Shahlo Ahrorova. Dada (hikoya)

Ohangdor hushtak ovozi – tongning ilk darakchisi edi. Yo‘q, uni tashqaridan hech kim chalmadi. Telefon darak berdi shu ovoz bilan. Kimdandir telefon qo‘ng‘irog‘i emas, haqiqatan ham darak – SMS xabar kelgandi. Kecha, uyquga yotishdan oldingi kabi. Yo‘q, har kecha uyquga yotishdan oldingi kabi. Har tongdagi kabi…
Soliha ko‘zini ochar-ochmas, qo‘li bilan paypaslab telefonini topdi. Haqiqatan hali ko‘zlarini ochib ulgurmasdan labiga tabassum indi. Tonggi birinchi tabassumi. Har tongdagi tabassumi kabi…
Pirpiratib ochish haliyam uyqusirab turgan ko‘z­lariga malol keldi, lekin bu Solihaga malol kelmadi. U mushtoqlik bilan, garchi har tong uni shu xabar uyg‘otsa ham, mushtoqlik bilan pichirlab o‘qiy boshladi:
“Uyg‘oning, azizam! Quyosh derazangizni taqil­lat­yapdi. Aslida taqillatayotgan u emas, men! Nur yuzingizni silayaptimi? U ham – men…”
Soliha rostdan ham u turgani kabi, tong yorug‘ini hovuchlab tutayotgan derazaga qarab qo‘ydi, nur silayotgan yuziga kaftini qo‘ydi. Shirin entikib qo‘ydi:
“Muncha ham yaxshisiz! – xayollari ham sarmast edi uning. – Men eng baxtli odamman! Chunki dunyodagi eng yaxshi odam meni sevadi. Men ham…”
Har galgidek, bu e’tirofini xabarga javob ta­riqasida yo‘llamoqchi bo‘ldi. Har galgidek yo‘l­la­madi. Chunki, Sanjarga bo‘lgan mehru ishonchini ifodalash uchun bu so‘zlar kamlik qiladi. Hozir uning Sanjar xayrli tun tilagach, allamahalgacha shirin orzular va xayollar quchog‘ida bo‘lib, uyquga to‘ymagan ko‘zlarida shunday baxt bor ediki! Yana, cheksiz mehr ham bor. Shuningdek, hech tugamaydigan sog‘inch ham…
– Ko‘zlaringizni o‘qiyapman, – degan edi bir kuni Sanjar uning o‘sha tobda ham baxt jilvalari miltirab turgan nigohlariga boqib. Ha, Sanjar nigohlarni o‘qiy biladi. U Solihaning kayfiyatini, dilidagilarni ham hali u gapirmasdanoq, ko‘zlariga boqib sezib oladi. Shuning uchun har gal uchrashganlarida, xohi g‘am, xohi shodlik bilan bo‘lsa-da, mastona boqqan sotqin ko‘zlariga bir muddat qarab turadi uning. Agar hozir ham Solihaning ko‘zlariga boqqanda bormi! Qiziq, qanday o‘qiy olarkan u ko‘zlarni? Huquqshunos bo‘lgani uchunmi? Sanjar o‘tgan yili institutning huquqshunoslik fakultetini tamomlab, shahardagi nufuzli idoralardan birida nufuzli odamlarga shogirdlikka tushib ish o‘rganyapti. O‘zining aytishicha, hali unga buyruq chiqmadi. U yerga ishga kirishning ham o‘zi bo‘lmas ekan. Yana nimalardir degandi u ishi haqida. Xullas, Sanjar yaxshi shogirddan yaxshi xodimga aylanib, Soliha ikkalalarining baxtli ke­lajagi uchun poydevor qo‘ymoqchi. Solihaning ins­titutni tamomlashiga olti oy bor. Soliha oxirgi imtihonini topshirgan kuni Sanjarning sovchilari eshigini taqillatisharkan. Aslida Solihaning eshigini allaqachonlardan beri sovchilar taqillatib ke­lishadi. Bug‘doyrang yuziga zulukday qora qosh-u, kipriklari, kichikkina qirra burni ostidagi chiroyli lablari yarashib turadigan bu qizning oshiqlari ko‘p. Ziyoli oilaning tarbiyali qizi sifatida ham kelin qilish niyatidagilar kam emas. Lekin ularning hammasidan mana shu barvasta, qiyg‘och qoshlari ostida qiyiq ko‘zlari porlab turadigan yigit ustun keldi…
