Madaniyatning hisobchisi Mamadali bilan oshxonada uchrashib qoldik. To‘g‘risi, ishdan keyin o‘n gramm urvolish uchun kirgandim. Mamadali anchagina olib qo‘ygan ekan.
— E, shoir, shoir, — dedi o‘rnidan gandiraklab turdi.
Ko‘pchilikning diqqatini tortmaslik uchun, u tomon yurdim.
— Bomilar, bomilar? — Mamadali quchoq ochdi. Ikki kun burun uchrashgandik, ming yil ko‘rishmaganday yuzimdan o‘pti. — Oh-oh-oh! Asal, asal! O‘tirsinlar.
O‘tirdim.
— Balo ko‘rmaylik, ko‘chada o‘lmaylik! — hisobchi yuziga fotiha tortdi. Keyin stakanida ellik grammcha qolgan aroqni ikkiga bo‘lmoqchi bo‘lib, salfetka idishini oldiga tortdi. — O‘n grammdan, o‘n gramm…
— Yo‘, yo‘!.. O‘zim olib kelaman, — deb o‘rnimdan turdim.
Ikkita «yuz» oldim.
— Yo‘q, yo‘q, bu ko‘p, — Mamadali ko‘rsatkich barmog‘ini siltab, bosh chayqadi. — Men bo‘pqoldim.
— Kemaga tushganning joni bir.
— He-he, men kemaga ertaroq tushgandim-da! — u kuldi. — Bo‘pti, mayli, yigitning so‘zi o‘lguncha…
— Aroqning bo‘yni uzilsin!
— Hat-tat! Yangi gap-u! Topasizlar-da, ammo sizlar shoirlar! Bu gap uchun yana bittadan olamiz. Men eriyman.
— Yetarli bo‘ldi.
— Yo‘q! — Mamadali bufetchiga yuzlandi. — Shurik, ikkita yuztadan, — u menga qaradi. — Hozir opkeladi, hammasi taniydi meni. Bizi qishloqda yuraveradi deb o‘ylamang. Ancha-muncha tanish-bilish orttirib qo‘yganmiz. Bularning shepi bor, tillo odam! Qachon ko‘rsa, quchoqlashib ko‘rishadi. Parg‘onada bularning kattasi bor, og‘aynimiz, biladi-da shuni! Bozorkom ham yaxshi odam, so‘rashgani uzoqdan chopib keladi, mashinada ketayotgan bo‘lsa, to‘xtaydi…
— Ha, endi madaniyatda ishlaysiz, ko‘pchilikning ichidasiz…
— Ho‘-o‘, malades, tuvri aytdingiz. Hammasining xizmatini qilamiz-da.
— Turaylik endi, kun ham kech bo‘lyapti, mashina kam, qishloqqa ketishimiz bor…
— Mashina kerakmi sizga? Hozir telepon qilib chaqirtiraymi, uchib keladi, — Mamadali yana bufetchi tomon bo‘yladi. — Hov, telepon bormi?
— Qo‘ying, ovora qilmang, ketib olarmiz, turdik.
— Bo‘ldi, shoir, ammo qishloqqa borganda davom ettiramiz.
Nihoyat eshikka qarab yurdik. Ammo negadir Mamadali ortiga qaytdi.
— Bir minut, shoir, remen olgandim, esdan chiqibdi, — u ichkariga kirib, qo‘lida qayish bilan qaytib chiqdi. — Qarang, zo‘rmi? Olti mingga oldim o‘ziniyam.
— Yaxshi.
— Shuni qo‘lda ko‘tarib yurmay, taqib olaqolay-a, bir yerda qolib ketadi, nima dedingiz?— u remenni siltadi.
Javobimni kutmay, bufetchining xonasiga kirib ketdi. Dam o‘tmay qo‘lida eski qayish bilan chiqib keldi:
— Mana bo‘ldi, eskisini musir tashlaymiz! Yo sizga beraymi, shoir? Taqib yurasiz…
— Yo‘, yo‘…
Oshxona yonidagi bekatga o‘tib, mashina kuta boshladik.
— Remenni qisibroq bog‘lab olibman, sal bo‘shatmasam, belni yevordi, — deb Mamadali qayishiga yopishdi.
Ko‘zim olazarak, kim kelib qolar ekan deyman, Mamadali javrashini qo‘ymaydi.
— Hozir keladi, shoir, shoshmang. Shoshib qayerga ham borardik. Ana, anovi mashina sekinlayapti, meni tanidi, to‘xtaydi.
Ammo mashina sekinlab turdi-da, ilkis yurib ketdi.
— Tanimadi! Ammo men uni tanidim, Sultonali! — Mamadali mashinani ko‘rsatdi. — Kattaxitoydan. Savdoda ishlaydi. Meni yaxshi tanimadi, bo‘lmasa to‘xtardi. Ana, ana, bunisiyam sekinlayapti, tanidi shekilli…
Mamadali ta’kidlaganday, mashinalar negadir oldimizga kelganda sekinlab, keyin tezlab keta boshladi. Haydovchilar ham xuddi ko‘rishlari zarurday, bizga tikilib-tikilib qaray boshlashdi. Hatto orqada ketayotgan xotin-xalaj ajablanib bizga boqishardi.
Mamadalining og‘zi tinmaydi:
— Ana bu, Odiljon, Qovg‘alidan. Sekinlayaptimi, demak to‘xtaydi. Zo‘r ukamda — bu!
Odiljon ham sekinladi-yu, ammo to‘xtamadi. Uning orqasidagi bizni qo‘li bilan imlab ko‘rsatayotgan bolalarga qarab, Mamajonning zavqi kelib ketdi:
— Odil tanimadi-yu, ammo o‘g‘illari tanidi meni! To‘yida xizmat qilganmiz-da! Zo‘r o‘g‘illari bor, bittasining oti Zufar, ikkinchisiniki Zafar!
Nihoyat eskiroq bo‘lsa-da, «Jiguli» bizdan sal o‘tib, to‘xtadi. Haydovchisi mashinadan tushib, biz tomon yurdi.
— O, Olimboy, Olimboy! — Mamadali xitob qildi. — O‘tib ketganingda ham xafa bo‘lardim. Taniding-a, meni!
— Tanidim! — dedi Mamajoning quchoq ochib turganiga parvo qilmay qo‘l siltab.
— Opketasanmi, ukajon!
— Opketaman, ammo oldin jimni ko‘tarib oling! — dedi Olimboy ishora qilib.
Qarab qotib qoldim: Mamajoning yangi qayish taqilgan shimi, iligida, tuflisining ustida turibdi!
Shundan buyon meniyam ko‘pchilik taniydigan bo‘lib qoldi.
— Tumanning markazida, katta ko‘chada shimini yechib turgan odam bor edi-yu, o‘sha kishining sherigi mana shu akam bo‘lardilar! — deyishyapti.