Ko‘kni qoplagan bulut Hisor etaklariga taqalib qoldi-yu, shatir-shutir yomg‘ir yog‘a boshladi. Men mashinada dorixonaga shifobaxsh giyohlarni topshirish uchun kirib ketgan Tolib ovchini kutib o‘tirardim. Aslida Miroqi shaharchasida u bilan tasodifan ko‘rishib qolgandim. Tolib ovchi yoshi qirqlarni qoralagan, darozdan kelgan kishi. Uni shaharchadan ko‘ra ko‘proq o‘rmonda uchratish mumkin. Shu o‘rtadagi do‘kondan bolalarga u-bu narsa xarid qilib qaytayotsam, ovchi lo‘killab yuribdi. Qo‘lida to‘rxalta, egnida uniqibroq qolgan yomg‘irpush, boshida eski quloqchini ham bor. «Bu yoqlarga qanday shamol uchiribdi ovchini», desam:
– Dorixonaga mana bu giyohlarni topshiray, – deydi qo‘lidagi to‘rxaltaga ishora qilib. – Meni ham qishloqqa olib ketarsiz?!
– Mayli, tezroq topshiring, birga qaytamiz, – dedim.
Mashina oynasidan sizib suv oqardi. Dunyo yomg‘irga aylanib oqayotgandek edi, go‘yo. Xayriyatki, ovchi hayallamasdan dorixonadan chiqdi. Men oynadan uning munglig‘ va shikasta kayfiyatda to‘rxaltasini tutgancha mashina tomon kelayotganiga e’tibor qildim. Aftidan, uning giyohlarini dorixonadagilar olishmagandi. U mashina ortidan aylanib o‘tdi-da, eshikni ochib to‘rxaltasi bilan yonimga cho‘kdi:
– Haydang, ketdik.
– Giyohlarni olishmadimi?.. – dedim to‘rxaltaga ishora qilib.
– Giyoh olib kelganimni ularga aytmadim, – dedi u qandaydir o‘ksik tovushda.
– Nega? – dedim mashinani asta yurgizarkanman.
– Sizga nima desam ekan, – tusmollandi u. – Zeboni ko‘rib qoldim.
– Qaysi Zeboni? – mashinani burib olarkanman, uning dabdurustdan aytgan gapidan hayron bo‘ldim.
– Siz uni bilmaysiz, u paytlar bola bo‘lgansiz, – tushuntirgan bo‘ldi ovchi.
– Rosti gap hech narsani tushunmadim.
Mashina endi yo‘lga tushib olgandi.
– Zebo sinfdoshim, unga ko‘ngil qo‘ygandim, – tortinib gap, boshladi u.
– Birinchi muhabbat deng, – yo‘ldan nigohimni birrovga uzib, ovchiga qarab oldim.
– Shunday desa ham bo‘ladi, – gapimni tasdiqladi. – Har bir odamda shunday muhabbati bo‘ladi-ku?! Zebo, nima desam ekan, juda ham g‘ururli, boshqacha qiz edi. Ota-onasi u go‘dakligidayoq ajrashib ketgan ekan. Onasi ham, otasi ham boshqa-boshqa oila qurgach, Zebo bobosi Ne’mat merganning qo‘lida qolgan. Zeboning onasi shaharga erga tegib ketarkan, keksa so‘qqabosh otasiga kichkina qizini “Sizga ovunchoq bo‘ladi”, deb qoldirgan. Taqdir-da. Qismat shunday bo‘lgandan keyin kim nima qila olardi?! Ne’mat mergan urush ko‘rgan chol, miltiq otishni menga o‘sha o‘rgatgan. U tomida qizg‘aldoq o‘sadigan loyshuvoq uyda yashardi, hozir bunaqasi hech joyda qolmagan. Xullas, Zebo o‘sha Ne’mat merganning nabirasi edi. Vey, Zeboni ko‘rsangiz, qanaqa qiz edi-ya?! O‘zi qorachadan kelgan, sochlarini qirq kokil qilib o‘radigan shirin qizcha. Ko‘rgan kishi shunaqa qizni ota-onasi tashlab ketganiga ishonmaydi. Men uni birinchi marotaba maktabga borganimda ko‘rgandim. Keyin uning o‘zimizning mahallada turishini, ota-onasi tashlab ketganini, bu yog‘idan u yog‘i yaqin merganning qo‘lida qolganini — hammasini kattalarning o‘zaro gap-so‘zlaridan bilib oldim. Men unga juda ham achinardim, ich-ichimdan rahmim kelardi. Shuning uchun uni o‘zimga yaqin olardim. To‘rtinchi-beshinchi sinflarda o‘qib yurgan kezlarimizda bu yaqinlik faqat unga achinishimdan emas, boshqacha bir his ekanligini angladim. Lekin nima edi u, buni men hali bilmasdim. Anglaganim – uni hech kim xafa qilishini istamaganim, o‘zimga juda ham yaqin olishim, boshqalardan zimdan qizg‘onishim kabi tuyg‘ular ediki, bunday tuyg‘ularni odam faqat ilk bor sevib qolgandagina his qilishi mumkin. O, bolalarning sevgisi qanday beg‘ubor bo‘lar ekan, biz kattalar buni keyin anglarkanmiz. O‘sha paytlar mening Zeboga nisbatan tuyg‘ularim ana shunday edi. Esimda, beshinchi sinfda biologiya o‘qituvchimiz bolalarni to‘polon qilmasligi uchun bir o‘g‘il-bir qiz o‘tirg‘izaman, deganda:
– Meni Zebo bilan o‘tirg‘izing, – degandim.
