Kunduzi havo juda yaxshi edi. Kechasi bunaqa bo‘ron bo‘lishini kim bilibdi? Mo‘ylov, Besardan yukimni olib kelaman, deb mashina so‘raganda oftob charaqlab turgan edi-ya! O‘shanda mashina berib chakki qilgan ekan. Haligacha ko‘chada motor gurillamaydi. Qaytmabdi-da!
Qo‘ziboy u yonboshidan-bu yonboshiga ag‘dariladi.
Tashqarida bo‘ron quturgan. Darvoza to‘g‘risidagi sim-yog‘ochda yonib turgan elektr chirog‘i lapanglab, hali barg yozmagan nihollarning soyasini yerdan olib devorga uradi, devordan olib yerga uradi. Simyog‘ochning soyasini bo‘lsa o‘z atrofida chir aylantiradi. Bo‘ron har xuruj qilganda derazaga shitirlatib qum sochadi. Cho‘yan qopqog‘i ochiq qolgan pechka goh bo‘riga o‘xshab uvillaydi, goh mushukka o‘xshab miyovlaydi. Qo‘ziboy uyg‘oq. Tashqariga quloq solib, ko‘rpani yelkasiga tortganicha qimirlamay o‘tiribdi. Qayerdadir jaranglab deraza oynasi sindi. Kimningdir eshigi qarsillab ochilib yopildi. Allaqaysi tomdan shifer ko‘chib, taraqlab yerga tushdi. Qo‘ziboy o‘tirgan yerida timirskilanib, shimining cho‘ntagidan papiros oldi. Xotinini uyg‘otib yubormaslik uchun gugurtni hovuchining orasiga olib chakdi. Zaif shu’la panjalarini xuddi qizil bo‘yoqqa botirib olgandek yoritdi. Xotini Kokila uyg‘oq, qorong‘ida nurli chizikdek nari borib, beri kelib turgan papiros cho‘g‘iga qarab jimgina yotar edi.
— E, uxlamadingmi? Qo‘rqyapsanmi? Qo‘rqma! Bo‘ronni endi ko‘ryapsanmi!
Xotini indamadi.
— Bo‘ron quturishga quturdi. Shunaqa paytda to‘rtta ulfat bo‘lib norin to‘g‘rab o‘tirsang, rosa gashtli bo‘ladi-da, xotin.
Kokila eri bu gapni uni alahsitish uchun aytayotganini bilib turardi. Bo‘lmasa, qum quturgan paytda kim ulfatchilik qilibdi-yu, kim norin to‘g‘rabdi? Erining odatini bilganidan indamay qo‘ya qoldi. Er-xotin ancha vaqtgacha jim qolishdi. Oxiri xotini chidamadi:
— Meni ovutmay qo‘ya qoling, sirayam qo‘rqayotganim yo‘q. Qo‘rqsam, yangi kelgan paytlarimda, yolg‘iz o‘zimni biy dalaga tashlab, rayonga seminarga ketgan paytlaringizda qo‘rqardim.
— Bo‘lmasa nimaga uxlamaysan?
— O‘zingiz-chi?
— Mening yo‘rig‘im boshqa, — dedi Qo‘ziboy yana papiros tutatib, — boshimda shuncha ish… Saksondan oshiq uyni qaqqaytirib qo‘ydik. Endi yigirma beshtasiga odam keldi. Paxtani ikkovimiz ekib, ikkovimiz teramizmi? Shularni o‘ylab uyqum kelmayapti, xotin.
Xotin erini yupatmoqchi bo‘lib, yelkasini uning yelkasiga ishqadi.
— Judayam tashvish qilavermang. Odam keladi. Shu bugunning o‘zida olti xonadon ko‘chib keldi. Ertagayam, indingayam keladi. Hali qarab turing, qurgan uylaringizga odam sig‘may ketadi.
