— Siz meni tanimaysiz, ukaginam. Ko‘p joylarda jonifido qilib ishlaganman. Badbaxt sho‘ro qadrimizga yetmagan. Ishla, desa ishlayveribmiz, ishlayveribmiz. Shuncha ishlab biron kun ro‘shnolik ko‘rmadik…
Ana shu «ro‘shnolik» ko‘rmagan odam hozirgina eshikdan kirib keldi. U ikki qo‘llab ko‘risharkan, qalamlariga qudrat, qalamlariga qudrat, deya barmoqlarimni birma-bir ezib chiqdi.
— Rivoyatlarda aytilishicha Xizr boboning o‘ng panjalaridagi barmoqlarida suyak yo‘q emish.
Uning bu ishidan ensam qotib, «Xotirjam bo‘ling men Xizr buva emasman», deya qo‘limni siltab hovuchidan chiqarib oldim.
— Shunday deysiz-u, ammo yozuvchi xalqi yarim xizr hisobida yuradi. Siz meni tanimaysiz. Bir chekkada qolib ketgan bandayi mo‘mindirman. Kelmog‘imdan murod shuldirkim, men bechorani «pensiya» masalasida bisyor ranjitdilar. Arzihol qilishdan murod yordamingizdan picha umidvorlikdir. Tanimasni siylamas, deganlaridek avval kimligimni shoshilmay aytib bersam…
— Sizni juda yaxshi taniyman, — dedim.
Birdan uning popugi pasayib qoldi. Umidvor bo‘lib turgan ko‘zlari ma’yus tortdi. Ikki qoshi o‘rtasiga tuguncha tushdi. Kimligini bilgan yozuvchidan madad kutish behuda ekanidan hafsalasi pir bo‘ldi. Meni ham xayol tortdi. O‘ylayapman. Ko‘z oldimda tirikchilik deb harom-xarishdan hazar qilmagan, yetim-esirning haqini seskanmay bemalol hazm qilib ketaveradigan bir kimsa paydo bo‘ldi.
Siz ham albatta taniysiz. Bu to‘g‘rida gurunglarda ko‘p gapirganman. U partiyaga o‘tayotganda, dinga munosabatingiz qanday, degan savol tushadi. Shunda u javob o‘rniga sumkasidan kolbasa chiqarib g‘arch-g‘arch tishlab ko‘rsatgan.
Uning dinsiz ekaniga qanoat hosil qilgan majlis ahli ikkinchi savolga o‘tadilar. Bu hiyla nozik savol edi.
— Otangiz o‘ttizinchi yilda qayerda va nima ish qilgan?
Qahramonimiz pastki labini so‘rib andakkina shiftga boqib turgandan keyin dadil javob beradi.
— Iltimos, bunday savolni bermanglar. Mening otam hech qachon bo‘lmagan.
Uning og‘ziga shartta urishdi.
— Nima, odam atodek otasiz tug‘ilganmisiz? yoqi onangiz tushlarida homila bo‘lganmilar. Aytavering…
— Men otamdan voz kechganman. Otam bosmachi bo‘lgan. Shu gapni eshitishim bilan undan voz kechib familiyamni o‘zgartirganman.
— Masalan o‘zingizga qanaqa familiya tanlagansiz?
U yana ostki labini so‘rib shiftga qarab o‘ylandi.
Oxiri juda aytish qiyin bo‘lgan gapni zo‘rlab tiliga chiqardi.
— Ikromov degan familiyani tanladim.
Partiya o‘quvi kursining shtatsiz lektori dahani kapgirga o‘xshagan yigit so‘radi.
— Hozir familiyangiz unaqa emas-ku…
— Ikromov xalq dushmani bo‘lib ketgandan keyin noiloj Yusupov deb o‘zgartirdim.
O‘tirganlar orasidan kimdir piching qildi.
— Ko‘p erga tegadigan xotinlar necha marta erga tegsa, shuncha familiya orttiradilar. Shu familiya bilan tinchib ketdingizmi yo yana o‘zgartirdingizmi?
— Usmon Yusupov bilan Xrushchevning orasi buzilgandan keyin o‘ylab-o‘ylab o‘zimga bir umrli familiya qo‘ydim. Ya’ni Diyorov deb boshpurt oldim.
Bugungi yig‘inga qatnashayotgan tuman partiya komitetining ideologiya ishlari bo‘yicha sekretari Fatxullin o‘tirgan joyida gapga qo‘shildi.
U o‘zidan katta kishilarni ham malay deyaverardi. — O‘xu, tolkoviy malay shul. Bundan otlichniy kommunist chiqa. Ul partiya uchun atisidan kechdi. Dinsiz ikanini dokazat etish uchun kolbasa yib kursatdi. Buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Tolko patriot kommunistgina kolbasani shulay yeyishi mumkin. Bravo, bravo!
Kolxoz raisi bugungi tuman gazetasi bilan o‘zini yelpib o‘rnidan turdi.
