Men bu odam haqida birinchi marta Yozyovon cho‘lining qoq o‘rtasida, Cho‘l burgutining chaylasida eshitgan edim.
Cho‘l burguti yangi ochilgan qo‘rikdan yigirma besh gektar yerni bog‘ uchun ajratib qo‘yganini va bu yerni obod qilish uchun rayispolkomning alohida qarori bilan O‘rik domlaning o‘zi kelayotganini aytgan edi.
Ajab! Bu O‘rik domlasi kim bo‘ldi? Burgutdan bu odam haqida so‘ramoqchi bo‘lib turgan edim. Yog‘och polvon gap boshlab qoldi:
— Kelmaydi. Shundoq bog‘ini tashlab kelarmidi. Bog‘iga kirganmisan? Yo tavba, bir odamning qo‘lidan shuncha ish kelishiga aqling bovar qilmaydi.
— Keladi!— dedi ishonch bilan Burgut. — Bog‘i torlik qilib qolgan, yangi ko‘chatga joy qolmapti. Cho‘lga ko‘z tikib yurgan emish.
Yog‘och polvon yoyilib kuldi:
— Chol tushmagur ham bizga o‘xshab qariganda cho‘l «jinnisi» bo‘pti-da.
O‘rik domlaga qiziqib qoldim. Bu odam haqida uncha-munchani bilib olmoqchi bo‘lib, chaylada ikkovimiz qolganimizda Burgutdan surishtirdim.
— Ajoyib odam. O‘zi o‘lgudek ezma. Tajanglikda tengi yo‘q, o‘rikdan boshqa gapni bilmaydi. To‘y-po‘yga borib qolsa, ashula eshitayotganlarning ensasini qotirib, o‘rikdan gap boshlaydi. Asli otini haligacha hech kim aniq bilmaydi. Ammo O‘rik domla desang, bo‘ldi, kattadan-kichik taniydi! Joni dili o‘rik. Rayondagi kolxozlarning bog‘ida hozir shig‘il meva berib turgan o‘riklar shu domlaning ko‘chatidan bo‘ladi. Odamlar Kavkazga dam olgani borishsa, O‘rik domla danak yiqqani boradi. Bog‘ida dunyodagi o‘rik navining hammasidan ko‘chat bor, deyishadi. Oblastdan kimki chet elga boradigan bo‘lsa, hamma ishini yig‘ishtirib qo‘yib, uni vokzalgacha chamadonini ko‘tarib kuzatib qo‘yadi. Danak olib kelishni tayinlaydi.
Burgut hikoyasi shu yerga kelganda tizzasiga urib, qotib-qotib kula boshladi.
— Nega kulyapsiz, bir gap bo‘ldimi? — dedim uning bemavrid kulgisidan ajablanib.
— Bir voqea esimga tushib ketdi. Kelini bilan urishib qolgani ham shu o‘rik xususidan-da! O‘tgan yili katta to‘y qilib, o‘g‘lini uylantirgan edi. To‘y ham juda antiqa bo‘lgan. Avji o‘rik pishig‘i edi. To‘yga kelgan xotinlar nima bo‘lsa ham domlaning ko‘zini shamg‘alat qilib, o‘rigidan bir-ikkita uzib yeyishni niyat qilib qo‘yishgan ekan. Domla peshonasiga zambarakning og‘zini to‘g‘rilab bursang ham, o‘rikka qo‘l tegizdirmaydigan xilidan. Tajriba o‘rik-da, axir! Domla nima qilibdi deng: qo‘rg‘onchadan boqqa kiradigan eshik oldiga ikki obdasta suv, eshik halqasiga uchta to‘n bilan salla ilib qo‘yibdi. Bechora xotin-xalaj, qariyalar tahorat olgani kirib ketishgan ekan, deb boqqa yaqin kelisha olmabdi. Kallasi ishlaganini qarang bu domlasi tushmagurning! Qoyilman. Malades!
Burgut yana kula boshladi. Domlaning kelini bilan orasi buzilganining sababini bilolmaganim uchun yana so‘radim:
— Kelini bilan nega urishib qolgan edi?
