Said Ahmad. Chevara (hikoya)

Bilaman, daraxtday qulasam agar
Mening hayot bog‘im qolmas huvillab…
Zulfiya

Chevarasining surati kelgandan beri kampir oromini yo‘qotdi. Toshkentga qarab talpinib qoldi. Avji mevalari g‘arq pishib turganda kampir shaharda nima qiladi, deb qo‘ni-qo‘shnilar hayron bo‘lishdi.
Tap-tap yerga to‘kilib yotgan shaftolilar ham, sal xoli qo‘ysa chumchuq talab tashlaydigan nor buvakilar ham shundoqqina qoldi. Kampir eshikka qulf urib yo‘lga chiqdi.
U poyezdda ham mijja qoqmadi. Chevarasining suratiga qarab goh xo‘rsinadi, goh iljayadi. Suratni ko‘zlariga surtadi. Yo‘lovchilar hayron. Bir nima deyishga botinisholmaydi. Kampir suratdan ko‘z olib, derazadan lip-lip o‘tayotgan bog‘larga, cho‘llarga ma’yus boqadi. Ko‘zlaridan shashqator yosh oqadi. Oxiri yo‘lovchilardan biri chidayolmadi. Jur’atsizlik bilan so‘radi:
— Aya, nega unaqa qilasiz? Tinchlikmi?
Kampir javob bermadi. Poyezdga ergashib goh o‘zib, goh ortda qolib uchayotgan o‘yinqaroq qaldirg‘ochning pildirlashiga qarab qoldi. Oxiri og‘ir xo‘rsinib gap so‘ragan kishiga qaradi.
— E, bolam, dostonim uzoq. Nima qilasan kitobimni varaqlab, bir benavo odamman, dardimni qo‘zg‘ama!
Yo‘lovchilarning biri choy tutdi, biri qovun so‘yib oldiga kosa qilib qo‘ydi. Xullas, uni gapga solishdi.
— Yetti bola tuqqanman. Hammasini tuproqqa berib birgina qizim bilan sho‘ppayib qolganman. Men ko‘rgan kunni it ham ko‘rmasin, bolalarim. Xotin boshim bilan Poytuq istansasida hammollik qilganman. Odam o‘ldirganman. Xotin kishi bo‘la turib, azbaroyi tirikchilik ekan, konibodomlik zo‘r polvon bilan kurash tushganman. Yiqilganman.
Yo‘lovchilarning aqli shoshib qoldi. Bu qanaqa xotin o‘zi? Odam o‘ldirgan, erkak bilan kurash tushgan?
Parovoz kichikroq bir raz’ezdda anchagina turib qolgandan keyin yana shitob bilan oldinga intildi. Hammaning qulog‘i kampirning og‘zida. Kampir choydan bir ho‘pladi. Stakandagi choyning chayqalishiga ma’yus tikilib hikoyasini boshladi.
— Chuvamada bizni yetti qizlar deyishardi. Onam olti qiz tug‘ib o‘g‘il dardida sig‘inib bormagan joyi qolmagan. Shohimardondagi Chakkatomarning suvini ham ichgan, Arslonbopdan hassa Muso olib kelib butun qishloqqa ulashgan. Toshkentga kelib Mo‘yi muborakni ziyorat qilib, Tojixon eshonga qo‘l bergan. Shuncha sig‘inishlar zoye ketib men tug‘ilgan ekanman. Onam bechora baribir o‘g‘ildan ko‘ngil uzolmay otimni niyat qilib O‘g‘ilxon qo‘ygan ekan. Esimda bor, to kuyovga chiqqunimcha ham boshimda telpak, belimda qiyiq, oyog‘imda etik edi. O‘g‘il bolalar bilan o‘ynardim. O‘rtoqlarim nuqul o‘g‘il bolalar edi. Mahallaning kazo-kazolari, bas, qi-zing bo‘yga yetdi, yuzini bekit, deganlarida ham otam rahmatlik, yuraversin, uni o‘g‘lim deganman, deb yuzimni bekitmagan.
