Tepalikdan oshib o‘tganimdan keyingina anhorning guvillashi eshitilmay qoldi. Dala jimjit. Shamol ananas hidini olib keladi. Qayerdandir, yaqinginadan turnaning qure-quresi eshitiladi. Bu ovoz negadir osmondan emas, pastdan kelardi. Atrofga alangladim. Sertuproq yo‘ldan ikki yuz metrcha naridagi chaylada bir chol bukchayib o‘tiribdi. Qovun hidi o‘sha yoqdan kelardi. Shu topda juda-juda qovun yegim keldi. Beixtiyor chayla tomonga qayrilganimni bilmay qolibman. Paykalning har yer-har yerida tuzoqqa ilinayotgan bedanalarning patillashidan chol qimirlamay o‘tirganga o‘xshaydi, bo‘lmasa tuzoqlardan xabar olmasmidi? Uning yonida arabi sholchaga bag‘rini berib bir turna yotibdi. U adir orqasiga botayotgan cho‘g‘dek quyoshga qarab har zamon qure-qure deb qo‘yadi. Turna har qurelaganda boshidagi binafsha rang kokili qimirlab, qizg‘imtir shafaq nurida juda chiroyli yiltirab qo‘yadi. Bu g‘alati manzaraga mahliyo bo‘lib, oyoq ostidagi qumg‘onga qoqilib ketibman. Chol cho‘chib bosh ko‘tardi. Ko‘zlarini ishqalab bezovtalik bilan menga qaradi. Qo‘rqib ketdim. Odatda poliz qorovullarining iti bo‘lguvchi edi, muni qarang, tashlanib qoladi, deb o‘ylamabman ham. Shoshib-pishib:
— Itingiz yo‘qmi? — deb so‘radim.
— Yo‘q, yo‘q! — dedi chol. — Bemalol kelavering, it boqish menga to‘g‘ri kelmaydi, turnani g‘ajib qo‘yishidan qo‘rqaman.
Bamaylixotir yotgan turna mendan yotsirab seskanib turdi-da, chayla orqasiga o‘tib ketdi. Chol ko‘rpacha yozib, meni yuqoriga taklif qilar ekan:
— Qo‘rqma, jonivor, — dedi. Keyin menga: — Xo‘sh, bolam, qaysi shamol uchirdi? O‘zlari kim bo‘ladilar? Ulug‘larimizdan bo‘ladilarmi?
Nima deyishimni bilmay, bir oz esankirab qoldim.
— Qishlog‘ingizga mehmonmiz, otaxon, qovuningizning hidi dimog‘imga kirib, hech o‘tib ketolmadim. Nafs qurg‘ur qo‘ymadi, poyezdga kech qolaman, deb halloslab ketayotgan odam shu yerga kelganda to‘xtab qoldim. Bitta qovun so‘yib bersangiz ham o‘zingiz bilasiz, so‘yib bermasangiz ham. Ammo haqini to‘layman.
Chol ensasi qotgandek, g‘alati qilib iljaydi.
— Paykal boshidan qovun uzib sotgan dehqon nokas dehqon bo‘ladi, bolam, pulingizni belingizga tugib qo‘ying, bozordan qovun olib yeysiz. Bu yerda qovun tekin. Uzib beraymi yo o‘zingiz uzasizmi? Yaxshisi, o‘zingiz uzing, ha, buning gashti boshqacha bo‘ladi. Polizning oyoq tomoniga o‘ting, ananaslar o‘sha yoqda.
Chol yo‘l ko‘rsatib, boya men qoqilgan qumg‘onni ariqqa botirib, yero‘choqqa qo‘ydi. U tizzasida qasirlatib shox sindirar ekan, orqamdan qichqirdi:
— Qovunning aslini yeyman desangiz, shudring tegib tars yorilganini uzing, ana o‘shanisida gap ko‘p, qirq yillik dardingizni sug‘urib oladi.
Chol aytgandek, poliz oyog‘iga kelganimda til bilan aytib bo‘lmaydigan g‘alati holga duch keldim. Shamol tinganidanmi, yo havoga ananas isi o‘rnashib qolganidanmi, nihoyatda o‘tkir yoqimli hid dimog‘imga urildi. Huddi magazinda chit yirtilayotgandek tar-tar qilib ananaslar yorilar, urug‘i kesaklar ustiga shitirlab sochilib ketardi. Oyog‘im tagida tuzoqqa ilingan bedana besaranjom patilladi.
