Said Ahmad. Gugurt (hajviya)

Ishdan juda tabiatim ravshan qaytdim. Endi qo‘limga gulqaychini olib ayvonga chiqqan edim, eshik taqillab qoldi.
— Aytgancha, esimdan chiqibdi,— dedi jiyanim. — Mirvali aka ikki marta o‘g‘lini chiqazdi. Uyida mehmonlar bor emish, chiqarmishsiz. Hoynahoy yana bola chiqazadi.
Eshikni ochsam, darhaqiqat, Mirvalining o‘g‘li. O‘sha gap. Hozir chiqaman dedimu, o‘ylanib qoldim. Chiqsam, albatta ichkilik bo‘ladi. Chiqmasam, qiyomatlik qo‘shni, xafa bo‘ladi. Noiloj kiyinib Mirvalinikiga qarab ketdim.
— E, shunaqayam bo‘ladimi, shu ham qo‘shnichilikmi. Qiring uyga. Ishxonadan xo‘jayinlar kelishgan.
Mirvali allaqaysi bazada ekspeditor. Demak, baza xodimlari kelishgan. Ular bilan qanday til topaman. Nimani gaplashaman. To o‘ylab bo‘lgunimcha Mirvali qo‘limdan sudrab ichkariga boshladi. Bir uy odam. Yuqorida, o‘ng yuzida danakdek xoli bor o‘rta yashar bir kishi kahrabo sopli pichoq bilan qazi to‘g‘rayapti. U qazini har yaproqlaganda, piyolani bo‘shatgan kishining og‘ziga o‘zi solib qo‘yadi. Xoldor kishi men bilan tirsagini tutib ko‘rishdi.
— A’zamjon aka,— dedi Mirvali xoldor kishiga meni tanishtirib, — bu kishi kaminangizning yon qo‘shnisi bo‘ladilar. O‘zimizning bola. Kirishimli.
Ko‘pchilik bu gapdan keyin menga to‘rdan, A’zamjon akaning yonidan joy berdi. O‘tirdim. To nafasimni rostlagunimcha, piyola qo‘limga kelib qoldi.
— Olasiz, olasiz. Mirvalining esonligiga.
Noiloj qoldim. Ko‘zimni chirt yumib turib ichib yubordim. A’zamjon aka o‘z qo‘llari bilan og‘zimga zakuska solib qo‘ydilar. Pastroqda o‘tirgan, qo‘liga uzuk taqqan yigitga A’zamjon aka ta’na qilib qo‘ydilar.
— Bo‘ldi, sen ichma, rulda o‘tiradigan narsasan.
U yigit qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: «Xo‘p aka»,— dedi-yu, piyolani olib, yana shimirdi. A’zamjon aka peshonasini tirishtirib: «Shunaqasan-da»,— deb qo‘ydi.
O‘rtaga kabob keldi. A’zamjon aka o‘z qo‘li bilan ikki-ikki sixdan rasamadi bilan mehmonlarning likopchasiga qo‘ydi.
Boya men kirganda, gap allaqanday artikul to‘g‘risida borardi. Kabob ustida uzilgan gap ulanib ketdi:
— O‘zidan ko‘rsin, necha marta aytganman, revizor bilan orani buzma, deb. Revizor xalqi topaman desa, har qanaqasidan ham ishkal topadi.
— Sunnatingiz haddidan oshib ketdi, o‘zi. Ro‘zg‘origa ham savdoning pulidan oladi. Sotuvchining sho‘ri, desangiz-chi,— dedi uzuk taqqan yigit.
Ularning gapiga quloq solib o‘tirib, shu bazadan mol oladigan biron do‘konda ishkal bo‘lganini sezdim. Ularning xotirjam gaplashishidan, do‘kon mudiri, eplashtirib tinchib ketishiga ham ishonib qo‘ydim.
A’zamjon aka, hozir pora bilan ish bitkazish mumkin emasligi, pora bergan ham, pora olgan ham qiya bo‘lib ketishini aytib qoldi.
Shunda bir gap esimga kelib, men ham suhbatga aralashib qoldim;
— Allaqaysi bir bazaning mudiri porani sanamasdan olarkan,— dedim. A’zamjon aka kabobni chaynamay lunjiga bosib turib basharamga qaradi:
— Xo‘sh, qandoq qilib olarkan?
