E r g a sh (sekretarga.) Yonimga hech kimni kiritmang. Boshqarmaga otchyot tayyorlayapman. (Kirib ketadi.)
H a s a n (kiradi.) Xo‘jayin o‘zlaridamilar?
Sekretar. U kishi bugun hech kimni qabul qilmaydilar. Boshqarmaga otchyot tayyorlayaptilar.
H a s a n . Ikki og‘izgina gap xolos. (Sekretarning qarshiligiga qaramay eshikni ochib kiradi.) Assalomu alaykum. (Ergash bosh ko‘tarmaydi.) Ahvollar yaxshimi, xo‘jayin. Bola-chaqalar, jiyanu jiyanchalar, quda-andalar…
E r g a sh . Gapni qisqa qiling. Ishim tiqilinchroq. Ayting nima gapingiz bor.
H a s a n . Shoshmang, xo‘jayin. Avval bir hol-ahvol so‘rashvolaylik.
E r g a sh . Gapning lo‘ndasini aytaqoling, shoshib turibman.
H a s a n . Men ahmoqni kechiring. Nodonlik qildim.
E r g a sh. Sizni tanimay turibman.
H a s a n . Iya, iya, nahotki tanimasangiz? (O‘zicha gapiradi.) Ustomonlik qilyapti. Ikki dunyoda kechirmaydi, bu ablah. Xo‘jayin kechirib qo‘yaqoling. Ayb menda.
E r g a sh . Qanaqa ayb ekan. Bilmayroq turibman.
H a s a n (o‘zicha). Bilmas emish-a. Qo‘yib bersa xap etib, yeb qo‘yishga tayyorsan, ablah!
E r g a sh . Bo‘ladigan gapni gapiring. Qanaqa ayb qilgansiz?
H a s a n . (ho‘… tulki. Bilmas emish-a). Menga qarang, xo‘jayin. O‘sha kuni meni anavu ablah Sadir amaki yo‘ldan urdi. Xo‘jayinning tagi qimirlab turibdi, sen ham bitta-ikkita tosh otib qol. Bir nimali bo‘lib qolasan, deb laqillatdi. Men ahmoq, men durrak o‘sha ablahning gapiga kirib Sizni tanqid qildim-a. Shundoq begunoh parishtadek beozor, sizdek tiniq odamga loy chapladim-a. Leonarda Vinchimi, Mahtumqulimi qaysi biri: «sichqonning o‘lgisi kelsa, mushuk bilan o‘ynashadi», deb aytgan ekan, men ahmoq, men durrak sizdek olijanob mushuk bilan o‘ynashamanmi! Hozir oldingizda o‘zimni chavaqlab tashlayman?!
E r g a sh . Yo‘q, yo‘q, unaqa qila ko‘rmang. (O‘zicha.) Nima balo deb tanqid qilgan ekan, aslo eslayolmayapman.
H a s a n (eslayolmaysan-a, eslayolmaysan. Payt poylab terimni shilib, somon tiqasan, yaramas). Jon, xo‘jayin, kechirib qo‘yaqoling.
E r g a sh (diqqat bo‘lib). Kechirdim, bemalol uyingizga ketavering.
H a s a n . Rostdanmi? Astoydil aytyapsizmi?
E r g a sh . Hoy birodar, ishim mana shundoq tiqilinch. (Qo‘lini kekirdagiga arra qilib ko‘rsatadi.)
H a s a n . Ketaversam bo‘ladimi? Bemalol ketaveraymi?
E r g a sh . E, ezma bo‘lmay o‘l! Bemalol ketavering!
H a s a n . Xo‘p bo‘pti. Ketdim. (Chiqib ketadi.)
E r g a sh . Bu ezma churuk kim o‘zi, qachon, nima deb tanqid qilgan ekan? Sira eslayolmayman. (Qog‘ozlarni titkilaydi.) Ikkinchi kvartal bir yuz uch, uchinchi kvartal bir yuz sakkiz…
H a s a n (eshikni ochib muloyimlik bilan kiradi). Bir og‘iz gap chala qopti, xo‘jayin. Petr Perviymi, Devonayi Mashrabmi bittasi aytgan ekan «O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan». Men ahmoq, men durrak, sizdek oliy zot arbob bilan o‘ynashib yuribmanmi-ya. Har biri tilla bahosiga teng keladigan, gavhardan qimmat so‘zlaringizni eshitib, to tramvay ostanovkasigacha o‘y-o‘ylab, donoligingizga tan berib bordim. Ammo tramvayga oyoq qo‘yishim bilan lop etib bir gap esimga tushdi-yu, oyog‘imni qaytarib olib yana shu tarafga, nurli huzuringizga qaytdim.
E r g a sh (oh urib yuboradi). Tag‘in nima gap bo‘ldi?
H a s a n . Hamma gapingiz tillo. Sizdan brilyantdek serjilo, gavhardek nurli, asaldek shirin gap chiqishini bilaman. Ammo qo‘lingizni manavundek qilib (kekirdagiga arra qilib ko‘rsatadi) ko‘rsatganingizni tushunmadim. Nima, meni bo‘g‘izlamoqchimisiz? Meni-ya? Meni sakkizta bolam bor. Qari ota-onam bor. Bir qizim to‘rt bolasi bilan eridan ajralib uyimga kelib o‘tiribdi. Qaynatam o‘rnidan turolmaydi. Kechasi ikki marta turib ko‘rpato‘shagini yangilayman. Xo‘sh, meni bo‘g‘izlab shuncha bolamni o‘zingiz boqasizmi? Qaynotamni to‘shagini ikki mahal yangilaysizmi? Xo‘sh, gapiring. Undan ko‘ra meni kechirib qo‘yaqolsangiz bo‘ladi-ku. Men ahmoqni, men durrakni kechirib qo‘ysangiz bo‘ladi-ku.
E r g a sh (toqati toq bo‘lib). Kechirdim. Ming marta kechirdim, birodar.
H a s a n . Shunaqa deyapsiz-u gapingiz astoydilga o‘xshamayapti.
E r g a sh . Hoy baraka topkur, bundan boshqa qanaqa qilib kechiray?
H a s a n . Ovozingiz sal titrabroq chiqyapti-da. Astoydilga o‘xshamayapti. Undan tashqari basharangiz ham unchalik mayin bo‘lmayapti.
E r g a sh . Kechirdim, kechirdim, kechirdimm…
H a s a n . Bari bir kechirganingiz bilinmayapti.
E r g a sh. (holdan toyib). Kechirdim!!! Yo‘qol! (O‘zidan ketib yiqiladi).
H a s a n (tepasiga kelib). Kechirishi o‘xshamasayam yiqilishi o‘xshaydi. Hozir do‘xtir chaqiraman. Tirik qolsa kechirmaguncha qo‘ymayman. Mabodo o‘lgani rost bo‘lsa, alvido!!