Said Ahmad. Kechasi soat 3 da beva yozuvchining kallasiga kelgan gaplar

Qayta qurish bundan qirq yil oldin boshlangan bo‘lsa-yu, otang bilan onang ham qayta ishlangan bo‘lsa, seni kim tug‘ardi?

* * *

Baqiroq, yoqimsiz qo‘shiqchi endi avjiga chiqqanda to‘xtatib, soat nechchi bo‘ldi, deb so‘rash kerak.

* * *

Ba’zi yosh qizlar yozuvchilarning puli ko‘p deb o‘ylashadi. Yozuvchiga erga tegib ko‘rishsa qanaqaligini bilishardi. Shu mirquruq yozuvchiga-ku, erga tegibsan, ko‘rayapsanki tirikchilik o‘tmayapti. Ajraladigan bo‘lsang, bo‘yningdagi yetti shoda durni, qulog‘ingdagi brilliant ko‘zli zirakni, barmog‘ingdagi olmos qadalgan uzukni sotmasdan oldin ajralsang bo‘lmasmidi?

* * *

Telestudiyadagi chiroyli diktor qizlarni ishdan bo‘shatib, o‘rniga kampirlarni qo‘yish kerak. Chollarning ko‘nglini buzishga yo‘l qo‘ymaymiz. Veteran pensionerlarning talabi shu!