Kuyovga chiqib, olti o‘g‘il, bir qiz ko‘rdim. Ota-onam ko‘rmagan baxtga yetdim, deb o‘ylagandim. Yo‘q, nasib qilmagan ekan… Erim sartaroshlik qilardi. Kichkinagina do‘konchadan tushgani bilan ro‘zg‘orni amal-taqal qilib turardik. Yetti bolani bir amallab boqayotganimizga er-xotin xudoga ming marta shukur qilardik.
Kichkinam o‘shanda qo‘limda edi. Erim kuni bilan tikka oyoqda ishlab kelib shu kenjatoyimni o‘ynatib ovunardi. Shu kichkinagina baxtimizni ham xudo ko‘p ko‘rdi. Erimni mardikorga olishdi. Yig‘lab-yig‘lab istansada orqasidan qarab qoldim. Tirikchilik ekan, erimning do‘konini o‘zim ochdim. Bolani bir chekkaga yotqizib qo‘yib, ustachilik qila boshladim. Azaldan yuzim ochiq bo‘lganidan hech kim hayron bo‘lmadi. Bola-chaqalik bo‘lganimdan keyin ham dala-toshda ochiq yuraverdim. Ishim tig‘iz paytlarda erkaklar qatori samovarda bitta choy chaqirib ichib ketaverardim. Sal kunda qo‘lim kelishib qoldi. Bilmadim, yuzi ochiq xotinning sartaroshlik qi-lishi g‘alati ko‘ringanidanmi, yo ayol kishining qo‘li tegishiga ishqibozlik qilibmi, har qalay boshqa ustalardan ko‘ra menga odam ko‘proq kelardi. Mijozlarimdan bittasi bir gap aytib qoldi. Ellikboshi o‘zining o‘g‘li o‘rniga mening erimni jo‘natgan ekan noinsof. Bu gapdan keyin sira chidamadim. Necha bor yo‘lini poyla-dim. Yo‘liqmadi. Bir kuni Andijondan hokim to‘raning o‘zi Chuvamaga kelarmish, degan gap tarqaldi. Qo‘chalarga suv sepildi. Samovarlarga odam sig‘may ketdi. Ellikboshi allaqaysi go‘rda ekan, ot choptirib kelib qoldi. Uning soch-soqoli o‘sib ketgan, otdan tushiboq do‘konimga o‘zini urdi.
— Qani, bo‘l, soch-soqolni tarashlab qo‘y!
Bo‘yniga lungi bog‘lab yuziga sovun surdim, ustarani qayishga ishqab turganimda ikki yelkamga shayton minib yo‘ldan urdi. Kallamga kelgan o‘ydan qo‘rqib ketdim. Qaltiradim. Ellikboshi pishqirib baqirdi:
— Muncha imillaysan. Bo‘l tez!
U, kursi suyanchig‘iga boshini qo‘yib, shipga qarab o‘tiribdi. Ko‘zimga ha deb, bo‘rtib chiqib turgan kekirtagi ko‘rinaverdi. Undan ko‘zimni olib qochaman deyman, eplayolmayman. Iyagini chap qo‘lim bilan yuqoriga ko‘tarib turib, shartta kekirtagiga ustarani botirganimni bilaman. Ellikboshi xirilladi. To‘g‘rida turgan oynaga qon otilib sachradi. Navbat kutib turganlar gur etib ko‘chaga qochishdi. Ellikboshi o‘rnidan turib ketdi, xirillab-xirillab ostonaga yetganda yiqildi.
Kampirning yuzlari bujmayib ketdi. Nursiz ko‘zlari bir dam yalt etdi-yu, yana boyagicha xiralashib qoldi.
— Shu to‘polonning ustiga qo‘sh otli izvoshda hokim to‘ra kelib qoldi. Mirshablar qo‘l-oyog‘imni bog‘lab avaxtaga olib ketishdi. Poytuqda sud qilib kesib yuborishdi. Sibirga qarab ketyapman, ko‘zimga bolalarim ko‘rinadi.
Kampir derazadan tashqariga qaradi.
