Said Ahmad. Osmonning onasi (hajviya)

To‘rtinchi qavatdagi uch xonali uyning bir xonasi menga tegdi.
Yuklarimni saranjom qilayotganimda baqaloqqina, mo‘ylovining uchi anor suvidek qip-qizil bir odam eshikdan bosh suqib: «Salom, qo‘shni», deb o‘tib ketdi. Oshxonaga chiqib, kartoshka qovurayotganimda birdan hammayoqdan atir hidi burqsidi. Qarasam, qo‘shnimning xotini lunjiga tish cho‘tkasini tiqib, umivalnik oldida turibdi. Salom bersam, qoshini kerib, bosh silkib qo‘ydi. Keyin nimadir demoqchi edi, og‘zi changib ketdi.
Uning iyagidagi danakdek jun chiqqan xolini aytmasa chiroylikkina xotin edi. O‘zi ingichka, uzun qora ko‘ylak kiyib yurishidan yopib ko‘yilgan zontikka o‘xshab ketardi.
Kichik o‘g‘illari Karimjon bilan hammadan oldin tanishganman. U hali uyga ko‘chib kirmasdanoq, uch tiyin pul so‘ragan va yuklarimni tashib bo‘lgunimcha zinada pista chaqib o‘tirgan edi. O‘shanda u yelkamdagi og‘ir shkaf bilan endi to‘rtinchi qavatga yetay-etay deganimda to‘xtatib, qulog‘imga shivirlagan edi. Engashaman deb, oz bo‘lmasa, shkafning tagida qolay deganman.
— Amaki, dadam yaqinda Osmon akamni o‘z qo‘llari bilan tiriklayin ko‘mib keladilar.
Usmon qo‘shnimning katta o‘g‘li. Karimjonning tili kelishmay shunaqa deydi. Uni nega tiriklayin ko‘mib kelishmoqchi, yelkada yuk bilan surishtirib o‘tirmadim. Ammo, Usmonni ko‘rganman. U onasiga ham, dadasiga ham o‘xshamaydi. Gavdasi xuddi duradgor randalagan taxtaga o‘xshash sip-silliq. Shuning uchun hadeganda shimi tushib ketaveradi. Bir qo‘li bilan kamarini ushlab yuradi.
Xullas, ko‘chib kelgan kunimoq, bu uydagilarning Usmonni tiriklayin ko‘mib kelishlaridan boshqa, hamma sirlari ayon bo‘ldi-qo‘ydi.
Kechqurun er-xotin ko‘chadan tabiatlari tirriq bo‘lib qaytishdi. Xotin yana tish cho‘tkasini lunjiga tiqib yuvingani o‘tib keta turib, oldimda to‘xtadi:
— Qo‘shni, shart shu, kunora koridorni yuvasiz. Gaz bilan elektr puli o‘rtada. Kechasi o‘n birdan keyin qolsangiz eshik ochilmaydi.
U shunday dediyu og‘zidagi poroshokni changitib, qars-qurs yurib ketdi. Bir mahalda ko‘zi olazarak bo‘lib qo‘shnimning o‘zi xonamga kirdi. Eshikni zichlab yopdi-da, shimining cho‘ntagidan po‘kagi ochilgan bir shisha vino olib, stol ustiga qo‘ydi.
— Xafa bo‘lmaysiz, qo‘shni, xotinimiz o‘zi shunaqa. Qo‘shnichiligimiz totuv bo‘lishi uchun.
Yaxshi qo‘shnichilik uchun bir shishani bo‘shatay dedik. U ichayotganida uzun mo‘ylovining uchi stakanga tushib turar ekan. Mo‘ylovining uchi qizil bo‘lish sababini endi bildim. Xazil aralash unga:
— Qo‘shni, ko‘proq icharkansiz shekilli, — dedim.
— Ichmiyman demayman, undoq desam xato bo‘ladi. Kuniga yigirma, o‘ttiz marta ichishim bor. Ba’zida, oy oxirlab qolganda, yetmish-saksan martaga ham yetkizib pchaman. Jonimga tegdi. Bo‘shatinglar, deb necha marta ariza berganman. Bo‘shatishmaydi. Boshqa odam yiqilib qoladi, deb turib olishgan. Oxiri o‘rningga odam top, deyishdi. Bunaqa ishga tayyor odam kayoqda deysiz? Hozir ataylab, shogird tayyorlayotibman. Shogirdim hali yosh. Arang o‘ttiz ikki martaga oboradi.
