Iskandarov boshqarmadan eshitadiganini eshitdi. Olib kelgan hujjatida yana xato. Ikki yuz o‘ttiz ming o‘rniga ikki yuz o‘ttiz yozilibdi. Hujjatga qo‘l qo‘yayotganda yaxshi qaramagan ekan. Mana, boshqarma plan bo‘limida uni rosa qizartirishdi.
Hozir Iskandarov mashinada o‘zidan o‘zi ming‘illab kotibaning go‘riga g‘isht qalab kelyapti. Undoq qilaman, bundoq qilaman, bunaqa kotibaning boridan yo‘g‘i. Bo‘shataman…
U tajang bir qiyofada idoraga kirdi. Mashinka shiqillatib o‘tirgan kotibaning betiga ham qaramay, kiring, deb o‘tib ketdi.
O‘zini kresloga tashlab, stolni chertib, asabini bosmoqchi bo‘lib turganda lablari qip-qizil, beli supurgining boylangan joyidek ingichka, ikki qulog‘iga oftobni uzib olib qo‘ygandek yaltiroq zirak taqqan, jo‘xori popugidek mayin sochli bir qiz kirdi. U kotiba edi. Iskandarov unga xo‘mrayib qaradi. Kotiba ko‘zlarini suzib, bir-ikki marta kiprik qoqdi. Tavba. Iskandarovning shu paytgacha razm solmaganini qarang-a, kiprik ham shunaqa uzun bo‘ladimi? Har kiprik qoqqanda ikki yuzini berkitib qo‘yadi-ya.
Iskandarov bir necha daqiqa unga mahliyo bo‘lib turdi-da, o‘zini bosib oldi. Boyagi jahli yana taniga qaytib keldi. Endi qizning betiga emas, polga qarab gapirishga chog‘landi. Nima balo bo‘ldi-yu, ko‘zi chalg‘ib kotibaning ignadek poshnasiga, undan keyin ilon po‘stiga o‘xshash noskisiga ko‘zi tushdi. Yana jahli o‘lgur allaqayoqqa qochib ketib, yuziga bilinar-bilinmas tabassum yugura boshladi. Iskandarov bir seskanib, yana hushini yig‘ib oldi. Endi u deraza tarafga qarab gapga chog‘landi.
Deraza oynasidan yana qizning chehrasi namoyon bo‘ldi. Beixtiyor dilidan «beli, yelkalari daraza oynasidan shundoq ko‘rinsa, to‘g‘ri qaraganda qandoq bo‘ldi ekan», degan fikr o‘tdi.
Ochiq derazadan kirgan mayin shamol qizning prichyoskasiga so‘z bermagan ikki tola sochini bo‘yniga, tomog‘ining tagiga, yarim dekolte ko‘kragiga tekkizib o‘ynardi.
Iskandarov bir necha minut tabiatning bu mo‘jizasiga lol qarab qoldi. Gapiray desa, tildan qolganga o‘xshaydi, xo‘mrayib qaray desa, yuzidagi tabassumni yig‘ishtirib bo‘lmaydi.
Erkak odam ancha irodali bo‘ladi. Iskandarov ham bir kuchini yig‘ib, o‘rnidan turdi. Zarda qilib, burchakka bordi-da, ikki qo‘lini orqasiga qilib o‘girilib oldi.
U shu turishicha qancha turganini aniq bilmaydi. Qiz yo‘taldi. Bay-bay uning ovozi. Bu ovoz uni yana seskantirdi. Nazarida qiz sekin kelib ikki ko‘zini berkitib oladigan, oynami, taroq deydiganga o‘xshab, shoshib o‘girilib oldi.
Shu alfozda yarim soatdan ortiq Iskandarov goh seskanib, goh qaltirab, goh g‘azab-u goh tabassum bilan mushuk-sichqon bo‘ldi.
Oxiri kotiba boshliqni yengganiga ishonch hosil qildi.
— Iskandarov aka, nimaga chaqirgan edingiz? — dedi. Iskandarov nima deyishini bilmay, ozroq chaynaldi:
— Kecha boshim og‘riyapti degan edingiz, qalay endi durustmisiz?
— Haliyam jindek og‘rib turibdi, Iskandarov aka.
Birdan Iskandarovning mehribonchiligi tutib ketdi.
— Siz g‘alati odam ekansiz-ku, sog‘liqni ehtiyot qilish kerak. Bunaqada dardga chalinib qolasiz. Boring, uyga borib dam oling. Bosh og‘rig‘ingiz bosilmasa, bir-pkki kun ishga chiqmasangiz ham mayli. Sog‘liq kerak, sog‘liq.
Qiz minnatdorchilik bildirib chiqib ketdi.
Ertasiga Iskandarov ogohlantirish oldi. Kotiba hisobotni ko‘chirganda, «boshqarma» o‘rniga «moshqorma» deb yozibdi.
Iskandarov yana g‘azabga keldi.
Bunaqa g‘azablarning ko‘pini ko‘rganmiz…