Usta Mahkamning kichik qizi Inobat mahmadonagina chiqqan. Kelin ayalari ham, opalari ham undan zirillab turishadi. Shundoq gaplarni topib gapiradiki, naq jon-joningdan o‘tib ketadi. Tili chiqqandan beri biron ishni javobsiz qoldirmagan. O‘ziga o‘xshagan shaddodgina ammasi doimo uning peshonasiga mushtlab turib gapiradi: Sen o‘lgurga bo‘shroq qaynona uchrasa, ajalidan besh kun oldin o‘ldirasan, senga Hoji ona bas kelmasa, mundog‘rog‘i til tortmay o‘ladi.
Inobat o‘z kelin ayalari qolib, qo‘shni kelinlarni ham turtkilab chiqardi.
Inobatning onasi ikki-uch sovchini qaytardi. Yoqmaganidan emas, rahmi kelganidan, insof yuzasidan qaytardi. Sovchi bo‘lgan xotin halimdek yumshoqqina ekan. Inobat uni ikki kunda shaftoliqoqi qilib qo‘yadi. Ikkinchisi parishtalikkina, har ikki gapining birida, o‘zim o‘rgilay, deb turadi. Inobat unga bir shaqillasa, naq bechoraning ko‘ngli ketib qoladi-ya.
Shunday qilib, necha sovchilarga yo‘q, degan ona o‘zlaridan besh mahalla naridagi «Etti og‘ayni botirlar»ning kichigidan kelgan sovchilarga darrov «xo‘p» deb, opkelgan nonini ushatdi. «Etti og‘ayni botirlar»ning onasi butun shaharga tanilgan, kelin zotini bodroq qilib qovuradigan «general kampir» nomini olgan xotin edi.
Unashilgan kunning ertasiga ammasi Inobatning peshonasiga yana mushtlab dedi:
— Endi o‘lding. Qaynonang tiriklayin yeb qo‘yadi.
Inobat uni pisand qilmadi.
— Menimi? Ovora bo‘ladi. Ignaning teshigidan o‘tqazvoraman.
Xullasi, unisi u dedi, bunisi bu dedi. To‘y bo‘ldi. Inobat jindekkina pardoz bilan oydekkina kelin bo‘ldi. Ayniqsa to‘yning ertasiga gul-gul ochilib ketdi.
Shaharga doston bo‘lgan to‘y ham tugadi. Olti ovsin uch kun idish-tovoqlarni qatron qilishdi. Dasturxon-sochiqlarni qaynatib yuvib, dorga yoyishdi.
Qaynona ishga aralashmay, ayvonda tasbeh o‘girib, kelinlarining ishlariga qarab o‘tirardi. O‘rtancha kelin tez-tez uning oldiga borib, orqasidagi yostiqni to‘g‘rilab, choyni yangilab berardi.
Inobat ular oldida bekor turishga xijolat bo‘lib, naridan-beri ovsinlariga qarashardi. O‘rtancha kelin choy damlab ayvonga, kampir oldiga ketdi. Inobatning yonida cho‘nqayib o‘tirgan kichik ovsini sekin turtdi:
— Ko‘ryapsizmi, shpion o‘lgurni? Shunga ehtiyot bo‘ling. Shum kampirning agenti u.
Inobat piq etib kulib yubordi.
— Kulmang, aylanay ovsin, boshingizga tushganda bilasiz.
Bir hafta o‘tmayoq bu uydagi sir-asror Inobatga oynadek ravshan bo‘ldi-qo‘ydi.
Inobat yettinchi kelin bo‘lib tushgan edi. Kampir yetti o‘g‘il ko‘rgan: yettovini ham o‘qitib, oyoqqa turg‘izgan. O‘g‘illar ona izmidan bir qadam chiqishmasdi. Topgan-tutganlarini ona qo‘liga tutqazishardi. Yetti o‘g‘il, yetti kelin bir qozondan ovqat yeyishar, bironta kelin o‘zicha qozon osolmasdi. Kampir ro‘zg‘orxonaning kalitini nimchasining tugmasiga bog‘lab olgan, kechqurun masalliqlarni olib borib, qozon bir marta qaynaguncha oshxonadan chiqmasdi.
