Nihoyat, ko‘pdan kutilgan diplom qo‘lga tegdi. O‘zim qattiq charchaganman. Aksiga olib so‘nggi imtihon oldidan bir hafta yotib olsam bo‘ladimi. Oshqozon nosog‘-da. Keyingi ikki imtihonni parhez paytimda topshirdim. O‘zi imtihon hamma vaqt saraton kirish oldidan boshlanadi. Havo qizigandan qizib ketadi. Ishtaha bo‘g‘ilgan, o‘qigan narsang miyangdan uqalanib tushib ketadi. Bunday paytlarda yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladi, degandek, menga o‘xshagan nimjonlarning tinkasi qurib qoladi. Odam bolasi bir nimaga jazm qilgandan keyin oxiriga yetkazmay qo‘ymas ekan, shu alfozda hammasini beshga topshirib, omon-eson diplomni qo‘lga oldim.
Mana, yo‘lga ham chiqdim. Poyezd meni sershovqin stantsiyaga tashlab, yana qichqirganicha oldinga intildi.
Yuk vagonlari qasur-qusur qilib u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turibdi. Parovoz kukulaydi, temirlar jaranglaydi. To ochiq maydonga chiqib olgunimcha boshim aylanib, ko‘zim tinib ketdi.
Oftob osmondan olov quyyapti. Stantsiya maydonidagi asfalt xamirdek ko‘pchib, mashina g‘ildiraklariga yopishadi. Kalovlab borib avtobusga intildim. Odam ko‘p. Ikki qo‘lim band bo‘lganidan peshonamdan quyilayotgan terni artib ololmayman. Ter tomchilari ko‘zimga oqib tushib achishtiradi. Bir mahal qarasam, oldimda turgan kishining basharasi samovarning qornida aksi ko‘ringandek uzun bo‘lib ketyapti. O‘zim xuddi havoda muallaq turib qolganga o‘xshayman…
Ko‘zimni ochsam begona uyda, divanda yotibman. Tepamda boya basharasi uzun bo‘lib tuyulgap kishi turibdi. Hayron bo‘ldim. Notanish kishi peshonamdan ho‘l ro‘molchani olib boshqatdan taxlab yana qo‘ydi.
— Xayriyat,— deydi u ko‘zlari chaqnab.— Issiq elitibdi, uka. Endi tuzalib qolasiz. Kelin ayangiz hozir xo‘rda qilib beradi.
Eshik oldida choynak ko‘targan yoshgina bir juvon turardi. Rostini aytsam, bola bo‘lib munaqa chiroyli xotinni ko‘rmaganman. Notanish yigit juvonning qo‘lidan choynakni olib piyolaga choy quydi-da, menga tutdi.
— Iching, qaynoq-qaynoq iching, foyda qiladi. Davosi achchiq choy.— U boshimni bir qo‘li bilan ko‘tarib og‘zimga piyolani tutdi.
Juvon o‘tdek chaqnab turgan ko‘zlarini katta-katta ochib menga qarab turardi.
— Kechirasiz, uka,— deydi yigit nimadandir bezovtalanib.— Bafurja tanishib olarmiz. Hozir shoshib turibman, o‘z uyingizdek bemalol yotavering. Men kechqurun qaytaman.— U shunday dedi-yu, stol ustidan, gazetaga o‘rog‘liq nimanidir olib eshikka yo‘naldi.
— Selxoztexnikadan zapchastga naryad olib keldim. Yana stantsiyaga jo‘nashim kerak. Siz mehmonga xo‘rda qilib bering.
Juvon ma’qul ishorasini qildi. Yigit chiqib ketdi. Uyda go‘zal juvon bilan ikkimiz qoldik. Inson bolasini tabiat shunday ham chiroyli yaratadimi? Bu tushimmi, o‘ngimmi? Yo ertaklardagi parilardanmi bu ayol? Ovozi qandoq ekan? Oddiy xotinlarning ovoziga o‘xsharmikan?
O‘lay agar, ko‘nglimga yomon niyat kelgani yo‘q! Faqat uning tengsiz husniga oddiy bir jo‘n odam sifatida lol bo‘lib turibman, xolos!
