Voy qudamdan aylanay, ana kelishadi, mana kelishadi, deb ikki ko‘zim ko‘chada bo‘ldi-ya, to‘y qandoq o‘tganiniyam bilmadim. Voy bo‘ylaringizga tasadduq. Xush kelibsizlar. Hoy, Nigoraxonni uyg‘otinglar. Dadalari bilan oyilari kelishdi.
Vahobjon bilan Manzurani quda ana shunday so‘zlar bilan kutib oldi.
Quda yoshi ellikdan oshgan bo‘lsa ham yuzidan pardoz arimagan jikkakkina xotin edi. Uning yuzlari xuddi sharbati siqib olingan anor po‘stiga o‘xshab ketardi. Qo‘lidagi qo‘sha-qo‘sha uzuklar, bo‘ynidagi har biri no‘xatdek keladigan dur marjonlari, egnidagi yoshiga yarashmagan gulli krepdeshin ko‘ylagi uni allaqanday bachkana qilib ko‘rsatar edi.
Vahobjon atrofga nazar tashladi. Katta hovlining boshidan oyog‘igacha qo‘yilgan stollardan hali dasturxon yig‘ilmagan, gullar orasida bo‘shagan shishalar, so‘rilarda to‘yda xizmat qilib charchagan kishilar yechinmay yotib qolishgan, yero‘choq oldida dasta-dasta yuvuqsiz laganlar yotardi. Hatto daraxt shoxlariga ilingan lampochkalar hali yoqug‘lik turardi.
Quda aya so‘rida yechinmay uxlab yotgan kishining oyog‘idan silkib uyg‘otdi.
— Turing, hoy turing, qudalaringiz kelishdi.
Qora soqol bir kishi yostiqdan bosh ko‘tarib atrofga alangladi. U Vahobjonlarni ko‘rib iya, iya, deb o‘rnidan turarkan, ko‘rpacha qatlarini titkilab nimanidir qidirardi.
— Hojar, tishimni ko‘rmadingmi?
— Yo‘g‘-a, qayoqqa qo‘ygandingiz? Avval qudalaringiz bilan ko‘rishib oling, keyin qidirarsiz.
Chol ildam yurib Vahobjonlar bilan quyuq ko‘rishdi. Yo‘l boshlab uyga olib kirdi.
— Qani, qani, o‘tirishsinlar, o‘tirishsinlar, obbo quda-ey, ko‘p kutdik. Juda ko‘p kutdik. To‘yga yetib kelolmadinglar-da. Hay mayli, sizlarga boshqa to‘y qilib beramiz endi. Hoy, Hojar, dasturxon keltir, keliningni uyg‘ot, o‘g‘lingni uyg‘ot, qaynata, qaynanalari bilan tanishib qo‘ysin.
Chol uzr aytib tavoze bilan yuvingani chiqib ketdi. Er-xotin uy jihozlariga mahliyo bo‘lib indamay o‘tirishardi.
Ular kirgan uy mehmonxona bo‘lsa kerak, nihoyatda serhasham edi. To‘rda pianino, burchakda kurant soat, devorda ham, yerda ham, divan ustida ham gilam. Shiftda billurin qandil. Javonlarda xitoy chinnilari, televizor ustida har xil chinni o‘yinchoqlar. Derazalarga ham to‘r, ham baxmal parda tutilgan.
Vahobjonning esi og‘ib qoldi. Butun umrini mehnat bilan o‘tkazgan, ro‘zg‘orini bir me’yorda olib borgan Vahobjonga bu hashamlar allanechuk ko‘rinib ketdi. Er-xotindan sado chiqmasdi. Manzura kaftini iyagiga tiraganicha xayol surardi.
Nigora ularning bittagina bolasi. Vahobjon tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Ganjiravonda o‘ttiz yildan beri o‘qituvchilik qiladi. Butun Ganjiravondagi kishilarning yarmidan ko‘pini shu Vahobjon o‘qitgan. U qizini Toshkentga o‘qishga yuborayotganda ne-ne umidlar qilgan edi. O‘qisa, institutni bitirib o‘ziga o‘xshab o‘qituvchi bo‘lsa, shu. Ganjiravonga kelib otasining ishini davom ettirsa. Kuyovi ham o‘qituvchi bo‘lsa. Muallimlik qanday. yaxshi hunar. Qizi tushmagur nima qilib qo‘ydi. Bir og‘iz na otaning, na onaning roziligini olmay o‘zboshimchalik qilib qo‘yibdi. Kuyov nima ish qilsaykin? O‘qiganmikin, ylmi bormikin? Biron hunarning boshini tutganmikin? O‘zi axloqlikkina bolamikin?
