Kupe eshigini ochishim bilan og‘ziga so‘rg‘ich kiygizilgan sut to‘la shishani kaftlari orasiga olib isitib o‘tirgan xotinni ko‘rdimu nima qilishimni bilmay, turib qoldim.
Xotin ham avval esankirab, keyin mayingina kulib qo‘ydi. Uning bu xil, har qanday erkak qonini ko‘pirtiradigan shayton kulgichini ilgari ham bir ko‘rgan edim. Tanimdan son-sanoqsiz chumoli o‘rmalagandek, g‘alati seskanish bilan chamadonchamni o‘rindiqqa qo‘ydimu yana xotinga qaradim. Uning tizzasida yo‘rgaklangan bola. Poyezd g‘ildiragining tovushiga quloq solib, nimalarnidir o‘ylayotganga o‘xshardi. U menga qaramay qo‘lidagi sut to‘la shishachani stolchaga qo‘ydi-da, bolani tizzasidan olib, yoniga avaylab yotqizdi. Hamma yoqni yalpiz hidi tutib ketdi.
U yoq-bu yoqqa qaradim. Darhaqiqat, stolchada bir dasta cho‘l yalpizi yotardi. Nima qilishimni, nima deyishimni bilmayman. Xotin ham betimga qarayolmaydi. Nazarimda, bu xotinning butun vujudi sirga, ko‘zlari sehrga to‘la edi.
…Men u bilan burnog‘i yili saraton kunlarining birida avtobusda uchrashgan edim. Buvaydadan avtobusga chiqqanimda yonimda bir juvon o‘tirardi. Sal yo‘l yurishimiz bilan issiqina nafas bo‘ynimga urilgandek bo‘ldi. Yo‘q, nafas emas, atirgulning bag‘ridan chiqadigan allaqanday beg‘ubor hid edi u. Qarasam, yonimda o‘tirgan xotin yelkamga boshini qo‘yib, uxlab qopti. Qo‘lidagi shohi tugunchasi oyog‘im tagiga tushibdi. Bir qo‘limni arang cho‘zib tugunchani yerdan oldimu uni uyg‘otib yubormaslik uchun qimirlamay o‘tiraverdim. Avtobus bir silkindi. Xotinining boshi sirg‘alib ko‘kragimga tushdi. O‘rimga ilinmay qolgan soch tolalari tomog‘im tagiga kelib qoldi. Shunda dimog‘imga yalpiz isi urildi. Xotinning qulog‘ida so‘lib qolgan yalpiz shoxini ko‘rib qoldim.
Ko‘pchilik o‘rtasida begona ayol ko‘kragimga bosh qo‘yib ketishidan hijolat tortib, uni uyg‘otmoqchi bo‘ldim. Sekin qulog‘iga pichirladim.
— Ko‘zingizni oching, yaxshi emas.
Xotin ko‘zini ochmadi, ingradi. Ichidan alamli bir nido chiqqandek bo‘ldi. Baxmaldek yumshoq lablari arang qimirladi-yu, suv, deya oldi, xolos.
Endi bildim. Xotin bexush bo‘lib qolgan ekan. Orqamda o‘tirgan chol dashnom berdi.
— Uka, kelinni pastga olib tushing, ko‘ngli behuzur bo‘layotganga o‘xshaydi.
Uylanmagan bo‘ydoq edim. Bu gap qulog‘imga ham g‘alati, ham allaqanday xush yoqadigan bo‘lib eshitildi.
Bu gap yonverimdagilarning qulog‘iga yetib, birpasda avtobus ichi shivir-shivir bo‘lib qoldi. Kimdir tez ketayotgan avtobusda chayqala-chayqala oldinga intildi-yu, engashib shoferga nimadir dedi. Avtobus to‘xtadi.
— Uka, kelinni issiq kunda qiynab qo‘yibsiz. Pastga tushib, suv bo‘yida picha dam olib o‘tiring. Kelasi avtobusda yetib olarsizlar.
Nima bo‘layotganini bilmasdim. Hammaning ko‘zi menda. Beixtiyor xotinni suyab pastga olib tusharkanman, qulog‘imga bir gap chalinib qoldi:
— Erining bedavoligini qarang, o‘zi oydekkina ekan, dardi borga o‘xshaydi. Eri o‘lgur muncha lapashang bo‘lmasa.
