Salomat Vafo. Muqaddas manzil (hikoya)

«O‘ldirsang, o‘zingni o‘ldirding faqat,
Assalom alaykum, dorning og‘ochi».
Rauf Parfi

Xayollar iskanjasida kolgan ayol, deraza tabaqasi kuchli shamoldan taraqlab yopilgach, o‘ziga keldi-da, og‘zini qaldirg‘och palaponiday ochib yig‘layotgan bolasiga ko‘zi tushdi. Ongi, shuuri ruh sipohiylariga asir tushgan bo‘lsa hamki, bolaning, onam qani, deganday chinqiriqlari vujudiga kuyulib, mammalarining uchi jimir-jimir etib ketdi. Yetmish ikki ming tomirning qat-qatlariga yashirinib yotgan qondoshlik, yaqinlik, onalik tuyg‘ulari jo‘sh urib, bir kaft durni avaylagani kabi, uni qo‘liga oldi. Bolaning arazlaganday chimirilgan qoraga moyil qoshlari ostida, onasining aziz boshiga qora kun solgan, hayot jilg‘alarini ters oqizgan, umrining navqiron chechaklarini qorasovuq kabi urgan kimsaning — pahlavonning otalik qoni, yigitlik joni yashiringan edi. Qarg‘ishning qatronlariga noyil o‘sha inson qiyofasi xotirasida bo‘y bergani zamono, go‘dagining bexos yerga tushib ketishidan xudoning o‘zi bir asrab qoldi.
Go‘dagini asragan xudo nega uning o‘zini asramadi ekan? Nega so‘qir bandada lahzalik farog‘at va istaklariga asir bo‘lib, xudpisand yo‘llarning g‘ayriligiday, ayrilig‘idan ogoh etmadi ekan?
«Axir, o‘zingga sig‘ingandim-ku yaratgan egam»…
Derazadan ko‘rinayotgan ko‘kning bir parchasiga tikilib, yig‘lay-yig‘lay qaqshagan, mulki talon bo‘lgan ko‘ngilning chuqur-chuqur qatlamlari sim-sim og‘ridi. Uzoqlarda ko‘r kampirday nursiz «ko‘zlari»ni tikayotgan ko‘p qavatli uylarga, qora dengizday vahimali chayqalib yotgan yaxlit ko‘kka qarab: «Bu yerlarda ne… yeb yuribman!» deya, qalbini parmalovchi savolni yuzinchi, minginchi marotaba berdi…
O‘zi bu, Tufajon deganimiz, qizaloqligida ham anoyi edi. Kechgan umri davomida, qishlog‘ida mavjud bo‘lmagan allanarsalarga o‘ch yashadi. Yangalarining ko‘ylaklarini yashirincha kiyib, akalaridan omonsiz kaltaklar yeb, ruhiga qiynoqli zarbalar yetgan bo‘lsa ham qashshoqlik va xo‘rlikka bo‘y bermay, atrofidagi g‘arazgo‘y, badxulq odamlarni saodatmand asilzodalarday yanchib yashadi. Go‘yo taqdirning bu o‘yiniga serfarzand onasi, traktorchi otasi aybdorday, ularni va o‘zini o‘n yetti yil qiynab yashadi. O‘sha kezlari Yaratgan ham, «ol, qulim» dedi: o‘ziga to‘q, badavlatgina uydan sovchi chiqdi. Yigit Tufaning go‘zal suvratiga, jon olguvchi ko‘zlariga, mag‘rur va sitamli so‘zlariga asir bo‘lib, qizning yo‘lida majnunday kezdi.
To‘yni bo‘lar-bo‘lar, Allohning tuni kunduzga do‘nar-do‘nar kunida, oraga qalin mojarosi tushib, qalliqning onasi: «Asli, bular pastda», dedi. Qizidayin atvori og‘ir, oriyati qattiq otasi, bo‘g‘zini bo‘g‘ib yotgan qarzlarni uzolmagan bo‘lsa ham, sarpo-suruqlarni o‘rab otdi. Umid bilan bog‘langan baxt rishtalari uzildi.
Fotihasi buzilgan qizning baxti buziladi, degan irim falak toqida ijobat bo‘lib, beti qattiq, so‘zamol sovchi xotinlar ularning ostonasidan qadamini tortishdi. Charxning bevafoligidan qalbiga sitam yetgan qiz, o‘qish mavsumlari tugagan bo‘lsa ham, etagini qoqib uyidan chiqib ketdi.