— Buni sendan yaxshi bilaman. Keladigan bo‘lsa avji ekish paytida kelsin-da! Bo‘ldi, endi uxla! Nima balo bo‘ldi, Mo‘ylov hali ham qaytmadi-ku!
— Qaysi Mo‘ylov? — dedi xotini yana yostiqdan bosh ko‘tarib.
— Bugun ko‘chib kelgan baqaloq yigit-da. Matros bola.
— Voy sho‘rim, shaharga ketganmidi? Xomilador xotinini yolg‘iz tashlab-a? O‘rganmagan joy, yuragi yoriladi-ya! Qo‘rqayotgandir…
Xotinining gapi og‘zida qolib, Qo‘ziboy o‘rnidan sakrab turdi. Chiroqni yoqib soatiga qaradi: o‘n ikkidan oshibdi.
— Nima qilmoqchisiz, bormoqchimisiz?
— Xabar olish kerak. — Qo‘ziboy shunday dedi-yu, shoshib kiyina boshladi.
Xotin ham o‘rnidan turdi.
— Men ham boray, xotin kishining yoniga kechasi borsangiz, bilgan undoq deydi, bilmagan mundoq deydi. Erining ham ko‘ngliga kelishi mumkin. Meni o‘sha yerga tashlab, o‘zingiz qaytib kelarsiz. Uyda Bobir yolg‘iz qolmasin, — dedi Kokila. — Bechoraning xotini juda pishib turgan edi. Dard tutib qolmasin tag‘in.
Er-xotin hovliga chiqishdi. Bo‘ron hamon avjida. Qo‘ziboy ko‘zini qumdan saqlash uchun choponini boshiga yopinib, hovlining narigi tomoniga o‘tib ketdi-da, zum o‘tmay, egarlangan ot yetaklab chiqdi. Er-xotin otga minishdi. Xotin erining orqasidan mahkam quchoqlab, ko‘zini qumdan yashirgancha jimgina borardi.
Shamol guvillaydi. Yaqinda shag‘al to‘kilgan katta yo‘l chetlaridagi nihollar tagini qum o‘rab olibdi. Lapanglab turgan elektr chiroqlarining nurida qum quyuni xuddi yonboshdan yog‘ayotgan qorga o‘xshaydi. Nihollar tagida to‘dalanayotgan qum uyumlari esa, asta-sekin o‘rmalab, uni halqumidan bo‘g‘moqchidek.
Katta yo‘l orqada qoldi. Lampochkalar olisda suzayotgan kema chiroqlaridek tebranib miltiraydi. Er-xotindan sado chiqmasdi. Ularning har biri o‘z o‘yi bilan band. Faqat otgina hushyor. U boshini sarak-sarak qilib, indamay oldinga intiladi. Yollarini buydalayotgan bo‘ronni suzib tashlaydigandek bo‘ynini g‘oz tutib qorong‘ilik qa’riga kirib ketmoqda. Er mudraydi, xotin xayol suradi…
…Bir vaqtlar Kokila o‘ninchini bitirib, artistka bo‘lishga ahd qilgan edi. Qaysi bir jurnalki bor, yangi modaning rasmi chiqsa, surishtirib o‘tirmay, shartta yitib olardi. To‘qqizinchida o‘qib yurgan paytlaridayoq onasidan bekitib surma qo‘yardi. Sochini, naq taqimiga tushadigan qop-qora uzun sochlarini yelkasidan kestirmoqchi bo‘lganda, akasidan rosa kaltak yegan edi… Hammasi o‘tdi-ketdi. Bolalik orzulari, sho‘xliklari bitdi, endi u balog‘at ostonasidan allaqachon hatlab o‘tgan. Mana shu Qo‘ziboy yo‘lida paydo bo‘ldi-yu, bolaligini shamoldek allaqayoqlarga to‘zitib yubordi-qo‘ydi.