Bir qo‘limda bedana, bir qo‘limda qovun — chaylaga qaytdim. Chol yero‘choqda o‘tni gurillatib yuborgan edi. U qo‘limdagi qovunga qarab iljaydi.
— Shahar bolasiligingiz shatta bilinib qoldi-da?! Qovun degandi paykalning kesagida yorib yemagan odam, qovun yedim demasa ham bo‘ladi.
Chol kula-kula qinidan pichog‘ini sug‘urib menga uzatdi-da, chayla tepasiga ilingan tugundan non, mayiz, turshak olib, dasturxon yozdi. Qovunga pichoq tortayotganimda ham, tilimlab yeyayotganimda ham chol hozir qiziq hodisa yuz beradigandek menga qarab iljayib turardi. Umrimda qovun yemagandek bitta ananasni pok-pokiza tushirib bo‘ldim. Chol qo‘limga choy tutqazdi. Bir mahal qarasam, barmoqlarim bir biriga yopishib qolibdi. Chol xandon tashlab kuladi. Qumg‘ondagi qaynoq suvni chapishtirib, qo‘limga quyar ekan, ana shunaqa, o‘g‘lim deb qo‘ydi.
— Bu ananasning yangi xili, urug‘iga ishqiboz ko‘p. Oftob o‘chgan edi. Uzoqdan turnalarning qure-quresi baralla eshitildi. Chol osmonga qaradi. Qizg‘imtir pardaga o‘xshab ko‘rinayotgan ufqdan ko‘tarilgan turnalarning ayri karvoni o‘tib ketguncha undan nigohini uzmadi. Chayla orqasidagi turna bezovtalanib tinimsiz qurelar, osmonga qarab talpinardi. Turnalar ovozi tinganiga allaqancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, chayla orqasidagi yolg‘iz turnaning qanot silkishi tinmasdi. Birdan cholning chehrasi o‘zgardi. Ko‘zlari qisilib, yuzidagi ajinlar ham ko‘payib ketgandek bo‘ldi. U mashaqqat bilan o‘rnidan turib, turnani chaylaga olib o‘tdi.
— Ha, jonivor, elatlaringni sog‘indingmi? Elatlaring issiq tomonlarga ketishyapti. Ucha qol, ucha qol sen ham, jonivor.
Turna binafsha kokillarini silkib, hamon issiq o‘lkalarga yo‘l olgan qardoshlari singib ketgan ufqqa boqardi.
Choldan turna qayoqdan bu yerda paydo bo‘lib qolganini so‘radim.
— Shu bu yil erta ko‘klam Andryushadan telegramma oldim. U, hozircha kelmay turing, olis safarga jo‘nayapmiz, debdi. O‘zim o‘sha kezlarda Leningradga otlanib turgan edim. Tarvuzim ko‘ltig‘imdan tushib, gangib qoldim. Bolaginamni juda sog‘ingan edim-da. Yostiqqa bosh qo‘yaman, qani ko‘zim ilinsa. Xayol o‘lgur hali u yoqqa sudraydi, hali bu yoqqa sudraydi. Mana shunaqa qilib cho‘kkalab o‘tirib ko‘zim ilingan ekan, tushimga Fazliddinim kirib qoldi. Xafa emish, akamni sog‘indim, nega xat yozmaydi, der emish. Shamsiddinimning halok bo‘lganini undan yashirarmishman. Nima bo‘ldi-yu, tushim chalg‘ib, Shamsiddinni ko‘ribman, u, nega Fazliddinning halok bo‘lganini mendan yashirasiz, deb gina qilar emish. Qulog‘imga birdan g‘alati tovush eshitildi, cho‘ponlar eshigimizning tagidan qo‘y haydab o‘tishayotgan emish. Uyg‘onib ketdim. O‘ngimda ham shu ovoz. Hovliga chiqdim, hovlimiz tepasida karvoni to‘zib ketgan bir gala turna faryod chekib, charx urib aylanayotibdi. Umrimda turnalarning bunaqa past uchishini endi ko‘rishim. Tushligiga ham, o‘ngligiga ham ishonolmay, hayron bo‘lib ularning osmonda faryod chekishini kuzatib turdim. Ular shu ko‘yi yarim soat chamasi aylanib yurishdi-da, keyin yig‘layotgandek hazin qurelashib uchib ketishdi. Esimda: tom tepasida aylanishayotganlarida bir-ikkisi bo‘g‘otga tegay-tegay deb sho‘ng‘iganini ham ko‘rib qolgan edim. Ertalab tomorqaga chiqsam, bir turna devor tagiga biqinib yotibdi. Ana shundan keyingina tundagi hangamaning sirini bildim. Bu turna qayerdadir yaralangan, ortiq uchishga madori yetmay, shu yerga kelganda safdan ajralib, yiqilgan. She-riklari uni tashlab ketolmay faryod chekayotgan ekanlar. Ana shundan beri turna menga juda o‘rganib qoldi. Uch kun bo‘ldimi, juda bezovta. Osmonda turna ko‘rinsa, o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi.