Hamma yog‘imdan ter chiqib ketdi. Bu mening xotinim emas, sizlarga o‘xshagan oddiy yo‘lovchiman, deb baqirib yuborgim keldi. Ammo yelkamga osilgan nozik qo‘llar bunga monelik qilayotgandek indayolmasdim.
Avtobus meni mutlaqo notanish, lekiniga qaraganning ko‘zini kuydiradigan husni bir jahon ayol bilan yo‘lga tashlab ketdi.
Saraton osmondan olov purkab turibdi. Uchko‘prik yo‘lidagi tollarni bilasiz. Oxiri ko‘rinmaydigan asfalt yo‘l xuddi poyoni yo‘q soyabon aravaga o‘xshaydi. Havoning dimligidan tol barglari ham qimirlamasdi. Belbog‘imni yechib, ariq bo‘yidagi chim ustiga yozdim-u, uni o‘tqazdim.
Xotin eshitilar-eshitilmas dedi:
— Nafas ololmayotibman. Shabadaroq joyga olib boring.
Bu tashvishni o‘zimga qayoqdan orttirdim, dedim-u malol kelgandek uning oppoq bilaklaridan ushlab turg‘izdim-da, bir qo‘limni belidan o‘tkazib (boshqa ilojim ham yo‘q edi), suv yoqalab olib ketdim.
Atrof jimjit. Na qush uchadi, na odam o‘tardi. Bo‘y baravar qamishlar qilt etmaydi. Yalanglikroq joyga kelib to‘xtadik. Xotin sal o‘ziga keldi.
— Voy-e, ko‘kragimga shamol tegdi-ya!
Uning tilga kirishidan sevinib ketib, asta o‘tqazdim. Ammo u hali ham astoydil o‘ziga kelmagan edi. Oyoqlarini sal bukib, tizzamga bosh qo‘yib, yarim ochiq ko‘zlarini so‘ngsiz osmonga tikkanicha qimirlamasdi. Kishi bilmas unga qarayman. Kiprik demagan qora duxobaning o‘zi. Ayniqsa chinnidek oppoq yuzida yanada qorayib turardi. Qoshi to‘mtoqroq. Oralig‘idagi bilinar-bilinmas o‘sma izi, iyagidagi tarikdek xoli, bo‘ynida qimirlamay turib qolgan ter tomchilari bemalol ko‘rinib turardi. Ich-ichimdan, bu baxt qaydan keldi, deb qo‘yaman.
Ayolning qo‘li qimirladi. Giyohlarni timirskilab, birini uzdi. Bu cho‘l yalpizi edi. Uni dimog‘iga olib bordi-da, bir hidlab, menga uzatdi. Hidladim. Ana shundagina men baxtni emas, baxt meni topganiga ishondim. Butun olam yalpiz hidiga to‘lib ketdi. Bir-birimizga tikilamiz. Ammo na undan, na mendan sado chiqadi. Bir-birimiz bilan ko‘zlarimiz gaplashayotganga o‘xshardi. Uning ko‘zlarini ko‘rmagansiz. Hali hech bir inson bolasi bunaqa ko‘z ko‘rmagan.
Ko‘zlarimiz gaplashardi.
Bilmadim, shu alfozda qancha vaqt o‘tirdik, Har qalay, podadan mollar qaytayotgan mahal edi. Buzoqlarning ayanchli ma’rashi qulog‘imga eshitilgandek bo‘ldi.
Nima bo‘ldi-yu, xotin sapchib o‘rnidan turib ketdi. Tugunini qo‘liga oldi.
Endi uning qoshlari chimirilgan, qilmishidan alamzadadek ko‘rinardi. Bilaman, bexushlik begona kishining tizzasiga bosh qo‘yishga majbur qilganidan qattiq iztirob chekyapti. U kimningdir xotini. Bu behushlik uni ne kunlarga boshlashi mumkin. Ammo u mening unaqa bema’ni kishilardan emasligimni bilganda edi, bu xil xayollarga bormasdi. Bola bo‘lib nomard xayollarga bormaganman. Shaytonning so‘ziga kirmaganman. Buni xotin bilmasdi. Ko‘zida qo‘rqinch va andisha olovi yonyapti.
