiga olti kun bo‘lganiga qaramay, hali unga ism qo‘ymagan edim.

* * *

Ittifoqo, men ana shunday kunlarning birida o‘g‘limga ism topdim: uni Muayyad deb atadim. Bu ism to‘zg‘ib yotgan xayolimda kutilmaganda qayerdan paydo bo‘ldi, o‘g‘limga nega aynan shunday ism qo‘ydim, bu ism qanday sehru jozibasi bilan ko‘nglimni zabt eta qoldi, gapning rosti, hozir buni tuzuq-quruq tushuntirib berolmayman. Kim biladi, ehtimol, bu ism shuuru tasavvurimning qat-qatlarida uzoq yillardan buyon ko‘milib yotgan, biroq men uning xayolim ummonida yashayotganini hech qachon payqamagan, faqat o‘g‘lim chinqirib yig‘lagancha dunyoning zalvorli eshigini nozikkina barmoqlari ila ohistagina qoqayotgan mahal shu ism ham uzoq safarga otlangan yo‘lovchi singari birdan qalqib yuzaga chiqqandir. Ehtimol, haligi tilanchi chol aytgandek, o‘g‘limning peshonasiga bitilgan qismatu a’molning o‘zi uni yodimga solib qo‘ygandir. Bilmayman. Faqat bu ismni xotinim ilk marta tilga olganda nechog‘lik ensasi qotib, jahli qo‘zigan bo‘lsa, u o‘zimga shunchalik yoqar, nazarimda, bu ism to ufqqa qadar cho‘zilib ketgan, hali biror-bir kimsaning izi tushmagan yolg‘izoyoq yo‘l kabi sirli va jozibali ko‘rinar edi.

Xotinim mening og‘zimdan bu ismni eshitgan zahotiyoq xuddi yoqimsiz narsaning ta’mini tuygandek, birdan yuzi burishib ketgan, ich-ichidan achchig‘i ko‘tarilib kelganidan ochiq-oshkor shang‘illashga tushgan edi:

– Muayyad degani nima emish? Dunyoda shundan bo‘lak tuzukroq ism qurib qolgandimi? Siz almisoqdan qolgan shunday ism topishingizni o‘zim ham bilardim… Odamlar bitta o‘g‘liga ham eplab tuzukroq ism qo‘yolmabdi, demaydimi?!

Odatda, xotinim o‘g‘limning ismini aytayotganda hadeganda tili aylanmay qiynalganidan battar jahli qo‘zib ketardi. Biroq uning bunday norozi ohangda javrashlari uzoqqa cho‘zilmadi, oradan ko‘p o‘tmay u indamay qo‘ydi.

Demak, bundan buyon hamma o‘g‘limni Muayyad deb ataydi. U shu ismning ostida o‘sib-ulg‘aydi. Bu go‘yo ism emas, muqaddas tumor singari uni hayotning xatarnok ko‘chalaridan kiprigiga gard ham yuqtirmay olib o‘tadi, ko‘ngliga hamisha eng huzurbaxsh orzu-umidlarni solib turadi.

Kim biladi, balki men havoyi va puch o‘ylar ta’sirida xayolparast bir kimsaga aylanib qolgandirman. Ehtimol, o‘g‘limning ismi bu dunyodagi millionlab boshqa ismlardan biror-bir jihati bilan farq qilmaydi, u ham oddiy va jo‘n bir ismdir.

Umuman aytganda, ism ham allaqaysi bir zamonda xudkom bir kimsa tomonidan ilohiylashtirilgan, bezab-bejalgan va u haqda bir-biridan g‘aroyib rivoyatlar to‘qilgandir. Aslida esa, ismda hech qanday sir-sinoat ham, xosiyat ham yo‘q, u insonning taqdiru a’moli, kechmish hayotiga zig‘ircha daxl qilolmaydigan shunchaki bir jo‘n narsadir.

Men bu sovuq o‘ylar ta’sirida tushkunlikka tushgandek birdan bo‘shashib ketar, o‘zimning holatim o‘zimga ham kulgili bo‘lib tuyulardi. Biroq oradan bir lahza o‘tib-o‘tmay, tag‘in umidbaxsh o‘ylar xayolimni band etib olar va yana o‘g‘limning ismi haqida o‘ylardim.

Mening nazarimda, o‘g‘limga qo‘ygan ism bag‘rida hali odamzot bolasiga nasib etmagan, bir qarashdayoq aqlu tasavvurni butkul lol qoldiragan mo‘jiza yashirinib yotgandek tuyular edi.

Mana shu o‘y yuragimni xulyo kabi junbushga solar, xayolan juda ko‘p narsalar haqida va’da berar edi. Buning ustiga, men xuddi taqdirdan hech qachon mehru muruvvat ko‘rmagan, balki har doim o‘gay o‘g‘il singari bir chetga itqitib tashlagan kimsa kabi o‘g‘limning kelajagiga umid va xavotir bilan qarar, go‘yo hayotda shundan bo‘lak ilinju ishonchim qolmagandek, mudom u haqda o‘ylar edim.

O‘g‘limning chaqaloqlik damlari xuddi qadim ertaklardagi singari tinch, osoyishta va sirli tarzda o‘tib borardi: odatda, kechayu kunduz uyqudan ko‘z ochay demas, uzoq vaqt qotib uxlar, hatto biz bilan bitta uyda yashayotgani ham aytarli sezilmasdi. Faqat qorni ochgan payt tamshanib-tamshanib past ovozda yig‘lar, uning ovozi yig‘idan ko‘ra ko‘proq endi ko‘z ochayotgan kuchuk bolasining g‘ingshishiga o‘xshab ketar va xotinim shosha-pisha ko‘krak tutganda, u bir-ikki marta tortqilab-tortqilab ko‘krak so‘rar va ema turib, tag‘in ko‘zlari uyquning sirli to‘rlariga ilinib qolar edi. Ba’zan uyqu uni o‘zining sirli domiga shunchalik chuqur tortib ketardiki, hatto nafas olayotgani ham sezilmay qolar, chippa yumilgan ko‘zlari va ifodasiz tusga kirgan oqpar yuziga tikilib turib, kishi daf’atan noxush va sovuq o‘yga borganini sezmay qolar edi. Gohida xotinim unga tikilib turib, chamasi, ko‘nglidan shunday noxush o‘y kechgandanmi, tuyqus rang-quti o‘chib tipirchilab qolar va shosha-pisha o‘g‘limning ko‘ksiga bosh qo‘yib, yurak urishiga quloq tutar, ammo biroz o‘zini bosib olganiga qaramay, baribir, yuragidagi xavotiri bosilmasdi, shekilli, atay burnini chimchilab, uyqusini buzib uyg‘otar edi.

Buning ustiga, o‘g‘limning jismu jussasi juda kichkina va nozik edi. Men u tug‘ilgan kunlari juda ko‘p marta uning yuzi, ko‘zlarining rangi va miyig‘ida yoyilib kulishini o‘zimcha tasavvur qilishga uringan va oxir-oqibat chehrasi kulgidan yorishib turgan lo‘ppigina go‘dakning qiyofasi xayolimdan joy olib ulgurgan edi. Men o‘g‘lim tasavvurimda yashayotgan ana shu go‘dakka quyib qo‘ygandek o‘xshaydi, deb o‘ylar va bunga qattiq ishonar edim.

Buning ustiga, u tug‘ilgan kunlarda har gal tug‘ruqxonaga yegulik ko‘tarib borganimda, xotinim derazadan boshini chiqarib, o‘g‘limni xuddi esini tanib qolgan boladek ta’riflar, uning lablarini yoyib, beg‘ubor kulishiyu qo‘l-oyoqlarini tipirchilatishi, hatto sochlarining rangi, qoshu ko‘zlari kimga o‘xshab ketishini shunday zavq-shavq bilan gapirib berardiki, beixtiyor o‘zimning ham yuragim orziqib ketardi.

Biroq o‘g‘limni tug‘ruqxonadan olib kelgan kun men hayajonga tushgan ko‘yi harir choyshabni ko‘tarib, uning yuziga qararkanman, daf’atan ayanchli manzaraga ko‘zim tushgandek, a’zoyi badanim birdan seskanib, ko‘nglim noxush tortib ketdi: yo‘rgakda yotgan go‘dak – mening o‘g‘lim tasavvurimda ancha paytdan buyon yashab kelayotgan va ko‘nglimga juda yaqin bo‘lib qolgan go‘dakka sira o‘xshamas edi. Rostini aytganda, yo‘rgakdagi go‘dakni rosmana chaqaloq deb ham bo‘lmasdi, uning ko‘pchigan xamirdek rangpar yuziga hali qosh-kiprik bitmagan va u bir parcha qip-qizil go‘shtga o‘xshar, faqat ona qornida o‘sgan siyrak sochlari qop-qora va uzun edi. Men unga qarab turarkanman, xuddi orzu-umidim bir zumda sarobga aylangan kimsadek bo‘shashgan ko‘yi uning oldidan qanday nari ketganimni o‘zim ham bilmay qoldim.

Eng yomoni, o‘shanda bu holat xayolimda qattiq o‘rnashib qoldi, undan uzoq vaqt qutula olmay qiynalib yurdim. Shu o‘y ta’sirida o‘g‘limning beshigiga yaqinlashishga yuragim betlamasdi.

Ammo bularning bari o‘tkinchi ekan, chunki o‘g‘lim kunlar o‘tgan sayin asta-sekin ulg‘ayib borar edi: hademay uning to‘lishib, tip-tiniq tortib qolgan yuziga rang va chiroy kirdi, qoshu kipriklari xuddi shitob bilan o‘sa boshlagan bahorgi maysa singari yalt etib ko‘zga tashlanib qoldi, nazarimda, u endi xayolimda yashayotgan go‘dakka o‘xshar, kulgichlari tuyqus yoyilib ketganda, kishiga bir dunyo zavq-shavq bag‘ishlar edi. Men o‘g‘lim o‘zining jismu jussasida har daqiqada qanday qudratli va hayratomuz o‘zgarish ro‘y berayotgan bo‘lsa, barini uyquning sirli hamda lazzatbaxsh bag‘ridan topayotganini ich-ichimdan sezib turardim. U kunni tunga, tunni kunga ulab uxlar, uyqu xuddi mehribon va oqko‘ngil enaga singari undan mehru muruvvati, qalb qo‘ri va quvonchu shodligini sira ayamas, tunu kun boshi uzra parvona bo‘lar, uning mo‘jaz ruhiyatiga orom va halovat, ko‘zlariga esa nur bag‘ishlar, mushaklarini kuch-quvvat bilan to‘ldirar edi. O‘g‘lim uyquning sirli quchog‘ida orom olgan ko‘yi ulg‘ayib borardi. O, yo‘q, yo‘q, uyqu xuddi keksa va ustamon afsungar kabi uni bir nafas ham o‘z quchog‘idan bo‘shatmay, hayotning ko‘z ilg‘amas olis so‘qmoqlariga safarga hozirlar edi. O‘g‘limning ayni damdagi hayotida bizning mehru muhabbatimizdan ko‘ra uyquning sehri va qudrati ustuvor edi.

* * *

Oradan ko‘z ochib, yumguncha sakkiz oydan ziyod vaqt o‘tib ketdi. Kunlar go‘yo shamol singari shitob bilan yelib o‘tgan, men vaqt qanday kechganini sezmay qolgan edim. Yo‘q, yo‘q, aniqroq aytsam, hayotdan kutilmaganda katta ma’no va mazmun topgan kimsadek, ko‘nglim butkul xotirjam tortgan, o‘tayotgan kunlar to‘g‘risida sira o‘ylamay qo‘ygan edim. O‘g‘lim sog‘lom o‘sar, u yoshiga nisbatan ancha tetik, yerdan allaqachon bag‘rini uzib olib, apil-tapil emaklashga tushgan, ba’zan allanimani qo‘lchalari bilan mahkam tutib, dovdirab-dovdirab o‘rnidan turar va qadam tashlashga urinar edi. Uning har bir xatti-harakati, go‘daklarga xos mug‘ombirligiyu soddaligi, ko‘zi tushgan narsaga xayolga tolgan ko‘yi uzoq-uzoq tikilib qolishi, uyqusidagi sirli jilmayishlari, xullas, hamma-hammasi kishini chinakamiga hayratga solar, ko‘ngilning tub-tubida zabun va unut bo‘lib yotgan tuyg‘ularni tuyqus uyg‘otib yuborar, xayolni bolalikning olis dunyosiga boshlab ketardi.

Ba’zan men o‘g‘limga tikilib turib, odamzot bolasi o‘sib-ulg‘ayib, bu dunyoning bag‘rida nechog‘lik chuqur ildiz otmasin, nega baribir, o‘zi bir paytlar tark etib ketgan va umrining huv olis bekatida qolgan bolaligiga qaytishni, yana bir marta dunyoga go‘dak nazari bilan qarashni istaydi, qo‘msaydi, nega bu o‘y garchi sarob bo‘lsa-da, hech qachon odamzot ko‘nglini tark etmaydi, balki u olisdagi mayoq yanglig‘ hamisha ko‘ngilni junbushga solib, o‘zi tomonga betinim chorlaydi, deb o‘ylardim. Aslida o‘zim ham bolalik kezlarimni juda ko‘p qo‘msar, ayniqsa, kindik qonim to‘kilgan qishloqdan uzoqda – musofir shaharda yashay boshlaganimdan buyon bolalikdagi xotiralarim hayotimning ajralmas bir bo‘lagiga aylanib qolgan edi. Yo‘q, deb o‘ylardim men, odam bolasi aslida umr yo‘lining ibtidosida xuddi eski libos singari tashlab ketgan bolalik davrini emas, balki hayotining ayni shu pallasida qadimiy alla kabi qalbini erkalab, ma’sum va umidbaxsh tuyg‘ular bilan to‘ldirgan, xayollari yuksak-yuksaklarga parvoz etishida qanot bo‘lgan, ko‘ziga bu keksa va quv dunyoni sodda va jo‘n qiyofaga solib ko‘rsatgan masrur tuyg‘ularini sog‘inadi, yuragini og‘ir ko‘lanka singari bosib yotgan iztirobu alamini unutib, shafqatsiz dunyoning yuziga yana bir marta go‘dak nazari bilan qarashni, uni yovuz va mudhish emas, bolalikning o‘zi kabi sodda va beg‘ubor qiyofada ko‘rishni istaydi, ko‘ngilning tub-tubida xira miltirab turgan bu istak-xohish unga sira tinchlik bermaydi.

Men ana shunday o‘y-fikrlarni xayolimdan o‘tkazar ekanman, daf’atan odam bolasi asli farishta qavmidan yaralgani, uning ko‘ngil intilishi, bo‘y-bastidan hamisha anvoyi gullarning muattar hidi baralla ufurib turishi, bu qarimsiq dunyo unga jirkanch va yovuz narsalardan betinim saboq berib, o‘z izmu ixtiyoriga solishga urinmasin, baribir, ko‘nglining tubida miltirab turgan go‘zallik, mehr-shafqatga tashnalik hissidan batamom mahrum qilib, oxir-oqibat hissiz bir mahluqqa aylantirib qo‘yishga ojiz ekanligiga yurakdan iymon keltirar edim.

Aslida ham shunday emasmi?!

Axir, shunday ko‘z o‘ngimda hech narsani xayoliga keltirmay o‘ynayotgan o‘g‘lim ham ko‘nglimdan kechayotgan bu o‘ylarni unsiz tasdiqlab turardi: u ko‘ziga tashlangan har bir narsaga o‘zining ro‘y-rost va adolatli fikrini bildirar – buni uning yuziga daf’atan qalqib chiqqan ifodadan ham bilish mumkin edi, hech narsaga shubha va badgumonlik bilan qaramas, ta’ma ilinjida yalinib-yaltoqlanmasdi. Yo‘q, yo‘q, u bu qadim dunyo aslida qanday jo‘n va sodda yaralgan bo‘lsa, uni shunday tabiiy yo‘sinda qabul qilar, uning murg‘ak va tonggi shabnamdek musaffo ko‘ngli saltanatida hali xudbinlik va yovuzlik daraxti ildiz otmagan, u dunyoda eng haqgo‘y va xolis hakam edi. U ayni shu jihatlari bilan bizdan ulug‘ va ustun edi.

Ammo o‘g‘lim ham betinim talpingancha, qarshisida ulkan mahluqdek yastanib yotgan hayot qo‘yniga kirib borar edi, yo‘q, aniqrog‘i, dunyoning o‘zi ming bir tusda jilvalanib, jodugar kampir singari aldab-avrab uni bag‘riga chorlayotgan edi. O‘g‘limning ko‘ziga bu ko‘hna dunyoning qo‘ynida ayqash-uyqash bo‘lib yotgan hamma narsa qiziq va sirli ko‘rinar, ko‘nglida cheksiz hayrat va taajjub uyg‘otar, ipakdek mayin xayollarini o‘z domiga tortib ketardi. U ko‘zi tushgan har bir narsaga kiprik qoqmay uzoq tikilib qolar, go‘yo xayolida allanimalarni muhokama qilayotgandek, peshonasini tirishtirar, hayratdan katta-katta ochilgan ko‘zlarida hadik va qiziqish ifodasi suzib yurardi.