— Ucholmaydimi?
— Ucholadi. Ba’zi-ba’zida uchib allaqayoqlarga borib keladi.
Chol gapidan to‘xtab, nimagadir quloq sola boshladi.
— Poyezddan qoldingiz, bolam. Stantsiyaga yetolmaysiz. Poyezd kelyapti, — dedi chol chiroq yoqar ekan.
Darhaqiqat, yer titrayotgandek bo‘ldi, olisdan parovozning qichqirgani eshitildi. Bir ozdan keyin terakzor orqasidan shiddat bilan poyezd o‘tib ketdi.
— Joy qilib beraman, uxlang, ertaga ketasiz endi.
Chol yostiq o‘rniga choponini dumaloqlab qo‘ydi-da, o‘zi tuzoqlardan xabar olgani ketdi. Yonboshladim. Qayoqda uyqu keladi, deysiz. Chol g‘imirsib palaklarni bosib olmaslik uchun ehtiyot bilan jo‘yakdan jo‘yakka sakrab, ilingan bedanalarni bir xalta qilib olib keldi. Chayla orqasiga o‘tganicha yarim soat chamasi yo‘q bo‘lib ketdi-da, meni uxlagan deb o‘ylab, oyoq uchida chaylaga kirdi. Bir chekkada xomush yotgan turnaga tikilib, uning tovus pati-dek chiroyli kokilini siladi. Nimalardir deb pichirlab ham qo‘ydi. Men chalqancha yotib cholni, uning bolalarini o‘ylardim. Demak, uning ikki o‘g‘li halok bo‘lgan. Leningradda bir o‘g‘li bor. Nega oti Andryusha?! So‘rasammikin? Xayol aralash yonimga yechgan shimimning cho‘ntagidan papiros olib, gugurt chaqdim. Chol o‘girildi.
— Uxlamadingizmi?
— Yo‘q, uyqu kelmayapti, otaxon.
Chol indamay chiroqni puflab o‘chirdi-da, ko‘rpa ustiga chordona qurib o‘tirib oldi. Oydinda uning yuzi, ko‘zi, ko‘ksiga tushgan oppoq soqoli ko‘rinib turardi. Ancha vaqtgacha olisda og‘ir yuk tortayotgan parovozning gupillashiga quloq solib jim o‘tirdim. Parovoz ovozi ham tinib, keng dalada chirildoqlar uni qoldi, xolos.
— Ota, bir narsa so‘rasam malol olmaysizmi?
— So‘rang, bolam.
— O‘g‘illaringizni gapirib bersangiz, Andryushani ham.
Cholning eti junjidi shekilli, bir tebranib, ko‘rpani yelkasiga tortdi. Oy botdi, endi uning basharasini aniq ko‘rib bo‘lmadi. U nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi-yu, og‘ir xo‘rsiniq gapirgani qo‘ymadi. Bunaqa xo‘rsiniq odamga faqat eng yaqin kishisini qabrga qo‘yayotgan paytda keladi. Chol peshonasini uqaladi, soqolini tutamlab, tizzasiga shapillatib bir urdi. Keyin boshini ko‘tarib, qorong‘ilik qa’riga tikilib qoldi.
— O‘g‘lim, sabru bardosh degan narsa bo‘lmasa, odam bolasini g‘am yeb qo‘yadi. Mana, yashab yuribman. Yiqilib qolarmikanman, degan edim, ikki azamatimdan judo bo‘lib ham yiqilmadim-a!