Ketdik. Tol tagida avtobus kutyapmiz. U betimga qaramaydi. Qovog‘i soliq. Unga hatto jahl ham yarashardi. Har zardali qarashida vujudim o‘rtanib ketardi.
Avtobus kelganda pillapoyaga oyoq qo‘yar ekan, yana bir marta qaradi. Bu qarashda meni ermak qilishmi, rahmat aytishmi — bilib bo‘lmaydigan bir ifoda bor edi.
U ketdi.
Hali-hali bu qarashning ma’nosiga yetolmadim. Bugun vagon kupesida unga yana duch keldim. U yana kuldi. Bu mayin kulgisi meni yana xayolga soldi. Nega kuladi? Ermak qilyaptimi?
Provodnik ikkalamizga ham bir stakandan choy keltirib qo‘ydi. U stakandan choy ho‘plab turib, vagon silkinishidan qalqib ketdimi, kulaman deb shunday qildimi, har qalay, atlas ko‘ylagiga choy to‘kildi. Menga qaradi.
— Eslab hali ham kulib yurgandirsiz?
Bu gapning ma’nosiga yetdim.
Yana jim ketdik. Derazadan bog‘lar o‘tyapti. Simyog‘ochlar bir-birini quvyapti. Ikkovimiz o‘tmish xayollari bilan bandmiz. Oxiri sabrim chidamay so‘radim.
— Endi tuzalib ketdingizmi?
— Ha, tuzalib ketdim. Buning uchun sizga rahmat aytishim kerak edi. Hali ham bo‘lsa aytib qo‘yish — qiyomat qarzim. Rahmat. Vijdonli yigit ekansiz. Bilasizmi? — u menga bir oz tikilib turdi-da, kulimsirab qo‘ydi. — Siz o‘shanda baxtingizni yo‘qotgansiz.
Hayron bo‘ldim. Unga savol nazari bilan boqdim.
— Bilmadim, — dedi u ko‘zlarini yerga qadab. — Balki adashayotgandirman. Ehtimol, bir falokatdan qutulgandirsiz? Ehtimol, men baxtimni topgandirman? Ehtimol, baxtimni yo‘qotgandirman? Bilmayman. Har qalay, o‘shanda yo men sinovdan o‘tdim, yo siz sinovdan o‘tdingiz. O‘sha paytda men odam bolasiga ishonmas edim. Tasodifdan o‘rgilayki, o‘shanda sizga yo‘liqdim. Agar boshqa kishining qo‘liga tushganimda bir umr vijdon azobida qolib ketarmidim…
Xotinning ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi. Bir kiprik qoqsa, oppoq yuzlarini yosh yuvib ketadi. Ammo u kiprik qoqmadi. So‘ngsiz qora kechalarni bag‘riga sig‘dirgan baxmal ko‘zlar bu yoshlarni shimib ketgandek bo‘ldi.
Endi u ko‘zyoshsiz, unsiz yig‘lardi.
U yana tilga kirdi. U gapirardi-yu, ovozi titrardi.
— Bolam hurmati, ishoning, men o‘sha kuni yomon niyat bilan ko‘chaga chiqqandim. Meni siz o‘limdan qutqardingiz. Qattiq alam o‘tgan edi o‘shanda.
Uning tushunib bo‘lmaydigan gaplari yana hayron qilib qo‘ydi meni.
— Hayron bo‘lmang. Xotin kishi qattiq o‘ch oladi. Siz erkaklar ayol zotining irodasi bo‘sh bo‘ladi, har qanday xo‘rlikka chidayveradi, deb o‘ylaysiz. Yo‘q, aslo unaqa emas. Men ham erimdan o‘ch olmoqchi edim.
Xotin deraza tarafga qarab jim bo‘lib qoldi. Poyezd katta bir ko‘prik ustidan guvillab o‘tib ketdi. Sal nariroq borib gudok berdi. Yo‘l pastlashayotganidan kupe eshigi sirg‘anib ochilib ketdi. O‘rnimdan turib berkitib qo‘ydim. Xotin yana o‘girildi.
— Bilasizmi, o‘rtada hurmat, andisha bo‘lmasa, er-xotinlik uy zindon bo‘ladi. Ayniqsa, oraga xiyonat oralasa tamom.
U ham alam, ham iztirob bilan menga ikki yildan beri jumboq bo‘lib, xayolimni band qilib yurgan sirni ocha boshladi.
