San’at Mahmudova. Qiz qalbi (hikoya)

Bahor havosi yoqimli, eshik-derazalarni ochib qo‘yib, dahlizda sabzi to‘g‘rayotgan Adolat opa goh-goh bosh ko‘tarib, qizining chiroyli, nozik qaddi-qomatiga qarab qo‘yadi. Ko‘ngli yayraydi. Yana dilini qizg‘anish tuyg‘ulari chulg‘ab oladi. “Onam rahmatli: qiz bolaga do‘ppi ot, yiqilmasa erga ber”, derdilar, to‘g‘ri aytgan ekanlar, u sabzi to‘g‘rashdan to‘xtab qiziga gap qotadi:
— Bilib qo‘y, hoy qiz, kollejni bitirishing bilan seni erga bervoraman. Qiz bolani tengi chiqsa — tekin ber, deganlar.
Katta ko‘zgu qarshisida qalin sochini turmaklayotgan Malohat indamaydi. Bu gapga ko‘nikib qolgan.
— Ha-a, akang bilan opangni kuydirgani ham yetar. Endi seni… Agar yaxshiroq joydan sovchi kelsa, sendan so‘rab o‘tirmayman, — Adolat opa xuddi hamma voqeaga sabzi taxta aybdorday, qattiq-qattiq taqillatib, sabzilarni shokila-shokila qilib to‘g‘ray ketdi.
Malohat bir ko‘ngli: “Yaxshiroq joydan sovchi chiqmasa-chi, oyijon unda o‘zimiz sovchi bo‘lib boramizmi?” deb hazil qilmoqchi bo‘ldi-yu, yana gap eshitib qolishini bilgani uchun tilini tiydi.
“Qiziq-a, — o‘yladi u ko‘zgudagi aksiga ko‘z qisib, — akam bilan opamning “qilmishi” uchun men jazolanishim kerak. Bu gapga nima deysan, Kamoljon?..”
Adolat opa piyoz arta turib, ko‘zi achishib, yana takrorladi:
— O‘g‘lim do‘xtirlikni bitiryapti, tanlab-tanlab qizlarning sarasidan olib beraman, deb kerilib yursam, u Roziya bilan gaplashib qo‘ygan ekan. To‘yni ham to‘yga o‘xshatmay, “vecher” qip qo‘yaqoldi. Mahalladagilar hali ham ta’na qilishadi. Tag‘in uch kun o‘tmay, yetaklashib Angrenga ishga ketishdi. O‘g‘il boqib, kelinni xizmatini ko‘rmay men qolaverdim…
Adolat opaning ko‘ngli buzildi, tomog‘i achishib, ko‘ziga yosh oldi.
Ko‘ylagiga ixlos bilan dazmol urayotgan Malohat endi jim turolmadi:
— Voy, oyijonim-ey, o‘zingiz yaqindagina borib, kelinoyimni maqtab keldingiz, zavodda muhandis ekan, tuppa-tuzuk yashashyapti, deb.
— Men Roziya kelinoyingni yomon deyayotganim yo‘q, — Adolat opa yonidagi sochiqqa ko‘z yoshini artdi. — Uzoqdaligi yomon. Bittayu bitta akang… Opang-chi?! Opangga Buxoroda nima boriydi. O‘sha buxorolik boshini aylantirib olib ketdi.
Malohat qiqirlab kulib yubordi:
— Voy, oyijonim-ey, axir institut ularga yo‘llanma berdi-ku!
— Sen qiz, aql o‘rgatma! — Adolat opaning ovozi bo‘g‘ilib, astoydil xafa bo‘ldi. — Ha, bilib qo‘y, bugun bitirsang, ertaga to‘y boshlayman… Ke, qo‘y borma, tug‘ilgan kuniga ham…
Malohat yugurib kelib, oyisining bo‘ynidan quchib yuzidan o‘pdi.
— Jo-on oyijon, o‘rgilay oyijon, mendan sirayam xavotir olmang. Men sizni eng aqlli qizingiz bo‘laman. Aytganingizni qilaman. Xo‘pmi? Yubora qoling?
Qizning momiq qo‘llari, yuzlari, mayin ovozi onaizorning baxmal yuragini yumshatib yubordi.
— Mayli, tez qaytgin, — dedi sabzi-piyozni yig‘ishtirib o‘rnidan turarkan.
Malohat nozik qomatiga yarashgan belburma qizil shohi ko‘ylakda loladek tovlanib chiqdi-ketdi.
G‘ir-g‘ir shabada qaynoq dilga xush yoqdi. Bahor kelyapti, bahor! Bunchalar chiroyli fasl bu. Hademay daraxtlar gullaydi. Meva tugadi. Biz esa kollejni bitiramiz. O‘shanda… o‘shanda oyijonimning aytgani bo‘ladimi? Nahotki?!