Ehtimol, aytsam ishonmaysiz, bir safar o‘g‘limni hatto bizning – men va xotinimning qiyofamiz, yurish-turishimiz, so‘z qotishu kulgularimiz ham mo‘jiza yanglig‘ hayratga solishi, uning murg‘ak tasavvurida adoqsiz qiziqish uyg‘otishini ilkis payqab qoldim. O‘shanda yozning iliq oqshom mahali edi, xotinim bolalik chog‘ida ro‘y bergan qiziq bir voqeani gapirib berayotgan edi: u allaqachon xotiraga aylanib qolgan o‘sha voqeani ayni damda boshidan kechirayotgandek, hayajonga tushgan ko‘yi jo‘shib gapirar va zavqi kelgandan dam-badam sharaqlab-sharaqlab kulib qo‘yar edi. Uning chehrasi yanada ochilib ketgan, hayajonlanayotgandanmi yonoqlari qip-qizil tortgan, berilib zavq-shavq bilan gapirishi qulog‘imga mayin va yoqimli eshitilar edi. Shu bois men uning gaplariga butkul mahliyo bo‘lib, qilt etmay o‘tirardim. Ammo bir chog‘ tuyqus allanimadan xayolim bo‘lindi-yu, g‘alati holatga ko‘zim tushib qoldi: o‘g‘lim – to‘qqiz oylik go‘dak go‘yo hamma narsani aniq-taniq anglayotgan singari qilt etmay onasiga tikilib o‘tirar, uning qiyofasi butkul jiddiy tortgan, faqat onda-sondi allanimadan zavqi kelgandami, miyig‘ida kulib-kulib qo‘yar edi. Men unga tikilib qararkanman, daf’atan uni onasi gapirib berayotgan voqea emas, balki uning qanday alfozda gapirishi, lablarini tez-tez qimirlatishiyu sharaqlab kulishi hayratga solayotganini payqab qoldim-u, o‘zimni tutolmay birdan kulib yubordim. Ovozim uy ichini tutib ketdi. O‘g‘lim ham sergak tortdi va menga yalt etib qaradi-yu, yuzi qizarib ketdi va yoyilib kulgancha apil-tapil yuzini yashirib oldi. Xotinim, tabiiyki, hech narsani payqamadi. Keyin men unga qanday voqea ro‘y berganini gapirib bergandim, ammo u meni xayolparastga yo‘yib, gaplarimga ishonmadi.

O‘g‘limning tabiatidagi go‘daklarga xos soddalik ko‘nglida kechayotgan o‘y-xayollarni yashirib qolishga imkon bermasdi. Agar unga biror-bir narsa yoqib tushsa, kulgichlari o‘z-o‘zidan yoyilib ketar va u qo‘rquv hamda hadikni ham unutgan ko‘yi betinim irg‘ishlagancha o‘sha tomonga talpinib qolar edi. Xunuk va yoqimsiz narsalar, tabiiyki, o‘g‘limning ruhiyatiga yomon ta’sir qilar, bunday paytda uning yuzi birdan burishib, ayanchli tusga kirar va tuyqus chinqirib yig‘lab yuborar edi.

Bir kuni shunday voqea ro‘y bergan edi: o‘shanda kun endi uzilayotgan palla – ayni shom mahali edi. Uy derazasining tabaqalari ochib qo‘yilganidan ichkariga salqin shabada g‘ir-g‘ir oqib kirar va dimiqqan havoni haydab solar edi. Men botayotgan quyoshning deraza oynasida o‘ynayotgan shafaqlariga jimgina tikilib o‘tirar, kun bo‘yi kutubxonada kitob titkilaganimdan boshim tinimsiz g‘uvillar va o‘zimni qattiq toliqqandek his etardim. O‘g‘lim ham boyagina uyqudan uyg‘ongan, ammo ong-shuurini hali uyqu karaxtligi butkul tark etmaganidan, o‘ziga kela olmay xomush tortib o‘tirar edi. Xotinim tashqarida – oshxonada kechki ovqatga unnar, uy ichiga allaqanday og‘ir jimlik cho‘kkan edi.

Biz, o‘g‘lim ikkimiz mana shunday xayolga g‘arq bo‘lib turgan payt kutilmaganda uy ichiga qandaydir adashgan kapalak dovdiray-dovdiray uchib kirdi. Kapalak juda chiroyli va nafis edi, uning sarg‘ish tusdagi qanotlari quyoshning alvon shafaqlarida yalt-yalt etib tovlanib, ko‘zni olar, havoda kapalak emas, go‘yo bir parcha cho‘g‘ uchib yurganga o‘xshab tuyular edi. Kapalak qo‘rquv va hadikni ham unutgancha to‘ppa-to‘g‘ri mening boshim ustida doira solib, aylanib ucha boshladi.

Men unga ko‘zim tushib, beixtiyor ko‘nglimdan arvoh kapalak bo‘lsa kerak, degan o‘y kechdi-yu, birdan sergak tortdim. Men tabiatan irim-sirimlarga unchalik ishonmasdim. Lekin kapalaklar to‘g‘risidagi noxush taassurot bolaligimdan xotira bo‘lib qolgan, oradan uzoq yillar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, hali-hanuz bu o‘ydan qutula olmasdim. Bolaligimda oqshom mahallari hovlimizda tez-tez allaqayoqdan sariq kapalaklar paydo bo‘lib qolar, onam esa ularga ko‘zi tushgan zahotiyoq birdan tinchini yo‘qotib, bezovta tortar, dam uyga kirib, dam tashqariga chiqib, o‘zini qo‘yarga joy topa olmas, pichirlab allaqanday duolarni o‘qir va ora-sirada bizga bir qadar hayajonli vahimali ovozda: “Bular arvoh kapalaklar, tag‘in tega ko‘rmanglar”, deya qayta-qayta uqtirar edi.

Sariq kapalaklar juda yuvvosh, hech kimga zarari tegmas, ular hovlidagi gullarga qo‘nib, uzoq vaqt uchib yurardi. Onam tun cho‘kib, kapalaklar ko‘zdan butkul g‘oyib bo‘lgunga qadar bizga noma’lum qo‘rquv va sarosimadan qutula olmas, u ba’zan kapalaklarning katta-kichikligi, uchishiga qarab turib, bugun otamning yoki onamning arvohi keldi, deb o‘z-o‘ziga pichirlab qo‘yardi. So‘ng arvohlar umidvor bo‘layapti, deya albatta bo‘g‘irsoq yoki chalpak pishirib, qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatardi. Onamning o‘shanda o‘ta g‘alati tarzdagi qo‘rquv to‘la so‘zlari bolalik xotiramga qattiq muhrlanib qolgan, shundan buyon nafaqat sariq kapalaklar, balki barcha kapalaklarga cho‘chib, allaqanday qo‘rquv bilan qarar, ularga ko‘zim tushgan zahotiyoq o‘z-o‘zidan yuragimga vahima oralab qolardi.

Ayni damda uyga uchib kirgan kapalakni ko‘zdan qochirmay kuzatar ekanman, ichimda uning shom mahali paydo bo‘lganini qandaydir falokatning alomatiga yo‘yar, biroq yuragim qattiq bezovta tortib ketayotgan esa-da, o‘rnimdan turib, uni tashqariga quvib chiqarishga zinhor botina olmasdim.

O‘g‘lim uy ichiga kapalak uchib kirganini payqamay qoldi, u hali-hanuz xomush tortib lanj qiyofada o‘tirar, lablarini cho‘chchaytirib, boshini quyi solib olgan, dam-badam ko‘zlari yumilib-yumilib ketar edi. Men ham ich-ichimdan uning ko‘zlari kapalakka tushib qolishini sira istamas, go‘yo bu shumniyat jonzotga ko‘zi tushsa, qandaydir falokat sodir bo‘ladigandek, xavotir bilan tez-tez unga qarab-qarab qo‘yardim.

Buni qarangki, bir chog‘ kapalak xuddi ko‘nglimdan kechayotgan xavotirni sezgandek, to‘ppa-to‘g‘ri o‘g‘limning boshi ustiga uchib bordi-da, doira solib aylana boshladi. Uy ichiga og‘ir jimlik cho‘kkan, kapalakning havoni ohista-ohista sirmayotgan qanotlari sasi, nazarimda, aniq-taniq eshitilayotgandek tuyular va yuragimdagi vahima battar ortib borar edi.

Kapalak shu alfozda jimir-jimir etib uchgancha, ancha payt o‘g‘limning boshi ustida aylandi. Bir payt hamon mudrab o‘tirgan o‘g‘lim boshini ilkis ko‘tardi va ko‘zlarini katta-katta ochib, yuqoriga qaradi. U boshi ustida pir-pir o‘ynayotgan kapalakka ko‘zi tushib, bir muddat angraygan ko‘yi qotib qoldi. Ammo uning hayrati uzoqqa cho‘zilmadi, ko‘nglida qiziqish va ishtiyoq hissi ustun keldi, shekilli, kulgichlari o‘z-o‘zidan yoyilib ketdi.

O, men nimasini ham aytay, anavi ayyor va quv kapalak havoda yal-yal tovlangancha bir zumda o‘g‘limni o‘ziga mahliyo qilib qo‘ydi. O‘g‘lim ham ko‘zlari yonib unga qararkan, yuragida tuyg‘ulari junbushga kelganidan, o‘zini tutib tura olmadi, shekilli, mitti qo‘lchalarini xuddi kapalak qanotlaridek apil-tapil silkitgancha irg‘ishlashga tushdi. U, aftidan, kapalak singari uchishni istab qolgan, shu bois qo‘lchalarini shitob bilan tez-tez silkitar va tushuniksiz, ammo hayajon to‘la tovushda allanimalar deb qichqirib-qichqirib qo‘yar edi. Uning katta-katta ochilgan ko‘zlari cho‘g‘dek yonib turar, yonoqlari qip-qizil tortib ketgan edi. Kapalak ham allaqachon undan cho‘chimay qo‘ygan, xuddi atay o‘g‘lim bilan o‘ynash uchun uyga uchib kirgandek, uning boshi ustida tinimsiz aylanar, goh yuqorilab, goho pastlab uchar, qanoatlarini esa raqsga tushayotgandek nozli-nozli silkitib qo‘yardi.

Men, rosti gap, o‘g‘lim kapalak bilan bunchalik tez el bo‘lib ketishini sira kutmagan edim. Ularga qarab turib, yuragim orziqib ketar, xayolimni band etib olgan boyagi vahimali va noxush o‘ylar asta-sekin ko‘tarilib borar edi. Men ich-ichimdan o‘g‘limga havasim kelardi, zero, u hali tili chiqmagan go‘dak biror-bir ilmu amalsiz tabiiy yo‘sinda bu dunyoning bag‘ridan adashmay-og‘ishmay go‘zallikni izlab topgan va undan zavq-shavq olayotgan edi.

Aslida kapalak ham go‘yo farishtalar yurtidan uchib kelgandek, go‘zal va maftunkor edi, shuning barobarida, hali suyagi qotmagan o‘g‘limning ruhiyati ham mas’um va beg‘ubor edi. Ular bir-birini oppa-oson topib olgan va qo‘rquv hamda hadik bilmay o‘ynayotgan edilar.

Shu kun quyoshning alvon shafaqlari batamom so‘nib, tun cho‘ka boshlaganga qadar o‘g‘lim kapalak bilan o‘ynagan edi.

U mening to‘ng‘ich farzandim, ko‘zimning oqu-qorasi edi, uning ismi Muayyad edi. Hayotimiz shunday tinch va osoyishta o‘tib borar, biz Muayyad bilan ovunar va quvonar, uni o‘zimizga taqdirning eng katta siylovi deb bilardik. U mitti sehrgar kabi ko‘nglimizga hamisha umidu ishonch solib turar, ko‘zimizga bu keksa dunyo o‘ta saxiy va muruvvatli bo‘lib ko‘rinar, yashash esa naqadar zavqli tuyular edi.

U mening to‘ng‘ich farzandim edi, biz, xotinim ikkimiz endi farzand mehrini tuygan, birimiz o‘zimizni ota, birimiz esa ona deb his eta boshlagan edik.

Ammo yoz o‘tib, shaharga kuzning namxush nafasi kirib kelgan, dov-daraxtlar yaprog‘i za’faron tus olgan kezlarda kutilmaganda o‘g‘limning ruhiyatida g‘alati o‘zgarish yuz ko‘rsatdi va biz, xotinim ikkimiz azbaroyi qo‘rquv va vahimaga tushganimizdan o‘zimizni butkul yo‘qotib qo‘ydik.

Bu haqda xotinim ilgari ham ikki-uch marta xavotirga tushgan ko‘yi gapirgan, ammo men u shunchaki vahima qilayapti, degan o‘yda bu sho‘rishlarga tuzuk-quruq e’tibor bermagan edim. Aslida nimadan xavotirga tushishni bilmasdim, axir, o‘g‘lim shunday ko‘z o‘ngimda to‘rt muchasi soppa-sog‘ o‘ynab yurar, ahvol-ruhiyasi, yuz-ko‘zida biror-bir dardning alomati sezilmasdi. Men ba’zan o‘g‘limga qarab turib, xotinim nega bunchalik xavotirga tushayotganini sira tushuna olmasdim.

O‘sha kuni esa kechga tomon uyga qaytganimda, xotinim shunday vahimaga tushgan ko‘yi gapirdiki, beixtiyor o‘zimning ham ko‘nglimga xavotir oralaganini sezmay qoldim.

– O‘g‘lingizga nima bo‘lgan – sira tushunolmayman, – dedi u yig‘lagudek bir ovozda. – Kun uzog‘i ko‘ziga bir chimdim uyqu olmaydi, beshigini tebrataverib, qo‘lim uzilib tushay dedi. Qani endi, ko‘zini yuma qolsa, qayda deysiz, big‘illab yig‘lagancha qo‘l-oyog‘ini tipirchilatib, beshikdan yechib ol, deganday tinmay xarxasha qiladi. Beshikdan yechib qo‘ysam, boladek o‘z ko‘yida o‘ynab o‘tirsa, mayli edi. Buningiz go‘dakka o‘xshab bir nafas o‘ynash o‘rniga odamnng xayoliga kelmagan qiliq chiqargan. Hali gilamning qatini ko‘tarib, ostidan allanima izlaydi, hali taxmonning orasiga qo‘l suqib titkilaydi, hali sizning anavi kitoblaringizni olib, bitta-bitta varaqlaydi. O‘ynagan bo‘lib, shunday qilsa, go‘rga edi, yo‘q, buningiz titkilab-titkilab, axiyri, o‘z-o‘zidan chinqirib yig‘lab yuboradi. Tovba, xuddi allanarsa chaqib olgandek, shunday qaqshab yig‘laydiki, ovozidan uy ko‘chib ketay deydi. Yig‘laganda rang-ro‘yini ko‘rsangiz, qo‘rqib ketasiz. Uni ovutib, o‘ziga keltirgancha, jonim naq bo‘g‘zimga keladi. Bola bo‘lib, bolaga o‘xshamaydi, bir burda holi bilan nimani izlaydi, hayronman…

Men xotinimning gaplarini eshita turib, uy o‘rtasida xuddi o‘zi haqida gapirayotganimizni anglagandek boshini quyi solib, xomush o‘tirgan o‘g‘limga yaxshiroq razm soldim: u daf’atan ko‘zimga g‘amgin va ma’yus ko‘rindi. Ko‘zlari ham botgan, rangi siniq edi, aftidan, qandaydir dard qiynayotganga o‘xshar edi. Men shuncha kundan buyon o‘g‘limga tuzuk-quruq e’tibor bermaganimga o‘zim ham hayron qoldim. Ayni damda, u ko‘zimga qandaydir og‘ir dardga chalinib, birdan so‘lib qolganga o‘xshab ko‘rindi. Men uni ko‘tarib olib, bag‘rimga bosdim va yuzidan o‘pib, erkalagan bo‘ldim. Ammo u, odatdagidek, quvonchdan irg‘ishlab, bag‘rimga talpinmadi, erkalashlarimga ham parvo qilmadi. U qo‘llarimda shalvirabgina turar, butun vujudi karaxt tortib qolgandek, hech narsani payqamas, chamasi, uning xayoli o‘zida emas, allaqayoqlarda uchib yurardi.

Oqshom xotinim ikkimiz bir-birimizga so‘z qotishga ham hafsala qilmay jimgina ovqatlandik. O‘g‘lim tug‘ilgandan buyon uyimizga hech qachon bunday og‘ir jimlik cho‘kmagan, kutilmaganda uning ruhiyatida ro‘y bergan o‘zgarish bizni birdan g‘am-g‘ussaga botirib qo‘ygan edi.