Ichkariga o‘qdek otilib Nigora kirdi. U onasining bo‘yniga osilib, u yuzidan, bu yuzidan cho‘pillatib o‘pa boshladi. Dadasining yelkasiga osilib erkalandi. Ko‘pdan sog‘intirgan bola ota-onaning yuragidagi gina-kudratni bir dam bo‘lsa ham nari quvib yubordi. Nigora baxtiyor edi. Uning egnida yashnab turgan nikoh liboslari o‘ziga biram yarashibdiki.
Nigora chiroyli qiz edi. Ota-ona topganlarini shu qizga sarflashardi. Ayniqsa u bo‘yga yetib, qomati to‘lisha boshlagan paytlarda kiyinib ko‘chaga chiqqanda Ganjiravon yigitlari esdan og‘ib qolishardi. Uning qo‘shiqlari, uning jarangdor kulgilari, bo‘yi basti, keksa tollar soya tashlagan anhor bo‘ylarida xayolchan kezishlari Ganjiravonga biram yarashardi, biram yarashardi, Qishloq yigitlari atayin tegajog‘lik qilib uning oldidan «Men seni ko‘rdim yana Ganjiravon ko‘chasida», deb qo‘shiq aytib o‘tishardi. Nigora ham ularning hazillariga hazil bilan javob qaytarardi. Nigora tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ining shaydo yigitlarini hasratda qoldirib kimni topdiykin? Ona ana shu to‘g‘rida o‘ylardi.
Kuyov kirdi. U nihoyatda chiroyli, qora qosh, gavdasi quyilgandek, qirra burun, jingalak soch yigit edi. Egnidagi tugmasi chala qadalgan yo‘l-yo‘l yashil pijamasi o‘ziga juda yarashib tushgan edi. U odob bilan qayin otasiga, qayin onasiga salom berdi. Keyin ularni narigi uyga taklif qildi.
Vahobjon bilan Manzura beixtiyor o‘rinlaridan turishdi. Ular bu zinadan tushib u zinaga ko‘tarilishar ekan, Vahobjonda kuyovga allaqanday mehr uyg‘ongandek bo‘ldi. Ammo bu tuyg‘u yasatilgan uyga kirishganda o‘zi ham ma’nosiga tushunib yetmagan allaqanday hislar bilan aralashib ketgandek bo‘ldi. Nigoraning uyi boyagi uy hashamidan o‘n chandon afzal edi. Vahobjon oltmish yoshga kirgan bo‘lsa, shu olis umr davomida ko‘rish u yoqda tursin, xayoliga ham keltirmagan buyumlar bor edi bu uyda. Hatto derazalarning yuqoridagi ko‘zlariga rangli shishalar solingan edi.
Nigoraning yuzida, ko‘zida: erim yoqdimi, degan ma’no porlab turardi. Tashqarida qayin otaning zardali tovushi eshitilardi. Kuyov kulib derazadan hovliga qaradi.
— Kechirasizlar, boboyning yasama tishlari yo‘qolib qolibdi, topolmay xunob bo‘lyaptilar,— u Nigoraga yuzlandi,— ish bo‘lmasa choy olib kelmaysizmi?
Nigora chiqib ketdi. Kuyov kecha to‘yning juda yaxshi o‘tganligi, araqning o‘zidan yetmish shisha ketganini, mehmonlar kabobga to‘yib qolib mantiga qaramaganlari, mast bo‘lmagan odam qolmaganini gapirardi.
— Bizning boboy ham mast bo‘lib qolganlaridan bilavering to‘yning qanaqa bo‘lganini. Axir u kishini uncha-munchaga mast qilib bo‘lmaydi-ya.
Vahobjonga bu uydagi buyumlardan tortib odamlarigacha begona, kuyov bo‘lsa ko‘ziga allaqanday bachkana, yoqimsiz bo‘lib ko‘rindi. Qani endi vaqt o‘tmagan, to‘y bo‘lmagan bo‘lganda u albatta qizining qo‘lidan yetaklab chiqib ketardi. Na chora, bo‘lar ish bo‘lgan. Undan tashqari o‘z yo‘lini o‘zi topadigan yoshga yetgan qizining taqdiriga u qanday qilib hokimlik qila oladi.
Ikki shisha konyak ko‘tarib quda kirdi. Uning egnida yangi to‘n, boshida to‘rt karjli surma rang do‘ppi.
— Endi, quda aybga buyurmaysiz-da, bolalarimizning baxtli bo‘lishiga andek tanavvul qilamiz-da! Ikromjon, ryumkalarni ol. Endi sen ichma. Kechagiga o‘xshab dovdirab yurma.
Derazadan isitilgan manti uzatishdi. Vahobjon ichmadi. Ota-bola bir shishani bo‘shatishgandan keyin Vahobjon uzr so‘rab o‘rnidan turdi.
