Said Ahmad. Jajji hikoyalar

Tansiq

Shahrimizga hali qirdan lola kelmagan edi.
Keksalar to‘qson chiqdi-yu, oppon-soppon hali turibdi. Bitta qor o‘tsin undan keyin hamal kiradi, deyishardi.
Ammo Chilonzor tomonda turadigan bir temiryo‘lchi juvon ochiq mashinada bir dasta lola ko‘tarib o‘tdi.
Hammaning ko‘zi uning qo‘lidagi lolada. O‘tgan ham, ketgan ham qaraydi. Mashina tez yurganidan shamol lolani shunday hilpiratadiki, oftobda u xuddi lov-lov yonayotganga o‘xshaydi.
Shu payt shamol lolaning bittasini yulqib oldi-da, ko‘cha o‘rtasiga uloqtirdi.
Mashinalar katta tezlik bilan biri ketidan biri uchib bormoqda. Shofyorlar lolaga yetay deganda rul burib uning yonidan aylanib o‘tib ketishadi.
Mana shu ahvolda kun choshgoh bo‘ldi. Lola hali ham ko‘cha o‘rtasida cho‘g‘dek yonib turibdi. Mashinalar hamon uning yonidan aylanib o‘tib ketishyapti.
Yo‘lovchilar yuraklarini hovuchlab ishqilib mashina bosib, ezg‘ilab ketmasin-da, deb tashvish qilishadi.
Oxiri ko‘chani tartibga solib turgan militsioner chidamadi. Ko‘cha o‘rtasiga tushdi.
Mashinalar biri ketidan biri tormoz berib to‘xtashdi.
Postovoy ohista borib lolani oldida, furajkasi tagidan chakkasiga qistirib qo‘ydi.
Mashinalar g‘iz-g‘iz o‘tib turibdi. Shofyorlar, yo‘lovchilar chorraxaga kelganda mashina derazasidan bosh chiqarib, militsioner chakkasidagi lolaga qarashadi. Ularning yuzida bir chiroyli tabassum porlaydi.
Shu kuni lola ochilganini butun shahar bildi.
Odamlar diliga bu yil bahor vaqtliroq kirgandek bo‘ldi.

Bir  umr…

Teatr maydonidagi sahn bahor kezlari juda gavjum bo‘ladi.
Qari-qartang, yosh-yalang skameykalarga o‘tirib olib o‘zlarini oftobga tovlashadi. Kampirlar aravachalarda nevaralarini olib kelib, o‘zlari ko‘z oynak ustidan gazetani yalagudek qilib o‘qishadi.
Men ham bo‘sh paytlarimda shu yerda hordiq chiqarishni juda yaxshi ko‘raman.
Bir kun kioskadan gazeta olib o‘qib o‘tirgan edim, yonimda hassasini skameykaga tirab bir xotin o‘tirardi. Uning oldidagi havo rang aravachada nevarasi ipi tugmasiga bog‘lab qo‘yilgan qizil sharni ushlavololmay qiyqiradi. Kampir unga beparvo, o‘tgan-ketganlarni tomosha qiladi.
— Nevarami?— dedim. Kampir o‘grilib qaradi.
— Yo‘q, aylanay, chevara. Chevara shirin bo‘larkan. Onasi yosh. Dadasining o‘zi bola. O‘zim oyoqqa turg‘izib bermasam eplasholarmidi.
— Hali yurmaydimi?
— Yurish qayoqda aylanay. Endi toy-toy turyapti.
Bilaman, bolalar juda ayyor bo‘lishadi. Ko‘taradigan odamni topishsa sira yerga oyoq qo‘yishmaydi. Bu bola ham shunaqa qilayotgandir. Kampirning mehribonligidan foydalanayotgandir.
— Yurib ham ketardi, qish paytida bola yurishga erinadi. Mana oftob odamning yelkasini qizdirib qoldi. Endi yurib ketar.
Kampir shunday deb bolani aravachadan oldi. Ikki qo‘ltig‘idan ushlab yerga qo‘ydi. Bola avvaliga tizzasini bukib tixirlik qilib turdi-da, keyin ikki oyog‘ini yerga tiradi.
— Qani, amakinglarga bitta toy-toy turib bergin.
Kampir uni qo‘yib yubordi. Bola xuddi havoda muallaq qolgandek omonat turib qoldi, keyin birdan oldinga sho‘ng‘ib ketdi. Shu sho‘ng‘iganda o‘ng oyog‘ini ko‘tarib tashladi. Yiqilmadi. Keyin yana bir marta shunday qildiyu, mast odamdek gandiraklab yurib ketdi. To‘rt-besh omonat qadam tashlab orqasi bilan o‘tirib qoldi. Kampir yugurib borib uni ko‘tardi. Bola endi aravaga o‘tirgisi kelmay, yerga tushishga xarxasha qilaverdi. Kampir uni yerga qo‘yishga majbur bo‘ldi.
Shu alpozda bola uch-to‘rt marta yurishga intildi. Oxiri pildirab besh-olti qadam bosadigan bo‘lib qoldi. Kampir xursand.
Ularga qarab turib, o‘ylab ketibman.
Bolaning oyog‘i yerga tegdi. Birinchi qadami boshlandi.
Eh-he, bu odam hali hayotda qanchadan qancha yerlarni shu oyoq bilan bosib o‘tadi. Umr bo‘yi…

Haykal

Buxoroda qadim imoratlar ko‘p.
Bu ko‘hna shahar ko‘chalarida xayolchan kezarkanman bir to‘da sayyohlar boshi bulutga chulg‘angan minoraga qarab turishganini ko‘rdim. Ularga keksa bir ilmiy xodim minora tarixini tushuntiryapti. Quloq soldim.
— Yetti yuz yil bo‘lgan bu minoraning qurilganiga.
Sayyohlar hayrat bilan yoqalarini ushlashdi.
Men bu xil yodgorliklarni ko‘p ko‘rganman. Armanistondagi to‘rt ming yillik Dvin harobalari, Kegart qal’alarini, necha ming yillar muqaddam yozilib bizga yetib kelguncha toshga aylangan kitoblarni ko‘rganman. Shularni odam yaratgan, ularda odam qo‘lining izi bor.
Buxoro ko‘chalarida kezarkanman juda ko‘p xotiralar xayolimdan o‘tadi. Asrlar qa’rida qolib ketgan jangu jadallarni ko‘rgandek, qilich-qalqonlarning jarangini eshitgandek bo‘laman.
Bularning barini tarix shamollari uchirib ketdi. Odamlarning xotiridan yulib ketdi.
Ammo ko‘hna devorda qolgan besh barmoq izi hali ham ko‘rinib turibdi. Bu ming yillar qa’rida yo‘q bo‘lib ketgan odam qo‘lining izi. Shu azamat binoga g‘isht tergan me’mor qo‘lining izi.
Odam qo‘ligina odamga abadiy haykal qo‘yishiga ana o‘shanda ishonganman.