Sinfxonada duv kulgi ko‘tarilgan. Yaxshiyam, o‘qituvchimiz o‘shanda meni tushungan. U kishi yoshi o‘tib qolgan keksa ayol Mukarram opa Ismoilova edi. Menga jilmaygancha bolalarga izoh berganlar:
– Tolib bilan Zebo bir ko‘chada turishadi. Shuning uchun ularni birga o‘tirg‘izaman. Boshqalarning ham jurnal bo‘yicha qanday o‘tirishlarini aytaman.
Vey, shu biologiya o‘qituvchimiz o‘zi boshqacha inson edi-da. Darsni shunaqa qiziqarli o‘tardilar. Men o‘simliklar va hayvonot dunyosiga o‘shanda qiziqib qolgan bo‘lsam kerak. Ba’zan ovchi bo‘lishimga Mukarram opa darslarining ta’siri bormikan, deb o‘ylab qolaman. Bir gal u kishi bizga yurtimiz hududida o‘sadigan dorivor giyohlar haqida dars o‘tib berganida, men rostakamiga giyohlarga qiziqib qolgandim. Sababi, bu dorivor giyohlarning ko‘pchiligi Oqsuvdaryo bo‘ylarida o‘sardi-da, o‘rmon ichkarisida esa ularning son-sanog‘i yo‘q.
Daryo va o‘rmon etaklarida g‘uj-g‘uj o‘sadigan butasimon na’mataklar ham dorivor xususiyatga ega ekanligini bilib olgach, shifoxonada hamshira bo‘lib ishlaydigan oyimdan bu haqda so‘ragandim. Na’matakning burtma tikanaklarini oyim sutchoyga solib qaynatardilar. Gullagandan keyin tugadigan mevasidan esa, ichidagi danagini ajratib olib, murabbo tayyorlardik. O‘shalarning hammasi, oyimning aytishicha, shifobaxsh xususiyatga ega ekan. Oyim gap orasida na’mataklarning o‘zimizning dorixonalarda ham sotilishi, hatto sotib olinishi haqida gapirib qoldi. Na’matakni yaxshi bilasiz-ku?! Bizda uni hulhuli ham deyishadi. Andak tikani bor buta, yovvoyi atirgulga ham o‘xshab ketadi. Vey, gullaganda na’matak qanday chiroyli-ya?! Nimagadir na’matakni o‘ylasam, Zebo esimga tushadi. Nazarimda, uning xarakterida na’matakka o‘xshash nimarsadir bor edi. Ko‘ngli nozikligi, g‘urur va o‘jarligi – hammasida na’matakka xos bir nima borligini tuyardim. Biologiya o‘qituvchimiz va oyimning gaplaridan so‘ng menda, bilasizmi, qanday g‘oya tug‘ildi. Na’matak boshlarini qirqib to‘plash va Zeboga yordam berish. Gap shundaki, Zeboning bobosi nafaqadan bo‘lak daromadi yo‘qligi uchun yolg‘iz nabirasiga ham tuzuk-quruq yordam berolmasdi. Maktabda hamma bolalarning ota-onalari u-bu narsa sotib olishi uchun tez-tez pul berib turishardi. Endi, maktabga muzqaymoq, paxta halvo, ravochga o‘xshagan narsalarni sotishga olib kelishardi. Tanaffus vaqtlarida biz bolalar shunaqa narsalarni olishga juda ishqiboz edik. Lekin unaqa narsalar sotiladigan joylarda Zeboni sira ham ko‘rgan emasman. Uni qo‘liga bobosi hech qachon pul bermagan bo‘lsa kerak. Arzimas nafaqasidan qanday