— Manavu gazetada sizning «nechun men Islom dinidan voz kechdim» degan maqolangiz bosilibdi. O‘qib chiqdim. Shu narsani yozishga sizni birov majbur qildimi yo o‘z xohishingiz bilan yozdingizmi? Shunga javob bering.
— Dil amri bilan yozganman, — deb javob qildi Diyorov. Jahon proletariatining otasi Karl Marks «Din xalq uchun afyundir» deganlar. Maqolamda Islom dinining reaktsion mohiyatini fosh qilishga harakat qildim. O‘sib kelayotgan sog‘lom avlodlarimizni eshonu-mullalar boshlayotgan xatarli yo‘ldan ogoh qilishni niyat qilganman.
— Vot molodets, — deb yubordi zavqiga chidamagan Fatxullin. — Partiya safiga fidoyi patriot kelib qo‘shilayotganidan gorjus!
Majlis bir ovozdan Diyorovni Lenin partiyasi safiga qabul qildi. Majlis qarorini tuman partiya qo‘mitasining byurosi hech qanday gap-so‘zsiz tasdiqladi. Va uni qorako‘lchilik sovxozi qabul punktiga mudirlik lavozimiga tavsiya qildi.
Diyorov bu lavozimda uch yildan mo‘lroq ishladi. Bu davr orasida tuman rahbarlarining xotinlari ikki juftdan sur, sheroziy terilaridan qalpoq kiyishdi. Faqat prokurorgina uni o‘ziga yaqin yo‘latmasdi. Diyorov yurak yutib prokurorning shofyoridan ikki xil antiqa teri berib yubordi. Prokuror shofyorini bo‘ralab so‘kib terilarni qaytarib yubordi. Kechga yaqin prokurorning xotini kelib, qo‘yavering, mulla aka, bizning xo‘jayin shunaqalar. Biror nima beradigan bo‘lsangiz o‘zimga beravering, dediyu boya qaytib kelgan terilarni har biriga uch so‘mdan to‘lab olib ketdi.
Prokurorning xotini ishni pishiq qilishda eridan qolishmasdi. Mabodo eri bu terilarni qayoqdan olding, deb so‘rab qolsa, jaraq-jaraq pulini to‘lab olganman, ishonmasangiz surishtiring, deydi. Har biri besh yuz so‘mlik teriga uch so‘mlik to‘lab kvitantsiya olmaganligi ham bir saxiylik alomati edi.
Ayyorlikni bilmagan sodda, halol cho‘ponlar unga uch yil yem bo‘lishdi. Boqimlaridagi qo‘ylardan tushgan terilarni mushuk terisi bahosida Diyorovga sotib ketishar, mushkullarini oson qilgani uchun unga qayta-qayta minnatdorchilik bildirishardi. Shunday qilib Diyorovning itini tuvagi oltindan bo‘lib ketdi. U Dog‘iston, Checheniston, Avariston tomonlardan kelib ulgurji xarid qiladiganlarga teri tayyorlab qo‘yardi…
Kosa kunda emas, kunida sinadi deganlari rost ekan. Diyorovning kosasi bemahal chil-chil bo‘ldi. Ya’niy u chechen mijozi Ruslanga ellikta terini sotayotganda qo‘lga tushdi. Ana shundan keyin u olti yilga qulog‘ini ushlagancha qamalib ketdi. Tag‘in ham uni kommunistligini inobatga olishdi. Bo‘lmasa naq o‘n yilga ketardi. U olti yil bandilikda tuz-nasibasini tatib qaytib kelganidan keyin nima ishlar qildi, qayoqlarda yurdi, bilmayman. U bugun oldimda aftodahol bir alpozda o‘tiripti.
U uzoq sukutdan keyin, shunaqa deng-a, taniyman, deng-a, dedi.
— Bu sho‘ro degani menga ko‘p azoblar bergan. Birimni ikki qilmadi. Yaxshiyam mustaqillik bo‘lib menga o‘xshagan bekorga aziyat chekkanlarning ko‘ksiga shamol tegdi. Yashaydigan zamon ana endi keldi.
— Unday demang, siz «fidoyi» kommunist edingiz. Shu partiya uchun dindan kechdingiz. Otangizdan kechdingiz.
— Zamon shunaqa edi, — dedi u afsus bir ohangda. — Endi ma’lum bo‘ldi. Mening otam milliy qahramon ekan. Xalq ozodligi uchun kurashgan. Men shunday otam borligidan faxrlanaman.
Unga javob qildim.
— Lekin otangiz sizdek farzandi borligidan or qiladi. Siz qamoqdaligingizda kelib sizni surishtirdi…
— Tirik ekanmi? — dedi u shoshib.
