Kecha juda oydin edi. Azamat teraklarning yaproqlari kumush astarlarini oyga tutib, orom uyqusiga ketishgan. Faqat ariqlardagi tinmagur suvlargina qo‘ng‘iroq chalib sapchishadi, qirg‘oqlardagi giyohlarning barglarini tortqilab, ularni uzoqlarga olib ketmoqchi bo‘lishadi. Uyalarida mudragan qushlar esa uyqusirab patirlab qo‘yishadi.
Shu orom va farog‘atga to‘la saraton tunida bog‘ ko‘chadan bir qiz bilan bir yigit keladi. Ularning soyalari oldinga cho‘zilgan, xuddi shu soyani bosib olmoqchi bo‘ladilar-u, yetolmaydilar. Ba’zan ularning bu uzun soyalari daraxt soyalariga qo‘shilib ketadi-da, yana paydo bo‘ladi.
Ular anhor ko‘prigi ustida to‘xtashdi. Ikkovining soyasi ko‘prik ustiga ko‘ndalang tushib yotib oldi.
— Qachon ketasan? — bu qizning ovozi edi.
— Hozir ketaman! — dedi yigit bir qadam orqaga tisarilib. Uning soyasi ko‘prikdan oshib, suv betiga tushdi. Oyning suv jimiridagi chaqini o‘chdi.
— Yo‘q, Mirzacho‘lga qachon ketasan, deyapman.
— Biron haftadan keyin ketsam kerak, — dedi yigit beparvolik bilan. Endi u yana oldinga cho‘zildi. Suv jilvasida yana oyning kumush tangasi chaqnadi. — O‘zi uying qayoqda? Yetay deb qoldikmi.
Qiz orqasini o‘girib oldi.
— O‘n yil birga o‘qib, haligacha uyimni ko‘rmagansan-a, qo‘y-e. — Uning ovozida qandaydir o‘pkami, ta’nami, nimadir bor edi.
Ular bir necha minut so‘zsiz turib qolishdi. Qiz ko‘prik panjarasiga bag‘rini berib, suv oqib ketayotgan tomonga qarab turardi. Suv shaloplab sohilga uriladi, orqaga qaytmoqchi bo‘ladi, ammo oqim kuchi uni quyiga, tunning sirru sehriga to‘lgan qo‘yniga olib ketadi.
— Sovqotdim, — dedi qiz titragan tovush bilan.
— Uyingga keta qol bo‘lmasa, — dedi yigit unga, rahmi kelib.
Qiz keskin burilib yigitga qaradi. Qaradi-yu, uning ko‘ziga tikilib indamay qoldi. U vujudida, qalbida nimalar bo‘layotganini bilmasdi. Uning goh yig‘lagisi, goh kulgisi, goh butun kechani ostin-ustin qilib qo‘shiq aytgisi kelardi.
— Ketaman, xayr, — dedi yigit unga qo‘lini uzatib, uning ham qo‘li titrardi. Yigit bir necha qadam nari ketdi. To‘xtadi. Orqasiga o‘girildi, nimadir demoqchi bo‘ldi. Deyolmadi. U ham sharaqlab oqayotgan anhorga karadi. Shamol esdi. Terak barglari shitirladi. Allaqayda buzoq uyqusirab ma’radi. Kimdir, juda olisda qo‘shiq aytdi. Yana tindi. Yigit qaytib keldi-da, qizning bilagidan ushlab qattiq siqdi. Uning sochlarini qo‘llariga o‘rab entikdi. Keyin tez burilib, uzun soyasini orqasiga ergashtirib kecha qo‘yniga kirib yo‘q bo‘ldi.
Qiz u bilan xayrlashganini, bilagini ushlaganini, sochlarini qo‘llariga o‘raganini sezmadi. Faqat olisdan tosh yo‘lda ko‘ndalang tushib, bir ko‘rinib yo‘q bo‘lgan soyasinigina eslab qoldi, xolos. Qiz ham o‘z soyasini oldinga tashlab, tosh yotqizilgan ko‘chada asta-sekin yurib ketdi.
