Qo‘ziboy bundan uch kun avval otda keta turib shu o‘rikning novdasiga bo‘y cho‘zib qaraganda kurtaklar bo‘rtib qolgan edi. Endi bo‘lsa anor donasidek qip-qizil g‘unchalar paydo bo‘libdi. Otaboyning hovlisidagi bodom xuddi krepdeshin ko‘ylakni dorga yoyib qo‘ygandek chaman bo‘lib yotibdi. Birdan Qo‘ziboyning chehrasi yorishib ketdi. Ot jilovini bo‘sh qo‘yib, qamchi dastasini dutordek chertib, qo‘shiq boshladi…
Qo‘ziboy birovning oldida sira ashula aytgan emas. Ammo aytsa birovga ma’qul qiladigan shirali ovozi bor. Uyda Kokila dutorni qarsillatib qo‘shiq aytganda, Qo‘ziboy uncha-muncha jo‘r bo‘lib turardi. Lekin o‘zining dutorga sira qo‘li kelishmasdi. Parda bosishga no‘noq. Shunday paytlarda qiziqchilikka olib: ketmon dastasiga o‘rgangan qo‘l pardaga qovushmayapti, deb qo‘yadi. Tor chertganda bo‘lsa, naq dutorning qornini yorib yuborgundek qilib qopqog‘iga taqillatib uradi. Dutorga joni achib turgan Kokila darrov erining qo‘lidan olib qo‘yardi.
— Xotin, bizga juda bo‘lmaganda qorni zambardek dutor bo‘lsa-yu, ashulani hammomda aytsak.
— Sizga shunday bo‘lsa bordir, nega meni aralashtirasiz! — dedi unga Kokila…
Dala yo‘lida xirgoyi qilib ketayotgan Qo‘ziboy shu gaplarni eslab kulib qo‘ydi. Cho‘l shamoli asta yelpib turardi. Oftobning issig‘i botgan shudgorda xuddi jazirama qizdirgan tunuka tomda yalang oyoq yurgan odamdek ola hakka sakrab-sakrab yurardi. Har zamon ensani qoti-rib, shikoyat bilan qor chaqiradi. Cho‘lning uzoq-yaqinidan motor gurullagani eshitiladi, Qo‘ziboyning kayfi chog‘. Hamon xirgoyi qilib, atrofga razm solib boradi. Yo‘l-yo‘lakay u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turgan yuk mashinalarining shofyorlari kabinadan bosh chiqarib, unga salom berib o‘tishadi. Ustiga ko‘rpa-yostiq ortilgan mashinaning bosqichida tik turib kelayotgan Mo‘ylov mashina Qo‘ziboyga yaqinlashganda sakrab tushdi.
— Ha, nima qilib yuribsiz, oshna? — dedi Qo‘ziboy otdan tushmay, ko‘rishgani qo‘l uzatar ekan.
Mo‘ylov besaranjom ko‘zlarini javdiratib, darrov gapirolmadi.
— Shu, keliningizning dardi tutib qolsa bo‘ladimi, doya xotin topilmasa, mashinada Zarkentga oborib tashlasam, degan edim. Kattasi o‘sha yerda tug‘ilgan edi.
— Zarkentda nima bor! Doktorlarga bekorga haq to‘lab yuribmizmi. Oboring o‘zimizning tug‘ruqxonaga. — Qo‘ziboy uzangiga oyog‘ini tirab qaddini rostladi-da, qamchi dastasi bilan yo‘lning chap tomonini ko‘rsatdi: — Hu, anovi yerda, ko‘ryapsizmi, radiouzelning orqasida. Otaboyga borib ayting, «Volga»mni bersin. Joylashtirib bo‘lganingizdan keyin, oldimga keling. Idorada bo‘laman.
Mo‘ylov o‘tkinchi mashina kuzoviga osilib, idora tomonga qarab jo‘nadi. Qo‘ziboy iljayib, ustaxonaga ketayotgan odam, otining jilovini shudgorga burib, tug‘ruqxonaga qarab ketdi. Yaxshi ham o‘zi kelgani. Tug‘ruqxonada hech kim yo‘q. Bir oyog‘i kesilib yog‘ochoyoq ulangan qorovul yigit nogironlar mashinasini to‘nkarib qo‘yib, nima balodir qilmoqda edi.
— Doktor qayoqda? — deb so‘radi undan Qo‘ziboy.