ham bersin?! Albatta, men unga jon deb pul berib turgan bo‘lardim. Lekin Zeboning xarakterini aytdim-ku, biram ko‘ngli nozik ediki, asti qo‘yaverasiz. Men pul berib turaman desam, uning xafa bo‘lishi turgan gap edi. Hatto men bilan urushib ham ketishi mumkin. Shuning uchun men bunga jur’at qilolmasdim. Biz deyarli har kuni maktabdan birga qaytardik. Bir kuni men unga Oqsuvdaryo va o‘rmon bo‘yidan na’matak terish va dorixonaga sotish haqida og‘iz soldim:
– Birga na’matak tersak, Miroqi dorixonasiga olib borib sotardik, – dedim. Baxtimga, Zebo ko‘ndi:
– Xo‘p, mayli, – dedi u.
– Qachon boramiz?..
– Istasang, hoziroq, – dedim.
Oqsuvdaryo bo‘yiga pildirab ketdik. Hatto toshloq joylarda ham g‘uj-g‘uj na’mataklar o‘sib yotibdi. Daryoning shovullashini aytmaysizmi?! Na’mataklar shamolda silkinadi, daryo kuylaydi go‘yo. Eh, qanday ajib lahzalar edi. Zebo ikkalamiz na’matak boshlarini qo‘limiz bilan yulib, sumkamizga solardik. Qo‘llarimizga tikanaklari kirib ketardi. O‘sha kuni u qadar ko‘p na’matak terolmadik. Keyingi gal o‘zimiz bilan birga qaychi olib keldik. Shunda na’matak terish avvalgisiga qaraganda ancha osonlashdi. Biz daryo bo‘yiga deyarli har kuni keladigan bo‘ldik. Na’matak urug‘boshlarini qirqib yig‘arkanmiz, bir oylardan so‘ng ancha-muncha na’matak yiqqanimiz oydinlashib qoldi. Zebo ham, men ham buni uydagilarimizdan yashirardik. Men uni omborda doimo to‘nkarilgan turadigan savatning tagidagi to‘rxaltaga solib qo‘ygandim. Zebo ham bobosi ko‘zi tushmaydigan joyga na’matak urug‘boshlarini yashirib qo‘ygandi. Xullas, bir oydan so‘ng na’matakka to‘la to‘rxaltalarni avtobusga ortib, Miroqiga olib bordik. Dorixona egasini Rahim mo‘ylov deyishar ekan. Biz borgan vaqtimizda u qayoqqadir chiqqan, dorixonaga bizdan bir-ikki yosh katta o‘g‘li Mirkalon qarab turardi. Ko‘rinishidan bo‘sh-bayov bola ekanligi sezilardi. Shu bois unga latta degan laqabni Zebo ikkalamiz qo‘ygandik. Dorixonaga kelgan odamga garangga o‘xshab qarab turardi-da. Naynovroqmidi, qanaqadir g‘alati bola edi. Biz u bilan gaplashib oldik:
– Otam na’matak oladi, – dedi u.
Rahim mo‘ylov kelgach, savdolashib ishni bitirdik. U qo‘llari bilan mo‘ylovini burab silliqlarkan:
– Na’matakni o‘g‘irlab kelmayapsizlarmi? – dedi.
– Nega endi o‘g‘irlarkanmiz, amaki, – savolga savol bilan javob berdi Zebo. – Oqsuvdaryo va o‘rmon bo‘yi g‘uj-g‘uj na’matak-ku?! Biz o‘sha yerda turamiz.
Rahim mo‘ylov pulni sanab oldimizga tashlarkan:
– Mayli, hazillashdim, bolakaylar. Agar yana bo‘lsa, olib kelinglar. Men boshqa dorivor giyohlarni ham sotvolaman.