Bu qiz xuddi shu bugun o‘ninchini bitirib, balog‘at guvohnomasini oldi. Maktab hovlisida hali ham chiroqlar yonib turibdi. Xayrlashuv ziyofatiga kelgan hamsinflar hali tarqalishgancha yo‘q. Hovlini to‘ldirib tantsa tushishyapti, qo‘shiq aytishyapti. Tong otishi bilan ular har tomonga tarqab ketishadi. Ulardan faqat birga oldirilgan suratgina yodgor qoladi, xolos!
Shundaymikin ?
Do‘stlik-chi, o‘n yillik xotiralar-chi, birga kechirgan achchiq-chuchuq kunlar-chi, har kuni bir necha bor darsga chaqirgan qo‘ng‘iroq tovushi-chi, ota-onadek mehribon o‘qituvchilar-chi… Hammasi eng shirin xotira bo‘lib yodda qoladi. Mana shu aziz nurga, ohangga to‘lgan beg‘ubor xotiralar orasidan bo‘y cho‘zib, qad ko‘tarib, hammadan oldinda, hammadan baland bo‘lib Omonning qiyofasi ko‘rinadi. Nega?
Bu savolga qiz javob topolmasdi. Javob ham izlab ko‘rmasdi. Shu oydin kechada hamma narsa uning xotiridan ko‘tarildi-yu, birgina Omonning yuzi, ko‘zi, gavdasi, butun borlig‘i bilan paydo bo‘ldi.
U tosh yo‘ldan bitta-bitta bosib shu yigit haqida o‘ylab borardi.
Omon sinfdoshlar ichida eng sho‘x, eng urishqoq bola edi. U qizlar bilan chiqisholmas, ularga kun bermas edi. Yoniga biron kiz o‘tirib qolsa zarda bilan boshqa partaga o‘tib ketardi. Pardoz qilgan qizlarni juda yomon ko‘rardi. Bir kun Sanobar degan kiz yuziga upa surib kelganda uning qo‘lini qayirib, dastro‘moli bilan yuzidagi upani artib tashlagan edi. Qizlar ham uni xushlamas, ming xil laqab qo‘yib chakirishardi.
Imtihonning dastlabki kunlari edi. Omon sinfda hech kim yo‘qligini bilib eshikni zichlab berkitdi-da, g‘ayri tabiiy bir tovush bilan dedi:
— Aziza, o‘ninchini bitirganimizdan keyin menga tegasanmi?
Shunda Aziza jahl ustida uning yuziga bir shapaloq urdi-da, yig‘lab chiqib ketdi. Bu sirni ularning ikkovidan bo‘lak hech kim bilmay qoldi. Omon shundan keyin qizga ro‘baro‘ kelishdan qo‘rqib, o‘zini chetga olib yurdi.
Kunlar o‘tishi bilan Aziza o‘sha voqeani tez-tez eslaydigan va har vaqt eslaganda yuragining allaqayeri jiz etib ketadigan bo‘lib qoldi. Har gal maktab hovlisiga kirishi bilan kimnidir, nimanidir jonsarak bo‘lib kidirardi. Uning sho‘x, quvnoq kulgilari kamroq eshitiladigan bo‘lib qoldi. Hamisha chaqnab turadigan ko‘zlarida bilib bo‘lmaydigan ichki bir dardining ifodasi sezilib turardi. Omon ham uni zimdan kuzatar, ko‘zi-ko‘ziga tushganda birdan tund bo‘lib qolardi.
Imtihonlar tugab birov ishga, birov o‘qishga ketadigan bo‘ldi. Aziza qo‘yib bersa, ixtiyorini Omonning ko‘liga topshirishga tayyor edi. Bugungi hayrlashuv kecha-sida Omon Mirzacho‘lga, MTSga ketishini aytdi. Hamma uning bu qarorini chapak chalib qarshi olganda Aziza bir seskanib ketgan edi. Tantsa boshlandi. Aziza Omonni chetga chaqirib, undan uyiga kuzatib qo‘yishni so‘radi. Omon unga javob berish o‘rniga:
— Bay-bay-bay. Muncha atirga belanmasang. Rosa gupillab ketyapti-ku, — dedi.
Azizaning «O tentak, hammasi sen uchun» deb yuborishiga oz qoldi. «Kel, kuzatib ko‘ya qol» deb yolvordi unga.
Shovqin to‘la maktab hovlisini ortda qoddirib, ular ikkovlashib bog‘ ko‘cha tomonga yo‘l olishdi. Oy nuri bog‘u-rog‘larga oppoq nur sochib turgan shu sokin saraton tunida ularning ikkovi jimgina kelisharkan na unisidan, na bunisidan sado chiqardi. Bu jimlikni Omon buzdi.
