Said Anvar. Aqli butun odam (hajviya)

Muhiddin qiziq bozor qilib chiqsa, Akram qiziq zir yugurib turganmish-da.
— Ha, og‘ayni, tinchlikmi? — so‘rabdi Muhiddin aka.
— E, o‘rtoq, kechagina o‘ttiz ming so‘mga yangi velosiped olgandim, shunday bozorga kirib chiqqunimcha o‘g‘irlab ketishibdi, — Akram aka kuyunib oshnasiga tushuntiribdi.
— E, o‘zi seni kallang yo‘q, — Muhiddin qiziq barmog‘ini siltab davom etibdi. — Ha, o‘ttiz ming so‘mga velosiped olgani yetgan aqling, yuz so‘mlik qulf olgani yetmadimi? Bitta zanjir olib simyog‘ochgami, yo birorta daraxtga qulflab qo‘yarding, oxiratgacha turardi. Ana, biznikini qara, ikki haftadan buyon turadi, birov bitta gaykasiga ham tekkani yo‘q.
Akram qiziq o‘rtog‘i ko‘rsatgan tomonga qarab o‘zini kulgidan tiyolmabdi.
— Ha, nimaga kulasan? — deb Muhiddin aka o‘zi ko‘rsatgan tomonga qarabdi-da, u ham kulgiga qo‘shilibdi. Chunki qulflangan velosipedning o‘rnida ruli, egari, qanotlari yo‘q, g‘ildiraklarsiz quruq ramaning o‘zi qulflog‘liq turardi.