Qo‘shnimning gapidan uning vino zavodida yangi vinolarning mazasini ko‘ruvchi, darajasini aniqlovchi degustator vazifasida ishlashini bildim. U menga: «Yaxshilab uxlab dam oling» deb chiqib keta turib to‘xtadi va bo‘ynini cho‘zib shivirladi:
— Qo‘shni, har ehtimolga qarshi eshikning ilgagini solmay yoting, kechasi motkamizning jini qo‘ziydigan odati bor.
Uning gapiga tushunolmadim. Ammo, qoq yarim kechaga kelib, o‘sha gapning mazmuniga yetdim. Ya’ni, qo‘shni uyda dupur-dupur bo‘lib qoldi. Nimadir sindi, kimdir quvdi, kimdir qochdi.
Eshigim ochilib, qo‘shnim ko‘rpa yopinib kirdi. Xotin eshik orqasida yer tepib uni qarg‘ardi:
— Kirma, kirma deyapman. Qo‘shni yechinib yotibdi, ayb bo‘ladi.
Qo‘shnim xotinining oyoq tovushi tinguncha eshikning tirqishiga quloq solib turdi, keyin boyagi vinodan qolganini so‘radi. Shishaning tagini silqitib ichdi.
— Mana, ko‘rdingizmi, umrimda birinchi marta besabab ichyapman.
U boshqa gapirmadi. Divanga joy qilib berdim. Yotdi. Qorong‘ida janjalning sababini aytib berdi.
— E, qo‘shni, ko‘rgan kunimning padariga la’nat. Bir oy bo‘ldi, janjaldan qutulmayman. Usmon institutni bitirib, vrachlik diplomini oldiyu onasining chakagi ochildi-qo‘ydi. Hozir bolalarni bilasiz-ku, o‘zini o‘zi eplaydigan bo‘lib ketishgan. Taqsimotda Toshkentda qoldirishgan ekan, «yo‘q, Surxondaryoga yuborasizlar» deb turib olibdi. Talabini qondirishibdi. Bugun uch kun bo‘ldi, javob keldi, joy band bo‘lib qolibdi. Endi bolasi tushmagur yana allaqayoqqa yuborishlarini so‘rabdi. Onasi eshitib qolib, qildi qiyomatni, qildi qiyomatni. Ahvolni ko‘rib turibsiz-ku!
Qo‘shnim gapirib-gapirib uxlab qoldi. Kechasi ikki marta alahsirab dod, deb o‘rnidan turib ketdi.
Ertalab ko‘shnim bechora oyoq uchida kirib, kiyimlarini olib chiqdi. Nonushta ham qilmay, ishiga jo‘nadi. Gazda choy damlab turgan edim, yelkasida sochiq bilan Usmon chiqdi. Gaplashib qoldik. U xijolatlik bilan gapirardi:
— Mamashaning qiliqlaridan xafa bo‘lmaysiz-da, qo‘shni. Keyin sovub qoladilar. Kecha kon boshqarmasidan javob oldim. Yer tagida, konning uchinchi qatlamida medpunkt ochilibdi. Meni o‘sha yerga tayin qilishibdi. Maza bo‘ldi. Bugun ketaman. Biz tomonlarga borib turing.
Usmon xunuk bo‘lsa ham istarasi issiqqina ekan.
O‘sha kuni Usmon ketdi.
Qo‘shnimning xotini kechgacha javrab yurdi.
— Voy, bu qanaqa ota, qanaqa ota-ya, o‘z bolasini o‘z qo‘li bilan tiriklayin ko‘mib keldi-ya, qora yerning qa’riga ko‘mib keldi-ya!
Oradan to‘rt kun o‘tdi. Kunduzi Karimjonning qo‘lida konvert ko‘rgan edim. Kechqurun uyda yana tapir-tupur bo‘lib qoldi. To‘polon orasida xotinning surnayga o‘xshash ingichka ovozi o‘qtin-o‘qtin eshitilib qolardi:
— Bolaginamni o‘z qo‘li bilan qora yerga ko‘mib qo‘ydi-ya!..
Bildim. Usmon xatda yer tagida, ko‘mir qatlamlari orasida ish boshlaganini aytgan bo‘lsa kerak.
Nimadir sindi, kimdir quvdi, kimdir qochdi.
Har ehtimolga qarshi divanga yana joy solib qo‘ydim.
1962 yil.