Kampir u yoq-bu yoqqa ketganda bu ishlarni faqat o‘rtancha keliniga ishonardi. O‘shanda ham kalit o‘zida qolar, masalliqni bitta qog‘oz paketga solib berardi.
Albatta, kampir kelinlarini ro‘zg‘ordan siqmasdi. Ammo rejani buzmay, masalliqni isrof qilmay ish tutardi. Kechqurun o‘rtaga ovqat qo‘yilganda, agar ortib qolgudek bo‘lsa, javrab ketardi. To oxirigacha yeyilmasa, zo‘rlab yedirardi. Juda bo‘lmay qolganda, o‘zi pishillab yeb qo‘yardi.
Qelinlarining hammasi ishlashardi. Ertalab nonushtaga fotiha o‘qilgandan keyin, kampir ichkaridan hamyonini opchiqib, kelinlariga ellik tiyindan, o‘g‘illariga bir so‘mdan qo‘yadi. Maktabga boradigan nevaralariga o‘n tiyindan beradi. Keyin hamyonini yana opkirib ketadi.
Har oyning o‘n beshida o‘g‘illar, kelinlar birin-ketin kelib, maoshlarini uning oldiga qo‘yishadi. Kampir shoshmay sanab olaveradi. O‘n besh kunlik maosh ming so‘mga yetmasa, qovog‘i osilib ketardi.
Kampirning yana bir odati bor edi. U kechqurun kelinlar, o‘g‘illar uy-uylariga kirib ketganlarida hammasining uyi ostonasida g‘imirsib yuradi. Qaysi birisining tuflisi yirtilgan, yo tag charmi yedirilgan bo‘lsa, yig‘ib oladi. Ertasiga ular ishdan qaytguncha guzardagi ustaga bir xalta qilib opchiqib, butlab olib keladi.
Xullasi, bu uyda kampir marshaldek edi. Ipdan-ignasigacha uning nazarida edi. Yetti oila kechqurun kampirning ayvoniga to‘planishadi. Chunki shu yetti oila uchun bitta televizor bor edi. Hamma barobar ko‘radi. Kampir esnadi deguncha, o‘rtancha kelin darrov turib o‘chiradi. Kino kinoligicha, kontsert kontsertligicha qoladi.
Ovsinlar bitta shu kampirdan, bitta shu o‘rtancha ovsindan qo‘rqishadi. Ro‘zg‘orda nimaiki achchiqlik bo‘lsa, shu o‘rtancha kelin sababchi. U kechalari mahsichan yurib, ovsinlarining derazasiga quloq soladi. Nima qilishyapti, nima deyishyapti, darrov kampirga yetkazadi. Kechasi aytilgan gap ertalab tong otmay kampirning og‘zidan chiqadi.
Xullasi, bu uy o‘z podshosi, o‘z vaziri bor kichkinagina mamlakatga o‘xshardi. Bu «mamlakat»ning o‘z qonunlari, o‘z tartiblari bor edi.
Inobat avvaliga kelinlik gashti bilan bu narsalarga uncha parvo qilmadi. O‘rtancha ovsini yangi kelin, deb uni unchalik kutkilamadi. Oradan biron oylar o‘tib, Inobatning ham «nuqson»lari chiqib qoldi.
Ertalab nonushta paytida kampir Inobat uzatgan piyoladagi choyni hovliga sepib tashladi.
— Ko‘ngli qora odamning qo‘lidan choy ichmayman.
Inobat hayron bo‘ldi. O‘rtancha ovsin boshqa choy quyib, sal oldinga engashib, choy uzatgan qo‘lining yengini chap qo‘lining jimjilog‘i bilan ilib turib uzatdi. Kampir oldi.
Inobat ham choyni hovliga sepib, shart-shurt yurib uyiga kirib ketdi. Orqasidan eri kirmoqchi bo‘lib qo‘zg‘algan edi, kampir bir xo‘mrayishi bilanoq cho‘kkanicha joyida qoldi.
Kichik ovsini ham to‘lib turgan ekan, kampir jiyaninikiga ketgan kuni Inobatning derazasini chertdi. Ikkovi ayvon supurib yurgan o‘rtancha ovsin eshitmasin, deb pichirlashib nimanidir gaplashishdi.
— Kampirning bir ta’zirini berib quymasak bo‘lmaydi. Judayam boshimizga chiqib ketyapti. O‘g‘illari onasidan gapirsang, tomga sakrashadi.