U ichki dard to‘lkinida hikoyasini boshladi:
— Urush boshlangan yili Shamsiddinim yigirma ikki yoshda, Fazliddinim o‘n to‘qqiz yoshda edi. Shamsiddinimni askarlikka olishmadi. Bir ko‘zi nogiron edi. Umarxo‘ja boyvachcha o‘g‘liga sunnat to‘yi qilganda katta bazm berib, mushakbozlik qildirgan edi. O‘shanda Shamsiddinim yo‘lga kirmagan buvak edi. Onasi rahmatlik belanchakka yotqizib qo‘ygan ekan, osmonda yorilmay qolgan mushak bolaning belanchagiga tushib yorilsa bo‘ladimi! Yuzi kuyib, chap ko‘zini butunlay ko‘rmaydigan qilib qo‘ygan. Shuning uchun ham askarlikka olishmay, mehnat armiyasiga arang olishgan edi. Fazliddinimni undan bir oy burun Poytuq stantsiyasidan urushga jo‘natgan edim. Fazliddinim Leningraddan, Shamsiddinim Podgora degan shahardan xat yozib turishdi. Podgoraga borganmisiz? Men borganman. Shamsiddinimga haykal o‘rnatishganda chaqirishgan edi. U yerda kattakon elektrostantsiya bor. Nemis Moskvaning eshigini qoqaman deb qo‘l cho‘zib turganda poytaxtga shu stantsiya mador bo‘lgan. Uning zavodlarini shu stantsiya yurgizib turgan. Shamsiddinim o‘sha stantsiyaga kelgan ko‘mirni vagondan tushirib, kichkina vagonchalarga ortar ekan. Nemis shu shaharning payiga tushib, ustma-ust samolyot yuborib turgan… Mingdan or-tiq kishi kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlagan. Shamsiddinim ertalab ishga ketayotganda birdan trevoga bo‘lib, osmonda nemis samolyoti ko‘rinibdi. Shahar ustida ikki aylanib, stantsiyaga bombasini tashlayolmay bolalar bog‘chasining hovlisiga tashlab qochibdi. Tasodif bo‘lib, la’natining bombasi yorilmay, bolalar o‘ynaydigan qumga sanchilib qolibdi. Hamma tashvishda, odamlar ana yoriladi, mana yoriladi deb jonlarini hovuchlab qolishganmish. Bolalarni aytmaysizmi! Derazadan qarab javdirab turishganmish. Shamsiddinim yugurib kelib, bombani qumdan sug‘urib, maydonga qarab chopibdi. Ancha nari borib yiqilibdi. Bir ko‘zi ojiz emasmi, shoshganidan yelkasini sim yog‘ochga urib olgan ekan. Bomba portlab, tilka-pora bo‘libdi. Urush tugamayoq bordim. Qabrini quchoqlab yig‘ladim. O‘sha bog‘chani Shamsiddinimning no-miga qo‘yib, hovlisiga haykalini o‘rnatishdi. To‘ng‘ich o‘g‘limdan ana shundoq judo bo‘lganman, bolam. Chol entikdi. U yig‘lar edi.
— Yupatmang, bolam. Bir oz yig‘lay, dardim yengilashadi. Ichimni bo‘shatib olay.
Chol shunday dedi-yu, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi.