Soliha shirin entikib qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi.
Yuzini yuvayotib, ko‘nglida allaqanday g‘ashlik tuydi. Nega bunday bo‘lyapti ekan, o‘yladi u. Ha-ya, aytganday, kechasi g‘alati tushlar ko‘rgan edi u. Sanjarning SMSi butunlay chalg‘itvoribdi uni. Dadasiga kelgan xizmat mashinasining ovozi yuragini g‘ash qilayotgan o‘sha tushni eslatdi unga.
Ayqirib oqayotgan soymidi, yo kattakon ariqmidi, e-ha, sel oqib kelayotgan bo‘lsa kerak. Chunki, suv loyqa, bundan tashqari guvillagancha, xas-xashak, changu to‘zon, yana nimalarnidir lopillatib oqizib kelardi. Suvning vajohati yomon edi. Soliha dadasining shu suvga qachon tushib ketganini anglolmay qoldi. Dadasi to‘lqinlar bilan olishib, qirg‘oqqa chiqishga urinar, ammo suv o‘pirib ketgan qirg‘oqlarga yaqinlashib ham bo‘lmayotgandi. Soliha dod solib qirg‘oq bo‘ylab yugurar, odamlarni yordamga chorlagancha, suv buramlari orasida boshi bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay oqib borayotgan dadasiga qo‘l uzatmoqchi bo‘lardi. Lekin dadasi uning qo‘llaridan uzoqda edi. Nihoyat, qandaydir ko‘prik ostida yog‘ochmi, yo boshqa to‘sinmi, har holda nimanidir ushlab oldi dadasi. Soliha xayriyat, deya ko‘prik tomon yugurdi. Lekin gumburlab kelayotgan oqim ko‘prikka urildi va ko‘prik ikkiga bo‘linib, dadasi yana suvga tushib ketdi.
Soliha zo‘r berib tushning yakunini eslashga ha­rakat qildi. Dadasi suvdan chiqoldimikan? Soliha uning o‘tlar, yana qandaydir buta shoxlariga tirmashgancha qirg‘oqqa chiqishga urinayotganini esladi. Yuzini artib, dadasining yoniga chiqdi.
– Assalomu alaykum, dada! Yaxshi yotib turdingizmi?
Lekin Solihaga dadasi yaxshi uxlamaganday tuyuldi. Chunki qovoqlari salqib turardi uning. Yelkasiga kostyumini ilgancha, xotini hozirlagan tuflisini kiyarkan, qiziga yuzlandi.
– Vaalaykum assalom.
– Muncha barvaqt ketyapsiz, dada?
– Ishlar chiqib qoldi, qizim. O‘qishing yaxshi ketyaptimi?
– Ha, birinchi semestr boshlandi.
– Imtihonlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgin.
– Yaxshi bo‘lyapti, dada.
– Bilasan-a, domlalaring senga mening hurmatim uchun baho qo‘yishlarini istamayman. O‘zing o‘qib, ol baholaringni. Hayot imtihonlari ham shundan boshlanadi o‘zi.
Dadasi shoshib chiqib ketdi. Soliha unga ko‘rgan tushini aytolmadi. Onasiga ham. Yomon tushni suvga aytish kerak, deb eshitgandi. U yana yuvinish xonasiga qaytib kirib ketdi.