— Ha, aytgancha, hali aytdim-ku, domla chet elga kim borsa, danak olib kel, deb tayinlashini. Sayohatchilar uning yuzidan o‘tolmay, o‘shoqlarda o‘rik yesalar, danagini tashlamay olib kelaverishibdi. Domla shunday qilib bir xalta danak yiqqan edi. Kelin bechora uning «danak jinnisi»ligini bilmay, domla yo‘g‘ida shu bir xalta danakni chaqib yeb qo‘yibdi. Boshqorong‘i ekan-da, bechora. Domla ko‘chadan kelsa bir hovli danak po‘chog‘i yotgan emish. Ko‘ribdi-yu, tutqanog‘i tutib qopti. Hushiga kelib, butun hovlini boshiga ko‘tarib dod solibdi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilibdi. Uning fe’lini bilganlar lom-mim deb og‘iz ochisholmabdi. Kelinning rangi quv oqarib ketgan, dag‘-dag‘ titrar emish. Keyin domla o‘g‘liga o‘dag‘aylabdi:
— Bu uyda yo men turaman, yo xotining turadi! Albatta yangi kuyov bir nima deyolmay til chaynab, anqayib turaveribdi.
Bu gap kelinning hamiyatiga tegib, kiyim-boshini tugib otasinikiga ketib qopti.
Burgut yana boshini sarak-sarak qilib kuldi.
— Shunaqa. Domla o‘rik deganda hatto otasini ham ayamaydi…
Keyingi Yozyovon safarimda Cho‘l burgutidan O‘rik domlani surishtirdim.
— Qalay, domla cho‘lga keldilarmi?
— Keldi, — dedi Burgut kulib, — yuring, sizni domla bilan tanishtirib qo‘yay.
Ikkovlashib bog‘ uchun ajratilgan qo‘riqqa qarab ketdik. Havo bulutli bo‘lsa ham, cho‘l ustidan iliq shamol esardi. Kaftdek tekis yerlarda qor ko‘rinmas, faqat har yer-har yerda yig‘ilib qolgan ko‘lmak suvlar xuddi osmondek kul rang tusga kirgan, esayotgan shamolda ularning beti jimirlab, qo‘rg‘oshindek ojiz yiltirab qo‘yardi.
Shoxlari yalang‘ochlanib qolgan buta ostidan ikkita qirg‘ovul patillab ko‘tarildi-yu, sal nariroqqa borib tushdi.
— Eh, qo‘shtig‘ bo‘lmadi-da… Rosa semiz ekan, uzoqqa ucholmadi-ku.
Bir oz jim bordik.
— Domla yoniga To‘pponcha polvon bilan Yog‘och polvonni olib, bir kechadayoq bog‘idagi yangi yosh ko‘chatlarni kovlab, ikki gruzovoyda cho‘lga olib keldi. Hozir bolalar havoning g‘animatida olatasir ko‘chat o‘tkazishyapti. Hozir cho‘lga domlaning ishqi tushib qolgan. Kelganidan beri rayonga ikki marta tushdi, xolos. O‘zi ham bog‘misan-bog‘ bo‘ladiganga o‘xshaydi, — dedi Burgut yana.
Do‘ng oshganimizdan keyin bundan uch oy avval ko‘rganimda kanavokopatel ariq qaziyotgan joyda qator o‘tqazilgan nihollarga ko‘zim tushdi. Uch-to‘rt odam bir joyga g‘uj bo‘lib, nimadir qilayotgan edi. Qadamni tezlatib, ularning oldiga bordik. Yog‘och polvon bilan To‘pponcha polvon yosh nihollar tanasiga ohak surtishayotgan ekan.
— Domla qanilar? — dedi Burgut.
— Hozir kelib qoladilar, — deb javob berdi Yog‘och polvon, aftini burushtirib, qaddini rostlar ekan.
Yog‘och polvonga endi sal-pal jir bitib qopti. To‘pponcha polvon esa hali ham o‘shandek chaqqon, sermulozimat. Chiroyli ko‘zlari porlab turibdi.
— Bu jinqarcha ko‘chatlarni ohaklayman deb belim qotib ketdi. Manovi pakar engashmay tik turib oqlasa, men ikki bukilib oqlayapman!
Darhaqiqat, bu uzun bo‘yli yigitga hadeb engashaverish oson tushmas edi. To‘pponcha polvon piching qildi:
— Hozir menga maza-yu, senga azob, o‘rik pishganda senga maza-yu, menga qiyin bo‘ladi. Negaki, sen tikka turib uzaverasan, men bo‘lsam tagimga to‘nka qo‘yib cho‘zilaman.
— Senga bu domla hali-beri o‘rik uzdirib qo‘ya qolmas-ov, nima deysan, Burgut?
Burgut uning gapiga kulib qo‘ya qoldi. Cho‘qqi soqol, boshiga pati to‘zib ketgan surma rang do‘ppi kiygan ko‘zoynakli, oltmish yoshlardagi chol velosiped minib kelib qoldi. U, u yoq-bu yoqqa qaramay, salom-alikni ham unutib, Burgutga bir qog‘oz uzatdi.