Juvon nimanidir olib chiqib ketdi. Shundagina bu yerga qanday kelib qolganimni o‘yladim. Demak, avtobusda ko‘nglim ozgan. Behush bo‘lib qolganman. Bu yigit meni olib tushgan, uyiga olib kelib yotqizgan.
Uy jihozlariga ko‘z yugurtira boshladim. Burchakda yozuv stoli, o‘rtada ustiga kleyonka yopilgan dumaloq stol. Derazadan hovli ko‘rinadi. Shaftolining ayvonga engashgan shoxlari mevasining ko‘pligidan lapanglab turibdi. Hal-hal pishgan shaftolini bir chumchuq beomon cho‘qilayapti. U cho‘qigan joydan billurdek tomchi uzilib tushay, uzilib tushay deb turibdi. Chumchuq har cho‘qiganda tumshug‘ini qanotiga surkab oladi. Beixtiyor tamshanib qo‘ydim.
Juvon oyoq uchida kirib yozuv stolining tortmasidan gazetaga o‘ralgan bir nimani olib ochdi. Qarab turibman. Bir dasta pul. U shu pullar orasidan bitta besh so‘mlikni olib, yana o‘rab tortmaga solib qo‘ydi-da, menga qaradi.
— Kechirasiz, uyda go‘sht yo‘q ekan, hozir guzardan go‘sht olib kelaman, siz bahuzur dam olib yotavering, darrov kelib ovqatga unnab yuboraman.
U chiqib ketdi-yu, uyda g‘ijjakning titragan ovoziga o‘xshash mayin tovushi qoldi. Bu tovush uzoq vaqt uy ichida aylanib yurdi.
Studentlik paytlarimda ota-onasi bor, o‘ziga to‘q studentlarga havasim kelardi. Ba’zan dars tayyorlagani ularnikiga borganimda, uylarini, osoyishta, beozor yashashlarini ko‘rib havas qilardim. O‘z hayotimga beixtiyor ko‘z tashlardim. Bolalar uyi, yotoq, ba’zan to‘q, ba’zan och qolishlar. Ota-onaga tashnalik har nafas bilinib turardi. Qachonlardir yaxshi kun ko‘rish, ana shunday beozor oilada yashash ishtiyoqi yuragimda tug‘yon qilardi. Ba’zida-chi… bolalik ekan, shunday kunlarga allaqanday mo‘jiza kuchi bilan darrov yetisha qolish to‘g‘risida o‘y o‘ylab ketardim. Xayolan allaqayoqlardan katta pul topib olgandek, yuz ming, yo‘q, ikki yuz ming so‘m topib olib birdan niyatimga yetsam, deb o‘ylardim. Mana, o‘sha katta pul. Ko‘zim oldida, ana shu burchakdagi stol tortmasida gazetaga o‘rog‘liq turibdi. Shunday o‘rnimdan turib qo‘limni uzatsam, bo‘ldi. Tamom. Istagimga yetaman.
Agar men yomon niyatli odam bo‘lsam, yo‘q, mening o‘rnimda yovuz niyatli odam bo‘lsa…
Bunday emas. Har qanday yovuz odam ham bu ishni qilmasdi. Yiqilganda suyab, uyiga olib kirgan, uyining to‘ridan joy berib, qaqragan og‘ziga o‘zi choy tutgan kishining peshona teriga xiyonat qilish uchun bo‘ri bo‘lish kerak. Vahshiy bo‘lish kerak. Men odamman. Faqat meni bir narsa ezyapti. Bir umr tanimagan, na otini, na zotini bilmagan bir kishini uyga olib kirib, yosh xotinining oldiga tashlab ketgan bu yigitga hayron bo‘lyapman, Er-ku bunday qildi, xo‘p. Xotinchi, xotini kimligini, qayoqdan kelib qayoqqa ketayotganini bilmagan yot begonaning oldiga bir dasta pul, stol ustiga qimmatbaho taqinchoqlarni tashlab chiqdi-ketdi. Nima, bular meni sinashyaptimi? Sinab ularga zarur kelibdimi? Hayronman!