Malohat xayol og‘ushida borarkan, yonginasida tanish ovozni eshitib to‘xtab qoldi.
— Salom! — Kamol sho‘x jilmayib, entikib qo‘l uzatdi. Qiz shoshib qo‘l berdiyu, ichida o‘zini koyib, yana darrov qo‘lini tortib oldi. Haligina sinfda birga o‘tirgandi, yana salomlashishga balo bormi?
Kamol jilmayib, xuddi sog‘inib qolganday qizga tikilar, ko‘zi-ko‘ziga tushganda lov qizarib, yerga qarardi.
— Hm-m, nima qilib yuribsiz? — dedi Malohat kulib, yo‘lida davom etarkan. — Tog‘amning qizi tug‘ilgan kuniga sizni aytmovdi, shekilli…
— Bazmga aytmagan, lekin sizni kuzatib qo‘yishimni tayinlagan, — hazil qildi Kamol.
— Ho-o, yolg‘onchi…
Malohat jimgina borarkan, oyisini eslab vahimaga tushdi. Bu yigitga bor gapni aytib qo‘ymasa bo‘lmaydi.
— Meni kuzatmang… Ovora bo‘lasiz, — dedi qiz jiddiy, — Men… ota-ona ra’yi bilan, faqat ular istagan kishiga turmushga chiqadigan qizlardanman…
Kamol to‘xtab qoldi. Rangi o‘chdi. Hazil qilyapti deb o‘ylab, bazo‘r iljaydi.
— Rostdanmi?.. Hech o‘xshamaysiz.
— Onam ham, buvim ham ko‘rmay-bilmay erga tegib, tuppa-tuzuk yashashyapti. Men nima, yashay olmaymanmi?
— Hm-m, juda qiziq.
— Nimasi qiziq. Akam bilan opam o‘zlari topishib, turmush qurishdi. Lekin yetti qavat osmonga chiqib qolishgani yo‘q-ku. Qaytanga oyim xafalar.
— Inson ko‘ngil qo‘ygan odami bilan yashashi kerak, — Kamolning ovozi titradi…
Malohat uning holatini tushunsa-da, indamadi. Kamol yana davom etdi:
— Yana, bilmayin bosdim tikanni, tortadurman jabrini, deb yurmang!
— O‘z yo‘limni topib olaman! — Malohatning jahli chiqdi. — Ana, Dilbarning uyi… Keldik. Sinfdosh sifatida kuzatib qo‘yganingiz uchun rahmat! Xayr!
Malohat chopib ketdi. Kamol uning ortidan qarab, allanechuk yuragi achishib, achchiq tug‘yonda o‘rtandi.
 Daraxtlar gulga burkangan kunlar. Kollejda imtihonlarga tayyorgarlik boshlandi. Malohat o‘rtoqlari bilan kechgacha dars qilar, uydagi gaplardan bexabar.
 Adabiyotdan yozma imtihonni a’loga topshirgan Malohat Kamolning “biroz qoling, gapim bor” deganiga quloq solmay, uyga qushdek uchib keldi-yu, ostonada to‘xtab qoldi. Uch-to‘rtta begona xotinlar. Dasturxon noz-ne’matga to‘la. Malohat g‘alati bo‘lib ketdi. Ayollar unga boshdan-oyoq tikilib, aylanib-o‘rgilishdi.
Malohat qandoq o‘z xonasiga kirib borganini bilmaydi. Qiziq, bu ayollar mana shu uyda qiz borligini qaydan bilisharkin? Kamol! Nega shu topda ko‘z o‘ngimga kelding, Kamol?! Nima? Senga hech qanday va’da bermagan bo‘lsam. Meni tinch qo‘y, Kamol. Xayolimni band qilma!
Qiz allanechuk yuragi g‘ash bo‘lib yurib, imtihonlarni topshirdi. Nihoyat, attestatini olib, quvonch bilan uyga kirib keldi.
— Oyijon, attestat oldim! — U shunday dedi-yu, onasining gapini eslab yuragi shig‘illab ketdi. Adolat opa qizini bag‘riga bosib, tabrikladi. Yuzlaridan o‘pdi. Keyin kursiga o‘tirib qandaydir istihola bilan gap boshladi.
— Endi… oy qizim, shirin qizim. Onangni hafa qilma. O‘sha gap-gap. Biz dadang, amaki, xolalaring bilan maslahatlashib, bir joyga haligi… seni…
— Axir, oyijon! — Malohat cho‘chib ketdi. — Men o‘qishga boraman-ku!