Rahim mo‘ylov bizga boshqa dorivor giyohlar ro‘yxatini ham berdi. Zubturum, tuyatovon, zirk va yana allambalolar. Lekin ularni topish uchun yo Hisor tog‘lari etaklariga, yo o‘rmon ichkarisiga kirish kerak. U yoqda esa yovvoyi hayvonlar ko‘p. Mana, ovchi bo‘lganimdan keyin, endi-endi u yoqlarga qadam bosayapman. U paytlar hali Ne’mat mergandan otishni ham o‘rganganim yo‘q edi. Shuning uchun biz Rahim mo‘ylov bergan dorivor giyohlarni izlashga ko‘p ham jiddu jahd qilganimiz yo‘q. Na’matakning o‘zi bilan kifoyalandik. Zebo ikkalamiz shunday qilib, na’matak sotib ilk bora pul topgandik. Birnavi, o‘zimizda pul bo‘lishi Zeboga ham, menga ham yoqib qoldi, shekilli, Rahim mo‘ylovning dorixonasiga har yili na’matak mavsumida to‘rxaltalarni to‘ldirib borardik. U bizga bolalarga yetadigan pul berar, hatto o‘g‘li Mirkalon lattani bolalar qanday pul topayotganini aytib koyirdi. Mirkalon lattaga esa baribir edi. Naynovga o‘xshab otasi va bizga jimgina qarab turaverardi. Aslida unga pul topishning nima keragi bor?! Sirasini aytganda, menga ham keragi yo‘q edi. Otam hisobchi, topishi o‘ziga yarasha binoyidek, lekin shu Zeboga rahmim kelardi-da… To‘g‘rirog‘i uni yaxshi ko‘rardim. Zeboga yaxshi ko‘rishimni aytganmanmi?! Yo‘q, hech qachon buni aytmaganman. Axir, qanday qilib ham aytardim. Ehtimol, u meni shunchaki do‘st deb o‘ylagandir, yana bilmadim. To‘qqizinchi-o‘ninchi sinfda o‘qiyotgan vaqtlarimizda, uni yoqtirishimni aytishga ko‘p og‘iz juftlaganman. Lekin tilim kalimaga kelmadi. O‘zi, odam chindan ham kimnidir qattiq yaxshi ko‘rsa, buni hech qachon ro‘yi-rost aytolmaydi.
Orada Ne’mat mergandan ovni o‘rganishga chog‘landim. U urushda mergan bo‘lgan-da. Ovchi uchun mergan bo‘lish hofiz uchun shirali ovozga ega bo‘lishday gap. Ne’mat mergan ancha qarib qolgan, ammo ruhi tetik odam edi. U ba’zan men bilan o‘rmon etaklariga ovga chiqardi. Bir gal yovvoyi to‘ng‘izni qanday otishni o‘rgatgandi.
– Hayvonlarni hech qachon sochma o‘q bilan otma, – degandi u. – Sochma faqat qushlar va mayda jonivorlarni otishga yaraydi. Yovvoyi to‘ng‘iz va ayiqni sochma bilan otsang, o‘ldim deyaver. Yaralangan hayvon seni burda-burda qilib tashlamaguncha tinchimaydi.
Ne’mat mergan menga ko‘p narsani o‘rgatgan. Aholi yashaydigan joyda miltiq stvolini quyiga qaratib yurishdan tortib, qushlarni otishda havoga ko‘tarilishini kutishgacha – hammasini o‘shandan o‘rganganman. Men undan gap orasida Zebo haqida ham u-bu narsalarni so‘rab olganman.
Maktabni bitirganimizdan so‘ng Zebo farmatsevtika institutiga o‘qishga kirdi. Maktabda biologiya va kimyoni yaxshi o‘qigan-da. Men esa armiyaga ketdim. Armiyada yurgan vaqtlarimda uyga qaytgach, Zeboga sevishimni albatta aytaman va unga uylanaman deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim. Lekin armiyadan kelgach, eshitdimki, Ne’mat mergan Zeboni turmushga berib yuboribdi. Ustimdan muzdek suv quyilgandek, yuragim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Qo‘lim ishga bormas, nima qilishimni ham bilmasdim.
– Ko‘zim ochiqligida uni turmushga berdim, endi ko‘nglim to‘q, – degandi mergan.