Ammo ovqatlanib bo‘lib, dasturxonga fotiha o‘qilgach, g‘alati voqea yuz berdi: shuncha paytdan buyon chiroyi ochilmay tumshayib o‘tirgan o‘g‘lim birdan o‘z-o‘zidan jonlanib qoldi, uning so‘nik va rutubatli ko‘zlari chaqnab ketdi, yuziga ham qizillik yugurib, go‘yoki daf’atan nimadir yodiga tushib qolgandek, shoshib o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, apil-tapil emaklagancha uy to‘ridagi taxmon tomon keta boshladi. Men uning kutilmaganda jonlanib qolganini ko‘rib, birdan hushyor tortdim va unga qarab turib, hayrat va taajjubga tushganimdan toshdek qotib qoldim: o‘g‘lim mushtdek bola boshi bilan allaqanday yovqur va o‘jar qiyofaga kirgan, yuzini shiddatli ifoda qoplab olgan, ko‘zlari yonib turardi. U ayni damda hali esini tanimagan go‘dakka emas, balki o‘ljasi tomon shitob bilan bostirib borayotgan sirtlonga o‘xshar, harakatlari keskin va qat’iy, shu tobda uni hech qanday kuch iziga qaytarishga qurbi yetmasdi, chog‘i. Aftidan, o‘g‘limning o‘zi taxmon tomonga nega bunchalik shoshib emaklab borayotganini yaxshi bilar, fikru xayolini yolg‘iz shu narsaning yodi band etib olgan edi.

Uy ichiga yurakni tars yoradigan jimlik cho‘kkan, biz, xotinim ikkimiz nafasimizni ichimizga yutgancha o‘g‘limdan ko‘z uzmay turardik. Ammo o‘g‘lim taxmon qarshisigacha emaklab borishga negadir sabri chidamadi, shekilli, sal bu yoqda, devorga yaqin joyda to‘xtadi. Kim biladi, ehtimol, u aslida taxmon tomonga emaklab bormayotgan, faqat menga shunday tuyulgandir. Bilmadim, ishqilib, o‘g‘lim uy o‘rtasida devorga yaqin joyda to‘xtab, oyoqlarini uzatgan ko‘yi yastanib, o‘tirib oldi-da, qo‘lchalari bilan shoshib gilam qatini ko‘tardi va bo‘ynini cho‘zib, uning ostiga qaradi. Chamasi, xotinim boya rost gapirgan, o‘g‘lim, chindan ham, allanimani izlar va o‘sha o‘zi izlayotgan narsasini gilam ostidan topib olishga sira ikkilanmasdi, shekilli, ishonch va umid bilan kiprik qoqmay tikilar, butun qiyofasidan mana shu ifoda shu’lasi yog‘ilib turardi.

Biz, xotinim ikkimiz undan ko‘z uzmay turar, ko‘nglimizda qiziqish va xavotir hissi ustun kelayotgan bo‘lsa-da, uning xayolini buzishga jur’atimiz yetmasdi.

Oradan imillab bir necha daqiqa o‘tgach, o‘g‘lim xo‘rsingandek, og‘ir nafas oldi-da, qo‘lchasi bilan tutib turgan gilam qatini o‘ziga yarashmagan allaqanday zarda va iddao bilan qo‘yib yubordi va yana boyagi vajohat bilan uy to‘riga, taxmon tomonga emaklab ketdi.

U hademay taxmon qarshisiga yetib bordi: ko‘rpa-yostiq yig‘ib qo‘yilgan taxmon uning bo‘yidan ancha baland edi. Biroq o‘g‘lim taxmon chekkasiga chiranib osilgancha o‘rnidan turib, o‘ng qo‘lini taxmon qatiga suqqancha hafsala bilan titkilashga tushdi. U go‘yo hammasini oldindan puxta o‘ylab olgan va o‘zini shunga ruhan hozirlagandek, har bitta harakatini adashmay-og‘ishmay bajarar, o‘ng qo‘lini chaqqonlik bilan ko‘rpa-to‘shak qatiga suqib, tez-tez titkilar, chap qo‘li bilan esa, azbaroyi yiqilib tushmaslik uchun, taxmon chetini mahkam changallab ushlagan edi. U, aftidan, ilgari ham mana shu holatda taxmon qatini ko‘p marta titkilagani va shundan buning yaxshigina hadisini olgani ko‘rinib turardi.

U qo‘lchasini taxmon qatiga uzatarkan, ko‘zlarini ohista yumgan ko‘yi uzoq payt paypaslanib izlanar, bunday chog‘da yuzini hozir kutilmagan voqea sodir bo‘lib qoladigandek, hayajonli bir ifoda qoplab olardi. Ba’zan qo‘li taxmon orasida tuyqus allanimaga tekkandek, birdan ko‘zlari yarq etib katta-katta ochilib ketar, ba’zan esa, chamasi, hadeb titkilashga sabri chidamay qolardi, shekilli, ko‘rpa-to‘shaklarning chetidan tutib, tortqilagancha, taxmonni yiqitishga urinar, azbaroyi chiranganidan ikki yuzi qip-qizil tortib qolardi. Faqat, u negadir yig‘lab xarxasha qilmas va hech kimni ko‘makka chaqiray demas, hamma narsani unutgan ko‘yi taxmon atrofida o‘ralashar, biz nafasimizni ichimizga yutgancha unga tikilib turganimizni xayoliga ham keltirmas, go‘yo uy ichida o‘zidan boshqa biror tirik jon yo‘qdek, boshini xiyol o‘girib qarab ham qo‘ymasdi.

Men o‘g‘limga kiprik qoqmay tikilib turar ekanman, daf’atan xayolimga u nimanidir izlab, taxmon qatini titkilayapti, degan o‘y urildi. Ammo bunga shu zahotiyoq birinchi bo‘lib o‘zim ishonmadim. Hatto shunday o‘yga borganimdan o‘z-o‘zimdan uyalib ketdim. Axir, buni aqlu tasavvurga ham sig‘dirib bo‘lmaydi, o‘g‘lim – hali ona suti og‘zidan ketmagan go‘dak mushtdek boshi bilan nimani izlashi mumkin?! U kechagina dunyoga kelgan, hali oqni qoradan, qorani oqdan tuzuk-quruq ajratib olmaydi, buning ustiga uning hali tili ham chiqmagan, biror bir narsaning nomini bilib olishga ulgurmagan bo‘lsa, yana nimani izlashi mumkin?

Kim biladi, aslida, o‘g‘lim ham biror nimani izlab taxmon qatini titkilamayotgan, balki shunchaki o‘z ko‘yida o‘ynayotgandir. Ehtimol, men uning yoshiga nomanand xatti-harakatlaridan butkul boshqa ma’no izlab yanglishayotgandirman. Axir, biz ko‘pincha bolalarning xayolini band etib olgan, o‘zini qiziqtirgan oddiy va jo‘n narsalarni ham tushunmaymiz, idrok etishga qiynalamiz va oxir-oqibat ularning ustidan yanglish xulosa chiqarib qo‘yamiz.

O, yo‘q, men ayni damda, garchi ich-ichimdan shunday bo‘lishini qattiq istab turgan bo‘lsam-da, noto‘g‘ri va yanglish xayolga bormagan edim. Buning ustiga shunday qarshimda turgan o‘g‘limning har bir xatti-harakati, yuz-ko‘zini qoplab olgan ifoda mening shubha-gumonlarimni to‘liq tasdiqlab turar, buni sira bosh­qacha izohlab bo‘lmasdi. O‘g‘lim, rostdan ham, ichikkan ko‘yi taxmon orasidan allanimani izlayotgan edi. Ayni damda uning fikru zikrini faqat o‘zi joni halak bo‘lib qidirayotgan o‘sha narsaning surati band etib olgan, faqat shu haqda o‘ylar va uni tezroq topishga urinar edi. Men yana shunga qattiq ishonib turardimki, o‘g‘lim o‘zi izlayotgan o‘sha narsani ilgari ham ko‘rgan, uning rang-tusi, shaklu shamoyili va o‘ziga nima uchun kerakligini juda yaxshi bilar edi, shuning uchun u ortiq hech narsaga e’tibor bermas, umidu ishonch, shijoatu qat’iyat bilan taxmon qatini titkilashda davom etardi. O‘g‘limning xayolini o‘g‘irlab qo‘ygan narsa faqat bizgagina qorong‘i edi.

O‘g‘lim hali-hanuz taxmonni chetidan tutgancha tortqilar, u xuddi qoyaga o‘jarlik bilan yopishib olgan burgut bolasiga o‘xshar, o‘ziga mutlaqo yarashmagan vajohat bilan boshi ustida turgan taxmonni tortqilab yiqitishga urinar, pishillagan ko‘yi zo‘riqib, tez-tez nafas olardi. U hali-beri shashtidan qaytadiganga o‘xshamas, aksincha, qiyofasi battar qat’iy va o‘jar tus olib borardi.

Ammo uning barcha urinish va chiranishlari behuda ketayotgan edi, chunki taxmon uning boshi ustida xuddi qoyadek soya tashlab turar, u nechog‘lik urinmasin, baribir yiqitishga qurbi yetmasdi. Men o‘g‘limdan ko‘z uzmay qarab turar ekanman, u nimanidir izlayotgani va shundan butkul tinchini yo‘qotib qo‘yganiga tobora ishonib borar, xayolimni bir-biridan sirli va chigal o‘ylar band eta boshlagan edi. O‘g‘lim bunchalik ichikkan ko‘yi nimani izlayapti, o‘zi? Bu savol bir qarashda juda oddiy va o‘ta jo‘n tuyulsa-da, men ayni paytda qanchalik bosh qotirmay, baribir jo‘yali javob topa olmasdim.

Aslida, bu savolga o‘g‘limdan bo‘lak hech kim javob berolmasdi. Ammo hali uning tili chiqmagan, shu bois, tabiiyki, xayolini qanday sirli narsa o‘g‘irlab qo‘yganini aniq-taniq aytib berolmasdi. Faqat uning ko‘nglida qanday o‘ylar kechayotgan bo‘lsa, barcha-barchasi ko‘zlarida aks etgan edi. Biroq nigohidagi ma’noni uqib olishga bizning aql-idrokimiz ojizlik qilardi.

O‘g‘lim hamon taxmon chetini qo‘yib yubormagan, lekin endi uning xatti-harakatlari asta-sekin asabiy tus olib borar, qo‘lchalari o‘ziga bo‘ysunmay zir-zir titrar, hansirab og‘ir-og‘ir nafas olishi esa, uy ichini tutib ketgan, yuzini ham tushkun bir ifoda qoplab olgan, ko‘zlarida gir-gir yosh aylanar va u taxmon chetini tutgancha omonatgina chayqalib turardi.

Men o‘g‘limning xatti-harakati oxir-oqibat shunday ayanchli yakun topishini oldindan sezgan va yuragim qo‘rquv va xavotirga to‘lib toqatsizlanib turgan edim. O‘ylaganimdek, bir chog‘ o‘g‘lim alam va iddao bilan o‘zini yerga tashlab yubordi va uy ichini uning chinqirib yig‘lagani tutib ketdi. U sarkashlik bilan o‘zini u yoqdan-bu yoqqa tashlab yig‘lar, oyoqchalari bilan yerni tap-tap tepib qo‘yar va ko‘zlaridan tirqirab yosh quyilib kelar edi. Ovozi shunchalik alam va iztirobga to‘la ediki, bu oddiy go‘dakning xarxashasiga sira o‘xshamas, balki boshiga og‘ir judolik tushgan kimsaning faryodi singari yurakka sanchilib botar edi.

Mening birdan ko‘nglim buzilib, ko‘zlarim o‘zim sezmagan holda yoshga to‘lib qoldi va o‘rnimdan otilib turib, o‘g‘limni yerdan ko‘tarib oldim. Ammo uning ko‘ngli battar o‘ksib ketdi, shekilli, yuzini ko‘ksimga bosib, boyagidan ham ayanchliroq ovozda chinqirib yig‘lashga tushdi. U so‘z bilan ifoda etolmagan iztirobu alamini yig‘i orqali anglatmoqchidek, o‘zini bosolmay selu selob bo‘lib yig‘lar, yig‘i zarbidan mittigina jussasi silkinib-silkinib tushar, a’zoyi badani temirdek qizib ketgan, ko‘zlaridan tirqirab chiqayotgan issiq ko‘z yosh ko‘ksimga shilqillab singib borayotgandek edi.

Men uy o‘rtasida o‘g‘limni bag‘rimga bosib turarkanman, uni qanday qilib ovutishni bilmasdim, nazarimda, odatdagi shirin so‘z va erkalashlarim ayni damda o‘zining ta’sirini butkul yo‘qotib qo‘ygan edi.

Buning ustiga uning mittigina jismu jussasini o‘rab-chirmab olgan iztirobu o‘kinch, alam va qayg‘u, o‘zini butkul unutgancha chinqirib yig‘lashi meni ham birdan karaxt qilib tashlagan, boshim hech narsani idrok etmas, xuddi chorasiz qolgan kimsa kabi o‘g‘limni bag‘rimga bosgancha toshdek qotib turardim.

Xotinim ham allaqachon o‘g‘limga qo‘shilib, piq-piq yig‘lashga tushgan, ammo u nega yig‘layotganini o‘zi ham tuzuk-quruq bilmas, faqat ko‘ngli qandaydir noxushlikning sharpasini sezganidan ko‘zlari qo‘rquv va vahimaga to‘lib qolgan edi. U o‘g‘limning boshini silagan ko‘yi allanimalar deb ovutishga urinar, ammo tili sira kalimaga kelmayotganidan g‘o‘ldirashdan nariga o‘tmasdi.

O‘g‘limning hadeganda yig‘isi bosilavermagach, xotinim uni qo‘limdan olib, bag‘riga bosdi va, zora, ovunib qolarmikin, degan o‘yda ko‘krak tutdi, odatda o‘g‘lim xarxasha qilib yig‘lashga tushgan payt xotinim darrov shunday qilar va bola birdan andarmon bo‘lar edi. Biroq bu gal o‘g‘lim kutilmaganda, og‘ziga ko‘k­rak olishni istamadi, xuddi o‘ziga sut emas, balki zahar berayotgandek, boshini orqaga tashlab yig‘lar, oyoqchalarini betinim tipirchilatib, onasining bag‘ridan xalos bo‘lishga urinardi.

Xotinim dam uning qo‘liga qandaydir shirinlik tutar, dam o‘yinchoqlarini shiqirlatib, xayolini chalg‘itishga urinar, lekin bularning barini uning adoqsiz yig‘isi bosib ketardi.

Axiyri, xotinim o‘g‘limni beshikka yotqizdi-da, beshikni ohista tebratgan ko‘yi hazin ovozda alla ayta boshladi, u alla aytayotgandan ko‘ra ko‘proq nola qilayotganga o‘xshar, g‘amgin ovozi hali-hanuz big‘illab yig‘layotgan o‘g‘limning yig‘isiga qorishib, xonani tutib ketgandi.

Xotinim beshikni uzoq tebratdi. O‘g‘limni yig‘i qattiq holdan toydirib tashlagan edi, ko‘p o‘tmay ko‘zlari uyquning sirli domiga ilindi-yu, tinchib qoldi. Ammo juda notinch uxlar, alahsiragancha allanimalar deya g‘udranar, goho u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilishga urinar, biroq beshikning mahkam tortib bog‘langan bog‘ichlari bunga imkon bermasdi.

Ha, shunday, o‘g‘limning xayolini o‘g‘irlagan o‘sha sirli narsa uyqusida ham tinchlik bermasdi, u uxlab yotarkan, yuzidagi ifoda tez-tez o‘zgarib turar, gohida quruqshagan lablarida kutilmaganda beg‘ubor kulgi sharpalari yugurgilab qolar, ammo kulgichlari hali rosmana yoyilishga ulgurmay turib, birdan so‘nar, so‘ng chehrasini tag‘in tund va rutubatli, mutlaqo tushuniksiz ifoda qoplab olardi. Ba’zan esa, uyqusida allanimadan cho‘chib-cho‘chib tushganidan rang-ro‘yi ters oqarib ketar va lablari tortilib, yig‘lashga chog‘lanardi-yu, lekin uyqu bunga yo‘l qo‘ymasdi.

O‘g‘limning ruhiyati qattiq bezovta tortgan, ich-ichidan qandaydir dard qiynayotgani ko‘rinib turardi. Men uning iztirobga botgan yuziga qarab turishga ortiq sabrim chidamadi, beshikning yoping‘ichini sekin tortib qo‘ydim.

* * *

Ertasi kuni ertalab institutda ilmiy rahbarim bo‘lmish qirq besh yoshlar chamasidagi, pakana bo‘yli professor bilan uchrashdim: ilmiy ishim allaqachon nihoyasiga yetgan, faqat himoya kunini belgilash qolgan edi. Professor men bilan hol-ahvol so‘rashgach, keyingi oyning oxirida ilmiy ishim himoyaga tavsiya etilganini aytar ekan, ba’zi bir kamchiliklar ustida jiddiy ishlashim lozimligini qayta-qayta tayinladi:

– Ish har jihatdan puxta bo‘lgani yaxshi, – dedi u. – Hali oldinda yetarlicha vaqt bor. Ilmiy ishingizni yana bir marta boshdan-oxir qayta ko‘zdan kechirib chiqing.