— Meni aybga buyurmanglar, qiladigan ishlarim bor edi. Onasi mayli qolsin. Ertaga bir xabar olarman.
Kayf qilib olgan quda uncha qarshilik ko‘rsatmadi, kuyovning ko‘zlari suzilib hadeganda tilla tishini ko‘rsatib iljayaverdi. Ammo, quda aya yalinib esi ketdi.
Vahobjon tashqariga chiqib to‘yib nafas olgandek bo‘ldi. Sal nariroq borib birdan ko‘ngli buzilib ketdi. Uning bu kayfiyati uyiga o‘t ketganda bolasi qolib o‘zini qutqargan kishining ahvolini eslatar edi.
Vahobjon shu kuni kechgacha shahar ko‘chalarida tentib yurdi. Mehmonxonaga kirib yotib yotolmadi, o‘tirib o‘tirolmadi. Yana ko‘chaga chiqdi. Kech kirdi. Fontan atrofi odamlar bilan gavjum bo‘ldi. Bola yetaklagan juvonlar, hassasiga tayangan keksalar shaffof tomchilarning salqinida beozor sayr qilishardi. Hamma shod. Hammaning yuzida allaqanday baxtning, quvonchning tabassumi porlaydi. Faqat Vahobjon tajang. Shahar chiroqlari siyraklashdi, fontan atrofi bo‘shab qoldi. Oxiri ko‘kka intilgan toshqin fontan ham asta-sekin yerga singandek tindi. Vahobjon mashaqqat bilan o‘rnidan turib mehmonxonaga yo‘l oldi.
Qattiq uxlab qolgan ekan, telefon tovushi uyg‘otib yubordi. Boshqa nomer adashib tushib qolibdi. U qayta yotolmadi. Soatiga qarasa allapalla bo‘lib qolibdi. Ko‘chaga chiqdi. Qizinikiga borishga yuragi betlamay, mehmonxona ostonasida kunini kech qildi.
Qosh qoraygan mahalda Manzura keldi. U ham ma’yus edi. Er-xotin bir-biriga biron gap bilan ozor yetkazib qo‘ymaslik uchun sun’iy iljayish bilan ichkariga kirishdi.
— Nigora qalay, xafa emasmi?— dedi Vahobjon.
— Binoyidek o‘ynab-kulib yuribdi, Nega bormadingiz, xayrlashib ham kelmadingiz.
Vahobjon gap topolmay gardanini qashib qo‘ydi.
— Biletni ertangi poyezdga olaveraymi, yo bir-ikki kun turasanmi?— dedi Vahobjon. —Agar xo‘p desang, shaharning u yoq-bu yog‘ini ko‘rsatay.
Manzura qizini tashlab ketishga ko‘ngli bo‘lmay, yuragining bir cheti uzilib qolayotgandek bo‘lib turgan edi.
— Mayli, o‘zingiz bilasiz,— deya uning o‘ziga tashladi.
Bugun Vahobjon o‘zi o‘qitgan ganjiravonlik vrach bolani uchratgan edi. U uyiga taklif qilgan. Vahobjon vaqt bo‘lsa, albatta borishligini aytgan edi. Shu topda va’dasi esiga tushdi.
Shu kecha na er, na xotin qudalaridan gap ochmadi. Ammo, tong otguncha to‘lg‘anib chiqdi. Ertalab ular endi nonushtaga tayyorlanib turishganda kimdir eshikni bezovta taqillatdi. Vahobjon shoshib ochsa, notanish bir kishi ko‘zlari besaranjom bo‘lib turibdi.
— Tez borarmishsizlar. Darrov, darrov…— u shunday dedi-yu, shoshilganicha ketib qoldi.
Er-xotin nima gapligiga tushunolmay apil-tapil yo‘lga tushishdi.
Nigoraning hovlisi suv quygandek jimjit. Hovlidagi so‘rida chol peshonasini ushlaganicha qimirlamay o‘tiribdi. Vahobjonning yuragini birdan vahm bosdi, Nigoraga bir gap bo‘lmadimikin! U otilganicha uyga intildi. Ichkaridan chiqib kelayotgan qudasi Hojar unga sovuq nazar tashlab o‘tib ketdi. Nigora uyning o‘rtasida qimirlamay turardi. U oyoq tovushini eshitib o‘girildi, dadasini ko‘rib ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Manzura kirdi.
— Peshonam qursin, toleim qursin!
— Nima bo‘ldi?— dedi Manzura hayajon bilan.
— Ikromjon akamni qamoqqa olib ketishdi. Hamma narsani xatlab ketishdi.
Hojar derazadan bosh suqdi.
— Kelinning oyog‘i «qutlug‘» keldi-da! Ha, qadami «yoqdi».
