Tayyor hikoya
Odatda yozuvchi biron asar yozmoqchi bo‘lsa, bosh qahramonining tashqi qiyofasini bir odamdan, qiliqlarini bir odamdan, sarguzashtini yana bir odamdan oladi. Voqea o‘tadigan joyni har xil yerlardan yig‘ib, yaxlit bir manzara yaratadi.
Shu yil bahorda respublikamizning janubiy rayonlaridan biriga borganimda, tayyor hikoyaga duch keldim. Qahramonim qiyofasini har xil odamlardan yig‘ib olmadim. Qiliqlari ham, gap-so‘zlari ham, sarguzashti ham, voqea yuz bergan joy ham aniq. O‘zimdan hech narsa qo‘shmasdan yozdim. Agar yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam… keling, qasam ichmay qo‘ya qolay.
Hojinisa opaning yeri shundoqqina katta yo‘lning bo‘yida. Yangi kallaklangan tutlar orqasidan shiyponi ko‘rinib turadi. Qachon qaramang, shiypon ortidan tutun chiqqani-chiqqan. Hojinisa opa o‘taketgan choyxo‘r bo‘lgani uchun samovarining otashxonasidan o‘t arimaydi.
Dala shiyponiga olib boradigan yo‘l boshida choy yashigining qopqog‘iga bitilgan: «Chet kishilar kirishi takiqlanadi. Shtraf 15 s» degan yozuv bor. Bu yozuvni ko‘rgan kishi borki, hayron qolmay iloji yo‘q. Bu ham yetmagandek, yo‘lning chap tarafidagi tutga kimdir «Qo‘riqxona» degan yozuv ilib qo‘yibdi.
Hayron bo‘ldim. Bu joyda qo‘riqxona nima qiladi?! Undan tashqari, «Shtraf 15 s» degani nima degani? O‘n besh so‘mmi, o‘n besh sutkami, nima o‘zi?
Chet kishilar kirsa nima qilibdi? Bu yer zavod bo‘lmasa, ilmiy laboratoriya bo‘lmasa, ajab? Nima, g‘o‘za tupini o‘g‘irlab ketadimi?
Bu tomonlarga ilgari ham ko‘p kelganman. Ammo Kumushsoy qishlog‘iga negadir yo‘lim tushmagandi. Lekin ta’rifini ko‘p eshitganman. «Kumushsoy»ni ba’zan parilar qishlog‘i ham deb atashardi. Bu joyning qizlaridaqa chiroyli qiz nainki O‘zbekiston, hatto O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda topilmaydi, deyishardi. Qiz emas, pari. Parilardan nuqson topsa bo‘ladi, lekin bularning husnidan tariqcha nuqson topib bo‘lmaydi. Qishloqqa jamiki respublikalardan sovchilar keladi. Ne-ne nomdor artistlar, nomi olamga ketgan olimlar, atoqli shoirlar shu yerdan uylanishgan. Hatto «Bahor» ansamblida ham kumushsoylik qizlardan uchtasi bor.
Qachon yangi kino olinadigan bo‘lsa, bosh rolda o‘ynash uchun Kumushsoydan qiz olib ketishadi.
Shunday qilib, Kumushsoy qizlari har tarafga uchirma bo‘lib ketaverishdi. Hojinisa opa shu to‘g‘rida ko‘p o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Raisga: «Qizlarimiz boshqa yoqqa ketib qolaveradimi?» deganda, rais yelkasini qisib: «Ko‘ngil-da, har kim xohlagan oshini ichadi», deb lanj javob qilgandi. Hojinisa opa oddiy bir ketmonchi ayol edi, gapi kimga ham o‘tardi. Ammo to‘rt yildirki, u brigadaga boshliq. Mehnat Qahramoni degan unvon olgan. Oblast Sovetiga deputat bo‘lib saylangan. Endi qo‘lini qayoqqa uzatsa yetadi. Rais ham u bilan hisoblashadigan bo‘lib qolgan. U ishni brigadadan yigitlarni haydab, qizlarning o‘zini qoldirishdan boshladi. Birinchi majlisda: «Mening ruxsatimsiz erga tegmaysanlar», degan masalani o‘rtaga qo‘ydi.