Ul kunlarda Ashur degan bir hamqishlog‘ining yordami bilan ishga joylashdi va Muhammadkarim degan ko‘nglining ozori, muhabbatining mozori bilan tanishdi…
Tufa xayol dengizidan arang uzilib, yoshli mijjalarini artdi-da, issiqqina mammani so‘rib, bu dunyo nayranglaridan bexabar yotgan bolaga tikildi. Ko‘zidan shashqator yoshlar oqib, bolaning o‘zi kabi yoqimli qop-qora sochlari ustiga tushib singdi. Barcha ko‘rgiliklarining aybdori, qo‘lining kishani, oyog‘ining tushovi, hali nomsiz go‘dakka yovdayin tikildi. Axir shu jonzot erkini bo‘g‘maganda qaylarga bormasdi, nelar qilmasdi? Muhammadkarimdayinlarning yana qanchasi oyog‘iga yiqilardi? Ul bevafoning boshiga ne kunlarni solgan bo‘lardi. Bolani jamiki sitamlar, qayg‘ulari, yozmishlari uchun qora kunlarga qo‘shib qarg‘adi, qarg‘ayverdi. Illo, kechagi kun uchun imkoni yetgani qarg‘ash, kuchi yetgani shu arzon ko‘z yosh edi.
Haqiq nurlar sochayotgan televizor ustidagi guldonda, hayotning go‘zalligi, umrning betakrorligidan dalolat berib, salqam bir quchoq, gul yashnab yotardi.
«Muhammadkarimning guli!»
«Muhammadkarimning tuhfasi».
«Muhammadkarim — qalbining ozori».
«Muhammadkarim — sevgani, kuygani».
«Muhammadkarim — orzusi, armoni».
«U sevib to‘ymagani, ko‘rib bilmagani.»
Ayolning ko‘z yoshlari bahoriy chechaklardayin sochildi. Ayolning ko‘z yoshlari sut isi kelayotgan libosiga yog‘duli mix bo‘lib sanchildi. Bu yoshlar sevinch, entikish yoshlari emasdi, o‘zi baxt bilgan narsaga ochilgan aza edi. O‘tgan kunlarni, yuziqoraliklarni o‘ylasa, ruhini sharmisorlik o‘ldiradi.
Ba’zan mardlik bilan tan olardi: umrining eng go‘zal, eng qora damlari o‘shal mash’um ondan boshlangan bo‘lsa ham, Tufa xuddi shu paytni entikib-entikib, sog‘inib-sog‘inib, dillari og‘rib-og‘rib eslardi.
…Mashina havo dengiziga to‘sh urgan ulkan samandar qushday uchib ketdi. «Kema ichi»ni eron xonandasi Gugushning subhi sabosidayin mustar, dard-hasratga to‘la ovozi tutdi. Ko‘ngliga qiyomat solgan inson sifatidagi hurzodni ko‘rmoq niyatida u peshoynaga tikildi. Ko‘zguning ikki tomonida ikki rang nigoh: birida to‘qlikdan bezgan yo‘lovchi, ikkinchisida qorachiqlarining ichida baxt va farovonlikka tashnalik, muhabbatning Xorazm kabi qadimiy, turk ayollardayin suyumli qo‘shiqlarini kuylayotgan ko‘zlar, ishq manzil topgan qorachiqlar yonib turardi.
Gugushning telbavor, fusunkor, mastona ovozi ul yigitning keng yelkalarida, Tufaning quloqqa aylangan vujudida ham qo‘nim, osoyish topmayin, «kema» ichida giryon kezardi.
«Tufajon! Imoni, muqaddas manzillari xarob bo‘lgan, kimligini bilmagan, asrlar o‘tida kuygan turkiy qavmning ey erka bolasi! Atrofingga qara, hur tug‘ilgan ko‘zlaringni och! Ne edi u izlaganing, jahonni kuzat! Bahodir erkak! Axir, shul emasmi izlaganing, qidirganing, qashshoqlikdan, yo‘qlikdan bezgan, qo‘pol so‘zlardan qovjirab, egasiz manzilday huvillagan, qo‘mondonsiz kemaday tiyra qalbning malhami! Ismidan boshqa hech narsa bilmaydiganing — notanish inson shu emasmi? U uylanganmi, uylanmaganmi, mayparastmi, maishatparastmi, qotilmi, yurtdan quvilganmi — baribir emasmi, muhimi, seni panohiga olgani, paxta dalasida yaraga aylangan ko‘nglingni shu yurtning egasiday bir oz (ko‘p emas) ko‘targani…»
Ishq karvonining sarboni Gugush esa hamon, jahon tillarida turlicha atalsa ham, lek dardi, hijroni, sitami bir xil kechadigan ko‘hna muhabbat va ayriliq haqida kuylardi, kuylayverardi. Kema sohibi ham bu go‘zal qushchaning erkka o‘chligini, saodatga zorligini juda aniq bilib olmoqchiday, ora-sira peshoynadan qarab, jimgina ketardi.