— O‘sha be’mani gapimni esingdan chiqaz, Aziza. — U shunday dedi-yu bu kamgap, lekin nihoyatda ajib bir hisu hayajonga to‘lgan qiz oldida o‘zini ko‘rsatish uchun azim teraknimi, anhor bo‘yidagi shoxlari tarvaqaylab ketgan tolnimi ildizi bilan ko‘tarib osmonga otgisi keldi.
Qiz ham uning bu holatini sezib turardi.
— Qanaqa bema’ni gap, esimda yo‘q, — dedi qiz o‘sha «bema’ni» gapni yana eshitgisi kelib.
Omon til chaynadi.
— Ha, sinfda ikkovimiz yolg‘iz qolganda bir gap aytgan edim-ku.
— Ha, — dedi Aziza cho‘zib. — O‘sha gapni bordi-yu esimdan chiqazmasam-chi?
Omon yurishdan to‘xtadi.
— Unaqa bo‘lsa, bu yuzimga ham yana ur, shunday qilsang yaxshi bo‘ladi, seni kuzatmay qaytib keta qolaman.
Aziza nima deyishini bilmay gangib qoldi:
— U vaqtda yosh bola edik.
— Nega yosh bola bo‘larkanmiz. O‘n besh kun bo‘ldi, xolos. Darrov katta bo‘lib qolibmiz-da. — Omon shu gapni aytdi-yu, sharaqlab kulib yubordi. Tol butog‘ida mudragan musicha cho‘chib ketdi.
— Bo‘lmasam-chi, mana, — dedi Aziza, shu bugun bundan yarim soatcha oldin qo‘liga tekkan yetuklik attestatini baland ko‘tardi, balog‘at guvohnomasining zar yozuvlari oy nurida yaltirab ketdi. — Mana, katta odam bo‘lib qolganimizning guvohi. Endi meni yolg‘iz tashlab uyingga ketib qolmaysanmi?
— Yo‘q, — dedi Omon uning bilagidan ushlab. Azizaning badani dirillab ketdi. Darrov qo‘lini tortib oldi.
— O‘shanda yuzimga yomon urgansan-a.
— Aytdim-ku, u paytda yosh bola edik. Endi katta odamsiz.
— Endi o‘sha gapni aytsam urmaysanmi?
— Gap bilan uraman, — dedi Aziza, — Yo‘q, urmayman, nahotki seni ursam. Seni uradiganning qo‘li sinsin.
Omon mast odamga o‘xshab kalovlab qoldi. Ketma-ket uch marta qoqildi. Tolning kallagiga boshini urib olib, do‘ppisini tushirib yubordi. Osmonga qarab barkashdek oy balandlab ketganini endi bildi. Xo‘rsindi, gapi gapiga qovushmay, qayoqdagi keraksiz gaplarni aljiy boshladi. Uning bu holatini qiz kezib turardi…
Hozir u tosh yo‘ldan bitta-bitta bosib yolg‘iz kelarkan, Omon haqida, o‘zi haqida, yuragini o‘rtayotgan allanimalar haqida o‘ylab borardi.
Ona uni kuta-kuta chiroqni o‘chirmay, supa o‘rtasida allaqachon uxlab qolgandi. Qiz gulzor chetidagi o‘sha supaga o‘tirdi. Engashib rayhonning bir shoxini sindirdi-da, dimog‘iga olib keldi. Rayhon isi uni chinakamiga mast qilgan edi. Uning negadir o‘kirib-o‘kirib yig‘lagisi kelardi. Gullar orasiga kirib, chalqancha yotib, qimirlamay oyga qarab to u botib ketguncha qarab yotgisi, shu gullarning hammasini birma-bir yuziga surtgisi, oyning oq ipak tolasidek ko‘rinmas nurlariga chirmashib, huv o‘sha yulduz to‘la osmonga chiqqisi, butun olamga yetgudek ovoz bilan qo‘shiq aytgisi kelardi.
Ona supa o‘rtasida shirin uyquda yotardi.
E g‘ofil ona, ko‘zingni och, qizingning yuragiga quloq sol. Uning qalbiga muhabbat keldi.
1959 yil.