O‘rtancha ovsin ayvonni supurib bo‘lib, savat ko‘tarib ko‘chaga chiqib ketishi bilan qolgan olti ovsin supaga chiqishdi. Pichir-pichir qilib uzoq gaplashishdi. O‘rtancha ovsin kelishi bilan hammasi tiraqaylaganicha uy-uylariga kirib ketishdi. Inobatning bitta o‘zi hovlida qoldi.
— Menga qarang. Siz yangi odamsiz. Bu ig‘vogarlarning gapiga uchmang. Mening gapimga kirsangiz, olam guliston bo‘ladi. Tunov kuni oyim uzatgan choyingizni nega sepib yuborganlarini bilasizmi?
— Yo‘q, — dedi Inobat bilishga qiziqib.
— Choyni chap qo‘l bilan uzatdingiz. Ko‘ngli qora odam choyni chap qo‘lda uzatadi.
Inobatning ensasi qotdi.
— Obbo, shu ham gap bo‘ldimi? Nima, men onasiga tekkanmanmi, bolasigami? Aytib qo‘ying, izzati bilan bolalarini duo qilib o‘tirsin. Bo‘lmasam, myasorubkadan o‘tqazvoraman.
Ovsini qoshlarini kerdi:
— O, tilingiz bor ekan-ku. Oyimning achchiq gaplaridan ikkitasini eshitsangiz, esingiz joyiga kelib qoladi. Bilib qo‘ying, bu uyda shu kampirning aytgani-aytgan, degani-degan.
Shu gapdan keyin kampir Inobatga uncha ro‘yxush bermay qo‘ydi. Ammo olti ovsin har kuni pichirlashib, nimanidir maslahat qilishardi.
Ularning nima to‘g‘risida gaplashganlari dam olish kuni ertalab ma’lum bo‘ldi.
Kampir ertalab tahorat olish uchun turganda ayvondagi katta stol ustiga qizil alvon yozilgan, kelinlar, o‘g‘illar stol atrofida jimgina o‘tirishardi. Kampir to tahorat olguncha qo‘yib berishdi. Keyin namozini o‘qib olishi bilan Inobat uni chaqirdi:
— Oyijon, qani, bu yoqqa!
— Ha, nima balo bo‘ldi? Bu uy — uymi, idorami? Nima, maylis qilyapsizlarmi?
Inobatning kichik ovsini piching qildi:
— Majlis emas, sud, oyijon, kela qoling! Kampir nimalardir deb javrab, nari ketayotgan edi, katta kelin dedi:
— Agar kelmasangiz, orqadan hukm chiqazvoramiz.
Kampir qiziqchilik qilishyapti, degan o‘y bilan ayvon dahaniga kelib o‘tirdi. Inobat o‘rnidan turdi:
— Sud majlisi ochiq. Ko‘riladigan masala bitta. Yetti kelinning qaynonasi ustidan bergan shikoyat arizasini ko‘rib chiqish. Va jinoyat qonunining tegishli moddasiga binoan qaynona ustidan hukm chiqarish. Qo‘shimcha gaplaring yo‘qmi? Birinchi gapni katta kelindan eshitamiz. Jabrlanuvchi, turing o‘rningizdan. Ayting!
Katta kelin qo‘rqa-pisa o‘rnidan turdi. Qaynonasining ko‘ziga qarashga yuragi betlamay, gapira boshladi:
— Shu kishining qo‘llariga kelganimga o‘n to‘rt yil bo‘ldi. Shu o‘n to‘rt yil ichida o‘z uyim emas, birovnikida kavatr o‘tirganday yashayapman. Erim o‘lgudek latta. Uy-ro‘zg‘or qilib, biron kun yayraganim yo‘q. Xudoga rost, sizlarga yolg‘on, shu hovli o‘lgurdagi uzumdan o‘n to‘rt yil mobaynida bir shingilini o‘zim o‘z qo‘lim bilan uzmaganman. Qolgan gapni o‘zlaring bilib olaveringlar.