Mana, shunga ham o‘n besh yildan oshiq vaqt o‘tibdi. O‘shandan beri Zeboni ko‘rganim yo‘q edi. Turmushga chiqib ketganidan so‘ng hafsalam pir bo‘ldi. Ota-onam meni ham bir qizga uylantirishdi. Avvaliga xotinimga ko‘nglim yo‘qroq edi, keyin-keyin o‘rganib ketdim. Farzandlar tug‘ilgach, rishtalar mustahkamlanar ekan. O‘tgan yillar ichida Hisor o‘rmon qo‘riqxonasida ishladim. Ovchilar jamiyatida mas’ul bo‘ldim. Bu orada Ne’mat mergan ham dunyodan o‘tib ketdi. Uning ta’ziyasiga kechikib bordim. Zebo va onasi kelgan ekan. Buni xotinimdan eshitdim. Lekin uning o‘zini o‘shanda ham ko‘rganim yo‘q. Lekin bugun ko‘rdim. Ishonasizmi, u kimga tekkan ekan?! O‘sha Rahim mo‘ylovning o‘g‘li Mirkalon lattaga xotin bo‘libdi. Mana bu dorivor giyohlarni topshiraman deb kirsam, qorachadan kelgan, biroz to‘lishgan xushbichim xotin turibdi. Yuz-ko‘zlari menga juda ham tanish.
– Zebo, sizmisiz?.. – deb yuborganimni bilmay qoldim.
Zebo ham meni tanib asta bosh irg‘adi-da:
Siz… – deya oldi, xolos. Shu payt ichkaridan:
– Zebo, kim ekan?.. – degan erkak kishining ovozi keldi.
Qarab turdim, bir mahal ichkaridan Mirkalon latta chiqib kelsa bo‘ladimi?! O‘zi, Zeboni bu dorixonada ko‘rganimdayoq yuragim shig‘ etgandi. Otasi Rahim mo‘ylovga nimasi bilandir o‘xshab ketadigan Mirkalon latta:
– Sizga nima kerak? – dedi.
– Hech narsa, – dedim-da, tashqariga otilib chiqib ketdim. U meni tanidimi-yo‘qmi, bilmadim. Bo‘lgan gap shu.
Ey, sizni ham kela-kelguncha boshingizni qotirdim. Qishloqqa yetib kelibmiz-ku?! Meni narigi ko‘cha boshida tashlab keting.
– Xo‘p, – dedim men yomg‘irli havoda qishloqqa kirib kelarkanmiz.
– To‘rxaltangizdagi na’matakmi?..
– Yo‘q, – dedi u.
– Na’mataklar hali urug‘bosh tugmagan. Ehtimol, endi gulga kirayotgandir. Bahor adog‘ida meva tugishni boshlaydi. Bular Rahim mo‘ylov bir paytlar ro‘yxatini bergan boshqa dorivor giyohlar. Yaqinda qo‘riqxonani tekshirgani chiqqanimizda, ermakka tuyatovon tergandim. Bolalikni eslab, Rahim mo‘ylov ishlayotgan bo‘lsa, shunga olib boray degandim. Ko‘rdimki, u ishlamayotgan ekan. Dorixonani endi kelini va o‘g‘li yuritayapti, shekilli. Mayli, men tushaman. Ana u simyog‘och oldida to‘xtang.
Mashinani Tolib ovchi aytgan joyga to‘xtatdim. U mashinadan tusharkan, to‘rxaltasini unutganini eslatdim. Beparvo qo‘l siltadi:
– Shu giyohlar sizga, bugun kimgadir berishim kerak edi. Sizga nasib qilgan ekan.
Gapimiz tugamasdan yomg‘irda biz tomon yugurgilab kelayotgan qizchani ko‘rib qoldi.
– Dadam keldilar! ..
– O‘sha yerda tur, qizim, – ovchi yugurib borib qizchani ko‘tarib oldi-da, uyi tomon keta boshladi. – Nega yomg‘irda yuribsan?..
– Sizning kelishingizni kutib turgandim, – dedi qizcha. – Sizni sog‘indim.
– Men ham sizlarni sog‘indim, qizim.
Mashinani ortga burib olayotganimda Tolib ovchi “rahmat” degandek bosh silkib, qo‘l ko‘tarib qo‘ydi. Mashinani sekin haydab ketarkanman, odamzod qismatining naqadar sirli ekanidan hayratga tushib, bir maromda yo‘l bosib borardim. Yomg‘ir esa hamon shig‘alab yog‘ardi…
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 5-son