— Opa shu yerda edilar. Esnab-esnab o‘tirib, men ketdim, deb ketdilar. Ammo lekin qayoqqa ketayotganlarini aytmadilar. Ishingiz bormidi yo shunchalik proverkami?
— Darrov topib keling. Besh minutda shu yerda bo‘lsin!
Qo‘ziboy otdan tushib, mashinani o‘nglashga qarashib yubordi. Qorovul qo‘ltiqtayog‘ini xuddi qayiqchilarning eshkagidek tizzasiga qo‘yib, mashinasini haydab ketdi. Mashina jonivor ham uncha tuzalmagan ekan shekilli, chunonam patillab berdiki, naq cho‘lni ostin-ustin qilib yuboray dedi.
Qo‘ziboy tug‘ruqxona atrofida ancha aylanib yurdi.
Derazalarga akroxinga bo‘yalgan doka pardalar tutilgan. Tuvaklardagi gullarning barglari oftobga intilib, oynaga qapishib olgan. Katta deraza rafidagi tuvakda o‘sgan bodring palak otib, shiftga yetay deb qolibdi. Sap-sariq gullari oftobda yashnab turibdi. Qo‘ziboy razm solib qarasa, bitta-ikkitasi naychalabdi ham. Qo‘ziboy tug‘ruqxona bitgandan beri bu yerga endi kelishi. Uning bu yoqlarga kelishiga hech qanday zarurat ham bo‘lmagan edi. Bu cho‘dda hali bironta odam bolasi dunyoga kelmagan, tug‘ruqxona komissiya kelganda ko‘rsatish uchungina xizmat qilardi, xolos. Muxbirlar yonidan qog‘oz olib, cho‘lda barpo bo‘lgan binolarni yozib olayotganlarida, Qo‘ziboy albatta, «Namunali tug‘ruqxonamiz ham bor!» deb qo‘shib qo‘yardi. Endi bo‘lsa o‘sha «namunali» tug‘ruqxona namunalikdan chiqib, rosmana ishini boshlaydigan bo‘ldi. Qo‘ziboy ham yonidan bloknotini oldi. Nimalarnidir yoza boshladi:
«Deraza parda, chinni umivalnik, arteziandan quvur tortish, telefon o‘rnatish, fermadan sut, Otaboyni Marg‘ilonga yuborib, nimaiki kerak bo‘lsa olib keltirish…»
U aytganini qiladigan kishi bo‘lgani uchun ham yozib olganini a’zolar ishning bitgani deb bilishar edi. Goh gurullab, goh o‘q otgandek paqillab qorovulning mashinasi yetib keldi. Undan yoshgina, ikki yuzi qip-qizil, to‘mtoq qosh, baqaloq bir qiz tushdi. Bu — bundan ikki yil oldin akusherlik maktabini bitirgan G‘upra degan andijonlik qiz edi. U raisning chaqirtirganidan qo‘rqib ketgan ekan shekilli, qo‘y ko‘zlari tashvishli javdirardi.
— Singlim, hozir bir xotinni olib kelishadi. Tayyormisiz? Nimangiz boru, nimangiz yo‘q, ayting. O‘zingiz eplashtirasizmi, yo odam chaqirtiraymi? Uyalmay aytavering, bu yangi yerimizda birinchi marta odam tug‘ilishi. Tushunyapsizmi? Bu siyosiy ish!
G‘upra qiz boshi bilan necha martalab xotinlarni tug‘dirgan, Toshkentdagi katta tug‘ruqxonada zo‘r akusherkalarning qo‘lida ta’lim ko‘rgan bo‘lsa ham raisning, siyosiy ish, deb qo‘yganidan keyin yuragi dov bermay qoldi. Bir oz sarosimadan keyin, o‘zimiz eplashtiramiz, degan ma’noda zo‘r bilan iljadi.
— Xotirjam ketaveray-a? Nimaiki kerak bo‘lsa, qog‘ozga yozib bering, ertaga zavxozni shaharga yuboraman, olib keladi. Shuni yaxshi bilingki, ishingiz endi ko‘p bo‘ladi. Pishib turgan xotinlar ko‘p. Uyma-uy yurib konsultatsiya berasiz. Mashina kerak bo‘lsa, menikini olavering. Menga faqat shaharga tushganda kerak bo‘ladi, boshqa vaqt sizniki.