Vahobjon beixtiyor o‘tirib qoldi. Atrofga g‘amgin nazar tashladi. Uy jihozlari ko‘ziga sovuq ko‘rinib ketdi. Bu buyumlarning hammasi xatlangan, hammasining egasi boshqa, bular yurtning rizqidan yulib olingan narsalar. Bu uyda shu bitta Nigoragina halol edi. Yo‘q, u ham o‘g‘irlangan, o‘zi ham, baxti ham o‘g‘irlangan.
— Xafa bo‘lma, qizim,— dedi Vahobjon,— ilojimiz qancha, begunoh bo‘lsa chiqib qolar. Sabr qil.
Chol kirdi.
— Quda, bu ishning shundoq bo‘lishini kim biluvdi, deysiz. Chaquvdan bo‘ldi. Yomon odam ko‘p. Bor bo‘lsang ko‘rolmaydi, yo‘q bo‘lsang berolmaydi. Endi bundoq qilsak.— U yonidan buklog‘liq qog‘oz chiqarib Nigoraga uzatdi. —Shu ro‘yxatdagi narsalarni otamnikidan olib kelganman, o‘zimniki deb sudga ariza yozsangiz.
Vahobjon qizning qo‘lidan qog‘ozni oldi. Ro‘yxatda taxminan yangi pulda o‘n besh ming so‘mlik buyum yozilgan edi.
— Yo‘q,— dedi qat’iy ohangda Vahobjon. — Bunaqa ishga qo‘l urmaydi Nigora.
Chol boshini sarak-sarak qildi.
— O‘zlaringizga qiyin bo‘ladi, mayli, mayli. Hojar derazadan bosh suqdi.
— Ko‘nishmayaptimi? Bu tagi past qishloqilardan yaxshilik chiqadimi? Aylanay qudalar, xo‘p deb qo‘ya qolsanglar olam guliston bo‘ladi-ya!
— Qo‘ying, jinoyatlaringizga bizni sherik qilmanglar.
— Umid bilan quda bo‘lgandik, mayli o‘zlaring bilasizlar.
Nigora hatto rozi bo‘lishga ham tayyor turganda, kampir yana gapga suqildi.
— Aylanay Nigoraxon, bu yer ham o‘z uyingiz, bizni unutvormay tez-tez kelib turasiz-a!
Nigoraning ko‘zlari yalt etib ochilib ketdi. Kelinlik liboslari muzga aylanib badanini sovutib yuborgandek bo‘ldi. Ko‘zlariga g‘azab to‘lib atrofga jovdirab boqdi-yu, shaxt yurib narigi uyga chiqib ketdi. Bir ozdan keyin u o‘z onasi tikkan o‘sha oq krepdeshin ko‘ylagini kiyib, studentlik chamadonchasini ko‘tarib chiqdi. Dadasiga ma’yus boqib dedi:
— Meni kechiring, dadajon. O‘zini o‘zi o‘g‘riga tutqazib bergan, baxtini ham, o‘zini ham o‘g‘irlatgan qizingizni kechiring.
Nigoraning ko‘zidan yosh chiqmadi. U dadil gapirar edi.
Vahobjon bilan Manzura qizini bundan uch kun avval chiqib ketgan yotog‘ida qoldirib, yana Ganjiravonga qaytib kelishdi. Nigora uyiga endi ilgarigidek tez-tez xat yozmas, to‘g‘risi nima deb yozishini bilmasdi. Yozganda ham sog‘-salomatman deyishdan nariga o‘tmasdi. Oradan uch oy o‘tganda Nigoradan to‘rt varaq xat keldi. Xatda u Ikromning katta jinoyatchi ekanligi sudda ochilgani, o‘zi o‘n yilga kesilib, uy-joylari musodara qilinganini yozgan edi. Xatning oxirida u: ertaga davlat imtihonlari tugab, diplom qo‘limga tegadi. Ganjiravonga qaytib borishga endi yuzim chidamaydi, Xorazmga yo‘llanma berishlarini so‘radim. Iltimosimni qaytarmasalar kerak, depti.
Manzura: «Jon bolam, dadang qarib qoldi, bir hafta bo‘ldi, pensiyaga chiqdi, Ganjiravonga kel, dadang o‘rniga o‘zing o‘qituvchi bo‘l. Jon bolam, yo‘q dema», deb xat yozdi.
Nigora kelarmikin? Kelsa, Ganjiravon ko‘chalarida to‘da-to‘da maktab bolalarini ergashtirib yursa, qandoq yarashadi unga. Kelarmikin?
Ammo, onaning xati Nigoraga yetmadi. U o‘g‘irlangan baxtini izlab vagon oynasidan qum barxanlariga tikilib ketmoqda edi.
1957 yil.