Quyosh nurlaridan yog‘du olgan oy yuzliga qotmoqqa shaylangan, sohibing kulgan qorachiqlari peshoynada ko‘rindi-da:
— O‘qiysizmi,— degan ovozi eshitildi.
«Eh, bu ovozlar! Yurakning ishonch saltanatiga yo‘l olgan ovozlar!» Yigitning o‘qishdan gap so‘rovidan eridi — tasavvurini buzmaslik uchun «ha», deb bosh silkitib qo‘ydi.
— Ismingiz?—so‘radi yigit yana peshoynaga tikilib.
Qiz ismini aytishga istihola qilib. «Tufa» deb nom qo‘ygani uchun onasini ham ichida bir koyib oldi. Jimlikni boshqa narsaga yo‘ygan yigit o‘zicha fol ocha boshladi:
— Lola?
— Yo‘q.
— Barno?
— Boshqa.
— Xorazmiya?
— Yo‘q.
— Shahzoda?
— Butun o‘zbek ismlarini aytganingizda ham topolmaysiz.
— E, shunchalik zo‘rmi?
— Zo‘r.
— Kim?
— Toping-da.
— Qishloqlarni ham berdim-ey.
— Sizniki-chi?
— Bilasiz-ku.
— Rosti?
— Muhammadkarim.
— Inondim.
— Ayting, axir!
— Meniki…
— Mushkulmi aytish?
— Mushkul.
— Kim axir?!
— Tupa?!
— Hovva.
— Ibiy!
Tufaning yuragidan allanarsalar uzilib, shu bilan hammasi tamom bo‘ldi, deganday bosh egdi.
— Onam bilan adash ekansizlar…
Uni ko‘rdi, bildi, shu kundan go‘yo sarxushlik holati boshlandi, ya’ni, o‘zini-o‘zi tark etdi. Shahar chekkasidagi yozgi ovloq oshxonada dugonasining tug‘ilgan kunini nishonlaganida, ikki qiz «ochil dasturxon» atrofida paydo bo‘lib qolgan devonaday dovdirashdi. Ularning ajablanishini ko‘rgan Muhammadkarim kuldi-da: «Bu dunyoda hech narsa insondan aziz emas, kimni xudo suyumli qilib yaratgan ekan, u siylanmog‘i kerak», dedi.
Qizaloqlar bunday gaplarni anglaydigan ahvolda emasdi, ular asalari bolni o‘zi yig‘ib, bir kuni o‘zi botib o‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilolmasdilar.
Juda shirinsuxan, qay bir ma’noda bilimli, allaqayoqlarda geolog bo‘lib ishlaydigan Muhammadkarimning xotamtoyligiga, tantiligiga ko‘p marotaba asir bo‘lgan Tufa, uni hech bo‘lmaganda badavlatligi uchungina hurmat qilish mumkin, deb o‘ylardi. Chunki qishloqdagi otasi o‘zidan o‘n besh yosh kichik bo‘lgan Karim kassirga salom berib, ikki bukilib qolay deydi. Umuman, u yashagan jamiyatda kimda pul bo‘lsa, o‘shanda huquq bisyor edi. Pulga hamma narsani sotib olish mumkin edi…
Tufa esa bora-bora shu «kiborona» hayotga o‘rganib qoldi. Dunyoning to‘rt fasli aylangan qora mehnat burji hisoblanmish qishloqda kechgan umr sahifasini bir emranish bilan pora-pora qildi. Zotan, bir narsa uchun ikkinchi narsaning qurbon bo‘lishi, poydevor esa hamisha neningdir ustida buned bo‘lishi hayotiy qonuniyat edi.