Qo‘ziboy otga minib, qayoqqadir ketdi. G‘upra kalit solib, uyini ochdi-da, qorovulga suv qaynatishni buyurib, o‘zi asboblarni saranjomlashga kirishdi.
Mashina keldi. Havo rang «Volga» dan Mo‘ylov xotinini suyab olib tushdi. Ichkariga kirishdi. Xotin doyani, keksaroq odam, deb o‘ylagan ekan, yoshgina qiz ekanini ko‘rib, ko‘ngli ozib qolay dedi. Eriga, shu yerdan qimirlamaysiz, deb turib oldi. Mo‘ylov G‘upraning ishorasi bilan tashqariga chiqib, skameykaga o‘tirdi. Ichkaridan xotinining bezovta ovozi eshitilib turardi. Mo‘ylov etagi osmon bilan tutashib ketgan cho‘lga qarab, jimgina o‘tirardi.
Yonidan medpunktning hamshirasi o‘tib ketganini ham sezmadi. Iyagini ikki kaftiga tirab, hamon qimirlamay o‘tirgancha xayol surardi. Xotinini, o‘g‘lini, endi tug‘iladigan bolasini o‘ylardi. Onasi bo‘lganda qandoq tashvish qilardi, yangi nevarasini ko‘rganda qandoq sevinardi! Shunday paytda jim turolarmidi, yelib-yugurmasmidi?..
Mo‘ylovning ko‘zi oldida yuzlarini ajin bosgan, qaddi bukilgan onasining mehribon siymosi gavdalandi. «Qo‘rqma, bolam, xotining omon-eson qutulib oladi, mana ko‘rarsan» deyayotganga o‘xshardi. Onasi har gapning oxiriga «mana ko‘rarsan» deb qo‘shib aytardi. U o‘g‘liga tasalli beraverib, shu gapga o‘rganib qolgan edi. «Dadang urushdan omon-eson qaytib keladi, bolam, mana ko‘rarsan…» «Dadang qaytib kelganda senga ham etik olib beradi, mana ko‘rarsan…» «Dadang kelganda qo‘lingdan yetaklab bozorga olib borib, har narsalar olib beradi. Omontoy, mana ko‘rarsan…» Biroq uning dadasi urushdan qaytib kelmadi, o‘g‘liga yangi etik ham, bozorga olib borib, har xil narsalar ham olib berolmadi…
Omontoy dadasiz o‘sdi. Dadasining basharasini ham eslayolmaydi, faqat suratidan taniydi, xolos. Ona yetim bolani ortmoqlab katta qildi. O‘qitdi, safga qo‘shdi. U yerga ursa osmonga sapchiydigan olov bola bo‘ldi. Shunday sho‘x, shunday janjalkash bola ba’zi paytlarda birdan xayolchan bo‘lib qolar, ayniqsa, kechqurun ko‘rpaga kirgandan keyin uxlayolmay, yarim kechagacha to‘lg‘anib chiqar edi. Ona shunday kezlarda uning boshini silab, yupatardi.
— Bolam, hech kim otasiz o‘smabdimi, bo‘ying cho‘zilib qoldi, endi o‘zing ota bo‘lasan, mana ko‘rarsan.
Omontoy balog‘atga yetdi, o‘ninchini bitirdi-yu, ko‘ngliga dengizchi bo‘lish niyati tushib, dengiz tomonlarga tolpinib qoldi. Armiyaga ketdi. Ona yolg‘iz quvonchini qishloqning to odamning qorasi yo‘qolguncha ko‘rinib turadigan uzun ko‘chasidan yig‘lab kuzatib qoldi. Ona-bola orasida hat uzilmadi. O‘g‘il xizmatlaridan, dengiz to‘lqinlaridan oshib, olis o‘lkalarga borgani, u yerlarda nimalar ko‘rganini yozardi. «Oyijon, chet el, chet odamlar orasida yurib, o‘z qishlog‘imizni, o‘z odamlarimizni juda sog‘indim» derdi Omontoy har xatida. Ona esa: «Bolam, qishlog‘imiz, odamlarimiz yana ham yaxshi bo‘lib ketdi, mana, kelsang ko‘rarsan…» derdi.