— Agar yigit-yalang brigada yerini oyoqosti qiladigan bo‘lsa, mendan o‘pkalamaysanlar. Mard bo‘lsa, sovchi yuborsin. Sovchilarni o‘zim mana shu shiyponda izzat-ikrom bilan kutib olaman.
Qizlar chuvillashib biri astoydil, biri ko‘ngil uchun xo‘p, degan bo‘lishdi. Ana shundan keyin Hojinisa opa brigadaga olib boradigan yo‘l boshiga: «Chet kishilar kirishi taqiqlanadi. Shtraf 15 s» deb yozib qo‘ydi.
Ish paytida pakal chetidan qizlarni imlab chakiradigan yigitlar ko‘p bo‘lardi. Taxtachadagi yozuvni pisand kilmaydiganlar ham ko‘p edi. Ana o‘shanaqalarni ushlab, taxtacha oldiga olib kelishar, burnini taxtaga ishkab:
— Uqi, o‘qi, nima deb yozilgan? — deb so‘rashardi.
— O‘n besh sutka jazo, — deb javob qilardi masxara kilib yigit.
— Yo‘q. Tushunmabsan, — derdi Hojinisa opa. — O‘n besh sotix yer chopasan, degan gap bu.
Ana shundan keyin qo‘lga tushgan yigitning ust kiyimini yechib, maykachan qoldirishar, qo‘liga ketmon berib, yer chopishga majbur qilishardi.
Kuniga ikki-uch yigit qo‘lga tushar, shu yo‘sin qirq-ellik sotix g‘o‘za chopiqdan chikardi.
Kolxoz mexanizatorlari ertalab idorada ish taqsimotida raisdan qizlar brigadasiga yuborishni so‘rashardi. Bir kun ishlab ertasiga kelmaydigan bo‘lib ketishardi.
Shukur degan qosh-ko‘zi popukdek traktorchi yigit ko‘pdan shu qizlar brigadasida bir kun bo‘lsa ham ishlab «yayrash»ni niyat qilib yurardi. O‘ niyatiga yetib, traktorini tarillatib, Hojinisa opaning yeriga iljayib kelib qoldi. Yaktagini yechib, shiypon qozig‘iga ildiyu olifta yurish qilib traktoriga o‘tirdi. Choy ichmay ishga tushib ketdi.
Qizlar u paykalga kirib ketishi bilan yaktagining yelkasiga qizil pomadada ikki-uch joyga lab nusxasini tushirishdi. Cho‘ntagiga duxi sepilgan, cheti gajim ro‘molcha solib qo‘yishdi.
Shukur kechqurun hamma qizlar bilan maza qilib, qo‘l berib xayrlashib uyiga ketdi. Ammo ertasiga yuz-ko‘zi timdalanib, idoraga dod deb keldi. Xotini cho‘ntagidan duxi sepilgan cheti gajim ro‘molcha topib olib, uning ustiga, yaktagida qip-qizil lab izini ko‘rib, qipti to‘polonni, qipti to‘polonni!
Ana shundan keyin, Shukur qizlar brigadasiga ikkinchi qadam bosmaydigan bo‘lib, badar ketdi.
Ertasiga brigadaga boshqa mexanizator keldi. Unisi hushyorroq ekan, yechgan kiyimini qiyiqchaga tugib, kabinaga olib kirib qo‘ydi. Tushlikda shiyponda ovqatini yeb, xotirjam mudradi. Ammo qizlar ham bo‘sh kelmadi. U mudraganda, qoshiga o‘sma surtib qo‘yishdi. Bechora kechqurun uyiga bormay, o‘rtog‘ining «kuyov chaqirdi» to‘yiga boribdi. Bo‘pti kulgi, bo‘pti kulgi.