Voqealar oqimi ul mudhish kunlarga yaqinlashgan sayin, ko‘z oldidan xaroblikka, abgorlikka yetaklagan lahzalar lip-lip o‘ta boshladi. «Muhammadkarim — azizi, baxtiyori, suygani, kuygani, to‘ygani…»
Uning uylanganini, bolalari borligini bilardi. Bilgani bilan buzilgan baxtining alamiga qasma-qasd, kun sayin uning ko‘ngil qal’alarini ishg‘ol etdi. O‘zi ham bangiday o‘rganib qoldi. So‘ng asal oyining tarovatli kunlaridayin umidli damlar boshlandi, ana shu onasini tinchgina emayotgan bolakay vujudidan panoh topganidan so‘ng, Muhammadkarim ham barcha kitob va sarguzasht kinolaridagi kabi o‘zgarganini qanchalar yashirishga intilgani bilan, sirlari oshkor bo‘laverdi. So‘qqabosh bir ayolning uyida tuqqanidan so‘ng, shahar chekkasidagi shu xilvatxonaga tashlab ketganiga ham o‘n kunlardan oshib qoldi. Naql qilganlaridek, bu bola onasining qornida paydo bo‘lganidan so‘ng ko‘p mojaralar chiqardi: bolani oldirib tashla deb, Muhammadkarim qanchalar tavallo qilgani sayin, Tufa odaticha oyoq tirab qaysarlik qildi. «Ayni o‘ynaydigan kunda senga bolaning nima keragi bor? Axir o‘zing bolasan-ku!» degan yalinishlariga quloq solmadi.
Ul kishi o‘sha ginalar uchun o‘ch olishga shaylangan kimsaday, qadamiga zor etdi. Ul kishi o‘tgan kunlarni, qovushgan dillarni, bir-birin orzulagan tunlarni unutib, badar ketdi. Shundan buyon ayol eshikka, tildan qolgan qo‘ng‘iroqqa umid bilan ko‘z tikadi. Soatlar, lahzalar uning bardoshini sinamoqchi bo‘lganday, sudralib-imillab aylanaveradi…
Umidi sarobga aylangan Tufa uxlamay ozor berayotgan, kechadan buyon ingrayotgan bolasini ko‘tarib, bir yo‘lovchi mashinani to‘xtatdi-da, kasalxonaga bordi. Sochi oqarib, qalpog‘ining rangi bilan birlashib ketgan ayol bolani ko‘rib, bosh chayqadi.
— Rasmiylashtiraylik,— dedi.
— Nimani rasmiylashtirasiz?
— Bolani-da.
— Ha-a,— dedi garang holda Tufa.
— Oti kim ekan bu toychoqning?
— Oti…—Tufa bolasini tunlari ne-ne ismlar bilan atagan, suygan bo‘lsa ham, tuyqus savoldan gangib qoldi.
— Oti, familiyasi bordir axir?
— Bor, bor,— dedi bolasini birov tortib oladiganday jonholatda g‘ujanak bo‘lib.
— Kim?
— Muhammadyoqup Karimup.
Tufaning gangib-adashishlaridan, poyintor-soyintar gaplaridan shifokor ayolning ko‘ngliga shubha tushganligi kulib turgan yuzining tundlashganidan bilindi.
— Yotmasangiz bo‘lmaydi?
— Qayerda yotaman?
Ayol ko‘zoynagini zarda bilan olib, piching aralash:
— Bannisada!—dedi.
— Nega, axir?
— Qanaqa ayolsiz o‘zi?
Sukut.
— Bolangizni qulog‘i yiringlab ketibdi. Nahot shunga ham farosatingiz yetmasa?
— Yetadi.
Ayol shubhali ko‘zlarini Tufaning oqarib ketgan yuziga tikib:
— Bola o‘zingiznikimi?—dedi.
— Him… m.
— Unda, guvohnomasi qani?
Tufa lol bo‘lib yerga boqdi. Titrog‘ini zo‘rg‘a bosib, ingrab yubormaslik uchun labini qattiq tishladi. Oraga noqulay, hijolatli sukunat cho‘kdi. Ayolning yillar iz solib ketgan yonoqlarida, sovuq boqib turgan osiyocha katta, qora ko‘zlarida jirkanishga o‘xshash bir narsa zohir bo‘ldi-da:
— Tuqqandan keyin boqishni ham bilish kerak,— dedi qat’iy ohangda. Xo‘rlik va alam o‘tidan tanasi tobga kelgan tandirday qizigan Tufa bolasini bag‘riga bosganicha, Turkistonning qaynoq quyoshiga cho‘milib yotgan shaharda, turfa xil kiyingan olomonning dengiz guvillashini eslatuvchi g‘ovuridan karaxt holda allaqayoqlarga boshlayotgan oyog‘ining izmiga bo‘ysunib ketaverdi, ketaverdi.
