Said Ahmad. Dum (hajviya)

Zaynobiddin o‘ylab qarasa, shu kunlarda o‘qituvchilarning moyanasiga baraka kirib, tirikchiliklari binoyiday bo‘lib qopti. Eski kasbiga qaytishni niyat qilib qo‘ydi. Shu maqsadda ariza ko‘tarib maorifga bordi. Maorif mudiri uni yaxshi taniydi. Bir vaqtlarda o‘zi o‘qitgan. Yettinchini bitirganda birga tushgan fotosuratlari ham bor. Zaynobiddin ko‘zoynak taqib, kattakon portfelni tizzasiga qo‘yib, o‘rtada o‘tiribdi.
Maorif mudiri arizani o‘qib bo‘lgach, so‘radi:
— Eski kasbga qaytmoqchi bo‘psiz-da, domla?
— Shundoq, shundoq, o‘qituvchilikning xumorisi tutib qoldi. Ilming bo‘lgandan keyin, pedagogika mutaxassis bo‘lganingdan keyin chidab turolmas ekansan, kishi. Bizda bor ilmdan yoshlar bahramand bo‘lib, borini olib qolsalar, degan niyatda…
— Aslida shu kasbni chakki tashlab ketgansiz, domla. Endi qanday bo‘larkin, o‘qituvchilik metodikasi ancha oldinga ketib qolgan, undan keyin…
Zaynobiddin so‘z bermadi:
— Bizni juda ham qolib ketgan demasinlar, har qalay, kundalik gazetalarni kuzatib turganmiz.
Maorif mudiri boshini qashladi.
— Gap faqat gazeta o‘qishda emas-da. Siz o‘qituvchilik qilgan paytda lotin alifbosida yozardik. Mana, arizani ham o‘sha alifboda yozib kelibsiz.
Zaynobiddin bu gal ham bo‘sh kelmadi:
— Yozuv-chizuvdan bo‘lmasa ham, jug‘rofiyadanmi, badantarbiyadanmi dars berib tursam. Pensiyaga chiqquncha ermak, deganday. Staj kuymasa bo‘lgani bizga.
Ikkovlari jim qolishdi. Maorif mudiri qattiqroq bir gap aytay desa yoshi katta odam, uning ustiga, o‘ziga bir paytlar dars bergan, har qalay o‘qituvchisi. Ko‘nglidan allaqancha gaplar o‘tdi; shu paytgacha qaysi kovakda yotgan edingiz, o‘qituvchilikni sevarkansiz, nega tashlab ketdingiz, pul chiqadi, deb ming xil ishga boshingizni urdingiz. Endi pensiya zarur bo‘lib, keldingizmi?
Bu gaplar faqat maorif mudirining ko‘nglidan o‘tdi xolos, tiliga chiqazmadi. Yaxshilikcha muomala qilmoqchi bo‘ldi:
— Domlajon, siz aytgan jug‘rofiya, badantarbiya darslarini oliy ma’lumotli o‘qituvchilar berishyapti. Hali ham bo‘lsa oshxonaga boring. Agar xo‘p desangiz, eski shogirdlik hurmati, maktab bufetini gaplashib beray.
Zaynobiddin shoshib qoldi:
— Pensiyaga maorifdan chiqazadimi?
— Yo‘q, trestdan chiqasiz.
Zaynobiddinning hafsalasi pir bo‘ldi. Bir o‘ylab kelishni bahona qilib, maorifdan chiqib ketdi.
Uyiga kelsa, o‘g‘lining o‘qituvchisi kutib o‘tirgan ekan. Inshodan o‘g‘li ikki olibdi. O‘qituvchi bola Zaynobiddindan ancha koyindi:
— Domlajon, o‘zingiz o‘qituvchi bo‘lgan odamsiz. Bolangizning darslaridan xabar olib tursangiz bo‘lardi. Juda o‘yinqaroq, dars paytida tilini chiqarib, bolalarni kuldirib o‘tiradi.
Zaynobiddin o‘zi diqqati oshib kelgan, uning ustiga bu ko‘ngilsiz gap jahlini chiqardi:
— Menga qarang, muallim bola. Biz ham bola o‘qitganmiz. Ammo biron marta o‘quvchining uyiga yig‘lab bormaganmiz. Xukumatning moyanasini olgandan keyin, durustroq o‘qitish kerak. Bolani o‘ziga tortolmagan o‘qituvchi boshqa hunar qilsa ham bo‘ladi, sizga maslahatim shu.