— O‘shandan beri endi poyezdga tushishim. Mana shu yerlardan o‘tgandim. Qarang, boshqacha bo‘lib ketibdi. Dashti-biyobon edi o‘shanda. Qamoqqa tushganimga bir yildan oshganda sud qilishgan edi. Inqilob bo‘lganini poyezdda eshitgandik. Poyezd Toshkentda bir hafta turib qolgandi. Oq poshsho taxtdan tushib, uzoq-yaqinda to‘s-to‘polon bo‘layotgan ekan. Rabochiylar hamma vagonlarning eshigini ochib yuborishdi. To‘rt kishi bo‘lib o‘n sakkiz kun deganda goh aravada, goh piyoda yurib Poytuqqa yetib kelganmiz.
Kelsam uyim kul tepa bo‘lib yotibdi. Bolalarim har tarafga tarqab ketishibdi. Dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketdi. U yoqqa yugurdim, bu yoqqa yugurdim, to‘rttasini topib keldim, uch bolam o‘lib ketgan ekan. Yig‘ladim-siqtadim. Qandoq qilaman, odam bolasi har baloga ko‘naverar ekan. Qolganlarining umrini bersin, deb shukur qildim. O‘zim loy qorib bir kulbani tikladim. Do‘kon ochsam, qo‘rqib hech kim soqol oldirgani kelmadi. Do‘konni yopib Poytuqqa qatnab hammollik qildim. Ish bo‘lmagan kunlarda to‘nka kavlab o‘tin qilib sotdim. O‘sha kezlari qishloqda har kun bosqin. Ellikboshining kuyovi bosmachiga chiqib ketgan ekan, mening payimga tushib qoldi. Kechalari mijja qoqmay tiq etsa eshikka qarab yotaman. Bir kuni qizimni yonimga olib, Poytuqqa tushib ketgan edim; kelayotib Chuvamani bosmachi bosdi, deb eshitib qoldim. Qizimni yetaklaganimcha halloslab yugurdim. Uzoqdan, daraxtlar orasida tutun burqsiyapti. Qo‘rqib ketdim. Kelsam uyim yonyapti. Jinniga o‘xshab qopman. O‘zimni hovliga urdim. Katta o‘g‘lim ayvonda, o‘rtancham ariq bo‘yida qonga belanib yotibdi. Turgan joyimda qotib qolibman. Kenjam tutga chiqib olgan ekan, yig‘lashini ham bilmaydi, gapirishini ham. Faqat iyagi qimirlaydi, xolos.
Kampirning ko‘zidan yosh dumalayverdi, dumalayverdi. Hammaning dili vayron bo‘lib ketdi. Uni yupatishga hech kim so‘z topolmasdi. Uning dardini yengillatadigan so‘zni inson bolasi hali yarata olgani yo‘q. Hech kimdan sado chiqmasdi. Faqat vagonning bir maqomda tebranishidan chiqayotgan taraq-turuq hokim edi. Bu o‘ng‘aysiz holdan yana kampirning o‘zi qutqardi. U boshidan o‘tgan mudhish kunlarni eslayverib ko‘nikib ketganidan bo‘lsa kerak, ortiqcha hayajonlanmay hikoyasini davom ettirdi.
— Sabr qilmay ilojim qancha. Chidadim. Qolganlarining umrini bersin deb yana yashab ketdim. Ikki bolam katta bo‘lib bo‘yga yetib qolishdi. Tirikchilik boshqacha bo‘lib ketdi… To‘rt yil selsovetga, uch yil kolxozga raislik qildim. Qizimni kuyovga berdim. Nevara ko‘rdim. O‘g‘lim ham kap-katta yigit bo‘lib qolgan edi. Yurt qatori urushga jo‘natdim.
Kampir entikdi. Stakandan choy ho‘pladi. Qo‘li titrayotganidan darrov ho‘playolmadi. Ko‘zidan oqqan yosh choyga tomdi. Quyuq jigar rang choy yuzida uning tiniq ko‘z yoshi bir doira yasadi-da, keyin aralashib ketdi.
— Kelmadi. Kenjaginam kelmadi. Tuprog‘ini ko‘zlarimga surolmay qoldim. Shuncha bola tug‘ib, qum qisimlagandek quruq qo‘l bilan qolaverdim.
Zabunlikda qoldim, telbaman, telbaman, bolalarim. Gohida gapdan adashib ketaman. Tushlarimda o‘rnimdan turib ketib ko‘chaga chiqqanda uyg‘onib qolib qo‘rqib ketaman. Nevaram kuyovga chiqqanida notob edim, to‘yiga borolmadim. O‘g‘il ko‘rdi ham, borganim yo‘q. Mana suratini yubordi. Shu suratni ko‘rdimu, oromim yo‘qoldi. Eski yaralarimning ko‘zi ochilib ketdi. Yana telbalikka tushib qoldim.