Oradan yarim soatlar chamasi vaqt o‘tdi. Hovlida juvonning oyoq tovushi eshitilib turibdi. Tushunib bo‘lmaydigan mavhum o‘ylar bilan ko‘zim ilingan ekan, juvonning tovushi uyg‘otib yubordi.
— Mehmon, hovliga joy qildim, chiqa qoling. Ancha salqin bo‘lib qoldi,
Xijolatlik bilan o‘rnimdan turdim.
Hovliga suv sepilgan. Supaga joy qilingan, xontaxta ustida bir lagan shaftoli. Juvon bir bog‘ ko‘k piyozni ariq bo‘yida o‘tirib tozalayapti. Supaga o‘tirib u yoq-bu yoqqa qaradim. Darvozaxona oldidagi usti shifer bilan yopilgan omonat garajda mashina nusxasini ko‘pdan yo‘qotgan eski bir «Moskvich» turibdi. Uning oldingi ikkita g‘ildiragi olinib, o‘qiga g‘isht terib qo‘yilgan… Motorlari ochib tashlangan. Mashinaga tikilib qolgainmni sezgan juvon kulib qo‘ydi. U biram chiroyli kularkanki, beg‘ubor qalbi, samimiyligi xuddi shu kulgisida aks etib turgandek edi.
— Turg‘unboyingizga mashinadan tekkan. Tushida ham, o‘ngida ham mashinani o‘ylaydi. Tuzataman deb uvallo urinadi, uvallo urinadi, qani bu o‘lgur yura qolsa. Endi yurgizib ko‘chaga olib chiqadi-yu, to‘rt-besh kishi bo‘lib orqasidan itarib opkirib qo‘yishadi. Yana kovlashga tushadi. Uch yildan beri ahvol shu. Qarasam bo‘shamaydigan, mayli, yangisini olaqoling, dedim. Pul yig‘ib mashinaga yozilib qo‘ydik. Qecha do‘kondan qog‘oz keldi. Mashinalaringni olib ketinglar, depti. Turg‘unboyingiz hali kassadan pul olib kelib qo‘ydi. Ertaga mashinani olib kelamiz.
Ko‘zimga boyagi stol tortmasidagi pul ko‘rindi.
— Ikkalamiz ham maoshdan tashlab qo‘yib yig‘dik. O‘tgan yili kurortga ham bormadik. Bu yil ham bormasak kerak. Turg‘unboyingiz mashinada o‘zim o‘ynataman, deydi.
Juda-juda xijolat bo‘lib ketdim. Ne hasratda yiqqan o‘sha pulni buzib men uchun xarajat qilib keldi-ya. Bular qanaqa odamoxun kishilar o‘zi!
Shaftoli archib yeb o‘tirib ming xayolga boribman. O‘zimni bu olijanob odamlar o‘rniga qo‘yib ko‘raman. Hayotda men hali nimani ko‘ribman. O‘qish, qorin to‘ydirish tashvishidan boshqa nimani ko‘ribman? Oldinda juda jiddiy, murakkab hayot borligini qayoqdan bilaman. Odamlar orasiga endi kiryapman. Bular men uchratgan birinchi kishilar.
Safarga chiqish oldidan, to‘g‘risi, andak tashvishda edim. Qayoqqa boraman, kimlar qo‘liga tushaman? Qoqilsam, yiqilsam birov ko‘tarib qo‘yadimi? O‘ksingan paytlarimda boshimni birov silarmikin? Studentlik stipendiyamdan ozroq jamg‘arib, musofir yurtlarda bir kunimga yarar deb ehtiyotlab qo‘ygan edim. Boya divanda ko‘zimni ochishim bilan, pulimni birov olib qo‘ymaganmikin, deb beixtiyor yon cho‘ntagimga qo‘l tiqqanimni uy egasi sezmadimikin? Sezgan bo‘lsa nima degan odam bo‘ldim.
— Turg‘unboyingiz hali-veri kelmaydi. Joy qilib bersam yotasizmi?— dedi xotin dasturxondan kosalarni yig‘ib olarkan.