Ko‘p qavatli uylarning tubidan chayqalib oqayotgan asov daryo kabi yo‘ldan mashinalar yalt-yalt o‘tar, sharqning issig‘iga chidolmagan musofir kishilarning yarim yalang‘och qizg‘ish tanalaridan chiqqan ter, issiqda kuygan havoga qo‘shilib dimoqqa urilardi. Allaqayerdan, shovqin-suronlar orasida uzilib-uzilib nomi qulog‘iga urilganday bo‘ldi: «Tupa… a!..»
Ayol murdaday oqarib ketgan yuzini ovoz kelgan tomonga burdi. Bir paytlar o‘zini ishga joylashtirib qo‘ygan Ashur qarshisida turardi. Yonida uning bariga yopishib olgan, kasalligidan yaxshi o‘smay qolgan, boshi xumday o‘g‘illari, bir to‘rxalta muzlagan baliq ko‘tarib olgan, yuzini dog‘ bosgan, qorni do‘mpaygan xotini.
— Bormisan-ey, Tupa?!—hayqirib yubordi, xursandligini yashirolmay Ashur. Tupa o‘zining hozirgi ruhiyatiga teskari: bu qichqiriq va xursandlikdan ozorlanib alamli qaradi. Bir o‘ris kampirning uyida uch bolasi bilan bir xonada tiqilib yashayotgan, bu qashshoq hayotidan shod va baxtiyor hamqishlog‘ining gaplariga ijirg‘andi. Uning so‘ylashni, kulishni yoddan chiqarayozgan quruqshagan lablari arang harakatga kelib pichirladi:
— Nichiksiz, Ashir og‘a?
Vaqtixushligi, shodligi yuzidan shundoqqina bilinib turgan lachoqqina qora odam og‘zining tanobi qochib so‘rashdi:
— Tanimaydigan bo‘lib, o‘zgarib ketibsan-a?
— O‘zgaribman?
— Chiqon*laringni ko‘rdingmi?
— Qaysi?
— Hov, o‘qishga kirolmay yiqilib ketgan-chi? Tufa bosh chayqadi va:
— Nega kelishgan ekan,— dedi.
— Sayohatga ketayotgan ekan. Iya, bu kim bo‘ldi?—deya Ashur bo‘ynini cho‘zib, Tufaning qo‘lidagi chaqaloqqa qaradi.
— Bu… bu qo‘shnimning bolasi.
— Qaysi qo‘shningni?— yana so‘radi xuddi taniydiganday.
— Yon qo‘shnimning.
Ayol allaqaysi zavodda moylovchi bo‘lib ishlaydigan Ashurdanmi, yoki issiqda erib yotgan asfaltdan kelayotgan badbo‘y hiddanmi ko‘ngli ag‘darilib, «baxtiyor» oiladan zo‘rg‘a ajraldi. Olti-etti oy ilgari chiqqanida sollona-sollona qadam tashlaydigan yo‘lda turib, mashina to‘xtatguncha, miyasidan issiq o‘tib, turtsa yiqilgudek holga keldi. Mashinada ham yuragi: «Muhammadkarim kelib kutib o‘tiribdi» degan o‘y bilan hapqirib, bezovtalanaverdi. Ko‘p azoblarda ijara uyga yetib kelganida, bir-biriga suykalib o‘tirgan ichkilikboz o‘ris qo‘shnisidan boshqa kimsa ko‘cha betida ko‘rinmas, hammayoq huvillagan, fayzsiz edi. U qizib yotgan oyoq ostidagi tuproqqa tikilib, uyning oldiga yaqin orada mashina kelmaganini sezdi. Hatto sal narida pashsha bosib, tog‘day uyulib yotgan axlatni ham olib ketishmagan edi. Ertalabdan buyon tuz totmaganini eslab, ko‘cha burchagidagi xarob uyda ochilgan oziq-ovqat do‘koniga kirdi. Burni cho‘michday arman sotuvchisi yopishqoq doriga botib turli xil nolakor ovozlar chiqarayotgan pashshalarn
i tomosha qilib o‘tirardi. Tufa baliq konservalari taxlab tashlangan, choy qutilarini chang bosib yotgan peshtaxtalar oldida serrayib turgach, qotgan teshikkulcha bilan bir quti qand oldi. Shu on sotuvchi o‘layotgan pashshalarning ovoziga monand tovush bilan:
— Qand — taloni borga sotiladi,— dedi,
Ayol qandni olgan joyiga qo‘yib, do‘kondan mulzam bo‘lib qaytdi.