Kampir suratni qo‘liga olib tikilib qoldi.
— Xuddio‘zi, Kenjaginamning o‘zi. Birtuki o‘zgamas… Surat qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi. Unda uch yoshlardagi jingalaksoch, burni yalpoqroq bola o‘yinchoq ot minib turardi.
— Shu suratni ko‘rdimu, nazarimda Kenjaginam urushda o‘lmay shu atroflarda yurganga o‘xshay berdi. Hozir chevara ko‘rgani emas, urushda yo‘q bo‘lgan bolamni ko‘rgani ketayotganga o‘xshayman. Keldik, shekilli. Bu qaysi istansa?
Kampir derazadan tashqariga qaradi. Poyezd halloslab Toshkentga kirib kelayotgan edi.
Poyezd xotinni Toshkentda qoldirib yana pishqirganicha oldinga intildi. Yo‘lovchilar derazadan bosh chiqarib bu ajoyib kampirga ehtirom bilan qo‘l silkib o‘tib ketishdi. Ularning har biri o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas xotinning qon va shon bilan yozilgan daftarini varaqlab ketishardi.
Sokin, osoyishta oqayotgan daryolarga sho‘ng‘igan kishi uning tubida to‘fonlar borligini, qudratli oqim toshlarni qulatayotganini biladi. Qolgan umrini pisandasiz, shovqinsiz o‘tkazayotgan bu azamat xotinning qalbiga quloq solgan kishi ham suronli yillarning bo‘ronlarini eshitadi.
Kampir katta shahar ko‘chasidan entikib-entikib chevarasini tezroq ko‘rishga shoshib ketyapti. Chevarasi bo‘lsa velosiped mingan bolaning ketidan changga belanib chopib yuribdi. Kampir kela solib bolani bag‘riga bosdi-yu, yotsirab yig‘lashiga qaramay u yuzidan, bu yuzidan cho‘pillatib o‘paverdi.
Ovqat vaqtida ham kampir boladan bo‘shamadi. Ikki ko‘zi unda. O‘zi ovqat yedirib o‘zi yuvintiradi. Bola ham darrov unga elakisha qoldi. Bolalar shunaqa bo‘ladi: yaxshi gapirganga yopishadi. Kechasi bola buvisi bilan yotdi. Kampir uxlamadi. Yostiqqa tirsagini qo‘yib, unga tikilganicha tong ottirdi.
Uyqusiz bu kechada uning ko‘nglidan ne gaplar o‘tdi ekan? Kim biladi, u tuproqqa bergan olti bolasining go‘daklik yillarini eslagandir. Ularning beshigi tepasida tong ottirgan uyqusiz tunlarini ko‘rgandir. Keksa qalbda nimalar borligini o‘zgalar ne bilsin!
Ne bo‘lsa bo‘ldi. O‘tganlar o‘tib ketdi. Ular qachonlardir boshqa odam bo‘lib, qayta bosh ko‘tarsalar ajab emas! Bugun kampir yo‘qotgan Kenjavoyi qayta tirilganini ko‘rib turibdi. Demak, bu munis xotin dunyoda mevasiz daraxtdek yashagani yo‘q. Shu murg‘ak bola uning ham o‘g‘li, ham nevarasi, ham chevarasi.
Kampir bolaga tikiladi. Ko‘zlarida nimadir yiltiraydi. Bu alamli ko‘z yoshimikin? O‘limlarga so‘z bermagan, bo‘ronlarda bukilmagan keksa ona qalbidan toshib chiqayotgan shaffof yolqinmikin?! Yo nuri o‘cha boshlagan ko‘zlariga ko‘chgan bola istiqbolining yorqin shu’lasimikin?!
Tong ota boshlagan subhisodiqda kampir chevarasining jingalak sochlariga termilib nimalarnidir pichirlaydi.
Yaqinroq kel, o‘quvchim! Uning lablariga qulog‘ingnn tut!
Tabarruk onaning duosini olib qol!