Ona qaridi, yolg‘izlikda so‘liy boshladi. Keyingi xatida: «Jon bolam, qariganda to‘yingni ko‘ray, bolangni ko‘taray, hech bo‘lmasa uylanib, xotiningni oldimga qo‘yib ket, seni ikki kishilashib kutaylik. Qishlog‘imizning qizlari bo‘yga yetib, oqi oq, qizili qizil bo‘lib yetilib turibdi. Mana, kelsang ko‘rarsan…» deb yozdi. Omontoy xizmatning bir yarim yili qolganda otpuskaga kelib uylandi. Ona butun bisotini sarflab, to‘y qilib berdi. Omontoy oqi oq, qizili qizil bo‘lib turgan qizlarga emas, o‘zi bilan birga o‘qigan kamgap, ammo ashula aytsa hammani sel qiladigan, ertakka usta Iltifotxon degan qora qizga uylandi. Kampir nevaralik ham bo‘ldi. Lekin nevarasini ko‘rdi-yu, o‘g‘lini qayta ko‘rolmadi. Omon qaytib kelganda ona yorug‘ dunyodan o‘tgan edi.
Omontoy ona qabrida butun vujudidan siqilib chiqqan ko‘z yoshlarini to‘kib yig‘ladi. Onasining kimligini, qanday ona ekanligini go‘yo endi bilayotgandek, qaytmas bo‘lib ketgandan so‘nggina bilayotgandek achchiq alam yoshlarini to‘kib yig‘ladi.
Shunaqa bo‘ladi, hamisha oddiy, beqadr bo‘lib ko‘ringan narsalar yo‘qolganda, qaytib topib bo‘lmaydigan bo‘lib yo‘qolganda qadri bilinadi.
Omontoy yurtga osh berib, armonini bosgandek bo‘ldi-yu, qishloqdan Besarga ko‘chib ketdi. Uni Besar maktabiga o‘qituvchi qilib tayinlashgan edi. Oradan sal o‘tmay, cho‘l odam chaqira boshladi. Mana bugun ikki kundirki, Omontoy ko‘rpa-to‘shagini ortib cho‘lga kelgan.
Hali bu yerda uning kimligini hech kim bilmaydi. Tanish-bilishlari ham yo‘q. Iltifotxon tug‘ruqxonada…
…Birdan ichkarida shov-shuv ko‘tarilib qoldi. Shu shovqin ichida chaqaloqning ingasi quloqqa chalinardi. Omontoy sapchib o‘rnidan turib ketdi. Agar qorovul ushlab qolmaganda ichkariga kirib ketardi ham. Boya shoshganidan yoniga papiros solib olmagan ekan, juda xumori bo‘lib ketdi. Qorovuldan so‘radi, aksiga u ham chekmas ekan. U yoqdan-bu yoqqa bezovta borib-kelib turarkan, hamshira xotin chiqdi. «Bu qachon kelgan ekan?» deb dilidan o‘tkazdi Omontoy.
— Suyunchi…
Omontoy nima deyishini bilmay gangrab turardi. Oxiri beixtiyor: «o‘g‘ilmi, qizmi?» deb so‘rash o‘rniga:
— Oti nima? — deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Uning holatini sezib turgan hamshira kulib javob berdi:
— Otini o‘zingiz qo‘yasiz. Qizcha muborak bo‘lsin, inim!
— Qulluq, qulluq!… Onasi qalay? Onasi bardammi? Xamshira, xotirjam bo‘ling, degandek ko‘zini qisib qo‘ydi. Omontoy uzatgan suyunchini olmay qaytardi. U kirib ketgandan keyin qorovul yigit iljayib unga yaqin keldi.
— Uka, suyunchini bizga bering-da, bu cho‘l tug‘ruqxonasida birinchi odam tug‘ilishi, birinchi suyunchini o‘zim olaman. Mabodo yarimtaga yetmasa, kissangizda turavergani ma’qul.
Qorovul qiziqchilik qilayotgan ekan, u ham pulni olmadi. Omontoy xotinining oldiga kiritishmagandan keyin piyoda idoraga qarab ketdi. Rais yo‘q ekan. Burchak-da cho‘t qoqib o‘tirgan Otaboy:
— Kassadan pulingizni oling, — dedi. Omontoyning kolxozda hali oladigan haqi yo‘q edi.
Hayron bo‘ldi.
— Olavering, uka, olavering, Keyinchalik uzilishib ketasiz. Rais tayinlab ketgan, kelmasangiz uyingizga eltib bermoqchi edik. Rais aytgan gapni qildirmay qo‘ymaydi. Oling, bo‘lmasa biz baloga qolamiz.