Qo‘ziboy armiyadan o‘zining tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Simsoyga qaytib kelganda, Kokila havaskorlar gruppasi bilan Toshkentga festivalga ketgan edi. Kokila festivaldan ismi yozilgan tilla soat mukofot olib qaytib kelsa, bir vaqtlar o‘zi «xumkalla» deb laqab qo‘ygan Qo‘ziboy armiyadan qaytib kelib, qizlarning boshini aylantirib yuribdi. O‘zi ham to‘lishib, savlatli, bo‘lib ketibdi. Egnidagi iroqi kuylagining ko‘kragi tirsillab turibdi. Kokila uni ko‘rdi-yu, es-hushini yo‘qotdi-qo‘ydi. Usha kuni ko‘zlariga surmani qalin chaplab, Qo‘ziboyning oldidan ikki-uch marta ataylab kaklik yurishi qilib o‘tdi. Butun vujudidan muhabbat va yoshlikning faqat balog‘atga yetib, ovozi do‘rillab qolgan o‘spirinlargina biladigan g‘alati g‘amzasi yog‘ilib turgan qiz Qo‘ziboyning ham ko‘zini tindirdi. Bola oromini yo‘qotdi. Atir hidi dimog‘iga kirsa, bezovta bo‘ladigan, ingichka ovoz eshitsa, ko‘zi suziladigan bo‘lib qoldi.
Kokila bir kun magazinga kirganda har baloga aralashaveradigan, oti Usmon bo‘lsa ham negadir, Osmon deb laqab olgan (balki laqabni ham Kokila qo‘ygandir), burni yapasqi yigit sichqonning dumidek ingichka mo‘ylovini burab, unga ma’noli iljayib qo‘ydi:
— Qo‘ziboyni yeding-a? Balosan, balo!
Kokila ensasi qotganidan labini cho‘chchaytirib, indamay chiqib ketaverdi. Sal nariroqa borganda, gap kor qilib, orqasiga qaytdi.
— Nima deding? Yana bitta gapir-chi!
Bunaqa paytlarda Kokiladan yaxshi gap chiqmasligini bilgan Osmon gapni aylantirmoqchi bo‘ldi:
— Menga qara, panbarxit keldi, bir otrez olib qo‘yganman, hali aytish esimdan chiqqan ekan.
— Boyagi gapni ayt deyapman! Sen puchuq obdasta o‘lgurga kim qo‘yibdi birovlarning ishiga aralashishni? Tegmaganimga alam qilyaptimi? Qo‘ziboyga tegmoqchiman, bildingmi?
— E, — dedi Osmon, — Qo‘ziboy olib bo‘pti seni, boshiga uradimi?
— Nima, nima? Olmay bo‘pti?
Kokila shunday dedi-yu, tars-tars yurib chiqib ketdi.
Qiz aytganini qildi. Qo‘ziboy bedanaday patirlab Kokilaning tuzog‘iga tushdi. Bir oydan keyin to‘ylari bo‘ldi, ikki yarim oydan keyin turmushlari buzildi. Qo‘ziboy shinelini yelkasiga tashlab, uydan chiqdi-ketdi. Soch-soqoli o‘sib, rangi ro‘yi bir holatda bo‘lib, samovarlarda yotib yurdi. Kokila har kuni guzarga chiqib, ko‘pchilikning o‘rtasida «Yosh umrimni xazon qilding!» deb uni yumma talar, gapga no‘noq Qo‘ziboyning dilini siyoh qilishini qo‘ymas edi. Katta-kichik oralariga ham tushib ko‘rdi. Kokila lo‘lilik qilib, birovga gap bermay bidirlar, Qo‘ziboy esa to‘ng‘illar edi. Xullas, ularning murosasi to‘g‘ri kelmay qoldi.
