«Ohangaron hikoyalari»dan
Inomjon avtobusdan tushishi bilanoq, shaharda majnun bo‘lib yurmay deb sartaroshxonaga kirdi. Usta yuziga sovun surayotganida oynadan qiziq bir narsani ko‘rib qoldi. Ikki qovog‘iga avtobus biletidek qog‘oz yopishtirib olgan qoshi ipdek bir qiz qo‘llarini stolga qo‘yib qimirlamay o‘tiribdi. Oq halat kiygan xotin uning tirnog‘ini bo‘yayotibdi. Inomjon bu qizni qayerdadir ko‘rgandek bo‘ldi. O‘ylab-o‘ylab eslolmadi.
Uzoqdan ko‘rgan, yaqindan ko‘rgan, gaplashgan jamiki qizlarni bir-bir esladi. Biroq ular orasidan bu qizni topolmadi.
Usta uning soqollarini qirtishlab, sochlarini tekislab ham bo‘ldiki, Inomjon xayoldan bo‘shamadi. Vashillatib yuziga atir sepgandagina yuzi achishib, o‘ziga keldi. U o‘rnidan turib tashqariga chiqayotganda atayin qizga tikilib qarab o‘tib ketdi.
Inomjon papiros chekdi. U yoq-bu yoqqa yurib o‘yladi, skameykaga o‘tirib o‘yladi. Derazadan bosh suqib yana ichkariga qaradi. Endi usta qizning qovog‘idan qog‘ozlarni olib, kiprigini to‘mtoq qaychi bilan qayirayotgan edi.
Inomjon, to qiz ishini bitirib chiqqunicha, poylashga ahd qildi. Oxiri qiz savzi taxtadek sumkasini ko‘ltig‘iga suqib, ichkaridan chiqdi.
Uning egnida oq kapron kofta. Ichki kiyimlarining tasmalari bemalol ko‘rinib turibdi. Razm solib qaragan odam yuzidagi sepkilidan yelkalarida ham borligini bilib olsa bo‘ladi. Belini qizil kamar bilan shunday siqib bog‘labdiki, ikki bo‘lak odamga o‘xshaydi. Agar jindek egilsa yuqorisi tushib ketadigandek. U Inomjonning o‘ziga tikilib turganini sezganidan ataylab g‘amza bilan yonidan o‘tdi. Inomjon bezovtalandi. «Chekilmasin!» deyilgan joyda papiros chekib qo‘ygandek, hali muhabbat o‘ti tushmagan yigit yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Inomjon beixtiyor unga ergashdi. Qiz to‘xtab, magazin vitrinasiga o‘zini solib, sochlarini tuzatib oldi. Keyin masxara qilayotgandek bir iljaydi-da, to‘xtagan avtobusga ildam chiqib oldi.
Inomjon Ohangaronga bundan oldin ham bir kelgan. Kursdoshlari bilan praktikaga kelib konga tushgan. Smena masteri uni birinchi marta yer ostiga olib tushganida Inomjonning bo‘ladigani bo‘lgan edi. Bir yelkasida gaz niqob, bir yelkasida batareya, peshonasida chiroq, tepasida uch yuz metr qalinlikdagi yer. U yonidan-bu yonidan vagonetka guvillab yuguradi, oyog‘ining tagidan transportyor lentasi g‘iqillab o‘tadi. Bu yerning turgan-bitgani vahima bo‘lib tuyulgan edi unga. Rangi qum oqarib, tili gapga kelmay qolgandi. O‘shanda master uning rangini ko‘rib qo‘rqib ketgan, smenasini tugatib chiqayotgan strelkachi qizdan uni yuqoriga «berib yuborgan» edi. Qiz tushmagur ham juda shayton ekan. Aft-basharasi qop-qora, xuddi mo‘ri tozalaganga o‘xshaydi. Har kulganida oppoq tishlari qorong‘ida gugurt chaqqandek yaltiraydi. Ayniqsa, yer yuziga olib chiqadigan keletning tushishini kutib o‘tirishganda «Erga chiqqanimizda yarim soatcha ko‘zingizni chirt yumib oling, birinchi marta qorong‘ida o‘rgangan ko‘z yoruqqa chidamay, ko‘r bo‘lib qoladi» deb tayinlagan edi.
Ular yerga chiqishganida qiz uni bir chekkaga o‘tqazib, o‘zi allaqayoqqa g‘oyib bo‘ldi.