* * *

Dadasi aytganday, Soliha imtihonlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Yaxshi o‘qidi. Yaxshi mehnat qildi. Dadasi doim ta’kidlaydi bu gapni:
– Men oddiy dehqonning bolasiman. Mening zarim ham, zo‘rim ham bo‘lmagan. Men nimaga erishgan bo‘lsam, faqatgina o‘z bilimim, mehnatim bilan erishganman. Sizlar ham yaxshi o‘qinglar. O‘qish ham mehnat.
Solihaning dadasi katta lavozimlardan birida ishlaydi. Hurmati baland. Soliha institutda ham, ko‘cha-ko‘yda ham, yor-u do‘stlar orasida ham dadasi haqida yaxshi gaplarni juda ko‘p eshitadi. Bu gaplarni eshitish shunday yoqimliki! Solihaning qalbini g‘urur va faxr hissi to‘ldiradi shunday paytlarda. Sanjar ham uning dadasini juda hurmat qiladi.
– Dadangiz aqlli inson, – deydi u. – Aqlli dadalarning qizlari ham oqila bo‘lishadi. Oqila qizlar esa oqila xotin bo‘ladilar. Oqila xotinlarning erlari hayotda eng baxtli odamlar sanashadi o‘zlarini. Sizga uylanib, men ham eng baxtli odam bo‘laman…
Sanjarning gaplarini eslab Solihaning ko‘ngli yorishganday bo‘ldi, lekin ko‘ngil tubidagi allaqanday xiralik uning har qanday sevinchiga soya solib turaverardi.
Soliha otasini juda yaxshi ko‘radi. Aslida otasini yomon ko‘radigan odamning o‘zi bo‘lmaydi. Ammo, ota­siga hammadan ham boshqacha mehr qo‘yganday tuyuladi Solihaning o‘ziga. Onasini ham albatta, ham­ma yaxshi ko‘radi va bu mehrni birinchi darajaga qo‘yishadi. Lekin, Soliha onasini ham juda qadr­lagan holda, kimni ko‘proq yaxshi ko‘rasan, deb so‘­rash­sa, dadamni, deb javob bergan bo‘lardi. Uning fe’l-atvori ham ko‘proq dadasiga o‘xshaydi. Qaysar, ush­lagan joyidan uzadi. Buning ustiga harakatchan. O‘zi istagan narsasiga erishmaguncha tinchimaydi. “Shu qizim boshqacha-da”, – deydi dadasi ham. Garchi, dadasi istamasa ham, odamlarning Solihaga bo‘lgan munosabatlarida har qadamda dadasining hurmati sezilib turadi.
– Siz falonchining qizimisiz? – Tasdiqni olishgach, Solihaga eshiklar o‘z-o‘zidan ochilib ketganday bo‘ladi go‘yo. To‘g‘ri, dadasi hech kimga aytmaydi, qizimga qaranglar, deb. Lekin dadasining hurmati…
Bugun ham Soliha qishki imtihonlardan birini yaxshi topshirdi. Dadasini hurmat qilishsa ham, Solihaning aniq va mukammal javoblari uchun qo‘­yish­di bahoni unga. Soliha xursand chiqarkan, bir-ikkita kursdoshlarining unga g‘alati qarash qilishganini, savol nazari bilan qaragan Solihadan ko‘zlarini olib qochib, o‘zaro shivirlab qolishganini sezdi.
– Soliha, xafa bo‘lganingni sezdirmaslikka ha­rakat qilyapsan-a? To‘g‘ri qilasan. Do‘stu dushmanning oldida shunday yur. – Birinchi dugonasining gapini tushunmadi Soliha.
– Xafa bo‘lma. – Ikkinchi dugonasining gapi o‘l­ganning ustiga tepgan bo‘ldi. – Dadamdan eshitdim. Bo‘lib turadi-da shunaqasi. Dadang yaxshi odamlar-ku, hali oqlanib ketadilar.
Bir necha kundan beri, ayniqsa bugun ertalab dadasi tashvishli ko‘ringandi. Keyingi kunlarda xonasidan deyarli chiqmay qo‘ygandi. Kecha Soliha unga choy olib kirganida, negadir dadasining yuzi qorayib ketganday tuyuldi unga. Choyni qo‘yib chiqib ketayotganda esa, dadasining chuqur uf tortganini eshitdi. Dadasi shunaqa, kamgap odam. Ichidagini hammaga bildiravermaydi. Ertalab kostyumining tugmasini solayotganda ham e’tibor qildi u dadasiga. Bemalol solinyapti. Ilgari tirsillab turardi. Dadasi ozibdi shekilli.
Tunov kungi tushini eslab Solihaning ichidagi g‘ashlik yana bo‘y ko‘tardi. Tinchlikmikan ishqilib? Soliha dugonalariga hech narsa demay, auditoriyadan chiqib ketdi.
U uyga keliboq, dadasining xonasiga o‘zini urdi. Taqillatmayoq, eshikni ochdi. Xayriyat, dadasi o‘tirgan ekan! Dugonalari pichir-pichir qilishganday, uni qa­mab qo‘yishmabdi! Soliha xonaga razm soldi. Bir-ik­kita oshiqcha suvenirlar, rasmlar paydo bo‘­libdi. Stol usti ham kitoblar va allaqanday qog‘oz jildlarga to‘lib ketibdi. Dadasining hafsalasi bo‘lmagan shekilli, ular taxlab ham qo‘yilmagan. So­liha ularni tanidi. Dadasining kabinetida ko‘r­gandi ularni. Demak, uni ishdan bo‘shatishibdi. Bo‘­shatishsa bo‘shatishar, muhimi, odamlar aytganiday, qamashmabdi-ku! Soliha indamaygina, mung‘ayib o‘tir­gan bo‘lsa-da, ko‘zidagi mungni yashirib, qizini jilmayib qarshi olgan dadasining yoniga keldi va engashib, uning bo‘ynidan quchdi.
– Dadajon, sizni yaxshi ko‘raman!