Oralariga sovuqchilik tushishining sababi shunday edi:
Kokila Toshkentga artistlikka o‘qishga ketadigan, lekin Qo‘ziboyni tashlab ketgisi kelmay (qizlardan qizg‘anardi) uni ham shaharga birga olib ketmoqchi bo‘ldi. Qo‘ziboy unamadi, jon deb o‘qirdimu, yaqinda armiyadan keldim, to‘y qilaman deb uncha-muncha chiqimdor bo‘ldim, uning ustiga, sendek kiyimga o‘ch xotinim bo‘lsa, ishlayman, deb turib oldi. Xullas, u gapga, bu gapga ko‘nmadi. Qo‘ziboy Kokilaning janjalidan qochib, cho‘lga qarab ketdi. Kolxozning cho‘l uchastkasi o‘sha paytlarda Qo‘ziboyni chaqirib turgan edi. Armiya ko‘rgan, intizomli, baquvvat yosh yigit ishga yopishdi-qo‘ydi. Rais ham, partorg ham sevinib ketishdi.
Oradan bir yil o‘tdi. Qo‘ziboy avval brigadir, uchastka alohida kolxoz bo‘lib ajralib chiqqandan keyin esa, o‘zi rais bo‘lib qoldi. Eri cho‘lga ketgandan keyin, undan ko‘ngli tinchimay, Toshkentdan qaytib kelgan Kokila tanish-bilishlariga: ro‘zg‘orli odamga o‘qish bo‘lmas ekan, deb bahona qildi.
Kimdir, Qo‘ziboy uylanyapti, deb uning yuragiga vahima soldi. Kokila o‘sha kuniyoq cho‘lni boshiga ko‘tarib shang‘illagancha Qo‘ziboyning oldiga bordi. Shu borgancha qimirlamay qo‘ya qoldi. Teatr haqidagi orzulari ham, pardoz-andoz ham, Simsoy ko‘chalarini burqsitadigan atirlar ham esidan chiqdi. Sochini boshiga turmab, yengini shimarib, cho‘lga ishga kirishdi. Bitta o‘g‘il tug‘ib berdi-yu, er-xotin orasiga mehrigiyo tushdi-qo‘ydi…
Kokila hozir dovulning guvillashiga quloq solib, shular to‘g‘risida o‘ylab ketmoqda edi. Qayerdandir, juda yaqinda bo‘ri ulidi. Qo‘ziboy xotinini alahsitmoqchi bo‘ldi.
— Kostyumimning etagiga qora moy tegibdi. Ertaga benzin olib kelib beraman, tozalab ber. Indinga raykom byurosi bor, shu ahvolda bormay, xotin.
Kokila indamadi. Xuddi otning tumshug‘iga tegay-tegay deb bir bo‘ri oldindan yugurib o‘tib ketdi.
— It, it-ku! — dedi Qo‘ziboy uning bo‘riligini bila turib. — Otaboyning ovcharkasi, taniyman!
Xotini eriga bildirmay piq etib kulib qo‘ydi.
Cho‘l cho‘lligini qilarkan. Boyatdan beri o‘ng tomondan esib, qumni shopirayotgan bo‘ron endi chap tomondan esar, allaqayoqlardagi qumlarni ko‘chirib kelardi. Ot tizzadan qum kechib, do‘ng oshgandan keyin, yana yalanglik boshlandi. Olisda miltirab chiroq ko‘rindi. Qo‘ziboy jilovini tortmasa ham ot o‘sha yoqqa qarab yura boshladi.
— Qo‘rkding-a? — dedi Qo‘ziboy xotirjam tovushda, — boyagi it deganim bo‘ri edi.
— Sizdan oldin bilganman. Bo‘rini endi ko‘ryapmanmi?
Yangi qishloqqa kirib borishdi. Bo‘m-bo‘sh, huvillab yotgan yangi, oppoq uylarning faqat bittasidagina chiroq yonardi.
— Hali yotmabdi. Qo‘rqqandir bechora. Agar Mo‘ylov kelmagan bo‘lsa, sen yonida qolasan. O‘zim qaytib ketaveraman.
— Qo‘rqmaysizmi?
— Bo‘ri yermidi!