Professor tag‘in bir talay topshiriqlarni berdi. U himoya murosasiz va keskin o‘tishini, tirnoq ostidan kir qidiradigan ayrim kimsalar payt poylab yurganini, ularning har bir ilmoqli savoliga o‘zimni yo‘qotib qo‘ymay, bosiqlik bilan javob qaytarishim lozimligini qayta-qayta uqtirdi.

Professor ancha badgumon odam edi, ilmda g‘animlarim ko‘p deb o‘ylar, go‘yo har bir bosgan qadamini kimdir ta’qib etib yurgandek, o‘ta ehtiyotkor edi.

Meni negadir juda qobiliyatli, ko‘p narsaga qodir yoshlardan biri deb hisoblar, bundan besh yil burun ham, institutni tugatish arafasida talabalar orasidan yolg‘iz meni ilm bilan shug‘ullanishga undagan edi.

Professor bilan xayrlashgach, to‘ppa-to‘g‘ri uyga yo‘l oldim. Ayni paytda ilmiy ishim, nihoyat, himoyaga tavsiya etilgani ham ko‘nglimga taskin berolmasdi. Holbuki, hayotimdagi eng katta maqsadim – shu ilmiy ishni himoya qilish edi. Men buning uchun qariyb besh yil mashaqqat chekkan, tunlarni uyqusiz o‘tkazgan, kutubxonaning zax bosgan xonalarida oylab kitob titkilab o‘tirgan edim. Ayniqsa, ota-onam va xotinim xuddi mo‘jiza sodir bo‘ladigandek, himoya kunini sabrsizlik bilan kutar edi.

Tunni notinch o‘tkazganimdan boshim lo‘qillab og‘rir, butun vujudim lanj va karaxt tortgan, hech narsa yoqmas, xayolim parishon edi. Ammo shunday aftodahol ahvolga tushib qolganimga qaramay, o‘g‘lim nimani izlab buncha bezovta tortayapti, deb dam-badam o‘z-o‘zimdan so‘rab qo‘yardim. Biroq kecha oqshomdan buyon bu haqda tinimsiz o‘ylaganimga qaramay, o‘zimni qoniqtiradigan jo‘yali javob topa olmagan edim. O‘g‘lim uydagi biror buyum yoki o‘yinchoqning dardida shunchalik ichikib bezovta tortayotgan bo‘lsa, avvalo, uning o‘zi o‘sha ko‘ziga qiziq ko‘ringan narsa tomonga talpinar, qo‘li bilan imo-ishora qilib ko‘rsatgancha, olib ber, deya xarxasha qilardi. Ammo kecha oqshomdan buyon biror-bir buyum yoki jihozga qayrilib ham qaramagan edi. Qolaversa, har qanday o‘jar bola ham o‘yinchoq yoki buyumning ko‘yida bunchalik ichikib, bezovta bo‘lmaydi. Kim biladi, ehtimol, o‘g‘lim izlayotgan narsa nafaqat uyimizda, balki umuman dunyoda yo‘qdir?! Ehtimol, o‘g‘lim nimani izlayotganini o‘zi ham tuzuk-quruq bilmas?! Ehtimol, bu uzoq vaqt yashirincha davom etgan va kutilmaganda qalqib yuzaga chiqqan qandaydir og‘ir dardning alomatidir? Axir, dunyoda nima ko‘p, dard ko‘p, o‘g‘lim ham shularning biriga chalingan va shundan qattiq bezovta tortayotgandir?!

Shunday o‘y-xayollarga g‘arq bo‘lgancha uyga yetib kelib, ichkariga qadam bosarkanman, eshikni ochgan xotinimning g‘ussaga botgan so‘lg‘in yuziga ko‘zim tushib, xayolimdan o‘g‘lim kecha oqshomdagidek tinchini yo‘qotgancha yana allanimani izlayapti, degan o‘y kechdi. Ko‘nglim battar qorong‘i tortib, xotinimga so‘z qotishga ham hafsalam yetmay, ichkariga bosh suqdim.

O‘g‘lim beshik qavatida to‘shalgan ko‘rpacha ustida xayolga cho‘mgan ko‘yi tizzasi ustiga qo‘yib olgan qalin muqovali kitobni – mening ilmiy ishimga taalluqli “Qadimgi dunyo solnomasi” edi – bir-bir varaqlab o‘tirar edi. Mening uyga kirganimni payqamadi, shekilli, boshini ko‘tarib ham qaramadi. O, yo‘q, ayni damda, u nafaqat meni, balki butun dunyoni unutgan, go‘yo tizzasi ustiga qo‘yib olgan kitobning qat-qatiga singib ketgandek, biror-bir tuki qilt etmas, yuz-ko‘zida xayolning og‘ir sharpalari suzib yurar, lablarini cho‘chchaytirib olgan edi. Kitobni shoshilmay, bitta-bitta varaqlar, har bir sahifani berilib, diqqat bilan ko‘zdan kechirar, hech narsani ko‘zdan qochirmas, ba’zan allaqaysi suratga uzoq tikilib qolar, peshonasini tirishtirib allanimalarni xayolidan o‘tkazar, bunday paytda yuzining bir chekkasi xiyol yorishib ketgandek tuyular, ammo bu ifoda bir lahzada g‘oyib bo‘lar, so‘ng xuddi xo‘rsingandek, chuqur nafas olib, jimgina navbatdagi sahifani ochar edi. Hali esini tanimagan go‘dakning bunday vazmin va jiddiy tortgancha kitob varaqlab o‘tirishi, tabiiyki, har qanday kishini hayratga solardi. Ammo o‘g‘lim shunchaki o‘ynagan bo‘lib, kitob titkilayotgani yo‘q, balki yuragiga qutqu solgan o‘sha sirli narsani kitob orasidan izlayotgandi. Boya uyga bosh suqib, unga ko‘zim tushgan zahotiyoq ko‘nglimdan shunday o‘y kechgan edi.

Ostonada ancha payt turib qoldim. Bir payt o‘g‘lim nimadandir xayoli bo‘lindi, shekilli, kitobdan nigohini uzdi-da, boshini o‘girib menga qaradi: ammo ko‘zimiz ko‘zimizga tushganda ham, uning yuzida qilt etgan o‘zgarish alomati sezilmadi. Xuddi meni tanimayotgandek sovuq va begonasirab tikilib turar, nigohi allaqanday qayg‘uli va g‘amgin edi. Aftidan, uni xayol butkul chalg‘itib qo‘ygan yoki jismu jussasi karaxt tortib qolganidan hech narsa sezmas va idrok etmasdi. Men bularni ichimdan to‘qib-bichib aytayotganim yo‘q, balki o‘g‘limning ayni damdagi holatini boshqacha izohlab bo‘lmasdi. Odatda, har kuni uyga kelganimda u meni ko‘rgan zahotiyoq irg‘ishlab, bag‘rimga talpinar, quvonchdan ko‘zlari porlab ketardi. Ayni damda esa, biz xuddi ikki notanish kimsa kabi bir-birimizga begonasirab tikilib turardik.

Ancha paytdan so‘ng o‘g‘lim nigohini xuddi qiynalgandek bazo‘r uzib oldi-da, og‘ir xo‘rsinib, tag‘in jimgina kitobni titkilashga tushdi. U mening ostonada o‘ziga tikilib turganimni birdan esidan chiqarib yuborgandek, qayta o‘grilib qaramadi ham.

Men kutilmaganda juda g‘alati ahvolga tushdim, xuddi begona uyga adashib kirib qolgan kimsadek, o‘zimni noqulay his etar, ostonada tosh qotib turishni ham, tashqariga chiqib ketishni ham bilmasdim.

Shu payt boya uyga qaytayotib, yo‘l-yo‘lakay do‘kondan xarid qilgan o‘yinchoqlar tuyqus yodimga tushib qoldi-yu, hali qo‘limdan ham qo‘yishga ulgurmagan to‘rxaltani shosha-pisha titkilay boshladim. Men hayajonlangan ko‘yi o‘yinchoqlarni to‘rxaltadan olib, o‘g‘limning qarshisiga terib qo‘ydim. Keyin qaddimni rostlab: – Muayyad! – dedim ovozimni ko‘tarib. Ovozim hayajon va entikishga qorishib eshitilganidan o‘zim ham g‘alati bo‘lib ketdim. – Qara, o‘g‘lim, senga qanday chiroyli o‘yinchoqlar olib keldim.

Darvoqe, o‘yinchoqlar juda bejirim va chiroyli edi, har qanday bolaning e’tiborini birdan o‘ziga tortib, ko‘zini o‘ynatib yuborishi tayin edi. O‘g‘lim ham kitobdan nigohini uzib, o‘yinchoqlarga tikilib qoldi. Aftidan, o‘yinchoqlar unga yoqib tushdi, shekilli, birdan quruqshagan lablari yoyilib, ko‘zlaridagi rutubatli ifoda allaqayoqqa g‘oyib bo‘ldi. Ammo tizzasi ustidagi kitobni mahkam ushlab olgan, chamasi, undan hali xayolini butunlay uzolmagan edi.

Biroq oradan bir lahza o‘tib-o‘tmay, uning ko‘nglida uyg‘ongan qiziqish hissi birdan so‘nib qoldi, shekilli, tag‘in qaboqlari solinib kela boshladi. O‘g‘lim o‘yinchoqlarga qo‘l urish u yoqda tursin, hatto shu tomonga talpinishga ham ro‘yxush qilmadi. Faqat o‘yinchoqlardan nigohini uzib olayotib, go‘yo bularni nima maqsadda olib kelganimni ich-ichidan yaxshi anglab turgandek, ko‘zlarini katta-katta ochgancha, yalt etib menga qaradi va bir muddat kiprik qoqmay tikilib qoldi. O, uning tig‘dek o‘tkir, iztirobu alam qorishib ketgan nigohiga dosh berish juda og‘ir edi. Ammo bizning ko‘zlarimiz to‘qnash kelganda, men uning nigohidan shunchalik ko‘p narsani uqib oldimki, azbaroyi yuragim qo‘rquv va vahimaga to‘lib qolganidan, birdan bo‘shashib ketdim.

O‘g‘lim o‘zini qiynayotgan dardu baloga kecha yoki bugun chalinmagan, balki bunga ancha payt bo‘lgan, ehtimol, dunyoga kelgan zahotiyoq u mo‘ru malaxdek uning etagiga yopishgan va kunlar o‘tgan sayin butkul jismu jussasini o‘rab-chirmab olgan edi.

Ha, ha, shunday, ayni damda o‘g‘limning inon-ixtiyori o‘zida emasdi, bu dard qora xayol kabi fikru zikrini band etib, butkul o‘z izmiga solib olishga ulgurgan edi.

Eng dahshatlisi, o‘g‘limning bizdan – men va xotinimdan allaqachon ko‘ngli sovigan va biz, ikki qutbning o‘rtasida tubsiz jarlik paydo bo‘lgan edi. Bizning mehru muhabbatimiz, yeru ko‘kka ishonmay suyub erkalashlarimiz uning muz tortgan yuragini endi qayta ilita olmas, xuddi mehrga to‘ymagan, mudom xo‘rlik, jabru sitamdan boshi chiqmagan o‘gay farzand singari allaqachon bag‘rimizdan bosh olib ketgan va o‘zga bir dunyoda sarson-sargardon tentirab yurar edi.

U o‘zi adashib kirib qolgan bu dunyo murg‘ak ko‘ngliga muttasil azob va iztirob o‘tini solib tursa-da, bizning bag‘rimizga qaytishni sira xayoliga keltirmas, go‘yo boshidan kechirayotgan jabru sitamlar jismu jussasiga rohat bag‘ish­layotgandek tobora uzoqlashib borardi.

Ehtimol, o‘g‘lim bu dardu sitam xuddi qora ko‘lanka singari vahm bilan ustiga bostirib kelgan payt ko‘mak va najot istab, bizning bag‘rimizga talpingan, chinqirib yig‘lagancha nola qilgan, umid va ilinj bilan og‘zimizga tikilgan, sog‘inch va iztirobdan ko‘zlari tolib qolgan, ammo umidu iltijosi, nolayu fig‘oni xuddi suvga otilgan tosh singari sas-sadosiz ketayotganini ko‘rgach, tushkunlikning beayov iskanjasida bizning bag‘rimizdan bosh olib ketishga majbur bo‘lgandir.

Yo‘q, yo‘q, o‘g‘lim xayolini o‘g‘irlab, butkul o‘z izmu ixtiyoriga solib olgan o‘sha sirli narsani, eng avvalo, bizning jismu jussamizdan izlagan, ko‘nglimizning hech qachon ochilmagani bois zang va rutubat bosib ketgan eshiklarini umid va ilinj bilan uzoq payt taqillatib turgan, hatto ovoz berib chaqirgan, ammo ichkaridan o‘zini daf’atan quvontirib yuboradigan biror-bir sas-sado eshitilavermagach, tushkun va umidsiz qiyofada iziga qaytib ketgan. Biz esa, uning ahvol-ruhiyasi, yurak urishi, intilishu iztiroblaridan mutlaqo bexabar holda g‘aflat ko‘rpasiga burkanib yashagan, shirin so‘z va erkalashlarimiz bilan murg‘ak qalbini quvontirayapmiz, deb o‘z-o‘zimizni aldab kelgan, aslida esa, uning ko‘m-ko‘k maysa singari o‘sa boshlagan umidu ishonchini shafqatsizlarcha toptab tashlagan edik. O‘g‘lim bizning bag‘rimizga talpinarkan, butkul o‘zga narsalarni izlagan, ammo tashlandiq uy singari xarobaga aylanib, huvillab yotgan qalbimizni ko‘rgach, birdan ishonchu umidi so‘nib qolgan edi. U bizdan qanchalik tez uzoqlashsa, shunchalik yengil tortib borardi.

Men boya o‘g‘limning nigohidan shularni uqib olgan va azbaroyi dahshatga tushganimdan yuragim muz tortib ketgan edi.

* * *

Oqshom biz o‘g‘limni butunlay o‘z holiga tashlab qo‘ydik. O‘g‘lim tun allamahal bo‘lgunga qadar uy ichida u yoqdan-bu yoqqa tentirab, xayolini butkul o‘g‘irlab qo‘ygan o‘sha narsani besamar izlab yurdi. Na mening, na onasining quchog‘iga talpindi; injiqlik va xarxasha ham qilmadi. Faqat ko‘zlariga uyquning achchiq zahri qadalgandan so‘nggina injiqlanib, yig‘lashga tushdi. Onasi uni jimgina beshikka yotqizib, tebratgach, tezda uxlab qoldi.

* * *

Aniq yodimda yo‘q, haftaning chorshanba yo payshanba kuni edi, biz Muayyadni do‘xtirga olib bordik. Zero, bundan bo‘lak choramiz qolmagan, uni rosmana kasal deb ayta olmasak-da, allanimaning ko‘yida ichikkandan so‘lib-sarg‘ayib borayotgan yuziga jimgina tikilib yashay olmasdik.

Buni qarangki, hammasi men o‘ylagandan mutlaqo boshqacha bo‘lib chiqdi. Do‘xtir o‘zining birgina istehzoli kulgisi bilan ko‘ng­limga tinimsiz qo‘rquv va vahima solayotgan noxush o‘ylarni chippakka chiqarib yubordi. U, aftidan, o‘z kasbini miridan-sirigacha bilar, har bir so‘zini ishonch bilan gapirar, ortiqcha e’tiroz va tushunmovchilikka o‘rin qoldirmasdi.

Do‘xtir bizni ochiq yuz bilan iliqqina qarshi olar ekan, mening o‘g‘lim qanday kasallikka chalinib qolgani haqidagi gaplarimni oxirigacha jimgina eshitdi. Uning o‘ychan tortgan yuzidan biror-bir ma’noni uqib olish qiyin edi, faqat xotinimning tizzasida lab-lunjini osiltirgancha, tumshayib o‘tirgan o‘g‘limga tikilib razm solarkan, kutilmaganda o‘zini tutolmay birdan qah-qah urib yubordi. Kulgisi zarbidan xona derazasi oynalari zirqirab ketgandek tuyuldi. Men hayron qolgancha savolomuz qaradim: kulgi ta’sirida uning ko‘zlari yoshlanib, ikki yuzi qip-qizil tortgan edi.

– Obbo sizni-ey, – dedi u o‘zini kulgidan bazo‘r tiyar ekan. – O‘ylab topgan gapingizni qarang: allanimani izlarmish! O‘g‘lingiz hali esini tanib ulgurmagan go‘dak-ku, mushtdek boshi bilan nimani izlashi mumkin?! Bunday gaplarni qayerdan topdingiz, sira aqlim yetmaydi.