* * *

Ikki oydan o‘tdiki, Solihalarning uyida al­la­qanday noxush kayfiyat hukmron. Endi ertalablari dadasini olib ketish uchun mashina kelmayapti. Dadasi goh-gohida allaqayerlarga borib kelishini aytmasa, deyarli xonasidan chiqmaydi. Ishi yuzasidan bolalari oldida hech narsani gapirmaydi. Ehtimol onasi bilan bu haqda gaplashishar, lekin Soliha eshitmagan. Bir kuni Soliha dadasining kim bilandir gaplashayotganini, jumladan, tuhmat, guvoh, tergov degan so‘zlarni eshitib qoldi va suhbat mazmunidan suhbatdoshning advokat ekanini ham bilib oldi.
Solihaning yuragi orqasiga tortib ketdi. U dadasidan, nima gap o‘zi, deb so‘rashga botinolmadi. Na­hotki, mish-mishlar rost bo‘lsa, o‘yladi u. Dadasining nopok ishlarga qo‘l urmasligiga ishonardi. Ko‘nglini alam o‘rtay boshladi, siqilib ketdi. Dardini kim bilandir bo‘lishgisi keldi. Soliha Sanjarni judayam sog‘ingandi. Bir oydan oshdi uni ko‘rmaganiga. Qandaydir muhim topshiriq bilan xizmat safariga ketibdi. Keyingi paytlarda qo‘ng‘iroqlarga ham javob bermayotgan, xabar ham jo‘natmay qo‘ygandi. Soliha har tong telefoniga qarab bir xo‘rsinib qo‘yar, goho mo‘jiza kutganday telefoniga termulib o‘tirar, San­jarning eski SMS xabarlarini qayta-qayta o‘qirkan, ko‘ngli sog‘inchdan o‘rtanib ketardi…
“Maxfiy xizmat bo‘lsa kerak, – o‘yladi u bir ku­ni. – Bo‘lmasa, hech yo‘qsa meni xotirjam qilish uchun xabar jo‘natardi.”
Soliha ortiq chidolmadi. Sanjar bilan bundan ikki hafta oldin, o‘shanda ham Soliha begona raqamdan qo‘ng‘iroq qilganida gaplashganlarida, ishlarim bitsin, o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman, degan edi. Soliha uning raqamini bir-bir bosib tera boshladi. Chaqiruvlar ovozi hozir to‘xtab qolayotganday, yuragi o‘ynab turardi uning. Qiziq, nima gap ekan o‘zi? Nega yana telefonni ko‘tarmadi? Sog‘ va tinchmikan ishqilib? Solihaning ko‘ngil g‘ashligi badtar ortdi. Xabar yoza boshladi:
“Sog‘-omonmisiz? Xavotir olyapman. Menga hozir juda ham keraksiz! Iltimos, imkonini topib, qo‘ng‘iroq qiling”…
Va nihoyat qo‘ng‘iroq bo‘ldi! Sanjarning raqamini ko‘rib Soliha orziqib ketdi.
– Sanjar aka! Shunaqayam bo‘ladimi odam?! So­g‘inib ketdim axir! – Soliha bu gapni qanday aytib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