— Akasining o‘lganini Fazliddinimga bildirmadim. Bir yilgacha akamning adresini yuboring, deb xat yozdi. Anov-manov deb paysalga soldim. Yo‘q, kenjatoyimning ham umri qisqa ekan. Dengizda cho‘kib o‘ldi. Na qabri qoldi, na bir libosi. Meni dog‘-hasratga tashlab ketdi…
Osmondan arg‘imchoq solib, yana turna o‘tdi. Chol turnalarning qaychiga o‘xshash karvoniga tikilib turib gapini davom ettirdi:
— Dunyoda farzand ko‘rmagandek yana so‘qqabosh bo‘lib qoldim. O‘zimni qayoqqa qo‘yishimni bilmayman, devonaga o‘xshab gangib yurdim. Raisimiz esli ayol edi. Ovunsin deb qang‘illab qolgan hovlimga marg‘ilonlik bir agronomni ko‘chirib keldi. Andijonga olib tushdi. Leningraddan ko‘chirib keltirilgan yetim bolalardan birini olib berdi. Boya sizga aytgan Andryushamni ana o‘shanda boqib olgan edim. Uni ortmoqlab katta qildim. Qarindoshlari ko‘p izlashdi. Bildirmadim. Bolaning esi kirgan sari ota-onasini yo‘qlaydigan bo‘ldi. Unga qarab turib yurak-bag‘rim ezilib ketadi. Oxiri chidamadim. Leningradga xat yozdirib, Andrey Karpovni darakladim. Bolaning otasi ham, onasi ham qurshovda o‘lib ketishgan ekan. Bittayu bitta opasi bor ekan. Bola chidab turolmadi. Qanot paydo qilib, opasining yoniga uchib borgudek talpinib qoldi. Jigar ekan-da! Oq fotiha berib safarga kuzatmoqchi bo‘ldimu o‘yim buzildi. Yolg‘iz yuborishga ko‘nglim bo‘lmadi. Birga ketdim. Andryushamni opasining oddiga qo‘yib qaytdim. Yana yakkalikda, zabunlikda qoldim… Andryusham uylandi. Hozir bitta o‘g‘li bor. Otini Sobir qo‘yibdi. Mening otim Sobir-da! Yaqinda kelib ketishdi. Poytuq stantsiyasida vagonga o‘tqazayotibmanu, yosh bolaga o‘xshab ho‘ng-ho‘ng yig‘layman. Bola, dedushka, deb bo‘ynimga osiladi. To‘qqizta ananasni vagonga chiqazib berdim, aynimay borarmikan, a, bolam?
Andryusham ketgandan keyin yashashning sira ham qizig‘i qolmadi, har saharda xudodan o‘lim tiladim. Nevaramni ko‘rdim, endi sira o‘lgim kelmaydi. Qarib qolayotganimdan o‘kinaman. Shu bolaning kamolini ko‘rsam edi, deyman. Hay mayli, dunyoning ishlari shunaqa ekan…
Yostiqqa bosh qo‘yib, bari bir uxlayolmadim. Belanchakda yorilgan mushak, bomba zarbidan tilka-pora bo‘lgan tana, zangori to‘lqinlar yutgan navqiron yigit, vagon oynasidan bobosiga talpingan go‘dak ko‘zimga ko‘rinaverdi. Shunday xayollar bilan ko‘zim ilingan ekan, qulog‘imga elas-elas turna ovozi eshitildi. Yaqin oradan qandaydir qush besaranjom qanot qoqqandek bo‘ldi. Chol sapchib turdi. Men ham ko‘zimni ochdim.
— Ketdi! — dedi chol alamli bir tovushda.
Chol tikilgan tomonga qaradim. Ko‘kda arg‘imchoq solib uchayotgan turnalar karvoniga qarab cholning turnasi ham shitob bilan uchib borar edi. Ana, uning karvonga yetishiga ozgina qoldi. Karvon yarim doira yasab unga peshvoz chiqdi. Karvonning safi buzildi. To‘zg‘ib ketgan turnalar to‘yxonadagi xotinlarning qiy-chuvini eslatuvchi bir tovushda shovqin solishdi. Keyin karvon safini o‘nglab, biz qarab turgan chayla tepasida bir aylanib silkinib-silkinib ufqqa qarab o‘tib ketdi. Chol quvonchmi, ma’yuslikmi, bilib bo‘lmaydigan g‘alati ohangda:
— Ke-etdi-i-i!!! — dedi.
Har bahor ko‘kda turnalar karvonini ko‘rganimda, ularning beg‘ubor firuza osmonda arg‘imchoq solib uchishini kuzatganimda alamzada, hijronzada, lekin metin irodali o‘sha Sobir boboni eslayman. Bu turnalar menga ananas hidi anqigan chaylani, oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan nuroniy cholni, uning mard, o‘limdan ham zo‘r o‘g‘illarini, Andryushani, kichik Sobirni eslatadi.
O‘sha mayib turna cholning qo‘lida shifo topib, yana o‘z karvoniga qo‘shilganini bilarmikin? Har ko‘klam o‘sha chayla ustidan o‘tayotganda bobosini eslab qo‘yarmikin? Eslasa kerak deyman! Men uning shu chayla ustidan chiroyli binafsha kokillarini silkib, boboga ta’zim qilib o‘tishini juda-juda istardim.
1960 yil.