U so‘zini qisqa qildi, boya nechog‘lik tez sharaqlab kulgan bo‘lsa, shunchalik kutilmaganda jiddiy tortib, o‘g‘limni xona to‘ridagi oppoq choyshab to‘shalgan to‘shakka yotqizdi-da, ko‘zdan kechira boshladi. U engashgan holda, begonasirayotganidan tinimsiz tipirchilayotgan o‘g‘limning goh qornini bosib ko‘rar, goho qaboqlarini ko‘tarib, ko‘zi ostiga qarar va ora-sirada xotinimga yuzlanib, tug‘ilganda yig‘laganmidi, asosan qaysi paytlar bezovta bo‘ladi, deb so‘rab qo‘yardi. Uning ko‘zlari o‘ychan tortgan, yuzida allaqanday mubham fikrning sharpasi suzib yurar, chamasi, o‘g‘limni qanday dard bezovta qilayotgani haqida o‘ylardi. Keyin u deraza qarshisidagi o‘rindiqqa kelib o‘tirar ekan, menga yuzlandi:

– Xo‘sh, xavotir olmasangiz ham bo‘ladi, – dedi u so‘zlariga imkon qadar salmoq berishga tirishib. – O‘g‘lingiz aytarli jiddiy kasalga chalinmagan. To‘g‘ri, bola nimadandir qattiq bezovta bo‘lib, tinchini yo‘qotgan. Ammo u, siz o‘ylagandek, allanimani izlayotgani yo‘q. Asab­lari buzilgan. Odatda, asabi buzilgan bolalar shunday tinchini yo‘qotib qo‘yadi. O‘z vaqtida oldini olish kerak, yo‘qsa, yomon asorat qoldirishi mumkin. Bolani faqat uyda olib o‘tirish ham yaramaydi, tez-tez toza havoga olib chiqib, aylantirib turish zarur. Onasi ham hamma narsaga siqilavermasin, bu ham sut orqali bolaga ta’sir qiladi. Hozir zarur dorilarni yozib beraman, kuniga uch mahal ichirib turasizlar. Bir haftada hammasi o‘z o‘rniga tushadi.

Men uning gaplarini jimgina tinglar ekanman, o‘zim ham yuragimni bosib yotgan vahm va qo‘rquvdan xalos bo‘lib, ruhim yengil tortib borardim. Xotinimni bilmayman, ammo, mening nazarimda, o‘g‘lim allaqachon sog‘ayib ketgandek tuyular va shuncha kundan buyon behuda qo‘rqinchli xayollarga berilib, vahimaga tushib yurganimni o‘ylab, o‘z-o‘zimdan uyalib ketdim.

Biz do‘xtirning huzuridan yengil tortib chiqdik.

* * *

Oqshom uyimizda ancha kundan buyon birinchi marta sokin va yoqimli jimlik cho‘kdi: xotinim o‘g‘lim kasalga chalinganidan buyon tuzuk-quruq qo‘l urmaganidan to‘zib ketgan uyni supurib-sidirar, buyum va jihozlarning chang-chungini artib, tartibga keltirar edi. Uning ancha chiroyi ochilgan, ko‘zlaridagi g‘ussali ifoda g‘oyib bo‘lgan edi.

O‘g‘lim do‘xtir tavsiya etgan dorilarni ichgach, go‘yoki mo‘jiza ro‘y bergandek, kechagi bezovtaligi birdan yo‘qolib, muloyim tortib qolgan, garchi yuz-ko‘zidan hali-hanuz tund va rutubatli ifoda arimagan esa-da, endi ortiq nimanidir izlashga urinmas, bo‘shashgan ko‘yi mudrab o‘tirar, uyqu seli bostirib kelayotganidan ko‘zlari dam-badam yumilib-yumilib ketar edi. Eng muhimi, onasi ko‘krak tutganda, injiqlik qilmay olgan va cho‘lpillatib-cho‘lpillatib uzoq emgan edi. Bu, tabiiyki, yaxshilik alomati edi. Uning ishtahasi ochilgani dard asta-sekin ortga chekinayotganini so‘zsiz aytib turardi.

Buning ustiga, odatdagidan ancha barvaqt – hali onasi beshikka belashga ulgurmay turib, shunday ko‘rpacha ustida uxlab qoldi. Tosh qotib uxlar, nafas olishi sokinlashgan, chamasi, uning ichikish va bezovtalikdan toliqqan vujudi orom olayotgan edi.

Men do‘xtir tavsiya etgan dorilarning birinchi kundan shunday ta’sir qilganini xayolimdan o‘tkazar ekanman, o‘g‘lim hademay dard ko‘rmagandek, butkul sog‘ayib ketishi, uning kulgusi tag‘in uyimizni to‘ldirishi, ko‘nglimizga quvonch va umid olib kirishiga aslo shubha qilmasdim.

* * *

Ilmiy ishimni himoya qilish kuni yaqin qolgan, jiddiy tayyorgarlik ko‘rishim kerak edi. Shu bois dissertatsiyamni yana bir karra ko‘zdan kechirib chiqib, tartibga solish, uch nusxada ko‘paytirib, institutdagi obro‘li domlalarga taqrizga berish va hatto himoyadan so‘ng mo‘ljallangan ziyofat to‘g‘risida o‘ylashim lozim edi. Men shularni o‘ylab, ertalab uydan chiqib ketar, kun uzog‘i yugur-yugurdan daydi itdek toliqib, oqshom payti qaytib kelardim.

O‘g‘lim ham, nazarimda, asta-sekin sog‘ayib­­ borar, uni ortiq hech narsa bezovta qilmay qo‘ygan, rang-ro‘yi ham o‘ziga kelib qolgandi. Faqat chaqaloqlik kezlaridagi kabi kunni tunga, tunni kunga ulab uxlar, uyqudan uyg‘ongan kezlari ham ko‘zlarini bazo‘r ochib, esnab-esnab o‘tirar edi. Xotinim uning bu holatini kasallikdan keyingi darmonsizlikka yo‘yarkan, bolam sho‘rlik ozmuncha dard chekdimi, bir haftaning ichida ozib-to‘zib, cho‘pdek bo‘p qoldi, iloyo, barcha ko‘rganlari shu bo‘lsin, deya yozg‘irib qo‘yardi. Nazarimda, u o‘g‘limdan ko‘ra ko‘proq o‘zining zada tortib qolgan ko‘ngliga taskin-tasalli berayotgandek tuyular, hali-hanuz ovozining qat-qatida hadik va xavotir sharpalari sezilib turardi.

* * *

Oradan ko‘p yillar o‘tgach, men shaharda ayni ilmiy ishimni himoya qilish arafasida xuddi qo‘rqinchli tush singari behalovat kechgan hayotimni har gal eslaganimda, jismu jussamni alam va o‘kinch hissi sovuq ilondek o‘rab-chirmab olganidan beixtiyor o‘rnimdan otilib turib ketar, shafqatsizlik bilan ich-etimni kemirayotgan mudhish va azobli o‘ylardan sira qutula olmas, hali tilu zaboni chiqmagan, bu hayotning qo‘yniga bir lahzagina qo‘nib o‘tgan mana shu go‘dak – o‘g‘lim qarshisida o‘zimni nafaqat gunohkor, balki uning shaffof tuyg‘ularini ayovsiz toptab tashlagan, umidu ishonchini poymol etgan yovuz kimsadek his etardim.

Ammo men yuragim kuyib, nechog‘li o‘rtanmay, baribir o‘g‘limga ich-ichimdan havasim kelardi. U garchi bu dunyoning bag‘riga bir nafasgina qo‘nib o‘tgan, hali biror-bir nimaning nomini bilishga ham ulgurmagan bo‘lsa-da, biz hech qachon xayolimizga keltirmagan, ammo hayotning ma’no-mazmuni va mezoni sanalgan o‘sha muqaddas narsani go‘dak tasavvuri bilan anglab yetgan va bir ko‘rishdayoq unga oshufta bo‘lib qolgan, bu sirli xilqat uning mas’um xayollarini yuksak-yuksaklarga parvoz qildirgan, mitti yuragini junbushga solgan, yor hajrida o‘zini unutgan oshiq singari butun vujudi bilan unga tomon intilgan, intila turib yuragi tuyg‘ularga tor kelganidan nolayu fig‘on qilgan, quvonchdan qiyqirib yuborgan, ammo uning quvonchu nolasi, alamu iztirob­lari xuddi allakimning befarosatlarcha tashlagan qadamidan ko‘zi bekilib qolgan muqaddas buloq singari ko‘nglining tub-tubida qolib ketgan edi.

Men, rosti gap, o‘sha kunlarda o‘g‘lim butkul huzur-halovatini yo‘qotib, o‘jarlik bilan kechayu kunduz nimani izlagani va izlayotgan narsasi unga nega kerak bo‘lib qolganidan mutlaqo bexabar, hayotimda qanday ko‘rgilik ro‘y bergan bo‘lsa, barini taqdiri azalning hukmiga yo‘yib, tinchgina yashab yuraverishim mumkin edi. Kim biladi, ehtimol, qismatning yo‘rig‘i shunday kechganda iztirobu azob chekmay, turli xayollarga berilmay, qismatning yozdig‘iga ko‘nikib ketar va oxir-oqibat hamma-hammasini unutib yuborar edim. Axir, bu dunyoda nimalar unutilmaydi, qanday muqaddas tuyg‘ular eskirib burda-burda bo‘lgan libos kabi yo‘qolib ketmaydi, deysiz? Bu dunyoda avval boshdan hamma narsa unut bo‘lishga mahkum etilmaganmi?!

Biroq o‘g‘limning dardi kutilmaganda qayta xuruj qilib qolgan, biz azbaroyi sarosimaga tushganimizdan butkul es-hushimizdan ayrilgan o‘sha kunlarda yo‘lak chetida o‘tiradigan anavi tilanchi chol yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, bilmayman, tuyqus hovlimizda paydo bo‘ldi-yu, bir zumda hamma narsani ostin-ustun qilib yubordi, u bizga o‘g‘lim shuncha kundan buyon jonsarak va ichikkan ko‘yi qanday sirli narsani izlayotganini aytib ketdi…

* * *

O‘shanda haftaning oxiri – yakshanba kuni edi. O‘g‘lim do‘xtir buyurgan dorilarni allaqachon ichib bo‘lgan va, nazarimda, uning yuz-ko‘zidan dardning og‘ir soyasi asta-sekin ko‘tarilib borardi. Faqat hali-hanuz uyqudan ko‘z ochay demas, uyquning achchiq zahridan qaboqlari shishib ketgan, aftidan, o‘zi ham allaqanday karaxt tortib qolgan edi. Muhimi, u burungidek allanimani izlab bezovta bo‘lmasdi.

Ammo yakshanba kuni ertalab biz xayolimizga ham keltirmagan voqea yuz berdi: o‘g‘lim go‘yo a’zoyi-tanida chidab bo‘lmaydigan og‘riq turgandek, vahm bilan yig‘lagancha uyqudan uyg‘onib ketdi. Allaqanday bo‘g‘iq, alam va iztirob qorishib ketgan yig‘isi bir zumda uy ichini tutdi. O‘g‘lim bo‘g‘ilib yig‘lar va chirangan ko‘yi beshik bog‘ichlaridan qo‘l-oyog‘ini bo‘shatishga urinar, yuzi bo‘zarib qontalash tusga kirgan, tipirchilashidan beshik “g‘iyq-g‘iyq” etib chayqalgancha tebranardi.

Uning yig‘isi qulog‘imga urilgan zahotiyoq, go‘yoki allaqachon unutilgan mudhish xotira kutilmaganda qayta yodimga tushib qolgandek, birdan yuragim sovuq tortib ketdi: ha, bu o‘sha, bir hafta burungi yig‘ining aynan o‘zginasi edi, faqat ayni damda uzoq vaqt damini ichiga yutib yurgan alamzada kimsaning faryodi singari zardali va qahrli tus olganidan, yurakni seskantirib yuborar edi.

Xotinim hovlida qandaydir yumush bilan kuymalanib yurardi, o‘g‘limning yig‘laganini eshitgan zahotiyoq otilib uyga kirdi. Aftidan, u qattiq qo‘rqib ketgan, rang-ro‘yi oqarib, qo‘l-oyog‘i dag‘-dag‘ qaltirar va entikkan ahvolda tez-tez nafas olar edi. U uyga kira solib, o‘zini beshikning ustiga tashladi va shosha-pisha o‘g‘limni yechib oldi-da, bag‘riga bosdi.

Ammo o‘g‘lim onasi bag‘riga borishni istamadi, aksincha, battar chinqirib yig‘lagancha, zarda bilan keskin ravishda o‘zini orqaga siltab tashlab yubordi. Uning boshi xuddi jonsizdek osilib qoldi, nafasi ichiga tushib ketganidan ovozi xirillab, bazo‘r eshitilar, ko‘zlari orqaga tortib ketgan va peshonasidan ter seldek quyilib kelar edi. Xotinim uning ayanchli ahvolini ko‘rib, battar qo‘rqib ketdi va darrov ko‘rpachaga o‘tirg‘izib, piyolada suv olib, tutdi. O‘g‘lim suvni ham ichishni xohlamadi, ammo ko‘rpachada omonatgina chayqalib o‘tirar ekan, kutilmaganda, birdan yig‘lashdan to‘xtadi va uyqu hamda yig‘ining ta’sirida shishib ketgan ko‘zlarini yirib-yirib ochgancha, uy ichiga javdirab tikilib qoldi. U go‘yo bu torgina uy va undagi jihozlarni birinchi marta ko‘rib turgandek, hayrat va qo‘rquv aralash kiprik qoqmay boqar, o‘tkir hamda allaqanday alamli nigohini hamma narsaga bir-bir qadab chiqardi. U daf’atan tinch tortib qolgan edi, ammo ko‘zlarini katta-katta ochgancha javdirab tikilib turishining o‘zi og‘ir va qayg‘uli edi. O‘g‘limni bu dardu balo butkul holdan toydirib tashlagan, eti ustixoniga borib yopishgan, pajmurda jussasiga qarashga yurak betlamasdi.

Men uning mana shunday ayanchli qiyofasiga qarab turib, hamma-hammasini birdan tushunib yetdim-u, ko‘nglim battar qorong‘i tortib ketdi. Biz, xotinim ikkalamiz shuncha kundan buyon o‘g‘limiz darddan xalos bo‘layapti, degan o‘yda o‘z-o‘zimizni behuda aldab kelgan, uning dardi tuzalish o‘rniga battar zo‘raygan edi. Do‘xtir tavsiya etgan dorilar o‘g‘limga zig‘ircha ta’sir qilmagan, aksincha, asablarini qaqshatib, battar jizzaki va injiq qilib tashlagan edi. Boyagi jazavaga tushgan ko‘yi chinqirib yig‘lashi ham shundan darak berib turar, chunki ilgari hech qachon bunchalik o‘zini yo‘qotib zorlanmagan edi.

Ha, shunday, biz kutgandek, o‘g‘lim etagiga yopishgan bu darddan xalos bo‘lmagan, garchi o‘n kundan buyon uyqudan ko‘z ochmay yotgan esa-da, o‘sha xayolini o‘g‘irlagan sirli narsani unutib yuborolmagan edi. Yo‘q, chamasi, o‘g‘lim kechayu kunduz ishonchu umidini yo‘qotmay, o‘sha sirli xilqatning yodi bilan yashagan, uyqu saltanatining ko‘z ilg‘amas sarhadlarida sarson-sargardon kezingan, o‘zini har tomonga tashlab, nolayu fig‘on qilgan, tipirchilab bezovta urayotgan yuragi alam va iztirobga to‘lib ketgan, ammo uyquning ko‘z ilg‘amas to‘rlaridan xalos bo‘lishning imkonini topa olmagan. Yo‘q, yo‘q, uyqu saltanati uni xuddi ertaklardagi jodulab tashlangan pahlavon kabi bag‘rida mahkam tutib turgan, qimir etishga imkon bermagan edi.

O‘g‘limning o‘sha, o‘zi ichikkan ko‘yi izlayotgan sirli narsaga muhabbatiyu oshuftaligi yanada ortgan, u go‘yo ma’shuqasidan ayrilgan oshiq singari telbaga aylanib qolgan, o‘rtanib olov kabi yonayotgan yuragining hovurini esa hech vaqo bosa olmas, aftidan, uning ko‘ziga o‘sha sirli xilqatdan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi.

U ayni damda yiqilib tushadigandek bir ahvolda chayqalibgina o‘tirib, uyning qorong‘i tortgan burchaklariga kiprik qoqmay tikilar ekan, hech shubhasiz, o‘sha xayolini o‘g‘irlab qo‘ygan sirli narsani izlar edi.