O‘qituvchi yigit ham tezgina ekan, darrov javob qildi:
— Sizga o‘xshabmi?
— Bundoq deyishga asosingiz yo‘q. Biz urush yillarida, xalqqa darmon bo‘lsin, deb oshxonaga o‘tganmiz va fidokorona xizmat qilib, Vatan oldidagi burchimizni sharaf ila ado etganmiz.
O‘qituvchi undan tayinli bir gap chiqishiga ko‘zi yetmagach, indamay chiqib ketdi. Ammo Zaynobiddin g‘azabga mindi. O‘g‘lining bir poy qulog‘ini ikki buklab cho‘zdi:
— Dars paytida tilingizni chiqazadigan bo‘ldingizmi? Meni isnodga qoldiradigan bo‘ldingizmi? Tur o‘rningdan, darsingni qil, inshodan tayyorlan. O‘zim imtihon qilaman seni.
Bola ko‘zda yosh bilan uyga kirib ketdi. Zaynobiddin xotiniga o‘shqirdi:
— Televizorni o‘chir! Darsini qilmaguncha televizor ko‘rish yo‘q.
Shundan keyin Zaynobiddin otalik va pedagoglik burchini o‘tagan bo‘lib, so‘riga yonboshladi. Sal o‘tmay, o‘g‘li daftar ko‘tarib chiqdi.
— Dada, shubha deganda dumli «x» yoziladimi, yo dumsiz «x»?
Zaynobiddinning dumli «x»ga sira ishi tushmagan edi. O‘ylanib qoldi.
U o‘qigan, o‘qitgan paytlarda dumli «x» yo‘q edi. U juda aql ishlatayotganday, peshonasini tirishtirib turdi-da, javob qildi:
— Haligacha «x»ning dumini bilmaysanu, yettinchida o‘qib yuribsanmi, o‘zing o‘ylab top! Bilmasang, keyin aytib beraman.
Bola burnini tortib, yana kirib ketdi. Shu bahonada Zaynobiddinning o‘zi ham «x»ning dumi bor-yo‘qligini bilish uchun ko‘zoynak taqib, gazetadan «shubha» so‘zini qidira boshladi. Aksiga olib, butun boshli gazetadagi maqolalarning birontasida «shubha» so‘zi yo‘q ekan. Hafsalasi pir bo‘lib, gazetani yoniga tashlab, yonboshladi. Bola yana chiqdi.
— Darsimni tamom qildim, endi aytib bering. Shubhaga dum qo‘ymay qoldirdim. Agar dumi bo‘lsa, qo‘yay, bo‘lmasa o‘zi turaversin.
— Turaversin, — dedi Zaynobiddin. — Printsipialni aytmayman, ertaga o‘qituvching bilan o‘zim gaplashaman. Bor, to‘shagingga yot.
Bola xafa bo‘lib, kirib ketdi. Zaynobiddin televizorni qo‘ydi. Qarasa, «Shubha» degan kino endi boshlanaman deb ekranga yozilib turgan ekan. Yana o‘chirdi. Hovliga chiqib, ayvonda yotgan bolasini chaqirdi.
— Tur o‘rningdan, inshoyingni o‘zim ko‘rib beraman. Qani daftaring?
Bola uyquli ko‘zlarini ishqab, daftarini olib chiqdi. Zaynobiddin ko‘zoynagini taqib, qo‘lida qalam bilan o‘g‘li to‘ldirgan varaqqa ko‘z yugurtirib «shubha» so‘zlaridagi «x» harflariga dum qo‘yib chiqdi.
— Mana, to‘g‘rilab qo‘ydim. «X»ga dum qo‘yish shart. Ertaga besh olmasang, mendan ko‘r.
Shundoq bo‘ldi. Ertasiga o‘g‘li ikki olib keldi. Zaynobiddin televizordagi yozuvga durus qaramagan ekan, «x»ning o‘ng oyog‘iga emas, chap oyog‘iga dum qo‘yipti. O‘qituvchisi, shu paytgacha «x»ning qaysi oyog‘iga dum qo‘yishni bilmabsan, deb ikki qo‘ygan ekan.
Zaynobiddin ertasiga yana maorifga bordi va bufetchilikka rozi bo‘lib boshqatdan ariza berdi.