— Telegrammaga javob. Shreder stantsiyasidan uch yuz tup ko‘chat oladigan bo‘ldik. Raisga aytsangiz: ikkita gruzovoy bersa, ertaga Toshkentga ketaman. Mirzacho‘ldagi tajriba stantsiyasidagi agronom Eshonxonov bilan birga o‘stirgan ko‘chatlarimiz bor. Qaytishda ola kelaman. Qalay, ma’qulmi?
Chol gapini tugatib bo‘lgandan keyingina biz bilan ko‘rishdi. Ko‘rishdi-yu, yana o‘z gapi bilan ovora bo‘lib ketdi:
— Havo rosa bo‘lib berdi. Ko‘chat hozir mast uyquda. Ko‘chatni uyqusida bosgan yutadi. Ertalab Rishtondan ellikta ko‘chat keladi. Agar Toshkentga ketib qolsam, Burgut bolam, o‘zingiz bosh bo‘lib, anovi radga ektirasiz-da!
O‘rik domla yonginasida turgan ko‘chatning uzun bir novdasini egib, gulqaychi bilan kesayotganda, Burgut qulog‘imga shivirladi:
— Bo‘ldi endi, o‘rikdan boshqa gap yo‘q. Suv ichmay ikki soat gapiradi.
Darhaqiqat, O‘rik domla o‘rikdan gapirib kunni kech qilsa-ya! Qantak o‘rikning vatani asli Rishton bo‘lib, Konibodomga keyinchalik borib qolgani, oq o‘rikning Rishtondan ko‘ra, Andijonda yaxshi hosil berishi, «poshshoyi»ning turshagidan qilingan sharbatni bahorda ichilsa, medani tozalashi, xashaki o‘rikning qoqisini molga qaynatib ichirilsa — qo‘tir bo‘lmasligi, «kal yo‘ldosh»dan solingan bargakni oltingugurtning tutuniga dimlansa — xuddi tillaga o‘xshab sap-sariq bo‘lishini rosa tushuntirib ketdi.
Uning gaplari meni aslo zeriktirmas edi. O‘z hunariga butun umrini bag‘ishlagan bu qariya yetuk bir olim bo‘lib tuyulardi. Axir, u oltmish yillik umrida xasislik bilan ko‘kartirgan qanchadan-qancha ko‘chatlari butun-bir vodiyning sanoqsiz bog‘larida yashnab turganini o‘ylaganim sari unga havasim kelar, yuragimda chuqur hurmat tuyg‘ulari qo‘zg‘alardi.
Kech kirib atrofni qorong‘i bosdi. Uzoqda, yangi posyolkada chiroqlar miltiradi. To‘rtovlon orqaga qaytdik.
— Domla, — dedi Burgut yo‘lning yarmiga yetganimizda, — Toshkentga ketmasingizdan avval qudangiznikiga borib, kelinni ko‘rib ketsangiz bo‘lardi.
Chol nimadir deb to‘ng‘illadi. Cho‘l shamoli uning ovo-zini orqa tomonga olib ketdi. Yana ozroq yo‘l yurdik.
— Bir xalta danak-a, Hindistondan, Afg‘onu Arabistondan, Qashqaru Kashmirdan kelgan danaklar edi-ya. E, attang!
— Bo‘lar ish bo‘ldi, domla, endi yarashib qo‘ya qoling. Kechiring uni, bilmasdan qilgan-da.
— Sira kechirmayman. Bir xalta danak eng kamida ikki yuz tup ko‘chat bo‘lar edi. Qanaqaligini ham bilolmay qoldim.
Chol endi boshqa gapirmadi. To qishloqqa yetib kelgunimizcha undan sado chiqmadi. Kelini yeb qo‘ygan danagi yuragini yana ezib yubordi shekilli, «steptorg»ning avtolavkasi oldida biz bilan xayrlashar ekan, bo‘shashib qo‘l uzatdi. Do‘kondan tushib turgan chiroq shu’lasida uning yuzlari xuddi g‘ijimlanib, o‘zi birdan qarib qolgandek ko‘rindi.
— Ko‘rdingizmi o‘jarligini, — dedi Burgut, uyga kirganimizda. — Danak voqeasi juda yomon ta’sir qilgan, qachon ezmalik qilib gapni gapga qovushtirmasa, atayin danakdan gap ochib qo‘yaman. Dami ichiga tushib ketadi. Hozir dunyoda bitta dushmani shu kelini, ko‘rarga ko‘zi yo‘q.