Katta kelin o‘tirib, ikkinchisi turdi:
— Artistning qizisan, onang sahnaga jodugar bo‘lib chiqqan, sen ham jodugarsan, ko‘rpachamda o‘tirma, piyolamda choy ichma, jodu qilib qo‘yasan, deb ko‘z ochirmaydi. Yetti yil oldin bir tumov bo‘lgan edim, o‘shandan beri otim manqa…
Kampir xezlanib o‘rnidan turayotgan edi, Inobat keskin qilib:
— O‘tiring! — dedi.
Kampir qo‘rqibmi, hayratdanmi, yo g‘azabdanmi — o‘tirib qoldi.
O‘rtancha kelin o‘rnidan turib, boshqalarning gapini yolg‘onga chiqardi.
— Ona bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da, shu kishi bor, ro‘zg‘orimiz but, ko‘nglimiz to‘q. Arizaga men qo‘l qo‘ymaganman, — dedi.
Boshqalar uni talab tashlashdi.
— Siz oyimning agentisiz. Doim bizning ustimizdan material berasiz. Oyimga protez tish qildirib berib, pinjlariga kirib olgansiz. Sizga kim qo‘yibdi gapirishni?
Kampir o‘rnidan turib ketdi. O‘g‘illariga baqirdi:
— Qanaqa erkaksanlar? Xotinlaringga meni talatib qo‘yib, tomosha qilyapsanlarmi?
O‘g‘illari piq-piq kulib, yerga qarashdi. Inobat qog‘ozni qo‘liga oldi:
— Quloq solinglar. Hukmni o‘qiyman. Agar qaynonamiz ro‘zg‘orxonaning kalitini bizga bersa, ro‘zg‘orimizni bo‘lak qilib bersa, maoshimizga qo‘l tekkizmasa, shu uyda yashaymiz. Agar shartlarimizga ko‘nmasalar, uydan ko‘chib ketamiz. Ishxonamizdan hammamizga sektsiya beryapti. Shartimizga rozimisiz?
— Aslo! — dedi kampir va o‘rnidan turdi-da, qo‘l siltab uyga kirib ketdi.
Hamma og‘zini ochganicha orqasidan qarab qoldi. Endi nima qilamiz degandek, bir-biriga qarashdi. Inobat ovozini baland ko‘tarib, uyga kirib ketgan kampir eshitadigan qilib gapira boshladi:
— Agar shartlarimizga ko‘nsalar, har oyga hammamiz besh so‘mdan, ya’ni yetti o‘g‘il, yetti kelin besh so‘mdan yetmish so‘m berib turamiz. Yeb-ichish, kiyim-kechak bunga kirmaydi. Lozmandalar ham gardanimizda.
Kampir, ovozing qursin, degandek qilib eshikni qarsillatib yopib qo‘ydi.
Shuncha gap ta’sir qilmagandan bo‘shashib qolgan kelinlar yer ostidan yana bir-birlariga qarab olishdi. Inobat ularga imlab qo‘ydi.
Yana baland ovoz bilan dedi:
— Hukm qat’y. Shikoyat uchun bir soat vaqt beriladi. Bir soat vaqt o‘tishi bilan guzarga chiqib, hamma bittadan gruzovoy mashina olib keladi. Chilonzorga ko‘chish boshlanadi. Tarqalishlaring mumkin.
Eshik g‘iqillab asta ochildi. Kampirning boshi ko‘rindi.
— Hazil ham evi bilan-da. Qiliqlaring qursin.
— Hazil emas. Chin gap. Bir soat ichida javob kutamiz.
Kampir asta kelib, joyiga o‘tirdi.
— Xo‘sh, nima qilgin deysanlar?
— Erkinlik bering. Kelinlaringizning oldi uch bolali bo‘ldi. O‘zi ro‘zg‘or qilsin. Siz izzat bilan yetti kelin pishirgan yetti xil ovqatni tanlab, eng shirinini yeb, maza qilib yuring.
— Bir kunda yettita qozonni qaynatmoqchimisizlar?
— Albatta! Hamma o‘zi xohlagan oshni yeydi.
Kampir po‘ng‘illadi.
— Shuncha yildan beri til-jag‘i chiqmagan kelinlarimni sen yo‘ldan urding. O‘g‘limni ham buzding, — deb Inobatga o‘qrayib qaradi.
— Ko‘nasizmi, yo‘qmi? — dedi kampir sal bo‘shashganini bilgan Inobat qizigan gapni sovutmay.
Kampirning ham chapaqay jahli chiqdi.