— Gap qaytarma. — Adolat opa titray boshladi. Ko‘ziga yosh oldi. — Ular seni o‘qitishadi. Va’da berishyapti. Juda yaxshi joy. Uy-joyini borib ko‘rdim. Shunday quda bo‘lsa, deb yurardim.
— Va’daga ishonib bo‘ladimi, oyijon. Hayotda ko‘ryapsizu nima bo‘lishini.
— Undoq dema, jon qizim. Sen ham akang, opangga o‘xshab meni kuydirma. Shundoq qo‘shni mahallaga — yaqinimga tushasan. Kuyov bechora qo‘ydek yuvosh emish. O‘ziyam… bir nima boshliq ekan. Jon qizim, men bir orzu-havas ko‘ray!..
Malohatning hushi boshidan uchdi. Nima qilsin? Nahotki endi u ham onasini yig‘latsa? Qani, bir tavakkal qilsin-chi. Balki, uni baxt kutib turgandir.
— Bilganingizni qiling, oyijon, faqat yig‘lamang! — Malohat shunday dediyu qo‘l siltab, ichkari kirib ketdi. O‘zini karovatga tashladi.
Adolat opa sevinganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. To‘yga tayyorgarlik boshlanib ketdi.
Malohat ichiga chiroq yoqsa, yorishmaydi. Ko‘ngli g‘ash. Kamolga aytsinmikin? Sinfdoshlariga bildirsinmikan? Yo‘q, aytmaydi. G‘alayon ko‘tarmaydi. Shu paytgacha sinfdoshlar uni har qanday muammoni o‘zi hal eta oladigan qiz deb bilishgan…
— Ko‘p o‘ylanma, jon qizim. Mayli, kuyovni o‘z ko‘zing bilan ko‘r. Gaplash. Men aytdim quda tomonga, biz unaqa juda eskichasiga ish tutmaymiz, dedim. Ertaga kuyov xiyobonning oldida seni kutadi. Cho‘chima, jon qizim. Kuyov bola bahosi yo‘q emish… O‘z ko‘zing bilan ko‘rgin, hali…
Malohatning ko‘zlari charaqlab ketdi. Nahotki, u bilan ertaga uchrashsa? Qanaqaykin? Ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘ldi. Nuqul Kamolni tasavvur etaverdi.
Ertasiga Malohatni yigitning ammasi kelib, boshlab ketdi. Malohat xuddi isitma tutgan odamdek qaltiraydi, oyoqlari orqaga ketadi.
— Huv ana, Malohatoy, tol tagida, kepkali yigit, o‘sha! — dedi ayol.
O‘rta bo‘yli, ko‘rinishi salobatligina. Faqat xiyol semizroq. Qosh-ko‘zlari ham popukdekkina shekilli.
— Mana, Akbar, Shiriningni olib keldim, endi Farhod bo‘l! Men ketdim.
Ular qo‘l berib ko‘rishdilar. Lekin Malohat negadir o‘sha ayol bilan birga ketgisi kelib, u tomon bir talpindi-yu, yana sir bosib indamadi. Yerga qaradi.
— Yuring, — dedi Akbar qizdan oldinroq qadam tashlab, — kino boshlanguncha muzqaymoq olib beraman.
— Yo‘q, yomon ko‘raman, — dedi Malohat. Aslida esa muzqaymoq uning joni edi.
— E, yuravering. Yuragim o‘tdek kuyyapti. Bugun ish ko‘p bo‘ldi-da, — Malohat yigitning “yuragim kuyyapti” deganida butunlay boshqa ma’no kutgan edi. Lekin…
Yigit keta boshladi, Malohat noiloj unga ergashdi.
— Mana, biletning eng qimmatidan ob qo‘yganman. Chiptadan xavotir olmang.
“Chiptangizni o‘ylaganim ham yo‘q”, deb yubormoqchi bo‘ldi-yu, tilini tiydi.
Kafeda Malohat stol chetiga o‘tirdi-yu, qo‘lini chakkasiga tirab uh tortdi. Negadir uning darmoni qurib, tomog‘i qaqrab borardi. Boshi aylanardi. Akbar o‘ziga likopchaga uyib solingan va Malohatga ozroq muzqaymoq olib keldi:
— Yemiyman, desayiz ham olaverdim, ha endi quruq o‘tirmang-da.
Malohat arang iljayib minnatdorlik bildirdi.
Akbar qoshiqni to‘latib-to‘latib, muzqaymoqni liq-liq yutaverdi. U likopchaga engashganida nogoh oq ko‘ylagining qorayib ketgan yoqasiga ko‘zi tushdi qizning. Shu top yana Kamolni esladi. Uning hamisha toza kiyinishi, chaqmoqdek chaqnab turishi shunday yarashadiki… Shimi hamisha dazmollangan bo‘ladi. Biroq yig‘inlarda, hatto kollej oshxonasida ham qizlardan iymanib, narsaga qo‘l uzatmasdi u.