Inomjon ko‘zini yumib, o‘tgan-ketgandan soat so‘rab diqqat bo‘lib ketdi. Yo‘lovchi bir kishi, bu bola ko‘r bo‘lib qopti, degan gumon bilan uning oldiga keldi. Gapga solib ko‘rsa, uni kimdir laqillatgan ekan.
E, ko‘zingni och, bola, kim nima desa ishonaverasanmi.
Inomjon diliga ozor bergan o‘sha kizni qayta uchratmadi. Uchratganida ham uni taniyolarmidi? Buning ustiga, praktika tugab, Inomjon Toshkentga qaytib ketgandi. Ammo bu sirni lom-mim deb birovga aytmadi. U aytmagan bo‘lsa ham Ohangaronda Mo‘ttixon-Lo‘ttixon bir yigitni laqillatgani doston bo‘lgan edi. Albatta, bu gaplardan Inomjonning xabari yo‘q.
Hozir Inomjon qiz ketgan tomonga angrayib turib o‘sha bo‘lgan voqeani eslab, xijolatlikdan iljayib qo‘ydi. Bugun dam olish arafasi bo‘lganidan shaxta boshlig‘iga barvaqtroq uchrashib, boshqarma yo‘llanmasini topshirishi, qayerda va kim bo‘lib ishlashini aniqlab olishi kerak.
Inomjon qadamini jadallab, kon boshqarmasiga qarab ketdi. O‘sha kuniyoq uni navalootboyshchiklar brigadasiga shogirdlikka tayin qilishdi. Yotoq oldi. Brigada boshlig‘i kallador, o‘rta barmog‘iga uzuk takkan yigit ekan. U Inomjonga boshdan-oyoq qarab chiqdi-da, uning labidagi «Belomor»ini yulib olib, tufdonga uloqtirdi. Keyin devordagi «Ichadigan, chekadigan odam konchi bo‘lmay qo‘ya qolsin!» degan yozuvni ko‘rsatdi. Inomjon indamay serrayib turardi.
Dam olish kuni yigitlar Teshiktoshning samovarida osh qilishdi. Brigadir Inomjonni ham olib ketdi. Yo‘lda yaxshi ko‘rgan qizi bormi-yo‘qligini so‘radi.
— Hali yosh ekansan, ehtiyot bo‘l, Lo‘ttiga o‘xshaganlarning qo‘liga tushib qolma tag‘in. U shayton-a!
Inomjon Lo‘tti kim, nega laqillatib ketadi, — bu to‘g‘rida so‘ramadi.
— Bultur texnikumdan kelgan bo‘sh bayovgina praktikant bolani bir soat ko‘zini yumdirib qo‘yib, laqillatib ketgan. Sen ham o‘shanaqalarning qo‘liga tushib qolma!
Inomjon qizarib ketdi, ammo lom-mim deb og‘iz ochmadi.
Osh ustida bo‘lgan gapdan ma’lum bo‘ldiki, nomi Mo‘tti bo‘lsa ham ko‘p yigitlarni laqillatganidan Lo‘tti deb nom olgan bu qiz shahardagi eng tamtamlarning biri ekan. Unga gap qotmagan, undan dakki yemagan bironta ham o‘spirin qolmabdi. Xullas, bu qiz o‘z ko‘ngliga mos yigit muhabbatini izlardi.
Ertasiga Inomjon konga tushdi. Brigadir Inomjonni o‘z yonidan nari ketkizmadi. Zaboyga yetib kelishganda pnevmatik bolg‘ani uning qo‘liga berib, qanday ushlashni, qatlamga qanday botirishni ko‘rsatdi. Bu ishlarni Inomjon bilardi. Texnikumda o‘qib yurganida yer tagida bo‘lmasa ham, ochiq kar’erda bunaqa bolta bilan ko‘mir ko‘chirgan edi. Shuning uchun ham qo‘li kelisha qoldi. Brigadir uning ishini kuzatib turganida smena masteri kelib, yuqorida boshliq chaqirayotganini aytdi. Brigadir zaboyda Inomjonni yolg‘iz qoldirib, engashgancha orqasiga qaytdi. Inomjon ishga berilib, ko‘mir qatlamlarini palaxsa-palaxsa qilib ko‘chira boshladi. Ko‘chgan ko‘mir xarsanglari transportyor lentasida qorong‘i yo‘laklarga kirib ketmoqda. Qo‘lida, tinimsiz titrab turgan og‘ir bolg‘aning harakatidan Inomjonning bilagi tolib ketdi. Motorni o‘chirib, birpas orom olish uchun ko‘mir xarsangiga o‘tirdi. O‘tirdi-yu, yuragini vahm bosib ketdi. Qayerda o‘tiribdi? Uch yuz metr yerning tagida-ya! Uning tepasida necha ming tonna yer. Inomjon ko‘zlarini pirpiratib sekin tepaga qaradi. Og‘ir yer qatlamini ko‘tarib turgan yo‘g‘on tirgovich xodalar qisirlaydi. Xuddi yer siljib shu xodalarni gugurt cho‘pidek maydalab tashlaydigandek. Zaboy og‘zida tirgovichga suyanib bir qiz ko‘zlarini katta-katta ochib turardi:
— Yer cho‘kyapti. Yelkang bilan tirab tur, hozir avariya brigadasini chaqiraman!