* * *

O‘g‘lim o‘sha kuni ortiqcha injiqlik va xarxasha qilmay, uy ichini obdon ko‘zdan kechirib chiqdi. Ilgari ham ming marta nigohi tushgan, qo‘lchalari bilan ushlab ko‘rgan buyumlarni yana erinmay qayta titkilar, sinchkov va bezovta razm solar edi. Ammo o‘zi jonsarak bo‘lib izlayotgan o‘sha sirli narsani hech qayerdan topa olmas, bunday paytda birdan bo‘shashib, qo‘lchalari shalvirab osilib tushar va istamaygina naryoqqa emak­lab ketardi. U, aftidan, bizni butunlay esdan chiqarib qo‘yganga o‘xshar, o‘zini shunchalik befarq va e’tiborsiz tutardiki, qarab turib beixtiyor taajjubga tushardi kishi. U ertalab vahm bilan yig‘lagan ko‘yi uyqudan uyg‘onganidan buyon biror marta bo‘lsin, na mening va na onasining bag‘riga talpingan, loaqal boshini o‘girib qarab qo‘ymagan edi. Chamasi, xayolida in qurib olgan bu dard o‘g‘limni butkul gangitib tashlagan va u o‘z-o‘zi bilan ovora bo‘lib qolganga o‘xshardi.

O‘g‘lim shu alpozda uy ichini bir qur titkilab chiqqach, kutilmaganda shitob bilan emaklagancha ostonaga keldi va yerga yastanib o‘tirib oldi-da, qo‘lchalari bilan apil-tapil tirnagancha eshikni ochishga urina boshladi. U xuddi qotgan nonni ochko‘zlik bilan kemirayotgan sichqondek eshikni tez-tez tirnar, tirnoqlari ostidan chiqayotgan “qirt-qirt” etgan bo‘g‘iq ovoz yurakka og‘ir sanchilib, sukunatga botib yotgan uy ichiga tahlikali yoyilar edi.

O‘g‘lim shunchaki o‘yinqaroqligi tutib, eshikni tirnayotganga o‘xshamasdi, balki uni rostakamiga ochishga urinar, har bir xatti-harakati qat’iy va zardali edi. O, yo‘q, uni ostonaga bosh­qa o‘y yetaklab kelganga o‘xshar, chamasi, o‘zining xayolini o‘g‘irlab qo‘ygan o‘sha sirli narsani uydan joni halak bo‘lib qanchalik izlamasin, baribir topa olmasligiga ko‘zi yetgan va uni endi tashqaridan izlash maqsadida eshikni ochishga urinayotgan edi. Ha, ha, rost, uning qiyofasini chulg‘ab olgan o‘jar ifoda ham shundan darak berib turar, ayni damda eshik ochiq bo‘lsa, bizga – ortida nafasini ichiga yutgan ko‘yi yurak hovuchlab turgan ota-onasiga qayrilib ham qaramay, tashqariga chiqib ketishi aniq edi.

O‘g‘lim o‘jarlik bilan eshikni ochishga uzoq urindi, ammo ocha olmadi, eshik zildek og‘ir, buning ustiga, ichkaridan qulflab qo‘yilgan edi, so‘ng tirnoqlari tirnalib og‘riganidanmi yoki azbaroyi xo‘rlik va alam hissi bosib kelganidanmi, iddao bilan o‘zini orqaga tashlab yubordi, boshi “gurs” etib yerga urildi va bo‘g‘zidan otilib chiqqan achchiq yig‘i uy ichini tutib ketdi.

O‘g‘lim yer bilan bitta bo‘lib yotar, o‘zini bosa olmay yig‘lar, yuragi alamga to‘lganidan oyoqchalari bilan yerni “gurs-gurs” tepib qo‘yardi.

Xotinim o‘zini tuta olmay hiqillab yig‘lagancha darrov uni ko‘tarib oldi-da, bag‘riga bosdi. Men o‘g‘limni xuddi o‘tgan safargidek hech narsa bilan ovutib bo‘lmasligini, bizning shirin so‘zu erkalashlarimiz uning zimistonga aylanib ketgan ko‘ngliga yorug‘lik olib kirmasligini ich-ichimdan sezib turardim. Men shu o‘yni xayolimdan o‘tkazar ekanman, xuddi chorasiz qolgan kimsadek sudralib qadam bosgancha tashqariga chiqdim.

O‘g‘limning boyagi ayanchli holati sira ko‘z o‘ngimdan nari ketmas, xuddi mudhish va xunuk manzara singari yuragimda qattiq og‘riq qo‘zg‘ar, xayolimni to‘zg‘itib yuborgan edi.

Rostini aytganda, men o‘g‘lim hademay dard ko‘rmagandek, butkul sog‘ayib ketishiga qattiq ishongan va bu haqda deyarli o‘ylamay qo‘ygandim. Ammo kutilmaganda uning dardi qayta xuruj qilishi mening oroyish topgan xayolimni birdan ostin-ustun etib yuborgan, ayni damda aqlim hech narsani tuzuk-quruq idrok qilmasdi.

Aslida bu dardu bedavo o‘g‘limning etagiga qayerdan yopishganiga sira aqlim yetmasdi. U onadan soppa-sog‘ va to‘rt muchasi but tug‘ilgan, chaqaloqlik damlari ham tinch va osoyishta o‘tgan, aytishga arziydigan biror-bir kasallikka chalinmagan, biz o‘sha kezlarda uning na uyqusida va na o‘ngida biror noxushlik yuz ko‘rsatganini sezmagan edik.

Ehtimol, bu dard suyak surganmikin?! Axir, shunday ham bo‘lishi mumkin-ku! Yo‘q, yo‘q, nimalar deb aljirayapman, o‘zi, bunday bo‘lishi aslo mumkin emas. Avlodimizda hech kim bunaqa dard bilan og‘rimagan, bobolarim hayotda qandaydir qora xayolga berilmay, tinchgina umrguzaronlik qilishgan – men buni aniq bilaman.

Ammo o‘g‘lim-chi, o‘g‘lim?! U kutilmaganda bu dardga qanday chalinib qoldi?! Bu qanday dard, o‘zi?! Uning davosi bormi?!

Ayni damda men o‘zimni hech narsa bilan ovutolmas, vahima va xavotir to‘lib ketgan ko‘nglimga yolg‘ondan taskin-tasalli bera olmasdim. Axir, shunday ko‘z o‘ngimda o‘g‘limni qandaydir dard ayovsiz ezg‘ilab, tobora o‘z komiga tortib borar, men esa unga na najot va na dalda bera olaman…

Darvoqe, o‘g‘lim bu gal avvalgidan ham og‘ir ahvolga tushgan, uni bu sirli dard butkul iskanjasiga olib, quturgan shamol yaproqni qanday chirpirak aylantirsa, xuddi shunday shafqatsizlik bilan ezg‘ilar, bir dam bo‘lsa-da o‘z holiga qo‘ymasdi. Men kunlar o‘tgan sayin bunga yanada qattiqroq ishonch hosil qilib borardim. O‘g‘lim uyqusini butkul yo‘qotgan, oqshom mahali xotinim uni majburan beshikka belaganda, ko‘ziga bir chimdim uyqu olganini aytmaganda, deyarli uxlamas, tunda xuddi oyparast kimsa singari uy ichida u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz emaklab yurar, allanimalarni qitir-qitir kovlashtirar, ba’zan esa qaysidir burchakda bir nuqtaga tikilgancha toshdek qotib o‘tirar, ko‘zlari qorong‘ilik qa’rida xuddi unutilib qoldirilgan bir juft chiroqdek chaqnab turardi. Uning hayotida kun bilan tun butkul qorishib ketgan edi.

U ovqatga ham qaramasdi, faqat onasi ko‘krak tutganda, injiqlik qilmay jimgina emar, go‘yo sutning lazzatli va hayotbaxsh ta’midan butun a’zoyi-tani rohat qilayotgandek ko‘zlari yumilib-yumilib ketar va shunday damlarda uning yuziga qon yugurib qolgandek tuyular edi. Ammo bularning bari o‘tkinchi bir hol edi, chunki o‘g‘lim hali onasining bag‘ridan bo‘shashga ulgurmay turib, kutilmaganda qiynalib-qiynalib o‘qchigancha hozirgina emgan sutini qayt qilib tashlardi.

Hayratlanarli tomoni shunda ediki, o‘g‘limga uyqusizlik va ochlik negadir ta’sir qilmayotgandek tuyulardi, aslida meni ana shu hol qattiq tashvishga solardi. Chunki o‘g‘limning jismu jussasida toliqish yoki charchoq alomatli sezilmas, u hamisha allaqanday tetik qiyofada uy ichida tentirab yurar, xatti-harakatlari qat’iy va shiddatli edi. Men ba’zan unga tikilib turib, go‘dak boshi bilan shunchalik kuch-qud­rat va sabr-bardoshni qayerdan olayotganini o‘ylab, aqlim shoshardi.

Ammo bu dardu balo o‘g‘limga zohiran ta’sirini o‘tkazayotganini, uni ustalik bilan asta-sekin holdan toydirib borayotganini ich-­ichimdan sezib turardim. Aslida mening ko‘ng­limga ana shu o‘y qo‘rquv va vahm solardi: axir, hammasi bir umrga shunday davom etavermaydi, bugun bo‘lmasa, ertaga hayotimda nimadir kutilmaganda “chirt” etib uziladi-yu, barchasi birdan tamom bo‘ladi, degan fikrdan ba’zan yuragim uvishib ketardi.

Nazarimda, o‘g‘limning ruhiyatiga qandaydir yovuz kuch bostirib kirib, makon tutib olgan va uni ustalik bilan boshqarib turardi. O‘g‘lim butun inon-ixtiyorini shu makkor kuchning izmu ixtiyoriga berib qo‘ygan, u qayoqqa boshlasa, shu tomonga yurar, nimani buyursa, itoatkorlik bilan shuni bajarar edi. Ha, aslida ham shunday: o‘g‘lim hali aqlini ham tanimagan murg‘ak go‘dak, uning qandaydir sirli narsaning ko‘­yida bunchalik ichikishini sira aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Uni, hech shubhasiz, dard shaklida ko‘rinish bergan qandaydir qora kuch boshqarib turibdi. Shu yovuz kuch uni bizning quchog‘imizdan yulqib olgan va yetti yot begona xilqatga aylantirib qo‘ygan.

Albatta, bu haqda o‘ylash menga juda og‘ir edi. Axir, u begona emas, yurak qo‘rimdan yaralgan to‘ng‘ich farzandim edi, uning bu dunyoga kelishi bo‘m-bo‘sh tortgan ko‘nglimni to‘ldirgan, hayotimga rang va mazmun olib kirgan edi. Yo‘q, yo‘q, bu hayotda har qanday razolat, xunrezlik ro‘y berishi, hatto dunyo teskari aylanishi mumkin, bu meni sira ajablantirmaydi. Ammo menga tortiq etilgan shu norasida jondan – o‘g‘limdan judo bo‘lishga, ajal uni bag‘rimdan yulqib olishiga toqat qilib bo‘larmidi?!

Ammo o‘g‘limning turish-turmushi xuddi rad etib bo‘lmaydigan haqiqat singari butkul boshqa narsalarni aytib turardi. Uning ichi-­ichiga cho‘kkan ko‘zlariga tikilib turib, o‘zimga nisbatan na mehru muhabbat, na talpinish ifodasini topardim. Yo‘q, yo‘q, bu shunchaki araz yoki iddao emasdi, balki o‘g‘limning ko‘nglida nimalar kechayotgan bo‘lsa, barisini nigohi aniq-taniq so‘zlab turardi. Uning ko‘zlariga tikilib, o‘zim haqimdagi haqiqatni yanada aniq-taniq o‘qirdim. Nazarimda, o‘g‘limning go‘dak tasavvuridan bizning – men va xotinimning qiyofamiz butkul o‘chib ketgan edi. Vaholanki, uning buloq suvidek zilol, tip-tiniq xotirasidan eng avvalo, biz joy olishimiz kerak edi. Hayhot, o‘g‘lim bizni unutib qo‘ygan, o, nafaqat unutgan, balki tashlandiq buyum singari shuuri tasavvuridan butunlay o‘chirib tashlagan edi.

Kim biladi, ehtimol, o‘sha, o‘zi joni halak bo‘lib izlayotgan narsa uning xayolini butkul chalg‘itgan, dunyo singari bizni ham yovuz va jirkanch qiyofaga solib ko‘rsatgandir. Bilmayman, har narsa bo‘lishi mumkin. Ammo men o‘g‘limni bizdan ko‘ngli sovib, begona tortib qolganini hech narsa bilan inkor eta olmasdim.

* * *

O‘g‘limning dardi qayta xuruj qilganining to‘rtinchi kuni edi, uyimizga kutilmaganda talaba yillaridagi do‘stim eshik qoqib kirib keldi. Uning ismi Hayot edi. Janubiy viloyatlarning birida tug‘ilib o‘sgan, qoramag‘iz, bo‘ychan va chayir yigit edi. Biz u bilan talabalik davrining barcha quvonchu zahmatini birga “baham” ko‘rgan, yupun va g‘arib, ammo orzu-umid­larga boy navqironlik fasli bizni o‘zimiz sezmagan holda bir-birimizga juda yaqin qilib qo‘ygandi. Hayot ochiqko‘ngil, dali-g‘uli, bir so‘zli yigit edi. Biz bir-birimizni tez va oson tushunar, ko‘nglimizda paydo bo‘lgan sir uzoq vaqt yashirinib yotmasdi.

Faqat dorilfununni tugatish arafasida bizning yo‘limiz turmushning boshqa-boshqa ko‘chalariga qayrilib ketgan, o‘rtamizda ilimiliq munosabat yuzaga kelgan edi. Hayot talabalik yillarida institutni tugatgach, qishloqqa qaytib borib, bolalarga saboq berishni orziqib gapirib yursa-da, baxtga qarshi shaharda qolib ketdi. Ammo men ayni damda u shaharning qaysi qo‘njida yashashi-yu, qanday yumush bilan band ekanini bilmasdim. O‘zi ham bu haqda og‘iz ochishni istamas, ba’zan uchrashib qolgan paytlarimizda so‘rab-surishtirishga tushsam, uzuq-yuluq javob berishdan nariga o‘tmasdi.

Kim qanday o‘ylaydi, bilmayman, ammo bu hayotda odamning do‘sti juda kam bo‘ladi. U mening talabalik yillarida orttirgan yakkayu yolg‘iz do‘stim edi. Uning ismi Hayot edi, bir paytlar hayotning o‘zi kabi jo‘shqin, sarkash va o‘t-olov edi. Xotiramda ana shunday qiyofada qattiq muhrlanib qolgan edi.

Ammo keyinchalik u mening shunday ko‘z o‘ngimda birdan o‘zgarib ketdi, yashashga bo‘lgan jo‘shqin muhabbatiyu ishtiyoqi, xayoldek pokiza va uchqur orzu-umidlari xuddi bozillab yashnab turgan cho‘qqa suv sepilgandek, birdan so‘nib qoldi. Aftidan, u tushkun va umidsiz kayfiyatdan sira xalos bo‘la olmasdi, shekilli, hamma narsaga loqayd va e’tiborsiz qarardi. Men ko‘pincha uning qarimsiq tusga kirgan aft-angoriga qarab turib, kechagina hayot, kelajakdagi orzu-umidlari haqida ba’zan tongga qadar jo‘shib gapirgan, bu dunyodan faqat ezgulik izlagan yigitni mutlaqo taniy olmay qolardim. U aql bovar qilmas asnoda o‘zgarib ketgandi.

Aslida uning tabiatidagi bu favqulodda o‘zgarish ancha ilgari, institutni tugallash arafasida ro‘y bergan edi. Hali ta’til kunlari yetib kelishiga ham sabri chidamay, to‘satdan qishlog‘iga otlanib qolgandi. Jo‘nab ketishdan avval xavotirga tushgan ko‘yi, juda noxush tush ko‘rdim, ishqilib, uyda tinchlik bo‘lsin-da, degan edi. U faqirgina oilada o‘sib-ulg‘aygan, kamxarj, shaharda o‘z kunini o‘zi ko‘rar, odatda, to‘rt-besh oyda bir marta qishlog‘iga borib kelardi.

U o‘shanda oradan uch kun o‘tib qaytib kelgan. Ammo men uni daf’atan taniy olmagan edim: bor-yo‘g‘i uch kun ichida butkul ozib-to‘zib, arvohga o‘xshab qolgan, tim qora sochlari birdan oqarib ketgan, ko‘zlari tushkun va umidsiz boqar edi. Men uning bunday qayg‘uga botgan aft-angoriga qarab turib, uyida qandaydir musibat yuz bergan bo‘lsa kerak, degan o‘yga borgan, biroq dabdurustdan so‘rashga botina olmagan edim. Yo‘q, aniqrog‘i, undan yurak yutib, qanday so‘rashni bilmaganman, chunki qiyofasi shunchalik tushkun va alamli ediki, kishini birdan esankiratib qo‘yardi. Uning o‘zi ham go‘yo qo‘rquv va vahmdan jismu jussasi butkul karaxt tortib qolgandek, ikki kun miq etmagan, faqat bir nuqtaga tikilib o‘tirgan edi.