Biz Burgut ikkovimiz alla-palagacha uxlamay, cho‘l haqida, cho‘lni o‘zlashtirayotganlar haqida gaplashib yotdik. Boya domla o‘rik haqida qanday to‘lib toshib gapirgan bo‘lsa, Burgut ham qulfi dili ochilib, cho‘l haqida xuddi shunday miriqib gapira ketdi. U shunday yayrab gapirar ediki, yetuk bir shoir ham cho‘lni unchalik ta’riflay olmas edi.
— Bilasizmi, mehmon, yoz kechalari uydan daydib chiqib ketaman. Osmon to‘la yulduz, oy cho‘l ustiga kelganda pastlab o‘tadi, yo menga shunaqa tuyuladimi, yo rostdan ham o‘zi shunaqami, bilmadim. Tunda turna uchganini ko‘rganmisiz? Men juda ko‘p ko‘rganman. Juda gashtli bo‘ladi. Xuddi qo‘y haydagan podachiga o‘xshab «qure-qure» deb osmoni zamindan o‘taveradi. Ayniqsa, oydin kechasidagining gashti juda boshqacha bo‘ladi. Sinkaga solingan oq doka orqasidan uchib o‘tayotganga o‘xshardi. Shamol qish-loq tomondan g‘alati islar olib keladi. Qo‘ying-chi, cho‘lda yoz kechasi chalqancha yotib uxlamagan odam, bu gaplarning ma’nosiga yetmaydi.
Burgut yaxshi bir qo‘shiq eshitayotgandek tez-tez ko‘zini yumib, past ovoz bilan gapirardi.
— Hay mayli, uxlaylik endi, mehmon.
Burgut endigina ko‘rpaga burkangan ham ediki, ko‘cha tomondagi derazani birov chertdi.
— Burgut bolam, men! To‘pponchaga ayt, otni bersin, Qishloqqa tushib chiqaman.
Burgut shoshib kiyinib chiqib ketdi. O‘n-o‘n besh minutlardan keyin qaytib keldi. U uyquli ko‘zlarini ishqalab hadeb kular edi.
— O‘rik domlaning kelini o‘g‘il ko‘ripti. Og‘zining tanobi qochgan. Bir joyda turolmaydi. Hiring-hiring kuladi. Ot olib berdim, qishloqqa ketdi. Boya kelinini ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi, ha, farzand ekan-da! Tug‘ruqxonadan chiqishi bilan cho‘lga ko‘chirib kelaman, deydi. Hali ko‘rarsiz, nevara to‘yi qilib beradi. Pul ko‘p bu cholda. Toshkentda o‘rik xususida mana bundoq katta kitobi chiqqan. Ha, aytgancha, kinoni ko‘rdingizmi? Qiztaloq kinochilar xuddi o‘zimni opti-qo‘yipti-ya. Qurultoyda qo‘yib berishdi. Mirzacho‘ldagi G‘anisherni ham olishgan ekan.
Delegatlar ikkovimizga ham «eriysanlar» deb turib olishdi. Mehmonxonada ziyofat qilib berdik. G‘anisher bilan urishtirib ichdim. Ikkovimiz o‘sha yerda qo‘l olishdik. Nima deysiz mehmon, G‘anisher zo‘r-a?!
— Siz ham chakki emassiz, — dedim. — Axir, sizni kimsan Cho‘l burguti deyishadi-ya!
— Men Cho‘l burguti bo‘lsam, G‘anisher Mirzacho‘lning sheri. — Sher bilan burgutning tashlashgani qiziq bo‘ladi.
Burgut kula-kula chiroqni o‘chirib, ko‘rpaga kirdi. Uyqum qochdi. Ko‘zimga cho‘l o‘rtasida otini yeldirib ketayotgan O‘rik domla ko‘rinib ketdi. Nazarimda, u bulutlar orasida goh yonib, goh o‘chib turgan yulduzlarga, otining yolini siypab o‘ynayotgan cho‘l shamollariga ham o‘rik haqida gapirib borayotgandek, atrofida yastanib yotgan tekis cho‘lga o‘rik ko‘chatlarini bir tekis tikib ketayotgandek, yangi tug‘ilgan nevarasiga savatda o‘rik olib borayotgandek edi.
Cho‘llarda boshlangan yangi hayot va yangi odamlarning qissasini yozib tugatib bo‘larmidi!
Bu qissaning ham hali davomi bor.
1959 yil.