Ana shundan keyin yoshgina, uyatchangina mexanizator bola keldi. Onasi uni anchadan beri uylantiraman deb, munosib kelin topolmay yurgandi. Qayoqqa sovchilikka borsa, o‘g‘lingiz latta ekan, deb qaytarishardi. Bugun onasining maslahati bilan yigitcha atayin qiz tanlagani shu brigadada ishlashga kelgandi. Brigada qizlari bir qarashdayoq uning bo‘shangligini bilishdi. Laqillatmoqchi bo‘lishdi.
Tushlik paytida ovqatlanib bo‘lib, qizlarning biri do‘ppi tikar, boshqasi sherigiga soch o‘rdirardi. Sojida degan shaddod qiz burma bolishni bag‘riga bosib yotarkan, bir chekkada xo‘rillatib mastava ichayotgan yigitchaga gap qotdi:
— Dadasi, ovqatingizni ichib bo‘ldingizmi? Kelaqoling endi, o‘rinni isitib turibman.
Yigitchaning qo‘lidagi kosa tushib ketay dedi. O‘zi lavlagiday qip-qizarib ketdi. Avvaliga kipriklarini pirpiratib turdi-da, keyin: «E, bor-e», deb shart o‘rnidan turib, devor orqasiga o‘tib ketdi. Ammo Sojida hamon bo‘sh kelmasdi.
— Hoy dadasi, o‘sma siqyapsizmi, muncha hayallab ketdingiz?
Yigitcha boshidan do‘ppisini olib, tizzasiga ikki-uch marta shapillatib urdiyu dalaning o‘rtasidan orqasiga karamay ketdi. Shu ketgancha qaytib qorasini ko‘rsatmadi.
Hojinisa opa qizlarning shaddodligidan tashvishga tushib qolgandi. Brigada yeriga mexanizator zoti qadam bosmaydigan bo‘lib ketdi. Opaning o‘zi yaxshigina mexani-zator edi. Hazilning tagi zil bo‘lib ketganidan, noiloj o‘zi traktor boshqarishga majbur bo‘ldi. Yoniga ikki-uch qizni olib, rul boshqarishni o‘rgata boshladi.
Ishq degani boshqacha narsa ekan. Yigitlar baribir panalab, jo‘yaklar orasidan emaklab bo‘lsa xam qiz imlagani kelishardi.
Qiz bolani taqiq bilan ushlab turib bo‘larmidi. Ular o‘rik qoqib kelish, olma terish, molga o‘t yulish bahonasi bilan chetga chiqib diydor ko‘rishib turishardi.
Bugun men katta yo‘l bo‘yida opaning shiyponiga qarab, kiraymi, kirmaymi deb hardamxayol turardim. Bir mahal qizil «Jiguli»ni gurillatib, Hojinisa opaning o‘zi kelib qoldi.
— Ha, nima qilib turibsiz?
Men taxtachadagi yozuvni imlab ko‘rsatdim.
— Sizga mumkin, — dedi Hojinisa opa kulib. — Bu yozuv oshiq yigitlar uchun.
U bu tarafdagi «Ko‘riqxona» degan yozuvni ko‘rmagan ekan, jahl bilan yulib oldiyu kabinaga tashlab qo‘ydi.
— Alamzada yigitlar qilgan, e’tibor bermang. Mashinaga o‘tirdik. Yo‘l-yo‘lakay «Qo‘riqxona» so‘zining ma’nosini chaqishga urinardim. Nazarimda, bu dala, bu brigada yerlari chiroyli qizlarni saqlaydigan qo‘riqxonaday edi.
Yarim yo‘lga yetganimizda, sadaqayrag‘och tagidan bir yigit cho‘chigan musichaday patirlab tura qochdi.
— Anziratga kelgan. Yugurishda oblast chempioni. Bir oydan beri tutolmaymiz. Baribir tutaman. Qopqon qo‘yib bo‘lsa ham tutaman. Burnini yerga ishqab ishlataman.