Nima deyishimni bilmay duduqlandim. Juvon xijolat bo‘layotganimni sezib, uydan ko‘rpa-yostiq olib chiqib shaftoli tagidagi raskladushkaga joy qilib, chiroqni o‘chirdi… Oydinda u o‘ziga supa o‘rtasiga o‘rin to‘shayotganini ko‘rib turibman. Yechinayotganini ko‘rmaslik uchun bu yonboshimga ag‘darildim.
Tun jimjit. Ariqda suv jildiraydi. Yon-verimga tap-tap qilib, shaftoli to‘kiladi. Tol novdalari orqasida yuzlari tilim-tilim bo‘lganga o‘xshab oy ko‘rinadi. Hamma yoqda so‘lim va osuda yoz kechasi hokim.
Katta hovlining o‘rtasida husni bir jahonga tatiydigan juvon yotibdi. Ammo mening ko‘zlarimga uyqu ilinmaydi. Yuragim hayajondan gupullab uradi. Quvonchmi, o‘kinchmi, bilib bo‘lmaydigan allaqanday bir his ichimni timdalaydi. Bu nima?
Bolaligimni, daydi o‘ylarimni, tentak niyatlarimni allaqayoqlarga supurib tashlagan narsa bu uydagi odamlarning pokizaligi, beg‘uborligi emasmikin?!
Shu uy, shu odamlar, shu sirli oydin kecha menga yangi olamning eshigini ochib bergandek edi.
Ertalab uyg‘onsam, Turg‘unboy tovuq katagidan do‘ppisiga tuxum solib emaklab chiqib kelayotgan ekan, U tuxumlarni xotiniga uzatar ekan, menga qarab ko‘z qisib qo‘ydi.
— Quymoqqa qalaysiz, mehmon,
Oshqozonim kasal bo‘lganidan quymoq menga to‘g‘ri kelmasligini aytishga istihola qilib, gap topolmay qoldim.
— Ha, aytgancha parhezdaman, deganidingiz-a, bo‘lmasa sizga shirgurunch.
Ovqat pishguncha ikkovimiz ariq bo‘yiga cho‘nqayib shaftolixo‘rlik qildik. U shundagina kimligimni, qayoqdan qayoqqa ketayotganimni so‘radi. Aytdim.
— Bizning sovxozda ham sizbop ish bor. Attang, putyovkani shu yoqqa olmabsiz-da. E, attang! Bir-ikki kun tursangiz, yangi mashinada qishloqni o‘zim bir aylantirardim-da!
— Avval mashinalik bo‘ling, undan keyin gapiring. Bu kishi shunaqalar.
Turg‘unboy xotinining gapiga kulib qo‘yaqoldi.
Nonushtadan keyin Turg‘unboy meni avtobusga chiqarib qo‘ydi. Xotini bilan, bilmadim, qanaqa xayrlashdim ekan? Esimda yo‘q. Har holda bu ajoyib xotinga munosib qaynoq bir so‘z aytgan bo‘lsam kerak. Esimda bor, ko‘zlarida ajoyib bir tabassum bor edi o‘shanda.
Qayga borsam yo‘qolmasligimga, hamisha atrofimda olijanob kishilar bo‘lishiga, ularning ishonch to‘la ko‘zlari porlab turishiga amin bo‘lib safarga ketdim.
Har gal qishloqdan stantsiyaga o‘tayotganimda tomining yarmi shiferda yopilgan uyning qorasi ko‘rinishi bilan yuragimda chiroyli hislar g‘alayon qiladi. Hovli o‘rtasidagi bir tup shaftolining bahorda pushti gulga burkanishini, yozda sap-sariq mevalar larzon bo‘lishini, kuzda barglari olovdek yonishini, qishda yalang‘och novdalariga bulduriq qo‘nishini ko‘rib o‘taman.
Bu qutlug‘ uyda meni o‘zimga o‘zimni tanitgan nurdek tiniq, oftobdek issiq odamlar yashaydi. Taqdir mening birinchi qadamimni shu ostonaga yetkazdi. Shu uy ostonasidan ochiq yuz bilan ertangi hayotimga boqqanman.
Shu uyga, shu odamlarga ixlos bilan ta’zim qilgim keladi.