— Ko‘chsalaring, ko‘chib ketaverlaring. Hamma uyga kavatr qo‘yaman. Hammangni sudga berib, nafaqa undiraman.
Inobat stolni shapillatib urdi:
— Bo‘pti! Besh minut vaqt qoldi. Guzarga mashina olib kelishga bittanglar chiqinglar. Yetti mashinada ko‘chamiz.
Kampirning ko‘zlari alang-jalang bo‘lib qoldi. To u biron gap aytguncha, katta kelin ko‘cha eshigi oldiga yetib qolgan edi.
— To‘xta! Shoshma!
Kampir shunday dedi-yu, shoshib uyga kirib ketdi. Sal o‘tmay, qaytib chiqib, kalitni hovliga uloqtirdi.
— Ollaring! Menga desa o‘nta qozon qaynatmaysanlar-mi! Bitta qornimga menga nima zarur? Bilganlaringni qillaring.
Inobat yana bosib tushdi:
— Kelinlar, o‘g‘illaringiz cho‘t qoqib hisoblab chiqdik. Bergan pullarimizdan o‘n olti ming so‘m yig‘ilgan. Shuni bo‘lib berasiz.
— Berib bo‘pman. Bir tiyin ham pul yo‘q. O‘limligimga yiqqanimni nega berarkanman?
Kelinlar barobariga chuvillashishdi:
— Mayli, mayli, bermay qo‘ya qolsinlar. Bu yog‘iga tegmasalar bo‘lgani.
Kampir pul yoniga qolganiga shukur qilib, indamay o‘tiraverdi.
O‘sha kuni tush paytida yetti o‘g‘il hovlining yetti joyiga o‘choq qurishdi. Kechqurun yettita qozon barobariga qaynadi.
Kampirning obro‘si, izzati oshib ketdi. Yetti kelin yetti yoqdan:
— Oyi, osh pishdi, keling, oyi, cho‘zma lag‘mon qildim, bu yoqqa keling, — degan muloyim tovushlar chiqib qoldi.
Kampir jahl bilan bittasining ham oldiga bormadi. To kampir namoz asrni o‘qib bo‘lguncha ayvondagi xontaxta usti ovqatga to‘lib ketdi. Lag‘mon, palov, shovla, mastava, yana mastava, chuchvara, qovurmalar qator terilib tashlangan edi.
Kampir hammasidan oz-oz yeb-ichdi-da, kichigim pazan-da ekan, deb qo‘ydi.
Kampir izzatga botdi. Kelinlarining biri o‘rnini solib bergan, biri choy damlab kelgan, biri kavushini artib qo‘ygan, biri qog‘ozi ochilmagan atir sovun qo‘yib ketgan… Kenja kelini bir chinnini to‘latib tarvuz suvini ko‘tarib kepti. Bu ham yetmagandek, kapron durracha opkelib yelkasiga tashladi.
— Kechasi tang‘ib yotsangiz shamollamaysiz, oyijon.
Kampir hali ham astoydil jahlidan tushmagandi.
Yostiqqa bosh qo‘yib, ko‘z yumishi bilan birdan insofga keldi.
— O‘zimni o‘zim qiynab yurgan ekanman. Menga nima zarur ekan-a! Bilganini qilishsin. Hoji onalikni menga kim qo‘yipti?
Kampir shunday xayollar bilan uxlab qoldi. U kelin ko‘rgan yillaridan beri birinchi marta betashvish uxlashi edi.
Katta kelin, oyimning ko‘zlariga chiroq tushmasin, uyqulari buziladi, deb chiroqni o‘chirib ketdi.
O‘rtancha kelin oiladagi yangi odatga ko‘nikolmay, kechasi dovdirab hovliga chiqdi. Ovsinlarining derazalariga bir-bir quloq solib kirib ketdi. Ertalab kampirning qulog‘iga shivirlayotgan edi, kampir uni siltab tashladi:
— Bolam, bu odatingni tashla. Men Hoji onalikdan tushganman. Seni ham shipiyonlikdan bo‘shatdim.
Bu gapni hamma kelinlar eshitishdi. Xaxolab kulib yuborishdi.
O‘n besh yil mobaynida bu hovlida birinchi marotaba yettita samovar barobar qaynardi…
1970 yil.