— Erimni yaxshi ko‘rib tekkanman, chiroyli yigit edi. Ko‘p qizlarni kuydirgan. Ancha-muncha o‘rtacha qizlarga qayrilib ham qaramasdi. Ertalab uydan chiqib ketayotganda orqasidan tamosha qilib qolardim. Kechqurunlari ikki ko‘zim ko‘chada edi. U eshikdan uyimga oftobga o‘xshab kirib kelardi.
Ana shundoq er menga xiyonat qildi. Jazman orttirdi. Bilasizmi, sevgan kishing, dunyoda yagona baxtim deb bilgan kishing xiyonat qilsa chidab bo‘ladimi? Axir butun umrimni unga bag‘ishlagan bo‘lsamu, kelajak baxtimni usiz tasavvur qilolmasamu, menga xiyonat qilsa. Bunga chidab bo‘larmidi. Lekin butun kuchimni, butun sabrimni bir joyga jamlab chidadim. Uni insofga chaqirdim. Bo‘lmadi. His-u tuyg‘ularimni oyoq osti qilgan kishi oldida ko‘z yoshi to‘kishga g‘ururim yo‘l bermadi. Bunday qilolmasdim ham. Uning jazmani oldiga borib, erimni tinch qo‘y deyishga ham g‘ururim yo‘l bermadi.
Butun vujudimni o‘ch olish hissi qamrab oldi. O‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘ldim. Mayli, shu o‘limim bilan uni vijdon azobiga tashlab ketaman. Bu dog‘ uni o‘la-o‘lguncha qiynasin, dedim.
Shu niyat bilan uydan chiqdim. Yo‘lda keta turib har xil xayollarga boraman. Nimani o‘ylasam ham, erimdan qasos olishga borib taqalar edi. Ana shunda siz paydo bo‘ldingiz. Bo‘lmasa, bilmadim nima bo‘lardi. Qabrimdan shu paytgacha ikki marta giyoh ko‘karib chiqarmidi.
U yuzlarini ikki qo‘li bilan to‘sib, o‘ksib yig‘lab yubordi. Uni yupatishga so‘z topolmasdim.
Xotin ingragan tovushda dedi:
— Kechiring. Sizdan umr bo‘yi minnatdor bo‘lib yashayman. Xotiningiz qandoq baxtli ekan, — uning bu gaplari juda uzoqdan eshitilayotganga o‘xshardi. Jahl bilan uning ko‘zlariga qaradim. Endi u ko‘zlarda andisha izlari yo‘q edi. Allaqanday nur porlab turardi.
— Qaysi baxtli qiz ekan u sizni sevgan. Bu gaplarimga hayron bo‘lmang. Men eng avval vafodor odamni, nomusli odamni baxtli deyman. Baxt tushunchasini o‘ylaganimda dastavval nomus, vafo ko‘rinadi. Mana shu ikki narsa bo‘lmasa do‘st do‘stning, er xotinning, xotin erning ko‘zini o‘yadi. Agar men shoir bo‘lsam, yozuvchi bo‘lsam, vafo haqida, inson nomusi haqida kitob yozib charchamasdim.
Bu xotinning gaplari meni o‘ylantirib qo‘ydi. Uning bu gaplari chin haqiqat edi. Insonni jasoratga, xayrli ishlarga yetaklaydigan shu emasmi?!
U kichkinagina raz’ezdda tushib ketdi. Ko‘nglida tugilib yotgan armonini to‘kib, bag‘rini ezib yotgan toshni irg‘itib tashlab, qushdek yengil bo‘lib, manzilida tushib qolgan edi.
Kupega qaytib kirdim.
Stolcha ustida yalpiz yotardi. Olib hidladim.
Ana shundan beri qayda yalpiz ko‘rsam, u keksa tollar soya tashlagan Buvayda yo‘llarini ko‘raman. Bu yo‘llar bir nopok er jabrini tortgan, shu jabr-alam qasosga yetaklagan dilbar, dilbaru qaysar, bir so‘zli juvonni eslatadi.
U erini tashlab ketdimikin? Tashlab ketgandir. Undan qasos oldimikin? Tashlab ketishdan ortiq qasos bo‘lmaydi-ku!
Yalpiz hidi menga ana shularni eslatib qo‘ydi.
Farg‘ona, 1960 yil.