Ko‘hna qulfni urina-urina ochib, ichkariga kirganida burniga zax va turib qolgan rutubatli havo urildi. Yig‘lay-yig‘lay horib qolgan o‘g‘lini yotqizayotib ko‘zi tinib ketdi, bolaning ustiga yiqilishiga sal qoldi. Bu kimsasiz uylarda dilining ozori Muhammadkarimni eslatib turgan nastarin gullar barq urib turgan guldonning suvini ixlos va sog‘inch bilan almashtirdi. Shu on uyg‘onib qolgan bola: xazon umrining xazon muhabbati chirillab yig‘lay boshladi. Bir piyola choy ichish ilinjida oshxonada yurgan Tufa hasratga to‘lib, bolasining qoshiga qaytdi. Bolakayning bo‘yin ostlari shishib, qizarib ketgan, allanedan qo‘rqqanday, allaneni kutganday, qo‘llarini osmonga ko‘tarib yig‘lardi. Eshigi mixlab tashlangan uychadanmi, allaqaydan g‘alati-g‘alati unlar qulog‘iga urilganday bo‘ldi:
«Tufajon! Orzusi pok, dili armonlim! Tufajonim-ov. O‘rtanma-yov. O‘shanda farishtalar omin deganda, yor-yor aytilganda, bundayin yurmasmiding-ov, qo‘zim-ov! Ey, orzusi muhabbat, panohi armon bo‘lgan turkiy elatning erka bolasi! Qani, dilingdagi rostini ayt-ov: sochining oqida pullilar oldida qulday bukilgan otangni, turmush azobidan boshqa hech narsani bilmagan onangni baxtbuzar, deyishga tiling boradimi? Ayt, unda gunoh kimda-yov, jigarim-ov? Otangda ne ayb bor, bovrim-ov, onangda ne ayb bor xumorim-ov? Kim seni fitnagar shaharga chiqardi, kim seni tunning buzuq ko‘chalariga yetakladi? O‘n sakkiz yoshingda boshingga bunday ko‘rgilikni solgan dunyosiga o‘t tushsin-ov, paymonasi to‘lsin-ov, uyi kuysin-ov!..»
Tufa o‘zining telbavor holatidan cho‘chib, big‘illab yig‘layvergan bolasini ovutmoq, cho‘miltirmoq niyatida oshxonaga o‘tdi. Bir qarashda qip-qizil qon rangini eslatadigan yelim tog‘orani xontaxta ustiga qo‘ydi. Qopqog‘ini shaqirlatib qaynayotgan qora sirli chovgumga uzoq tikilib turdi. So‘ng yig‘layverganidan engaklari qaltirab, hali bir kun pahlavon yigit bo‘lib qizlarni beomon kuydiradigan go‘dakni qulog‘iga suv kirmasin uchun, bosh ostiga paxmoq taglik qo‘yib yotqizdi.
Shu on uning asov, yovvoyi ruhi qahrning uchqur otiga minib oldi. Tog‘ora ichida qaldirg‘ochning polaponiday qaqshab yotgan bir burda go‘sht qo‘lining kishani, oyog‘ining tushovi, totsiz umrining ismsiz gunohiga yirtqich maxluqdayin tikildi. So‘ng ko‘ngli ko‘ngilligidan tonib ruhi ruhligidan og‘ib, iymoni iymonligidan qolib, bor alamxo‘rlikni ko‘ngliga solib, onaligi yettinchi osmonga yo‘l olib, chovgumda qaynab turgan suvni go‘dakning ustiga quyib yubordi!..
Ul jonzotning hali millat, vatan tuyg‘usini idrok etmagan, lekin turk bo‘lib tug‘ilgan vujudidan ajralayotgan faryodlardan, talvasali qichqiriq va omonsiz ingroqlardan lazzatlangan qotilday telbavor qah-qah urib, go‘dakning ustiga ajal selini quyar edi.

_________
Chiqon — dugona (sheva).