Zimdan Hojinisa opaga qarayman. U nihoyatda ko‘hlik ayol edi. To‘mtoq qoshlari, chaqnagan ko‘zlari bir ko‘rganni dovdiratib qo‘yardi. U mashinani bir maromda yurgizar, kabinaga kirgan shamol o‘rimga so‘z bermagan soch tolalarini yelkasidan olib bo‘yniga tashlar, yuzlarini beozor savalagandek bo‘lardi.
G‘o‘zalar bir tekis chopilgan. Ammo yo‘l yoqasidagi salkam bir gektarcha yerda uncha-muncha o‘t ko‘rinib qolardi.
— Opa, yeringizga o‘t oralab qoptimi? — dedim.
— Parvo qilmang. Ertagayoq orasta bo‘ladi. Bu oshiqlar uchastkasi.
Ma’lum bo‘lishicha, qoidani buzib qiz imlagani kelgan yigitlar qo‘lga tushganda, chopish uchun qoldirilgan uchastka ekan.
Shiyponga yetib keldik. Shiypon emas, yangi tushgan kelinning uyi desa ham bo‘ladi. Hammayoq ozoda, orasta. Atrof chinnidek supurilib, ko‘loblab suv sepilgan. Ariq bo‘yida kattakon sariq samovar vaqirlab qaynab turibdi. Devorda jurnallardan qiyib olingan hind kinoartistlarining suratlari. Shu payt orqa tarafdan ovoz eshitildi:
— Hoji onaga to‘qson beshdan damla!
Hojinisa opa kulib qo‘ydi.
— Qurib ketmagurlar, qattiqqo‘lligim uchun shunaqa deb chaqirishardi. O‘zim ham o‘rganib ketibman. Achchig‘im chiqmay qo‘ygan.
U gapini tugatmagan ham ediki, tutzor tomondan qizlarning chuvillashgan ovozi eshitildi. O‘sha tarafga qaradik. Besh-olti qiz boya qayrag‘och tagidan qochgan chempion yigitni sudragandek olib kelishardi. Yigit qizlar qo‘lidan qutulishga urinmas, go‘yo taqdirga tan bergandek, indamay kelardi.
— Ha, qo‘lga tushdingmi? O‘n besh sotix chopasan.
— Tan berdim, opa.
— Ko‘ylagini yechib olinglar, — dedi Hojinisa opa buyruq ohangida.
— Mening ham bitta shartim bor, — dedi yigit yalingandek. — Chanqaganimda choyni Anzirat oborsin.
— Yana nimani ko‘ngling tusaydi? O‘sha joyga paqirda suv oborib qo‘yamiz, istaganingcha ichaverasan. Gap tamom. Qo‘liga kattaroq ketmon beringlar.
Yigit boshqa bir so‘z demay, yo‘l boshlagan qiz orqasidan ketmonni sudrab ketdi.
Kun og‘ib, uzoq-yaqindan buzoqlarning ma’rashlari eshitila boshlagan edi. Opa bilan xayrlashib yo‘lga tushdim. Boya o‘t bosibdi, degan joyimda chempion yigit qora terga tushib g‘o‘za chopardi. Uzoqda qo‘liga choynak ushlab turgan Anzirat yaqin kelolmay, opaning ko‘zini shamg‘alat qilish payida edi.
— Ha, kuyov bola, — dedim kulib. — Ahvol qalay? Yigit ketmonini bir dam marzaga qo‘yib, qaddini rostladi. Boshini sarak-sarak qilib iljaydi.
— Hamma dardga bor davo, oshiqning dardi bedavo, deb bekorga aytishmagan ekan.
— Iya, shoir ekansiz-ku, og‘ayni.
— Shoir ham gapmi, — dedi u, — xalq shoiri, deyavering.
U bilan xayrlashib, yo‘limga ketdim. Orqadan ketmonning qars-qars yerga urilishi eshitilib turardi.