(Kinokomediya uchun stsenariy)
Er qimirlaganda Usmon otaning uyi ham ancha shikastlandi. Rayijrokomdan remont uchun u-bu berishdi.
Shu kunda nima ko‘p, qo‘liga andava ushlagan usta ko‘p. O‘ra qazishmi, bo‘yashmi, tandir qurishmi, qoziq chopishmi, barini bilaman deydiganlar ko‘payib ketdi. Usmon ota ham usta qidirib chiqqanda shunaqasiga duch keldi.
— Uka, shuvoqqa qalaysiz?
— Shuvoqni bizga chiqazgan-da, oynadek silliq qivoramiz.
Ota o‘sha ustani uyiga olib ketdi. Narxini kelishishdi. Alebastr qayerda, qum qayerda, ko‘rsatdi. Qo‘shnisinikidan o‘n besh metrli rezina shlang opchiqib berdi.
— Vodoprovoddan tashib yurmang. Shuni jo‘mrakka kiydirsangiz, xohlagan joyga suv keladi.
Usta otaning mehribonligiga tan berdi.
— Gosstraxdan pulingni olib ket, deb shoshirishyapti. Bu yog‘ini o‘zingiz eplab turasiz. Darrov qaytib kelaman.
— Xotirjam bo‘ling, razryadli ustamiz, boplaymiz. Ota xotirjam chiqib ketdi.
Usta alebastr qoplarni tashib kelib bir joyga to‘kaverdi. Birpasda yigirma qop alebastr odam bo‘yi do‘ng bo‘ldi. Bir mashina qumni elamay alebastrga aralashtirdi. Keyin alebastr do‘ngining o‘rtasini hovuz kilib, shlangda suv oqizib qo‘ydi. Og‘zidagi nosini tupurib, bismillo deganicha shimining pochasini shimarib, ketmon bilan o‘raga tushdi. Shlangdan varillab kelib turgan suv birpasda hovuzchani to‘ldirdi. Suv ustaning sonigacha chiqdi. Alebastr suvga tushganda avval katiqqa o‘xshab yumshok bo‘ldi. Usta maza qilib qorishtiraverdi. Sal o‘tmay, chippa qotib, uning sonidan siqqanicha toshga aylandi-qoldi.
Ustaning umrida alebastrga ishi tushmagan edi. Avvaliga hayron bo‘ldi. Keyin qo‘rqib ketdi. O‘tiray desa tizzasini alebastr siqib qo‘ygan. Bukilmaydi. Nosqovoq o‘lgur marzaning chetida qolgan ekan, olay desa, qo‘li yetmaydi.
Tepadan oftob urib turibdi. Sonni tosh siqib tashlayapti. Qani og‘rig‘iga chidab bo‘lsa. Bir mashina qum, yigirma qop alebastr, allaqancha suv qo‘shilib eng kamida olti tonna yukka aylangan…
Oyoqni tortib bo‘lmaydi. Olti tonna yuk bilan turib ketish filning ham qo‘lidan kelmaydi.
Usmon ota Gosstraxdan pul yozdirguncha, eng kamida to‘rt soat o‘tdi. Odamlar ishdan qaytadigan payt. Avtobus, trolleybuslarga yo‘lab bo‘lmaydi. Bechora xijolat. Ovqatsiz, choysiz ustaning holi nima kechdi ekan. Aksiga olib, kampiri ko‘zi yorigan kelininikiga ketgan.
Ota halloslab eshigining oldiga kelsa, hovlisidan ko‘tarma kranning uchi ko‘rinyapti. Ie, bu mening uyimmi, deb hayron bo‘ldi. Qarasa, o‘zining uyi. Shoshib kirdi.
Uyi to‘la pojarniy, doktor, militsiya, mahalla aktivlari.
Doktor xotin pojarniylarning boshlig‘iga tushuntiryapti:
— Bu yerda iloji yo‘q. Alebastrni sindiramiz deb oyog‘ini sindirib qo‘yishimiz mumkin. Yaxshisi, o‘sha yoqda oyog‘ini ajratib olamiz.
Birdan mashina motori gurilladi. Ko‘tarma kranning to‘rtta ilgagini qotib qolgan alebastrning to‘rt chekkasiga ilib qo‘yishdi. Olti tonna alebastrni usta-pustasi bilan ko‘tarib, ekskovatorlarni u yoqdan-bu yoqqa oborib qo‘yadigan zo‘r mashinaga chiqazib qo‘yishdi.
Hammayoqda odam. Birov undoq deydi, birov bundoq deydi. Ko‘cha muyulishida botinka moylaydigan Isaxor degan yigit bir gap aytdi:
— Kinoga olishyapti shekilli. Antiqa komediya chiqadigan o‘xshaydi.
Ota ham bu gapga chippa-chin ishondi do‘ng‘illadi:
— Kino olishga biznikidan boshqa joy yo‘q ekanmi? Kartinka deganda artist o‘ynaguchi edi, nima qiladi mening ustamni o‘ynatib? Pulini to‘lab bo‘pman.