Keyin, oqshom mahali u kutilmaganda tilga kirgan va xuddi bo‘g‘ziga tosh qadalgandek yuzini ayanchli tirishtirgancha qiynalib-qiynalib, qishlog‘idagi yakkayu yagona tobut o‘z-o‘zidan allaqayoqqa g‘oyib bo‘lgani va jinni qiz haqidagi g‘alati voqealarni gapirib bergan edi. Men o‘shanda uning ovozida zang urayotgan qo‘rquv va vahm sharpasini aniq-taniq his etgan va bundan o‘zimning yuragimga ham qo‘rquv oralab qolgan edi. Ammo o‘shanda men uning telba-teskari gap­lariga sira ishonmagan, ko‘nglimdan Hayot aqldan ozib qolibdi, degan noxush o‘y kechgan edi. U esa, o‘zini butkul unutgan ko‘yi uzoq gapirgan, ko‘nglidagi barcha dardu hasratini oqizmay-tomizmay to‘kib solgan, alam va iztirob jismu jussasini junbushga solganidan o‘zini bosolmay qon bo‘lib uzoq yig‘lagan edi.

Shundan so‘ng u bu haqda qayta og‘iz ochmadi. Amal-taqal qilib o‘qishni tugatgach, shaharda qolib ketdi. Men, boya aytganimdek, ayni paytda u shaharning qaysi qo‘njida yashashiyu, qanday yumush bilan mashg‘ul ekanini bilmasdim. Uning o‘zi onda-sonda meni yo‘qlab, ijara uyimga kelib turardi. Odatda, xuddi osmondan tushgandek, kutilmaganda, hovlimizda paydo bo‘lar va ba’zan tuzuk-quruq hol-ahvol so‘rashishga ham ulgurmay turib darrov iziga qaytib ketardi.

Rostini aytganda, Hayot bilan o‘rtamizda talabalik yillarining tiniq va beg‘ubor xotiralaridan bo‘lak hech narsa qolmagan edi. Men ilgari uning kuyib borayotgan umri, aftadahol va savdoyi aft-angorini xayolimdan o‘tkazar ekanman, yuragim tuz sepgandek achishar, unga ko‘mak berish, ko‘nglida yana umid va ishonch uyg‘otish haqida o‘ylardim.

Baxtga qarshi, barcha urinishlarim, nasihatomuz gap-so‘zlarim besamar ketayotganini ko‘rgach, o‘zim sezmagan holda uni yomon ko‘rib qolgan edim. U uyimizga kirib kelgan paytda o‘zimni negadir noqulay sezar, yuragim qisilib, betoqat bo‘lar va ich-ichimdan uning tezroq ketishini istardim. Uni ko‘rsam, o‘zimning ham ko‘nglimni tushkun o‘ylar qoplab olar va birdan hayotdan sovib ketgandek bo‘lardim.

Aftidan, u hali-hanuz uylanmagan – so‘qqabosh yashar, o‘ziga muqim boshpana ham topmagan, duch kelgan joyda yotib-turib yurganga o‘xshar edi. Chunki uni har safar soch-soqoli o‘sgan, ki­yim-boshi kir-chirga botgan irkit qiyofada uchratar edim. U tarki dunyo qilgan kimsadek o‘ziga mutlaqo qaramay qo‘ygan, egnidagi talabalik davridan qolgan kiyimlarining ham allaqachon ohori butkul to‘kilib ketgan edi.

Biroq o‘sha kuni u ijara uyimga ko‘ngli allanimadan chog‘, kayfiyati baland bir qiyofada kirib keldi. Uni institutni tugatgandan buyon birinchi marta chiroyi ochilgan, yuz-ko‘zidan tushkunlik ifodasi xiyol arigan holda ko‘rib turishim edi. Rosti gap, bundan o‘zim ham biroz shoshib qoldim. U men bilan quyuqqina hol-ahvol so‘rashdi, hatto allanima deya hazil qilgan ham bo‘ldi. Ammo uyga kirib, xontaxta atrofida o‘tirgach, xayolim parishonligini payqadi, shekilli, birdan hushyor tortdi.

– Tinchlikmi, o‘zi? – deb so‘radi botinmaygina.

– Ha, tinchlik, tinchlik, – dedim bazo‘r jilmayishga urinib.

O‘zimni xotirjam tutishga har qancha tirishmay, baribir ko‘nglim to‘lib turar, o‘g‘limning dardga chalinib qolgani meni shunchalik ezib tashlagan ediki, dunyo ko‘zimga qop-qorong‘i ko‘rinar, kimgadir dardu alamimni to‘kib solib, yuragimni bo‘shatgim kelar edi. Boya Hayotning hovliga kirib kelganini ko‘rib, rost gap, o‘zimga yupanch topilgandek, quvonib ketgandim.

Ancha payt u yoq-bu yoqdan gurunglashib o‘tirdik, ammo hadeganda gapimiz qovushmas, o‘rtamizga qandaydir noqulaylik tushgan edi. Hayotning ham boyagi kayfiyati o‘zgargan, bevaqt keldimmikan, degan o‘yga bordi, shekilli, o‘ng‘aysizlanar va dam-badam xuddi ketishga chog‘langandek o‘rnidan qo‘zg‘alib qo‘yardi.

Axiyri, men Hayotga ko‘nglimni yordim: o‘g‘lim g‘alati dardga chalinib qolgani, ancha paytdan buyon es-hushini yo‘qotgan ko‘yi allanimani izlayotgani, biroq u izlayotgan narsa bizga batamom mavhum ekani, shundan nima qilishni bilmay boshimiz qotib qolganini aytib berdim.

– Eng yomoni, o‘g‘lim o‘sha narsaning dardida ichikib, kundan-kunga adoyi-tamom bo‘lib borayapti. Ozib-to‘zib ketganidan aftiga qarab bo‘lmaydi, – dedim men.

Azbaroyi hayajonga tushganimdan tez-tez gapirar, so‘zlarim ham poyintar-soyintar chiqayotgan edi. Ammo Hayot bunga e’tibor bermay gaplarimni diqqat bilan tinglab, dam-badam ko‘z osti bilan bir chetda to‘mshayib o‘tirgan o‘g‘limga qarab-qarab qo‘yardi.

Men o‘g‘limning allaqanday dardga chalinib qolgani haqida gapirar ekanman, baribir ko‘nglimning bir chetida Hayot ham anavi do‘xtir singari gaplarimga ishonmaydi, qaytaga, ustimdan kulgani qoladi, degan xavotir g‘imirlab turardi.

Ammo hammasi kutganimdan boshqacha bo‘lib chiqdi.

– Juda qiziq-ku! – dedi Hayot chinakamiga hayratga tushgancha ko‘zlarini katta-katta ochib o‘g‘limga tikilar ekan. – Nimanidir izlaydi, degin. Hali go‘dak boshi bilan nimanidir izlashi juda g‘alati…

Ammo Hayot ortiq hech nima demadi, balki uzoq paytdan buyon joni halak bo‘lib izlab yurgan sirli narsani ayni damda o‘g‘limning qiyofasida ko‘rib qolgandek, hayajonga botgan ko‘yi undan ko‘z uza olmay qoldi. U o‘g‘limning har bir xatti-harakatini ko‘zdan qochirmay kuzatar, o‘zicha allanimalarni mulohaza qilar, gohida erkalagan ko‘yi uni gapga solishga urinar edi. Biroq o‘g‘lim undan hali-hanuz begonasiragancha, qovog‘ini ochmay tumshayib o‘tirar edi. Hayot barcha urinishiyu erkalab gapirishlari zoye ketayotganiga qaramay, aslo kayfiyatini tushirmas, aksincha, hammasi shunday bo‘lishi kerakdek, o‘g‘limning atrofidan parvona bo‘lardi.

Shu kun Hayot uyimizda uzoq qolib ketdi. Keyin o‘g‘limdan bazo‘r ko‘zlarini uzib, uydan chiqarkan, menga yuzlanib shunday dedi:

– O‘g‘ling, rostdan ham, nimanidir izlayapti, men buni uning ko‘zlariga qarab bilib oldim. Bola bechora juda ichikib ketibdi. Men u nimani izlayotganini bilmayman, ammo uning o‘zi qidirayotgan narsasini juda yaxshi biladi. Ilgari ham uni ko‘rgan. Mana meni aytdi deysan, agar izlayotgan o‘sha narsasini topsa, hayoti juda ravon kechadi, juda ulug‘ odam bo‘ladi…

Hayot yana allanimalar to‘g‘risida uzoq gapirdi, go‘yo bu dunyoda aql bovar qilmaydigan mo‘jiza yuz bergan-u, uning shohidi bo‘lib qolgandek, sira hayajonini bosolmas, so‘zlariga meni ham ishontirishga urinar, har bir gapini qayta-qayta ta’kidlab aytar edi.

Ammo mening ko‘nglim sira yorishay demas, aksincha, battar qorong‘i tortib borar, do‘stimning tinimsiz javrashi ko‘ngilga taskin-tasalli bermas, balki Hayot o‘zining telba-teskari dunyosidan kelib chiqib gapirayapti, degan fikr xayolimni band etib olgandi.

Kim biladi, ehtimol, Hayotning gaplarida ham jon bordir?! Ammo buning o‘g‘limga qanday foydasi tegadi? Bu quruq, havoyi so‘zlar o‘g‘limning dardiga malham bo‘ladimi? Meni ayni damda shundan boshqa hech narsa qiziqtirmasdi.

Hayot ketgach, uyga kirishga shoshilmay, hovli sahnida uzoq turib qoldim. To‘g‘risini aytganda, uyimizda go‘yo azob-uqubat, iztirobu alam makon tutib olgandek, ichkariga bosh suqishga yuragim betlamas, oyoqlarim o‘z-o‘zidan orqaga tortib ketaverardi. Hammasidan ham, mittigina jismu jussasini dard ezib tashlagan o‘g‘limning aft-angoriga qarash nihoyatda og‘ir edi. Nimasini aytay, bu dard oxir-oqibat o‘g‘limni yenggan va uni asta-sekin hayotning quchog‘idan yulqib olayotgan edi.

O‘g‘limning ayni damdagi ahvol-ruhiyasi ham shundan darak berib turardi: u butkul holdan toygan, yuzida qon yo‘q, xuddi murdaniki singari oqarib ketgan, ko‘zlari so‘nik va bemajol boqar edi. Ammo shunga qaramay, uni hamon o‘sha qora xayol o‘z holiga qo‘ymas, u og‘ir sudralgan ko‘yi uy ichida emaklab yurar, faqat tez-tez holdan toyganidan og‘ir-og‘ir nafas olgancha yotib qolardi. Ba’zan ostonani quchoqlagancha uzoq vaqt qimir etmay yotar, ko‘zlari olayib orqaga tortib ketar va hatto nafas olayotgani ham sezilmasdi. Bunday paytda u jonsiz jasaddan sira farq qilmas, ammo men yoki onasi qo‘limizga olishga urinsak, kutilmaganda jonlanib, xarxasha qilishga tushardi.

Men ich-ichimdan hammasini sezib turardim: bu shunchaki oddiy va o‘tkinchi dard emas, balki qora xayol shamoyiliga kirib, o‘g‘limning etagidan tortqilayotgan naq ajalning o‘zi edi…

Eng achinarlisi, har gal o‘g‘limning hayot tal’ati asta-sekin so‘nib borayotgan yuziga ko‘zim tushganda, o‘zimning naqadar ojiz va notavonligimni his etib, yuragim ko‘ksimga sig‘may qolardi. Men uni qanchalik yaxshi ko‘rmay, uning uchun hatto jonimni qurbon etishga tayyor bo‘lmay, baribir befoyda edi. Bu dard mening o‘tinchu iltijom, ohu nolam, g‘azabu alamim va yalinib-yolvorishlarimga quloq solmasdi, xuddi o‘ljasini batamom yanchib tashlashga chog‘langan maxluqdek, o‘g‘limni tobora holdan toydirib borardi.

Bu dardning qarshisida men ham o‘g‘lim singari ojiz qolgan edim.

Yakkayu yagona umidim do‘xtirdan edi, o‘sha kun uning so‘zlariga qattiq ishongan, ammo hammasi oxir-oqibat sarob bo‘lib chiqqan edi. O‘g‘limni yana do‘xtirning huzuriga olib borishni sira istamas, ko‘nglimning bir chetida uning dardi battar zo‘rayib ketishiga do‘xtir tavsiya etgan dorilar ham sabab bo‘ldi, degan o‘y g‘imirlab turardi.

Hammasini taqdiri azalning izmiga tashlab, indamay qo‘l qovushtirib o‘tirib ham bo‘lmasdi. Ammo men ayni damda qanday yo‘l tutishni ham bilmasdim.

Mana shunday og‘ir o‘ylar qurshovida qadamimni sudrab bosgancha uyga kirar ekanman, tuyqus xayolimga qishloqqa – ota-onamning oldiga borsak-chi, degan o‘y urildi-yu, xuddi kalavaning uchini topgandek, birdan ong-shu­urim yorishib ketdi. Bu haqda nega ilgari o‘ylamaganimni xayoldan o‘tkazar ekanman, o‘zim ham hayratga tushdim. Uyga kirgach, xotinimga Muayyadni bugunoq qishloqqa olib ketish haqidagi fikrimni aytganimda, daf’atan, uning so‘lib, qarimsiq tusga kirgan yuziga “duv” etib qon yugurib, ko‘zlari yoshga to‘lib qoldi. Xotinim menga tikilgan ko‘yi unsiz yig‘lar, ko‘zlaridan dumalab tushgan yosh yonog‘i ustida muallaq turib qolgan edi.

Men unga bir muddat jimgina tikilib turdim, so‘ng kechki poyezdga chipta xarid qilish uchun shoshib uydan chiqdim.

Tramvayda vokzal tomon ketib borar ekanman, xotinimning boyagi unsiz yig‘layotgan holati sira ko‘z o‘ngimdan nari ketmasdi. O‘g‘limning kutilmaganda dardga chalinib qolishi va sog‘ayib ketish o‘rniga tobora og‘irlashib borayotgani unga juda yomon ta’sir qilgan, men buni uyda kechgan har daqiqada his etib turardim. Aftidan, uning yuragini adoqsiz o‘ylar kemirib borar, dam-badam “uf” tortib qo‘yganini aytmaganda, “miq” etib og‘iz ochmas, odatda, o‘g‘limga unsizgina termilib o‘tirar edi. Uning mana shunday tez-tez “uf” tortishi kishining ko‘ngliga xavotir va qo‘rquv solardi. Odatda, qandaydir noxushlikning sharpasini ilg‘agan kimsa shunday og‘ir-og‘ir xo‘rsinib qo‘yadi.

Ayniqsa, ikki kun burun yarim tunda xotinim juda g‘alati ahvolga tushganiga tasodifan guvoh bo‘lgandim. O‘sha oqshom men odatdagidan ancha barvaqt uxlab qolgandim. Ammo bir chog‘, tunning qaysi pallasi ekanini aniq eslay olmayman, qulog‘imga chalingan ovozdan cho‘chib uyg‘onib ketdim: tunchiroq zulmat cho‘kkan uyni xira-shira yoritib turar, eshik tomonda – burchakda esa kimdir qiblaga yuzlangan ko‘yi allanimalar deya yozg‘irardi. U garchi xuddi pichirlayotgandek past ovozda nola qilayotgan esa-da, ovozi tun sukunatini buzib, uy ichini tutib ketgan edi. Men yostiqdan boshimni ilkis ko‘tarib, burchakda cho‘kka tushib o‘tirgan kimsaga qarar ekanman, daf’atan o‘zimni qayerda yotganimni-yu, bemahalda kim bunchalik faryod qilayotganini anglay olmadim. Haligi kimsaning ovozi esa hadeganda tinay demas, balki guvranib qo‘zg‘algan bo‘ron singari tobora shiddatli va qahrli tus olib borardi. Men qattiq qo‘rquvga tushgan, peshonamdan sovuq ter yog‘ilib kelar, nimalar ro‘y berayotganiga sira aqlim yetmas, yuragim vahm bilan gurs-gurs urar, ammo qimir etishga jur’atim yetmasdi.

Shunday alpozda qancha vaqt yotganimni bilmayman, balki bir necha lahza, ehtimol, bir soat yotgandirman, faqat bir chog‘, ong-shuurimni uyqu karaxtligi birdan tark etdi, shekilli, burchakda o‘tirgancha nola qilayotgan kimsani birdan tanib qoldim: xotinim-ku!..