– Soliha, uzr, xizmat safarim cho‘ziladigan bo‘l­yap­ti. Ishimni ham shu yoqqa olaman shekilli. Siz bilan hozircha gaplasholmayman.
– Nega gaplasholmaysiz?
– Ishim shunaqa…
– U qanaqa ish o‘zi, sevgan qizi bilan gaplashishni ma’n qiladigan?
– Soliha, buni aytolmayman. Uzr, meni chaqi­rishyapti.
Dud…dud…dud…
Soliha telefonni qulog‘iga tutgancha qotib qoldi. Nazarida hozir atrofida hamma narsa chirpirak bo‘lib aylanayotgan, sal qimirlasa, bu quyun uni yutib yuboradiganday karaxt edi u. U bilan gaplashgan Sanjarmidi o‘zi?
Soliha uyidan chiqib borarkan, bekatga yetguniga qadar Sanjarning har bir so‘zini tahlil qilar, yonidan kim yoki nima o‘tib borayotganini ham ko‘rmas, qulog‘ida faqat Sanjarning ovozi edi.
“Ehtimol, rostdan ham muhim vazifadir, – qiz o‘ziga-o‘zi taskin berar edi. – Maxfiy xizmat shunaqa bo‘lsa kerak-da. Qiziq, ilgari ishi maxfiy emas edi-ku. Ehtimol xizmat vazifasi telefonda shunday quruq va sovuq gaplashishni taqazo qilar. Qiziq, qaysi shaharda ekan o‘zi? Bu yerdan uzoq­daman, degandi.”
Soliha bekatda ancha turib qoldi. Transport yo‘q­­ligidan emas, xayol surib qolgandi u. Qaysidir o‘ta­yot­­gan mashina signalining baland ovozi Solihani uy­g‘o­tib yubordi go‘yo. Yo‘lga yaqinroq chiqib, duch kelgan mashinaga qo‘lini ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Shu payt… Soliha­ning tizzalarida majol qolmadi. U nafaqat qotib qoldi, balki baqraygancha qarab qolgan ko‘z­laridan tirqirab yosh chiqib ketdi: hozirgina yonidan o‘tib ketgan mashinada bir oydan beri, shuningdek, boyagina ham boshqa shahardaman, degan Sanjar o‘tirgandi!

* * *

– Nimaga yig‘laysan, qizim? – kechqurun cho‘k­ka­la­gancha, dadasining tizzasiga boshini qo‘yib, yelkalari xo‘rsiniqdan silkinib tushayotgan Solihaning boshini siladi u.
Soliha ancha payt shunday o‘tirdi. Dadasi ham uni ovutadigan boshqa so‘z topolmadi. Nihoyat Soliha boshini ko‘tarib, qizargan ko‘zlari bilan dadasiga mo‘ltirab boqdi.
– Odamlar nega bunaqa xiyonatkor, bunaqa riyokor bo‘ladilar, dada?
Dadasi uning ko‘zlariga tikilib qoldi.
– Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, – deya oldi xolos. Chunki, u ko‘z yoshlarini ko‘rsatmasligi, ovozi ham tit­ramasligi kerak edi.