Qiz shunday dedi-yu, g‘oyib bo‘ldi. Inomjon shaxt o‘rnidan turib, tepasidagi kattakon ko‘mir xarsangiga yelkasini tiradi. U shu bo‘yi qancha turganini eslolmadi. Brigadir kelganda ham shu ahvolda turardi.
— Nima qilib turibsiz? Nega ishlamayapsan?
— Yer cho‘kyapti, ko‘tarib turibman. Brigadirning jahli chiqib ketdi.
— Laqma bola ekansan-ku! Kim aytdi senga ko‘tarib tur deb?
— Bir qiz shunday dedi, o‘zi avariya brigadasini chaqirgani ketdi.
— E ovsar, sen ham Lo‘ttining qo‘liga tushibsan! Yer cho‘ksa, sen ko‘tarib qololarkansanmi? Bor, ishingni qil!
Inomjon o‘sal bo‘lganidan, zirqirab og‘rib turgan yelkasini silab, bolg‘ani qo‘liga oldi. Birdan uning esiga o‘tgan yili laqillatib ketgan qizning oppoq tishlari ko‘rinib ketdi.
O‘sha! O‘sha shaddod qiz, bugun ham qo‘lga tushirdi uni!
Kechqurun yotoqda faqat shu gap bo‘ldi. Yigitlar qotib-qotib kulishar, Inomjonni ermak qilishardi…
Oradan o‘n besh kun o‘tdi. Bu orada Inomjon yigitlarga goh ermak bo‘ldi, goh ularni ish bilan qoyil qoldirdi. Birinchi maosh kuni smena tugamasdan zaboyga bosh injener tushdi. U Inomjonning ishlarini ilgarilar ham zimdan kuzatib yurar ekan, ayniqsa, bugun uning ishni bemalol uddalayotganini ko‘rib, shogirdlikdan mustaqil navalootboyishchilikka o‘tishga ruxsat berib ketdi.
U garderobda gazniqob, fonar va batareyalarni topshirayotganda ikki marta uni laqillatib ketgan o‘sha Mo‘ttixon bir buklam qog‘oz uzatdi. U shoshib qog‘ozni ochdi. Xat. «Mustaqil ishga o‘tishingiz bilan tabriklayman. Vaqtingiz bo‘lsa, hamyotoqlaringizga chap berib, soat olti yarimda konchilar madaniyat saroyiga keling. Mo‘tti».
Inomjon avvaliga, bu qiz meni yana laqillatyapti, deb o‘yladi. Xatni yoniga solib, birinchi maoshidan pochchasiga sovg‘a olish uchun magazinga qarab ketdi.
Inomjon yetimlikda o‘sgan bola. U opasining qo‘lida tarbiya ko‘rgan. Pochchasi uncha topishli-tutishli bo‘lmasa ham, yetim bolalarni bag‘riga olib, o‘ksitmay yeb-ichirdi. Ishchi odam ro‘zg‘ordan siqishtirib, Inomjonning texnikumni bitirishiga yangi kostyum olib berdi. Erining odamgarchiligidan opasi yig‘lab ham oldi. Er-xotin uni bundan o‘n besh kun oldin uchirma qilib, Ohangaronga ishga kuzatib qolishdi. Ketayotganida opasi uni chetga chaqirib: «Birinchi maosh olganingda kichkinagina bo‘lsa ham, pochchangga sovg‘a ol, sevinadi» deb tayinlagan edi. Inomjon shunday qildi. Birinchi maoshdan pochchasiga etik oldi.