— O‘zining har qaysi do‘kon mudiriga kesib qo‘ygan taksasi bor ekan. Ular mol olgani kelishganda papiros so‘rarkan, papiros bersa, gugurt so‘rarkan. Gugurtni chaqib yo qaytib berarkan, yo yoniga solib qo‘yarkan. Yoniga solsa, o‘sha do‘kon mudirining ishi bitgani, qaytib bersa sho‘ri qurigani ekan.
— Shunaqami? Birinchi eshitishim,— dedi A’zamjon aka.— Bunaqasini birinchi eshitishim.
— O‘sha gugurt qutisida pul bo‘larkan, cho‘pini yondirayotganda ichiga qarab pulning bor-yo‘qligini bilarkan. Pul bo‘lsa, yoniga solarkan, bo‘lmasa, qaytib berarkan.
A’zamjon aka og‘zidagi go‘shtni bir-ikki marta lunjida aylantirib yutolmadi, og‘zidan olib xontaxtaning tagiga tashladi.
— Birinchi eshitishim. Tavba, sizga kim aytdi?
O‘lay agar, kimdan eshitganim esimda yo‘q edi, shuning uchun ham tayinli bir gap aytolmadim.
Shundan keyin gap gapga qovushmadi. Suhbat muz bo‘lib ketdi. Mehmonlar ichkilikka zo‘r berishdi. Tilim qichib yana bitta qiziq voqeani ayta boshlagan ham edim-ki, A’zamjon aka jerkib berdi. U ancha kayf qilib qolgan edi.
— Uka, siz bu gapni bir yoqqa qo‘yaturing, avval boyagi gapni ayting. Kim o‘sha poraxo‘r? Shuni ayting.
Nima deyishga hayronman. G‘udirladim.
— Yo‘q, ayting. Aytmaganingizga qo‘ymayman. Isbot qiling. Shunaqa.
Nima bo‘lyapti, A’zamjon aka nima deyapti, sira tushunolmasdim.
— Aytmaysiz shundaymi? Demak, qo‘lingizda dalillaringiz yo‘q. Gaplashamiz, tegishli joyda gaplashamiz. Gugurt qutisidagi pulni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganmisiz? Ushlab olganmisiz? Javob berasiz! Ha, shunaqa. Qachon, qaysi vaqtda, aytasiz. Kimdan, kimning oldida, aytasiz. Guvohlaringiz bormi?
Mehmonga chiqmay o‘lay. O‘z boshimga qanday baloni orttirib oldim. Nima qilardim hikoya aytib.
— Siz bilan tegishli joyda gaplashib qo‘yaman. Bo‘ynimga qo‘yib bermasangiz, sharmandangizni chiqazaman. Bekorga benavat bo‘ladigan paytlar o‘tib ketgan.
Mirvali derazadan meni imlab chaqirdi. O‘rnimdan turayotganimda, A’zamjon aka etagimdan tortib o‘tqazib qo‘ydi.
— O‘tirasan. Ketadigan bo‘lsang familiyangni aytib, keyin ketasan,— deb turib oldi.
Jahl bilan etagimni siltab turdim-u, chiqdim ketdim. Orqamdan u hamon javrar edi: — Bo‘ynimga qo‘yib bersin, isbot qilsin. Unaqa zamonlar o‘tib ketgan.
Mirvali tashqariga chiqqanimda o‘pkalangandek bo‘ldi:
— Nima qilardingiz qo‘shni, shu gapni aytib. Endi ziyofat ham tatimaydi.
— Nega u kishiga alam qiladi? Men butunlay o‘zimga ham notanish odam to‘g‘risida gapiryapman-ku.
— E, sodda ekansiz-ku, qo‘shni. Egasini topib gapirdingiz. Bu o‘tirganlarning yonidagi gugurtlar endi cho‘ntakdan chiqmaydi.
— Bo‘lmasa, endi ketay, o‘tirishinglarni buzmay,— dedim-da, eshikka qarab yura boshladim. Uydan hamon A’zamjon akaning ovozi kelardi:
— Familiyasi Xajayip-a, gaplashib qo‘yaman!