Qo‘ziboy eshik oldiga kelib, otdan tushdi. Qo‘lini peshonasiga qo‘yib, derazadan ichkariga nazar tashladi. Keyin, otdan tush, degandek xotiniga qaradi. Kokilaning uzangiga oyoq qo‘yolmay qiynalayotganini ko‘rib, tushirib qo‘ydi-da, qo‘lidan yetaklab deraza oldiga olib keldi. Ichkariga qarashdi.
Hali joy solinmagan uyning bir chetida samovar, sandiq ustida sholchaga tugilgan ko‘rpa-to‘shak. Yuziga dog‘ tushgan qorachagina bir juvon orqasiga bolish qo‘yib, tizzasida chaqaloqqa ko‘ylakcha tikyapti. Rangini oftob oqartirgan odeyalga chalqamcha yotib olgan mo‘ylovdor yigit yalang‘och qorniga bolasini mindirib, nimalardir deb javraydi. Uni ot qilib minib olgan bolaning bir qo‘lida teshikkulcha, bir qo‘lida qizil qog‘ozli konfet. Yerda ham konfet qog‘ozlari. Yigitning ko‘kragiga boshi burgut, ta-nasi odam, oyoq tomoni baliqqa o‘xshagan surat solingan.
— Qoyilman, matros! — deb yubordi Qo‘ziboy, unga havasi kelib.
Elektr chirog‘i ko‘zni oladigan darajada yoritib turgan cho‘l o‘rtasidagi uyda kishining havasini keltiradigan qandaydir bir halovat, beozor, osuda hayot gurkirab turardi. Tashqarida cho‘l bo‘roni quturib, qumlarni chor atrofga purkadi.
Qo‘ziboy bilan Kokila bo‘ronda tebranib, nurda porlayotgan osuda oila manzarasidan ko‘z uzolmay turishardi.
— Sen shu yerda qol, endi men ketaman.
— Kiraylik, xavotir olganimizni aytaylik-da! Bilib qo‘ysin tashvish qilganimizni.
— Aslo! — deb uning gapini bo‘ldi Qo‘ziboy — Kelganingni pisanda qilmoqchimisan? Yo‘q, xotin. Birovga yaxshilik qilsang, o‘ziga bildirmay qil, kimga minnatdorchilik bildirishini o‘zi ham bilmasin. Ana uning gashti boshqacha bo‘ladi.
Kokila yana derazadan qaradi. Endi bola «ot minish»dan zerikib, dadasining qornida o‘tirib mudrardi. Birdan Kokilaning esiga uyda yolg‘iz qolgan o‘g‘ilchasi tushdi. Yuragini vahima bosdi. «Bola bechora uyg‘onib, yolg‘iz uyda bo‘rondan qo‘rqib o‘tirgan bo‘lsa-ya!»
Kokilaning ko‘ziga boya yo‘lni kesib o‘tgan bo‘ri ko‘rinib ketdi. Shoshib borib otning egariga yopishdi.
— Yuring, ketamiz. Bobir uyg‘onib qolgan bo‘lsa…
Qo‘ziboy ildam egarga minib, xotinining qo‘lidan tortdi. Otning sag‘risiga beozor bir-ikki qamchi tegizdi. Jonivor boshini silkib, yo‘lga tushdi.
Boya qum bosgan yo‘llarni endi ters esayotgan bo‘ron supurib qo‘ygan edi. Bo‘ron quturgandan quturib yotibdi. Bo‘kiradi, uvillaydi. Shu dovulga ko‘krak tutib ketayotgan er-xotin baxtiyor. Ularning har ikkovi ham vahimali tovushlarga kuloq solib, o‘z o‘yi bilan ovora.
Odamzod qiziq bo‘lar ekan. Bo‘lmasa, Kokila shu vahimali, dahshatli bo‘ronda keta turib ham poshnasy bigizdek tufli haqida o‘ylarmidi.
1961 yil.