Xotinim – bu fikr uning xayoliga qayerdan kelganiga sira aqlim yetmaydi – qiblaga yuzlangan ko‘yi, yig‘lab-yolvorib, Yaratganga iltijo qilar, yakkayu yolg‘iz o‘g‘limiz Muayyadning dardiga shifo so‘rardi. U xuddi tosh haykalchadek cho‘kka tushib o‘tirib olgan, qo‘llari tizzasi ustiga uzatilgan, qorong‘ilik qa’ridan jussasi allaqanday pajmurda va kichkina bo‘lib ko‘rinar, ammo ovozi shiddatli va telbavor edi. Yo‘q, u xuddi mehrob qarshisida bo‘yin egib, tavba-tazarru qilayotgan kimsaga o‘xshar, ko‘ngli, chamasi, mumdek erib borardi, shekilli, tez-tez gapirar, yuragida nimaiki bo‘lsa, barini to‘kib solar, o‘zi ham tuzuk-quruq bilmaydigan allaqaysi gunohu ayblari uchun ming tavallo bilan shafqat va mag‘firat so‘rar, yig‘lar va yolvorar, so‘ng yig‘i va iltijo sasi qorishib ketgan ovozda Muayyadni jonidan ortiq yaxshi ko‘rishini, bu dunyoga kelib, tentirab-tentirab topgan yolg‘iz baxti shu o‘g‘li ekanligini, undan ayrilib qolsa, o‘zini hech narsa bilan ovuta olmasligini, to umri ado bo‘lgancha taqdirini qarg‘ab o‘tishini allaqanday o‘jarlik bilan aytarkan, kutilmaganda o‘pkasi to‘lib ketganidan o‘zini tutolmay o‘krab yig‘lab yubordi. U ihrayotgandek azobli ovozda uzoq yig‘ladi, yig‘i va iztirob zarbidan ozg‘in jussasi qanday silkinib-silkinib tushayotganini aniq-tiniq his etib yotardim. Ammo boshimni ko‘tarib, unga qarashga, allanimalar deya yupatishga o‘zimda jur’at sezmas, uning ayni damdagi holati meni butkul karaxt qilib tashlagan edi.

Ha, xotinim juda ayanchli va aftodahol ahvolga tushgan edi. Yo‘q, yo‘q, mening nazarimda, u ayni mana shu pallada o‘zining qiyofasini tark etib, tun qo‘ynida ulkan nolaga aylanib qolgan, bu nola to‘rt tomoni devor bilan o‘ralgan mana shu pastak tomli uy ichidan emas, balki dunyoning huv narigi chekkasidan yoyilib oqib kelar, xuddi afsungarning duosi singari sirli va jununvor yangrar, xayol dunyosiga shitob bilan bostirib kirib, kishini bir zumda mahv etib qo‘yardi.

Ha, bu ulug‘vor va mahobatli nola edi, go‘yo xotinimning yuragidan emas, balki falakning bo‘g‘zidan otilib chiqar, hayhotdek keng olamda undan bo‘lak “tiq” etgan tovush quloqqa chalinmas, uning selu selob bo‘lib oqishi hamma-hamma narsani bosib ketgan edi.

Yo‘q, yo‘q, bu nola va fig‘on emasdi, balki asli farishta qavmidan yaralgan, ammo keyinchalik yuragini yalmog‘iz yeb qo‘ygan odam bolasidan qolgan ko‘hna mungli qo‘shiq edi. Men ham dunyoda shunday mungli qo‘shiq borligini o‘sha tunda anglab yetgan va uning yuragimga oqib kirayotgan ezg‘in ohangidan tongga qadar selu selob bo‘lib yotgan edim.

Bu qo‘shiqni kuylash ham, tinglash ham o‘ta og‘ir edi, u bamisoli olov singari jismu jussani yondirib yuborar, yurakni junbushga solib, odam bolasi yaralgandan buyon boshidan kechirgan iztirobu armoni, toptalgan umidu ishonchi, muhabbat va xiyonati, ayriliq va sog‘inchidan sarbasar ogoh etardi.

Ertasi kun ertalab xotinimni allaqanday parishonxotir va holsiz bir qiyofada ko‘rdim. Ammo unga hech narsani sezdirmadim.

Faqat xotinim o‘sha kun nimanidir kutayotgandek betoqat bo‘lib yurdi.

* * *

Kun, chamasi, choshkayidan o‘tgach, men kechki poyezdga ikkita chipta xarid qilib, uyga qayt­dim. Poyezd oqshom sakkizu o‘ttizda jo‘nashi kerak edi. Men darvozani ochib, ichkariga kirar ekanman, daf’atan o‘zimga peshvoz chiqib kelayotgan xotinimga ko‘zim tushdi-yu, turgan o‘rnimda toshdek qotib qoldim. Yo‘q, yo‘q, men tuyqus xotinimni taniy olmay qoldim, unga tikilib turib, ko‘zlarimga sira ishonmas, boyagi g‘am-g‘ussaga botgan va cho‘kib qolgan qiyofasini favqulodda bir hayajon chulg‘ab olgan, yonoqlari cho‘g‘dek qip-qizil tusga kirgan va kulib turgan ko‘zlaridan duv-duv yosh quyilib kelardi. U men tomonga alpang-talpang qadam tashlab kelar ekan, o‘zini sira bosa olmas, entikib-entikib nafas olar va allanimani gapirishga chog‘lanardi-yu, biroq ovozi chiqmasdi.

Men unga ko‘zim tushgan zahotiyoq yuragimga xavotir oralagan va uyda, albatta, o‘g‘limning taqdiriga daxldor qandaydir voqea ro‘y bergan va xotinim shundan aqldan ozgudek ko‘yga tushganini g‘ayrishuuriy tarzda anglab yetgan edim. Ammo men ham qanday voqea yuz berganini so‘rashga botinolmas, tilim xuddi tangla­yimga yopishib qolgandek sira aylanmas, faqat yuragim mumdek erib borayotganidan yig‘lagim kelar edi.

Ana shunday hayajon va xavotir girdobiga g‘arq bo‘lib qancha vaqt turganimni bilmayman, bir payt xotinimning hovliqqan ko‘yi aytgan so‘zlari qulog‘imga urildi-yu, birdan hushim o‘zimga keldi.

– Muayyad shuncha kun o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib nimani izlaganini bilasizmi? – dedi qichqirgandek bir ovozda. Uning ovozi quvonch va o‘kinchga to‘la edi.

– Yo‘q, – dedim daf’atan hushyor tortib. – Nimani izlagan ekan?

– Bolam sho‘rlik, – dedi xotinim, ammo o‘pkasi to‘lib ketganidan piq etib yig‘lab yubordi. So‘ng yig‘i sasi qorishib ketgan ovozda gapira boshladi. – Tug‘ilgan paytida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayotgan ekan…

Men uning so‘zlarini eshitib, kimdir to‘satdan boshimga zarb bilan urgandek, karaxt tortib qolgan ong-shuurimning og‘ir eshiklari birdan sharaqlab ochilib ketdi: tavba, o‘g‘lim shuncha kundan buyon huzuru halovati, tinchi va oromini yo‘qotib izlagan narsasini qarang… Uning ko‘ngliga bu o‘y qayerdan keldiykin, shuncha kundan buyon ichikkancha izlayotgan bu narsa o‘ziga shunchalik zarurligini, busiz hayot ham, dunyo ham o‘zining qadr-qimmati, mazmun-mohiyatini butkul yo‘qotib, sariq chaqaga ham arzimaydigan matoga aylanib qolishini u go‘dak aqli bilan qanday anglab yetdiykin?

Men qattiq hayajon ichida qolgan, o‘zimni sira bosa olmas, xotinimning og‘zidan o‘g‘lim izlagan narsaning nomini qayta-qayta eshitishni va eshita turib butun vujudimda og‘riq va lazzat tuyishni istardim.

– Muayyad nimani izlagan ekan?

– Nima balo, qulog‘ingiz tom bitganmi? Qirq marta aytdim-ku, tug‘ilgan paytida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayotgan ekan. Shuni topib, yostig‘ining ostiga qo‘ysak, bir pasda tinchib qolarkan…

– Senga buni kim aytdi?

Savolimni eshitib, xotinim negadir birdan hushyor tortdi, atrofga olazarak qarab olarkan, go‘yo muhim sirni oshkor etayotgandek, shivirlab gapirishga tushdi:

– Siz boya vokzalga ketganingizdan so‘ng hovliga bitta chol kirib keldi, – dedi u. – U ichkarida qanday paydo bo‘lib qolganiga sira aqlim yetmaydi, darvozani qulflab qo‘ygandim. Men uyda o‘tirgandim, bir mahal hovlida kimningdir qadam tovushi eshitilgandek bo‘ldi. Shoshib tashqariga chiqsam, haligi tilanchi chol anavi yerda, – u qo‘li bilan hovli o‘rtasini ko‘rsatdi, – qaqqayib turgan ekan. Aft-angoriga qarab bo‘lmaydi, tug‘ilgandan beri suv tegmaganmi, o‘lardek isliqi, soch-soqoli o‘sib ketgan, egnida uvadasi chiqqan to‘n. Unga ko‘zim tushib, qo‘rqqanimdan yuragim yorilib ketay dedi. Birdan o‘zimni shosha-pisha ichkariga urdim-da, eshikni qulflab oldim. Keyin derazadan asta mo‘ralab qarasam, u hali ham joyida qimir etmay turgan ekan. Ana ketadi, mana ketadi, deb ichim tapillab rosa kutdim. Yo‘q, qayda deysiz, qoqqan qoziqdek qimir etmaydi, tag‘in deng, uyning derazasidan ko‘zini uzmaydi. Oxiri, toqatim toq bo‘ldi, kunidan qolgan tilanchi bo‘lsa kerak, degan xayolda yarimta nonni qo‘limga olib, sekin tashqariga chiqdim. Qo‘rqqanimdan dag‘-dag‘ qaltirab, uning oldiga bordim-da, nonni uzatdim. U nonni olib, to‘rvasiga solayotib, negadir g‘alati kuldi, so‘ng menga qarab nima deydi deng: «Qizim, men hovlingizga sadaqa so‘rab kelganim yo‘q. Mayli, ko‘nglingiz shuni tusagan ekan, qo‘lingiz qaytmasin», dedi. Qurib ketgur, o‘zi tilanchi bo‘lsa ham, ovozi juda g‘alati, eshitgan odamning yuragi jimirlab ketadi. Shundanmi, men qo‘rquvni ham esimdan chiqarib, uning qarshisida turib qolibman. Bir payt tag‘in uning o‘zi gapirib qoldi. Bu gal nima deydi deng: “Qizim, anchadan buyon bolangiz betob-a?”. “Ha, ha, – dedim men, – anchadan buyon bolamning mazasi yo‘q. Yemaydiyam, ichmaydiyam, uxlamaydiyam. Allanimani izlab, tinchini yo‘qotgan”, dedim. “Bolangiz nimani izlayotganini bilasizmi?” deb so‘radi u. “Yo‘q, – dedim men, – agar bilsak, shuncha kundan buyon o‘g‘limning rangini sarg‘aytirib qo‘l qovushtirib o‘tirardikmi?!”. “Haliyam gumrohlik qilib, bolaga ko‘p azob beribsizlar, – dedi u. – Ohu nolasi yetti osmonni tutib ketgan. Hozir uning ko‘ziga na non, na suv ko‘rinadi. U tug‘ilganida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayapti. Unga shuni topib beringlar!”. Tilanchi chol boshqa hech narsa demadi, faqat atagan sadaqangizni xudo o‘z dargohida qabul qilsin, deb yuziga fotiha tortdi-da, hovlidan chiqib ketdi. Ha, aytmoqchi, siz uni taniysiz. Anavi, yo‘lak chetida o‘tiradigan tilanchi chol bor edi-ku, o‘sha u! Men ham uni hovlidan chiqib ketgandan so‘ng tanib qoldim.

Xotinimning so‘zlarini eshita turib, battar hayrat va taajjubga tushdim. Nimalar ro‘y ber­yapti, o‘zi?! Tushmi bu yo o‘ngim? Anavi tilanchi chol hech kutilmaganda hovlimizda qayerdan paydo bo‘ldi? Manzilimizni sira adashmay-og‘ishmay qanday topib keldi? Hovlimizga qayerdan kirdi, eshik ichkaridan yopilgan bo‘lsa?! O‘g‘lim nimaning dardida bunchalik ichikib yotganini u qaydan bila qoldi? Nega bunchalik jon kuydirib mening hayotimga aralashib yuribdi? Kim u, o‘zi? Odammi yo…

Tilanchi cholni bir necha oy burun anavi yo‘lakdan oyog‘ini yerga tekkizmay olib ketishgan, shundan buyon hech qayerda qorasi ko‘rinmagan edi-ku! Ammo sira kutilmaganda hovlimizda paydo bo‘lgani, tag‘in deng, o‘g‘lim nimani izlayotganini oqizmay-tomizmay aytganini sira aqlu tasavvurga sig‘dirib bo‘lmasdi.

Men yana tang ahvolga tushib qolgan, tilanchi chol haqida qanchalik bosh qotirib o‘ylamay, baribir hech narsa bilmasligimga ich-ichimdan iqror bo‘lardim. Buning ustiga, ayni damda u haqda o‘ylab o‘tirishga toqatim yetmas, balki o‘g‘lim ichikib izlayotgan narsani tezroq topishim zarur edi. Men boshimni ko‘tarib, ro‘y berayotgan voqealarga xuddi o‘zim singari aqli yetmay, lol qolib o‘tirgan xotinimga qaradim.

– Muayyadning kesilgan kindigini endi qayerdan topamiz?

– Uning kindigini tug‘ilgan payti tug‘ruqxonada kesishgan. O‘sha yerda qolib ketgan, – dedi xotinim.

Xotinimga bir muddat qarab turdim-da, so‘ng hozir kelaman, sen Muayyadga qaragin, deya shoshib ko‘chaga chiqdim.

* * *

Tug‘ruqxonada meni qirq besh yoshlardagi, sarg‘ishtob yuzini ajin bosgan baqaloqqina xotin qarshi oldi. U o‘zini doyaman, deb tanishtirdi. Men unga o‘g‘lim qanday dardga chalinib qolgani-yu, o‘zim nima maqsadda bu yoqqa kelganimni batafsil aytib berdim. Doya xotin gaplarimni kiprik qoqmay eshitdi, ammo kutganimga zid o‘laroq, uning yuzida biror-bir o‘zgarish alomati sezilmadi. Aftidan, unga bunday masalalar yuzasidan juda ko‘p marta murojaat etishgan va u eshitaverib allaqachon diydasi qotib ketganga o‘xshar edi.

– Hm, – dedi u xo‘rsingandek ovoz bilan. – O‘g‘lingiz tug‘ilganiga bir yil bo‘lay deb qolibdi-yu, siz endi uning kindigini izlab keldingizmi? Biz birorta ham bolaning kindigini atay asrab qo‘ymaymiz. Kesilgan zahotiyoq axlatga chiqarib tashlaymiz. Daydi itlar yeb ketadi…

Tug‘ruqxonadan qanday otilib chiqqanimni o‘zim ham bilmayman. Hushim o‘zimda emas, boshim g‘uvillab og‘rir edi. Qadamimni sudrab bosgancha ketib borarkanman, o‘g‘lim haqida o‘ylar, uning xuddi chaqmoq urgan qushdek uy ichida bemajol emaklab yurishi ko‘z o‘ngimdan sira nari ketmasdi. O‘g‘limga endi nima deyman, uning ichikkan ko‘zlariga qanday qarayman – bilmayman…

So‘ngso‘z o‘rnida

Har bir go‘dakning dunyoga kelishi aslida tengsiz mo‘jiza. Shu bois xalqimiz azal-­azaldan bunga alohida e’tibor bilan qaragan. Elimizning bu boradagi ko‘p mingyillik taraqqiyoti davomida shakllanib kelgan, asrlar sinovidan o‘tgan an’ana va udumlari yuksak qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.

Masalan, ajdodlarimiz yaratgan beshik, ism qo‘yish marosimi yoki onalarimizning qadimiy allasi kishini hayratga solmay qo‘ymaydi.

Ammo mustabid sho‘ro tuzumi davrida milliy o‘zligimizning ustunlaridan sanalgan ana shu qadriyatlarimiz ham ko‘r-ko‘rona toptaldi, bu bebaho meros­ni xalqimizning xotirasidan o‘chirib tashlashga urinishlar bo‘ldi.

Bugun ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak: o‘tgan asrning 80-yillarida onalarimiz tomonidan ming yillardan buyon aytib kelinayotgan, go‘dak qalbida milliy tuyg‘ularni shakllantirishda tengsiz o‘rin tutadigan alla ham “eskilik sarqiti” deya qattiq qoralangan edi.

Vatanimizning mustaqillikka erishishi ana shunday bedodliklarga, xalqimizni o‘zligidan mosuvo qilishga qaratilgan mash’um siyosatga batamom chek qo‘ydi.

Biz, ijodkorlar elimiz boshidan kechirgan ana shunday ayanchli voqealarni badiiy talqin etib, ko‘proq yozishimiz, bu mash’um davrning maqsad-mohiyatini haqqoniy ravishda ko‘rsatib berishimiz kerak, deb o‘ylayman. Shundagina Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligining qadr-qimmati yanada teranroq namoyon bo‘ladi.

E’tiboringizga havola etilgan “Qaqnus qanotidagi umr” qissasida ham o‘sha rutubatli davrda azaliy qadriyatlar, ilohiy borliqqa tutashtiruvchi rishtani topa olmay baxti zabun bo‘lgan qahramonlarning ayanchli qismatini badiiy tarzda talqin etishga harakat qildim.

Bu qoralamalar Sizga manzur bo‘lgan bo‘lsa, bugungi yorug‘ kunlarimizga shukronalik uyg‘otgan bo‘lsa, o‘zimni baxtiyor deb bilaman.

Muallif