— Ha, tirik ekan. Kanada degan mamlakatda yasharkan. Qarib qopti. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin qishlog‘ingizga keldi. Rahbarlar uni izzat-ikrom bilan kutib olishdi. Sovg‘a-salomlar berishdi. U ham kasalxona qurilishiga allaqancha ming dollar berdi. Sizning otadan kechganingizni eshitib ko‘p afsuslar qildi. Bunday farzandim yo‘q, oq qildim, dedi.
Diyorovning boshi egildi. Yerdan ko‘z uzolmay qoldi.
— Meni otamdan kechishga majbur qilishdi…
Uning gapini shart bo‘ldim.
— Yolg‘on! Partiyaga o‘tish uchun, hukumatdan amal ilinj qilib otadan kechgansiz.
— Ko‘rasiz, men o‘zimni oqlayman.
— Bunday qilishga endi umringiz yetmaydi. Otangizni ham endi bir umr ko‘rmaysiz. Qandoq qilib o‘zingizni oqlaysiz. Otangiz o‘tgan yili qazo qildilar. Kanadadagi ukalaringiz qishloqqa kelib yurtga osh berib aza ochdilar. Siz esa dindan kechdingiz.
— Ko‘rasiz, hali o‘zimni oqlayman.
— Nima, yegan kolbasani tuflab tashlaysizmi? Endigi umringiz azobda o‘tadi. Axir, imonsiz yashab bo‘ladimi?
Undan jirkanib ketdim.
— Meni uyimga nima istab keldingiz? — dedim ko‘zlariga tikilib.
— Pensiya masalasiga yordam bersangiz. Atigi bir ming bir yuz so‘m berar emish. Nimaga yetadi? Pensiya beradiganlarda insof bormi, o‘zi?
O‘rnimdan turib jag‘iga bir tushiray dedim-u, o‘zimni bosdim. Shu isqirt bilan olishib o‘tiramanmi. U sadqayi musht ketsin. O‘zimni bosib g‘azab bilan gapirdim.
— Qaysi xizmatlaringiz uchun «pensiya» talab qilyapsiz? O‘z otangizdan kechganingiz uchunmi, dinni haqorat qilganingiz uchunmi, umringizda atigi uch yil ishlaganingiz va uch yil surunkasiga davlat mulkini talon-taroj qilganingiz uchunmi?
Mendan biron ish chiqazishdan umidini uzdi shekilli tund bo‘lib qoldi.
— Mustaqillik bo‘lsa ham biz yorug‘likka chiqmas ekanmiz-da, mayli asli sho‘r peshona banda ekanmiz. Mustaqillik, mustaqillik deysizlar, qani yuzaga chiqqanimiz. Bu mustaqillik menga nima berdi?
Yoshi katta odamni senlab yuborganimdan o‘zimni koyidim.
— Sen mustaqillikka nima berding? Atrofga qara, nimalar bo‘layotibdi? Ko‘chaga chiqib uyoq-buyoqqa qara, osmon o‘par imoratlarni ko‘r. Qullik yukini yelkasidan irg‘itib tashlagan yurtdoshlarimizning yuzlariga, ko‘zlariga boq.
— E, — dedi u qo‘l siltab. — Bu imoratlarni yeb bo‘lmasa. Quruq savlatining kimga keragi bor?
— E, noshukur banda. Qorindan boshqa tashvishing bormi o‘zi?
— Meni senlama.
— Sizlashga arzimaysan. Qani, tuyog‘ingni shiqillat! U o‘rnidan turdi.
Bir nima deb to‘ng‘illadi. Yo meni so‘kdi, yo mustaqillikni so‘kdi. Orqasidan itarib ko‘chaga chiqarib qo‘ydimu eshikni ichidan zanjirlab qo‘ydim.
U ketdi. Mening ko‘ksimda og‘ir tosh qoldi. Bir yarim yildan keyin yangi asr boshlanadi. Nahotki shu isqirt ham biz bilan yangi asr darvozasidan kirsa. Yangi asr ostonasida bu suprindilarni eski kalishdek yechib tashlab ketsak qandoq yaxshi bo‘lardi-ya.
Shu uchrashuvdan keyin uni ko‘rmadim. Eshitishimcha u qishlog‘iga borib namoz paytida masjidga kirib, namozxonlardan uzr so‘ragan emish. Hech kim uning betiga qaramapti… Boshini egib masjiddan chiqib ketibdi. Uch kundan keyin uning o‘ligini adr orqasidagi tolzordan topishibdi. Masjid imomi janoza o‘qishga ruxsat bermabdi. U musulmonchilikdan chiqib kofir bo‘lgan, deb qishloq qabristoniga ko‘mishga ham ijozat bermabdi. To‘rtta odam uning o‘ligini zambarda olib borib chakalakzorga ko‘mishibdi.
Menga faqat bir narsa taskin beradi. Shu isqirt biz bilan XXI asr darvozasidan o‘tadimi, degan tashvishim bor edi. Xayriyat, u jag‘i ayrilgan eski kalishdek darvozaning bu tomonida qolib ketdi.
1998 yil, iyun.