Malohatning muzqaymog‘i erib, sut bo‘lib qoldi. Akbar “maza qilib yeb”, lablarini artmoqchi bo‘ldi-yu, ro‘molchasini topolmadi. Qo‘li bilan artib qo‘ya qoldi.
— Esizgina, yemadiz-a, — u Malohatning likopchasiga achinib qaradi. — Yuring, ketdik. Kino boshlanib qoladi.
Joylarini topib o‘tirishdi. Muzqaymoqqa obdon to‘ygan Akbar bir-ikki marta kekirib yubordi. Ammo uzr so‘ramadi. Malohat bu qoraqosh, ko‘zlari yirik yigitning odobsizligiga toqat qilolmayotganini sezib qoldi. Shu payt sho‘x kuy chalinib, film boshlandi.
Malohatning qalbi hayajon bilan kuyga qo‘shilib gupillar, tomirlarida qon jo‘sh urar edi. Ha, uning yonida yigiti o‘tiribdi. Ro‘parasida esa sevgi haqida film bo‘lyapti. Hali… Malohatning qo‘llaridan ushlamoqchi bo‘lsa-ya! Yo‘q-yo‘q!
Malohat Akbarga bir qarab qo‘ydi-yu, qo‘llarini musht qilib oldi.
Ekranda shod, baxtiyor qiz sochlarini shamolda uchirib, yigit tomon chopib borardi. Yigit xuddi keng olam kabi bag‘rini ochib, qulochlarini yozgan edi.
Malohat yelkasiga nimadir yopirilib kelayotganini sezdi. Anavi kinofilmdagi yigit kabi quchib olmoqchi shekilli, deb g‘alati bo‘ldi. Yuragi qinidan chiqayozdi. Akbar uning yelkasiga bosh qo‘yib olgandi. Sekin yelkasini tortib oldi. Akbar boshini oldinga egib mudrardi. Hademay, pishillay boshladi.
Malohatning dod deb yuborishiga bir bahya qoldi. Axir, men qanday odamga duch kelib qoldim? Qanday? Men ketishim kerak!
Qiz tishini-tishiga qo‘ydi. U kinoni emas, kino uni tomosha qilardi. U o‘rtanardi. Ajabo, men mana shu eng nozik damlarda, birinchi uchrashuvdayoq uxlab o‘tirgan kishiga tegishim kerak emish. Hali men orzularimni, shodliklarimni, muhabbatimni, tuyg‘ularimni shu bilan o‘rtoqlashishim kerakmi? Yo‘q, yo‘q, bu bilan hech narsani kelishib bo‘lmaydi, hech narsani!
U shu paytgacha dunyodagi hamma yigitlar ham Kamolga o‘xshaydi, deb o‘ylardi. Yo‘q. Kamol yagona ekan. Kechir meni, Kamol!
Nihoyat, film tugadi. Chiroq yondi. G‘ala-g‘ovurdan Akbar uyg‘ondi. U yoq-bu yoqqa alanglab, qizga ko‘zi tushdi.
— Ie, uzr. Mizg‘ib qolibman. Bugun ish ko‘p bo‘ldi-da, bilasizmi, bugun bazaga…
Malohatning tinglashga toqati yo‘q. Shahd bilan oldinga intildi. Tashqariga chiqishlari bilan u Akbarning ro‘parasida to‘xtadi. G‘azab bilan unga tikildi.
— Siz bilan o‘tgan ikki soat vaqtimga achinaman. Xayr! — dedi-yu, o‘girilib oldinga tez-tez yurib ketdi.
Malohat uyga xuddi birov quvib kelayotgandek, nafasi tiqilib kirib keldi. O‘zini ichkariga urdi. Karovatga o‘tirdi-yu, o‘krab yig‘ladi.
Adolat opaning o‘takasi o‘ttiz bo‘lindi. Orqasidan chopib kirdi.
— Hay, bolam. Nima bo‘ldi? Nima qildi senga? Voy, sho‘rim!
Malohat ko‘zi to‘la yosh, onasiga qaradi.
— Oyijon, meni kechiring. Men u to‘nkaga turmushga chiqolmayman. Yo‘q, sira ham. Men ham akam, opamga o‘xshashni istayman…
U onasining bag‘riga singib, to‘yib-to‘yib yig‘ladi. Qizining ko‘z yoshlari onaizorning qalbini o‘rtab yubordi. Eh, onani yaratmasin ekan. Adolat opaning ko‘zida yosh, qizining peshonasini silar, uni qandoq ovutishni bilmas edi…

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 17-son