* * *

Dadasi haq ekan. Yaxshiyamki, Soliha yaxshi o‘qib, dadasi aytganday, yaxshi mehnat qilgan ekan. Institutda oraliq nazorat, referat, kurs ishi deganlari bor. Diplom ishini yozish anchayin mashaqqat hisoblanadi talabalar uchun. Davlat imtihonini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Ko‘pchilik diplom ishini yozib beradiganlarni izlab qolishadi. Soliha esa o‘zi o‘qidi, o‘zi yozdi. Dadasining hurmati sezilmayotganday edi unga. Endi domlalar undan ko‘proq so‘rab, ko‘proq talab qilishayotganday tuyulardi. Mayli, qaytaga shunisi yaxshi. Bilimi mukammalroq bo‘ladi. Tinimsiz o‘qigani bitirish imtihonlarini topshirayotganda natijasini ko‘rsatdi. U bugun oxirgi imtihonni a’loga topshirdi.
Aslida bu shodiyona edi. Soliha uyga qaytayotib, dadasiga bu xabarni aytib, uning anchadan beri xufton bo‘lib yurgan dilini bir oz bo‘lsa-da yoritish haqida o‘ylab borardi. Shuningdek, uning xayolidan yana bir o‘y ketmayotgandi: bugun uning uyiga Sanjarning sovchilari kelishi kerak edi… Sanjar shunday va’da bergandi unga. Lekin, olti oyki, undan darak bo‘lmadi. Chunki, olti oyki, dadasining ishi … Soliha tomog‘iga toshday tiqilgan narsani yutishga harakat qildi. U dadasining oldiga ko‘zlari kulib kirib borishi kerak.
Har kuni tomorqada ishlab o‘zini ovutadigan dadasi negadir ko‘rinmadi. Soliha uning xonasiga kirdi. Dadasi u yerda ham yo‘q edi.
– Aya, dadam qayerdalar? – so‘radi u oshxona tomonga bo‘ynini cho‘zib.
– Ertalab chiqib ketganlari bo‘yi, hali kelmadilar. Imtihoning nima bo‘ldi?
Soliha onasiga imtihon taassurotlarini so‘zlab bergach, dadasining qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. O‘chiq ekan. Ona-bolalar dadasini kechasigacha kutishdi. Onasi xavotirlana boshladi. Soliha ham. Im­tihonlarga tayyorlanish jarayonidagi bir necha kungi uyqusizlik o‘z kuchini ko‘rsatdi. Soliha dadasini kuta-kuta uxlab qoldi.

* * *

Ertalab mashinaning tanish ovozidan Soliha cho‘chib uyg‘ondi. “Uyg‘ondimmi, yoki tush ko‘rayapmanmi?” – dastavval uning xayoliga kelgani shu bo‘ldi. Yuz-qo‘lini yuvib tashqariga chiqdi. Dadasi ancha kengayib qolgan kostyumini kiyib, o‘zi yoqtirgan galstugini taqqancha darvoza oldida turardi. Uning chehrasi tongday nurafshon, darvoza esa lang ochiq, u yerda… o‘sha tanish… dadasining xizmat mashinasi turardi…
Soliha angrayib qoldi.
– Hammasi yaxshi bo‘ladi, degandim-ku, qizim! – jilmaygancha, mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirarkan, dadasi qo‘shib qo‘ydi: – Ayangdan eshitdim. Barakalla qizim, tabriklayman.
– Ishingizga… qayta tiklashdimi? – ishonib-ishonmay aytdi Soliha bu gapni.
– Yo‘q. Undan ham balandrog‘iga o‘tkazishdi.
Mashina yurib ketgandan so‘ng ham dadasining ortidan hayajon bilan qarab qolgan Solihaning shirin xayolini telefonidagi yangi xabar kelganidan darak beradigan o‘sha, anchadan beri chalinmagan ohangdor hushtak ovozi bo‘ldi. Soliha xabarni ochdi:
“Azizam, uyg‘ondingizmi…”
Soliha xabarning qolganini o‘qimadi. Telefonning “o‘chirish” degan tugmasini bosarkan, kollejga otlanayotgan ukasiga dedi:
– Latifjon, bugun qaytishingda menga boshqa sim karta olib kelgin.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 3-son.