Yotoqqa qaytib kelsa, yigitlar har yoqqa ketib qolishibdi. U nima qilishini bilmay, ko‘chadagi skameykaga o‘tirib, o‘tgan-ketganlarni tamosha qila boshladi. Bir mahal uning dimog‘iga atir hidi gupillab urildi. Qarasa, birinchi kuni kelganida sartaroshxonada ko‘rgan stilyaga qiz undan uch-to‘rt qadam narida iljayib turibdi. Uning egnida o‘sha kapron kofta. Yuzidagi sepkillari upa qo‘yganidan bilinmay ketibdi. Inomjonning yuragi gupillab ura boshladi. Qiz unga tomon ikki qadam bosdi.
— Mumkinmi, bir og‘iz gap so‘rasam? Inomjon nima deyishini bilmay dovdiradi.
Qiz kulib yubordi. Uning oppoq tishlari unga juda tanish ko‘rindi.
— Siz, siz o‘sha Mo‘ttixon…
Qiz ingichka qoshlarini kerib iljaydi. Inomjon serraygancha turib qoldi.
Shahar stilyagalarini bir cho‘qishda qochiradigan bu qiz Inomjonni tamoman lol qilib qo‘ygan edi. Bundan bir soat avvalgi ahvolini ko‘rgan odam uni mutlaqo tanimasdi. Boya uning aft-basharasini qop-qora, boshidagi yashil kosinkasi ham ko‘mir qurumidan qorayib ketgan, egnidagi qalin brezent kurtkasi, shimi, yelkasiga osib olgan gazniqob, batareya, oyog‘idagi rezinka etik uni tamoman boshqa odam qilib qo‘ygan edi.
Endi-chi, kurum bosgan basharasiga upa qo‘ygan, egnida oq kapron kofta, oyog‘iga poshnasi bigiz tufli kiygan, sochini hurpaytirib, butun yelkasiga to‘zg‘itib yuborgan, labi qip-qizil, o‘zi bo‘lsa atirga cho‘milgandek.
Inomjon ikki marta laqillab, oxiri uning muhabbatiga sazovor bo‘lganini bilmay qoldi. Ham ishni, ham oliftagarchilikni qoyil qiladigan shayton qiz endi Inomjonni o‘ziga tamoman rom qilib olgan edi. Inomjon muhabbat to‘riga tushdi.
O‘sha kecha Inomjon yotoqqa hammadan kech qaytdi. Yigitlar undan havotir olib, ancha vaqtgacha uxlamay kutib o‘tirishdi. Ertalab qarashsa, Inomjondan gup-gup atir hidi keladi. Uyqusida ham iljayadi. Har baloni biladigan brigadir boshini sarak-sarak qilib, qoyil qolganini yashirolmadi:
— Tamom! Boladan ayrilibmiz!
Uning aytgani keldi. Kechalari Inomjon alla-pallagacha yo‘q bo‘lib ketadigan, komendantning ensasini qotirib, qoq yarim kechada shimiga dazmol bosadigan qiliq chiqazdi. Uning bu harakatlari yigitlarga malol kelsa ham, Mo‘ttining mehrini tortgan undagi allaqanday mehrigiyoga tan berishgan edi.
Bir kuni brigada smenadan chiqib kelayotganda Inomjon ulardan sug‘urilib strelkachi qiz Mo‘ttixonning oldida qoldi.
Olifta Mo‘ttixonning fasonlari yer yuzida qolgan. Qorakuyaga belanib ketgan bo‘lsa ham, bari bir ayollik hissi g‘olib kelib, bir stakan suvga ikkita atirgulni solib qo‘yibdi. Tuyaning ko‘zidek oynachaga qarab hadeb sochini tuzatar, labiga hafsala bilan pomada surardi.
Birinchi smena ishni tugatib, yerga chiqib ketgan, ikkinchi smena hali tushmagan. Yer tagida ulardan boshqa odam bolasi yo‘q edi.
Qora yerning qa’rida shamol guvillaydi. Yer qatlami siljib shitirlaydi. Yo‘g‘on tirgovichlar qisirlab sinadi. Yuqoridan silqib kelayotgan suvlar chak-chak tomadi.
Qorakuyaga belangan ikki oshiq-ma’shuq hech narsani sezmaydi.
Qora tunnellardagi chiroqlar ularga bahor osmonining chaqnagan yulduzlari, tomayotgan suvlari savr oyining jalasi, tirgovichlarning qasirlashi ko‘klam momaqaldiroqlari bo‘lib tuyuladi.
Tepada bosib yotgan necha yuz ming tonnali yer qatlamini muhabbatning azamat yelkasi ko‘tarib turgandek edi.
1961 yil.