Omontoy ikkilanib kassaga bordi. Shu payt Qo‘ziboy kelib qoldi.
— O‘g‘ilmi, holva? — dedi iljayib.
— Holva, holva! — dedi Omontoy ham iljayib.
— Durust, durust! Qani baqqa kiringchi, o‘tiring! Gap bundoq, O‘g‘ilchani biznikiga oborib qo‘ying. Kokilaning o‘zi kelinning issiq-sovug‘idan xabar olib turadi. Tug‘ruqxonada bir odam uchun skladdan narsa olib, qozon qaynatib o‘tirmay qo‘ya qolishsin. Pulni oldingizmi? Kam-ko‘stingizga yarating. Endi ishdan gaplashaylik. Qandoq ish bersak ma’qul?
Omontoy o‘zingiz bilasiz, degandek indamay turardi.
— Yo‘q, yo‘-o‘q, matros yigit. Ayting. Qanaqa hunaringiz bor?
— Hunar bo‘lgani bilan bu yerga to‘g‘ri kelmaydi. Odamlar qilayotgan rosmana ishni beravering. Cho‘lga nima ish lozim bo‘lsa, shuni qilaveraman.
— Bo‘pti, ish topish bizdan. Ilgari dengiz bo‘roni bilan olishgan bo‘lsangiz, endi cho‘l bo‘roni bilan olishasiz. Kechqurun yangi kelganlar bilan qo‘shma majlis bo‘ladi, albatta keling: pravleniye saylaymiz. Kolxozga ham nom qo‘yamiz. Keyin, sizga topshiriq, mototsikl minishni bilasizmi, ha, balli, butun uchastkalarni aylanib, yangi kelganu, eskilaru hammasini majlisga xabarlaysiz. Eshikda turgan mototsiklni minib jo‘nayvering.
Omontoy matroschasiga gurs-gurs yurib chiqib ketdi. Bir ozdan keyin patillagan ovoz eshitilib, sekin-asta tindi.
Kechqurun majlis ko‘p ham uzoqqa cho‘zilmadi. Yangi kelganlarni brigadalarga taqsimlashdi. Omontoy remont ustaxonasiga mexanik qilib qoldirildi. Ko‘pchilik bir og‘izdan kolxozga «Bo‘ston» degan nom berdi.
Bu nomni kim taklif qilganini rais ham a’zolar ham eslasholmaydi. Go‘yo o‘zidan-o‘zi nom qo‘yilib qolgandek bo‘ldi. Yo minbarga chiqqanlarning so‘zlariga aralashib turgan «Cho‘lda bo‘ston yaratamiz, cho‘l endi guliston, bog‘u bo‘ston bo‘ladi!» degan gaplar o‘zidan-o‘zi singib, nomga aylanib ketdimikan?
Ertalab Qo‘ziboy bilan Kokila tug‘ruqxonaga kelishganda mo‘ylovdor Omontoy eshik oldida o‘g‘lini ko‘tarib turgan ekan. U raisga doktordan shikoyat qila ketdi.
— Kiritishmayapti-ku, rais aka, ayting, ko‘rsatishsin! Kokila ichkariga kirib ketdi-da, bir ozdan keyin deraza pardasini ko‘tarib, oynani chertdi.
Qo‘ziboy bilan Omontoy o‘sha yoqqa qarashdi. Kokila yo‘rgakli bolani baland ko‘tarib, ularga ko‘rsatdi. Bola yorug‘dan ko‘zlarini qisib, lablarini burardi. Qo‘ziboy zavqlanib ketdi.
— Ha, joningdan aylanay, Bo‘stonxon! Qara, qara, cho‘lga qara! Ko‘r, shu joylar seniki! O‘zingniki! Birga, tug‘ildinglar, birga o‘sasizlar!
Raisning shu gapi bilan bolaning ismi ham Bo‘ston bo‘lib ketdi. O‘ylab, qidirib o‘tirmay, unga, o‘zidan-o‘zi ism topildi-qo‘ydi.
Albatta, shunday bo‘lgandan keyin, bu hikoyaning nomi ham «Bo‘ston» bo‘ladi-da! Chunki hikoya ham o‘sha cho‘lda tug‘ilgan.
1961 yil.